Erkin Norsafar. Zulmat va alanga (hikoya)

Qish fasli. Tong. Ko‘k yuzini bulut qamragan, atrofni tutgan yengil tuman oynadek yiltirab, namxush havoning achiqqan sovuq zahri qordan darak berib, dimoqni shisha sinig‘i yanglig‘ ayovsiz tilimlaydi. Yalang‘och borliqning ayanch manzarasidan tom ustida hurpaygan kaptarlar, sovuqdan tayoqdek qotgan torlaridagi kirlari shamoldan tebranayotgan, chetdan kimsasizdek tuyulib to‘rsayib turgan uylar yanada mung‘ayib, g‘arib tortgandek. Ahyon-ahyonda esayotgan shabada xiralashib qolgan fonuslar yog‘dusi singan yo‘l bo‘ylab sochilgan xazonni supurib, uy devorlariga sochadi, sovuqdan junjikib, munkayganicha sudralgan yo‘lovchining etagiga osiladi, mudroq daraxtlarning quyuq kulrang tanasiga suykanib, shoxlarini tebratadi.
Tonggi ibodatga chorlab cherkov qo‘ng‘irog‘i baralla bong ura boshladi. Shovqindan go‘yo sovuq zahriga darz ketgandek bo‘ldi, daraxt shoxlarida mudrab o‘tirgan qarg‘alar shovqin solishganicha havoga ko‘tarilishdi. Bularning barchasiga beparvo bir to‘da daydilar yo‘l chetida xazon va shox-shabbalar gulxanida isinib o‘tirishardi. Atrofni olovdan taralayotgan ko‘kimtir tutunning achimsiq hidi tutgan. Daydilar sovuqdan asranish uchun topgan-tutganlarini egnilariga ilishgan, kir-chir lata-puttalar bilan ochiq-yamoq joylarini obdon o‘rab olishgan edi. Qog‘ozga xazonni o‘rab chekishganicha iflos yerga yonboshlab olishib, dunyoda o‘zlaridan boshqa hech kim yo‘qdek baqirishib-chaqirishib gaplashishardi. Ulardan ancha narida, chiqindi idish yoniga kelib to‘xtagan o‘rta hol egni boshdagi oqsoch odamga e’tibor ham berishmadi. Hashamatli uylarning biridan chiqqan munkaygan xizmatkor kampir qo‘lida ikki paqir chiqindini idishga ag‘darib ortiga qaytdi. Daydilar gap bilan bo‘lishib, kampirning kelib-ketganini payqamay qolishgandi. Kampir uzoqlashishi bilan haligi odam idishni titkilab, nimalarnidir og‘ziga sola boshladi. Kutilmaganda gulxan atrofida isinib o‘tirganlardan biri sergak tortdi.
– Ie, anavi nusxa kim bo‘ldi? Nasibamizga sherik bo‘layaptimi, ur uni!
To‘da birdan oyoqqa turdi. Ulardan biri turtinib-suringanicha avvalroq yetib kelib, non burdalari, yaxshi g‘ajilmagan etni yutoqib og‘ziga solayotgan kishiga musht tushirdi. Musht zarbidan qulagan odamni kaltaklab, xumorlaridan chiqishgan daydilar uni o‘z holiga qo‘yishib, chiqindi idishga yopishishdi. Kaltaklangan odam uzun bo‘yli bo‘lib, aqlli va muloyim boquvchi ko‘zlari ostining salqib turgan terisidan yuragi xastaligi bilinib turardi. Inqillagancha o‘rnidan qo‘zg‘alib, labidan oqqan qonni artganicha narida jimgina bo‘zarib qoldi.
– Qorangni o‘chir bu yerdan, tekinxo‘r, aristokrat! – deya musht tushirgan daydi unga chirigan kartoshka uloqtirdi.
U odam kartoshkaga qarab qo‘ydi. Daydilar kavshanishib, g‘o‘ng‘irlashganicha ortlariga, gulxan atrofiga qaytishdi. U odam ham shu atrofda aylanib yurdi, boshqa unga e’tibor ham berishmadi. Biror kishi chiqindi olib kelsa yugurib borishar, talashib-tortishar, mushtlashib, yoqalashishgacha ham borishar, keyin yana jimgina hech narsa o‘tmagandek gulxan atrofida xoxolashib, kulishib o‘tirishardi. Kechga yaqin ularning safi ancha kengaydi. Tun yarimiga borib, havo chinnidek chirsillab, sovuq haddidan oshdi. Nariroqda, daraxt ostida qo‘nishib o‘tirgan haligi kishi daydilarning tez-tez qarab qo‘yishayotganlaridan gap o‘zi haqida ketayotganligini angladi. Daydilardan biri unga “kel” – deya imladi. U o‘rnidan turib, engashganicha olovga yaqinlashdi. Davradagilar surinib, gulxan yaqinidan joy berishdi. Musht tushirgan daydi, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, katta-katta chuqur ko‘zli, yo‘g‘on jag‘ini kalta va siyrak tuk qamragan kishi harbiylarning qiyshaygan alyumin idishida qaynoq suv tutdi. Boshqa biri qotgan non bo‘lagini, yana biri esa cho‘g‘da ko‘mib pishirilgan kartoshka uzatdi.
