Fozil Farhod. Ko‘klam kuyi (hikoya)

Tog‘am O‘ktam Toji o‘g‘liga bag‘ishladim!

Shumxabar bemahal ovul oralagan bo‘riday xayolim va hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Qo‘rada hurkigan qo‘ylar orasida sovliqni yo‘qotgan qo‘ziday nima qilarimni bilmay qolgandim. Yer o‘qidan chiqib ketganday edi. Hammasi ertalabki soat sakkizda do‘xtirlar qo‘limga qandaydir qog‘oz tutqazganidan keyin boshlandi. Ajabsinib uning nimaligini so‘radim. Tashxis, deyishdi. Hech nima anglamay: «Buni nima qilaman?» dedim yelka qisib. Shunda ulardan biri ko‘zini karavotimga yondosh tumba ustidagi guldonga solingan lolalarga tikib: «Do‘stim, nima desam ekan, bu oshqozonosti bezingizdagi o‘sma surati, siz og‘ir kasallikka chalingansiz!» dedi zo‘rg‘a, keyin nigohlarini alvonrang lolalardan uzmay, chuqur nafas oldi-da, eshitilar-eshitilmas qilib qo‘shib qo‘ydi: «Afsus!» Yalt etib do‘xtirga qaradim. Unga yuzlanganimni sezib, ko‘zini javon tomonga olib qochdi. Ko‘zlarni quvib yetdim. Ajabki, nigohlarimiz shkaf oynasida to‘qnashdi. Qarashlarimning dahshatini ko‘zlarida ko‘rdim. Ko‘zini olib qochayotganini bildirmaslikka qanchalik urinmasin, pistirmaga tushgan quyonday ilojsiz qolgandi. Baribir bardoshi yetmadi, nigohini deraza tomonga burdi – olis-olislarga berkitgisi keldi. Jim qoldik. Boshqa do‘xtirlar xabarni eshitgach bo‘ladigan o‘zgarishni tomosha qilish uchun mendan ko‘z uzishmasdi. Shunda ulardan biriga: «Bu xabar yolg‘on-a?» deganday iltijoli tikildim. U bosh silkidi, bu tasdiqmidi, inkormidi – bilolmadim. Birov yuzimga tarsaki tushirganday bo‘ldi. Go‘yo uyqudan uyg‘ondim. «Men soppa-sog‘man», deb, o‘rnimdan qo‘zg‘almoqchi edim, do‘xtir: «Sizdagi kasallik ancha oldin boshlangan, lekin yashirin kechgan, kechagi xuruj bo‘lmaganida buni sirayam bilmasdik», dedi derazadan ko‘zini uzmay. «Menga javob berasizlarmi, uyimga ketsam maylimi?», dedim o‘rnimdan turib. «Ha, buguncha javob beramiz», – dedi shumxabarni yetkazgan do‘xtir jilmayib. Buni uning oynadagi aksidan ko‘rdimu yayrab ketdim. «Hazilni qiyib qo‘yarkansiz-a?» deb kulib yubordim. Do‘xtir tag‘in jiddiy qiyofaga kirdi-da: «Men hazillashganim yo‘q, qo‘lizdagi tashxisga qarab gapiryapman, bunisi retsept, davolanishga tayyorgarlik ko‘ring!», deya yana bir qog‘oz uzatdi. Uning oxirgi gapi menga «O‘limga tayyorgarlik ko‘ravering!» deganday tuyuldi. Aytilgan gaplar hazilmasligini angladim. Ular bilan qanday xayrlashganimniyam bilmay eshikka yo‘naldim.

Yo‘lakka chiqdim-u, nimamnidir yo‘qotganday besaranjom holga tushdim. Uning neligini o‘ylab biroz turib qoldim. Izimga qaytib, palata eshigi oldida do‘xtirlarning o‘zaro gurungini tasodifan eshitib qoldim:

– Yangi uskunamizga ishonadigan bo‘lsak, bechoraning bir kunlik umri qopti, ertaga tonggacha bormaydi!

