Erkin Norsafar. Salamandra (hikoya)

– Nima? – ayanch ovozda qichqirdi u. – Sen o‘ylaysanki, men rozimanmi? Yo‘q!
Ko‘zlaridan shashqator sizayotgan yosh titroq iyaklaridan tomchilardi.
– Men ham farzandlarim azasidaman!..
Ho‘ngrab yig‘laganicha tizzalandi.
– Suvonqulning!.. Qosimning!.. Jaynoqning!..
Har bir aytilgan ism ortidan yanada qattiqroq ho‘ngroq tutar, titrab-qaqshab yig‘lardi. Qunishib mushtdek bo‘lib qoldi: suv bo‘lib yig‘ladi, sel bo‘lib yig‘ladi. Chinqirgancha dedi:
– Butun halok bo‘lganlarning o‘rni huvillab yotibdi bag‘rimda…
Ichi-ichidan uyg‘ongan dard, isyon, iztirob alangasi sabab havo yetmay, bir muddat ming‘irlab, gapira olmay, aytmoqchi bo‘lgan so‘zining avvali yamlandi, so‘ngra qolgani bo‘g‘zidan hirqiroq nido bo‘lib yangradi.
…ularni chaqiraman, ularga iltijo qilaman;
Qanisiz, ey, mening pahlavonlarim!..
Qanisiz, jigargo‘shalarim!..
Turing o‘rningizdan! Qarovsiz qoldim!.. Halok bo‘layapman!..
Qani endi kela qolsa Suvonqul, ketmonini olib.
Qani endi kela qolsa Qosim, kombayniga minib.
Qani endi kela qolsa Jaynoq, aravasini shaldiratib.
Afsus!.. Afsus ular hamon jim, hamon daraksiz…
Koridorda qadam tovushi eshitildi. Eshik ochildi va xona chirog‘i yondi. Kampir qamashgan ko‘zlarini salqi terisi daraxt po‘stlog‘i singari burishgan bilaklari bilan to‘sdi.
– Yana chiroqni yoqmabsiz! – dedi kirib kelgan qirq besh yoshlar atrofidagi juvon ortiga, koridor tomon o‘girilib zarda bilan.
– E, o‘sha… chirog‘iniyam… – do‘rillagan ovoz eshitildi tashqaridan va uyqusi buzilganidan norozi qiyofada, yelkasida tungi xalat, baroq qosh, qirra burnidan chiqib turgan o‘siq tuklari nayza kabi dikraygan, lablari cho‘chchaygan ellik-ellik besh yoshlar atrofidagi tepakal, qorindor nusxa pishillaganicha ko‘rinish berdi.
Azbaroyi semizligidan grillni eslatuvchi juvon esa qush qanoti kabi ko‘tarilib qolgan kalta qo‘llarini achigan xamir kabi ko‘pchigan qat-qat biqiniga tiraganicha kirtaygan ko‘zlarini kampirga tikdi.
– Yana nima bo‘layapti? – dedi gavdasiga nomutanosib ingichka ovozda. – Nima? Tinchlik bormi o‘zi sizning dastingizdan, yo‘qmi?
Kampir ularni payqamadi ham; devor tomon talpindi, bo‘shliq aro uzoq-uzoqlarga qarab ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib, qo‘llarini iltijoli cho‘zganicha davom etdi.
– Qani?.. Qani?.. Xayrlashmadik-ku. Yolg‘izim, omon borib qayt! Haddan tashqari sevganim, muhabbatning me’yorini bilmaganim uchun meni kechir…
Xomush tortdi. Boshini xam qilib, yana ko‘targanda yanoqlarida yiltirayotgan yosh ko‘rindi.
– …Qanot chiqargan burgutdek tez g‘oyib bo‘ldi… Hatto qumda oyoq izlarini ham qoldirmabdi.
Kampir nimanidir izlagandek timirskilana boshladi.
– Oyi!
– Foydasi yo‘q, u baribir seni eshitmaydi! – dedi erkak sigareta tutatar ekan.
– Izlar… izlar… – ilondek vishilladi kampir. – Yasonimning izlari… Men ularni ko‘zlarimga surtib, o‘pgan bo‘lardim…
– Yoting o‘rningizga! Yoting! – g‘azabining zo‘ridan titray boshlagan qizi uni zo‘rlik bilan o‘rniga yotqizish uchun lapanglab u tomon odimladi.
Kutilmaganda kampirning ko‘zlarida yovvoyi o‘t yolqinlandi. Bilagidan tutmoqchi bo‘lgan qizining do‘mboq qo‘lini siltab tashlab o‘rnidan turdi.
– Shunday deyishingni, meni joningdan ortiq ko‘rishingni bilardim. Biroq, sevging bora-bora so‘nishidan qo‘rqaman, xolos… Men singari, majnunona sevishingni istayman. Men esa sen bilan o‘tkazgan bir soatlik umrimni dunyoning butun boyliklariga, elimizning sen singari mashhur pahlavonu shahanshohlariga, hatto umrboqiy xudolarga alishmayman…
Kampir qiziga yuzlandi, ammo haqiqatda uni ko‘rmayotgani qarashlarida aks etardi.
– Yason, azizim, men seni hech kimga, hatto o‘limga ham bermayman. Faqat ikkalamizgina birga bo‘lishimiz uchun bo‘yningga osilib olaman… O‘zimdan bir qadam uzoqlatmaslik uchun tanangga chirmovuqdek, mana bunday yopishib olaman…
– Bu nima qilganingiz, torting qo‘lingizni! – kutilmagan hamladan juvon seskanib tisarilgandi butun badani lorsillab ketdi. Eri esa maykasini turtib-ko‘tarib tashlayotgan jundor qornini selkillatib kuldi.
– …Ha-ha, Yason. Kulma, mendan qochib qutila olmaysan… Ey, xudolar, nima qilsamki, sevimli erimni bu xatarli yo‘ldan qaytarsam!?
– Kampirni taxtiga eltib qo‘y, baribir uxlamaydi. Haligi maslahatimni esa yana bir o‘ylab ko‘r!
Erkak tamaddi qilish ilinjida oshxona tomon yurdi.
– …Telba qalbimning harorati toliqtirdimi seni? Men uchun sendan o‘zga hayot yo‘q! Chunki sen men uchun ilohiy zotsan! Faqat sengagina sajda qilishni istaganim uchun meni ayblama!..
– Yetar!
Qizi kampirning ojiz qarshiligini yengib, turtkilab-itarganicha mehmonxonaga olib tusha boshladi. Kampir o‘zini bilmas, allanimalarnidir ojizona shivirlab, qo‘llarini havoda silkitganicha atrofga alanglardi.
…allaqanday shovqindan seskanib uyg‘onib, o‘zini tebranma to‘qima kursida o‘tirgan holda ko‘rdi.
Tomog‘i quruqshagan, qulog‘i shang‘illar, suyaklari ham og‘irdan-og‘ir, butun vujudi allanechuk behol zirqirar, tizzasidagi odeyal, yelkasidagi ro‘mol ham tob tashlab uni ezayotgandek malol kelardi.
