Kun ayni qiyomiga yetgan, havo yonmoqda.
Bozordan qaytayotgan er-xotin o‘z ko‘chalariga yetganlarida dam olish uchun qo‘shni hovlilardan biri oldidagi yog‘och kursiga cho‘kdilar.
— Bositxon baraka topsin, eshigining tagini gulzor qilib qo‘ydi, bizning kabi toliqqanlar o‘tirib nafas rostlaydi, — dedi er. Ayol bosh siltab ma’qulladi, ro‘molchasi bilan peshona terini artdi.
Er o‘rta bo‘y, echki soqol, ko‘zi kulrang-ko‘kimtir, tetik odam edi. Ayol teskarisi — nimjon, ko‘rinishi odmi, ko‘zlari ma’yus boqardi.
Erning asl ismini mahallada kamdan kam odam biladi. Uni Nasihatxo‘ja deb chaqirishadi. Bu laqabni u bekorga olmagan: o‘zini barchadan dono hisoblab, hammaga aql o‘rgatadi — nonvoyga non yopishni, chevarga kiyim tikishni, ustaga imorat qurishni, amaldorga ishni tashkil qilishni.
Barchaga aql bo‘lardi-yu, ammo o‘zi hech kimning gapiga quloq tutmas, birorta odamning fikrini eshitishga toqati yo‘q edi. Sababi yana o‘sha — o‘zini hammadan bilimdon sanardi. Mahalla ahli undan bezillab qolgan, negaki, uchratgan odamining yoqasidan bo‘g‘ib to‘xtatadi-da, ezmalanib nasihatni boshlaydi. Hozir ham ichi yonib, tili qichishib o‘tirgandi, baxtiga, ko‘cha etagida Matqovul ko‘rinib qoldi-yu, yog‘li o‘ljani ko‘rgan ovchidek quvonib ketdi.
— Hoy bola, mundoq kel, — dedi buyruq ohangida.
Matqovul omadi chopmagan, noshudroq kimsa edi, to‘xtab salom berdi, so‘ng «nima deysiz» degandek savolchan boqdi Nasihatxo‘jaga.
— Senlarning dastingdan o‘ladigan bo‘lsak o‘lib bo‘ldik-ku, — achchiq ta’nadan boshladi so‘zni Nasihatxo‘ja.
Tomdan tarasha tushgandek bu xurujdan Matqovul dong qotib qoldi.
— Qachon bizlarni tinch qo‘yasanlar? — Nasihatxo‘ja endi do‘qqa ko‘chdi.
Matqovul arang o‘ziga keldi.
— Nima qilib tinchingizni buzibmiz?
— Iya, manavining gapini?! — Nasihatxo‘ja shox tashlab o‘shqirdi, — hech narsa bilmagandek nima qilib tinchingizni buzibmiz deydi-ya? Er-xotin Xudoning bergan kuni ko‘chani boshlaringga ko‘tarib qirilishasan. Qo‘ni-qo‘shnilarga na kunduzi tinchlik bor, na kechasi, jonga tegdi senlarning janjallaring!
Matqovul gunohkorona bosh egdi.
— Nima qilay, shunaqa noshukur bandaga yo‘liqqanman.
— Aybni xotinga to‘nkama, qars ikki qo‘ldan chiqadi.
— Siz uni bilmaysiz, g‘alvani doim o‘sha boshlaydi. Qachon boshqa erkaklarga o‘xshab ro‘zg‘or tebratishni eplaysiz, bolalar och-yalang‘och, deb quloq-miyamni yegani yegan. Maoshimni bir tiyinigacha qoldirmay qo‘liga olib kelib beraman, uch kunda ado qilib, yana diydiyosini boshlaydi, — Matqovul o‘ksib hasrat qildi.
— Gap maoshda emas, yaxshi topib gapiradi, yomon qopib, deydilar. Sen murosani bilmaysan, qo‘rssan. Xotin zoti shirin gapning gadosi. Do‘q urmay, Xudo xohlasa ishimiz yurishib ketadi, deya yotig‘i bilan tushuntirsang, tushunadi, — nasihatni boshladi Nasihatxo‘ja.
— Tushunmaydi, g‘irt nodon u, — e’tiroz bildirdi Matqovul, — necha marta aytganman, sabr qil, Xudo xohlasa boyib ketamiz, deb. Koshki gapga quloq tutsa, — Matqovul xo‘rligi kelib nolidi, — og‘zimni ochishim bilan «uylangan kuningizdan beri, mana yigirma yil bo‘lyapti, shu gapni qaytarasiz, boyish o‘rniga kundan kunga battar bo‘lyapmiz», deb itdek qopib beradi. Shundan keyin meniki ham tutadi, chidolmay so‘kaman, ta’sir qilmasa, gohida uraman.
— Ana endi siring oshkor bo‘ldi! Zo‘ravonsan, zolimsan! — nafrat bilan hayqirdi Nasihatxo‘ja. — Hoy bola, xotinni ursang bir kun seni xudo uradi. Shuni bir bilib qo‘y.
— Nima, unda xotindan qo‘rqib yashash kerakmi. Popugini pasaytirib qo‘ymasam, boshimda yong‘oq chaqadi.
— Seni men aqlli-hushli odam desam, g‘irt so‘tak ekansan-ku, — kuyinib davom etdi Nasihatxo‘ja, — xotindan qo‘rqmayman degan erkaklar johil bo‘ladi. Ayol kishi go‘dakdek behimoya. Bekorga zaifa deyishmaydi. Rosmana erkak ayolning hurmatini joyiga qo‘yadi, izzat-nafsini qadrlaydi. Mana biz opog‘oying bilan birga yashab kelayotganimizga o‘ttiz yildan oshdi. Shu davr ichida uni bir marta ham chertmaganman, chertish u yoqda tursin, hatto ovozimni balandlatmaganman. Ha, kaftimda olib yuraman. Ishonmasang mana, o‘zining yuz-ko‘zi, so‘ra o‘zidan, — Nasihatxo‘ja xotiniga yuzlandi, — Ayt, seni hech xafa qilganmanmi?
