Furqat Alimardon. O‘tmagan kunlar (hikoya)

Kengligi eniga olti, bo‘yiga sakkiz quloch keladigan xona. Katta ajnabiycha yozuvli devor soatining chiqillashidan boshqa tovush yo‘q. Xonada uch kishi bor. Biri yerga tikilgan, ikkinchisi devorga qarab turibdi, uchinchisi ohista odimlar bilan uyoq buyoqqa yuryapti, u har qadam bosganida o‘zini xuddi qor oralab ketayotgandek his etadi. Chunki gilam tuflini ko‘mar darajada qalin va mayin. Bu – Zamon Toshovning qabulxonasi. Diqqinafas bo‘layotgan uch kishi – ishga kirish uchun nomzod. Jimlikni amaldorning xonasidan chiqqan katta yordamchi buzdi.
– Xushboq Berdiyevich, siz qoling, qolganlarga javob, – dedi u stolidagi stakandan suv icharkan.
Odatda, bunday holatlarda nega, nima uchun degan savollar beriladi. Ammo hozir unday savollarning bo‘lishi mumkin emas. Ha, ha, mumkin emas.
Xushboq qabulxona burchagidagi oynaga qarab sochi va bo‘yinbog‘ini to‘g‘irladi. Axir u kimsan Toshovning yoniga suhbatga kiradi.
– Tayyormisiz? – dedi katta yordamchi. Xushboq “ha” degandek bosh qimirlatdi.
– Faqat ko‘p gapirmang, savollariga javob bering, yetadi, – qo‘shimcha qildi yordamchi. “Xo‘p, tushunarli” deb Xushboq yanada sergaklandi.
Katta yordamchi boshliqning eshigini uch marta sekin taqillatib, “ketdik” deb ishora qilib, ichkariga kirdi.
Xonaning uzunligi poyezd vagoni uzunligicha bor, eni o‘n qadamdan kengroq. To‘rroqda oqko‘ylakda, bo‘yinbog‘i nomigagina bog‘langan, bir dasta qog‘ozga termulib Zamon Toshov o‘tiribdi. U nomzodni ko‘rishi bilan jilmaydi. O‘rnidan sal qo‘zg‘alib qo‘l cho‘zdi. Xushboq hayajonini ichiga yutib, ko‘rishdi.
– O‘tiring, deb joy ko‘rsatdi u. Xushboq o‘tirgan zahoti doimgi odati, qo‘lini duoga ochdi. Buni ko‘rgan kattakon:
– Ayting, – dedi.
– Yo‘q, yo‘q, o‘zingizdan, – dedi Xushboq va xato qilmadimmi degandek yordamchiga qaradi. Yordamchi tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
– Dushmanlarimiz boy bo‘lsin! – deb duo qildi Toshov. Xushboq duoning noodatiyligidan ajablandi.
– Nima ish qilishingizni tushuntirishadi. Muhimi, chin ko‘ngildan ishlang, barcha muammolaringiz hal qilinadi. Ishga kar bo‘lib kelib, soqov holda chiqib keting.
– Xo‘p, tushundim, – dedi nomzod yengil tortib.
– Bo‘lmasa, mayli, ish boshlayvering! – dedi kattakon. Xushboq qo‘l siqib xayrlashar ekan, suhbatning silliq kechganidan o‘zida yo‘q sevindi.
Xushboq Berdiyevich Amirqulov kadrlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U egallagan lavozim nebir arboblarning joni kelib tutashadigan o‘q ildizi bo‘ladi. Biror-bir lavozimga ko‘tariladigan inson yoki “surobi to‘g‘irlanishi shart” kishilarning “delo”si mana shu yerda taxlanadi. Oylik maoshi menman degan maktab direktorinikidan o‘n barobar ko‘p. Bu ham kamdek har-harda bitiriladigan hojatbarorliklardan ham bir chimdim choychaqa unib turadi…
Shu o‘rinda, Xushboq kim o‘zi, degan savol tug‘iladi. U oltmish yoshlardagi har qanday ishni eplay oladigan kishi. Qilmagan ishlaridan davradoshlari hazil qilib aytganlaridek “faqat tug‘ib ko‘rish” qolgan. Talabalikdan so‘ng katta-kichik idoralarda ishlagan. Qorning qalovini biladigan odam. Xarakterida dashtliklarga xos ichki bir to‘porilik ham borki, bu alomati unga ba’zida qo‘l kelsa, ba’zan pand yediradi.