Avvaliga qayerda ekanligini anglay olmadi, ro‘paradagi derazadan oqarib ko‘ringan archa va gupillab yog‘ayotgan qor manzarasi diqqatini tortdi. Shamol uni har tomon boshqarar, birida uloqib olib ketsa, ba’zida derazaga keltirib urardi. Shu tobda o‘zini xuddi qor parchasidek yolg‘iz va ojiz his qildi va bundan nafasi qisilib qolgandek bo‘g‘ila boshladi. Bir necha bor yutindi, naf bermadi. Yon tomondan shovur anglab o‘girildi, xona o‘rtasidagi stol atrofida ovqatlanayotganlarga ko‘zi tushdi.
So‘ngra nigohini deraza burchagidagi akvariumga tikdi. Chehrasi yorishib, qaqroq lablariga nimtabassum yugurdi: go‘dagining qiliqlaridan zavqlanayotgan onadek akvarium ichidagi salamandralarning harakatlarini kuzata boshladi.
Kaltakesaksifat, kattaligi barmoqdek keladigan kulrang-qora jirkanch bu maxluqchalar nimasi bilan kampirshoni bunchalik rom qilganini qizi va kuyovi sira tushuna olishmasdi.
Qayerdandir, ko‘cha-ko‘ydami yoxud qo‘shni hovlidan, go‘dakning big‘illab yig‘lagani eshitildi. Bu shunday tuyuldimi yoki haqiqatda, anglay olmadi. Ammo bu ovoz kampirga juda qattiq ta’sir qildi, bezovtalanib qoldi. O‘rnidan turib ular tomon yurarkan, najot istagandek qo‘llarini ular tomon uzatdi.
– Men… men qotil onaman…
Yig‘lab yubordi.
– Ilojim qancha bolalarim, jigarbandlarim. Sizlarni o‘ldirish qanchalik dardli, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘ldirishim shart.
– Shunisi yetmay turuvdi, – deya ming‘irladi kuyovi.
– Men sizlarning boshqalar qo‘lida tilka-pora bo‘lishingizni, joningiz og‘rishini istamayman. Nuridiydalarim, bolajonlarim, qo‘rqmanglar. Qotil onangiz sizlarga xanjar sanchib joniningizni og‘ritmaydi, ozor ham bermaydi…
Juvon lunjidagi luqmani kattaligi bois yuta olmay, qaytarib chiqarishga andisha qilganidan u tomondan bu tomonga olib chaynashga uringanicha, mushtday qovoqlari ostidan ko‘zlarini lo‘q qilib turardi.
– Men sizlarni erkalab, suyub, yuz-qo‘llaringizni o‘pib, bag‘rimga bosib mana bu zaharni sharbatga qo‘shib ichiraman, xolos. Sizlar hatto zaharning ta’mini sezmay, gulday nozik chehrangizdan tabassum arimay sekin uyquga ketasizlar. Asta-sekin jondan aziz tanangiz sovub oq marmarga aylanadi…
– Bu hali boshlanishi! – luqma tashladi kuyovi. – Tomoshaning qizig‘i endi boshlanadi, shekilli!
Kampir ko‘zlaridan yosh to‘kkanicha davom etdi.

– To‘yingizni ko‘rish menga nasib etmagay,
Molu dunyo yig‘olmayman sizni deb endi,
Kelinlarning ilk salomin qutlay olmayman,
O, munchalar dunyo g‘addor, falak kajraftor.
O, qandog‘am peshonang sho‘r, qaysar Medeya…

Juvon lunjidagi luqmani amallab yutgach, kerakli raqamni terib, onasiga xotirjam ko‘z tikkanicha telefon go‘shagiga quloq tutdi:
– Alo! Salomalaykum! Bezovta qilmadimmi? Rahmat! Oyim masalasida… Nima desam ekan… Tushundim, rahmat!
– Nima gap? – choyga botirilgan pecheneni tanglayiga qo‘yib huzur qilib shimiyotgan erkak.
– Yo‘l-yo‘lakay kirib o‘tar ekan, – dedi juvon.
– …Nega menga termilasiz, sho‘x-sho‘x kulasiz,
Yoinki bu sizning so‘nggi kulishingizmi?
Voy…voy… Nimalarni o‘ylab qoldim men?..
Kampirda bu holat qanday qo‘qqisidan boshlangan bo‘lsa, xuddi shu alfozda to‘xtab, hushi o‘ziga kelganday atrofga, qizi va kuyoviga bir-bir qaradi. Bu yerda nima qilayotgan edim, deganday o‘ylanib peshonasini ishqalay-ishqalay kursisiga borib o‘tirgan edi hamki, mushukning ayanchli miyovlashidan kampir jon alfozda uchib tushdi.
Ertalabki ulushini yeb, qornini to‘qlagan kulrang baroq odeyal va jun ro‘mol tashlangan kursida yastangancha mudrayotgan edi.
Mushuk tebranma kursidan sakrab tushib hurpayib oldi-da, ovqatlanayotganlar oldiga yugurib ketdi.
Erkak lunji to‘la taom, yelkasini silkitib kular, qizi norozi ohangda ming‘irlaganicha tizzasiga chiqib olgan erkatoyini silab-siypalar edi.
Kampir jun ro‘moli va odeyalni obdan qoqqach, kreslosiga suyanganicha salamandralarni kuzata boshladi.
Shu vaqt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Bir muddat o‘tib, xizmatkor ayol oltmish yoshlarni qoralagan qora palto, qora shlyapada, ko‘z oynak taqqan cho‘qqisoqol doktor bilan boshlab kirdi. Va doktor xonadon sohiblarining taklifini rad etib, tik turganicha kampirning gaplariga quloq tuta boshladi.
– …Siz bu tomondan sekin-asta xamirdan qil sug‘irganday mening oilamni ko‘paytirish, jonga jon qo‘shish uchun taraddudda bo‘lasiz! Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganday, xolis, astoydil bir-biroviga qayishish shunchalik bo‘ladi-da! Biroq!..
To‘satdan kampir qalqib ketdi.
– Men… – nimanidir izlayotgandek alangladi. – Men…
Boshini changallab bir muddat chayqalib turdi va mahzun va toliqqan qiyofaga kirib, tebranma kursisi tomon sudralar ekan dedi:
– Bu, qora yurak Vurm bu dunyodami, u dunyodami qo‘limga bir tushsa edi. Miyasini tuyib, siyoh qilib, Iso-Muso kitoblaridagi butun bayt-hadislarni uning terisiga shunday yozar edim-ki, u xatlar to mahshar kuniga qadar o‘chmas edi!..
To‘xtab, ortiga yarim o‘girildi. Yuzi nafrat va alamdan bujmayib ketdi.
– Nima? “Nima foyda ko‘raman?”
Shu tobda ministr oldiga boraman! Hamma gapni avval o‘zim aytib beraman.
Sen bilarding! Lekin bu ishdan senga manfaatning hidi keldi. Shuning uchun xo‘p osmonlarga sakrading! Ana endi qo‘shmachi, o‘zing pishirgan oshni o‘zing ye! Men… men…
Kampir davom ettira olmadi, chayqalib ketib yiqildi. Ular avvaliga buni holatning davomi ham deb o‘ylashdi, ammo kampirning tuyqus, o‘q tekkandek qulashi shubha uyg‘otib, unga tomon oshiqishdi.
Doktor va kuyovi hushidan ketgan kampirni xonasiga olib chiqib, o‘rniga yotqizishdi.
