Erkin A’zam. Zabarjad (kinoqissa)

Otim oriq, manzilimga yetolmayman-o…
(Qo‘shiqdan)

Muqaddima

Yoz kuni. Tushdan keyingi sokinlik.
Ayqirib oqayotgan soy yoqalab o‘ttiz besh-qirq yoshlar chamali bir kishi yengil xirgoyi qilib kelmoqda. Vaqtichoq, qadam olishlaridan andak shirakayfligi bilinadi.
Narigi tomonda — quyuq daraxtzor chorbog‘ etagidagi tikroq sohilda, oldida har xil qo‘g‘irchoq, o‘yinga mashg‘ul bo‘lib o‘tirgan olti-etti yashar qizaloq soy yoqalab kelayotgan kishiga ko‘zi tushib shodon qiyqiradi:
— Dadajon! Dadajon!
U o‘rnidan turayotib oldinga munkiydi va oyog‘i ostidagi qo‘g‘irchoqlariga qo‘shilib sirpana-dumalay soyga tushib ketadi.
Qizaloq suv yuzasiga bir qalqib chiqadi-yu, jonholatda tipirchilay-tipirchilay cho‘ka boshlaydi.
Narigi qirg‘oqdan o‘zini suvga tashlagan ota uch-to‘rt hamlada qizga yetib oladi-da, uni boshi uzra baland ko‘tarib sohil tomon otib yuboradi. Keyin o‘zi ikki-uch marta talpinib yuzaga chiqadi-yu, birdan ko‘rinmay ketadi.
Suv sathida uyurmasimon halqalar hosil bo‘ladi, qizaloqning turli-tuman qo‘g‘irchoqlari o‘sha doira bo‘ylab aylana boshlaydi.
Sohil uzra esini yo‘qotib qo‘ygan qizaloqning chinqirig‘i yangraydi:
— Dada-a-a! Dadajo-o-on!

* * *

Zabarjad degan bir… qiz deymizmi endi, juvonmi… oppoq yelkalari ochiq, guldor choyshabni ichko‘ylak misoli qo‘ltiqlari ostidan o‘tkazib tang‘ib olgan, eshik yonboshidagi elektr tugmachasini bosib, charog‘on vannaxonaga kiradi. Allaqanday sirni anglab yetmoqchi yo nimanidir salmoqlab ko‘rayotgan kabi qo‘lidagi g‘ijimlangan oq ro‘jaga bir nafas tikilib turadi. Ko‘nglidan kechgani esa bunday:
— Shugina kerakmidi sizlarga? Mana, tamom!
U ro‘jani vannaga otadi-da, jo‘mrakni ochib yuboradi. Sharillab oqqan suv go‘yo bir zum qon tusini oladi — jomga tushiboq qip-qizil qonga aylanayotir!
Ko‘zida yosh halqalangan Zabarjad bir seskanib, jomga diqqat bilan tikiladi. Yo‘q, suv! Oddiygina suv. Andak xira tortgandek, xolos.
Vanna devoriga yopishtirilgan zarhal tasvirdagi yarimyalang‘och ishvakor jonon sirdoshlarcha ko‘z qisib qo‘yadi.
Zabarjad ro‘paradagi doirasimon ko‘zguga soladi o‘zini. Sochlari betartib hurpaygan, ko‘zining surmasi chaplashgan.
Yuzini har maqomda burishtirib ko‘radi, tilini chiqarib o‘zini masxara qilgan bo‘ladi.
— Ko‘nglingiz joyiga tushdimi, jonim? Battar bo‘ling!
So‘ngra ko‘zgu tagidagi jo‘mrakda yuzini yaxshilab yuvib, tag‘in aksiga boqadi: sho‘x nigohlar o‘sha-o‘sha, kulgichlar o‘sha-o‘sha — biror narsa o‘zgarmagan!
— Hech gap emas ekan-ku!

* * *

Tangu tor oshxona. Deraza yonidagi yemak stoliga tirsak tirab bir kishi o‘tiribdi. Maykachan. Chekyapti. O‘rtayashar. Sochiga oq oralab qolgan. Yuzi ko‘rinmaydi.
Zabarjad orqadan kelib uni bo‘ynidan quchadi, sochlariga yuzini suykaydi.
— Dadamning ham sochlari shunday edi. “Nega boshqalarning sochi qop-qora-yu, sizniki bunaqa?” deb so‘rasam, “Men kul sepib olganman-da”, derdilar.

Zabarjad stolni aylanib o‘tib, haligi kishiga ro‘baro‘ o‘tiradi. U ham stolga tirsaklab, suhbatdoshiga tikiladi.
— Pushaymon qilyapsiz-a? Bo‘lgani bo‘ldi endi, do‘stim, o‘ylamang! Bu ishda boy bergan men-ku, sizga nima? Lekin o‘zim hecham afsus qilmayapman. Qaytaga, qushdek yengil bo‘lib qolganga o‘xshayman. Orzum shu edi, mana, yetdim. Besh yil bo‘ldi-ya! Endi sizdan boshqa biron erkak bu ostonani ko‘rmaydi. Zabarjad so‘zim! Yo kelsinmi, maylimi? Gapirsangiz-chi, axir! E-e-e! — Zabarjad xuddi yosh bolaga do‘q qilayotgandek bir jazava bilan stolga shapatilaydi. So‘ng birdan yumshab, jilmayadi. — To‘g‘risini ayting, kutmaganmidingiz? “Qari bo‘lsa ham — qiz yaxshi” degan gapga endi ishongandirsiz? E, kim ham ishonardi — o‘ttizlardan oshib, shu vaqtgacha!.. Uyatsizman-a? Qip-qizil sharmanda! Urib-urishadigan ering, uyaladigan bolang bo‘lmaganidan keyin odam bora-bora mana shunday behayoga aylanar ekan, do‘stim!
O‘rtada turgan chinni tarvuzga pichoq sanchilar-sanchilmas (so‘yayotgan kishining faqat qo‘li ko‘rinadi), u paqqa ikkiga bo‘linib ketadi. Qondek qip-qizil! Zabarjad tarvuz pallasiga changal urib “yuragi”ni ajratib oladi-da, stol uzra uzalib “do‘sti”ning og‘ziga majburan tiqadi.
— Qo‘polman-a? — deydi qilmishidan kuyingandek. — Qo‘polman. “Sen, Zabar, asli o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilishing kerak edi, nimadir xato ketgan-da”, derdilar dadam. Rostdan ham, o‘g‘il bola bo‘lganimda bunday yurmasdim. Iy-y, yo‘q, yo‘q, shunday — qiz bola bo‘lganim yaxshi! O‘g‘il bola bo‘lganimda sizni qayoqdan ko‘rardim, to‘g‘rimi? O‘g‘il bola… Mana ko‘rasiz — o‘g‘il bo‘ladi. Aniq, a-aniq! O‘zingizga o‘xshagan: qoravoy, indamas. Agar… mabodo qiz bo‘lib qolsa, duch kelgan birortasiga shartta tegib olaman, Zabarjad so‘zim! Qiz bola otasiz o‘smasligi kerak. Otasiz o‘sgan bittasini, mana, ko‘rib o‘tiribsiz!

