Savr oylarining uzluksiz yomg‘irlari ko‘katlarni qulog‘idan tortib chiqargan. Havo musaffo. Quyosh yig‘ilar so‘ngidan kulgan qiz kabi shabnamli kipriklari bilan ko‘k o‘rtasidan mo‘ralaydi.
Navro‘ziy bedanalarning paydar-pay sayrashlari ko‘klam keliniga: «Xushvaqt, xushvaqt…»—deb chuchut otadi.
Qish bo‘yi to‘kmada qo‘r to‘kkan yigitlar kurash olg‘uday bir maydon qidiradilar.
Faqat Andreevskiy (Poyqovoq) ko‘chasi uchun yilning har to‘rt mavsumida ham ko‘klam. Uning o‘ziga ayrim quyoshlari bor. Uning bedanalari uzluksiz sayroqi, yigitlari har qachon bir-birovlari bilan kuch sinashadi…
U sho‘x. U har qanday bahradan, har qanday tashvishdan xabarsiz yashaydi. Uning o‘ziga maxsus bahrasi, o‘ziga maxsus tashvishi bor.
Unda na sipohlik, na vazminlik; teskarisicha, bo‘ydoq qahqaha, sayoq ashula, ishvali chaqchaq, mast hayqiriq yoppasiga hukmron. Ko‘cha bo‘ylab shirali, faqat achchiq hid egalik qiladi.
Po‘ltaxon, Santalatxon, Zebixon, Xoldorxon, Saodatxon, Ma’rifatxon, Lutfixon singari bir guruh umumiy ma’shuqalar bu ko‘chaning qalblari. Shulardangina bu ko‘chaning doim bahori.
Shularnigina deb shaharning kosibi, chapani o‘spirinlari uzoq-uzoq yerlardan keladilar. Topganlarini to‘kib soladilar. Yor uchun ichadilar, mahbub uchun to‘n va etiklarigacha garovga qo‘yadilar. Nima bo‘lsa hamki, Zebixonning bir damlik suhbati, bir payt ashulasi, oy kabi jamoli, qaddi barkamolidan bahramand bo‘lsinlar. Ular raqib bilan talashib mushtlashishga, dildor amri bilan kishi o‘ldirishga va kerak bo‘lgan-da, o‘lishga ham tayyorlar.
Etsa mol, yetmasa jon!
Shuning uchun ham Poyqovoqni bosib, Salorga quyuvchi ariq ba’zida kechaning uyatidan, ba’zida fahsh va jinoyatning shiddatidan qizarib, bug‘riqib oqadi.
Shular uchungina shoirlar o‘rtanib she’r yozadilar. Qoshlarning qoraligi, sochlarning muattarligi, bellarning tolmaligi, yuzlarning naqshin olmaligi to‘g‘risida aql yurgizadilar:
Qoshlarin mehrobida so‘fi ko‘ngil qildi vatan,
Tishlaring vasfida qimmatlanmadi durri Adan,
Ming Zulayxo husnida la’li labingga berdi tan,
Sochlaring bo‘kida bozori kasod mushki Xo‘tan,
Ko‘p qaro xoling ko‘rib, Hindida g‘avg‘o, Zebixon.
Jon olarga jodu ko‘zlar surmadan kiydi qaro,
Tig‘i mujgoning bilan har dam ko‘ngilda ming yaro,
Lutf ila bu oshiqi majnuningga bir dam qaro,
Chun Masiho murda tan topsin hayot olam aro,
Bu qulingga bir nigohing ayla savg‘o, Zebixon,—
deydilar. Davralarning bo‘g‘iq havosini jirkanmay shimiradilar. Faqat Zebixon-Zebixonlar, Po‘ltaxon-Po‘ltaxonlar — badbaxtlar. Ko‘ngillari yig‘lar ekan, yullari kuladi. Qalblari haqoratlardan qonar ekan, ko‘zlari ishva bilan suziladi.
Ularni o‘zlari bilmagan zaruriyat, ko‘zlari ko‘rmagan majburiyat bu oltin girdoblarga uloqtirgan. Allaqaysi haris ko‘zli sayyor bu oltin qafaslarga ularni qamagan.
Ular bunda faslli hurmat, sevilmagan har joyi ulfatlarning quchog‘ida istaksiz bo‘g‘iladilar.
Ular ko‘pincha yig‘laydilar.
Faqat bu yig‘i ahmoqlar yig‘isi. Chunki ularning xo‘jayinlari bor. Ular o‘z xo‘jayinlariga umrbod qarzdor.
Tekin ovqat… Tekin kiyim-bosh… Tekin joy…
Endi bo‘lsa Zebixonlarning o‘ynab-kulganlari uchun suyunishlari, xo‘jayinlariga minnatdorchilik bildirishlari kerak. Ular endi ozgina ishlashga, mehmonlar, harjoyi bir kechalik oshiqlar bilan o‘ynashga, kulishga, ishva va nozlanishga og‘irsinmasinlar…