– Mening ismim Pol, – dedi u, – bular Jak, Daniel, Kann, Russo, Dano, Meri xonim… – u atrofidagilarni tanishtirdi. – Isming nima?
– Mishel, – dedi u odam xirqiroq ovozda.
– Bizga o‘zing haqingda gapirib ber, kimsan, ota-onang kim, nima ish qilgansan, mayli, seni qoloq va sarqitlardan iborat jamiyatimiz fuqaroligiga qabul qilamiz, – dedi Pol.
– Mishel Marsel, teatrning yetakchi aktyori edim.
– O, zo‘rsan-ku! Bu yerlarga qanday kelib qolding?
– Olti oy avval ishdan ketdim. To‘g‘rirog‘i, haydaldim.
– Shunday joydan nega ketding? Tayyor ish, maosh. Biror gunoh qilib qo‘ydingmi?
– Shunga yaqinroq.
– Bu nima deganing? Tushuntiribroq gapir!
– Tomoshabin yig‘ish uchun teatrda mantiqsiz va mazmun-maqsadi bo‘lmagan kassabop spektakllar sahnalashtira boshlashdi…
– Vijdoning bunaqa tuturiqsizlikni hazm qila olmagan. Bu oliftachiliging uchun esa haydashdi, shundaymi, janob sobiq aristokrat?
– Ha.
– Parvo qilma, biz bilan ivirsiyversang, o‘lmasliging uchun hamma narsani hazm qila oladigan bo‘lasan.
– Boshqa ish izlamadingmi? – luqma tashladi kimdir.
– Boshqa ish qo‘limdan kelmaydi-da.
– Teatrda necha yil ishlading?
– O‘ttiz besh yil.
– Esiz o‘ttiz besh yil! Ha, nima ham derdik, keragingda foydalanib, keyin ketingga o‘xshatib bir tepishadi, – deya kimdir alamli luqma tashladi. – Kamiga iflos va pastkashga ham chiqasan.
– Arslon balki sirtlon bilan murosa qilar, ammo haqiqiy iqtidor egasi hech qachon o‘zini ajdaho naslidan biladigan o‘laksaxo‘rlarga bosh egmaydi! Qayg‘urma, bu yerda yolg‘iz sen emassan. Mana, Jak, tengi yo‘q rassom, – Pol shunday deb chuvakkina, uzun soqolli kishini ko‘rsatdi. – Butun Frantsiyangdan skripkani ezib chaladigan birorta Russodek odam topib bera olmaysan, – deya kichkina yuzli, moviy ko‘zli nozikkina yigitni ko‘rsatdi. – Men o‘zim esa quvilgan til-adabiyot o‘qituvchisiman. Darvoqe, oilang bormidi?
– Yo‘q, – dedi Mishel.
– Omading bor ekan!
– Nega? – so‘radi Jak.
– Ayollarga, muhabbatga ishonib bo‘lmaydi, – deya og‘ir xo‘rsindi Pol. – Ular tig‘siz so‘yishadi.
– To‘g‘ri aytasan, yigitcha, – dedi qisiq ko‘z, kulchadan kelgan zahil yuzli, oqargan sochlari chakkasiga tushib turgan qarimsiq Meri ismli juvon, tamakidan sarg‘aygan kemshik tishlarini ko‘rsatib ma’nisiz irshayar ekan. – Ayol xuddi mushukka o‘xshaydi, orqasini kim silasa, o‘shaniki bo‘ladi. Shuning uchun go‘zalini emas, menga o‘xshagan tasqara, to‘rsayganini top, sendan boshqasini deya olmaydi.
Baralla yangragan kulgi va qiyqiriq tungi sukunatni buzdi.
Bu gapdan so‘ng Mishelning yuragini bir o‘y tilib o‘tdi. Ayolning mushukka qiyoslangani unga g‘alati tuyuldi, nazarida qay ma’noda Meri haqdek edi. Ko‘z oldidan deyarli har tun bezovta qiladigan cherkovdagi mudhish va ayanchli manzara o‘tdi…
– Ha, mayli-da, – dedi Pol. – Ber idishingni, qaynoq suvdan ich, isiysan.
O‘sha tun gulxan o‘chmadi, barcha gulxan yaqinrog‘iga yotib, bir-birining pinjiga kirib uyquga ketdi.
Shunday qilib, bir vaqtlar qator rollari bilan sahna va tomoshabin qalbini larzaga solgan Mishelning darbadar kunlari boshlandi; Mishel ham bora-bora daydilarning biriga aylandi. Ularning o‘z hududlari bo‘lib, boshqa daydi bu hududga kirishi mumkin emasdi. Ba’zida hudud talashishib, guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar ham bo‘lib turar, bu ko‘p hollarda fojiali tarzda yakunlanardi. Mishel ham bu kabi to‘qnashuvlarda qatnashdi, urdi, kaltak ham yedi. Ular talashgan narsa esa biror kattaroq mahalla yoki oshxonaning chiqindixonasi bo‘lardi.
