Mehmondorchilikka otlangan ayolning uyidan chiqishiday qiyin ish yo‘q. Ayniqsa, uzoqroqqa jo‘namoqchi bo‘lsangiz va yo‘lakda allaqachon kiyinib olgan turmush o‘rtog‘ingiz ikki qo‘lini cho‘ntakka solgancha, ostonaga oyoq tirab, “bo‘lingcha-bo‘ling” deb turgan bo‘lsa. Kech qolish ham, muhim narsangizni unutishingiz ham aniq. Kimdir shoshiltirgani sayin hali u, hali bu narsam qolib ketadi, deng…
Nihoyat, halloslab, hovliqib tanish bekatga yetib keldik. Odatda gavjum bo‘luvchi bu manzil yakshanbaligi boismi, bitta-yarimta yo‘lovchini aytmasa, odam siyrak edi. O‘zimizga kerak ulov tomonga oldinma-keyin bo‘lib ildam yura boshladik. Shu payt bizdan sal narida katta yo‘lga qarab borayotgan otaxonning hassa bilan yerni paypaslab ehtiyotkorona yurishi beixtiyor e’tiborimni tortdi. Ko‘z qirim bilan qarab xo‘jayinimning ham bu cholga qarab-qarab qo‘yayotganini ilg‘adim va:
— Voy bechora, ko‘r ekan, mashinalarning oldidan yurib ketmasaydi, ishqilib, — dedim astoyidil xavotirlangan tovushda. Odam kam bo‘lsa-da, yo‘l serqatnov edi. Otaxon yo‘l chetida taqqa to‘xtab qoldi. Shu mahal:
— Ana, Polmonga boradigan “Ford” kelyapti! Tezroq yuring… — degancha turmush o‘rtog‘im ulovga qo‘l silkib ildam yurib ketdi.
Haydovchi bizni ilg‘adi, shekilli, mashinani chetlatib to‘xtatdi. Xuddi shu payt otaxon ham tovushimizni eshitib biz tomonga yuzini burdi. Qiziq: odamzod ko‘zi ko‘rmasa ham ovoz kelgan tomonga yuzini qaratadi-ya! Holbuki, eshitish uchun buning unchalar ham ahamiyati yo‘q. Ammo yuz burishning o‘ziyoq allaqanday “izhori dil” ekanini tuyqus va shoshilinch xayolimdan o‘tkazdim. Shu chog‘ otaxonning:
— Hoy, iltimos, yo‘lning narigi chetiga o‘tkazib qo‘yinglar! — degan ovozini ham eshitdim. Eshitdik.
Biroq… biz bu ovoz kelgan paytda to‘xtab turgan mashinaga tomon yugurgandik:
— Uzr, ota, mashinamiz kepqoldi! — bu gapni xo‘jayinim yo‘l-yo‘lakay aytdi. Otaxonning yonidan zuvillab o‘tdik va ulovning ochiq turgan eshigiga o‘zimizni urdik. Apil-tapil joylashdigu haydovchiga “rahmat” deb jo‘nab ketdik. Ana shunda, orqada nimadir qolib ketgandek, yuragim uvishdi. Burilib turmush o‘rtog‘imga qaradim. U ham menga xuddi shunday nigoh bilan tikilib turganini so‘zsiz angladim. U kishi boshini chayqagancha dedi:
— Yaxshi ish qilmadik, ojiz odamni arosatda tashlab ketdik…
— Nimasini aytasiz…
Mashinada boshqalarning e’tiborini tortmaslik uchun shu bilan gapni tamom qilib qo‘yaqoldik: endi befoyda!
Shoshilsang hamma narsa aksiga oladi — yarim yo‘lga yetganda mashina buzilib qolib, u tuzalguncha ichimiz qisilib o‘tirdik. Haydovchi kapotni ochib g‘udranib yuribdi. To‘xtab turganimiz uchunmi aniq-tiniq eshitilib qolgan radiodan atay qilganday hofizning hazin tovushi eshitilyapti:
So‘z emas, sabrim bilan so‘rdim sani,
Ko‘z emas ko‘nglim bilan ko‘rdim sani…
Dilimga noma’lum g‘ashlik cho‘kdi. Beixtiyor boshim egilib qolganini mashina qo‘zg‘algandagina sezdim. Turmush o‘rtog‘imga qaradim: oynadan tashqariga qarab olgan, go‘yo qiziq bir nimani tomosha qilayotgandek.
Keyingi bekatda navbatdagi ulovga chiqqanimizda esa odam to‘lguncha kutishga to‘g‘ri keldi. Eng oxirgi yo‘lovchini hamma bir dilgirlik bilan kutayapti. Shunda… bir o‘rta yoshli odam biz yo‘lini kesib o‘tgan ko‘zi ojiz otaxonni yetaklab mashinaga kirdi.
— Sekin, otaxon. Shoshmang, mana bu yerga o‘tiring. O‘tirib oling. Ikkalamiz ham “yalt” etib qaradik. Chol o‘zini yetaklab kelgan odamni duo qila-qila ro‘paramizdagi o‘rindiqqa o‘tirdi.
Uning qarshisida jim, manzilga qachon yetishimizning endi ahamiyati yo‘qdek, o‘yga tolib o‘tirardik.