Yozning ilk kunlari. Jazirama taftidan barcha jonzotlar in-inlariga kirib ketgan. Onda-sonda suv qidirib chug‘urlashayotgan chumchuqlarning tovushi eshitilib qoladi. G‘olib bir pas qayrag‘ochning soyasida tin olib, suv boshqarilgan tomorqasi tomon yurdi. Ularning qishlog‘iga suv juda uzoqdan keladi. Shuning uchun ekin-tikinlarni vaqtida suvlab olmasa, ziroat mollarga yemish bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi.
G‘olib boshog‘i xamir bog‘lab qolgan bug‘doyzorga yaqinlashib, joyida turib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, egatlarda suv atigi bir necha qadam oqib, to‘xtab qolgan.
— Iya, bugun navbat bizniki edi-ku! — dedi u ajablanib. Bugun suv olish uning navbati edi, boshqalar ham buni bilishardi. Balki ariqdan suv kelmay qo‘ydimikin? G‘olib shu o‘yda ariq boshiga yugurdi. Bundoq qarasa, suv kecha navbati o‘tgan qo‘shnisi Mahmudning tomorqasiga oqib yotibdi. — Ha, gap bu yoqda ekan-da, deb u suvni o‘zining tomorqasi tomon burishga tutindi. Shu payt uzoqroqdan Mahmud:
— Ho‘v, G‘olib suvni bir pas yopmay tur, kecha piyozni yaxshi suvlayolmadim, — deya ovoz berdi. G‘olib asabiylashib:
— Siz-ku bir marta bo‘lsa ham suvlab oldingiz, hali bizning bug‘doyning yarmiga ham suv borgani yo‘q, agar hozir suvlamasak doni puch bo‘lib qoladi, keyin bir yillik rizqimiz yo‘qqa chiqadi, — deya javob berdi.
— Mabodo ertaroq sug‘orib bo‘lsang, xabar qilarsan, — deb Mahmud ortiga qaytdi. G‘olib egatlarni bir-bir ko‘zdan kechirib chiqib, uylari tomon yo‘l oldi.
— Ha, bolam, suv kelmay qoldimi? — dedi onasi unga sinchkov tikilib.
— Yo‘q, kelayapti, faqat boya Mahmud aka suvni ochib ketibdi, kimdir qarab turmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
— Ukalaring uxlab yotibdi, otang ishda bo‘lsa, mening issiqqa boshim og‘riydi, —dedi onasi. — Yaxshisi, o‘zing tezroq ovqatlanib, ariq boshiga boraqol. Mahmudning ham insofi bordir, ko‘ribdi-ku, shunday issiqda sarson bo‘lib yurganingni. G‘olib onasi tayyorlab bergan chalobga non to‘g‘rab yeb oldi-da, dalaga yugurdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, suv yana Mahmudning piyoziga boshqarib qo‘yilibdi.
— He, noinsof, odam degan ham shunday bo‘ladimi? — deb u suvni o‘zining tomorqasiga burdi. Qo‘shnisining uyiga borib «ho‘v Mahmud aka», deb qichirdi. Uydan Mahmud yelka qisgancha chiqib keldi.
— Nodonga uqtirishning iloji yo‘q deganlaridek, sizga ham tushuntirib bo‘lmas ekan, qilayotgan ishingizdan uyalmaysizmi, aka! — dedi G‘olib.
— Uka, xudo ursin, men teginganim yo‘q, manavi yaramas bolalar borib ochib kelibdi, — deb Mahmud o‘zi bilan birga chiqqan o‘g‘liga yomon qarab qo‘ydi.
— Mayli, o‘zingiz bilasiz, insofni o‘zingizga bersin, — deb G‘olib iziga qaytdi.
Oradan bir-ikki hafta o‘tdi. G‘alla o‘rimi boshlandi, G‘olib o‘roqni qo‘liga olib, bug‘doy boshiga keldi. Bug‘doyzorning orasida nimadir qimirlaganday bo‘ldi, sekin borib qarasa, to‘rt-beshta qo‘y-echki pishib turgan boshoqlarni terib yeb yuribdi. Sinchiklab qarasa, Mahmudning mollari ekan.
— Ey, eganga o‘xshamay o‘lgurlar, bug‘doyni rasvo qilibsanlar-ku, — deb u mollarni egasinikiga tomon haydadi. Mahmud o‘zini hech narsa bilmaganga olib uyi yonida sigaret chekib turardi.
— Aka, odamda ozgina insof ham bo‘lishi kerak-da. Bug‘doyning uvolidan qo‘rqmaysizmi, — dedi G‘olib jahl bilan.
— Sen menga bunday dag‘dagg‘a qilma, men o‘zlarinning qo‘ylaring deb o‘ylabman, bo‘lmasa qarab turarmidim, — deya Mahmud qo‘ylarini qo‘rasiga qamadi.
