Gulchehra Asronova. Oy qiz (hikoya)

U tengqurlari ichida oxirgi bo‘lib uzatildi. Axir kimdir oxirgi bo‘lishi kerak-ku? Lekin odamlar buni “o‘tirib qoldi” deyishadi… Bu xunuk ibora sekin-asta qizning ham ko‘ngliga mo‘ralab, o‘zini-da ishontira bosh­lagan bir paytda sovchilar eshik qoqdi (qo‘shni qishloqdan ekan, bu ikki go‘shani bir-biridan ayirib turgan birgina narsa – o‘rtadagi mo‘jaz ko‘l). Ota-onasi yengil nafas oldi, qiz esa kutilmaganda qaysarlik qildi – ko‘rmagan odamimga tegmayman, deb turib oldi. Axiyri, uchrashuvga chiqadigan bo‘lishdi.
Oyqiz maktabni bitirgan, xolos, ammo kitob jonu dili, uning dunyoqarashi bu qishloq sarhadlarini allaqachon tark etgan. Hovliyu dala to‘la ishu o‘qishga vaqt topadi. Shahardagi katta kutubxonada ishlaydigan qishloqdosh dugonasini tindirmaydi – hafta o‘tar-o‘tmas tugatib, yangisini so‘raydi. Kitobni deb uncha-muncha tanbeh ham eshitib turadi. Axir jo‘ngina, shu qishloqdan narini ko‘rmagan bir qizning ko‘nglida nima borligiga kim ham qiziqardi? Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, ota-onaning bittagina tashvishi – uni uzatishsa-yu, singillariga yo‘l ochilsa. Oyqizning ko‘ngli esa boshqacha, unda har bir o‘qilgan kitobning andozasi bor. Rangin, o‘zga dunyolar, turfa taqdirlar, muhabbat qissalari, o‘zigagina ma’lum orzular ichida yashaydi u. Yor siymosi hali Otabek, hali Ilyos, hali Kamronbey bo‘lib gavdalanadi qizning tasavvurida… Xayoliy mahbubi mukammal siymoga aylanib bo‘lgan, uning faqat moddiylashuvi qolgan, illo, ertaga shu buyuk jarayon ro‘y bermog‘i haqida o‘ylab, shirin hayajonga tushgandi.
Ertasiga, kuz quyoshi endigina qizdira boshlagan palla markazdagi kichikkina bog‘da uchrashdilar. Mana U! Ha, xuddi o‘zi!
Ular bir muddatgina xiyobondagi o‘rindiqda suhbatlashdilar. Oyqiz Uning yuziga uch-to‘rt bor shosha-pisha qarab oldi-yu, boshqa botinmadi. Yigitning ham ovozida mayin titroq bor edi. Demak… Faqat negadir U tezgina, biroq iliq xayrlashdi. Oyqiz bundan ranjimadi, chunki yana biroz o‘tirsa, yuragida “povv” etgan olov vujudiga tutashib, holini oshkor etishi mumkin edi. Uyga qaytgach, onasining so‘rab-surishtirish­lariga “mayli”, deb qo‘yaqoldi. Shuurida esa bir iqror sado berardi: “Bildim, sevgi deganini bildim…”
O, bu qanday baxtiyorlik edi! Qayoqqa qaramasin – Uning qiyofasi, nima ish qilmasin – Uning xayoli! Hatto kitob varaqlarida ham U! Bir martagina ko‘rdi-yu, kiprigining uchigacha eslab qoldi, nazarida. Ota-onasiga tobe va bu tobelikni zarracha malol olmagan go‘zal axloqli qizlar, odatda, tuyg‘ulariga izn berilsa, butun borlig‘i bilan sevadilar.
Oyqizni endi birgina savol qiynardi: nahotki yigit ham uni ko‘rgisi kelmayapti? Loaqal ko‘chasidan bir o‘tsaydi, uzoqdan bo‘lsa ham qorasini ko‘rolsa edi! Ehtimol, yigitlar kamroq sevishar?

