Foziljon bilan Odilbek bir mahallada o‘sdi, bir maktabda o‘qib, institutni ham birga tugalladi, omadlarini qarang-ki, o‘qishni bitirgach, bitta muassasaga ishga kirdilar.
Yigitlarning har ikkisi mehnat faoliyatini oddiy xodimlikdan boshlab bo‘lim boshlig‘ilikkacha ko‘tarilishdi. Ish joylari nufuzli, tuman hokimiyatida edi, oradan qariyb yigirma yilcha vaqt o‘tib ham ishda, ham yoshda ancha katta odamlarga aylanishdi.
Muhimi, ular oralaridan qil o‘tmaydigan do‘st edilar, uylanib oilali bo‘lganlaridan keyin do‘stlik rishtasi yanada mustahkamlandi. Oilalarining yaqinligi ikki do‘stni yanada inoq qilib qo‘ydi. Ular hamma bayramlarda birga bo‘lishardi. Dam olish safarlariga ham birga borar, hatto ta’til kunlarini ham birga o‘tkazar edilar.
Bir so‘z bilan aytganda, hamma havas qilgulik tengqurlar edi.
* * *
Juma kuni hokim Zulfiqor Saidovich xodimlarni yig‘ib majlis o‘tkazdi. U xodimlarni ishdan qo‘yib majlis qilishni yoqtirmasdi. Shuning uchun gapni qisqa qildi:
— Sizlarni yig‘ishdan maqsad bir yangilikni ma’lum qilish. Muovinimiz Solih Obidovich tepaga, shahar hokimligiga ishga taklif qilindi. Bu voqea, o‘ylayman-ki, barchamizni quvontiradi. Jamoa nomidan Solihbekni tabriklaymiz.
Xodimlar yangilikni qarsaklar bilan kutib olishdi. Olqishlar tingach, Zulfiqor Saidovich davom etdi:
— Endi Solih Obidovichning o‘rniga yangi odam tayinlashimiz lozim. Shunday ko‘rsatma bo‘ldi. O‘z ichingizdan birorta nomzod toping, deyishdi, ikki hafta muhlat ham berishdi. Shu vaqt ichida odam topishim kerak. Topamiz. Bilasizlar ish ko‘p, muovin zarur, aravani yolg‘iz o‘zim sudrab yurishim og‘irlik qiladi. Shuni sizlarga ma’lum qilib qo‘ymoqchi edim. Biror fikr bildiruvchilar bo‘lmasa — hammaga ruxsat.
Xodimlar tarqaldi, yangilik hammani hayajonga solganday edi. Hamisha shunday: yangilik zerikarli, bir maromda kechadigan o‘zgarmas hayotning kushandasi, u doim qiziqish bilan qabul qilinadi.
Odam bolasining hammasi ham yuqoriroq lavozim egallashga intiladi, bir-ikkita xodimga bo‘lsa-da, rahbarlik qilishni istaydi. Odamzotning tabiati shunday.
Muassasa xodimlarida ham muovinning o‘rnini egallash ilinji tug‘ildi. Ammo bu o‘ringa eng loyiq nomzodlar Foziljon bilan Odilbek edi, negaki ikkovi ham eng yirik bo‘limlarning boshlig‘i. Negadir, hamma shunday o‘ylardi. Buni Fozilbek ham, Odilbek ham yaxshi tushunishardi. Shubhasiz, ikkovidan biriga nasib etadi bu mansab. Shu tufayli ikkisining ham yuragiga g‘ulg‘ula tushib qoldi. Botiniy bir tuyg‘u ikki do‘stni beixtiyor raqiblarga aylantirdi.
Zulfiqor Saidovich ham Fozilbek bilan Odilbekning ikkalasidan biri muovinlikka loyiq deb hisoblardi.
Zulfiqor Saidovich ko‘pni ko‘rgan, tajribali, malakali rahbar edi. Labbaygo‘ylarni, lo‘ttivozlarni xush ko‘rmasdi, o‘z fikriga ega xodimlarni hurmat qilardi. Yalqovlar yoki g‘iybatchilar paydo bo‘lsa darrov dumini tugib yuborardi, shu bois ishxonada ishchan, erkin muhit yaratilgandi. Ayni paytda u kishi yaxshi murabbiy ham edi. Solih Obidovichning yuqoriga ko‘tarilib ketishiga asosiy sababchi ham o‘zi edi, ishlash uslubini, muomalani o‘rgatgandi.