Muzlab ketdim. Muzlablar ketdim. Tanamdan reza-reza sovuq ter oqa boshladi. Ko‘ksimga nedir sanchilganday bo‘ldi. Do‘xtir xuddi: «Ertaga poytaxtimizda yomg‘ir yog‘adi», degan xabarni yetkazayotgan «ob-havochi»day xotirjam gapirdi-ya! Tana boshqa dard bilmas, deb shuni aytishsalar kerak-da!

Xonaga qaytganimni ko‘rib ular birdan og‘ziga talqon sovolishdi. Bir-biriga ma’noli qarashganini sezdim. Hech narsa demadim. Deya olmadim. Ular vag‘ir-vug‘urlashib menga dalda bergan bo‘lishdi, biroq quloqlarim kar bo‘lib qolgandi. Esankiraganimdan qo‘llarim ichkilikka mukkasidan ketgan odamning qo‘llariday titrardiki, kamzulimning tugmalarini qaday olmasdim.

Qayerdandir paydo bo‘lgan hamshira stakanda suv uzatdi. Qaltirog‘im shisha idishdagi suvni-da chayqatardi. Stakan lablarim va tishlarimga tekkach-da titrog‘im bosilmadi. Holatimga ajabsinib termilib turgan hamshiraga qaradim. U g‘oyat chiroyli edi. «Ertaga o‘lasan!» deb hukm o‘qilgandayam odamzod go‘zallik qoshida ojiz qolarkan. Qaltiroq biroz bosildi. Amallab bir ho‘plam suv yutdim.

Ertaga bo‘lmasa-da qachondir baribir o‘lim g‘olib kelishini o‘ylab, sal o‘zimga keldim. Shunda kamzulimning tugmalari osongina qadaldi. Qarasam, botinkamning ipi bog‘lanmagan ekan, bog‘ichni bog‘lashga sal qiynaldim. Bu tabiiy edi. Doim uydan chiqib ketarkanman, ayolim bog‘ichlarni bog‘lashimga yo‘l qo‘ymasdi. Yumushni doim o‘zi zavq bilan bajarardi. Ust-boshimni tuzatib, yo‘lakdagi oynaga qaradim. Ro‘paramda hali sochiga oq qo‘nmagan, yuziga ajin oralamagan, hayotga tashna o‘ttiz besh yoshli navqiron yigit gavdalandi. Ota-onam, uka-singillarim, o‘g‘lim va ayolimning mensiz kunlari qanday o‘tishini o‘ylab titrab ketdim. Shunda hamshiraning: «Soatingiz!» degan so‘zi xayolimni qochirdi. Ha, boya unutgan narsam shu ekan. Qiz ma’yus jilmaydi-da, soatni taqishga ishora qildi. Uni taqdimu beixtiyor millariga qaradim. Necha bo‘lganini ko‘ra olmadim. Umrim daqiqa sayin ozayib borayotganini his qildimu ketishim kerakginini angladim.

Yo‘lak devoridagi odamlarni har xil kasallikdan ogoh etuvchi chaqiriqlar bema’ni bitiklarday tuyuldi. Mana, esini taniganidan beri isitmalamagan va ukol nimaligini bilmagan odam ajal bilan baqamti bo‘lib turibdi-yu, bu yozuvlar insonni o‘limdan qanday saqlasin? Hammasi Xudoning amri bilan bo‘ladi.

«Ey, Xudoyim! Oldingga shuncha gunoh bilan qanday boraman-a?»

Yuragim orqaga tortib ketdi. Tashqariga otildim. Yomg‘ir sevalardi. Havoni simirdim. O‘pkamga har kuni million-million marta kiradigan havoning g‘oyat musaffoligini boshqacha tuydim. Suv ostida uzoq qolib, tashqarilagach yutoqib nafas olgan odamday edim. O‘zim bilan o‘zim gaplasha boshladim:

«Aytganday, bugun oyning nechanchi kuni?»

«Kecha 28 fevral edi».

«Unda bugun birinchi mart!»