Ertasiga ertalab Xushboq ish boshladi. Kotiba qo‘lida bir dasta qog‘oz bilan kirib kelib: “Muhtaram Zamon Yusupovichning katta yordamchilari shu papkalardagi odamlarni ishdan olishga tayyorlashingizni tayinladilar” dedi. Xushboq Berdi papkalardan birini ochishi bilan ko‘p yillik qadrdonining ism-sharifiga ko‘zi tushdi. Chuqur xo‘rsindi. Ichida nimadir “chirt” uzildi. Sekingina: “Endi sen Xushboq emas, Xushboq Amirqulovsan” deya ishga kirishib ketdi.
Oradan olti oycha vaqt o‘tdi. Xushboqning boshi qotib o‘tiribdi. Bir “nozik” odamni ishdan olish uchun asos topishi kerak. Ammo o‘sha kishining ishlari shunday top-tozaki zarracha xato yo‘q. O‘tirib-o‘tirib, doim ma’lumot yetkazib turadigan bir “xabarchi”siga telefon qildi.
– Alyo, yaxshimisan
– Assalomu alaykum, Xushboq aka, rahmat, soyangizda yuribmiz. O‘zingiz ham bormisiz, yo‘qlamay qo‘ydingiz?!
– Ha, rahmat, yaxshiman. Eshit, bir muhim masala bor. Nabijon Salohiddinovni taniysanmi?
– Haa, u axir katta odam emas-ku?! Hamma taniydi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘sha. Uning biror “ChP”sini bilasanmi? Bilmasang, qidir, top.
– Haa, aytsam bo‘ladimi yo‘qmi bilmadim aka, u namoz o‘qiydi. Jumalarga ham chiqadi. Masjidlarga qaraydigan sheriklarim gapirgandi yaqinda.
– Eee, shunday de, kallangga qoyil. Yasha.
– Bo‘ldimi aka?
– Ha, bo‘ldi. Bir kelsang, haqingni olib ketasan.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, boraman.
Xushboq bugun ishdan ertaroq qaytdi. Tungi soat o‘n ikkilarda haydovchisi uni uyiga tashlab ketdi. Bugun u ishga tavsiya qilgan odam birinchi maoshini olib, bazm qilib berdi. Kiyimlarini almashtirib, mehmonxonaga o‘tdi. Televizorni yoqdi. Zamon Toshovning safar tafsilotlari berilayotgan ekan. Kattakonning qandaydir hujjatni imzolayotganini ko‘rsatishdi. “Haa, muhtaramning kayfiyati yaxshi, bir nimalar undirib kelyapti, chog‘i” dedi u o‘ziga-o‘zi. Yarim soatcha televizor ko‘rgach, uxlab qoldi.
…Xushboq chipor otda toqqa chiqib borar, atrofni tuman qoplagan. Ot egarlanmagan. Unga tog‘ning tusi g‘alati tuyuldi. Tog‘ qizil rangda. Ot esa tog‘ tepasiga ketib borar edi. Ko‘zi yuz qadamcha narida unga qarab turgan qariyaga tushdi. Yaqinlashgan sari u qariya tanish tuyula boshladi. O‘n besh qadamcha qolganida uni tanidi. Otasi ekan. “E, otam, bundan o‘n besh yil burun bandalik qilgan ediku!?” deb o‘yladi. U otasining yoniga bordi. Otasi qovog‘ini solib olgan. Xushboqqa tikilib turibdi. Otasiga salom berdi.
– Otdan tush, murdor, – dedi otasi. Hayron bo‘lib otdan tushdi. Otasi uning qo‘lidan yuganni tortib olib, pastga keta boshladi. Xushboq bir zum angrayib qoldi. Qarasa, otasi o‘ttiz metrcha pastga enibdi. Xushini yig‘ib, otasining ortidan yugurdi.