Yomon odamdan hech qachon na yaxshi rahbar, na yaxshi mutaxassis, na yaxshi xodim chiqadi deb hisoblardi Zulfiqor Saidovich. Demak, muovinlikni eng avval yaxshi odam egallashi lozim. Ha, yuragida kiri yo‘q, halol, imon-insofli, diyonatli, to‘g‘riso‘z odamni topish kerak.
Shu tufayli ko‘z ostiga olib qo‘ygan ikkala nomzod — Fozilbek bilan Odilbekni yana bir karra sinovdan o‘tkazib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Sinovni eng yirik bo‘lim boshlig‘i Fozilbekdan boshladi, huzuriga chaqirib sekin gapga soldi.
— Fozilbek, yanglishmasam Odilbek bilan yaqin og‘aynisizlar.
— Shunday, — boshliqning gapini tasdiqladi Fozilbek.
— Demak, uni sizdan yaxshiroq biladigan odam yo‘q, sinashta bo‘lgansiz. Shunday ekan, Odilbek haqida, uning qanday odamligi haqida fikringizni bilmoqchi edim.
Fozilbek yosh bola emas, anchayin zukko edi, boshliq nima uchun Odilbekni surishtirib qolganining sababini darrov tushundi. So‘ragani bejiz emas, Odilbekni muovinlikka mo‘ljallayapti.
— Odilbek haqida fikrimni aytishim mumkin, darhaqiqat, uni menchalik biladigan odam yo‘q. Sir emas, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, Odilbek yaxshi mutaxassis, ishchan, g‘ayratli, intizomli. Lekin… — Fozilbek chaynaldi.
— Ha, ana shu “lekin”idan keling, uning yaxshi xususiyatlari shundoq ham ma’lum bizga.
— Lekin, — Fozilbek qiynalib so‘z axtardi, — so‘raganingiz uchun bitta qusurini aytaman, ozgina mansabparastligi bor. Institutda o‘qib yurganimizda, u paytda kompartiya bor edi, o‘lib-tirilib partiyaga kirib olgandi, namuncha shoshasan desam, kattaroq, «yog‘liroq» lavozimni egallamoqchi bo‘lsang partiya a’zosi bo‘lishing kerak, yo‘qsa itning keyingi oyog‘i bo‘lib yuraverasan degandi. O‘sha odati haliyam yo‘qolmagan deb o‘ylayman, bilasiz har majlisda so‘zga chiqishni, va’zxonlik qilishni yaxshi ko‘radi, — Foziljon peshona terini artdi, — do‘stim haqida bu gaplarni aytish nihoyatda og‘ir men uchun. Ammo shu kamchiligini bilar ekansan, nega aytmading, nega bekitding, deb mendan o‘ksimasligingiz uchun aytdim. Qaytaraman, aslida yaxshi mutaxassis. So‘raganingiz uchun aytdim kamchiligini. Hurmat qiladigan odamimga yolg‘on gapirolmayman.
Zulfiqor Saidovich qunt bilan tingladi Fozilbekni, keyin «Bo‘pti, yetarli» degandek bosh irg‘ab gapga yakun yasadi. Fozilbek ishni qoyil qilgan odamdek mamnun kayfiyatda xonani tark etdi. Biroq yanglishdi.
Zulfiqor Saidovich Fozilbek xonadan chiqishi hamono oldidagi taxminiy tuzilgan muovinlikka nomzodlar ro‘yxatidan kimningdir ism-sharifini o‘chirdi.
Boshliqning huzuridan chiqib Fozilbek qabulxonada o‘tirgan do‘sti Odilbekni ko‘rdi, negadir uning yuziga tik qarolmay ko‘zini olib qochdi. Bir muddatdan so‘ng kotiba qiz qabulxonada o‘tiran Odilbekka:
— Kirarkansiz, — dedi telefon dastagini joyiga qo‘yarkan.
Sinov navbati Odilbekka kelgandi, u jilmayib boshliqning huzuriga kirdi. Stullardan biriga o‘tirib boshliqning og‘zini poyladi. Zulfiqor Saidovich odatiga ko‘ra gapni cho‘zmadi, muddaoga ko‘chdi.
— Sizning vaqtingizni olmay maqsadni aytib qo‘ya qolay, xo‘sh… do‘stingiz Fozilbek haqida fikringizni bilmoqchi edim.
Odilbek ham boshliq nega Fozilbekni surishtirib qolganini darrov angladi. Muovinlikka yaraydimi, yo‘qmi — bilmoqchi. Shu sababli javob berishdan oldin biroz talmovsirab qoldi.
— Nima desam ekan… — o‘zi egallamoqchi bo‘lgan joyni xuddi og‘aynisi tortib olayotgandek bir hadik ko‘ngliga oraladi Odilbekning, — Fozilbek shubhasiz yaxshi xodim, ishning ko‘zini biladigan, savodli, malakali rahbarlardan. Ammo…
— Shunisini ayting-da, — gapini davom ettirdi Zulfiqor Saidovich.