* * *

Zabarjad yengil-engil hatlab zinapoyadan tushmoqda. Ikkinchi qavatdan o‘tayotganida orqadan birov tovush qiladi:
— Zabar, Zabar, ishga ketyapsanmi?
— Baliq oviga! — deydi Zabarjad bepisand o‘girilib.

Yon tarafdagi salqi zanjirlangan eshik tirqishi¬dan soch-soqoli o‘sib ketgan qo‘sqi bir bashara chala ko‘rinadi.
— Meniyam billa opketsang-chi! Suvga tushib ketmagin deb belginangdan quchoqlab o‘tirardim.
— Qarmoq-parmog‘ing yo‘q-ku, Zokir, — deydi savdoyi qo‘shnisining bu kabi shilqimliklariga ko‘nikib ketgan Zabarjad beozor kulimsirab.
— Mening qarmog‘imni ko‘rmagansan-da, hey qiz! — deydi Zokir ochiqcha betamizlikka o‘tib. — Vo-ey, buning figurasini qarang! Shimlar tarang, ko‘kraklar dirkillagan! O‘lib qolaman, vo-ey!
— He, aynimay o‘l! Devona!
O‘ylamay aytgan gapiga chuv tushgan Zabarjad uch zinani bitta qilib pastga otiladi.
— Mengayam opke balig‘ingdan. Laqqasidan bo‘lsin, hey! — deb qoladi “zanjirband”.

* * *

Sersoya hovli o‘rtasidagi shiyponchada doimiy ulfati Yura piyon bilan domino o‘ynab o‘tirgan oltmish yoshlardagi chuvakkina odam — Zokirning otasi Vosil amaki yo‘lakdan chiqqan Zabarjadga ko‘zi tushib, o‘zicha yayrab ketadi:
— Ha, Jo‘raboyning qizi! Kelinchakka o‘xshab qolibsan, to‘y qachon?
— Sizga har kuni to‘y-ku, Vosil amaki! — deydi Zabarjad xushhollik bilan; asli beg‘ubor shu sho‘rlikka rahmi keladi doim.
— Yo‘q, sening to‘yingda to‘yib bir ichib armondan chiqmoqchiman-da, qizim. Oshnam rahmatlini eslab!
— Kuyov topilmayapti, amaki, kuyov yo‘q!
— Senday nozaninga qaramasa, yigitman deganlarining ko‘zi qayoqda ekan-a!
— O‘zingiz kelin qilaqolmaysizmi?
— Zokirgami? E, u senga to‘g‘ri kelmaydi — turemshik!
Ikkinchi qavat derazasidan hayqirgan ovoz keladi:
— Kim turemshik, ho‘ piyonista! O‘zi ko‘nib turibdi-ku, bosish kerak!
Vosil amaki xira pashshani haydagan kabi deraza tomon qo‘l to‘lg‘ab qo‘yadi: bas qil!
Zabarjad uzun bog‘ichli so‘mkachasini yelkasidan olib, kavlay-kavlay ulfatlarga yaqinlashadi. Kaftida g‘ijimlagan pulni bilintirmaslikka tirishib Vosil amakining cho‘ntagiga tiqib qo‘yarkan:
— Kuyov topsangiz — suyunchisiga, — deydi pichirlab.
Vosil amaki so‘niqibgina yerga qaraydi.
— Rahmat, qizim. Peshonang ochilsin iloyim.
Yura piyonning ko‘zi chaqnab ketadi, qizga umid va havas bilan boqadi. Keyin engashib, qo‘lbola stol tagidan qizg‘ish shishani oladi.
— Davay!
Deraza tarafdan yana shang‘illash eshitiladi:
— Necha so‘m ekan, ho‘ piyonista? Bir tiyinini ham qoldirmay menga berasan, bilding! Endi u mening qaylig‘im-ku! Kechqurun menga baliq opkeladi, o‘zi aytgan!
Vosil amaki asta boshini ko‘tarib derazaga qaraydi. Bir lahzada ko‘zlari qizarib qolibdi.

* * *

Zabarjad uyni aylanib o‘tib yo‘lkaga burilganida uchinchi qavat derazasidan ayasining sasi keladi:
— Hoy boyvuchcha, anovi tasqaraga nega pul berasan?
Zabarjad yo‘lidan to‘xtab, derazaga yuzlanadi:
— Kimga? Qanaqa pul?
— Hali derazadan o‘zim ko‘rdim-ku!
— Rahmim keladi, aya. Ichim achiydi ko‘rsam.
— Menga rahming kelsin! Sen yetimchalarni xorligu zorlikda boqib katta qilgan onangga iching achisin!
— Yaxshi odam-ku, aya! Doim dadamni gapiradi. O‘rtoqlari edi.
Derazadan engashib olgan Vazira opa battar tutaqadi:
— Qanaqa o‘rtoq?! Bir joyda ishlagan, xolos. Hay, ana, shunchaki bir qo‘shni! Yaxshi odamni xotini tashlab, qizinikiga borib o‘tiradimi, a?! Yaxshi odam pushtikamaridan bo‘lgan farzandini zanjirga solib qo‘yadimi?! Yaxshi odam qizi tengi birovdan sadaqa oladimi?! Yaxshi odam bo‘lsa, ertayu kech…
— Bo‘ldi, bo‘ldi, aya! Qo‘ni-qo‘shni eshitadi. Nima qilsin bechora? O‘zingiz bilasiz-ku!
— Ana, jinnixonaga eltib topshirsin!
— Aya! Har kim ahvolini o‘zi biladi. Bittayu bitta o‘g‘il!
— Hali sen chiqqan zahoti Dilya o‘rtog‘ing telefon qiluvdi, — deydi Vazira opa negadir darhol shashtidan tushib. — Ishxonangning oldida kutarmish. Gapi bor ekan.
— Gaplari bo‘lsa, o‘zlari kelib meni opketmaydilarmi u tannoz xonim! — deydi Zabarjad yo‘lga tusharkan, nimadir nash’a qilib. — Taglarida — “Neksiya”! Dilya Dubay!
— Hoy, kirporoshok esingdan chiqmasin-a!