– Ota, otni qayoqqa olib ketyapsiz? Mening tog‘da ishim bor, – dedi Xushboq. Otasi orqaga o‘grilib:
– Yo‘qol-ey, benomus! – deya hassasi bilan uning boshiga bir soldi. Tushidagi tayoq zarbidan uyg‘onib ketgan Xushboq, o‘rnidan turib yoqasiga tufladi. Bu yomon tush yaxshilik alomati emas, deb xayolidan o‘tkazdi. “Yaqinda tanishlarga bir ehson qilaman” deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Shundan keyin uxlolmadi. Xayoliga har turli fikrlar kelib, to‘lg‘onib yotdi. Tong ham otdi. Ertalab ishga bordi. Xodimlarini chaqirib behafsala holda yig‘ilish o‘tkazdi.
– Kelayotgan shanbaga bir kichik tadbirimiz bor, Bekquljon, – dedi Xushboq majlisdan so‘ng sodiqroq bir xodimini olib qolib.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, bizdan nima xizmat aka? – so‘radi xodim.
– Haa, hammasi joyida, siz faqat aytuvchilik qilsangiz bas. Ro‘yxat qilib qo‘yganman. Avval o‘zimizning ulug‘larimizni, keyin boshqa joylardagi tanishlarga taklif qog‘ozlarini olib borasiz. Har biriga, “Xushboq Berdiyevich shaxsan kutadilar” deysiz.
– Xo‘p, xo‘p, tushunarli aka. Ha, aytgancha, bu marosim nima munosabat bilan o‘zi? – dedi xodim qiziqsinib. Bunday savol bo‘lishini kutmagan Xushboq biroz o‘ylanib turgach:
– Ha, bir yomon tush ko‘rgan edim, shunga ehson o‘tkazishni niyat qilgandik, – dedi.
Bekqulning bo‘yniga shunday vazifa qo‘yildi: u boshlig‘i “yomon tush” ko‘rgani uchun qilinadigan ehsonga aytuvchilik qilyapti. Tag‘in odamlarga tadbirning asl mohiyatini tushuntirib berishi lozim. Bekqul uch kun beri shu ish bilan andarmon…
Marosim kuni ham yetib keldi. Aytilganlarning hammasi jamuljam bo‘ldi. Ularning ko‘pi marosimdan ko‘ra u yerda bo‘ladigan gurung uchun kelishgan edi. Ehson ko‘ngildagidek o‘tdi, ammo Xushboq Berdi “yomon tush” laqabi bilan eslanadigan bo‘ldi. Biroq hech kim biror marta udan tushida nima bo‘lganni so‘ramadi. Hamma unga qo‘shilib o‘sha tushni ko‘rgandek go‘yo.
Xushboq salkam ikki oydan beri Zamon Toshovning yoniga kirish ishtiyoqida yuribdi. Har safar qabulxonada kutib-kutib ortiga qaytadi. Uni kattakonning o‘zi qabul qilishni istamayaptimi, yo yordamchi kirgizmayaptimi, bilmaydi. Bugun ham boshliqning yoniga kirolmadi. Xonasiga qaytar ekan, qabulga kirganida nimalar deyishini o‘yladi: “Siz bo‘lmaganingizda tashkilotimiz bu darajada gurkiramagan bo‘lar edi, muhtaram Zamon Yusupovich! Hozirgi cho‘qqilarni zabt etganimizni ko‘rib, odam ko‘ziga ishonmaydi. Kishi o‘zini xuddi tush ko‘rayotgandek his etadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu kunlarimiz ertakka o‘xshaydi, ha, ha, shubxasiz ertakka o‘xshaydi, ertakka…”
– Xushboq Berdiyevich! – behosdan gapirgan kotiba uning xayolini uchirdi.
– Nima gap? – dedi u og‘ringanini sezdirib.
– Yoningizga bir odam kirmoqchi, aytishicha, uni yaxshi tanir ekansiz.
– Kim ekan u? – ijirg‘anib so‘radi Xushboq.
– Ismini aytmadi.
– Kiraversin, – dedi Xushboq istamaygina. Uch daqiqalardan keyin to‘lachadan kelgan, bug‘doyrang, ko‘zlari qisiqroq, kulib turadigan odam kirib keldi.
– Assalomu alaykum! – dedi kirishi bilan notanish qadrdon xushchaqchaq ovozda. Kelasolib quchoqlashib ko‘rishdi. Kimdir senga quchoq ochib kelsa, sen ham albatta quchog‘ingni ochasan. Xushboq mensimaygina achomlashdi. Dimog‘iga ter aralash aroq hidi gup etib urildi.
