Odam uchsa g‘alati bo‘larkan. Taxmina katta yo‘lda borayotib, birdan ucha boshladi. Yo‘q, qanot bitmadi unga. Qulochini yoydi-yu, uchi-ib ketdi. Buning shunchalik osonligini bilganida-ku… Baland-past uylar, uzun-qisqa ko‘chalar, adiru bog‘lar uzra sokin, bir maromda uchaverdi. Ota uyi tomon. Bu haqda o‘ylagani sari yuragi orziqardi. Qo‘llarini bir silkitdi-yu, yanada balandlab ketdi. Ana, qishlog‘i! O‘rtadagi serdaraxt ko‘cha ularniki. Anavi azamat chinorni otasi o‘z qo‘llari bilan ekkan. Ana, shabadada barglari tebranyapti. Xuddi uni imlab chorlayotgandek. Yaqin qoldi, yaqin…
Nihoyat! Endi bir oz pastlashi kerak. Havoni o‘t-o‘lanlar isi tutdi, bolalarning sho‘x kulgulari sas berdi. Hoynahoy bu Taxminaning jiyanlari. To‘polonchi, qora-qura, dunyodagi eng shirin bolakaylar… Mana, yetay deb qoldi. Uni ko‘rib, qiy-chuv solib suyunishlari aniq. Yo‘q, ko‘rishmadi, doimgidek o‘yin bilan band ular. Taxmina havoda asta sirg‘alib, hovli tepasiga o‘tdi. Xayriyat, onajonisi shu yerda ekan! Dunyodagi eng katta baxt bu – sen kelsangu, onang uyda bo‘lsa!
Volidasi mehnatdanmi, zahmatdanmi, erta qartaygan. Piyoladagi oq tutdan bitta-bitta olib, huzur qilib yeyapti-yu, ko‘zlari ma’yus…
Hozir yerga tushadi. Taxminani ko‘rib, ma’yus ko‘zlar shunday porlab ketadiki! Singlisi o‘sma uzyapti. Demak, sochini yuvgan. Uning odati shunaqa, bosh yuvdi deguncha o‘sma qo‘ygisi kepqoladi. Qoraqoshgina o‘ziyam. Hozir opasini ko‘rib, o‘zi yopgan nonlardek qip-qizil yuzlariga kulgu yoyiladi. Birpasda shakarob qilib, dasturxon yozadi.
Taxmina chinor bo‘yi balandlikda, yerdagi Eram bog‘iga o‘xshash hovli ustida hamon muallaq turardi. Na qimirlay oldi, na ovoz berdi. Balki ko‘rinmayotgandir ham? Mayli, qancha tursa tursin, yana yuz yil muallaq qolib ketsa ham rozi, faqat sog‘inchdan qaqragan ko‘ngli diydor chashmasiga qonsa bas…
– Ey, tur! Muncha?
Qayoqdan kelyapti bu ovoz?
– Tur deyapman senga! Cho‘zilib yotishini-chi!
Taxmina tepasida qovoq uyib turgan erini ko‘rdi. Boyagi parvozi… Attang. O‘sha o‘ngi, bu dag‘dag‘a tush bo‘lsa-chi? Taxmina totli diydor lahzalarini qaytarib olmoqchidek, ko‘zlarini behol yumdi.
– O‘lib qolganmisan, tur!
Ayol cho‘chib oyoqqa turdi.
– Voy, toza uxlab qopman-ku…
Yaxshiyamki, Nusrat boshqa gapirmadi. Bunaqa paytda bo‘ralab so‘kib berardi, qalbini chil-chil qilib. Taxminaning qalbi esa shishadek nozik, hatto ovoz bilan sindirish mumkin… Tushda kechgan ajib damlar nash’asi uni anchagacha tark etmadi. Ota uyini juda-juda sog‘inib ketdi. Eri bugun ruxsat bersa, ajabmas. Nonushta payti astoydil jazm qildi-yu, gapni nimadan boshlashni bilmadi. Keng hovlining qay bir burchida uning yana kun bo‘yi band bo‘lishiga arzirli biron yumush topilishi aniq, agar Nusrat shuni istasa…
– Tavba, tushimda rosa uchibman, – deya jilmayganicha eriga yuzlandi.
– Nima?
– Tushimni aytyapman. Uyimizga uchib borganmishman, qarang. So‘rida onam rahmatli…
– Ming marta aytaman senga, odam osmondamas, yerda yurishi kerak deb! Mana, xayolparastligingdan tushlaring ham g‘alati, aynigan.
– Nima qipti, tush-ku.
– Tushmish. Mana bu yerda nima bo‘lsa, – barmog‘ini chakkasiga to‘qillatib urdi Nusrat, – tushga o‘sha kiradi!
