Gulnoz Mamarasulova. Qo‘shnilar (hikoya)

Bu yerga ko‘chib kelganimizga ham bir yildan oshdi. Yangi qo‘ni-qo‘shnilar bilan munosabatimiz anchagina qalinlashib qolgan. Bayramlarda va turli boshqa tadbirlarda bir-birimiznikiga chiqamiz, turli narsalarni oldi-berdi qilamiz. Ba’zida ishim bilan, yoz-chizlarim bilan andarmon bo‘lib, aytilgan joyga bora olmasam, ular bir dunyo o‘pga-ginalar qilishadi:
– Shoira, biz haqimizda maqtab-maqtab maqola yozib, gazitga chiqarmasangiz, endi bizdan osonlikcha qutulmaymiz! – deydi ular o‘tgan-ketganimda.
Darvoqe gazetada ishlaganim bois, ular menga “Shoira” deb, ism qo‘yib olishgandi. She’r yozamanmi yoki yo‘q, gazetada ishlaydiganlarni hammasi ular uchun “shoir va shoiralar” edi. Hatto to‘rt hovli narida turadigan Nazira har kuni ishdan qaytishimga “ijodga asqotadi” deb, turli ko‘cha gaplarini topib keladi. Yozamanmi, yozmaymanmi, kun ora oldimga yugurib chiqib, bir xabarni yetkazadi. Men ham uy ishlarimni qilish asnosida, boshimni qimirlatib qo‘yaman. U soatlab hikoya qilgach, yana ortiga qaytadi. Ketishi oldidan “bunisini yozib, gazetga chiqarmasangiz, hafa bo‘laman-a Shoira!” deb qo‘shib qo‘yadi yana har safar. Hikoyalarining na boshi va na oxiri bor. Bularni yozib ovora bo‘lishdan ma’no-mazmun ko‘rmaganim bois, hali hech biriga qo‘l urib ko‘rmadim ham. Ammo…
Yon-verimdagilardan eshitishimcha, Naziraning uyida eri va bolalaridan tashqari, nogiron qaynopasi ham birga yashar emish. Ammo Nazira bir marta ham uni ko‘cha-ko‘yga aylantirishga olib chiqmagan. Qo‘shnilarning bilishicha, yillar oldin u avtohalokatga uchrab, to‘shakka mixlanib qolgan ekan. Katta yo‘lga yugurib chiqqan ukasining, ya’ni Naziraning o‘g‘lini asrab qolish ilinchida shu ko‘yga tushgan degan, taxminlar bor. U qaynopasi haqida og‘iz ochmas edi. Onda – sonda menikiga chiqqanida, “uyga chiqay, “anavi” ochlikdan o‘lib, gunohiga qolmay tag‘in” degan gaplari qulog‘imga chalinganday bo‘lgan edi. Menimcha, u “anavi” deganda qaynopasini nazarda tutardi. Men ham undan tezroq qutulish maqsadida, ortiqcha savollarga tutmas edim.
Bir kuni ishdan charchab keldim. Oy oxirlayotgani bois, yangi nashr chiqarish uchun kun bo‘yi tinmadik. Toliqqanimdan na ovqat qilishga va na bolalarga qarashga holim bor edi. Xo‘jayinim esa xizmat safari bilan boshqa viloyatga ketgandi. Bir zum dam olay, deb joyimga cho‘zilishimni bilaman, o‘g‘lim oldimga yugurib keldi.
– Oyi, sizni Nazira opa so‘rab keldi. Oyingni chaqir, deyapti. Sizda muhim gapi bor ekan.
– “Oyim ishdan endi kelib, dam olayapti” degin, – deyishimni bilaman hovliga to‘g‘ri kirib kelgan Naziraning ovozi uy ostonasidan eshitildi.
– Qo‘shni… Shoira… uydamisiz?
Norozi kayfiyatda, zo‘rg‘a o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Tashqariga chiqib, istar – istamas u bilan ko‘rishdim. Yana kamida ikki soat valdirashini tasavvur qilib, asablarim taranglasha boshladi.