– Birinchi marotaba shunday bo‘lishi, – dedi kuyovi o‘zini oqlagan qiyofada. – Ilgari biror marotaba ham…
– Tinchlantiruvchi ukol qildim, xavotir olmang! – dedi doktor ko‘zoynagini artar ekan.
– Avval ozgina bo‘lsa ham me’yorni bilardi, hozir esa hisob-kitobi yo‘q, – dedi kuyov. – Kun, vaqt tanlamaydi, o‘qiyveradi, o‘qiyveradi. Biror gap so‘rasang ham o‘qiyveradi, o‘qiyveradi, seni eshitmaydi. Mushtdek kampirning kallasida vagon-vagon gaplar-a! Ukol-pukol qilib miyani tozalash kerakmikan?!
– Yaxshisi, ruhshunosga murojaat qiling! – gapini bo‘ldi doktor.
– Ruhshunos yordam bera oladi, deb o‘ylaysizmi, doktor? Bir-ikkitasiga aytganimizda yordam berolmaymiz, deyishgandi.
– Ha, shunday, – qo‘shimcha qildi juvon. – Bizga jinnixona manzilini berishdi! Bu qanday gap!? Yaxshisi shu yerda, uyda saqlaymiz! Ko‘z oldingizga keltiring-a! Mening oyim jinnixonada! Mening oyim-a?! Kim, nima degan odam bo‘laman? Shuncha yillik obro‘yimiz nima bo‘ladi?
Doktor asboblarini yig‘ishtirib, sumkasiga joylay boshladi.
– To‘g‘risi-da, buncha obro‘ga erishishning o‘zi bo‘ladimi?! Kimsan falonchiyevalar! Meni odamlar orasida barmoqlarini bigiz qilib, anavining onasi jinni, deb ko‘rsatishlari… bilasizmi, bu dahshat! Aql bovar qilmaydigan dahshat!..
– Sizni tushunaman! – dedi doktor.
– Odamlar bir kosa ovqatni itiga ham berayapti-da! To‘g‘rimi, doktor? Ana, xizmatkorimizga ham kuniga ikki mahal issiq ovqat beramiz! To‘g‘rimi, Anya?
Qirq besh yoshlar atrofidagi puchuq burun, zahil yuzli juvon ko‘zlarini olib qochdi. Bu gap hamiyatiga tegdi shekilli, qizarib ketdi.
– Men sizga manzilini beraman! – dedi doktor xotirjam tarzda. – Juda malakali mutaxassis.
– Yaxshi bo‘lardi, doktor!
Juvonga yon daftaridan yirtib olgan varaqcha bilan tabletka uzatdi.
– Bezovta bo‘lsa ichiring, tinchlantiradi. Endi, menga ruxsat.
Doktor uyqudagi kampirga, uning bilinar-bilinmas ma’no almashayotgan yuz ifodasi, pir-pirayotgan lablariga qaradi va boshini g‘amgin, norozi qiyofada chayqadi-da, eshikdan chiqdi.
Tun yarmiga borib kampir uyqudan uyg‘onib ketdi. Ichi-ichidan tinimsiz yangrayotgan bir ovoz uni tashqariga chiqishga undardi. U bu undovga quloq tutdi, unga ergashdi. Katta yo‘l bo‘ylab keta boshladi. Har ikki tomoni ham suv to‘la katta ariq. Atrof esa tuman, zog‘ ko‘rinmaydi. Biroz yurgach, yo‘l o‘rtasidagi mashina urib ketgan mushukka ko‘zi tushdi. Mushuk tanasining yarmi yo‘lning u tomonida, yarimi bu chekkasida yotar, ularni uzilmay qolgan, hanuz ilondek to‘lg‘onayotgan uzun ichak ulab turardi.
Avval taysallandi, ortga qaytmoqchi ham bo‘ldi, ammo nimadir yo‘l bermadi, nimaligini bilolmadi.
“To‘g‘ri oldinga qarab yurish kerak! – Ichidagi ovoz unga shunday uqtirdi: –
“Sen izlagan barcha haqiqat o‘sha tomonda!”
Mushukning dumi, orqa oyoqlari tomondan o‘tmoqchi bo‘ldi. Yuragi duk-duk urar, nafas olishi tezlashib, peshonasini ter qoplagan edi. U qo‘rquvdan qaltiraganicha o‘ta boshladi, ikki ko‘zi mushukning qonga belangan boshida. Ro‘parasiga kelganda kutilmaganda mushuk o‘rnidan otilib turdi-yu, quloqni qomatga keltiradigan darajada vahshiyona chinqirganicha unga tashlandi.
Kampir dod solib, hansirab-holsiraganicha uyg‘onib ketdi.
Tushi ekanligini anglab, yengil tortdi. Terlabdi, yuragi qafasdagi qush kabi besaranjom edi.
Ko‘rgan tushini xayolida jonlantirishga urinar ekan, tasavvuridan vahimaga tushdi. So‘ngra odeyalni yelkasiga tashlab, sudraganicha mehmonxonaga chiqdi. Miltillab turgan gulxan sirli tus bergan nim qorong‘i xona burchaklari xuddi o‘zga o‘lchamlarga tutash yo‘ldek tasavvur tug‘dirardi. Chiroqni yoqqach, kamen yonidagi tebranma kursida kuchala tushganicha uxlayotgan mushukni haydab yubordi. Mushuk norozi miyovlab, kerishib oldi-da, kamenning narigi burchagidagi savat ichiga to‘shalgan momiqqina to‘shakchasiga uzanib ko‘zlarini kampirga tikdi.
Kampir esa uni allaqachon unutgan, sevimli ermagi, ro‘parasidagi akvariumdagi salamandralarning harakatini kuzata turib, uyqu elitdi.
G‘alati tushlar ko‘rdi, ammo eslay olmadi…
– Aql bovar qilmaydi? Xuddi o‘zlari! – ayol kishining yoqimli ovoz eshitildi. – Tirik afsona!
– Kelishganlarimiz yodingizda-a? Bu yerdagi gap haqida gapirib yurmang. Bilasiz, bizni hamma taniydi.
– Bundan xotirjam bo‘ling. Ammo odamlardan ajratishingiz eng katta xato bo‘lgan, – dedi Kamola. – Bu holga tushishida yolg‘izlikning ta’siri ham juda katta.
– Bu holda odamlarga ko‘rsatib bo‘ladimi, o‘zingiz ayting? Shuncha yilda topgan obro‘yimizni bir kunda qo‘ldan beraylikmi? Qiziq gapirasiz-a! Keyin, uchrashganimizda “tomiya, potomiya, gidro-pidro” deganingizdan boshimiz aylanib qolgandi, – dedi juvon. – Mumkin bo‘lsa, bundan keyin gaplaringizni oddiyroq qilib aytsangiz. Xudoga shukur, biz ham uncha-muncha odam emasmiz, juda ko‘p narsaga tushunamiz, ammo shu …do‘xtircha gaplaringiz odamni chalkashtirayapti.
– Harakat qilaman! – dedi Kamola kampirdan ko‘z uzmagan ko‘yi.
– Sizlarning kallalaringizga qoyil qolish kerak! Kompyuter! Shuncha narsani qanday yodlab qolasizlar-a! – qo‘shildi erkak.