Marhamatli bahorning so‘ngida, butun yoz va kuz faslining boshlaridagina yuvinib olishar, u yog‘iga sho‘ring qurg‘ur badanu bosh suv nimaligini unutardi. Bunga shu qadar o‘rganib qolishgandiki, ko‘p hollarda sovuqdan erinishib, yuz-qo‘llarini ham yuvishmasdi. Kirlangan, chiqindixonaning badbo‘y hidi urib, terdan qotib ketgan egni- boshda yuraverishar, shu sababli odamlar ulardan irganishar, xuddi hayvonga qilingandek munosabatda bo‘lishardi.
Mishel ham odamlardan uzoqroqda yurar, ularga havas qilmas, jisman, ma’nan ham ruhan qashshoqlanib bormoqda edi. Bozor va mahalla chiqindixonalarini kezishar, qo‘lga ilingan yemakni iste’mol qilishardi.
Shunday kunlarning birida «ov»ga chiqqan Mishel eskirgan, buzilgan narsa yeb, og‘rib qoldi. Yurishga madori qolmay, duch kelgan kimsasiz, tashlandiq uyning yerto‘lasiga tushib, matras uvadasi ustiga o‘zini tashladi va bir necha kun shu yerda qolib ketdi. Butun vujudi bezgak tutgandek titrar, qorni og‘rib, tinmay o‘qchir, og‘riqning zo‘ri va darmonsizlikdan qaro terga tushib ketgandi. Yerto‘la qorong‘i, juda xaroba, tartibsiz ahvolda bo‘lib, singan stol-stul, karavot, turli temir-taqa va keraksiz buyumlar bir tomonga uyulgandi. Unda-munda sichqon-kalamushlar yugurgilab, o‘lja ilinjida kirgan mushuklar izg‘ib qolishardi.
Mishel ko‘ngli aynib qayt qildi. O‘zini juda yomon his qildi, og‘riqning zo‘ridan ingray-ingray hushidan ketdi. Tush ko‘rdimi, yo ko‘z oldidan o‘tmishi birma-bir o‘tdimi, anglay olmadi.
…Ota-onasining kimligini bilmasdi. Bilgani, eslay olgani: pastqam tosh devorli zax xona, allaqanday chirindi, achimsiq ba’zan bug‘ aralash hidlar, ko‘pirayotgan mag‘zava, hatto, devorlargada singib ketgan sovunning yoqimsiz hidi, kir-chir yamoq peshband va bo‘liq, sovuqdan gezarib, ko‘karib ketgan mehribon qo‘llar tafti. Chiroq yorug‘ida harakatlanayotgan devordagi ulkan ko‘lankalar. Dorga ilingan hisobsiz kirlar… Murg‘ak qalbi idrok eta olgani shu, xolos. Keyin bular o‘rnini cherkov qo‘ng‘irog‘i shovqini, quloqni qomatga keltiruvchi uzundan-uzoq duolar egalladi…
Bir oz aqlini taniy boshlagach, rohiba Terezadan cherkov oldida tashlab ketilganini bildi. Shu yerda qolib, bosh rohib, yetmishdan oshib qolgan izuet otaxonning xizmatida bo‘ldi. Bu inson chindanda taqvodor, solih iymonli kishi edi. Izuet otaxon hayotda to‘g‘ri so‘z, halol inson bo‘lishni va haqiqat-ezgulik uchun kurashib yashashlikni uning qalbiga singdirdi. Uning o‘gitlariga amal qilgan Mishelning ishi yurishmadi, biri ikki bo‘lmadi, butun hayoti yolg‘izlikda o‘tdi…
Unga ko‘p mehribonliklar ko‘rsatgan bu otaxon olamdan o‘tgach, o‘rniga boshqa rohib keldi. Mishel unga ham avvalgidek itoat va sadoqat bilan xizmat qilib yuraverdi. Kunlardan bir kun ibodatdan so‘ng rohib uni bir yumush bilan tanish savdogarnikiga jo‘natdi. Bu savdogarning uyi ancha olisda bo‘lib, baxtga qarshi shaharga otlangan savdogarning o‘zi yo‘lidan chiqib qoldi. Mishel rohibning topshirig‘i va omonatini savdogarga topshirgach, yo‘l yarmidan ortiga qaytdi. Odatda, hamisha ochiq turadigan ibodatxona eshigi yopiq ekan, orqa eshikdan kirishga to‘g‘ri keldi. O‘sha tomondagi tosh zina ostida joylashgan ayollar kiyinish xonasi yonidan o‘tib ketayotib, qulog‘iga ayol kishining nozlanib hiringlagan, erkalanib kulgan ovozi va erkak kishining bo‘g‘iq hansirashi eshitildi. Ayol ovozi yurakni o‘rtar darajada tanish edi. Qiziqish ustun kelib, shoshishgani bois va ehtiros zo‘ridan zinokorlar yopishni unutgan yog‘och eshikni ochib ichkariga mo‘raladi-yu…
Rohibning bag‘rida huzurning zo‘ridan ko‘zlarini yumib, mushukka o‘xshab miyovlayotgan xizmatkor qiz Mishelni ko‘rib avvaliga baqadek qotdi, so‘ngra ovozining boricha chinqirib yubordi. Qo‘rqib ketgan semiz, qorindor rohib o‘rnidan irg‘ib turmoqchi bo‘lib, o‘zini o‘nglay olmay yonboshiga qulab, kalta, semiz oyoq-qo‘llarini beo‘xshov tipirchilatganicha qolaverdi. Bu jirkanch manzara Mishelning ko‘z o‘ngida abadiy qolib ketdi.