* * *

Mikroorganizmlar tadqiqoti instituti.
So‘mka-po‘mkasini qo‘yib, oq xalat kiyib chiqqan Zabarjad tez-tez yurib maydon chetidagi daraxtlar soyasida turgan “Neksiya”ga yaqinlashadi.
Yaltir-yultir yasanib olgan Dilya kimgadir “Nima o‘ylasangiz o‘ylayvering! Bugun kelmaysiz, tamom! Toje mne!” deb jahl qiladi-da, qarsillatib telefonchasini buklaydi.
— Qani, gapirsinlar, — deydi moshinaga kirib uning yoniga o‘tirgan Zabarjad.
— O‘tiribsan mikroblarga yem bo‘lib?
— Mikrob emas, savodsiz, foydali mikroorganizmlarni tadqiq etish instituti!
— Bari — bir go‘r!.. Ketyapman, o‘rtoq!
— Yanami? O‘sha yoqqa?
— Boshqa qayga bo‘lardi! Bu safar olti oyga!
— Yetar deyman.
— Yetmaydi, Zabar! Menga yetmaydi! Sening-ku dadang o‘lgan edi, men bir qari kampirning qo‘lida tirik yetim bo‘lib o‘sganman. Ko‘zim och. Bo‘lsa, yana ko‘proq bo‘lsin deyman. Shunaqa. Dugonangning fe’lini bilasan-ku, o‘rtoq! Bola katta bo‘lib qolyapti. Kelajakda o‘qishini o‘ylashim kerakmi — kerak! Uchastka qurmoqchiman. “Dom” jonga tegdi — burilolmaysan, tangu tor. Keyin — men ham odamday yashashga haqqim bormi, yo‘qmi?!
— Yasha, yasha. Ruxsat berdim.
— Kulma, Zabar. Anovi so‘takning ahvolini o‘zing bilasan. Uyga bir so‘m topib kelolmasa! Qo‘lidan bir ish kelmasa! Ketiga tepganimga ikki yil bo‘ldi, o‘rtadagi o‘g‘il bahona, sirtiga suv yuqtirmaydi-ya! Xuddi hech nima bo‘lmagandek, “Uyingning kalitini tashlab ket” emish! Ijaraga qo‘yib pul ishlamoqchilar! “Ebsan”, dedim. Eshitding-ku hali. Ijara qo‘yadigan bo‘lsam, o‘zim qo‘ymasmidim! K chemu eto mne! To‘rt pul chiqadimi, yo‘qmi, shuncha remontimning dabdalasini chiqazib tashlaydi. Bilaman, marjabozlik qilmoqchi bu. O‘rgildim sizday marjabozdan! Holing menga ma’lum-ku. Qo‘lingdan biror ish kelganida men bunday sarson bo‘lib yurarmidim! Kalitimning bittasini senga tashlab ketmoqchiman, Zabarjad. Loyimiz har joydan bo‘lgani bilan eski o‘rtog‘imsan, maktabda billa o‘qiganmiz. Haftada bir-ikki bor gulga suv quyib ketsang bas. Gullarimni ko‘rgansan, Arabistondan kelgan antiqa gullar. Menga qara, Zabar, birato‘la kelib menikida yashab tursang-chi? Shaharning qoq markazi, hamma sharoit muhayyo. Hu-uv Sirg‘alingdan sakillab yurguncha! U yoqdan semiribroq kelsam, arzon-garov qilibmi, balki butunlay o‘zingga bervorarman. A, nima deysan?
— Gul-pulingga qarab turishim mumkin, lekin uying o‘zingga buyursin, jonim!
— Mana shunday tantiliklaringga borman-da, Zabar! Sa-al menga o‘xshaganingda-ku o‘zim bilardim nima qilishni. Sendaqasini ko‘rsa, o‘lib qoladi ular! Olti oyda og‘iz-burninggacha to‘lib ketasan! Bo‘ldi, bo‘ldi, tumshaymang. Bildik — siz farishta, Vazira kennoyim ham o‘pmagan huru g‘ilmonsiz! Ja-a bo‘lmasa, dengizlarda cho‘milib kelarding!
— Suvni yomon ko‘raman.
— Yomon ko‘rarmish, qo‘rqsang kerak-da? Cho‘milsang — shundoq mazaki, iliqqina! Tanangdagi bor gardu g‘uborni yuvib ketadi.
— Seni-ku o‘nta dengizda cho‘miltirib olsa ham befoydadir!
— Dengiz emish, okeanda degin! — Dilya tantilik bilan qiqirlaydi. — O‘zing kimga asrab yuribsan bu mulkni, hayronman? Ko‘tarasiga bervormaysanmi?!
— Egasi chiqib qolar, — deydi Zabarjad sirli jilmayib. — Ko‘tarasavdoni sen qilasan!
— Voy, haliyam anovi… Boshingga urasanmi uni! Yoshi katta bo‘lsa, bola-chaqali, o‘ziyam bir xunuk, tasqara! Lekin-chi, Zabar, to‘g‘risini aytsam, o‘sha odamingning bir balosi bor-ov. Ji-im o‘tirsayam, gapirmasayam, yonidan ketging kelmaydi-ya! Bunday bir yoshrog‘ini topsang-chi, o‘rtoq! Qachongacha yurasan qulf solib?!
— Yoshi ham bor. “Diplomat”.
— Ho-o, zo‘r-u! Hah, pismiq, yashirishini qarang!
— Yo‘q, sen o‘ylagandaqamas. “Diplomat” ko‘tarib yuradi, xolos. Keys bor-ku, o‘shani. Ko‘zini lo‘q qilib, “Sevaman!” deydi. O‘zi mendan besh yosh kichik! Shunisini aytsam, “Sizsiz yashayolmayman!” deydi tirrancha. O‘zicha bir balolarni javraydimi-ey! Qochib ketging keladi. Izimdan tentigani tentigan. Hozir ham shu atrofda yurgan bo‘lsa kerak. “Diplomati”ni qo‘ltiqlab!
— Da-a, birkam dunyo ekan-da, — deydi Dilya daf’atan ma’yus tortib. — Zaba-ar, bir gap so‘rasam maylimi? Anovi “do‘stim-do‘stim” deganingni rostdan ham yaxshi ko‘rasanmi? Ayt, nimasini?
— Shunisini bilmayman-da. Bilganimda-ku… o‘zim bilardim!
— Men ham birovni yaxshi ko‘rgim kelyapti, — deydi Dilya ko‘zida yosh halqalanib. So‘ng birdan ho‘ngrab Zabarjadni quchoqlab oladi. — Senday. Senga o‘xshab. Chin yurakdan! Havasim keladi senga, o‘rtoq, ishon! Men odam bo‘lmadim, Zaba-ar! Yurishimni qara! Shuyam hayot bo‘ldimi, dugonajon? Bir tiyin! Bu hammasi bir tiyin, ishon!
Zabarjad nogoh jini qo‘zigan Dilyani hurpaygan sochlarini tartibga solgandek bo‘lib silay-silay yupatarkan, institut darvozasi oldida u yoq-bu yoqqa alanglab kimnidir qidirayotgan hamkasbi Donoxonga ko‘zi tushadi.
— Xafa bo‘lmaysan, o‘rtoq, meni so‘rab chiqishdi shekilli.
— Mayli, mayli, boraqol, — deydi Dilya birdan “motami” arib, boyagidek sovuq, o‘ktam qiyofaga kirarkan. — Meniyam tashvishlarim bir dunyo! Bilet, viza-piza deganday. Ketishdan oldin o‘zim uylaringga o‘taman. Vazira kennoyimga salom aytib qo‘y, xo‘p?
Dilya moshinasini shiddat bilan orqaga surib, katta yo‘lga soladi.