«Demak, bahorga o‘tibsan-da!»

Shunda soatimning sanani ko‘rsatuvchi oynachasiga qaradim. U 29 fevralni ko‘rsatardi. Ixtiyorsiz jilmaydim.

«Kabisa yili!»

«Qishning oxirgi kuni».

Umrim yana bir kunga uzayganday tuyuldi.

«Bahorning birinchi kuni esa ertaga».

«Ertaga…»

Ertaga ertalab uyqudan uyg‘onmasligim, erta hech qachon kelmasligini o‘ylab uvushib ketdim. Shunda ortimdan kelgan tovush xayolimni bo‘ldi: «Kechirasiz, yomg‘irda ivib qolasiz, buni oling, kecha shoshganimdan o‘zimnikini topolmay, akamning soyabonini ko‘tarib keluvdim. Meni esa saldan keyin o‘zlari moshinada opketadi».

«Kecha» so‘zidan keyin ovozni tanidim va hamshira menga gapirayotganini sezdim. Ortga o‘girildim. U aybdorday ko‘zini opqochdi. Soyabonni uzatarkan, yuzimga yugurik nigoh tashladi-da, ortga burilib, tez-tez qadam tashlab ketdi. Qarashlaridagi menga nisbatan dardkashlik va achinish hissini qanchalik yashirishga urinmasin, baribir shahlo ko‘zlari sezdirib qo‘yardi.

Soyabonni yoymadim. Chunki yomg‘ir yog‘ayotgani parvoyimga kelmasdi. Boz ustiga azaldan yomg‘irda soyabonsiz sayr qilish menga yoqardi. Osmonga tikildim. Shunda hamma-hammasi esdan chiqdi. Hayotni yaxshi ko‘rib ketdim. Yashashga bo‘lgan ishtiyoqim shu darajada kuchaydiki, xatto u dunyosidan qaytishga tayyor edim. Hayot naqadar shirin, naqadar zavqli, naqadar ulug‘vor-a! Yomg‘ir ko‘z yoshimday yuzimdan oqa boshladi. Bu hol qancha davom etdi, bilmadim, lekin kasalxona hovlisida uzoq turib qolgan edim.

Negadir shoshilmasdim. Aniqrog‘i, bugun shoshilmay yashagim keldi. Balki shunda hayot ma’nosini ko‘proq anglarman. Shu paytgacha shoshilib nimaga erishdim? Oqibatda baribir o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lib turibman. Keyingi o‘n yilimni sarhisob qildim. Esda qolarli hech qanday kun yodga kelmadi. Qog‘ozlar orasida o‘tgan o‘n yil-a! Shunda yillarim ma’nosiz, rangsiz o‘tganday tuyuldi. Shu o‘y bilan bekatga yetibman. Go‘yo meni o‘lim sari tezroq eltib qo‘yish uchun avtobus ham borishim bilanoq kep qolsa bo‘ladimi. Ulovga chiqib, o‘zim yaxshi ko‘radigan orqa o‘rindiqqa cho‘kdim. Insonning har kuni, har daqiqasi, kezi kelsa, har soniyasi qadrli va qaytmas ekanini his qildim. Eh, shuni avvalroq anglasam bo‘lmasmidi! Endi qolgan har daqiqamni qadrlayman! Neki qilgim kelsa, faqat o‘shani bajaraman! Boshqa bari bekor! Bugun reja tuzmayman! Ishga bormayman! Gazeta mensiz chiqar! Hamma-hammasi ko‘ngil amri bilan bo‘ladi! Faqat ko‘ngil amri bilan!

Oynaga bosh qo‘ydim. Ko‘zim ochiq turardi-yu, ammo dunyo qorong‘i edi. Shaharning baland binolari yurakka sanchib qo‘yilgan sovuq pichoq dastasiga, jimjimador shoshqin moshinalar tanamni ezg‘ilab borayotgan saraton hujayralariga o‘xshardi. Yetaklashgan yigit bilan qizni ko‘rib Sadoqat bilan ilk tanishgan kezlarim esimga tushdi.