Mishel eshikni bor kuchi bilan qarsillatib yopdi, aslida u o‘z yuragining insonlarga bo‘lgan ishonch eshigini yopgandi. U ko‘zlaridan hisobsiz yoshlarni oqizganicha boshi oqqan tomonga yugurib ketdi. U aldangandi, ibodatga va muhabbatga to‘la qalbi chilparchin bo‘lgan, ma’nan go‘zal ilohiy pok olamida ishonch deb atalmish ulug‘ tuyg‘uga darz yetgandi. Eng alam qiladigan jihati, qiz va’dalashgan, izhori dil qilgan sevgilisi edi.
Endi u, hatto, sevishdan ham qo‘rqib qolgandi. Shu tuyg‘u bilan qalbiga ayollarga nisbatan nafrat va ishonchsizlik tuyg‘usi kirib keldi va keyin tug‘ilgan savollarga ham hayotdan shu tarzda javob topib, mazkur qarashlari abadiy muqarrarligicha qolib ketdi…
U yig‘iga monand qandaydir ovozdan seskanib uyg‘ondi. Tun qorong‘isi ekan. Avvaliga o‘tmishdagi og‘riqli tushi sabab qaerda ekanini anglay olmay garangsidi. U o‘zini hali ham cherkovdan qochib chiqqan holda, yomg‘ir ostidagi loy ko‘chada turgandek his qilgan, shu tarzda uyg‘ongandi. U bu tushlarni ko‘p, juda ko‘p marotaba, deyarli har kecha: cherkovdan ketib ko‘chma tsirk masxaraboziga yordamchi bo‘lib ishga kirganda ham; u yerdan ketib teatrda ishlab yurgan kezlari ham ko‘rardi. Bu tush ruhiga, jismi-joniga sitilib kirib, qalbi-shuuriga qo‘rg‘oshin suvidek singib ketgandi.
Zax va qo‘lansa hidli, eshik-derazasiz yerto‘la chidab bo‘lmas darajada sovuq bo‘lib, ichkarida o‘lja talashayotgan ikki mushuk bor ovozda vahima solib miyovlashardi.
Bu yerda o‘lsa mushuk va kalamushlarga yemish bo‘lishini o‘ylab, o‘z-o‘zidan og‘rinib ketdi. O‘rnidan bazo‘r turib tashqariga yo‘l oldi. Madorsizlikdan boshi aylanar, oyoqlari qaltirab, sillasi tobora qurib borardi. Izg‘irin shamoldan qotgan, oy yog‘dusida shishadek yiltillayotgan qorli kimsasiz ko‘chalarda tentiray-tentiray amallab gulxan atrofida uxlashayotgan sheriklari yoniga yetib bordi.
Ertasi kuni barcha daydilar tirikchilik ilinjida «ov»ga jo‘nashib, Mishel madorsizligi uchun gulxan yonida qoldi. Bir necha bor yuragi bezovta qildi. Bu hayotda orttirgan yagona sadoqatli boyligi edi. Bu o‘sha rohibdan, ilk muhabbatidan keyin…keyin ham hayotida odamlardan yetgan tuhfa edi.
Tuni bilan uxlay olmagani uchunmi charchoq g‘olib kelib gulxan tafti elitdi va ko‘zi ilindi. Yana tush ko‘rdi. Hatto qiyofasini ham eslay olmaydigan onasi ilk bora tushiga kiribdi. Lo‘ppi yuzli, to‘ladan kelgan istarasi issiqqina ayol ekan. Dardchil nigohi mehr-la boqardi. Tushi bo‘lsa-da, Mishel bu kabi mehr bilan boqqan samimiy nigohni butun hayoti davomida topa olmaganligini idrokida e’tirof etdi. Onasi peshonasidan o‘pib, sochlarini silardi. Bir necha tomchi ko‘zyoshlari peshonasiga tomdi.
Mishel bolakayga aylanib, onasining ko‘ksiga yuzini bosganicha o‘ksib, to‘yib-to‘yib yig‘layverdi.
Keyin… keyin ona ma’yus jilmayib borliqqa singib keta boshladi.
– Ketmang, onajon, ketmang! Meni kimlarga tashlab ketayapsiz, – o‘sha mitti bolakay Mishel yig‘laganicha uyg‘ondi. Gulxan uchqunlab turar, shamol kuchaygan, peshonasiga tushib turgan sochlarini silab-siypalar edi. Yig‘labdi, yonoqlari ho‘l edi. Yoshlarini artgan Mishel chuqur xo‘rsinib, gulxanni alangalantirish uchun yon-veridagi shox-shabbalar va allaqanday kitob varaqlari, qog‘ozlarni tashlay boshladi. Nogoh qog‘ozdagi yozuvga ko‘zi tushib, beixtiyor o‘qidi. Ajabo, Amir Temur ismli turkiylar hoqonining frantsuz tiliga o‘girilgan bitiklari edi:
«Agar inson biror narsani istasa va o‘shanga astoydil harakat qilsa, maqsadiga albatta erishadi! Uning buyukligi, qudrati shunda! Bu zaminda insonning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. Faqat ojiz va notavon mahluqsifatlargina bu dunyodan maqsadsiz o‘tadi, hech narsaga urinib ham ko‘rmaydi. Baxt harakatda! Eng muhimi, oliy maqsad! Eng muhimi, qat’iy istak va intilish! Bu dunyoda inson qarshisida…
Bitikning shu yeri yirtilgandi. Mishel esladi, yirtib olovga tashlagandi. Qo‘lini yonib turgan gulxanga tiqib, bir necha sahifani tortib oldi, yonayotgan hoshiyalarni o‘chirdi va davomini topib o‘qidi.