Xotini ma’nodor tomoq qirdi.
Kampir hali ham tush ta’siridan qutila olmagan, mavhum qo‘rquv va xavotirda o‘ng‘aysizlanib, xirillab nafas olganicha tinimsiz yoshlanayotgan ko‘zlarini atrofidagilarga bir-bir tikardi.
Bir necha kundan beri davom etayotgan noxush tushlar sabab bedorlik uni holdan toydirgan, atrofidagilarning qiyofalari, shakl-shamoyillar tobora xiralashib, karaxtlik ortidan bino bo‘lgan xayollari uni allaqanday tubsizlik sari boshlamoqchi bo‘lardi.
Kampir akvariumga tikildi. Salamandralarning harakatini kuzata turib lablariga tabassum yugurdi. Nafas olishi maromiga tushib, qarashlarida ma’lum ifodalar paydo bo‘la boshladi. Har uchchalasiga ham bir-bir qaradi va notanish juvonning maftunkor chehrasiga mahliyo bo‘lgandek tikilib qoldi.
– Bozorbop, – dedi u o‘ziga o‘zi.
– Kechirasiz?! – dedi Kamola.
– Ha, bozorga solsa arziydigan husn. Ularda bunchalik emas edi, bozorga solishdi. Keyin borini sochib, sudlashib sharmanda bo‘lishdi.
– Oyi! Bu kishi Kamolaxon…
– Janoblari, xudo haqqi… – dedi kampir ularni eshitmay! – Janoblar, hech bo‘lmasa kichkina bir xachir!..
– Aytgandim-ku, sizga! – dedi juvon.
– …Hoy, hoy, janoblari, qanday ishga qadam qo‘ymoqchisiz? – davom etdi kampir. – Sudlarda bo‘ladigan hamma ayyorliklarni ko‘z oldingizga keltiring. O‘ylab ko‘ring-a, qanchadan-qancha hujjatu shikoyat, bosh og‘rituvchi sud majlislari, buning ustiga qanchadan qancha vahshiy hayvonlarning qo‘liga tushib chiqasiz!
Pristav bormi, advokat-prokuror, ro‘yxatga oluvchilar, sudyalar, ularning oldidagi mirzalarni aytmaysizmi? O‘sha muttahamlarning oldida arzimagan pulga sizning haq-huquqingizni poymol qiluvchilar ham topiladi…
Kampir kreslosiga suyanganicha ko‘zlarini yumib, chuqur xo‘rsindi.
– Bu yer biroz noqulay, chalg‘itishi mumkin bo‘lgan jihozlar ko‘p ekan. Boshqa xoliroq xona bormi? – so‘radi Kamola.
– Tepada xonasi bor, – shoshib javob berdi erkak.
– Mumkin bo‘lsa, u kishini o‘z xonalariga olib chiqsak. Toliqsalar, orom olishlari uchun yaxshiroq bo‘ladi.
Kampirni avaylashib o‘z xonasiga olib chiqishdi.
– Qo‘yvoring! Haqqingiz yo‘q! – deya qichqirdi jimgina ergashib kelayotgan kampir zinaning yarmiga borganda tuyqus uyqudan uyg‘ongandek bir alfozda ko‘zlarini katta-katta ochib, ularning qo‘lidan chiqib ketishga unnab.
– Sizni xonangizga olib chiqayapmiz!
– Yolg‘on! Bu fitna! Munofiqona fitna! Xoin, mal’unlar! Diyonatsiz yalangoyoqlar! Bilaman, qilichingiz qonimga tashna! Xuddi avomning chervonlariga tashna hamyonlaringizdek! Og‘zingiz, lablaringiz qon!
Karavotga olib kelib o‘tirg‘izishib, tinchigani qadar kutishga majbur bo‘lishdi.
Kampirning jazavasi qanday boshlangan bo‘lsa, shunday to‘xtadi.
– Agar mumkin bo‘lsa, bizni xoli qoldirsalaringiz, – dedi Kamola.
– Bemalol!
Ular sal uzoqlashishdi, ammo chiqib ketmay kuzata boshlashdi.
Kamola kostyumining yon cho‘ntagidan zanjirli soat olib nigohlarini bir nuqtaga tikkan kampirga ro‘baro‘ qildi va uning diqqatini soatning teskari yurayotgan millariga qaratdi.
– Bu siz izlagan haqiqat! Eshitayapsizmi, siz izlayotgan haqiqat! Men (u menga urg‘u berdi) sizni unga ro‘baro‘ qilaman! Faqat mana shu millarga ergashing! Qarang, u teskari aylanayapti! Ortiga aylanayapti! Ortga, o‘tmishga qaytayapti!
Men siz izlagan, (men deyilishi kampirga alohida ta’sir qilardi) siz istayotgan og‘riqqa ro‘baro‘ qilaman! Undan xalos bo‘lmoqchimisiz, millarga ergashing, o‘tmish tomon yuring!..
O‘zingizni bo‘sh qo‘ying! Ko‘zlaringizni yumib, teskari aylanayotgan soat milini tasavvur qiling. Ko‘rayapsizmi, tobora tezlashib bormoqda.
Unga ergashing!..
Kampirning yuz ifodasida, ajinlarining joylashuvida o‘zgarish ro‘y berdi. Kamola esa undan ko‘z uzmagan ko‘yi davom etdi:
– Bugun… kecha… oldingi kun! Avvalgi yil! Bundan o‘n yil avval… Yigirma-o‘ttiz yil avvalgi voqeliklar! Boring! O‘zingiz uchun eng yoqimlisiga yuzlaning! Orzuingizga, armoningizga yuzlaning! Ular sizga muntazir! Ular sizga ilhaq! Ular ham siz izlayotgan istakda, siz izlayotgan haqiqatga mushtoq!
O‘n… to‘qqiz…
Avvaliga bir maromda nafas olayotgan kampirning yurak urishi, nafas olishi tezlashib, chehrasida ma’no kasb etuvchi alomatlar paydo bo‘la boshladi. Kamolaning esa ovozi sanoqning quyi sari sekinlashib borardi. Hatto kuzatishib o‘tirgan er-xotinlarni ham baravar esnoq tutdi.
– …To‘rt …uch …ikki …bir
Xonaga osuda sukunat tushdi. Barchalari kampirning chehrasiga ko‘z tikishgan har bir harakatini kuzatishardi. Kampirning yuzi nafratdan burishib ketdi.
– San’atni bir parcha etga almashdi-a! – dedi u tuyqus. – Biri rejissyorman deb, hech narsaga arzimaydigan xotini uchun rollarimni tortib oldi! Qahramon, qo‘yib bersa, zahardan o‘zga narsa bo‘lmagan bir qop go‘shtni ulug‘lamoqchi bo‘ldi! Biri esa teatrga adashib kirib qolgan o‘ynashiga… pastkashlar!
O‘lgan-netganiga qaramay tirmashishdi, nimani uddalay olishdi? Nimani isbotlay olishdi o‘zlari kabi kaltafahm va iymonsizlardan o‘zgalarga?
Essiz, menga imkoniyat berishmadi, yo‘qsa, rolni qanday ijro etishni bu xunasalarga ko‘rsatib qo‘yardim!