* * *

Direktor qabulxonasi.
Eshikni taraqlatib ichkaridan Zabarjad chiqadi. Rangi o‘chgan. Lekin yuzida allaqanday telbavor bir tabassum.
O‘zi o‘lgudek qarimsiq, ammo rosa yasan-tusan kotiba ayol o‘rnidan turib ketadi:
— Nima gap? Tinchlikmi?
— Kompyuter sindi shekilli, — deb javob qiladi Zabarjad g‘alati zaharxanda bilan. — Bosh ham yorilgandir.
— Voy, nega sinadi? Nima yorildi deysiz?
— Siz sindirmaganmisiz? Siz yormaganmisiz?
— Voy, nega sindiraman? Esimni yebmanmi! Bundoq tushuntiribroq gapirsangiz-chi, Zabarjadxon, nima gap o‘zi?
— Men esimni yedim, Xatira opa! Yod-podingiz bo‘lsa, paxtaga tomizib tez opkiring. Do‘xtir chaqirsangiz ham bo‘ladi.
— Voy-voy, domlaga biror nima bo‘ldimi?
— Kirganda ko‘rasiz!

* * *

Tajribaxona. To‘rt taraf oynaband javon, o‘rtada uzun-uzun stollar. Besh-o‘n chog‘liq oq xalatli ayol uzunchoq shisha idishlarni ko‘tarib u yoqdan-bu yoqqa ivirsib yuribdi.
O‘zgacha bir vajohatda kirib kelgan Zabarjad ko‘pchiligining e’tiborini tortadi. Odatdagi pichir-pichir, o‘zaro ma’noli qarashlar.
Zabarjad indamay joyiga o‘tib, xalati cho‘ntagidan ruchka oladi-da, bir varaq qog‘ozga allanima yoza boshlaydi.
Boyagi Donoxon hadiksirabgina uning boshiga keladi.
— Himoyaga tegishli biror yangilik bormi deyman. Nega chaqirgan ekanlar?
Zabarjad yozuvdan bosh ko‘tarib, atay barchaga eshitarli ovozda “hisob” beradi:
— Shanba kuni chet ellik mehmonlar bilan Chorvoqqa chiqarkanmiz! Dam olishga. Ikki kunlik. Men domlaga referent bo‘lib borarmishman!
Har yoqdan luqma eshitiladi:
— Voy, yaxshi-ku! Maza qilib kelasiz-da.
— Bahonada himoyangizdan gap ochilib qolar.
— O‘tgan gal, bahorda Barno boruvdi, eslaringdami? Biotexdan.
Zabarjad yozib bo‘lgach, shaldiratib qog‘ozni stoldan oladiyu ikki hatlab, yonboshdagi javon ortida yozuv-chizuv qilib o‘tirgan laboratoriya mudirining stoliga eltib tashlaydi.
— Men ishdan bo‘shadim, Gulnoz Rahimovna! Mana, arizam! Xayr sizlarga!
U apil-tapil ish o‘rnini yig‘ishtirib, so‘mkachasini kiftiga iladiyu chiqadi-ketadi: bay-bay! Hamma hangu mang.

* * *

Zabarjad eshikdan chiqqani hamono g‘iybat aralash muhokama boshlanadi:
— Shu qizning ajab qiliqlari bor-da! Sal narsaga to‘nini shartta teskari kiyadi-qo‘yadi. Hay, Chorvoqqa chiqib kelsa nima qipti? Tem bolee, domla o‘zlari taklif qilibdilar. Ham sayohat, ham tijorat deganday, himoyasi yurishib ketarmidi balki. Kalit o‘zingning qo‘lingda bo‘lsa, qulfingni birov beso‘roq ocha oladimi, ayting!
— Zabarjadxonga ham oson tutib bo‘lmas. Dissertatsiyasi tayyor bo‘lganiga bir yildan oshdi. U yoqda ana, Barnoxonga o‘xshaganlar hashar bilan ishini bitirib olyapti. Alam qilib ketgandir-da. Necha yillik mehnat!
— Buning ustiga yoshi ham o‘tib boryapti deng. Anovi sabil miyaga uradi-da!
— Domlasi qurg‘ur ham haqini olmasdan qo‘ymaydigan! Huv tatar qiz ham shunday bir mojaro bilan ketib qoluvdi, eslaringdami?
— Xatirani-ku qabulxonasiga qamab, qaritib bo‘ldi. Qorovullikdan boshqasiga yaramay qolgandir endi.

* * *

Zabarjad ikkinchi qavatga tushganida koridorning oxiridagi deraza rafida turgan tanish “diplomat”ni ko‘rib qoladi. Bir zum ikkilanib to‘xtaydi-yu, keyin shahd bilan o‘sha yoqqa qarab yuradi.
Mana, anovi sullohning o‘zi! Xushsurat, qaddi-qomati raso. Risoladagidek kiyingan: qora kostyum-shim, oq ko‘ylagu galstuk. Qo‘lida gul, iljayibgina turibdi.