…Talabalar yotoqxonasining oshxonasi. Ovqatimni olish uchun sovutgichni ochishim bilan to‘g‘ralgan ko‘kat solingan likopcha lap etib yerga tushdi. Idish-ku sinmadi, lekin ko‘kat sochilib ketdi. Nima qilarimni bilmay qoldim. Shunda qozon boshidagi qoramag‘iz qiz: «Narsangizni olib ketavering, o‘zim yig‘ishtirib olaman, ko‘kat o‘zi eski ekan-ku!», deya meni xijolatdan qutqardi. O‘shandayoq yuragimda ajib iliqlik paydo bo‘ldi va u taqdirim ekanini anglaganman.

Kelishimni yuragi sezganmi yo derazadan ko‘rib turganmi, qo‘ng‘iroqni bosmasimdan ayolim eshikni ochdi-yu:

– Assalomu alaykum! – dedi miyig‘ida kulib.

– Vaalaykum assalom!

– Yaxshi keldizmi, navbatchilik yaxshi o‘tdimi?

– Xudoga shukr! O‘zing yaxshimi?

– Rahmat! Yuvinib oling, choy qo‘ygandim, damlab beraman!

Xotinim ko‘zimga doimgidan yaxshi ko‘rinib ketdi.

– Bilasanmi, Sadoqat, sen dunyodagi eng yaxshi ayolsan!

– Bugun boshqachasiz? – dedi u choy damlarkan.

Yuvinib, oshxonaga kirdim. Kuymalanayotgan ayolimni ko‘rib, o‘zimni baxtli sezdim. Ortidan borib sekin quchdim. «Darrov sog‘inib qoldizmi?», dedi iymanib. Yuzini ko‘rmasam-da yoqimli jilmayganini sezdim. «Seni sog‘inmay bo‘larkanmi, tentakkinam!» dedim sochini hidlab. «G‘iyq» etgan eshik ovozi meni sergaklantirdi. Qo‘llarimni tortib oldim. O‘g‘lim ko‘zlarini ishqab, «dada», deb menga intildi. Tizzanladim[1]. Kelib bo‘ynimdan quchdi. Bolamning belidan mahkam quchoqladim. Ko‘zimdan yosh quyilib ketdi. «Dada, yig‘layapsizmi?» dedi o‘g‘lim buni sezib. «Yo‘q, yomg‘irda sochim ho‘l bo‘luvdi, shunga…», deya aldadim yoshimni artarkanman. «O‘g‘lim, bor, bet-qo‘lingni yuvib kel-chi, dadang bilan choy ichamiz», dedi xotinim o‘zi sezmagan holda meni noqulaylikdan qutqarib. O‘g‘lim chopib vannaxonaga kirdi. Men xontaxta yonidagi doimgi joyimga cho‘kdim. Ayolim choy qaytararkan, yuzimga tikildi-yu:

– Sizga nima bo‘ldi, ko‘ziz qizaribdi? – deya yerga qaradi.

– Charchadim, navbatchilik og‘ir o‘tdi, – deb yuzimni undan olib qochdim. O‘g‘lim kelib, meni xijolatdan qutqardi. Onasi oldimizga taom keltirdi. «O‘zingam o‘tir», dedim. U qo‘lidagi yumushni qo‘ydi-da, yonimga o‘tirdi. Nonushta qildik. Oilam bilan so‘nggi bora dasturxon atrofida o‘tirganimni o‘ylamadimam. Choy ichdik. Gapni nimadan boshlashni bilmay, kalovlandim, oxiri zo‘rg‘a: «Bugun qishloqqa jo‘naysizlar!», dedim. O‘g‘lim «urre», deb qichqirib yubordi. Sadoqat savolomuz qaradi. «Xizmat safariga ketyapman, tez kunda izlaringdan boraman, bahonada enamning ro‘zg‘origa qarashib kelasan», dedim. Ayolim avvaliga unamaganday bo‘ldi, qovog‘imning uyulganini ko‘rib «xo‘p», deganday bosh irg‘adi.