– Ahvollar qalay, Xushboqjon og‘am? Hey, bir vaqt ajratib bormaysizlar ham biz tomonlarga? – o‘zini ranjigandek ko‘rsatib gap boshladi kelguvchi kishi.
Mehmonning gap ohanggidan Xushboqning xotirasida bir narsa yarq etib gavdalandi. Bu qadrdoni olis viloyatdan. U bir paytlar maktab direktori edi, agar endi pensiyaga chiqmagan bo‘lsa. O‘z hisobidan maktab qurdirgan. O‘sha maktabga barcha qavmu-qarindoshini ishga joylagani uchun ustidan odamlar yozgan. Holatni o‘rganish uchun Xushboq yuborilgan. O‘shanda bu odam tandiru yaxna go‘shtga rosa bo‘ktirgan.
– Ha, davlatning ishida aka. Qo‘ni-qo‘shnining to‘y-marakasiga ham chiqolmayapmiz! – dedi mehmonni taniganidan ochilibroq.
– He, onasini emsin, ota-bobomizdan qolgan ish bormi?! Dam olish ham kerak! – dedi qadrdon kuyinib. Keyin o‘zi bilan olib kelgan qutini Xushboqqa tutdi.
– Bu yilgi qo‘zidan, sizga atay o‘zim tayyorladim. Nevaralar ham tandirgo‘sht nimaligini bilmasa kerag-ov, – dedi muallim kulib.
– E, ovora bo‘psiz-da, aka! – dedi Xushboq jilmayib, keyin:
– Qorovullar bu quti bilan sizni ichkariga indamay qo‘yib yuborishdimi? – deb so‘radi.
– Bu dunyoda bitmaydigan ishning o‘zi yo‘q. “Oxrana”larga ikkitadan tog‘ olmasi, ikkitadan qurut berdim, o‘tkazibdi, – dedi qadrdon o‘qituvchi miriqib kulib. “O‘zi hech kimga ishonib bo‘lmay qoldi, odamni bir dona sigaretga ham sotishadi” degan gap o‘tdi Xushboqning ko‘nglidan.
– Ha, aka, bunday yuribsiz, ishlaringiz yaxshimi o‘zi? – deb so‘radi keyin.
– Direktorlikni o‘g‘limga topshirdim, o‘zim oddiy o‘qituvchiman, – dedi sobiq maktab direktori mamnun qiyofada. “Odamlar maktabni ham monopoliya qilib oladi-ey” o‘yladi Xushboq.
– Endi shu, – deb gap boshladi muallim. – Maktabimizning sport zali yo‘q, agar maorifning boshliqlaridan ozgina ko‘mak bo‘lsa, kamini o‘zim to‘ldiraman. Bir “ha” deb yuborsangiz yaxshi bo‘lar edi-da, og‘am. Bilasiz, bizda qolib ketmaydi.
– Haa, shunday deng, – dedi Xushboq og‘ir xo‘rsinib. – Albatta, sizga yordam qilaman aka. Avval bir surishtiraychi. Hozir maorif tizimi o‘zgargan. Eskisi bilan “kelishsa” bo‘lardi. Yangisi bir yoshroq bir yigit. Hech gaplashib ko‘rmadim hali.
O‘n daqiqalar suhbatlashishganidan so‘ng qadrdon o‘qituvchi ketishga shaylanib o‘rnidan turdi. Yana kelishini aytib, chiqib ketdi.
Xushboq o‘qituvchini kuzatib, joyiga kelib o‘tirdi. Yana miyasida Zamon Toshov nega qabul qilmayotgani aylana boshladi. Oxiri “bu ham bir yaxshilikkadir-da” degan xulosaga keldi. Stoli tagida turgan qutidan bir bo‘lak go‘shtni olib og‘ziga soldi va shirin xayollar og‘ushiga ravona bo‘ldi.
Tushlikdan so‘ng ishxonasidagi dam olish bo‘lmasida mizg‘iyotgan Xushboqning qo‘l telefoni jiringladi. O‘rnidan sapchib turar ekan, qo‘ng‘iroq qiluvchini koyimoqchi bo‘lib, yashil tugmani bosdi. Qarasa, yashirin raqam.
– Alyo, eshitaman, – dedi ovoziga yasama jiddiylik berib.
