– Shabnam, qizim-onam, tetik bo‘l! Mana men, ko‘rdingmi?! Qo‘rqma, qizim-jonim! Men shu yerdaman-a?!
Dorboz gap tashlaganda doira sasi tinadi. Otaning ovozi titrab ketadi. To‘rt gaz balandlikdagi dor ustida, qizchaning kiftini tutib turgan o‘spirin qo‘llarini oladi. Qizchaning ovozi jaranglaydi:
– Labbay, dada?
– Xudoga shukr! Ena qizim, men senga duo olib beray…
– Mayli, dada…
– Xaloyiq! Qildor ustida, qaldirg‘och yo‘lida yurayotgan Momo Havo avlodiga bir duo bering!…
O‘z tashvishi bilan yakkam-dukkam qadam tashlab o‘tayotgan Chol dorni ko‘rsa-da bee’tibor ketayotgandi. U qildor ustidagi qizchani ko‘rib qolgach, bir balodan uzoqlashmoqchiday qadamini tezlatgan bo‘ldi. Ammo «duo»ni eshitib, yuk xaltasiga o‘tirganicha beixtiyor tomoshabinga aylandi.
Olomon duoga qo‘l ochdi.
– Shabnam, jigarim, ko‘zim qorasi, boshingda nima bor?
– Toji davlat!
O‘spirin dorda turganicha unga «Bale!» deya jo‘r bo‘ldi.
– Ko‘zingda nima bor, nuri diydam?
– Nuri Muhammad!
– Bale!
– Tilingda nima bor?
– Kalima-i shahodat!
– Bale!
– Qulog‘ingda nima bor, gulim?
– Azoni qiyomat!
– Bale!
– Balli, qizginam!
So‘ng ota-dorboz uzun duo o‘qidi. Bahovuddin balogardondan tortib, Samarqandda o‘tgan aziz-avliyolar, anbiyo-yu zikriyolar nomini aytib, duoga qo‘l ochganlarning farzandsizlariga farzand, to‘ysizlariga to‘y, safardagilariga omonlik va hokazo-hokazolarni Yaratgandan ko‘zdan yosh chiqqudek tilab, so‘radi. Duodan junbushga kelgan ixlosmandlar, umidvorlar yo shunchaki ko‘ngli bo‘shlar duogo‘y dorbozning qo‘liga pul tutishdi. Masxaraboz bir quti keltirib dorboz oldiga qo‘ydi. Pul berish cho‘zildi. Dorboz cho‘kkalab olganicha pul tutayotgan sunnat yoshidagi bolakaylarning peshonasini siypalar, shu bilan birga dasta-dasta pullarni changallaganicha qutiga tashlab ulgurardi… Uning og‘zi bir lahza ham tinmasdi: «Avliyolar Ibrohim, Ismoil, Makkai muazzam, dinlarni chirog‘i Imomi A’zam, Shayx Ahmad, Zinda fil, Imomi Shofe’iy… va yana Allohim o‘zi Murabbiy…
Dorbozning tili tinmaydi-yu, ko‘zi olma teradi. Biror kimsaning davraga chiqishga ikkilanayotganligini ko‘rsa tag‘in hamdga zo‘r beradi, ming azob bilan dostonchi-baxshilardan o‘rgangan duolarini takrorlashini qo‘ymaydi, o‘tkir nigohlari bilan ikkilanuvchini «jodulaydi». Gipnoz ta’siridagi banda o‘rtaga chiqib «atagani»ni tashlab ketganini bilmay qoladi…
Dorbozning duogirligidan tomoshabin cholning ko‘ngli zil ketdi. U tinimsiz yuz-ko‘zini, oppoq soqolini siypalar, ko‘zlaridan yosh tirqirardi.
Ota-dorboz qildor ustidagi qizchasiga vaqti-vaqti bilan nazar tashlaydi; nigohlari bilan o‘spiringa «buyurib» ulguradi. O‘spirin yana qizchaning kiftini tutadi…
Dorbozning zikri va nazr yig‘ishi davom etaverdi. Endi u yakka kelib alohida duo so‘rayotganlarning iltimoslarini bajarishga o‘tdi. Hijob kiygan bir juvon dorboz oldiga kelib, uning kiftini tavof qildi. Qo‘liga bir changal pul tutganicha, dorbozga nimalarnidir pichirladi. Dorboz duo aytdi:
– Yo, Alloh! Xaloyiq! Shu singlim mendan baxti ochilishini so‘rab duo olib berishimni iltimos qildilar. Men bu duoni sizlardan olib Egamga yo‘llovchi bandaman! Men qildor nonini ona sutiday halollab yeyapman, duoyim ijobat bo‘lar… Qani, xaloyiq, bir duo qiling! Yo, Xudo! Karimsan, Samadsan, rahm aylab yor bo‘lgin nochor qullar-a! Haybatimdan titrar fili farangi, Toshkandning mulkida Erbobo Zangi, tavba qildim men gapirsam baland-pas, har bandadan baland bo‘lur cho‘pu xas; Sohibning sardori, ey Said Vaqqos, sadag‘ang bo‘layin G‘avs bilan G‘iyos, haqning g‘aznachisi Xo‘jai Xizr, shu banda dardiga davosin bergil…
Duoning shu yeriga kelganda cholning sabri dosh bermadi. U goh chiqarib, goh bekitayotgan pulini shartta bir kelinchak orqali dorbozga uzatib yubordi.