…tiz cho‘kmaydigan biror kuch, oshib bo‘lmas dovon yo‘q! Men nimagaki erishgan bo‘lsam, mana shu istak va harakatlar natijasida erishdim! Hammasi insoning o‘ziga bog‘liq!
Bu so‘zlar Mishelni qattiq larzaga soldi. Kirlanib qoraygan barmog‘idagi hoshiyasi kuygan parcha qog‘ozga qaraganicha qattiq o‘yga toldi.
– Kim u Amir Temur? Kim u turkiy hukmdor? Men uni o‘rganishim kerak. Yo‘q! Uning so‘zlari orqali o‘zimni tanishim, o‘zligimni anglashim kerak!
Mishel shunday deya o‘rnidan turdi va kutubxonaga ketdi. Kutubxona xodimlari va kitobxonlar siyog‘ida odamiylikdan nishona qolmagan daydining xatti-harakatini qiziqsinib ham bir oz irganib kuzata boshlashdi. Ko‘plab kitoblarni o‘qib, o‘rgangan Mishel Amir Temurning kuch-qudrati va salohiyatda beqiyos bo‘lganligini angladi.
– Shekspirning «Romeo va Juletta»si dunyoni hayratga soldi, titratdi, nega men o‘z asarimni yarata olmas ekanman?! – dedi u o‘ziga o‘zi.
Yuragida bir o‘t yondiki, kechinmalarini ifodalashga tushib ketdi. Uni na tirikchilik g‘ami, na erta va tong qiziqtirardi, yotsa-tursa xayolida shu ish bo‘ldi, hamma narsani unutdi. U kutubxonadan topgan Karlo Marloning «Buyuk Temurlang» tragediyasi ustida ishlay boshladi.
Daydilar bu ishidan kulishar, «buyuk onlarini sog‘inibdi, o‘sha damlariga qaytmoqchi!» deb jig‘iga tegishardi. Mishel ahamiyat bermadi, ishida davom etdi. Qog‘oz, siyoh va patqalam olishga puli yo‘q edi. Bir tomoni ishlatilgan, g‘ijimlangan qog‘ozlarni topib, ikkinchi tomoniga yongan cho‘pning qorasi bilan yoza boshladi.
Qayta-qayta yozdi, qayta-qayta ishladi. Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tib Mishel tragediya ustida ishlashni tugatdi. Shoh asar bitgani, agar u sahnaga olib chiqilsa butun dunyo ahlini hayratga solishi mumkinligini yuragi, idroki fahm etib turardi. Endi niyatni amalga oshirish qolgandi.
«Kim yordam beradi? Kimdan umid qilsa bo‘ladi? Yana o‘sha kassabop spektakllar sahnalashtirishni odat qilib olgan turumi yo‘q, sayoz fikrli rejissyorlar va no‘noq, ammo o‘zini yettinchi osmonda biladigan aktyorlargami?»
U nima qilishni, boshini qay toshga urishni bilmasdi. Rojdestvoni barcha daydilar bayram qilishdi. Mishel esa ularning o‘yin-kulgusini jimgina, ma’yus va xomush kuzatib o‘tirardi. Uni ulug‘ istak maftun qilib, ruhida bezovtalik isyon gulxanini yoqqandi. Shunda u skripkani qiyib chalayotgan Russo, atrofida raqsga tushayotgan daydilarga tikilib qoldi-da, xayoliga kelgan o‘ydan quvongani bois qiyqirib yuborib, o‘zi ham o‘yinga tushib ketdi.
Bir yildan buyon mum tishlagan odamning to‘satdan bunday quvonishi barchani hayratga solgandi.
– Janoblar! – hayqirdi Mishel. – Jamiyatning hech kimga keragi bo‘lmagan sarqit qatlam ahli! Biz nega bunday yashashimiz kerak?
– Yashashimizga nima qilibdi? – dedi daydilardan biri o‘yindan to‘xtab.
– Bundan ortig‘ini havas qilib o‘zingni azoblama, qo‘limizdan nima ham kelardi, – dedi Pol.
– Bizlar buyuk ishlarga qodirmiz!
– Qo‘ysang-chi! Nima, ustimizdan kulayapsanmi?
– Agar istasalaring biz jamiyat uchun eng kerakli, hurmatli va boy kishilarga aylanishimiz mumkin!
– Kim ham bizni odam o‘rnida ko‘rardi? – dedi Meri o‘ksinib.