***
To‘y boshlandi. Qudalar uni kamchiqim, dabdabasiz o‘tkazishga kelishdilar. Negadir, hatto oqshomgi bazm bo‘lmas, ota uyida qizlar o‘zlari o‘ynab-kulishlari kifoya emish. Oyqiz ko‘p oyoq tiramay, ko‘naqoldi. Qolaversa, uning baxt haqida o‘z tushunchasi bor: ikkisi birga bo‘lishsa bas.
Ha, sevgi ham bir devonalik: Oyqiz na kam-ko‘stga qaradi, na onasining kun bo‘yi ko‘z yosh to‘kkaniga ajablandi, ammalarining “nima bo‘lganidayam tinib-tinchi, ortga yo‘l yo‘q!” deb uqtirishlariga esa kulgisi keldi hatto. Behuda va’z! Odamlar g‘alati, qancha kutdi axir Uni, nega qaytsin?! Faqat bir narsadan qo‘rqardi – ko‘zi ko‘ziga tushganda, yuragi sevinchdan tars yorilib ketmasaydi…
Nikoh o‘qilgan payt, eski paranjiga o‘rab-chirmab qo‘yilganidan, kuyovni deyarli ko‘rmadi. Keyinroq, kelinlik libosida ichkarida Uning kelishini poylab turarkan, diydor lahzalarining yaqinligidan qalbi gulbarg misoli titradi. Bu paytda qiz ota-onasi bilan vidolashib bo‘lgan, shahzodasi ostona hatlab kirib kelishi va gul tutib uni olib ketishi to‘yning yagona jozibali manzarasi ekanidan zarracha o‘kinmas, aksincha, benihoya masrur edi.
Eshikdan bir nechta jo‘ralarini ergashtirib kuyov kirib keldi.
Kuyov… kirib keldi. Lekin… U qani?! Oyqiz hech bir ikkilanishsiz, qattiq tikilgancha o‘zi tomon kelayotgan do‘ppili odamga harir yopinchiq ortidan lol bo‘lib qarab turdi, so‘ng, hech narsani idrok etmagani holda qo‘liga tutqazilgan gulni ixtiyorsiz oldi-da, atrofga alangladi. Bu kim? Qani U? Bu so‘zlarni hayqirib aytdi go‘yo, lekin hech kim eshitmadi. Haligi odam “ushlang!” deganday tirsagini havola qilib turardi. Dugonasining turtkisidan cho‘chib tushdi. Atrofdan “bo‘ling endi, bo‘ling!” degan ovozlar qistar, bu xuddi bir alahsirashga o‘xshash g‘ayritabiiy hodisa edi. Qiz uning bilagidan tutdi-da, oyoqlari qaltiragancha ergashib ketaberdi. Xuddi girdob qa’riga kirib borar, o‘ylari paydar-pay, dugonasi har bir savoliga “jim!” deb javob berardi. Ular pastgina ostona zinasidan tushib ko‘chaga, kelinni olib ketishga shay turgan mashina tomon yurib borishardi. Oyqizning miyasi g‘uvillar, javobsiz savollar do‘ldek yog‘ilib qalbini nimtalar edi: “Kim bu? Katta kishiga o‘xshaydi, balki amakisi yoki tog‘asidir? Ularda shunaqa udum bordir, tog‘asi kelinni olib chiqadigan? Unda nega hech kim aytib qo‘ymadi? Nega dovdiratishyapti? Bu odam… qayergacha boshlab borarkin? Qani U, qani?!”
Mashinaga kelin, so‘ng yoniga… haligi erkak o‘tirdi. Qizning yuragi gursillab ura boshladi. Yopinchiq ortidan yana qayta qaradi. U ham xuddi shuni kutganday, asli shunday bo‘lishi kerakday qizga yuzlandi. Boyagiday qattiq tikildi. Shundagina Oyqiz uning yuzidagi tirtiqqa – chakkasidan to labigacha tortilgan chandiqqa ko‘zi tushdi. Seskanib, bor jur’atini ikki og‘iz so‘zga jamlab, so‘radi:
– Siz… kimsiz?
Erkak bir zumgagina ko‘zlarini olib qochdi. Keyin yalt etib qarab, ta’kidlab aytdi:
– Ko‘rmayapsizmi? Kuyovman!
– Qanaqasiga? Men… Men sizni tanimayman!
– Hayda! – dedi haligi odam, go‘yo uning so‘zlarini eshitmagandek.