O‘rnidan turdi va barmoqlarini hamlaga shaylangan burgutning shafqatsiz panjasi kabi kerdi.
– Ha! Sahnada yonardim! Sahnani ham, tomoshabinni ham hayratga solardim!
Hamletni o‘ynardim!..
Qirol Lirni o‘ynardim!..
Otello, Dizdemona, hech qursa Yagoning betakror obrazini yaratardim! Ha, xuddi shunday qilardim! Aybim ayolligimmi? – chinqirdi kampir alamdan titrab-qaqshaganicha. – Aybim yolg‘izligimmi? Kerak bo‘lsa erkak ham bo‘lardim! Qoyillatardim! Qanchadan-qancha rollarni ijro etishim mumkin edi?! Yer yutgur yaramaslar! Supurindi, yalangoyoqlar!
Eplay olmaysanmi, ber! Ber!
Tepib teshmaysanmi sahnani tovoning bilan! Shtangetlarni qo‘porib otib, bor ovozing bilan safetlarni ishdan chiqarmaysanmi?! Qulamaydimi bino ustunlari boshingga! Bitta obrazni qoyillatib, g‘ishtlar ostida qolib ketmaysanmi, sudralib yurguncha?!
Shu ham san’atmi?! Shu ham spektaklmi?!.
Ovozini balandlatdi kampir.
– Ha! Men ustun edim! Betakror edim! Harchand oyog‘im ostida kuymalanishmasin, ular hech kim. Men esa bu menman!..
– Tushunarli, – dedi Kamola kampirni o‘z holatiga qaytargach, uning ranjdan tarang­lashgan yuzidagi ajinlarga inayotgan osudalikni zimdan kuzatar ekan.
– Menga qara, – erkak xotinini olib chetga chiqdi. – Kampirimizda ko‘p gap borga o‘xshaydi. Hammasini aniqlashtirib, “ish” ochirsak bo‘lmaydimi? O‘rtada biror narsalik bo‘lib qolarmidik. Nima deysan?
Juvon ko‘zlarini katta-katta ochib, bir muddat o‘ylanib qoldi.
– Qo‘ying-e, bo‘lgani artist bo‘lsa, nima ham undira olardingiz?
Kampirga nimalarnidir astoydil uqtirayotgan Kamolaga yaqin borishdi.
– Iltimos, biror narsa ijro etib bersangiz!
Er-xotinlar ajablanishib, bir-birlariga qarab qo‘yishdi.
Kamola savolini yana bir necha marotoba qaytargandan so‘nggina anchadan buyon hech kimni eshitmay qo‘ygan kampirning yuzidagi ifoda o‘zgardi, qoshlari chimirilib, o‘rtasida diqqat bo‘layotganligini anglatuvchi ajin paydo bo‘ldi. Bundan foydalangan Kamola gipnozchilarga xos bir necha nozik usulni qo‘lladi, kampir ko‘zlarini yumdi.
– Shekspir! Hamlet! – dedi Kamola.
Kampir hali gapni to‘laligicha anglab ulgurmagan, shuurida aks etgan ma’noning maqsadini ilg‘ashga urinardi.
– Hamlet! – takrorladi kampir xuddi nimanidir eslashga urinayotgandek. Ko‘zlari yumuq bo‘lsa-da, kimnidir izlayotgandek atrofga alangladi.
– Hamlet, – deya tarorladi kampir bu nom uning uchun tanishdek.
– Hamlet!!!
Chehrasi yorishdi uning.
– Atrofingizga qarang, siz sahnadasiz! Tomoshabinlar sizning ijrongizga muntazir! Ularni ko‘rayapsizmi?
Kampir hayajonlanib atrofga “qaradi”.
– Olqishni ko‘rayapsizmi? Tomoshabinlarning chorlovini eshitayapsizmi?!
Kampirning peshonasini mayda-mayda reza ter qamradi. Ko‘zlari yumuq, hayajondan titraganicha o‘rnidan turdi. Bir yig‘lagisi, bir jilmaygisi kelar, yuzidagi ma’noda quvonch, hayrat, shodlik ufurardi. Kampir, sahna ortida turgandek taraddudlandi. Rangi oqarinqirab, xuddi ilk marotoba sahnaga chiqayotgandek qisinib-qimtindi. Ammo lahzada qiyofa o‘zgardi: qarashlarida qat’iyat kasb etdi, qaddini tik, boshini mag‘rur tutdi. Qo‘lini qilich tutqichidan ushlagandek tutib, mardonavor, shaxdam odimladi…
Er-xotinga bu tomosha, behuda kutish, kampirning telbanamo gap-so‘z va harakatlarini kuzatish malol kelar; biri odamlarning gap-so‘zidan xavotirda, ikkinchisi esa qaddi-basti kelishgan, malohatli juvondan uzoqlasha olmagani uchun bunda edilar.

– …Panoh bo‘ling bizga, osmon farishtalari!
Kimsan, ruhi yazdonmisan yo zilli shayton?
Jannat nafasimi yoki do‘zax hovuri,
Niyatingda savobmi yo kufrmi pinhon?
Ne bo‘lmasin, larza solding tashrifing bilan,
Shu sababdan yolboraman, sendan so‘rayman.
Men so‘rayman sendan, aziz padarim Hamlet…
 
Juvon ularga xalaqit bermaslik uchun yarashmagan tarzdagi ehtiyotkorlik bilan xonadan chiqib ketishi barobari erkak stulini orqaroq tortib, Kamolaning yuz-ko‘zi, kelishgan qaddi-bastini, chakkasida o‘ynayotgan zulfi, pir-pirayotgan uzun kipriklari, bilinar-bilinmas qimirlayotgan labi va oppoq tomog‘iga suqlanib boqardi.
Kampir esa Hamlet dramasini to‘laligicha o‘zi ijro etar, birida oshiq, birida ma’shuqa, birida milord, birida esa qirol edi.
Oradan bir muddat vaqt o‘tdi. Xizmatkor ayol kirib bekasi so‘rayotganini bildirgach, erkak ortiga qaray-qaray xonani tark etdi.
Qo‘shni xonalarning birida er va rashkdan yonayotgan xotin o‘rtasida dahanaki jang borayotganda mehmonxonada, Kamola qarshisida charchash-malollik neligini bilmagan kampir o‘zini-borliqni unutib hanuz shiddat bilan ijroda bardavom edi.

– …Na tahqir, na haqoratga etaman parvo.
U yovuzning murdasini allaqachonlar,
Qarg‘a-quzg‘unlarga yemish aylamasmidim!..

Birida hayqirib, ingrab-yig‘lab, birida esa nafratona qah-qaha otib, birida illat izlab turli qiyofalarda bo‘y ko‘rsatayotgan mushtdekkina kampirdagi bu kuch-qudrat, iqtidor, intilish va yashashga ishtiyoqni ko‘rib Kamola hayratdan lol edi…
Vaqt allamahal bo‘ldi. Xonadon sohiblari ham yotishdi. Atrofni sukunat qamragan, tashqarida shamol uvillardi. Faqat shundagina Kamola qattiq toliqqanligini, uyqu elitayotganini tuydi. Kampirning gaplari endi uzoq-uzoqdan eshitilar, qiyofasi esa asta-sekin xiralashib borardi…
Uyg‘onib, kresloda o‘tirgan holda uxlab qolganini ko‘rdi. Hali tong otmagan, eshik tepasidagi soat millari to‘rtni ko‘rsatar edi. Xona chirog‘i yoniq, kampir ko‘rinmasdi. Kamola uning buzilmagan o‘rnini ko‘rib xavotirda xonadan chiqdi.