– Agar biz o‘zimizni qadrlamas ekanmiz, kim bizni qadrlardi? Agar biz o‘zimizga kerak emas ekanmiz, o‘zimizni inson deb bilmas ekanmiz, kim bizlarga insonlardek munosabatda bo‘lishi mumkin?
– Mishel, sen esingni yebsan, vos-vos bo‘lib qolibsan! Xudo bizlarga shunday taqdir bergan! Shunday yashaymiz va shunday o‘lamiz, bu taqdir!
– Yo‘q! Bu bekor gap, xudo hech kimni qul qilib yaratmagan! – Tushunsanglar-chi axir! – jazavaga tushib baqirdi Mishel. –Hammasi o‘zimizga bog‘liq!
– Xo‘sh, nima qilmoqchisan? Nima qilishimizni istaysan? – so‘radi Pol.
– Spektakl qo‘yamiz!
– Kim bilan, mana shu bir to‘da savodsiz, hech kimga keragi yo‘q yalangoyoqlar bilanmi?
– Hali butun olam mana shu yalangoyoqlar bilan hisoblashadi! Shu ham yashashmi, shu ham hayotmi? Oralaringdan kim insondek yashashni, inson bo‘lib o‘lishni istaydi? Kim?
– Men! – dedi bittasi va yaqin atrofdan shu kabi e’tiroflar ko‘paydi.
– Ana ko‘rdingmi, Pol, muhimi istak bor! Sen aytayotgan mana shu yalangoyoqlardan biri o‘qituvchi, musiqachi, biri bastakor va yana biri rassom. Men hammasini uddalayman, yordamlaring kerak faqat. So‘z beraman, sizlar jamiyatning eng boy va obro‘li insonlariga aylanasizlar! Iltimos, menga ishoninglar! Bir marta, bir martagina imkoniyat beringlar! O‘tinib so‘rayman, Pol, biror narsa desang-chi!
Bu gapdan so‘ng barcha bir-biriga qarab qoldi.
– Biror narsa chiqishiga ishonmaymanda, – dedi Pol og‘ir xo‘rsinib, ikkilanganicha.
– Bir urinib ko‘raylik, nima ham yo‘qotardik. Nima dedinglar?
– To‘g‘ri, – dedi Jak.
– Rozimisizlar? – so‘radi Mishel.
– Rozimiz! – deyishdi barcha baralla.
Ularni bu ishning mohiyati va yakuni juda qiziqtirayotgan edi.
– Unda, Russo, sen musiqa bastalaysan! Jak, dekoratsiya sening bo‘yningga! Mo‘ri tozalovchi Ben, sen chiroq ustasi bo‘lasan!
– Uddalay olarmikanman? – dedi Ben.
– Uddalaysan! Men senga ishonaman, sen kuchli insonsan, hammalaringga ishonaman. Sizlar uddalaysizlar!
Mishelning ko‘zlari yonib turar, mutlaqo o‘zgarib ketgan, munkaygan, kasalmand avvalgi Mishelga mutlaqo o‘xshamasdi.
– Pol, sen menga ham yordamchi, ham adabiy maslahatchi, bo‘lasan. Men rejissyorlik qilaman! Hozir esa men sizlarga yozgan narsamni o‘qib beraman! Xullas, shunday! «Buyuk Temur va Romeo!».
Rojdestvo bir chetda qolib Mishel tragediyani o‘qishga tushib ketdi. Hamma qilt etmay eshitdi. O‘qib tugatganda yuzlar ifodasi o‘zgarmadi. Ular hayrat botqog‘iga botishgandi.
– O‘zing yozdingmi, Mishel? – so‘radi Pol.
Mishel siniq tabassum qildi:
– Karlo Marloning «Buyuk Temurlang» tragediyasini ishladim.
– Zo‘r asar bo‘libdi. Ammo biz buni sahnalashtira olamizmi?
– Ha! Uddalaymiz. Shunchaki, o‘z istagimizni ijro etsak bo‘ldi. Teatrdagilar ham bizdek odamlarda. Odam qilgan ishni, odam qila oladi. Shunday emasmi? Kelinglar birga baqiramiz! «Biz udalaymiz, bu bizning qo‘limizdan keladi!»
Barcha bu so‘zlarni baland tovushda qayta-qayta takrorladi.
Shundan so‘ng ular ishga kirishib ketishdi. Hatto o‘zini tutib yurishni ham unutgan odamlarga sahna madaniyatini o‘rgatish oson kechmasdi. Mishel asabiylashar, baqirar, so‘zlarni qayta-qayta takrorlab, xatti-harakatlarini ko‘rsatib berardi. Ko‘chadan o‘tib-qaytayotgan odamlar chiqindixona atrofidagi bir to‘da telba, daydilarning g‘alati, qovushmayotgan xatti-harakatini ko‘rib o‘zlarini kulgudan tiyisha olishmasdi. Mishel o‘z ishini uddalay olmay qiynalayotgan, tushkunlikka tushib qolayotgan birodarlari ko‘nglini ko‘tarar, yaxshi gapirib, u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz yugurar, ovozi boricha qichqirardi. U bu ishga butun borlig‘ini bergandi. Tunlari hamma uxlagandan keyin atrofni aylangancha asarning har bir qismiga katta ahamiyat berar, rollarni qayta-qayta o‘zi ijro qilib ko‘rar, yangi-yangi yechimlar o‘ylab topar, ba’zida topilmalaridan qiyqirib o‘yinga ham tushib ketardi. Keyingi kunlarda u ovqat yemay, kunduzlari bir oz mizg‘iganini inobatga olmasa, uxlamay ham qo‘ygandi. Hatto, qattiq charchoq va asabiylashganidan bir necha bora chap ko‘ksini changallaganicha yiqildi ham. Daydilarning biriga do‘q urdi, biriga yalinib-yolvordi, yana birini umidlantirdi, ko‘nglini topib murosa qildi. Bora-bora xatti-harakatlari kelisha boshladi. Mishelning mahorati sabab sahnadagi xayoliy hayot daydilar hayotiga ko‘chdi. Gulxan atrofida ham, «ov» vaqtida ham sahna so‘zlari yangradi.