— Do‘stim haqida nojo‘ya gap qilishga tilim bormayapti. Lekin sizning ra’yingizni qaytarolmayman. Sizga to‘g‘risini, haq gapni aytmasam gustohlik bo‘ladi.
— Ayting, — qistadi boshliq.
— O‘zingizga ma’lum Zulfiqor Saidovich, tumanimiz hududida qanday qurilish bo‘lsa — supermarketmi, to‘yxonami, bankmi bizning hokimiyatdan ruxsat oladilar. Ruxsat Fozilbek boshqaradigan bo‘limdan olinishi kerak, — Odilbek tutilib qoldi.
— Muddaoni ayting.
— Og‘aynim ruxsatni tekinga bermaydi.
— Pora oladi demoqchimisiz? Eshitgan yo ko‘rganmisiz pora olganini?
— Eshitmaganman, ko‘rmaganman ham. Ammo eshitishim yoki ko‘rishim shart emas. Og‘aynim ikki qavatli dang‘illama qasr qurib olgan. Quruq maoshga bunday uy qurib bo‘lmaydi. Buni hamma tushunadi.
— Ihm, — Zulfiqor Saidovich xodimining ko‘ziga sinchkov tikildi. Odilbek sal oshirib yuborganini sezib talmovsirab qoldi, vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
— Balki yanglishayotgandirman, bu taxmin. Qolaversa, aybsiz parvardigor deydilar. Har qanday yaxshi xodimda ham juz’iy kamchiliklar bo‘ladi. Uning uy-joyini ko‘rganlar halol insonligiga ishonmasliklari mumkin deb gapirdim. Ammo mutaxassis sifatida Fozilbekning oldiga tushadigan odam yo‘q. Eng yirik va eng qiyin bo‘limni boshqarib kelyapti, hamma ham eplayvermaydi bunday ishni.
Odilbekning so‘nggi gapi zamirida o‘z joyida ishlayversin, uning o‘rniga odam topolmaysiz, degan ma’no yotganini ilg‘adi Zulfiqor Saidovich. Unga yana shu ayon ediki, qanday qurilish bo‘lmasin ruxsatnomaga hokimning o‘zi — Zulfiqor Saidovich imzo chekardi. Pora haqidagi gap tuhmat. Zulfiqor Saidovich ro‘yxatidan yana bir ism-sharifni o‘chirdi.
Odilbek tushlik ovqatga doim do‘sti bilan birga borardi, bugun og‘aynisini birga borishga taklif qilgani tili bormadi. Fozilbek bundan xafa bo‘lmadi, qaytanga yengil tortdi. Do‘stlar necha zamonlardan beri birinchi marta alohida-alohida ovqatlandilar.
* * *
Peshindan keyin Zulfiqor Saidovichning huzuriga farrosh Mastura opa kirdi. Boshliq uni sal taajjub bilan kutib oldi.
— Keling, xizmat opa, — dedi hayronligini yashirmay.
— Anavi Sarvarjon boru, o‘shanga gapirib qo‘yasizmi devdim.
— Nimani gapiraman?
Hamma qatori soat oltidan keyin uyiga ketmaydi, sakkiz-to‘qqizgacha o‘tiradi. Men bir soatga qolmay hamma xonalarni supurib, tozalab chiqaman. Keyin uning ketishini kutib o‘tiraman. Axir, uyga borib bolalarning ovqatini qilishim kerak.
Zulfiqor Saidovich o‘ylanib qoldi, Mastura opaning beva, yolg‘izligini bilardi, uyda to‘rtta churvaqasi bor, undan boshqa qaraydigan odam yo‘q. Rahmi keldi ayolga.
— Bo‘pti, gapirib qo‘yaman, — dedi.
Mastura opa rahmat aytib chiqib ketar ekan, lekin qattiq koyimang, o‘zi yaxshi yigitu shu qilig‘i bor, deb qo‘shib qo‘ydi.
Zulfiqor Saidovich «Ma’qul» degandek bosh irg‘adi va shu zahoti kotibasi orqali Sarvar Karimovichni o‘z yoniga chaqirdi.
Kelganiga ikki yildan oshganiga qaramay hamma uni «yangi xodim» derdi. G‘alatiroq yigit edi Sarvarjon, kelganidan buyon shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali biror marta Zulfiqor Saidovichning oldiga na iltimos, na shikoyat bilan kirmagandi. Majlislarda miq etmay o‘tirardi, biror daf’a so‘zga chiqmagandi. Odamoviroqqa o‘xshardi.
