Farid Usmon. Sigareta (hikoya)

Yigitning qaddi qomati kelishgan. Yelkalari tekis. Bo‘yinlari to‘la. Yuzlari oqishdan kelgan. Bosh yalang. Oppoq chehrasiga yarashib turgan qirtishlanmagan soqollari yuziga munosib, ko‘rgan odamning g‘ashini keltirmaydi. Egnida oppoq futbolka. Juda ham oppoq. Uning oppoqligini kiyib olgan qora shalvari yana ham bo‘rttirib yuborgan.
Orqasidan qarab borsangiz shalvarining poychasida, o‘ng boldirida qizil doira ichida 90 yozuvi bor. Yozuv sariq rangda yozilgan. Oyog‘ida yangi kalish. U toza, kechami, ertalabmi sipirilgan asfalt yo‘lkadan bir maromda shipillab bormoqda.
Chap tomonda katta yo‘lni to‘sib turgan archalar, shakldor tutlar, turli tuman o‘simliklar olami. Yam-yashillik. O‘ng tomonda o‘n qadamda qad ko‘targan ko‘p qavatli binolar sahni. U tomon ham daraxtlar va yam-yashil giyohlar bilan bezangan.
Yigit o‘ng qo‘lidagi sigaretani miriqib-miriqib chekadi. Qo‘lini har zamonda labiga olib borganda sigareta chekilayotganidan o‘zida yo‘q mamnun bo‘lib qo‘yadi. Chekayotgan sohibiga tovushi chiqmasa ham rahmat aytadi. Tez-tez, ko‘proq huzurlanib chekishini yaratgandan yalinib yolvorib so‘rab ham turadi.
Sohibining qo‘lida u yoqqa bu yoqqa chaypalib chekilib borarkan ikkovlon do‘stlar, tekis asfalt yo‘lkadan, endi rangli plitkalar yotqizilgan chiroyli, zamonaviy tarzda qilingan yo‘lakka chiqishdi. Sohibining oyog‘idagi “shalap-shalop” qilib kelayotgan kalish yangi sahnda “ship-ship” deyishga o‘tdi. Bu sigaretaga yoqib tushardi. Yo‘l chiroyli edi. Kalish esa sohibining odimiga mos chiroyli shipillar bu narsa sigareta joniga orom bag‘ishlardi go‘yo.
U sohibining barmoqlari orasidan atrofga qararkan, tozalik va yam-yashillikdan bahri dili ochilib ketdi. Zavq-shavqqa to‘lib toshgan qalbi “kel, bir maromiga yetkazib qo‘shiq ayt,” der, lekin sohibi uni chekayotganidan istiholaga borardi.
Birdan sigaretaning yopiq ko‘zlari rangli plitkalar ustiga shundoqqina yo‘lka chekkasiga yashil o‘simliklar biqiniga uyub to‘kilgan axlatlar devasiga tushdi.
– Yo tavba,- dedi u o‘ziga o‘zi. – Nahotki shunday chiroyli, ko‘rkam joyga axlat to‘kishsa. Qolaversa bu yo‘l bo‘lsa. Yo‘lovchilar o‘tsa. Yashil o‘simliklarning narigi tarafi katta asfalt.
U yerdan mashinalar g‘izillab o‘tib turibdi. Katta yo‘lning u betida xo‘jayinlar ishlaydigan joy. Bu axlatlar ulardan yashirincha, ko‘rsatilmasdan ular ko‘rishmasin deb yashil to‘siqlarga suyab to‘kilibdi-da. Esiz. Esiz. Qanday odamlar qilgan-a buni?! Xayf odam-e!
Sigaretaning hozir ko‘zi tushgan bu manzaradan kayfiyati buzilgan edi. Sohibiga bag‘ishlayotgan huzurdan olayotgan uning halovatlari bir zumda puchga chiqdi. U endi betoqat bo‘la boshladi. Uning betoqat bo‘layotganidan bexabar sohibi sigaretani labiga olib bordi-da, bir ikki qattiq-qattiq so‘rdi. Sohib miyasida g‘ujg‘on o‘ynayotgan o‘ylarini jilovlamoqchi bo‘ldimi, shunday qildi. Bu orada sigaretaning yoniq ko‘zlari sohibi o‘n qadam o‘tmasdan yana bir axlat uyumiga tushdi.
– E tavba,- dedi u ichida. – Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi?! Ahmoq pahmoqmasmi ular. Shaharning qoq markazida nima manzara bu?! Ularda insof bormi o‘zi?! Hammayoq, toza, chiroyli bo‘lsayu, axlatni shu chiroyli, pokiza joylarga to‘kishsa. Nima degan gap bu?! Kimlar ular, axir?! Odammi? Yo… Tozalik, ozodalik qadriga yetishmasa-ya?!
U o‘z yog‘iga o‘zi qo‘g‘irilib miyasiga kelayotgan o‘ylarni hali yig‘ishtirib ham ulgurmagan ediki, sohibi uni labiga qo‘ndirdi-da, qayta-qayta so‘ra boshladi. Chekib-chekib, lekin to‘la chekib ulgurmasdan uni barmoqlari orasiga oldi va hatto yon-veriga ham qaramay turib rangli plitkalar ustiga tashlab ketaverdi. U chala chekilgan holda yo‘l ustida qoldi. Dabdurustdan toza, chiroyli yo‘lka ustiga tushib qolganidan bechora sigareta afsusda edi.
– Nima qiliq bu?,- dedi u ketib borayotgan sohibi ortidan, uning oq toza futbolkasi va qora shalvari, shalvarining o‘ng poychasidagi sariq rangdagi “90” yozuviga qarab qolarkan.
– Endi bunisiga qanday chidash mumkin?! Kelib-kelib shu yerga tashlaysanmi-a, nomard. Nomard ekansanu. Nomard bo‘lmasang shunday qilarmiding.
Sigareta ochiqchasiga sohibini sansirashga tushdi. Toza yerga tushib qolganidan xijolat tortib o‘ziga o‘zi g‘udranardi.
– Tashlar ekansan, ahmoq. Huv, yo‘lda duch kelgan o‘sha axlatlar oldiga irg‘itmaysanmi? O‘sha joylar menga tuzuk edi. Ko‘zga darhol ko‘rinmas edim. Bu yer toza bo‘lsa, o‘tganki odam albatta xo‘mrayib, bir qarab o‘tadi. Ko‘zlarga yomon ko‘ringanim qoladi. Yoki o‘tlar ichiga irg‘itib yubor edi. He, qo‘ling singur. Ahmoq! Yaramas!
Sigareta shunday so‘zlar bilan haligina do‘st tutingani, bir nafas bo‘lsada hamdard, hamnafas bo‘la olgani sohibini bo‘ralab so‘kib turgan edi, qayerdandir, orqadanmi, oldindanmi bir tufli paydo bo‘ldi. U kelishtirib uni tepkan edi, sigareta uchib borib archaning tagiga suv oqadigan ariqchaga borib tushdi. Bu yer endi unga o‘tgan ketgandan, ko‘zdan xilvatroq edi.
–    Hayriyat-ey, dedi u chuqur bir “uf” tortib. Shu “uf” tortishda uning ko‘zidagi yiltirab turgan nuqtaga o‘xshash cho‘g‘ tuproqdagi namga tegib o‘chib bo‘lgan edi.