G‘oliblar bug‘doyni o‘rib, uyining yoniga tashib oldi. G‘olib:
— Nigora, sigirlarni bug‘doypoyaga bog‘lab kelinglar, faqat qozig‘ini yaxshilab qoqinglar, yer yumshoq, tag‘in bo‘shalib ketib, qo‘shnilarning ekinlariga ziyon yetkazmasin, — deya tayinladi singlisiga. G‘olib yuvinib ovqatlandi, o‘roq o‘rib charchagan ekanmi, ko‘zi endi ilingan edi, dala tomondan ayol kishining baqirgani eshitildi. Uydan chiqib qarasa, Mahmudning xotini Oygul G‘oliblarning uyi tomonga qarab o‘shqiryapti. G‘olib o‘sha tomonga yugurdi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning sigiri bo‘shalib ketib, Mahmudning piyozini payxon qilibdi. Bundan jahli chiqqan Mahmud, sho‘rlik sigirning qorniga panshaxa tiqib olibdi. G‘olibning onasi ortiq chidolmadi. Qo‘liga tayoq olib, qarg‘ana-qarg‘ana Mahmudning uyiga yo‘l oldi. Lekin eri uni yo‘ldan qaytardi.
— Yomon bilan teng bo‘lasanmi xotin, — dedi u vazmin ohangda. — Qo‘yaver, Xudoning o‘zi jazosini bersin.
— Men mol do‘xtirga telefon qildim, hozir keladi, — dedi G‘olib sigirning jarohatiga yod surtayotib.
Saraton oxirlagan pallada sigirning yarasi bitib ketdi, lekin dildagi yaralar hamon zirqirardi…
Yana umidbaxsh tong otdi. Mahmud sahar chog‘i uyqudan turarkan, ko‘nglida allaqanday g‘ashlik hissini tuydi. U odatdagidek, bir otim nosni tili tagiga tashladi. «Balki shuning xumori tutgandir» — deb o‘yladi o‘zicha. Ammo yuragidagi xijillik tarqalmadi. Yuz-qo‘lini yuvarkan, xotinining har galgi diydiyosi ham o‘ziga erish tuyulayotganini sezdi. Xotini suzib kelgan kosadagi sutni bir-ikki xo‘plashda ichib bo‘lib, yonboshlagancha yana pinakka ketdi. U tush ko‘rdi, tushida tor yo‘lakdan qayoqqadir shoshgancha ketib borardi. Birdan hammayoqni zulmat qoplab, hech narsani ko‘rmay qoldi. «Yorug‘lik, yorug‘lik!..» — Mahmud o‘zining vahimali chinqirig‘idan qo‘rqib uyg‘onib ketdi. U atrofga olazarak tikildi, tashqaridan bolalarning chug‘ur-chug‘uri eshitilib turardi.
— Oygul! — deb xotinini chaqirdi. Kechki ovqat uchun hozirlik ko‘rayotgan xotini yugurib keldi:
— Nima, alahsiradingizmi? Kim aytdi sizga namozshomgacha uxlang deb! Bundoq tashqariga chiqib, mollarga qarasangiz bo‘lmaydimi? — dedi Oygul qoshlarini chimirib.
— Qanaqa namozshom? Hali tush ham bo‘lgani yo‘q-ku? — dedi Mahmud ajablanib. Oygul unga zaharxanda qarab qo‘yib, yana tashqariga chiqib ketdi. Mahmud hovliga chiqdi-yu, vaqtning bir zumda o‘tib ketganiga hayron bo‘ldi. Botayotgan quyoshga qarab turar ekan, uning ko‘ngliga birdan yarq etib G‘oliblarnikiga borish fikri tug‘ildi.
— Xotin men birozdan keyin qaytaman, qo‘shninikiga bir o‘tib kelaman. Saratondan beri arazlashib yuribmiz, yarashib, bir gurunglashib kelaman. Mahmud ishkomdagi yetilib pishgan uzumdan olib, yo‘lga tushdi. «Bu odamga nima bo‘ldi o‘zi?» — deya xayol surgancha xotini uning ortidan angrayib tikilib qoldi.
Mahmudning dabdurustdan uyga kelganligidan hamma hayratda edi. «Bu kasofat yana bir baloni boshlab keldi-yov», degan fikr kechdi G‘olibning xayolidan. Birozdan so‘ng hammasi ma’lum bo‘ldi. Mahmud qo‘lidagi uzumni G‘olibga uzatar ekan:
— Ha, uka, ishlaring yaxshimi? Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-yov, — deb qo‘ydi. Hamma dasturxon boshiga o‘tirishdi, duodan so‘ng Mahmud gap boshladi:
— Aka, yanga, odam bolasi shunday bo‘lar ekan, qilg‘ilikni qilib qo‘yib, xatosini keyin tushunarkan. Men ham bilib-bilmay sizlaga ozor yetkazdim, endi hammamiz gunohkor bandamiz-da…
— Nimaga unday deysiz uka, biz sizdan xafa bo‘lib o‘libmizmi, jonday qo‘shnimiz axir, — dedi G‘olibning onasi.
— Baribir men sizlarning oldingizda aybdorman, shuning uchun sizladan kechirim so‘rab keldim, — deya Mahmud yerga qaradi.
— Bunday deb bizni xijolatga qo‘ymang, Mahmudboy, undan ko‘ra dasturxonga qarang, — dedi G‘olibning otasi jilmayib.
— Mayli, men uyga boray, bolalar yosh, xotin ulardan badtar qo‘rqoq, uchinib-netib yurishmasin tag‘in, — deb Mahmud o‘rnidan turdi.
O‘zida ajib bir yengillik sezgan Mahmud uyiga qaytar ekan, yo‘lni xuddi kunduzgidek aniq va ravon ko‘rib borar, osmondagi oy borliqni sutday yoritardi.
«Hayot» gazetasining 2014 yil 6-sonida «Qo‘shnining pushaymoni» nomi bilan chiqqan