Bugun Boybolayev uchun muhim kun. Tumandan kattalar kelishadi. Nomzod topilguncha bo‘sh turgan bir rahbarlik lavozimidan umidvor odam uchun o‘zini ko‘rsatib qo‘yishning ayni vaqti. Ayollar sardori Rahima opaning kelishini eshitib, ayniqsa, halovatini yo‘qotdi. Tumanda bu dangalchi opaning gapi – gap!
Mehmonlarni siylash uchun uyiga olib ketish martabasini tish-tirnoq bo‘lib talashgan Boybolayev mahalladagilarni ko‘ndirgach, oyog‘ini qo‘liga olib uyiga chopdi. Hali ikki kun vaqt borligiga qaramay, xotiniyu bolalarini boplab to‘zitdi – “uni tuzat, buni tuzat, manavi nimaga bu yerda, anavi qani…” va hokazo. Odati shunaqa: nimadandir qattiq tashvishga tushgan payti uydagilarni “yaxshilab”, “avra-astarini ag‘darib” so‘ksa o‘ziga keladi. Ayniqsa Sumbulni “oborib-obkeladi”. Xotin degani shunaqa bo‘lsa-da – churq etmaydi. Bolalari ham pisib ketadi bunaqa paytda.
Mana, hammasi tayyor bo‘ldi. Boybolayev yozgan dasturxonni bir ko‘rishingiz kerak edi-da. Anqoning urug‘i demasangiz, butun noz-ne’mat shu yerda. Hayot-mamot masalasi axir bu! Garchi busiz ham Boybolaning (uni yaqin olganlar shunday chaqirishadi) hurmati joyida, doim “labbay” deb turishi bilan rahbariyatning mehrini qozongan. Kerakli joyda tilidan bol tomadi o‘ziyam. Lekin baribir, ishbilgi odam sifatida shu mehmondorchilik orqali o‘z obro‘sini yanada mustahkamlab olishga jazm qilgan edi. Yegan og‘iz uyalar, deydilar-ku. Rahima opaga iltifot ko‘rsatish imkoniyatini qo‘ldan boy berish g‘irt anqovlik edi uningcha.
– O‘-o‘, Boybola, bog‘ni boplagan ekansiz-ku!
Darvozadanoq shinam hovliga mahliyo bo‘lib kirib kelgan Rahima opaning har bir so‘zini mezbon alohida huzur bilan hazm qilar ekan, oshxonadami yo og‘ilxonadami ivirsib yurishga odatlangan Sumbul mehmonlarni shaxsan kutib olmaganini nazardan qochirmadi (hali kuzatib olsin, o‘zi biladi). Keng mehmonxonaga qilingan joyning to‘riga opa, ikki yoniga yana ayollar, etakroqqa erkak vakil bilan haydovchi joylashdi. Hali o‘rnashib ulgurmaslaridan eshik pardasi ochilib, Sumbul salom berib kirib keldi-da, astoydil ko‘rishish uchun ayollar tomon ilgariladi. Rahima opa unga quchoq ochdi:
– Assalom alaykum, xola, salomatmisiz?
Dastlab uning so‘zlariga uncha e’tibor berishmadi. Biroq odatdagi hol-ahvol so‘rashishdan keyin:
– Urintirib qo‘ymadikmi, ishqilib, xola? O‘g‘lingiz juda alomat yigit-da, qo‘yarda-qo‘ymay olib keldi, – deganida… Boybolayevning yuragi to‘xtab qoldi go‘yo. Aslida Boybolayev bunday ahvolga ilgari ham tushgan, avtobusda bir ayol uning xotiniga: “O‘g‘lingiz sizga joy olib qo‘yibdi”, – degan edi…
Sumbulning samimiy tabassumi birpasda yig‘ishtirilib, yuzidagi son-sanoqsiz ajinlar uch-to‘rttaga qisqardi.
– Yo‘g‘-a, ovorasi bormi. Yaxshi o‘tiringlar, – dedi Sumbul eshitilar-eshitilmas va tez-tez yurib chiqib ketdi.
– Hoy, Boybola, onaxonni qaytaring, biz bilan o‘tirsinlar. Xizmatga yoshlar bordir?