— Yana keldingizmi? Sizning boshqa ishingiz yo‘qmi? Men sizga nima degan edim o‘tgan gal?!
— Sevgan ko‘ngil nima qilsin, axir? — deydi surbet tirjayib.
— Menga qarang, shoir-poir emasmisiz mabodo?
— Qanaqa shoir? Nega?!
— To‘g‘ri gapiraversangiz bo‘lmaydimi? E, hammang jonimga tegding! — Zabarjad jazava ichida keysga chang soladiyu uni deraza osha pastga uloqtirib yuboradi.
— Voy, voy, bu nima qilganingiz, Zabarjadxon?
Zabarjad shu zahoti shashtidan tushib, so‘raydi:
— Ichida nima bor edi?
— Bir shisha konyak. “Anhor”.
— Yana?
— Shokolad. O‘zingiz yaxshi ko‘radigan achchiq xilidan.
— Yana?
— Yana… dissertatsiyam. Papkada edi.
— Yuguring! Tez! E, shoshmang, necha pul bo‘ladi hammasi?
Zabarjad sarosimada so‘mkachasidan bir siqim pul olib jabrdiydaning cho‘ntagiga tiqadiyu yov quvgandek, undan oldin koridor bo‘ylab chopib ketadi. Zinapoyaga yetib orqasiga o‘giriladi: oshiq sho‘rlik mum bo‘libgina qotib qolgan!
— Ilmiy ishlaringizga muvaffaqiyat!

* * *

Zabarjad institut binosidan yelib chiqadi-da, eshik oldida bir dam to‘xtab, o‘ylanib turadi. So‘ng ildam yurib binoning chap biqinidagi terakzorga kiradi. O‘t-o‘lanlar orasidan keysni topib, dastro‘moli bilan u yoq-bu yog‘ini artadi.
Xomush, parishon holda eshikdan ko‘ringan egasining qo‘liga uni tutqazarkan:
— Uzr, jahlim chiqib turuvdi, — deydi Zabarjad. — Qarang-chi, qo‘lyozmangiz ho‘l bo‘lmabdimi?

— Qo‘lyozmam? — deydi yigit battar gangib. Keyin beixtiyor qizning amriga bo‘ysunib, tizzasi ustiga qo‘yib keysni ochadi. — Yo‘q, hatto sinmabdi ham… Men endi nima qilay, Zabarjadxon?
Zabarjad bu savolga nima deyishini bilmay lab tishlab qoladi.
— Nima qilardingiz, u yoq-bu yoqni ko‘rasiz…
Soddadil yigit alanglab rostdan ham ikki tarafiga nazar soladi. Bir tomondan dikirlab qo‘g‘irchoqdek bir qiz o‘tadi, ikkinchi tomonda — ertalab Dilyaning moshinasi turgan daraxtlar tagida “Tiko”siga suyanib, qo‘lida ko‘zgucha, bir qiz o‘ziga oro bermoqda.

— Ko‘p-a? — deydi yigitga qo‘shilib o‘zi ham o‘sha tomonlarga qaragan Zabarjad sho‘xchan kulib. — Davosi shu!
— Lekin yurakka buyurib bo‘lmaydi-ku, Zabarjadxon! — deydi bechora kitobiy oshiq hasratli ohangda.
Zabarjad yaqin borib, opalarcha bir mushfiqlik bilan uning yuzini kaftlari orasiga oladi:
— Mening yuragimga buyurib bo‘larkanmi, ukajon?! Siz hali yoshsiz, qiz degani ana — son mingta! Keling, shunday bo‘lgani ma’qul.
Omadsiz oshiq asta buriladiyu, bo‘yni bir yonga qiyshaygan, “diplomat”ini osiltirib ko‘chaning naryog‘iga qarab yo‘l oladi.
O‘z-o‘zidan diydasi yoshga to‘lgan Zabarjad qimirlayolmay joyida turib qoladi.

* * *

Qator telefon budkalarining biridan Zabarjad yig‘lagudek bir alfozda “do‘sti”ga arz qilayotir.
Qo‘shni budkada ikki yosh oshiq-ma’shuq bir-biriga qapishgan ko‘yi, go‘shakni goh unisi, goh bunisi olib kim bilandir so‘zlashayotir.
— Siz tengi, siz tengi shekilli, — deydi Zabarjad xunobi oshib. — Ha, professor. “Qizim, qizim”lab yurardi, yaramas! Yo‘q, rahbarim boshqa. Yaxshi odam, aytganman-ku sizga… Orqa xonasiga opkirib, allanimabaloni kompyuterda ko‘chirib berishimni so‘radi. O‘zim ham sezganday bo‘ldim-a. Xatirasi qabulxonada saqich chaynab o‘tiribdi, o‘sha ko‘chirsin edi! “Himoyangizni keyingi chorakka qo‘ymoqchimiz, Zabarjadxon, shunga nima deysiz?” deb so‘radi avval. “Siz nima desangiz shu-da, domla, rahmat”, dedim. “Men nima desam shumi? Gapingizda turasizmi? Shanba kuni vaqtingiz qalay?” Keyin — Chorvoq-porvoq, hali aytdim-ku! Ko‘chirib bo‘lib o‘rnimdan turayotsam, “Ish bitganda qochish ekan-da!” deb tashlanib qolsa bo‘ladimi! Pishillab! Bir sassiq! Harom! Kompyuterini itarib yuborib, klaviatura bilan soldim boshiga!.. To‘g‘ri, to‘g‘ri, yaxshi ish bo‘lmadi. Chidayolmadim-da. Nima, boshi ochiq bir yetimcha ekan deb yopishaverish kerakmi? O‘zim ham jinniman, bilasiz-ku!.. Ha, ha, hammaga shunday. Hayvo-on! Direktor bo‘lsang — o‘zingga! Keyin — bo‘shadim! Ha, yozdim arizasini… E, bilmasam. Bugun vaqtingiz bormi? Doim shunday — ish, ish! Kim bor? Odam? Men-chi, odammasmanmi?!
Qo‘shni budkadagilar endi tamomila yaktan bo‘lib ketgan — o‘pishayotir. Haligina talash go‘shak esa keraksiz buyumdek yerga osilib yotibdi.
Zabarjad alam bilan teskari qarab oladi. Yo tavba, bu yon budkada undan ham battar manzara!
Tashqarida shovillab yomg‘ir quymoqda.