Balkonga chiqib, sigareta tutatdim. Derazani qiya ochib, tashqariga termildim. Yomg‘ir bir maromda sevalardi. Yalong‘och daraxtlar hayotning o‘tkinchiligi haqida o‘y surayotganday edi. Sanay boshladim. Bir, ikki, uch…

«Ertaga tonggacha bormaydi!»

…o‘ttiz to‘rt, o‘ttiz besh. Daraxtlar-da hazillashayotganday o‘ttiz beshta chiqdi. Shu uyda ijarada turganimdan beri ularning o‘ttiz beshta ekanini payqamabman.

«Ertaga tonggacha bormaydi!»

O‘ttiz oltinchi daraxtni javdirab qidira boshladim. Shunda chopib kelib, oyoqlarimdan quchgan o‘g‘limning: «Dada, o‘zingizam borasizmi?» degan so‘rog‘i fikrimni bo‘ldi. Uni ko‘rmasin, deb qo‘limdagi sigaretni tashqariga ottimu:

– Ertagayoq izlaringdan yetib boraman», dedim.

– Aldamaysizmi? – deya o‘g‘lim oyoqlarimni mahkam quchdi.

– Dadalar aldamaydi! – dedim uning boshini mahkam quchoqlab, keyin qo‘shib qo‘ydim, – qishloqqa borgach, bobong, momong, onangning gapini ikki qilma! Tushundingmi?

U qo‘llarim orasidagi boshini irg‘idi. Ota-bola shu ko‘yi uzoq turib qoldik.

Ularni avtobekatdan moshinaga chiqazdim. Oylik olganimni aytib, xotinimga ko‘proq pul berdim.

– Buncha pulni nima qilaman? – dedi ajablanib Sadoqat.

– Ortiqchasi bo‘lsa, otamga berarsan, – dedim beixtiyor kulib.

– O‘zingiz borib olib kelasiz-a?

– Ha, indinlarga yetib borsam kerak…

Moshina qo‘zg‘aldi. Ortimga qayrildim. Endi chini bilan yig‘lab yubordim. Faqat ovozim chiqmasdi. Katta-katta qadam tashlab ketib borardim. Shu ketishda: «O‘g‘lim bilan xayrlashmaganim yaxshi bo‘lgan ekan, bo‘lmasa o‘zimni tuta olmasdim», deb o‘yladim. Xayrlashish, chindan xayrlashish qo‘rqinchli bo‘lishini shu dam his qildim. Ayniqsa, senga mehr ulashganlar bilan xayrlashish og‘ir ekan.

Yomg‘ir tinibdi. O‘zimga kelib, do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim. Ishda ekan. Oldiga o‘tishimni aytdim. Borishimga rozi bo‘ldi. Taksiga o‘tirib, o‘n besh daqiqada uning ishxonasiga yetdim.

So‘rashgach, ishxonasi hovlisidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirdik. U yoq-bu yoqdan gaplashdik. O‘zimiz yaxshi ko‘radigan oshxonaga tushlikka bordik. Ikki xil ovqat aytdik. Taomlar doimgidan shirinday tuyuldi. Do‘stimning hay-haylashiga qaramasdan, hisobni o‘zim to‘ladim. Bundan biroz ranjidi. «Kelasi gal to‘larsan», deganimdan keyin chehrasi sal ochildi. Ishxonasigacha jim bordik. Lekin qanday gap boshlashni bilmasdim. «Qobil, ertaga ertalab biznikiga kel, meni kuzatib qo‘yasan!» dedim oxiri. «Qayoqqa ketayapsan?» dedi ajabsinib. «Uzoqqa», deya kuldimu qo‘shib qo‘ydim: «Qishloqqa – uyimga…» Qo‘ynimdan do‘xtirlar bergan qog‘ozlarni chiqarib unga uzatdim. U lom-mim demay qog‘ozlarga uzoq termildiyu iymanibgina so‘radi:

– Qachon bilding?