Dorboz omin qilib ulgurmadi – davra atrofidagi ayollar yopirilishdi. Ojizalar duogirning kiftini, yelkasini, kiyimlarini tavof qilishardi. Dorboz esa uzatilgan qo‘llarga alangsiraganicha gap qotishni kanda qilmasdi: Qutiga, qutiga! Ataganingizni qutiga tashlang!..
Bir ozdan so‘ng, dorboz niyat qilguvchilar qolmaganligini anglab, davra aylanganicha, duoning oxirini kalta qildi.
Duodan keyin dor ustidagi Shabnam-qizaloq zir yugurib, o‘spirinning yelkasiga chiqib, raqslar tushib, tomosha ko‘rsatdi. Atrofni qarsak tutdi. Qizcha dordan tushirilgach, tosh o‘yinlari boshlandi. Ota-dorboz o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ikki pudlik toshlarni osmonga otib, kifti bilan turtib, ildi.
Tosh o‘yinlari paytida xotin-xalaj siyraklashib qoldi. Katta yoshdagi erkak tomoshabinlar ham uzoq ushlanishmadi – dor atrofida endi ko‘proq yosh-yalang uymalashardi.
Dorboz vaziyatni ilg‘ab, ochiqdan-ochiq nayrangga o‘tdi: yengil, bir pudlik toshlarni chirpirak qilib o‘ynay boshladi…
Butun tomosha davomida otaxon yuk xaltasiga o‘tirganicha o‘yinlarni kuzatar ekan, uni allaqanday zavq, anglab bo‘lmas sir dorbozlar o‘yiniga mahliyo qildi. Qariya hatto ota-dorbozning qallobligiga xayrixohlik bilan miyig‘ida jilmayib qo‘ydi…
Olarini olib bo‘lgan, o‘yinning avj nuqtasini o‘ynab ulgurgan ota-dorboz charchadimi, zada bo‘ldimi, o‘z hunarini birdan, kutilmaganda to‘xtatib, beso‘naqay, daroz masxarabozga o‘dag‘ayladi: «Hov, tuyaday lo‘killamay, boshlasang, o‘lasanmi?!».
Masxaraboz mikrofonni jadal qo‘liga olganicha ota-dorbozga qarata o‘z hunarini – so‘z o‘yinini boshladi:
– Polvon tog‘o, hov Polvon tog‘o!
– Nima deysan, So‘tak?
– Sizni dono deb eshitaman…
– Nima qilibdi…
– Sizga bitta savol bersam devdim-da…
– Xo‘sh?
– Javob bera olarmikansiz?
– Ha endi… Sen so‘rab ko‘r-chi!…
– Qishloqdagi ammamning bir qari sigiri bor. Qachon qaramay doim ko‘zi yoshli turadi… Nega sigir yig‘laydi, a?
– Ha endi, ochdir, balki ammang vaqtida sog‘magandir…
– Yo‘q! Qorni doim to‘q: jezzam bedapoyaga qorovul. Ammam ham vaqtida sog‘adi – u chakkifurush…
– Unda nimaga yig‘laydi ammangning sigiri?
– Eri sizga o‘xshagan ho‘kiz bo‘lgach, yig‘laydi-da…
– Xap, seni ammangni sigirini…
«Gur-r» kulgu ko‘tariladi. Dorboz masxarabozni quvlaydi.
Chol masxarabozning hazilidan kulib yubordi. Ammo kap-katta dorbozning beso‘naqay harakatidan ko‘nglida g‘ashlik sezdi.
Dorboz sun’iy quvlashini davom ettirdi. Tomoshabin yosh-yalang hazildanmi yoki boshqadanmi hushtak chalib shovqin soldi.
Chol o‘rnidan turib choponining barini qoqqan bo‘ldi. U nimanidir eslab, ketishga taraddudlandi. Shu payt katta dorbozning g‘ayritabiiy hayqirig‘idan seskanib, o‘yingohga so‘nggi bor keskin nazar tashladi.
…Bu payt dor maydonini o‘n-to‘rt-o‘n besh yoshlardagi bir o‘spirin kesib o‘tib, dorga chiqadigan narvonga osilib ko‘rayotgan edi. Uni dorga chiqmoqchi deb o‘ylagan dorbozning hayqirig‘i o‘shanga ekan:
– O‘v, haromi! Padarla’nati, dorga osilma! Hey seni yaratganni… Qo‘llaring akashak bo‘lsin, iloyim!…
Chol dorbozning so‘zlaridan junjikdi, so‘ngra ranjib ketdi. Shartta noskadisini oldi-da, nos otdi. Keyin qopini shitob bilan o‘ngiriga qistirdi-yu, ketishga shoshildi.
Uning qulog‘iga masxarabozning so‘nggi hazili ilashdi:
– Polvon tog‘o, hov Polvon tog‘o!
– Nima deysan yana, So‘tak?
– Siz bilasizmi…
– Nimani?
– Men afsuslanayapman hozir-hozir, judayam afsuslanayapman…
– Nimadan afsuslanayapsan?
– Agar basharangiz tozaroq bo‘lganda tuflamoqchi edim-da…
Qo‘sh nog‘oralar shovqinidan katta dorbozning gaplari eshitilmay qoldi.
Chol qadamini tezlashtirdi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.