* * *

Rahbar kishining kabineti.
Uzunchoq stolning ikki tarafida to‘rt-besh odam mahtal bo‘lib o‘tiribdi. Xona egasining o‘zi nariroqda, bularga orqa o‘girib, qo‘l telefonida kim bilandir so‘zlashmoqda. To‘g‘rirog‘i, telefonda birov beto‘xtov vaysayapti, u esa yakkash quloq solib turibdi. Ahyon-ahyonda uzuq-yuluq bir nimalarni so‘rab qo‘yadi, xolos.
O‘rtayashar bir odam. Sochiga oq oralab qolgan. Yuzi ko‘rinmaydi.
Stol yonida betoqat bo‘lib kutayotganlar derazaga qarab bosh chayqab qo‘yadi: yomg‘ir!

* * *

“Yig‘layotgan” telefon budkasi. Yomg‘ir sasi aralash budka ichidan Zabarjadning zorli ovozi eshitiladi:
— Ko‘rgim kelyapti, ha-a! Juda-juda! Oldingizga boray, maylimi? Shundoq eshikdan bir qaraymanu ketaman, xo‘pmi? Nima? Endi nima qilaman? E, hammasidan bezdim! Shu shahringizdan ham! Mana, mendan ham hamma bezor-ku! Boshimni olib ketsammi deb qoldim. Qishloqqa. Ammamnikiga. Birgina o‘sha kampir tushunadi meni, xolos! Boshqa hech kimga kerak emas ekanman! Bildim — he-ech kimga! Bo‘pti, qaytib sizga telefon qilmaganim bo‘lsin! Ha-a, Zabarjad so‘zim — shu!
Ho‘ngrab yig‘layotgan Zabarjad budka eshigini taraqlatib chiqib, egni yupun, boshyalang, yomg‘ir qa’riga uradi o‘zini.
Yomg‘ir to‘rlari oralab bebaxt, aftoda bir ko‘yda ketib borarkan, qo‘lida osiltirib olgan so‘mkachasi ko‘lmak suvlariga tegay-tegay deydi.
Bu yoqda — budkada haligina jonquloq bo‘lib turgan go‘shak yerga osilib yotibdi. Endi nokerak, ortiqcha bir buyum! Go‘yo u ham baxtsiz, u ham yig‘layapti. Hamma yig‘layapti! Olam ko‘zyoshi qilyapti!

* * *

Kimsasiz bir bog‘ning o‘rtasidagi ko‘shksimon shiyponchada Zabarjad yolg‘iz, shumshayib o‘tiribdi. Biqinida so‘mkachasi, og‘zi ochiq. Tizzasida kaftdekkina surat. Dadasi. Termilgani termilgan.
Keyin avaylabgina suratni so‘mkachasiga soladi-da, undan bir quti sigaret bilan gugurt oladi.
No‘noqlik bilan sigaret qutisini ochadi, qovushmaygina bir donasini labiga qistiradi, urina-urina gugurt chaqadi. Labi cho‘chchaygan, aftini kulgili tarzda burishtirib bir-ikki dapqir ichiga tutun tortadi-yu, birdan ko‘zlari olayib, o‘qchib yuboradi. O‘pkasi uzilgudek bo‘lib yo‘tala boshlaydi.
“Kashanda” qo‘lidagi sigaretu gugurtni alam bilan bir yoqqa otib, yuzini changallab oladi. Barmoqlari orasidan tevarak-atrofni shalabbo qilib yog‘ayotgan yomg‘irga tikiladi.
Yomg‘ir tuyqusdan taqqa tinib, quyosh chiqib ketadi. Osmonda beqasam kamalak ko‘rinadi. Mo‘jiza!