– Bugun!

– Tashxislar doimam to‘g‘ri chiqavermaydi!

– Lekin bu eng yangi uskuna xulosasi ekan! – dedim sinovchan.

U indamadi. Biroz jim turdi-da birdan jonlanib:

– Yur, og‘ayni, seni shahardagi eng yaxshi vrachga oboraman! Har qanday yangi apparatam, eng zo‘r do‘xtiram adashishi mumkin-ku? – dedi.

– Qo‘y, oshna! – dedim xotirjam.

– Hech qayoqqa ketmayman! Bugun yoningda bo‘laman! – dedi qat’iy ohangda.

– Iltimos, Qobil, bugun o‘zim uchun yashamoqchiman! – dedim uni sovitish maqsadida.

U bo‘ynimdan mahkam quchoqladi.

Oshnam bilan hech qachon bu qadar yaqin bo‘lmagandik. Dardimga sherik bo‘lgani uchun do‘stimdan minnatdor bo‘ldim, ishiga qaytishini iltimos qilib, uyimning ikkinchi kalitini uzatdim. Avvaliga olishni istamadi. Xo‘rsina-xo‘rsina qo‘limdagini oldiyu meni yana bag‘riga bosdi. Zo‘rg‘a «Ota-onamni yo‘qlab tur!» deya oldim, xolos. Ortiq bu yerda qololmasligimni anglab, oshnam bilan xayrlashib yo‘lga otlandim. Uning oxirgi marta menga termilgan ko‘zlarida cho‘kayotgan odamga hech qanday yordam qo‘lini cho‘za olmay iztirob chekayotgan inson qiyofasini ko‘rdim.

Piyoda yurgim keldi. Qayerlargadir bordim, nimalardir qildim. Hech biri esimda yo‘q. Eslaganim, ko‘zimni ochsam, qandaydir o‘rindiqda o‘tirgan ekanman. Ko‘zim ilingan ekan. Atrofimni idrok etsam, aylanib-aylanib adiblar bog‘iga kelib qolgan ekanman. Qarasam, ularning hammasi o‘rindiqda o‘tiribdi. Nega? Bu haqda shu paytgacha hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Boqqa shunchaki kelib-ketaveribman-da. Boshqa bog‘dagi shoiraning haykalini-da ko‘z oldimga keltirdim. Uyam o‘rindiqda o‘tiribdi. Qatag‘on zamonida yurak hovuchlab qalam tebratgan ijodkorlarimizning jisman, ruhan toliqqanini haykaltarosh yaxshi fahmlabdi. Qoyil!

Bog‘dan chiqib ketarkanman boyagi sovuq gap nogahon esimga tushdi:

«Ertaga tonggacha bormaydi!»

Naqadar sovuq so‘zlar! Shunda telefonim jiringlab qoldi. Seskanib ketdim. Yo‘l bo‘yidagi o‘rindiqqa cho‘kdim. Chuqur-chuqur nafas olib telefonimning oynasiga qaradim: «Onam». Bir necha kundan beri onamni yo‘qlamaganimni, hatto esdan chiqarib qo‘yganimni o‘ylab, o‘zimdan nafratlanib ketdim!..

«Bolajonim, o‘zingmisan?» dedilar salomimni kutmasdan. Ovozimga imkon qadar quvonch ohanglaridan qo‘shib gaplasha boshladim. So‘rashgach meni savolga tutdi:

– Negadir ko‘nglim g‘ash, kecha tushimgayam kiribsan, sog‘liging yaxshimi o‘zi?

– Xudoga shukr, yaxshiman! Ena, bugun keliningizni oldingizga jo‘natdim.

– Voy, bolam-ey! Yaxshi qilibsan-da! O‘zing qachon kelasan, o‘zing?

– Bir-ikki kunda borib qolaman, ena.

– Tani-joning sog‘ bo‘lsin, iloyim!

– Rahmat, ena! Duo qilib turing!

– Ikki qo‘lim doim duoda!

– Ena!