Mehmonxona chirog‘i yoniq turardi. Kamola mehmonxonaga kirib, tebranma kursida salamandralarga qarab o‘tirgan kampirni ko‘rdi. Shuncha harakat qilgani, tuni bilan uxlamaganiga qaramay kampir kechagidan ancha tetik ko‘rinardi.
U ham bir muddat kelganini hatto payqamagan kampir yoniga o‘tirib olib, salamandralarni kuzatdi.
Salamandralar ham yanglishishar, ba’zida suv yuzasiga yetmasdan turiboq havosizlik qiynab qo‘yar, shunda harakatlari tezlashib, bilanglab qolishardi.
Kamola chiqib ketdi va tezda qaytib tushdi.
– Diqqatingizni bir nuqtaga jamlab, mana bunga qarang!
Kampir Kamolaning barmoq uchlaridagi sim tolaga mahkamlagan kumush sharning bir maromda, osma soat kapgiri kabi harkatlanishiga qaradi.
– Juda yaxshi! Hech narsa haqida o‘ylamang! O‘zingizni bo‘sh tuting! Ko‘zlaringizni yuming!
Kampir itoatkorlik bilan ko‘zlarini yumdi.
– Bir maromda nafas oling! Xuddi shunday! Endi o‘tmishga qaytamiz! Hamma-hammasini ko‘z oldingizga keltiring!
…Nigohlari bir nuqtaga tikilib qolgan kampirning qorachig‘i kengaydi, ro‘parasida tebranayotgan sharning harakatlarini kuzata boshladi. Olis-olisdan esa Kamolaning shirali va sehrli ovozi eshitilar edi.
– Siz sahnadasiz! Atrofingizdagi aktyorlarni ko‘rayapsizmi? Ular ham xuddi siz kabi yuksak salohiyat egalari. Ular siz bilan birga spektakl namoyish etishmoqchi. O‘z ijrolari bilan bani basharni hayratga solish istagidalar! Barcha-barchasi sizning izmingizda! Barchasi sizga mushtoq! Ishorangizga mahtal!
Kampir xuddi yosh qizlar kabi o‘rnidan sakrab turdi-da, ko‘zlari yumuq, mehmonxona bo‘ylab yuraboshladi: u goh shamol, goh to‘lqin bo‘lib shovqin solar, birida bepoyon samoda qanot qoqayotgan chag‘alayga aylansa, birida qayiq bo‘lib lopillardi. Birgina uning o‘zida asarning mohiyati; manzarasi, dard-og‘riqlar, bari-barisi mujassam edi…
Milxun: – Demak, ko‘ra olmaymiz! Unaqasigayam, bunaqasigayam qirg‘oqni ko‘ra olmas ekanmiz-da! Unday bo‘lsa bu yerda nega o‘tiribmiz?
Kampir xuddi qayiqning tumshug‘iga chiqib olgandek harakat qildi. Qo‘lidagi eshkakni qahr bilan silkitganicha hayqirdi:
– Ey, qanjiq it! Ey, shamollar Shamoni! Eshitayapsanmi? Agar sen qanjiq itning o‘ligi bo‘lmay, shamollar egasi bo‘lsang, qani sening shamollaring? Yoki iningda o‘lib qoldingmi, qanjiq? Yo seni har tarafdan ayg‘irlar o‘rab olgan bo‘lsa, qay biriga orqa uchirishni bilmay qoldingmi? Hammasiga bir-bir orqa uchirib, chiqishib qoldingmi? Shuning uchun shamol ko‘tarishga qurbing yetmayaptimi? Yoki bo‘lmasa biz bu yerda o‘raning ichiga tushib qolgandek tuman ichida, halokat ostida qolib ketganimizni bilmaysanmi, qanjiq?..
Kecha tuni bilan uyqu berishmagan, yana ertalabdanoq bezovta qilishganligi malol kelganligi, jilmayishga urinishayotgan bo‘lishsa-da, yuz-ko‘zlaridan bilinib turgan er-xotin birin-ketin kirib kelishdi.
– …Yo oramizda yosh bola borligini bilmaysanmi? Bolaning suv ichgisi kelayapti, suv, tushunayapsanmi? Senga aytayapman, oramizda yosh bola bor, u birinchi marta dengizga chiqqan. Sen-chi? Sen bo‘lsang bizlardan qasdingni olayapsan! Axir bu nomardlik-ku!..
Ovqatlanib bo‘lishgach, er-xotin kiyinishib qayergadir otlanishdi, ketishdan avval ikki ayolni bir muddat kuzatishdi, xizmatkor ayolga ko‘rsatma-topshiriqlarni berishib, bir-birlarini jerkishganicha uydan chiqib ketishdi.
Tushga yaqin qaytishib, mehmonxonaga mo‘ralashganda kampir hali ham monolog o‘qir, Kamola esa yerga, gilam ustiga yonboshlagancha uni eshitardi. Juvonning kelishgan qaddi-bastiga suqlanib qarab turgan erining biqinini chimdigan juvon pishillaganicha ichkariga kirib keldi. Sharpani anglagan Kamola tezda o‘rnidan turib, xijolat bo‘lganicha ust-boshini o‘ngladi.
…Kirisk: – Ey, yo‘lchi yulduz, seni yaxshi ko‘raman. Sen juda baland va uzoqdasan. Yolvoraman, ketib qolma, bir joyda to‘xtab tur, hech so‘nma. Sen tarafga suzib ketayapman. Agar xohlasang, seni otamning nomi bilan atayman, seni Emrayin yulduzi deyman. Ey, Emrayin yulduzi, so‘nib qolma, bulut orasiga kirib yashirinib olma. Menga madad ber!..
Kamola yig‘laganicha kampirni bag‘riga mahkam bosib yuzlaridan o‘pdi. Kampir ko‘zlari to‘la yosh, hali ham o‘sha zamon-makonda, qahramon-obrazlarining dard-kechinmalaridan xoli bo‘lmagan tarzda atrofga alanglab, o‘zi tushunmagan-bilmagan ko‘yi mamnun jilmaydi.
U kreslosiga ohista cho‘kdi va kutilmaganda juda osoyishta uyquga ketdi. Uning butun borlig‘idan hayotdan qoniqish, mamnunlik barq urib turar, uyqusi esa go‘daknikidek ma’sum edi.
– Nonushta ham qilmadingiz, balki endi biz bilan tushlik qilarsiz? – dedi juvon unga boshdan oyoq tikilib.
– Bajonidil! – dedi horg‘in, ishidan mamnun jilmayar ekan Kamola.
Tushlik chog‘ida siyosatdan, xorijiy mamlakatlarda kechayotgan jarayon, turizm haqida suhbatlashgan bo‘lishdi.
– Biror yangilik bormi? – deya so‘radi juvon ovqatlanib bo‘lishgach.