Mezbonning nafasi ichiga tushib ketgandi, opaga yer ostidan qarab, arang tovush berdi:
– Opa… u mening… bollarim…
Rahbar bir muddat taajjub bilan tikilib turgach, yuzi duv qizarib ketdi. Ushbu zohiriy alomatni mulzamlikka yo‘ygan Boybolayevning miyasini ancha vaqtgacha “bu xotinning turgan-bitgani g‘alva” degan alamli o‘y tark etmadi…
Kattalar mehmondorchilik uchun rahmat ayta-ayta yana idoraga, majlis o‘tkazishga ketishdi. Yig‘in tugagach, Rahima opa mehmonlarni mashinagacha kuzatib chiqayotganlar orasidan uni chetga chaqirib olganida yuragi hapqirib ketdi: nahotki ko‘rsatgan iltifoti darrov meva berib, opa biron mujda aytsa. Boybolayev uning qarshisida qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirgancha nim egilib turarkan, vujudi quloqqa aylandi.
– Izzat-ikrom uchun ming bor qulluq, inim. Seni toza ovora qipmiz. Lekin… meni bilasan, bor gapni betga aytaman. Erkakning qanaqaligini ayolining turishi aytib beradi. Xotinni xor qilibsan-ku, Boybola? Sen qirchillab yurganing nimasi-yu… O‘shandayoq aytmoqchiydim, lekin tuzingni yeb o‘tirgandim-da.
Keyin bir zumga tin olib, ko‘zlariga qattiq tikilib ta’kidladi:
– Xonadoningni gullatib, o‘zi so‘lib bo‘pti bechora! Menga qara, Boybola, haykal qo‘y demayman, lekin haliyam bo‘lsa avayla uni.
…Sumbul ko‘zyoshlari shashqator bo‘lib idish yuvayotgan edi. Bugun uni o‘zidan besh yosh katta erining onasiga o‘xshatishdi!..
Shu payt eshik zarb bilan ochildi-da, eri bostirib kela boshladi. Ko‘zlari qonga to‘lgan edi.
– Seni deb sharmanda bo‘ldim, la’nati!
Keyin Sumbulning yuziga gurziday og‘ir mushti bilan tushirdi.
– A-a-a!
…Ayol o‘zining ovozidan cho‘chib uyg‘ondi. Tush ekan, dahshatli tush! Bechora, yig‘lay-yig‘lay, o‘tirgan yerida uxlab qolibdi. Eri kelmasidan-a! Hozirgina ko‘rgan tushi ana-mana o‘ngida sodir bo‘ladigandek, yuragi orqaga tortdi. Tavba, yemagan kaltagimidi… Lekin bugun ko‘ngli allanechuk hilvirab turar edi.
Dahlizga kirdi. Xuddi uni masxara qilmoqchidek, ro‘parasida odam bo‘yi ko‘zgu turardi. Bu matoh necha yildirki, shu yerdan qimirlamaydi, lekin bugun kimdir atay ro‘parasiga qo‘yganu, “O‘zingga bir qara!” deyayotgandek edi. Unda qaroqlarida ayanchli nigoh qotib qolgan ozg‘in, qarimsiq ayol qiyofasi paydo bo‘ldi. Oftob olgan yuzi g‘ussadan yanada burishgan, kiyimi qoziqqa osilgandek shalvirab turar, ro‘molining chetlaridan oq tolalar qaysarona mo‘ralar edi. Sumbul ko‘zini chirt yumib oldi. Xayolidan bugun uyining to‘rida o‘tirgan ayollarning ko‘rkam suratlari zuvillab o‘tdi. Keyin chor tarafdan erining qahrli ovozi jaranglagandek tuyuldi:
– Uyda o‘tirasan-ku, yig‘ishtir yasan-tusanni!
– Senga yarashmaydi bunaqa ko‘ylak!
– Buni kiyib qaqqa borasan?!
Bir payt qadam tovushi eshitildi. Sumbul erini qadamlaridan taniydi. Ana, kelyapti…
Ayol qalbining tub-tubida asov bir po‘rtana qo‘zg‘aldi. Yetar, bas! Endi o‘zini xo‘rlatib qo‘ymaydi! Hozir johil shu erning yuziga shunday gaplarni aytadiki!..
Eshik asta ochildi. Ostonada ko‘zlari kirtayib qolgan eri paydo bo‘ldi. O‘rtaga bir nafaslik sukut cho‘kdi. Boybolayev xotinini endi ko‘rayotgandek boqib, sekin gap qotdi:
– Charchagansan, damingni olsang-chi, onasi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son