– Ha, jonim bolam!

– Bodom gulladimi?

– Eh-he! So‘rama, bolam! Ko‘rib qo‘zing quvnaydi! Eh, bolam-a! O‘sha shaharingdan uch-to‘rt kunginaga ortib, bir kelib-ketsang, hammasini o‘zing ko‘rarding! Hammamiz seni sog‘indik, sog‘indim!

– Boraman, ena!

– Tezroq kelaqol!

– Ena! Haligi…

– Gapiraver, jon bolam!

– Yo‘q, o‘zim, hech narsa! Mayli, bo‘lmasa!

– Tani-joning sog‘ bo‘lsin!

Aloqa uzildi. Yuragimning bir chetiyam chirt uzildi. Izdan chiqqan poyezdday nima qilarimni, qayerga borishimni bilmay qoldim.

O‘rindiq yonidagi endi kurtak yozaman, deb turgan daraxt shoxlariga boqib bolaligimni esladim. Adirlarda maysalar bosh ko‘targan chog‘i. Bolaligimda qizlar gullagan bodom shoxini sindirib olib, chakkalariga taqqanlari, Bobotog‘ adirlari bag‘rida chopib qo‘y boqqanlarim esimga tushdi. Qalbimda zang qoplagan yam-yashil hayotga qayta jon ina boshladi. Xayolim beixtiyor o‘sha kunlarga uloqdi.

…Sinfdosh qizning sochidan tortib yig‘latganlarimni esdan chiqarib bo‘larkanmi?! Qo‘shnimizning bog‘idan olma uzib yeganlarimni xotiramdan o‘chirib tashlay olamanmi? Yoz kunlari tush payti uydagilarning ko‘zini shamg‘alat qilib yalangoyoq loyqa suvga cho‘milishga borganlarim hayotimning eng shirin lahzalariday tuyuldi. Issiq tuproqda yotib olib, quyoshda qorayganlarim-chi! Bolaligim menga har qachongidanam yaqinday tuyuldi.

Undan-da kichikligimda bobom yashil moshinasida meni katta shaharga olib borganini esladim. Univermagda ichiga odam sig‘adigan o‘yinchoq moshin ko‘zimga yaxshi ko‘rinib qolsa bo‘ladimi. O‘shani olib berasiz, deb yerga o‘tirib olib, tir-tir yengarlik[2] qilib, butun univermagni oyoqqa turg‘izay deganman o‘shanda. Uyga qaytayotib meniki bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa tobora ortda qolarkan, yig‘im yanada kuchaygan, shunda so‘nggi ilinj – sho‘pir bobomning sochidan tortdim. Cho‘lning o‘rtasida taqa-taq to‘xtadik. Moshinadan tushirildim. Ellik-yuz qadamcha ortda qolgach, battar yig‘lab moshinaning ortidan chopganimni eslab… yuzimga kulgi oraladi.

Qishlog‘imni qattiq sog‘inganimni his qilib telefon titishga tushdim. Internetdan sun’iy yo‘ldosh xaritasiga kirdim. U turgan joyimni ko‘rsatardi. Amallab qishlog‘imni topdim. Har gal uyga qaytayotganda meni quchoq ochib kutib oladigan Bo‘yrabobim kaftday edi. Badanimga chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. Tug‘ilgan tuprog‘ingni osmondan ko‘rish boshqacha bo‘larkan. Xaritadan bobo uyimni qidirdim. Bolaligimning ko‘p qismi o‘tgan uy ko‘zimga boshqacha ko‘rindi. Nariroqdagi ota uyimda iliqlikni his qildim. Mana, tomorqamiz, daraxtlarimiz, uyimiz. Xayolan uyimizning tomiga kirdim. U yerda kitoblar, kiyilmay qolgan kiyimlar, yana bir qancha buyumlar bor edi. Shiftda tag‘in nimadir osilib turibdi. Nima ekan-a? Axir bu beshik-ku! Meni, ukalarimni, singillarimni katta qilgan beshik! Onajonim tebratib tepasida bizga allalar aytib bergan beshik! Men tug‘ilganda quvongan bobom qora toldan yasagan mustahkam beshik!