* * *

Bejirim ta’mirlangan, shifti oynaband hashamatli xona. Qayoqqa qaramang, Dilyaga ko‘zingiz tushadi. To‘rt taraf devoru javonlar, past-baland tumbalar ustidan Dilya sizga boqib turadi. Har xil kayfiyatda, turli holatlarda, Turkiya deysizmi, Hindistonu Arabiston deysizmi, ishqilib, o‘shanday maftunkor manzillarda olingan katta-kichik suratlar. Bari o‘ziga mos antiqa qasnoqlarga joylangan, did bilan osib-terib chiqilgan. Odam o‘zini yaxshi ko‘rishni mana shu Dilyadan o‘rgansa bo‘ladi!
To‘rdagi qo‘shto‘shakda bizga tanish haligi o‘rtayashar, sochiga oq oralagan kishi yostiqqa bosh qo‘yib yuztuban yotibdi. Zabarjad o‘sha-o‘sha “libos”ida, uning beliga minib olgan, bo‘yin-boshlarini mehr bilan, hafsala bilan uqalaydi — massaj.
Mana, Dilyaxonim, ko‘rib qo‘ying!
Tag‘in o‘sha “bir aktyor teatri” — Zabarjadning labi labiga tegmaydi.
Mayli, sho‘rlik qiz dardini to‘kaversin, sizu biz ora-orada Dilyaxonning ajib-ajib suratlarini tomosha qilib turamiz, demakki, undan-da maroqli sarguzashtlariga sherik bo‘lamiz.
— Bilasizmi, qachon yaxshi ko‘rib qolganman sizni? — deydi “massajchi” qiz. — Bir-rinchi ko‘rishimdayoq! Zabarjad so‘zim! Huv, esingizdami, Dilya bilan oldingizga boruvdik-ku, o‘shanda. Singlisini ishga joylamoqchi bo‘lib. U qayerdadir siz bilan tanishib olgan ekan. Erkaklar bilan til topishishga, ayniqsa, ish bitirishga usta-da. To‘g‘ri aytyapmanmi, Dilya? — deya Zabarjad sho‘xlik bilan qo‘shto‘shak uzra devorga osig‘liq ishvakor portretga qarab oladi. — “Birga yurasan” deb turib oldi. Siz asosan Dilya bilan gaplashdingiz. Menga bir marta ham qaramadingiz. Yo‘q, Dilya bidir-bidir qilgan, siz nuqul yerga tikilib ji-im o‘tirgansiz. O‘shanda xuddi ilgari-ilgaridan tanish, yaqin bir odamimdek bo‘lib tuyulgansiz menga. Xayrlashayotib o‘rningizdan turganingizda “Voy!” deb yuborishimga sal qolgan. Men sizni negadir novcharoq kishi deb o‘ylagan ekanman. O‘rtabo‘ygina ekansiz. Mendan sal balandroq. Keyin o‘z-o‘zidan sizni ko‘rgim kelavergan. Esingizdami, har baloni bahona qilib oldingizga boraverardim? Lekin, “Hoy qiz, senga nima kerak o‘zi, nega hadeb mening oldimga kelaverasan?” deb so‘ramagansiz sira, jerkib ham bermagansiz. Men allanimabalolarni vaysayverardim, siz indamaygina kulib eshitardingiz. Biror marta bo‘lsin biror nimaga sha’ma qilmagansiz-a, qoyi-il! Men esam nuqul bo‘yningizga osilib yig‘lagim kelardi. Oldingizdan chiqqach, yig‘lab-yig‘lab qaytardim uyga. Qo‘ymadim-da ishqilib! Shunga ham, mana, besh yil bo‘pti-ya, qarang! Yaxshiyam, erga tegmaganim! Huv, yoshligimdayoq er qilib ketganimda — sizni ko‘rmasdim, tanimasdim, dahshat! O‘shanda rosa ko‘p sovchi kelgan. Kelardi-yu, keyin izsiz ketardi. Sababini menga bildirmay, ayam o‘tirib olib yig‘laganlari yig‘lagan edi. “Otasi yo‘q ekan”, “Uy-joylari yupqaroq”, “Bir balosi bo‘lmasa, shu yoshgacha uyda o‘tirarmidi!” Bunday gaplarni men keyinroq eshitdim. Bora-bora sovchi kelganda o‘zim chiqib gaplashadigan, hatto savdolashadigan bo‘lib qoldim. Betim qotib ketdi-da. Rasvo fe’limni bilasiz-ku. Bir-ikki bor haydab ham yubordim sovchi-povchisini. Hozir ham kelib turadi ba’zan. Xotini o‘lgan yo ajrashgan, qari-quri. “Bor-e!” deyman. Ayam sho‘rlik bo‘lsa, “Bu ketishda Zokir jinnidan boshqasi seni xotin qilmaydi!” deb yozg‘iradilar. Shunday bir qo‘shnimiz bor, turmada yotgan, savdoyi. To‘g‘risini aytaymi? Sizni ko‘rgandan keyin erga tekkim kelmay qolgan! O‘shangacha dadamdan boshqa hech kimni yaxshi ko‘rmaganman-da. Zabarjad so‘zim! Yo‘q, yo‘q, xayolingizga unday gap kelmasin! — “Massajchi” nozik bir erkalik bilan “mijozi”ning yag‘riniga shapatilab qo‘yadi. — Hech narsangiz kerakmas menga! Keraklisini oldim! Endi har-har zamonda uzoqdan bir ko‘rib tursam ham mayli. Maylimi, ayti-ing! (Yana boyagidek shapati.) Ochig‘i, sizni yaxshi ko‘ramanmi o‘zi, yo‘qmi, bunisiniyam bilolmay qolaman gohida. Siz yoshi katta, baobro‘ bir odamsiz. Men-chi? Hecham to‘g‘ri kelmaydi, bilaman. Lekin sizdan boshqasini o‘ylayolmasam nima qilay?! (Yana shapati. Bu gal endi biqinlarga, boshqa yoqlarga.) Bo‘ldi endi, turing! Taltayib yotishlarini! Nima, men sizning xotiningizmanmi?! Boring, qolganini, ana, kennoyimiz qilsinlar! Turing endi deyapman! Bu bolaning yotishini qarang, tavba!

* * *

Kechki payt.
Zabarjad horg‘in, bo‘shashibgina zinapoyadan chiqib kelayotir.
Ikkinchi qavatdagi tanish eshikning zanjiri shiqirlab, tanish bashara ko‘rinadi. Derazadan poylab turgan shekilli.
— Qani baliq?
— Baliq? — deydi Zabarjad parishonlik bilan. — Qanaqa baliq?
— Laqqa!
— Voy-y! Esimdan chiqibdi-ya, Zokir. Ertaga opkelaman, ertaga!
— Men o‘zingni aytyapman! Hozir zanjir-panjirini sindirib tashlay¬man, kir! Turmadan o‘rganib kelgan shunday priyomlarim borki, dod deysan!
— Do-od! — deydi sho‘xligi tutib Zabarjad. — Bo‘ldimi?
— Bo‘lmadi. Qarmog‘imni ko‘rsataymi senga? — Shunday deb bu devona bejoroq bir qiliqqa chog‘lanadi.
— Qarmoq-parmog‘ing boshingdan qolsin! He, jinni!
— Kim jinni? Kim jinni? He, onangni… Shal-lab!
Zabarjad qochib eshiklarining oldiga chiqadi.
— Shu sen aytgandaqa bo‘lish ham qo‘limdan kelmadi, e xudoning bandasi! — deydi Zabarjad o‘ziga o‘zi va beixtiyor peshonasini devorga tirab turib qoladi.
Ichkarida cho‘zib qo‘ng‘iroq jiringlaydi: peshonasini eshik yonboshidagi tugmachaga bosgan ekan.
Eshikni ayasi ochadi:
— Tinchlikmi?
Zabarjad boshini baland ko‘tarib tantanavor e’lon qiladi:
— Otpuskaga chiqdim!
— Poroshok qani?
— Poroshok… yo‘q! Baliq ham yo‘q!
— Nima balo, mastmisan?
Ichkaridan bo‘g‘iq, dardmand ovoz eshitiladi:
— Zaba-ar, keldingmi? Tag‘in qancha kutay?
— Senga qarab o‘tiribdi. Meni bilasan, qo‘llarimda jon yo‘q.
— Xo‘p, xo‘p, aya. Bugun endi kech bo‘pqoldi-ku. Ertalab-da.

