Bozor avjida. Birov bilan birovning ishi yo‘q – har kim o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yotibdi. Xaridor chorlayotgan sotuvchilarning yuzi issiq tandirga bosh suqqan novvoynikiga o‘xshaydi – bari bir xil tusda, go‘yo foyda atalmish zahar-zaqqumning achchig‘i yuzaga urganday…
Rasta oralab yurish – xorlik. Tirbandlik shirinlikka yopishgan ari galasini eslatadi. Oyoqni bosgan bezbet, bozor ko‘rganlar soxta tirjayib uzr so‘rashgan bo‘lib, ustingizdan kuladi. Anoyilarning usti ham, kayfiyati ham shilta. Ammo biror bandaning alamzadaligini ko‘rmaysiz. Hamma yoqda hisob-kitob. Pulning mayin shildirashiyu unda-bunda yangrayotgan yog‘och cho‘tlarning shaq-shuqi…
To‘satdan taralgan qichqiriq ulkan bozorni bir lahza domiga tortdi: “Xaloyiq! Gilam bozorida o‘g‘ri ushlandi! Pulingizga ehtiyot bo‘ling! Xaloyiq…”
Sukunatni qorachadan kelgan, shop mo‘ylov, semiz odamning: “Padarla’natni toshparon qilish kerak! Ur, uni!…” – degan hayqirig‘i buzdi. Bozor oldingidan ham battar shovqinga to‘ldi. Hamma gilam bozoriga endi. Moli toptalgan sotuvchilarning so‘kinishi o‘g‘ridan nafratlangan olomon g‘ala-g‘ovuriga aralashib ketdi…
Gilam bozor kunjagidagi “Kamaz”ning ustida uchta mo‘ylovdor tasqara yigit baland bo‘yli, ko‘zlari botib ketgan, jag‘ suyaklari turtib chiqqan bir bechoraning qo‘llarini orqaga qayirib tutib turibdi: “Haromi, senga gilam kerakmi? Ma, ol!” Yigitlarning g‘o‘labir baqalog‘i o‘g‘rining qorniga qulochkashlab tushirdi. Qolgan ikkitasi moshinning ustiga tashlangan quyosh nusxa gilamga aybdorning burnini ishqalay boshladi. So‘ngra uning aftini olomonga ko‘rsatdilar – yuzi momataloq bo‘lib ketgan, labi va burnidan qon tirqirar edi…
Baqaloq gilamfurush uning sochidan tortib, yuzini odamlarga ko‘rsatar ekan: “Xaloyiq, ko‘rib qo‘ying, bu – gilam o‘g‘risi!” deya ovoza qildi. Kimdir so‘kindi, kimdir “toshbo‘ron qilish kerak”, deb luqma tashladi. Jabrdiyda tuyqus bir yulqinib raqiblari qo‘lidan chiqdi-da, nolindi:
– Ey musulmonlar, axir, men o‘g‘irlamadim! Menga bir ayol-xaridor gilamni bozor chetiga olib chiqib bersang, ellik so‘m beraman, dedi. Men kirakashman, xolos… – u so‘zini yakunlab ulgurmadi. Haligilar yana uning qo‘lini qayirib tiz cho‘ktirdilar.
Shunda olomon ichidan oppoq soqolli, oltmishlar chamasidagi bir chol mashinaga chiqib, o‘g‘rini urmoqchi bo‘layotganlarning qo‘lidan bo‘shatdi:
– Qani, to‘xtanglar! To‘xta deyman senga, hov!
Chol yoshiga yarashmaydigan epchillik bilan ularni siltab tashladi-da, o‘g‘rini bilagidan tutib, olomonga yuzlashtirdi:
– Oralaringizda shu bandaga gilam olib chiq, degan xaridor bormi? – Bozorga sukunat cho‘kdi. Chol yana so‘radi:
– Kim shu odamga gilamimni olib chiqib ber, degan bo‘lsa, aytsin. Begunohni jazolash – gunohi azim! Aytinglar, men gilamchilardan gunohini so‘rab beray! Hammamiz xom sut emgan bandamiz – pulini berib ulgurmagandir? Sotuvchilar adashgandir…
Sukunat buzilib g‘ala-g‘ovur qo‘pdi:
– Kim o‘z molini o‘g‘riga beradi?