Qizning ich-ichida nimadir “chirt” etib uzilgandek bo‘ldi. Nahotki shu… Unda… Yo‘q, bu tush! Bunday bo‘lishi mumkin emas!!!
Bu yoniga chaqqonlik bilan joylashgan dugonasiga najot bilan qaradi.
– Bu nimasi?
– Men ham bilmagandim, ishon, – pichirladi o‘rtog‘i, yig‘lagudek bo‘lib. – Endi hammaga sharmanda bo‘lmay, jim o‘tir!
Mashina zuvillab yo‘lga tushdi. “Nima deyapti bular? Qanaqasiga? Uchrashuvga chiqqan yigit qani?”
– Nari turing! – deya beixtiyor do‘ppili odamni turtib yubordi Oyqiz. – Bu qanaqa yuzsizlik? Qoching! Men tushaman, to‘xtating!
Shunda do‘ppili odam bilagidan mahkam ushlab, bir siltadi:
– Jinnilik qilmang! Nikoh o‘qilib bo‘ldi.
Qiz bir to‘lg‘ondi-yu, boshi orqa suyanchiqqa shilq etib tushdi.

***
Hushi kirib-chiqib yetib keldi, chimildiq ichiga qanday olib kirganlarini bilmaydi. Xuddi faqat jismi shu yerda, o‘zi esa uzo-oqlardan kuzatayotganday… Mana, yoqalari jiqqa ho‘l, qalin ko‘rpalar ustida yig‘lab yotibdi. Boshida ammasi, yana bir-ikkita notanish ayollar. Ularning avrashlari, aldashlari, “sharmanda bo‘lma!”, “gap-so‘zga qolasan!” deb po‘pisa qilishlari-yu, dilpora kelinchakning dod-voylarini bayon etib, yurakni ezishga hojat bormikin? Uni shunday, shunchalar aldashdi. Yoshi o‘tib qolgan, bir nechta qiz bilan uchrashib yurak oldirgan kuyov yuzidagi chandig‘ini deb uchrashuvga chiqmabdi emish. Haligi yigit esa, yaqinda xotini qazo qilgan do‘sti ekan…
Yangalar vaziyatni yumshatib, “biz shu yerda, chimildiq ortida bo‘lamiz” deb chiqib ketdilar. Oyqiz oppoq libosda, qalin ko‘rpalar ustida oyog‘idan bog‘langan qushdek benajot o‘tirar edi. O‘ylagani sari dahshat o‘pqoniga chuqurroq botar, nimalarnidir anglab yetardi. Onasining to‘y yaqinlashgani sari xomush tortishi, ammalarining sabr-toqatu tushgan joyida tosh qotish haqidagi qattiq-qattiq nasihatlari, va ayniqsa, xayrlashar chog‘i otasining kutilmaganda yig‘lab yuborgani… hammasining boisi ravshan bo‘ldi.
Nahotki eng yaqin, ishongan odamlari uyushtirgan fitna bu? Aybi nima? “O‘tirib qolish” bundan-da fojiali edimi?
Qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi, tinmay yig‘ladi. Uni ovutgani, ba’zan esa po‘pisa qilgani kimlar kirib-chiqmadi. Oxiri kuyov keldi. Butunlay begona, alamzada, shirakayf bir erkak…

***
Oyqiz hamon yig‘lardi. Faqat, endi beun yosh to‘kardi. Yonida pishillab uxlab yotgan… odamni uyg‘otib yubormasligi kerak. Qarori qat’iy. U na erka, na injiq qiz edi. Hamma narsaga ko‘nardi. Lekin indamay ko‘nib, mana bu munofiq kimsa bilan bir umr birga yashash dunyodagi eng itoatkor qiz uchun ham og‘irlik qilardi.
Asta o‘rnidan turib, juft-juft bolishlar zichlab yig‘ilgan tokchani bo‘shata boshladi. Xayriyat, deraza dala tomonda ekan. Ehtiyotkorlik bilan ochib, sirg‘alib tushdi. Shunday sekin yurib ketdiki, qishloqning eng sergak itlari ham pinak buzmay uxlab yotdilar. Ikki qarta dala oshib, ko‘lga yetib keldi. Changalzor ortidagi sohilga yetgachgina to‘xtab, yerga behol o‘tirdi. Hayotidagi eng dahshatli tun oydin va sokin edi.
