Qish bo‘lishiga qaramay biron marta yolchitib qor yog‘madi. Bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash qishloq uylari. Mo‘risidan uziq-yuluq tutun chiqayotgan uy derazasidan bir necha kun oldin ota-onasini ko‘rgali shahardan kelgan yigirma besh yoshlardagi yigit hovlini kuzatyapti. Ancha yillardan beri shovqinli, shoshqin shaharda yashaydigan yigitga qishloqning sokinligi sababmi, vaqt sekin o‘tayotgandek tuyuldi. Kelganiga uch-to‘rt kun bo‘lmadiyu, u o‘zini shahardagi tanish-bilishlaridan nimadadir ortda qolayotgandek his etdi. Nimadan ortda qolayapti, qanday ortda qolyapti — tushunarsiz holat. «Ey, avvallari, xotirjam qo‘y boqib yuraverardim, lekin hozir nimadir boshqacha, odam shoshadi!» — deya o‘yladi u ichida. Shu payt uyga kirgan ukasi:
— Ko‘pkari bo‘layotgan ekan, oshnalaring chaqirdi, bormaysanmi? — dedi o‘n yosh kichik bo‘lsa ham akasini senlab.
— Yo‘q, bormayman, kimlar borayotgan ekan o‘zi? — so‘radi yigit beparvo.
— Besh-oltita sinfdoshlaring! — degancha bola tashqariladi.
Yigit bir oz o‘ylanib turdi-da, birdan ko‘pkariga borishga qaror qildi. Velosipedning balloni teshilgan ekan. Eshakka minishga uyalgan aka-uka, loy ko‘chada yayov ko‘pkariga jo‘nadi.
Ko‘pkariga har kim nenidir izlab boryapti. Birov zot ayirish uchun, birov tomosha, yana birov boshqa biron narsa uchun. Hamma nimani izlab borayotganini yaxshi biladi. Faqat, ukasi bilan qishloqning loy ko‘chasida tuflisi iflos bo‘lganidan g‘ijinib, ko‘pkariga shoshayotgan yigit nimaga borayotganini bilmaydi.
Yo‘lda ikkovlonga sherik bo‘lib qo‘shilgan bir vahimakashroq qo‘shnilari xovliqib.
— E, bugun ko‘pkari zo‘r bo‘ladi, Nabi manqaning xotirasiga ullari uloq beryapti, — dedi.
— Siz otingizni minib chiqmabsiz-da, ko‘pkari chopmaysizmi? — deya hazillashdi yigitning ukasi qo‘shnisiga.
Yigitning xotirasida bir narsa yarq etib jonlandi. Maktabda beshinchi sinfda o‘qirdi. Sinfdoshlari bilan darsdan qochib, qo‘shni qishloqdagi sunnat to‘yida bo‘ladigan kurashni ko‘rish uchun borishdi. Bolalar kurash boshlanguncha qornini to‘yg‘izib olish niyatida qurga o‘tirishdi. Bir-bir kosadan qaynatma sho‘rva ichib, ikkov ora bir tovoqdan osh yeyishdi. Shunda ham turmay o‘tiravergan bolalarni ko‘rgan to‘y xizmatchilaridan biri: “Ho‘v, senlar Nabi manqaning to‘yida o‘tiribsanmi, tur hammang, davraga bor, hozir chekkada qolib ketasan!” — degan gapini esladi. Ichida: “O‘sha odamni bir ko‘rishim kerak edi-da, mayli, endi o‘g‘illarini ko‘ramiz, nachora” deb qo‘ydi. Bir paytlar shu tumanda Nabi manqa degan boy kishi bo‘lgani, u odamning minglab qo‘ylariyu, yuzlab otlari bo‘lganini otasidan so‘rab bilgani, laqabi borasidagi gaplar uning xayolidan bir-bir o‘tdi…