Opog‘oyi yoqinqiramay «yo‘q» degandek bosh chayqadi.
— Uyda janjal chiqishiga avvalo oila boshi — er aybdor, — hukm chiqarayotgandek sovuq ovozda davom etdi Nasihatxo‘ja.
Matqovul cho‘zilib ketgan nasihatlardan zerika boshlagandi, gapga chek qo‘yishning payiga tushdi.
— Bilaman, er jaraq-jaraq pul topib kelsa yaxshi, men bir qorovulman, topish-tutishim haligidek. Shundoq ekan, ming shirin gapiray, baribir yoqmayman xotinga.
— Yanglishasan! — Nasihatxo‘ja qizishib kuchandi, — jaraq-jaraq pul topib kelganing taqdirda ham xotiningni odam o‘rnida ko‘rmay xor qilar ekansan, oilangda inoqlik ham, halovat ham bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ayol zoti borki, yaxshi yeb, yaxshi kiyingisi keladi, yangi chiqqan kiyim-bosh, har xil taqinchoqlarga o‘ch bo‘ladi. Mana, opog‘oying ham haligacha uni olib bering, buni olib bering, deb xarxasha qiladi. Ra’yiga qarab «xo‘p, pul tushsa olib beraman» deyman. «Yo‘q» degan sovuq gapdan nasiya bo‘lsa ham shirin so‘z ma’qul. Shunda g‘alva chiqmaydi. Eru xotin san-manga bordimi, tamom, uydan baraka ko‘tariladi.
Matqovul Nasihatxo‘jadan qay yo‘sinda qutilishni bilmay, xit bo‘ldi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib yolvordi.
— Uzr taqsir, men nonga ketayotgandim…
Nasihatxo‘ja o‘ljasini osonlikcha qo‘ldan chiqarmaydigan g‘addor ovchilardan edi.
— Ba’zi erkaklar bo‘ladi, ikkiyuzlamachi, — Matqovulning uzriga mutlaqo e’tibor bermay davom etdi u. — Ular xotinga faqat o‘rinda shirin gapiradi, boshqa payt qo‘rslik, dag‘allik qilib zulm o‘tkazadi. O‘shanaqalar sadqai erkak ketsin!.. Men opog‘oyingni rosmana hurmat qilaman. Ba’zi noinsonflarga o‘xshab, butun og‘irlikni xotinning yelkasiga ortib qo‘ymayman. Qozon-tovoqqa, supur-sidirga ham qarashib ketaveraman, uy yumushi erkakning ishi emas, deb qaqqayib o‘tirmayman.
Matqovul og‘iz ochgani xezlangan edi, Nasihatxo‘ja yana imkon bermadi.
— Yana bir toifa quruq savlat dimog‘dorlar bor, xotin sudrab yurishdan nomus qiladilar. Men hech qayoqqa yolg‘iz bormayman. To‘y-hasham deysanmi, ziyofatmi, tug‘ilgan kunmi, kontsertu tomoshalargami, hammasiga opog‘oying bilan birga boramiz. Chunki jufti halolimning nafaqat kiyimiyu ovqatini bo‘ynimga olganman, balki…
Endi Matqovul Nasihatxo‘janing so‘zini bo‘ldi.
— Taqsir, magazin yopilib qolmasin, uyga quruq qaytsam, xotin ikki yamlab bir yutadi, — rosmana yolvordi Matqovul.
— Borasan, obedga hali bor! — jerkib berdi Nasihatxo‘ja, — shoshilmasdan gapni eshit, jindak mag‘zini chaq. Nega jon achitib gapiryapman senga? Mendan ibrat olgin, demoqchiman. Bizlardan ibrat olsang, kam bo‘lmaysan, oilang bilan tinch-totuv, huzur-halovatda yashaysan, janjal nimaligini bilmaysan…
— Xo‘p, taqsir, ibrat olamiz! — dedi sabr kosasi to‘lgan Matqovul, so‘ng, «xafa bo‘lsa bo‘lar» deb juftakni rostlab qoldi.
— Gapni uqdingmi, xotinni hurmat qil, asl erkak bo‘lsang! — Matqovulning ortidan qichqirdi Nasihatxo‘ja gapi chala qolganidan achchiqlanib, — tavba, bularga yaxshi bo‘lgin, deb nasihat qilsang, eshitish malol keladi!
Nasihatxo‘ja sal hovuridan tushib, xotiniga yuzlandi.
— Ancha damingni olvoldingmi, onasi?! Endi turaqol. Men birrovga Bositxonga uchrab ketaman, sunnat qilmoqchi ekan, bilay-chi, qancha guruch damlamoqchi, qancha odam aytmoqchi. Ha, mahalladan bemaslahat ish tutmasin. Sen boraver, onasi, bu yog‘i ozgina qoldi, bir hafsala qilsang, yetib olasan.
Ayol bir emas, ikkita zil-zambil xaltani arang ko‘tarib o‘rnidan turdi, oyoqlari chalishib, inqillab-sinqillab yo‘lga tushdi.
— Hoy, ehtiyot bo‘l, tag‘in yiqilib o‘t-bo‘tingni mayib qilib o‘tirma, — so‘nggi nasihatni berdi Nasihatxo‘ja va Bositxonnikiga kirib ketdi.