Ko‘l suvi mayin mavjlanar, yangi oyning aksi to‘lqinlarning ko‘yniga kirib, kelinchakdek zir titrar edi… Qiz ko‘lning narigi tomoniga termilgancha yuragi orziqdi. Bir paytlar o‘sha qirg‘oqqa dugonalari yoki singillari bilan kelar, qiy-chuv solib cho‘milishar, ko‘ylak quritish uchun o‘zlarini oftobga solib o‘tirib bir-biridan shirin orzular qilishardi. Oyqiz ko‘pincha o‘zi o‘qigan kitoblarini aytib berar, tinglashni istamaganlar bilan urishib qolar edi. U juda ko‘p o‘qidi, o‘zining hayoti ham kitob­lardagidek jo‘shqin va ma’nodor kechishiga ishondi. Faqat kitoblarda ham ba’zan eng masrur damlarda kishi taqdiri birdan o‘zgarib, orzulari chilparchin bo‘lishi mumkinligini unutgan ekan. Qanday sevgan edi-ya! Tamom, barcha go‘zal hislar narigi qirg‘oqda qolib ketdi…
Havoda izg‘irin kezinar, ko‘l ustida yengil bug‘ ko‘tarilgandi. Lekin, uzun sochlari parishon, ko‘ylagining etaklari titilgan qiz bu tobda sovuqni his qilar holatda emasdi. Hozir yarim tunda shu ahvolda uyiga kirib borishi, otasining qahri, ertangi janjalu gap-so‘zlar haqida ham o‘ylamasdi. Shu qadar yerga urilgan qadriga kuyardi qiz. Suvdagi oymoma aksiga qarab, battar to‘liqdi. Ilgari u bilan baxt, muhabbat haqida xayoliy suhbatlar qurardi… Hozir esa, ko‘kdagi sirdoshi hayotidagi eng baxtsiz kunga shohid bo‘layotir. Oyqiz asta pichirladi:
– Sen mendan boshqa qizlarning ham hasratini tinglagandirsan, a, adash? Ayt-chi, ular orasida menchalik sho‘rpeshonasi bormidi? Yo‘g‘-a? Qara, shunchalar ham aldaydilarmi? Gap chandiqda ham emas, mening qalbimdagi jarohat oldida uning chandig‘i bir pul! Qodiriyni o‘qigan har bir qiz chimildiqda “Siz… o‘shami?” degan sehrli so‘zlarni aytishni orzu qiladi. Men ham savol berdim. “Siz… kimsiz?” dedim. Axir bu qanday jazo?! Senga bir gap aytaman. Agar bir kun: “Qizlarni aldab uzatish qadim zamonlarda qolib ketgan”, desalar, ishonma. Nomardlar har qanday davrda ham bo‘ladi. Qiz ko‘nglini oyoqosti qiluvchilar doim topilar ekan. Xudodan qo‘rqmaydiganlar… Lekin men qarab turmayman! Kurashaman ular bilan! Qiz bola ham ODAM ekanligini bilib qo‘yishsin! Eh, Oymomajon… Bilasanmi, nima qilmoqchiman? Uyga qaytib otamning, onamning, keyin o‘sha… uchrashuvga chiqqan nomardning ko‘zlariga tik qarayman! Nega bunday qildinglar, endi menga nima bo‘ladi, nima qilay, deb so‘rayman! Axir endi… endi menga nima bo‘ladi?..”
Nimadir “cho‘lp” etib, mavjlarning maromi buzildi. Oyqiz changalzorning u boshiga qaradi-yu, qandaydir sharpani ko‘rib, dahshatdan seskanib ketdi. Tamom! Uni quvib kelishibdi. Qiz o‘zini changalzor panasiga oldi. Yulg‘unning novdalari orasidan o‘sha tomonni kuzatdi. Ikki kishi. Xayriyat, baliq ovlayotganlar ekan. Ulardan biri to‘ng‘illagan edi, ikkinchisi shartta ters o‘girilib oldi. Qiz tomonga… Tun shunday oydin ediki, yigitning yuzi elas-elas tanir darajada yorishdi. Qizning yuragi ko‘ksini yorib chiqqudek potirlab ketdi.