-Shoira bilasizmi, – deya hiqoya qila ketdi u. – Narigi mahallada bir qiz o‘z joniga qasd qilibdi. Eshitishimcha, yigiti tashlab ketgan emish. Boshqa bittasini topib olgandirda, juvonmarg bo‘lgur. Mana oqibatida bir qiz behuda olamdan ko‘z yumdi. Voy, bechora qiz! Bechoragina! – Uning yuzida achinish alomatlari sezilardi , – Siz shuni yaxshilab yozib, gazitga chiqaring, Shoira.
– Nega ? – dedim men ham ensab qotib. – Buni nimasini yozaman. Odamlar bu mavzudan qanday ma’naviy ozuqa olishi mumkin?! Bir bebosh qizning ota-onasini o‘ylamay, bir yigitni deb o‘zini o‘ldirishi g‘irt be’manilik-ku axir. Gazetaga har narsani yozaveradimi sizga? – gapirdim asabiy ohangda.
Bu alfozda gapirganimni birinchi marta ko‘rayotgan Nazira menga hayron tikilib qoldi. Aftidan ba’zi jumlalarimga tushunmadi ham. Uning naqadar omi va umrida biron-bir badiiy kitob varaqlamagani har bir gapidan sezilib turardi. Go‘yo zo‘r xabarni menga yetkazdi-yu lekin men buning naqadar muhimligini anglab yetmayotgandek, u biroz xafasiradi.
– Mayli, qo‘shni yozsangiz , yozmasangiz o‘zingiz bilasiz! Menga baribir. Men ketdim, – deya u o‘rnidan turdi. Men ham undan tezroq “qutilganimga” xursand bo‘ldim. – Esim qursin, – yana to‘xtadi u, – oldingizga boshqa maqsadda chiqqandim.
– Bugun qaynopamning tug‘ilgan kuni edi. Xo‘jayinim osh qilishimni tayinlab ketdi. Qarasam, uyda sabzi kamroq ekan. Sizda bo‘lsa, so‘rashga chiqqandim aslida.
Qo‘liga so‘ragan narsasini tutqazar ekanman, Nazira birinchi marta meni uyiga taklif qildi. Xo‘jayini ishdan kech qaytishini, bolalarni olib, tug‘ilgan kun nishonlashga chiqishimni tayinladi. Men ham imkon topsam, albatta borishimni aytib, uni kuzatdim.
Shu bilan uyqum tarqab ketdi. Qosh qorayguncha uy yumushlari bilan andarmon bo‘ldim. Uy yig‘dim, kir-chirlarni yuvdim. Negadir ko‘z oldimda Nazira va ko‘rmagan bo‘lsamda uning qaynegachisi gavdalanaverdi. U taklif qilishga qildi-ya ammo men na borar va na bormaslikka ikkilandim. Biroq shunday ko‘ngli siniq insonlarni yo‘qlash savobligini o‘ylab, uyga to‘y-tomoshalarda kelgan yaxshigina sovg‘alardan birini tanlab oldim. Bolalarga ovqat suzib berib, birrovga qo‘shninikiga chiqib kelishimni, yaxshi o‘tirishlarini tayinlab, ko‘chaga otlandim.
Yaqin bo‘lgani bois bir zumda Naziraning uyiga yetib keldim. U ham hovlida kuymalanib yurgan ekan. Meni ko‘rib shoshib qolganidan, mehmon kutmayotganini angladim. “Bekor kelibman” degan o‘y hayolimdan lip o‘tdi. Ammo mezbon meni uyga taklif qilib, apil-tapil dasturxon yozdi.
– Nazira, qo‘ying, ovora bo‘lmang! Birrovga chiqdim, – dedim ishi bo‘lsa bezovta qilmaslik niyatida.
– Yo‘g‘-e, nega! Ovorasi bormi? Uyimga ozib-yozib, sizdek shoira qadam ranjida qilsa-yu, dasturxon yozmaymanmi?!