Hademay daydilar xulq-atvorida o‘zgarish yuz berdi: o‘zlariga shaxs sifatida qaraydigan, iloji boricha toza yuradigan bo‘lishdi, chiqindixona yemaklaridan irgana boshlashdi. Ular endi turli mayda-chuyda xizmatlar qilishar va topganlarini o‘rtada bo‘lishar edi. Yerto‘lalardan birini tozalab, o‘sha yerga ko‘chishdi.
Chiqindi qog‘ozlar, plakat va bo‘yoq chaplangan eski libos va matolardan sahna dekoratsiyasi yaratildi. Ammo Russo yaratgan musiqalardan Mishelning ko‘ngli to‘lmasdi.
– Unda boshqa yaxshi bastakor top, men ketaman! – dedi chiday olmagan Russo.
– Tushunsang-chi, axir, bu madhiya ham, motam marshi ham emas! Sen portlashing kerak. Isyoning kerak! Agar sen bu ishni uddalay olmasang, barcha mehnatlarimiz bir pul bo‘ladi! Eshityapsanmi, bir pul bo‘ladi. Sen qahramonlarning ayta olmagan gaplari, ichki kechinmalarini musiqang orqali tomoshabinlarga ochib berishing kerak. Senda dard bor, chiqar uni! Portlasang-chi, azizim, o‘tinaman, portla!
– Yo‘q, menda bunday iqtidor yo‘q! Tushunsang-chi, qo‘limdan kelmaydi! Uddalaganimda bunday holga tushmasdim!
– Sen uddalaysan!
– Yo‘q! Meni ortiq qiynama, tegma menga!
Russo boshini changallab nari yurdi, barcha ularga qarab turardi.
– Russo, azizim. Mana, yoshing qirq beshga ham kirib qo‘ydi. Na uying, na xotining va na bola-chaqang bor, nahot shu hayot kerak senga? Nahot yoningda yoring, uying bo‘lishini, bolalaring yelkangga chiqib o‘ynashlarini, sen bilan faxrlanishlarini istamaysan?
Chamasi, bu gap Russoning suyak-suyagidan o‘tib ketib, alamini chandon o‘rtab yubordi.
– Bas qil! Menga aql o‘rgatma! Hech narsani o‘zgartira olmaysan. Sen bir ahmoq odamsan, – dedi Russo og‘zidan tupuk sachratgancha.
Mishel Russoning yuziga musht tushurdi. Kasalmand, bazo‘r oyoqda turib, keyingi vaqtlarda yuragi tez-tez bezovta qilib to‘shakka mixlanib qolayotgan Mishel zarbasi kutilmagan bo‘ldi. Russo yerga quladi. So‘ngra o‘rnidan otilib turib, Mishelga yaqin keldi.
– Ur! – deya hayqirdi Mishel – Ur! Nega urmayapsan? Senda g‘urur, hamiyat yo‘q. Hatto musht tushirish ham qo‘lingdan kelmaydi! Qara! Yaxshilab qara! Shuncha odam senga ko‘z tikkan, nahot ularning taqdiriga befarq bo‘lsang? Nahot shuncha mehnat, harakat va umidni sindirsang?
– Tupurdim hammasiga, tushundingmi, tupurdim. Baribir hech kimligimizcha qolamiz. Qo‘limizdan hech narsa kelmaydi.
– Sen insonsan axir, dunyoga odam bo‘lib kelgansan, tangri bergan imkoniyatlaringdan ro‘yobga chiqar, foydalan, inson bo‘lib yasha!
– Yo‘q! Men odam emasman, hech kimi yo‘q daydiman. Onamdan ham daydi bo‘lib tug‘ilganman, tushundingmi, ahmoq, xayolparast!
– To‘g‘ri, balki chindan ham xayolparastman. To‘g‘ri, ahmoqdirman, ammo men seni inson, chin inson qiyofasida ko‘rishni istayman!
– Hech narsani o‘zgartira olmaysan, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi!
Russo shunday degancha tupurinib ulardan uzoqlashdi.
Oradan bir oy o‘tdi. Mishel ahdidan qaytmadi, ishida davom etdi.
– Pol! Azizim, sen rejissyorlikni yaxshilab o‘rganishing kerak.
– Men maktab ko‘rmagan bo‘lsam…
– Yo‘q! Muhimi iqtidor, ilohiy iqtidor, – dedi Mishel.