Etib borganlarida uloq boshlangan, bir-ikkita zot ham ayrilgan ekan. Bir chekkadan borib tomoshaga qo‘shilgan aka-ukalar, olomon orasidan o‘zlarining tengqurlarini izlay boshlashdi. Do‘stlari bilan qisqa salom-alikdan so‘ng qiy-chuvlarga to‘lgan ko‘pkarisoyga termulishdi. Ikki yuzdan ziyod ot bir-birini ezib tashlagudek bo‘lib, yerda yotgan uloqqa intiladi. Chavandozlar yuzing-ko‘zing deb o‘tirmay yonidagilarning o‘zimi, otimi farqi yo‘q qamchi bilan aylantirib soladi. Bakovulning qo‘lida mikrofon: “Halol olasan, polvon, faqat halolll!” deb jar soladi. Shu payt qaysidir polvon “enangdilab” kimgadir so‘kinib qoldi. Bunga bakovul: “O‘v, Shokir polvon, zo‘rligingizni bilamiz, og‘izga qarang, og‘izga!” — deydi. Shahardan kelgan yigit yonidagilardan u “zo‘r polvon”ning kimligini surishtirdi. “Ha, u olish bo‘yicha viloyat chempioni Sherzot polvonning akasi-ku!” deydi do‘stlari. “Ha” deb qo‘ydi yigit labini tishlab. Shu payt bakovulning “Halol” degan hayqirig‘i quloqni teshgudek jarangladi. Atrofni shovqin tutib ketdi, birov hushtak chalgan, birov baqirgan. Shovqin sabab, bakovulning gapini yaxshi eshitmagan odamlar: “Kim ayirdi, kim ayirdi?” deb bir-birini so‘roqqa tuta boshladi. Yigit ham yonidagilarning gapiga quloq soldi: “Vo‘h, Shokir polvon zotni ayirdi!” — deydi odamlar bir-biriga hovliqib. “Zo‘r deganicha borakan-da, bo‘lmasa shu olomon ichidan uloqni olib chiqish osonmi!?” — deb qo‘yadi yigit sekingina o‘ziga-o‘zi.
Nedir sinoatki, odam jisman bir joyda mavjud, ammo xayoli boshqa joylarda bo‘lishi mumkin. Yigitning ham jismi shovqinli ko‘pkarida qoldi-yu, xayoli bebosh boladek allaqayoqlarga daydib ketdi: “Men uyga kelsam, biron narsa qoralab ketmoqchi edim. Hamkasblarim qishloqda ijodkor uchun detal ko‘p bo‘ladi, degich edi. Kelganimcha bir-necha kun bo‘ldi. Ammo detal-petal topganim yo‘q. Ishqilib biron material yozib ketay-da!”
“O‘-o‘-o‘vvv, haloyiq, quloq solll!” bakovulning qichqirig‘i yigitning xayolini qochirdi: “Otamning Dehqonoboddan to‘n yopishgan do‘sti kelgan, shu bobomning hurmatiga endi g‘irbaydi qilamiz, boshqa chabog‘onlar yaqinlashmay turinglar, zotiga bir tana qo‘yildi, bosing bobo!” dedi bakovul. Tomoshabinlarning bu udumni tushungani jilmayib, tushunmagani angrayib qo‘raga jim qarab turibdi. Yigit yoshi kattaroq bir tanishidan:
— G‘irbaydi, nima o‘zi? — deb so‘radi hayratini yashirmay.
— G‘irbaydimi? — og‘zidagi nosini tuflab, gapida davom etdi yigitning hamqishlog‘i. — Ko‘pkari qilayotgan odamning qadrli bir mehmoni kelgan bo‘lsa, shunga bir zot ajratiladi. Hech kim u bilan uloqni tortishmaydi. Shunday, ukam!” — dedi velosipediga suyanib turgan qishloqdoshi.