– O‘tmishlariga bog‘liq og‘riqlarni yuzaga chiqarayapmiz. Men endigi navbatda o‘sha voqeliklarni xiralashtirishni yoki butunlay unitishini amalga oshirishim kerak. Yomon xotiralarni yaxshi kunlar, orzusidagi rollarni ijro etishi uchun imkoniyat yaratib berib, ruhiyatini tiklashimiz mumkin bo‘ladi, deb o‘ylayman.
– Uslubingiz g‘alati ekan. Mayli, biroz kutaylik-chi?! – dedi juvon tushunarsiz kinoya bilan va sariq matbuotga oid allaqanday gazetani hafsala bilan varaqlayotgan eriga zimdan qarab oldi. – To‘g‘risi, bunaqa narsalarga tushunmayman! Ammo, maqtanish bo‘lsa ham aytay, biznesda oldimga tushadigani yo‘q!
– Bunga shubha qilmayman! – jilmaydi Kamola.
Oradan o‘tgan uch kun davomidagi seanslardan keyin Kamola xonadon sohiblarida paydo bo‘lgan bezovtalikni payqadi…
– Marhamat, diqqatingizni mana bu kumush sharning tebranishiga qarating!..
Bir maromda tebranayotgan kumush shar kampirning ko‘z oldida tobora xiralashib ko‘rinmay qoldi. Uning kumushrang shu’lalari aro o‘tmishi namoyon bo‘ldi.
Kamolaning sehrli va yoqimli ovozi avvaliga baland yangrab, so‘ngra odamni elituvchi shivirlashga aylana bormoqda edi…
…Dunyo eksprimental teatrlari Xalqaro festivalining “Eng yaxshi erkak obrazi”, “Eng yaxshi ayol obrazi”, “Eng yaxshi dramaturgiya”, “Eng yaxshi rejissura” nominatsiyalari bo‘yicha taqdimot kuni.
Hayajonli lahzalar!
Familiyalar bir-bir o‘qilar, g‘oliblar, ming-millionlab nigohlar va gulduros olqishlar ostida sahnaga chiqib borishardi.
Mana, boshlovchi tomonidan “Eng yaxshi ayol obrazi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olibni e’lon qilishdan avval teatr haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishdi.
Barcha unga qaradi!
Hayajondan oyoqlariga titroq kirdi, yuragi esa ko‘ksini yorib yuborgudek gupillab urib, tomog‘i quruqshadi.
Uning ijro etgan roli, obrazi haqida gapirildi.
 “Demak u! Shubhasiz u!”
Tomoshabinlar olqishlay boshlashdi. Tinmay tabassum qilar, lablari titrar, ko‘zlaridan esa sevinch yoshlari to‘kilardi.
U yettinchi osmonda parvoz qilardi!
Barcha, hatto o‘zi ham amin edi, festivalda “Eng yaxshi ayol obrazi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblik uniki! Taqdimot boshlanmasdan barcha kelib tabriklar, u esa hayajondan titrar edi.
…O‘sha kuni u isyon ko‘targandi! Shu vaqtga qadar teatrda biror aktyor-aktrisa jur’at qila olmagan ishga qo‘l urdi: spektakl namoyishi vaqtida rejissyor ko‘rsatmalaridan chiqdi!
Maqsadi rejissyor jon koyitib ulug‘lashga urinayotgan “ona-geroinya”ga soya solish emasdi, shunchaki, o‘ynagisi kelgandi. Buni u avvaldan rejalashtirmagan edi, sahnada rol ijro etayotib makondan chiqa olmadi, chiqqisi kelmadi. Sahnada yongisi keldi! Sahnada yashagisi keldi! Ijroga berilib, rejissyor o‘rab-chirmab tashlagan zanjirlarni uzib, belgilab bergan chegaralarni toptab tashladi.
To‘g‘ri, masxarabozlikka toqat qila olmasdi, bunga qarshi ham bora olmas, jur’ati yetmasdi, ammo bu hol kutilmaganda sodir bo‘ldi. Spektakl tugab, tomoshabinlarning gulduros olqishi tutib ketgandan so‘nggina o‘zligiga qaytdi.
Asarda muallif maqsadi qilib insoniylik, mehr-oqibatni ulug‘lash ko‘tarilgan, asar markazida esa tashlab ketilgan go‘dak taqdiri turardi. Rejissyor butun e’tiborni qahramon-onani ulug‘lashga qaratgani bois spektakl mohiyatan buzilgan, tug‘iladigan va tug‘ilayotgan savollar ko‘tarilayotgan maqsadga muvofiq kelmas edi.
Uni og‘rintirgan jihati Ona obrazini yaratayotgan aktrisada samimiyat yo‘qligi, obraz shunchaki dardlarning zohiriy namoyishi bo‘lib qolganidan tashqari, rejissyor aktyorlarni turli, achinarli-ayanchli holatlarga solib ona obrazini ulug‘lashtirmasdan, aksincha, ona obrazi o‘z xatti-harakati, haqiqati bilan bu mavqega erishishi lozim deb bilganida edi.
Mazkur spektakl badiiy kengash va Jamoatchilik kengashi a’zolariga topshirilayotgan vaqtda ham buni ayta olmadi. Qo‘rqdi! Ishdan ayrilib qolishdan qo‘rqqan va o‘shandan buyon bu qo‘rqoqligi uchun ich-ichidan ezilib, o‘zini koyib yurardi.
Bugun u o‘zi bilmagan holda o‘sha zanjirlarni uzib tashladi!
Spektakl muvaffaqiyatli chiqdi, ammo “qahramon” ko‘rinmay qolgan, “urib ketishgan”di.
…Ism-familiyasi yangramasdan o‘rnidan tura boshlagan edi, anglay olmadi: boshqa familiya o‘qildi. Shu tobda kimdir bir botmon yuk bilan boshiga boplab tushirgandek, ko‘z oldi tinib, gandiraklab ketdi, haytovur so‘nggi lahzalarda o‘zini qo‘lga ola bildi.
Tanigan-bilganlar hayron, u esa karaxt, qo‘llarini silkitib, jilpanglaganicha sahna tomon deyarli uchib borayotgan ona obrazini yaratgan juvonni ko‘rdi.
Mukofotga loyiq topilgan, e’tirof etilgan obraz uniki, familiya esa boshqaniki o‘qildi!
Hatto boshlovchi ham bu anglashilmovchilikni sezib, familiyaga qayta qarab oldi, pichirlab qo‘ydi, ammo sir bermadi, siniq, bilinar-bilinmas zaharxanda jilmaydi.
Boshqalar ham festivalning obro‘yi, millat-mamlakat sha’ni uchun indashmadi. Axir ayni damda siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur taqdimot efirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmoqda!
Boshlar xam bo‘ldi. G‘azablar nigohlarga to‘kildi, tillar tanglayda to‘ngladi.
U-da joyiga o‘tirdi, o‘zida emas, begona bo‘lib. Miyasi tinimsiz lo‘qillar, bu nohaqlikdan bor yovuzlikka qo‘l urgisi, yig‘lab-hayqirib olamni buzgisi kelardi…
Kechga borib isitmaladi. Alahlay boshladi. Hamxonasi xavotirlanib shifokor chaqirtirdi. Ertasi kuni hamkasaba va tanishlar hol so‘ragani kirishdi. Rejissyor, bosh buxgalter va bosh administrator noxushroq so‘rashishdi, chehralarida injigan ifodalar bor edi. Kimdir minnatdor bo‘lib, kimdir miyig‘ida jilmayib, yana kimdir oshkora makkorona irshaydi. Ba’zilar esa negadir ko‘zlarini olib qochishdi.