Xaritani barmoqlarim bilan yig‘dim. Bo‘yrabob tag‘in kaftday bo‘lib qoldi. Qishloq adog‘idagi oq nuqtalarning nima ekaniga qiziqib, o‘sha joyni yaqinlashtirdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, oq nuqtalar qabriston edi. Bir muddat jim qoldim. Ko‘milgan qarindoshlarimizni esladim. Xaritadagi qabriston bilan xayolimdagisini solishtirdim. Qabriston kengayib qolganday edi. Chindanam, men bilgan qabristonda birorta bo‘sh joy qolmabdi. Qo‘shilgan joyni yaqinlatdim. U yerda o‘n-o‘n beshta qabr ko‘zga tashlanardi. Men uchun hammasi yangi. Qishloqda bo‘lmaganimda kimlar olamdan o‘tdi ekan? Uydan ketganimdan beri ancha vaqt o‘tganini his qildim. Erta-indin qabrlar yonida yangi qabr paydo bo‘lishini o‘ylab yuragim uvishdi. O‘ylarim chuvalashib qoldi. Xaritani tezda yig‘dim. Qabriston kichrayib, qishloq ichida yo‘qoldi. O‘rnimdan qo‘zg‘aldim.

Sovuq xayollar bilan kitob do‘koniga kelib qolibman. Ichkariga kirdim. O‘qimagan kitoblarimni oldim. Pochtaga borib ularni ota uyim manziliga jo‘natma qildim. Kitobsuyar singlim uchun. Akasi o‘qiyolmagan kitoblarni hech bo‘lmasa u o‘qisin! Faqat Qur’oni Karimni o‘zim bilan olib qoldim. Shuurimda shifokorning sovuq gapi aks-sado berib, yuragimni titratib yubordi:

«Ertaga tonggacha bormaydi!»

Lekin tonggacha ulgurishim mumkin-ku!

«Xudoga shukr!»

Uyga shoshdim. Pochtadan chiqsam, qosh qorayibdi. Shu yaqindagi masjiddan kelayotgan shom azoni qulog‘imga doimgidan ayricha eshitildi:

Allohu akbar! Allohu akbar!..

Yomg‘ir kuchaygandi. Kun bo‘yi yonimda olib yurganim – hamshira bergan soyabonni endi ochmasam bo‘lmaydi. Bog‘ichini bo‘shatib, uni yoydim. O‘nta tirgagi bor boshpana boshimni to‘sdi. Uyga piyoda keta boshladim.

So‘ng qancha yurganimni, nimalar qilganimni, uyga qanday kelganimni eslolmayman. Bilganim, mutolaa jarayonida chindan yashayotganimni his qildim. Tongga yaqin uyqu elita boshlaganida esa o‘zimni ikki dunyo oralig‘ida tuydim. Qaytib ko‘z ochmasligimdan qo‘rqmay qo‘ydim. O‘qiganlarim yomg‘ir tomchilarining shitir-shitiriga qo‘shilib umrimda eshitmagan tovush – ko‘klamning yoqimli kuyi yanglig‘ miyamda aylanardi. O‘ylasam, kuy hayotning o‘ziga o‘xshash ekan. Kuy ibtido va intiho o‘rtasidagi ko‘prikligini angladim. Kuydan bo‘lak hech narsani idrok etolmasdim. Yurak urishlarim-da, nafas olishlarim-da, sassiz so‘zlarim-da, so‘ngsiz o‘ylarim-da kuy bo‘lib qolgandi. Men kuyga aylangandim. Borlig‘imni egallagan yoqimli kuyni ne tongki tongda eshik qo‘ng‘irog‘ining jarangi bo‘lib yubordi…

2016–2017 yillar.

________________

[1] Tizzanlamoq (shevada) – cho‘kkalamoq.

[2] Tir-tir yengarlik (shevada)– qaysarlik.