Sarvar garchi Zulfiqor Saidovich bilan ertalab ko‘rishgan bo‘lsa-da, salom berib kirib keldi. O‘tirishga jur’at etmay boshlig‘ining taklifini kutdi.
— O‘tiring, — dedi Zulfiqor Saidovich.
Sarvar faqat shundan keyin «rahmat» deb stullardan biriga cho‘kdi.
— Ustingizdan shikoyat tushdi, — erinib, loqayd ovozda gap boshladi Zulfiqor Saidovich.
Sarvar pinagini buzmadi, «qanday shikoyat» degandek boshlig‘iga savolchan boqdi. Bunday paytlarda xodimlar dovdirab, hadiksirab qolardilar. Sarvarning pinagini buzmagani Zulfiqor Saidovichni sal ajablantirdi.
— Ishdan vaqtida ketmay sakkiz-to‘qqizlargacha o‘tirar ekansiz. Sizni deb farrosh ayol uyiga vaqtida ketolmas ekan, uni boquvchisi yo‘q, ro‘zg‘or tashvishi o‘zining yelkasida, vaqtliroq borib bolalariga ovqat tayyorlashi kerak.
Sarvarga bu gap ta’sir qildi, xijolat bo‘lib uzrona ohangda gap qotdi.
— Mening xonam toza, uch-to‘rt kunda bir supurib chiqsalar ham mayli. Boshqa kunlari uylariga vaqtli ketaversinlar. Mastura opaga shunday desangiz…
Bu gap Zulfiqor Saidovichga erish tuyuldi. «Bo‘pti, endi xonamni vaqtida bo‘shataman» deyish o‘rniga odatimni tashlamayman demoqchi.
— Ba’zilar o‘zini ishchan, ishga o‘ch ko‘rsatish uchun vaqtida ketmay, ishlab o‘tiradilar, — piching aralash gapirdi Zulfiqor Saidovich.
Ammo Sarvar yana pinagini buzmadi. Gapi ta’sir qilmagani uchun Zulfiqor Saidovich xurujni kuchaytirdi.
— Men chet ellarda ko‘p bo‘lganman. U yerda qonun bor — uddaburon xodim ishni tez va o‘z vaqtida bajarishi kerak. Ishni qilib bo‘lib o‘z ustida shug‘ullansin, kasbiga xos qo‘llanmalar, yangiliklar yoki badiiy adabiyot o‘qicin, xullas qotib qolmaslik uchun malakasini oshirsin, topshirilgan ishni o‘z vaqtida bajarolmay ertadan kechgacha lalayib o‘tiradigan noshudlarni ishdan haydashadi u yoqlarda.
— To‘g‘ri qilishar ekan, — dedi Sarvar.
O‘ziga gap yuqtirmaydigan surbetlarga o‘xshaydi-ku, degan fikr kechdi hokimning ko‘nglidan.
— Siz noshudlar emas, ishchanlar toifasiga kirsangiz kerak, — yana piching qildi Zulfiqor Saidovich.
— Qaydam, — yelka qisdi Sarvar.
— Hamma ketsa ham sakkiz, to‘qqizgacha o‘tiradigan xodim ishchan hisoblanadi-da. Shunday emasmi?
Sarvar muvozanatni yo‘qotmay vazminlik bilan javob berdi.
— Salima opa dekretga chiqib ketgani uchun ikki kishining ishini qilishga to‘g‘ri kelyapti. Shuning uchun kun davomida qilib ulgurolmay qolib ketyapman.
— Darvoqe, — sal izza bo‘ldi boshliq, — nega oldimga kirib ikki kishining ishini qilib qiynalib qolyapman demadingiz, yordam berardik.
— Xabaringiz bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim.
Zulfiqor Saidovich yana sal xijolat bo‘ldi, to‘g‘ri aytyapti yigit. Yaxshi rahbar har narsadan xabari bo‘lishi kerak. O‘zini oqlashga urindi.
— Bilasiz ishimiz ko‘p, og‘ir, g‘alvali, bosh qashishga ham vaqt yo‘q. Shu tufayli ba’zi narsalar unut bo‘lib qoladi.
— Bilaman, — dedi Sarvar xotirjamlik bilan, uning o‘zini erkin tutishi, rahbarni mensimagandek xotirjam o‘tirishi Zulfiqor Saidovichning izzat nafsiga sal tekkandek bo‘ldi. Yosh xodimni erkin vaziyatdan chiqarishga urindi.