Taxmina nigohini yerga qadadi.
– O‘zi oilaviy xayolparast ekansizlar. Ismingni ham qaysidir kitobdan o‘qib qolib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Hech qayerda yo‘q otni topib.
Bu gaplar og‘ir botdi. Lekin indamadi. Nusrat doim haq… Ammo ayni paytda Taxminaga boshqa narsa alam qilardi – qishlog‘iga borib kelishdan gap ocholmadi. Har kuni yer yorishmay tik oyoqda bo‘ladigan ayol aksiga olib shu bugun uxlab qolibdi, erining qovoq-tumshug‘i shundan. Hali ham bo‘lsa so‘rasamikin? Umidvor nazar tashladi. Yuzida istehzo, Nusrat shoshmasdan choy ho‘plardi. Qiyofasidagi bu ifoda… Taxmina unga birinchi marta o‘zi yozgan she’rni o‘qib berganida shunday qaragandi. O‘sha-o‘sha qo‘liga qalam olmay qo‘ygan…
Taxminaning otasi o‘qituvchi o‘tgan, uylarida eng bisyor narsa – kitob edi. Mutolaa turmush tarziga aylangan qiz hamma shunday yashaydi deb o‘ylardi. O‘qishga kirolmagan yili uzatildi-yu, butunlay boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘ldi. Bu olamda ayolning qadr-qimmati oshxona-yu tomorqadagi muvaffaqiyatlari bilan o‘lchanar edi. Gullarning eng nozigi qaysi? Qizg‘aldoqmi? O‘sha qizg‘aldoqni tikanzorning qoq o‘rtasiga ekib qo‘yishdi. Chidayolmasam kerak, deb o‘ylagandi. Ayol zotining naqadar yashovchan bo‘lishini bilmagan ekan…
Peshinda qaynonasi mehmonga keldi. Taxmina qo‘li qo‘liga tegmay xizmat qildi, Nusratning kelishiga oshni ham damlab qo‘ydi. Bir ko‘ngli, qaynonasi bilan suhbatda ikki oydan beri otauyga borolmagani, akasining mazasi yo‘qligini eshitganu, ko‘rolmaganini qistirib o‘tib, eri kelguncha vaziyatni yumshatib turgisi keldi. Lekin qaynonaning avzoyi buzuqroq ko‘rindi. Buning boisi eri ishdan kelgandan keyin ma’lum bo‘ldi.
– Xojarni bekor o‘sha ziqnalarga berdik, – yorildi ona o‘g‘liga. – Tagli-tugli bo‘lgani bilan, asli past ekan.
– Nima gap?
– Ikki hafta kelmadi. Kecha jo‘nagan ekan, qaynonasi kartoshka kavlashga yordam berib keting deb turvolibdi. Toza topishdi-da xizmatkorni! Xojarim ham boplabdi, shartta chiqib kelaveribdi.
– Xo‘sh? – o‘smoqchiladi Nusrat.
– Landovur kuyoving onasi taraf bo‘lib, taksiga pul berishgayam yaramabdi. Qizim bechora bola bilan avtobusda kepti-ya! Yo‘lning boshida tushib qolib, buyog‘iga piyoda yuribdi.
Nusrat hezlandi:
– E o‘sha… o‘zi topganidan o‘rgildim! Nima qildi keyin, yana o‘zi ketdimi?
– Yo‘g‘-a, tek qo‘yarmidim, telefonda kuyovni o‘yib-o‘yib oldim. Pildirab taksida yetib keldi. Xojaringniyam rosa burab qo‘ydim. Har hafta kelasan, dedim. Boshidan jilovni mahkam ushlasin-da. Indamasa ja-a…
“Fojia bo‘pti-ku, – o‘yladi Taxmina. – Yo‘lning boshi deganlari ellik qadam joy. Har kimga o‘z bolasi aziz ekan-da. Meni aziz qiladiganlar o‘tib ketishdi… Oyda-yilda, uchta bola bilan yo‘lga chiqaman. Pulni tejang deyishadi, yarim yo‘lni poyi-piyoda yurib ketaman. Birov achinmaydi. Mayli, yo‘l yurib odam o‘lmagan. Boraver, desa bo‘ldi.”
Ammo bugun ruxsat so‘rashning mavridi emasdi. Ertaga mehmonni kuzatib, keyin. Xudoning ertasi ko‘p…
Taxmina allamahalgacha tinmadi. Og‘il-o‘choqni tinchitib, sarishtalab, hammadan keyin yotdi. Ochiq derazadan yangi oyning jamoliga termilib, niyatlar qildi. Oxirida pichirlab qo‘ydi: “Oymomajon, kechagi tushimni yana ko‘rsat…”
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son