Zum o‘tmay , patnosda non va choy olib keldi. Choy quyib, uzatdi. Non ushatdi. Bolalari hali ko‘chadan kirmagan shekilli uyi jim-jit edi. U yana hovliga chiqib ketib, ancha hayalladi. Xonada bir o‘zim qoldim. O‘rta uy shekilli, xonaning ikki tarafida ham eshik bor edi. Hovliga qaragan katta oynalarga oq darpardalar tutilib, ichkarini yoritib turardi. Uyda g‘alati sokinlik xukmron edi. Ammo… Qulog‘imga kimningdir ingragan tovushi eshitildi. Qaynopasi bo‘lsa kerak… Hayolimdan o‘tkazdim. Ovoz ichkarigi xonalardan kelardi. Bu hol bir necha marotaba takrorlandi. Qo‘limga sovg‘amni oldimda ovoz kelgan tarafga yurdim. Adashmagan edim. Xona zim-ziyo edi. Shamollatilmaganidan g‘alati hidlar anqiyotgan xona burchagiga solingan eski ko‘rpaga mixlangancha o‘ttiz – o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi ayol ingrardi. Beligicha yengil yopinchiq tashlangan, qo‘llari jonsiz, sochlari to‘zg‘igan va ko‘z yoshlar tirqirab oqayotgan yuzida rang yo‘q bu juvonni ko‘rib, yuragim orqaga tortdi. Dahlizda turgancha, qotib qoldim. U kelganimni sezmadi ham. Uning yuzida birgina umid – yashash umidi bor edi. U allanimalar der, “quyosh… oy… oy-yuzduzlarni ko‘rsatinglar menga…” deya beholgina pichirlardi.
Oyoq-qo‘llarimni qaltiroq bosdi. Kutilmagan bu voqeatdan yuragim hapqirib ura boshladi. Go‘yo bir jinoyatga guvoh bo‘lib qolgandek, butun badanim qo‘rquvdan titrardi. Darrov ortimga qaytdim. Shu orada ko‘lida chaq-chuqlar ko‘targan Nazira paydo bo‘ldi.
– Ancha kuttirib qo‘ydimmi sizni? – dedi u kirishi bilan.
– Ichkarida kimdir ingragandek bo‘ldimi? – savolga tutdim uni. – Sizni ismingizni aytgandek bo‘ldi adashmasam.
U labini chimtidi. O‘rnidan shart turib, ovoz kelgan tomonga kirib ketdi. Harchand past ovozda gapirishga urinmasin, baribir gaplari eshitilib turardi. “Seni dastingdan uyga birovni taklif qilishga ham uyalaman. Hammaga meni sharmanda qilmoqchimisan? Qachon sendan qutulaman? Oldingda qarzim bo‘lsa, shuncha qaraganim yetar! Axir men ham odamlarga o‘xshab, yashashni xoxlayman… “ U tinmay kasalmandni ayblay ketdi. Mening borligimni ham unuta yozgandi. Ne qilarimni bilmay qoldim? Indamay chiqib ketishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. O‘zimni qo‘lga olib, nima qilish zarurligini tezda o‘ylab oldim. Yana o‘sha zimiston xonaga qaytdim.
Shom mahali edi. Ularning oldiga kirib, shartta pardalarini chetga surib tashlab, oynalarni ochdim. Tashqaridan toza havo gupirilib kirdi. Qizarib turgan ufq nurlari xonani yoritdi. Allanimalar deb, noliyotgan Nazira esa jimib qoldi. Kutilmagan yorug‘likdan ko‘zlari qamashgan juvon bir zum ko‘zini ochmadi. So‘ng atrofga alangladi. Kasalmand yuzida nur jilolandi. Hovlidagi so‘ri ustida qo‘rpalar to‘shovli turganiga ko‘zim tushgandi.
– Nazira, turing o‘rningizdan! Bu nima degan gap! Hammamiz odam bolasimiz, axir! Sizdan ota dunyo narsani so‘rayotgani yo‘q-ku! Qani, opani u yonidan ko‘taring!
Nazira avvaliga angraygancha menga tikilib turdi, so‘ng buyruqlarimga itoat qila boshladi. Ikkovlashib opani so‘ri ustiga yotqizdik. Quvonchdan yuziga tabassum balqqan ayolning ko‘zlaridan tinmay duv-duv yosh oqardi. Go‘yo farishtaga tikilgandek, mendan ko‘zini uzmas edi. Uni tavalludi bilan qutlab, sovg‘amni yoniga qo‘ydim. U esa tinmay menga tashakkur bildirib, duo qilardi. Bolalarim uyda yolg‘iz qolganidan xavotirlanib uyga oshiqdim. Ketar chog‘imda Nazira aybdorona ming‘irladi:
– Shoira, sizdan bir narsani… Yana buni gazitga yozib yurmang!