– Assalomu alaykum, Xushboq Berdiyevich, vaqtingiz xushmi? – dedi narigi tomondagi ovoz mazax ohanggida.
– Ha, siz bilan gaplashgunimgacha xush edi, nima xizmat? – dedi yanada jiddiy tortib.
– Xushboq aka, bezovta qildik shekilli. Ammo bir qimmatli gapimiz bor edi. Ishdan bo‘shayotgan ekansiz, ishga taklif qilmoqchimiz, – dedi noma’lum kishi jiddiylashib.
– E, kim aytdi? Tushunmadim sizni? Kimsiz o‘zi? Hali ishdan ketaman deganim yo‘q! Meni ishdan bo‘shatadigan onasidan tug‘ilmagan! – dedi Xushboq tutaqib. Aloqa uzilib qoldi. Asabiylashganidan o‘zini qayerga urishni bilmadi. Tortmasidan sigaret olib tutatdi. “Kim ekanini bilay desam, raqam ham yashirin ekan” deb g‘udrandi. Kotibasini chaqirib, biror yoshroq xodimni aytib kelishini buyurdi.
Xodim kelgach, qo‘liga telefonini berib, yashirin raqamni aniqlab kelishini aytdi. Xushboq o‘z ishi bilan band o‘tirgan edi. Eshikdan Zamon Yusupovichning katta yordamchisi bir notanish odam bilan kirib keldi. Salom alikdan so‘ng katta yordamchi:
– Xushboq Berdiyevich, hozir ishdan bo‘shash haqida ariza yozing, – dedi.
– Ie, nimaga, tinchlikmi, aybim nima? – so‘radi Xushboq duduqlanib.
– Savol bering, demadim, qamalib ketmayotganingizga shukr qiling. Muhtaram Zamon Yusupovich sizga muruvvat ko‘rsatdi. Yozing tezroq arizani! – dedi yordamchi do‘q urib. Shu payt yashirin raqamni aniqlash uchun ketgan xodim kirib keldi. Xushboq unga “chiqib ket” degandek ishora qildi. U tushunmay “gapir” deyapti deb o‘ylab “raqam bir idoraniki ekan” dedi va chiqib ketdi. Xushboq Berdiyevich Amirqulov “sog‘lig‘i yomonlashgani uchun, o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etildi”. Odamlarning aytishicha, o‘sha vaqtda Xushboq Berdiyevichning sog‘lig‘i joyida bo‘lgan. Biz asl haqiqat nimaligini bilmaymiz, lekin o‘sha vaqtda gazetayu internet nashrlar yuqoridagi vajni yozishdi: “sog‘lig‘i yomonlashgani uchun o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etildi”.
Xushboq uyida televizor ko‘rib o‘tiribdi. Qo‘l telefoni jiringladi. Yashil tugmani bosishi bilan ayol kishining ovozi keldi.
– Assalomu alaykum, Xushboq aka, yaxshimisiz? “Timtima” radiosidan Joziba Ali bo‘laman. Sizga savollarimiz bor edi, – dedi ayol gapirishga navbat bermay.
– Vaalaykum assalom, be’malol so‘rayvering, eshitaman, – dedi anchadan beri hech kim yo‘qlamay qo‘yganda radio izlaganidan suyunib.
– Mana, sizning amaldan ketganingizga ham uch oy bo‘lib qoldi. Nega sizni boshqa bir vazifaga tayinlashmayapti? Axir siz el obodligi uchun ozmuncha mehnat qildingizmi? – so‘radi ayol. Xushboq yarim daqiqacha o‘ylanib turgach, so‘z boshladi:
– Haa, men bu el uchun ko‘p va xo‘b mehnat qildim. Bilasiz-ku, singlim! Hayot deganlari shunday ekan. Kerak paytingizda ishlatib, keyin derazadan uloqtirishar ekan.
– Hayotingizdagi eng katta afsusli ishingiz nima? Qilgan qaysi ishingiz vijdoningizni qiynaydi? – yana so‘radi ayol.
– Afsusmi? Afsus shuki, ancha vaqtim idoralarda xizmatda o‘tib ketdi. Agar hayotimni qaytadan boshlash imkoni bo‘lganida bu shaharga kelmas edim. Qishlog‘imda oddiy bir muallimmi yo bir cho‘ponmi bo‘lib yashardim.