— E-e-e, g‘alati udum ekan-ku! — deb o‘zicha norozilik qilgan bo‘ldi yigit hech kimga eshitilmaydigan ovozda. Shu payt adirning ustidan (otini o‘shayoqqa bog‘lab kelgan bo‘lsa kerak) saksonlardan oshgan, to‘ladan kelgan bobo katta bir cho‘bir otini uloqqa qarab choptirdi. Qo‘raning o‘rtasida yotgan uloq yoniga kelib otini to‘xtatdi. Shu yerdagi yigitlar boboning oldiga uloqni joylashtirib berishdi. Bobo otiga qamchi urib yuz qadamcha joyga borib, bakovulning yoniga qaytdi.
— Ey bobo, yashang, zoting‘iz halooollll! — dedi bakovul mikrofonda quloqni yirtgudek tovushda. So‘ngra:
— Jigitlar polvon bobomning zotini opkelinglar! — deya yuk mashinasi ustida ko‘pkariga qo‘yilgan sovrinlarni taqsimlayotgan yigitlarga qarab ovoz berdi.
— Ey, enag‘ar, manqaning bolasi! Ko‘pkari qilsang halol qilda! — degan jahldor ovoz keldi chavandozlar orasidan. Qo‘qqisdan aytilgan bu gapni eshitgan bakovul:
— Kimni enag‘ar deyapsan, o‘ynashdan bo‘g‘an! — deya otini choptirib borib, bir oz oldin katta zotlardan birini olgan Shokir chavandozning boshiga qamchi bilan soldi. Shokir polvon bo‘sh keladigan odammi, u ham bakovulni qamchi bilan urib ketdi. Odamlar yugurib borib bu ikki polvonni ajratishdi. Ikkisi ham o‘z nasibasini olgan, otdan tushib bir chetga o‘tishdi.
— Ukkag‘ar chabog‘on, birovning to‘yini buzgali uyalmaysanma? — ginali ovozda so‘z qotdi bakovul yorilgan peshonasiga dastro‘molini bosgancha.
— Men nimaga uyalishim kerak? O‘zing uyal, shuncha odamni termiltirib, bir cholga zot berasan!
— Ey, ukkag‘ar, tentak, bu udum, bobom otamgayam uloq ildirgan! Men nima qilay? Bobomni quruq qo‘l bilan qaytaraymi? — dedi bakovul hammaga eshittirib.
— Manqaning bolasi, ko‘pkariga opkelib bobongga sovg‘a berasanmi?! Qaytayotganida bir tanani yetaklatib yubor! Kim senga nima deydi!? Bu yer ko‘pkari! Hamma zotini halol olishi kerak! Shuncha chavandoz ko‘pkariga qarg‘a qo‘rigali kelganmi!? Ularning ham “Zot olaman!” degan umidi bor. Bo‘pti, biz ketdik! — deya Shokir polvon otiga sakrab mindi.
— To‘xta, qayoqqa borasan? Hali yana zotlar bor? — dedi bakovul xijolatli ohangda.
— Yo‘q, ketaman, huv, tentaksoyda ham bugun uloq bo‘layapti. Sen hamma zotingni tanish-bilishlaringga bo‘lib ber! — deya Shokir polvon otini choptirib ketdi.
Uning ortidan boshqa chavandozlar ham keta boshladi. Bakovul boshini egib olgan, yelkasi silkinar edi. U yig‘layaptimi, yoki boshiga tekkan qamchilar og‘rig‘idan qaltirayaptimi yigit ko‘rolmadi.
Hamqishloqlar uylariga qaytayotgan mahal qor uchqunlay boshladi. Ko‘pkariga zot ayiraman deb kelganlar uloqning besamara bo‘lganidan, tomoshatalablar esa tomoshaning chala bo‘lganidan ko‘ngillari g‘ash tortib qaytishyapti. Birgina yonidagilarning hazil-huzullariga parvo qilmay, o‘zicha xursand kelayotgan yigit “Topdim, topdim!” deya pichirlar edi.