Keyin bildi-ki, o‘sha kuni isitma aralash alahlaganida ko‘p ortiqcha gaplarni gapirib yuborgan ekan…
Oradan ko‘p o‘tmadi, bosh administrator va bosh hisobchi qamalib ketdi. Rejissyor esa ishdan haydaldi.
Uni ham yangi bo‘lganlar sig‘dirishmadi…
Ishsiz, pulsiz, ko‘chada och-nahor tentiragani, ishga tiklanishida yordam berishlarini so‘rab idorama-idora zir yugurganlari…
Ijara haqini to‘lay olmay haydalib, bitta chemodani bilan ko‘chada qolib ketganliklari ko‘z oldidan bir-bir o‘tdi.
O‘tdi ko‘z oldidan bari bir-bir… o‘tdi, o‘taverdi. Og‘rintirib, kuydirib.
– La’natilar! – deya hayqirdi hali ham xotira karaxtligidan to‘laligicha qutila olmagan kampir o‘ziga kelgach, g‘azab va alamdan titrab-qaqshaganicha. – Munofiq-pastkashlar! Tuban maxluqlar!..
Xizmatkor ayol kirib, uni xonadon sohiblari so‘rashayotganini aytdi.
– Nima bo‘ldi? – dedi juvon asabiylashganicha.
– Hali ogohlantirgandim, onangizning xotirasida ortiqcha yuklar ko‘p! Men u kishini davolash bilan birga, mana shu achchiq xotiralardan xalos qilmoqchiman. Buning uchun esa biroz vaqt kerak. To‘g‘ri tushuning, buningsiz davolab bo‘lmaydi!
– Keling, ochiqcha gaplashaylik, bizga sizning ishingiz yoqmayapti!
– Nimasi yoqmayapti?
– Siz uning aqli zaifligidan foydalanib ustidan kulayapsiz! Bunga yo‘l qo‘ymaymiz!
– Xo‘jayinim to‘g‘ri aytayaptilar! Siz uni yanada og‘ir ahvolga solib qo‘yayapsiz! Biz sizni uni bu holdan chiqarishingiz, yordam berishingiz uchun yollagan edik. Ammo siz u bilan faqat shu mashg‘ulot ustida ishlab qoldingiz! Agar oyim bu mashg‘ulot orqali davolansa, allaqachon o‘zlarini-o‘zlari davolab olgan bo‘lardi.
– Bir haqiqatni to‘g‘ri qabul qilishlaringizni so‘rayman! U sahna hayoti va o‘tmish xotiralarini aralashtirib yuborayapti. Undagi jarayon – kurash! Yashash uchun kurash! Yashashni, hayotga qaytishni istayapti, ammo dard ham oson chekinadigan emas! Og‘ir, mashaqqatli va musibatli o‘tmishi, atrofidagilarning qilgan xiyonati va sahnaga bo‘lgan muhabbat, ijro eta olmay, yoki istagidek ijro etishiga to‘sqinlik qilgan obrazlari uning qalbida, shuurida ruhiyati bilan ayovsiz kurash olib borayapti. U bu hayotga qaytishni istaydi, ammo nimaga talpinishni, nimadan umid qilishni bilmaydi. Bilganlari, mana shu akvariumdagi salamandralar. Ularning suv yuzasiga talpinish-intilishlaridan quvvat olib, hayotga qaytishga urinayapti. Ammo ong-ongiga singib ketgan o‘tmish bilan qalbidagi sahnaga bo‘lgan muhabbat ham illatga aylanib qo‘yib yuborgisi, osonlikcha taslim bo‘lgisi yo‘q. Mana shu akvariumdagi salamandralar qanchalik ko‘makka muhtoj bo‘lsa, u ham xuddi shunday, bizning ko‘magimizga muhtoj!
– Yolg‘on! – dedi erkak. – Unda nega so‘zlarini magnitafonga yozib olayapsiz? Nega? Men bilaman, uni odamlarga kulgi qilish uchun! U bizning onaxonimizning xotirasidagi so‘zlarni yig‘ib sotmoqchi, ana, biznes!
– Uyalmaysizmi shunday degani!
– Aksincha, siz uyalishingiz kerak! – dedi juvon.
– Men yozganlarimni o‘rganaman! Anglay olmaganlarimni qayta ishlab kelib bu yerda amalda foydalanaman! Ey, xudoyim-ey, nega meni tushunishni istamaysizlar?
– Yo‘q, aksincha, siz bizni tushunmayapsiz! Biz sizning yordamingizga muhtoj emasmiz, keting! – dedi juvon. – Bizlarni tinch qo‘ying! Xizmat haqqingizni bo‘lsa, mayli, davolamagan bo‘lsangiz ham to‘laligicha olasiz!
– Yo‘q! Bu noto‘g‘ri! Davolay olmadimi? Demak, hech qanday haq ham bo‘lmaydi!
– Menga haq kerak emas! Tekinga davolayman!
– Ustimizdan kulmoqchi bo‘layapsizmi, bunga yo‘l qo‘ymaymiz! Keting!
– Ketganingiz ma’qul. Biz boshqa ruhshunosga murojaat qilamiz!
– Aslida… sizlarni davolash kerak ekan!..
Kamola derazadan uzoq-uzoqlarga, oppoq qor qoplagan, mudrayotgan shaharga boqar ekan, xayolidan uch kun avvalgi shu gaplar o‘tib, ko‘z oldiga tebranma kursida mudrab o‘tirgan kampir va akvariumdagi salamandralar keldi.
“Kutishayapti! – deb o‘yladi u istehzoli kulimsirar ekan, lablari alamdan qiyshayib ketdi. – Hatto tosh-devorlar ham. Hatto zulmat chulg‘agan mana shu sukunat ham. Butun borliq kutayapti! Kutishayapti! Hamma kutayapti, hatto o‘zi ham! Faqat ular emas”, – deya hatto uyqusida ham tinim bilmay suv yuzasiga talpinayotgan, so‘ngra lahza o‘tmay karaxt holda suv tubiga toshdek sho‘ng‘iyotgan salamandralarning uzluksiz harakatlarini xayolidan o‘tkaza turib.
“Ular ham kutishayapti, neligini bilmay, anglamay, hatto kutayotganliklarini o‘zlari ham bilmay kutishayapti. Ular uchun kampir ham, kelajak ham ahamiyatsiz! Ular uchun lahza g‘animat, ular uchun yetib-anglab bo‘lmas tiriklik g‘ami aziz! Ular uchun kenglik-erk ahamiyatsiz, nafs muhim! Ha! Og‘riqsiz nafsli lahzalar g‘animat. Balki bu ham yaxshidir!.. Ba’zida, ba’zida… ularga havas qilaman!..
Men ham kutib o‘tdim. Kampir ham, hamma ham kutib o‘tdi. Bugun ham kutayapmiz!..”
Bu vaqtda esa mehmonxonaga tushgan kampir salamandrali akvariumni topa olmagan, uning o‘rnida turgan baliqlar suratiga tikilib qolgan edi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 5-son.