– Bekor gap, ana, shuncha kirakashlar bor! U – o‘g‘ri.
– O‘g‘rining jazosi – o‘lim!
– To‘xta, xaloyiq! Buning o‘zini ham eshitib ko‘raylik!
– O‘g‘lim, men Hoji otaman! O‘zingni oqlash uchun nima deysan?
– Hoji buva! Xudo ursin, agar gilam olgan bo‘lsam! Men ko‘pning xizmatini qilib yurgan odamman!…
– Ay buva! Birovni ishiga nima qilasiz aralashib?! – Baqaloq gilamfurush bepisand gap qo‘shdi.
– Sen jim tur! Agar joningni xomtalash qilsa ham musulmon bandasi birovni bunday xo‘rlamaydi. Qoch, bola! O‘zim oracha qilaman.
Xomsemiz dumbador chekindi. Chol yana jabrdiydadan so‘radi:
– Hov yigit! Mijozing kim edi? Ayol bo‘lsa, yoshmi, qarimi?
– Ey xudo! Qari kampir edi. Hatto bozordan chiqolmayapman, devdi, olti yashar qizchamni qo‘shib, darvozaga yo‘lladim. Enasi og‘ir yotibdi, o‘zim bilan olib chiquvdim…
– Qizing hali kampir bilanmi?
– Ha, yo‘qolib qolmasa go‘rga edi…
Yigit cholga qarab javob berar ekan, bir necha bor qon tufladi, munkiblar ketdi. Uning so‘nggi so‘zlaridan keyin gilamfurushlar beixtiyor qo‘llarini orqaga olishdi. Haligi baqalog‘i esa nari borib papiros tutatdi. Tomoshatalablardan kimdir jabrdiydaga suv tutdi.
– Qizingning ismi nima?
– Binafsha…
– Xaloyiq! Kim shu bandaning olti yashar, Binafsha ismli qizini ko‘rdi?
Ulkan gilam bozori suv quyganday jim bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik hayajon ichra bolalarining qo‘llarini mahkam changalladi. Chol yana takrorladi:
– Kim Binafshani ko‘rdi? Olti yashar qizcha adashib qolibdi.
Javob bo‘lmadi. Kutilmaganda tizzalab o‘tirgan ota o‘rnidan ingranib turdi-da, nimadir dedi. Chol, “jim” degandek, o‘ng qo‘lini ko‘tardi. Olomon tinchidi. Shundagina otaning ingroq ovozi eshitildi:
– Binafsha! O, Binafsha! Qayerdasan, qizim? Enajon, eshitayotgan bo‘lsang javob ber! Men – dadangman!
O‘sha ondayoq: “Dada! Dadajon”, degan chinqiriq sukunat bag‘rini tilib yubordi. Kunbotar tomondagi odamlar ikkiga bo‘linib, “yo‘l” ochdi. Dattigina, jingalik sochli qizcha otasining qoshiga yugurib keldi. Kimdir mashinaga chiqardi. Binafsha dadasini achomladi. Ayollarning ko‘zlarida yosh qalqidi.
Chol, xuddi duo o‘qiyotgandek, ko‘kka qarab pichirladi.
– Binafsha! Sen yetaklab ketgan momong qani?
– Darvozada. Charchabdi-la, siz-a qarab o‘tiribtil-a. Ey, siz yiqilib kettiyizmi? Og‘rimayaptimi, dada?
– Yiqilib ketdim, og‘rimayapti, – yigit mashinadan sakrab tushdi va qizchasini bag‘riga bosdi.
Chol gilamchilarga nimadir dedi, ammo tarqalib borayotgan olomon g‘ovuri ostida uning so‘zlarini anglab bo‘lmas edi. Gilamchilarning yoshrog‘i bir gilamni ajratib olib cholga uzatdi. U gilamini qo‘ltiqlaganicha bozor darvozasi tomon ketdi.
Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas bozor yana avjiga chiqdi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son