– Nima qilaman, axir sen borsan-ku?!
Mishel javoban siniq jilmayib, yelkasiga do‘stona mehr bilan qoqib qo‘ydi.
Tun yarmida Russo qaytib keldi, yonida bir yigit ham bor edi.
– Turlaring tekinxo‘r, yaramas, ishyoqmaslar! Buyuk bastakor qaytdi! Ishlash vaqti yetdi!
Atrofni skripkaning goh mungli, goh shodon nolasi tutib ketdi. Barcha uni mahliyo bo‘lganicha tinglardi. Mishelni ikki kishi suyab olib kelishdi.
Russo musiqasini tugatgach, Mishelga yaqin keldi.
– Yengding, qariya! Sen haq ekansan, meni kechir, – deya Mishelning yelkasiga bosh qo‘ydi. – Men ketolmadim, kuchim yetmadi.
– Bilardim, azizim, uddalashingni, kelishingni bilardim, – dedi Mishel va uni bag‘riga mahkam bosdi.
Mishel spektakl oxirini Polning o‘ziga qo‘yib berdi. Pol chindan ham rejissyora borasida ajoyib va betakror iqtidor egasi edi. Uch oydan so‘ng kuz fasli boshlarida spektakl tayyor bo‘ldi. Spektakl oxirgi marta «badiiy va jamoatchilik kengashi» uchun o‘ynaldi. Bu Mishel va Pol edi. Spektakl Mishel kutganidan ham a’loroq chiqqandi. Mishel quvonchidan yig‘lardi, u uddalagandi, ular uddalashgandi. U hammani birma-bir quchdi, o‘pdi, ko‘zyoshlarini yuzlariga surtib bag‘riga bosib minnatdorchilik bildirdi. Ertasi kuni spektakl shaharning katta maydonida o‘ynaladigan bo‘ldi. Yuragi bezovta qilayotgan Mishel ular bilan bora olmasdi, yuragi qattiq sanchib, to‘shakka mixlandi. Birodarlariga omad tilarkan dedi:
– Bilaman! Sizlar buni uddalaysizlar! Sizlarni hali oldinda shon-shuhrat kutib turibdi! Sizlar yaratgan bu spektakl hali dunyoni larzaga soladi! Men sizlarni, azizlarim, mana shu yerda g‘alaba bilan qutlab, tabassum bilan kutib olaman! Olg‘a!
Daydilar shahar markazidagi katta xiyobon sari yo‘l olishdi.
Avvaliga ko‘p ming sonli olomon hayron bo‘lib, kula boshlashdi. Olma, anor, banan, tuxum va meva-cheva po‘choqlari uloqtirildi.
Daydilar e’tibor bermay sahnani tiklashdi. Ammo ich-ichlaridan qattiq havotir tuyushardi. Bu hol Pol sahnaga chiqib spektaklni e’lon qilganda juda bilindi.
– Yo‘qol iningga, hayvon!
– Isqirtlar, ko‘chani bulg‘amasdan yo‘qollaring!
– Fuu, hammayoq sasib ketdi. Chiqindixona shahar o‘rtasiga ko‘chibdi, hojatxonangni ham olib kel, ipirisqilar!
Ta’na-dashnomlar, suyak-suyakka qo‘rg‘oshin eritmasidek botib borayotgan oxiri yo‘q haqoratlar…
Guvillayotgan olomon skripka va nog‘oralardan taralayotgan musiqadan so‘ng asta-sekin tinchlana boshladi. Bir oz o‘tib olomonning uni-da chiqmay qoldi. Ularni tabora spektaklning mahobati, «aktyor»larning san’ati, musiqa va obrazlarning yorqin talqini hayratga solib borardi. Spektakl tugashi bilan havoni beqiyos olqish, hayqiriq va qarsaklar tutib ketdi. Atrofdan tanga-pullar, gullar yomg‘irdek yog‘ila boshladi. Daydilar quvonchlaridan bir-birlarini quchoqlashgancha irg‘ishlashar, yig‘lashardi. Xalq esa olqishda davom etardi.
Ilgari nafratlangan, jirkangan odamlar ularga endi qandaydir xayrixoh, hayrat va andak hurmat bilan boqishar, ko‘pchilik, hatto, samimiy tabassum ham qilishardi.
Sal ilgari shahar hokimi o‘tib qolgan, spektaklni ko‘rib hayratga tushgan va qaytishi bilan odamlariga ularni topish, qo‘llab-quvvatlash va kerakli jihozlar bilan ta’minlash to‘g‘risida farmoyish bergan edi.
Daydilar qo‘ni-qo‘nji sovg‘a-salomga to‘lib yerto‘laga kirib kelishdi. O‘zlari tomon mamnun qarab turgan Mishelni ko‘rib quvonchdan bor ovozda qiyqirib yuborishdi. Ammo bu quvonch bir muddat o‘tib, mung, o‘kinch va alamli yig‘iga aylandi.
Mishel Marsel o‘z so‘zida turgan, ularning omadiga ishongan va eng so‘nggi daqiqada ham quvonchlariga sherik bo‘lish uchun ko‘zlarini eshikka tikib, jilmaygancha jon bergandi.