— Shunday qilib ikki kishining ishini eplab o‘tiribman deng? Sarvar javob bermay indamasdan o‘tiraverdi. Zulfiqor Saidovich odamlarni sinashni yaxshi ko‘rardi. Yosh xodimning jig‘iga tegsin-chi, o‘zini qanday tutarkin deb, yana piching qildi.
— Demak, siz ikki-uch kishining ishini eplaydigan donoyi davronsiz.
Kesatiqdan jahli chiqish, jizzakilik qilish o‘rniga Sarvar jilmaydi.
— O‘zini donoyi davron hisoblash, hamma narsani bilaman, hammadan aqlliman deyish tentaklikning, johillikning bir belgisi.
Bama’ni yigit ekan deb o‘yinni yig‘ishtirishga qaror qildi Zulfiqor Saidovich.
— Bo‘pti, Mastura opaga aytaman, xonangizni uch kunda bir tozalaydi.
Gap tugaganini bilib Sarvar o‘rnidan turdi. «Endi menga ruxsatmi?» degandek boshliqqa savolchan boqdi.
— Sizga ruxsat, boravering, — dedi iliqlik bilan Zulfiqor Saidovich.
Sarvar xonani tark etdi.
Oradan bir hafta o‘tgach Zulfiqor Saidovich majlis chaqirdi. Majlisda muovinlikka Sarvar Karimovich tayinlanganini e’lon qildi va Sarvarjonni qutladi. Yig‘ilganlar qarsak bilan kutib oldilar yangilikni. Kimdir ajablandi, kimdir xursand bo‘ldi, Fozilbek bilan Odilbek esa ichidan zil ketdi, ammo sir boy bermay o‘zlarini tetik va xushhol tutishga urindilar, hammadan qattiqroq qarsak chaldilar, majlisdan kulimsirab chiqdilar.
— To‘g‘ri bo‘libdi, yoshlar ishlasin, kelajak yoshlarniki, — dedilar yon-atrofdagilarga.
O‘z xonalariga kirib yolg‘iz qolganlaridan keyin soxta tabassumli niqobni yuzlaridan olib tashlab shumshayib oldilar. O‘shanda, Zulfiqor Saidovich har ikki do‘stni qabul qilganida, ularning nomlarini o‘chirganidan bexabar edilar.
…Fozilbek kechqurun uyga qaytishi bilan hech narsadan xabari yo‘q xotini Nozimaxon xursand kayfiyatda gap ochdi.
— Fozilbek aka, ertaga Malikaxonning tug‘ilgan kuni ekan.
Qo‘ng‘iroq qildi. Mening tug‘ilgan kunimda billur qandil olib kelgandi. Surishtirib bilsam narxi ikki ming dollar ekan. Endi men ham arzirli sovg‘a qilishim kerak. Nima olsam ekan?
— O‘zing bilib olaver, — ensasi qotib javob qildi Fozilbek.
— Do‘stingizning xotini, maslahat bering, chakana narsa olsak uyat bo‘lar.
— O‘zing bilib olaver dedim-ku. O‘zing olib, o‘zing boraver.
— Siz-chi?
— Men bormayman.
— Voy nega, o‘ylab gapiryapsizmi?
— Men yo‘nilmagan tayoq emasman.
— U nima deganingiz?
— Aytmagan joyga borganni yo‘nilmagan tayoq deyishadi, Odilbek miq etmadi.
— Aytib qolar, hali vaqt bor.
— Aytmaydi, — cho‘rt kesdi Fozilbek.
— Voy, nega unaqa deysiz, axir, necha yillik qadrdonsizlar. Fozilbek javob o‘rniga yuzini teskari burdi.
— Malikaxon aytdi, shuning o‘zi yetadi. Bormasak sovg‘adan qochdi deyishadi.
— O‘zing boraver dedim-ku, — o‘shqirdi Fozilbek.
— Nima balo oralaringdan qora mushuk o‘tdimi yo…
— Bo‘ldi, gapni ko‘paytirma, — xunobi oshib do‘q urdi Fozilbek, — o‘shalarni endi menga gapirma.
Erining vajohatini ko‘rib Nozimaxon mavzuga chek qo‘ydi. Fozilbek bilan Odilbekning do‘stlik qal’asi devori darz ketganidan bexabar edi.
Kim biladi, vaqt o‘tishi bilan balki Fozilbek bilan Odilbek o‘rtasidagi sovuq adovat unut bo‘lib ketar, do‘stlik rishtalari qaytadan tiklanar. Biroq shunisi borki, yurakdagi darz qurmagur qancha ta’mirlanmasin, sayqal berilmasin o‘z holiga qaytmaydi, butun bo‘lmaydi, izi qolaveradi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 2-son