***
– Yana arazlaydi-ya, – dedi baliqchi yosh hamrohiga o‘dag‘aylab. – Tosh otganing nimasi axir, baliqlarni cho‘chitib? He, dumbul. O‘zi nega boshimga og‘riq qilib opkeldim seni, a? Hamma to‘yda, buning shu kecha ovga chiqqisi kepqopti.
– Siz nimani bilardingiz, – to‘ng‘illadi yigit. – Borgim yo‘q o‘sha to‘yga.
– Nimabalo, kelin suygan qizingmidi?
– Ee, darrov shunaqa demang. Bir martagina ko‘rganman… – Keyin xuddi o‘ziga gapirganday, pichirlab qo‘shib qo‘ydi: – Juda yaxshi qiz u…
– Nima?
– E, qo‘ying, baribir aytmayman.
Baliqchi yana nimalardir deb uning g‘ashiga tegmoqchi bo‘ldi. Yigit bu paytda o‘z xayollari bilan band, o‘sha uchrashuvga rozilik bergan kunini la’natlar, biroq shu haqda o‘ylashi bilan qalbining tub-tubida bir shu’la paydo bo‘lar va borlig‘ini o‘ziga g‘arq etardi. Keyin xuddi huv anavi suvda jilva qilayotgan oyga o‘xshash qiz chehrasi paydo bo‘lardi. Ismi jismiga monand Oyqiz… Xuddi bugun hech qanaqa to‘y bo‘lmagandek, unga nim tabassum bilan uyalinqirab qaraydi-da, darrov ko‘zlarini olib qochadi. Nega uni avvalroq uchratmadi? Yo‘q, endi u haqda o‘ylamasligi kerak! Endi u birovning hasmi. O‘sha, bir paytlar dalada o‘zini kombayn bosib ketishiga bir baxya qolganda qutqarib qolgan, ammo yuzi jarohat olib bir umr chandiq bilan yashayotgan yigitning hasmi u qiz. Undan o‘zini qarzdor his qilib yurgan sho‘rpeshonani “o‘rnimga uchrashuvga chiqasan” deb holi-joniga qo‘ymagan, yo‘q deyolmasligini bilib shunday qilgan yaramasning hasmi-halolidir u…
Yigit beixtiyor baralla gapirib yubordi:
– E Xudo, nima qilib qo‘ydim?!
– Obbo, muncha ezilding, baliqlar qaytib keladi, – dedi buni o‘zicha tushungan sherigi.
“Baliqdan boshqa dardi yo‘q bu cholning!” U ilkis o‘rnidan turib, nari ketdi. Chakalakzorning u tomoniga. Tungi yog‘duda qizg‘ish tovlangan beso‘naqay butalar ortida uni nima, kim kutib turganini hali bilmas, sal o‘tmay shoxlar asabiy shitirlab, xunuk changal bag‘ridan oydek qiz chiqib kelishi va bir zumlik dahshat va karaxtlikdan keyin ikkisining ko‘zida ham yuz yil kutilgan so‘zlar – “Siz… o‘shami?” degan savol aks etishi hozircha uning xayolida ham yo‘q…

***
Yillar o‘tdi. Dunyoi dun charxpalagi tinmay aylanib, kimlarnidir bir-biridan ayirdi, kimlarnidir topishtirdi. Oyqiz esa ko‘ldan ancha olis, ammo tunlari o‘shanday oydin bir yurtga bosh olib ketdi. Otasining oq fotihasi, jufti haloli bilan. Huv anavi oppoq uyning Oymoma mo‘ralab turgan derazasiga nazar soling-a: ana, Oyqiz beshikni to‘xtatib, harir pardani xiyol ko‘targancha pishillab uxlayotgan bolakayning yuziga termilib qoldi. Dadasining o‘zginasi-ya! Burni, qoshi, peshonasi… quyib qo‘ygandek. Bu aniq, chunki Oyqiz erini huv o‘shanda, birinchi uchrashuvdayoq kip­rigining uchigacha eslab qolgan…

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 2-son