– Sobiq idorangizdagi birga ishlagan do‘stlaringiz, shogirdlaringiz yo‘qlab turishadimi? Bilishimizcha, ularning ko‘piga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgansiz, – dedi ayol.
– Ularni do‘stlaringiz, shogirdlaringiz, deb kinoya qilyapsiz shekilli!? To‘g‘ri aytdingiz! Ularning ko‘pini o‘zim tarbiyalaganman, o‘zim lavozimlarga o‘tirg‘izganman. Qo‘lingda amal bor payti hamma atrofingda bo‘larkan, amal ketgach esa bittasini ham topolmaysan. Vazifamdan ketganimdan buyon birortasi yo‘qlamadi hali…
Suhbat yigirma daqiqacha davom etdi. Xushboq oxirgi savolga javob berib telefonini o‘chirar ekan o‘zini bo‘shab qolgan qopdek his etdi. U ichidagi barcha “dard”larini to‘kib solib, yengil tortdi.
“Hayotidan yo‘l yuvganchalik tili uzun kishi bo‘lmaydi” degan edi bir mutafakkir. Xushboq Berdi: “Endi menga kim ham nima qila olardi. Oltmish yoshdaman. Farzandlarim xorijda”, deb o‘ylar edi. Dovyurakroq biror muharrir chop etadi, degan maqsadda maqola yozmoqchi bo‘ldi. Uyidagi ijodxonasiga kirdi. Soat tungi o‘n birlar atrofi. U o‘zining sevimli kursisiga o‘tirdi. Kompyuterini yoqib, material yozish uchun fayl ochdi. Ammo shu onda uning bir necha kunlardan beri xayolida pishirib yurgan fikrlari qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. “Lan’ati” dedi sekingina. Balki cheksam miyam peshlanar, deb cho‘ntagidan sigaret olib tutatdi. Odatiga ko‘ra, ikki dona sigaretni chekib bo‘lgach, klaviaturada barmoqlari harakatlana boshladi.
“Oxirgi paytlarda bu yerda nafas ham olib bo‘lmay qoldi. Haqiqatni gapirganning boshi kundada. Necha yillar adolat uchun kurashdim. Ammo…” degan so‘zlarni yozgan ham edi, qo‘l telefoni jiringladi. Qarasa, yashirin raqam, ko‘nglidan nebir o‘ylar o‘tib telefonini ko‘tardi.
– Assalomu alaykum, Xushboq Berdiyevich, uzr, kech bo‘lganda bezovta qildik, – degan ovoz keldi. Ovoz juda tanish, ammo ovoz sohibini eslolmadi.
– Vaalaykum assalom, anchadan beri bezovta bo‘lmay qolganman, – dedi u piching qilib.
– Ha, chatoqsiz, Xushboq Berdiyevich, chatoqsiz, – dedi o‘zi tanish-u egasi notanish ovoz. – Vaqtim kamroq, sizga muhim bir xabarni aytish uchun qo‘ng‘iroq qildim.
– Nima gap ekan? – hamsuhbatining gapini bo‘lib so‘radi Xushboq.
– Xullas, – dedi tanish ovoz. – Sizni muhtaram Zamon Toshov yo‘qlayaptilar. Ertaga soat o‘n birda qabulxonaga keling. “Xo‘p, albatta, boraman” dedi Xushboq. U telefonini stolga qo‘yib yana chekdi. Hozirgina gaplashgan odamini esladi: Zamon Toshovning katta yordamchisi.
Xushboqning ko‘nglidan ajib gaplar o‘ta boshladi. “Nahotki, yana menga biror vazifa berishsa-ya?” U xayoliga kelgan gapdan sevinib ketdi. Kompyuteridagi biroz oldin yozgan gaplarni o‘chirib tashladi. Ertaga Zamon Yusupovichga nima deyishini yoza boshladi: “Dunyo haqiqat ustiga qurilgan. Adolat, albatta, qaror topishini bilar edim. Muhtaram Zamon Yusupovich, siz biz uchun haqiqat timsolisiz! E’tiboringizdan ko‘zimning yoshlarini tiyolmayapman, Zamon Yusupovich…”
Ayni vaqtda Zamon Toshov ertangi xorij safari uchun shaylanar, Xushboq Berdi allaqachon uning yodidan chiqib ketgan edi.