* * *

Choshgoh pallasi.
Vannaxona. Boshqasi. Kamtarin, g‘aribroq.
Soqol qo‘ygan davangirdek bir yigit jom ichida enkayib o‘tiribdi. Ikki qo‘lini jomning ikki chetiga tirab olgan. Ishtonchan. Pushtirang “futbolka” bilan kalta lozimcha kiygan Zabarjad hansirab uning bo‘yniyu yag‘rinlariga sovun surtmoqda.
— Qo‘llaring biram yumshoq, biram yoqimliki, Zabar! — deb qo‘yadi nogiron uka.
— Lolaniki bundan ham yaxshi bo‘lsa kerak. Barmoqlari uzun-uzun, oppoq!
— Shu qizni tanimas ekanman-da, a, opa?
— Ko‘rgansan, ko‘rgansan. Ro‘paradagi “dom”dan. E’tibor bermagandirsan-da. Kuning shoshilinch safarlarda o‘tardi, taq-taq, paq-paq. “Terrorchi”! — deya sho‘xlik qiladi ukasiga Zabarjad, jo‘mrakni baralla ocharkan. — Har kuni so‘raydi seni. Zo‘r qiz!
— Shuni bir opkelmaysanmi, Zabar? Balki tanirman ham.
— Avval Moskvaga borib kelaylik, keyin, Sur’atjon, xo‘pmi?
— Ha-a, to‘g‘ri aytasan.
Tashvishmand, g‘amboda Vazira opa kattakon sochiq ko‘tarib kiradi.
— Qo‘ltiqlarini ham yuvdingmi?
— Hammayog‘i chaqaloqday top-toza! — deydi Zabarjad sochiqni olib ukasining bo‘yniga tashlarkan. — Endi bir oy suvga tushmasa ham bo‘ladi!

* * *

Yotoq bo‘lmasi. Devorda Sur’atning harbiy libosdagi surati.
Zabarjad nogiron ukasini qo‘ltig‘idan ko‘tarib kelib to‘shakka yotqizadi. Xuddi yosh boladek burnidan chimchilab qo‘yadi.
— Ana endi yotaverasan maza qilib.
— Moskvaga qachon boramiz, opa?
— Kuz kelsin. Zo‘r do‘xtirlar otpuskadan qaytgan bo‘ladi. Ham salqin.

* * *

Oshxona. Kuymanib yurgan Vazira opa o‘zicha nola qiladi:
— Shunday tinch zamonda kelib-kelib mening bolamga o‘q tegsa-ya! Men bularni otasiz, qandoq azoblar bilan katta qildim! — Keyin bu yoqqa kirgan qizidan so‘raydi: — Lola, Lola deysanlar, kim u?
— Bordir-da birorta Lola, kim bilsin, — deydi Zabarjad yaxna choyni bankasi bilan ko‘tarib icharkan. — Uningizga aytib qo‘ying, aya, et-betini o‘zi tozalasin!

* * *

Zabarjadning xonasi. To‘rda yozuv stoli, stul. Stol taqalgan devor bo‘ylab shiftgacha osma kitob javonlari.
Bir yon devorga odmiroq gilam osilgan, ro‘para¬dagisida — ota-onaning baxtiyor kelin-kuyovlik surati.

Yozuv stolining bir burchagida otaning keyinroq olingan yana bir surati jajji qasnoqqa solib qo‘yilgan.
Xonaning berigi qismi tikuv-bichuvga moslangan — chevarlik. Burchakdagi tikroq xontaxta ustida tikuv moshinasi. Uning yon-verida turli-tuman gazmolu matolar uyilib yotibdi; har xil moda jurnallari.
Eshikka yaqin toshoyna oldida boyvuchcharoq bir juvon hozirgina qo‘ldan chiqqan alomat libosini kiyib o‘zini u yon-bu yon ko‘z-ko‘z qilmoqda. Zabarjad, bo‘ynida o‘lchov anjomi, juvonning atrofida girdikapalak.
— Ma’qulmi? Menimcha, yomonmas. Choklari yana bir dazmollansa, guldek bo‘ladi-qoladi.
— Gul — sizning qo‘lingiz, Zabarjadxon! — deydi juvon uni quchoqlab. — Egnimdan chiqargim kelmaydi-ya! Yo shundoq ketaversammikan?
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, bir zumdan so‘ng Vazira opa bosh suqadi.
— Voy, muborak bo‘lsin! — deydi u yasama jilmayib. — Biram yarashganki! Zabar, seni chaqirib kepti.
— Kim?
— Qo‘shni, — deb qo‘yadi Vazira opa sovuqqina.

* * *

Zinapoya maydonchasi.
— Assalomalaykum, Vosil amaki. Keling.
O‘zi pachoqqina bu odam odatdagidek — shirakayfroq. Ammo bir vaqtlardagi olimu ziyoliligini oxirigacha boy bermagan. Bo‘ynida allaqachon urfdan qolgan ensiz galstuk, boshida — g‘ijimlangan bo‘lsa ham shlyapa. Allanechuk tantanavor. Og‘zi qulog‘ida.
— Ishing besh, Jo‘raboyning qizi! Gaplashib qo‘ydim. Kechqurun uyida kutadigan bo‘ldi ikkalamizni. Oloy bozorining orqasida dang‘illama kvartirasi bor. Tanishuv, ziyofat! O‘sma-surma deganday, hozirligingni ko‘raver.
— Qayoqqa boramiz o‘zi? Nega?
— Kuyovko‘rarga! — deydi Vosil amaki astoydil ajablanib. — O‘zing aytuvding-ku toping, deb!
— Kim ekan u kishi?
— Rosa badavlat! Boyvuchcha bo‘lib ketasan! Institutimizda zamdirektor edi. “Jiguli”siyam bor. Minasan. Dadangni tanirdi. “Jo‘raboy rahmatlining qizi bo‘lsa mayli”, dedi. Shu, xotini o‘lib, bir oz yakkalanib qolgan-da.
— Bo‘pti, borganimiz bo‘lsin! — deb yuboradi Zabarjad o‘zi ham kutmaganda. — Buyam bir variant! Yo chikka, yo pukka, nima dedingiz?
— Chikka bo‘ladi, ishonaver, chikka! — deydi Vosil amaki tamshanib. Keyin eshik sasini eshitib sarosimada zinapoya tomon yo‘rg‘alaydi. — Soat ikkilarda pastda kutaman!

* * *

Eshikdan to‘rva-xaltasini ko‘tarib yangi libosda boyagi juvon chiqadi.
— Uzr, Zabarjadxon, vaqtim ziqroq edi. Pastda xo‘jayinning moshinalari poylab turibdi. Tag‘in ikkita zakazim bor sizga. Keyingi safar qo‘shnilarimniyam opkelaman. Anovini stolingizning ustiga qo‘ydim. Rahmat.

* * *

U bilan xayrlashgach, Zabarjad dahlizda allanechuk tirishibroq turgan onasiga duch keladi.
— Nimaga kepti? Yana pul so‘rabmi?
— Aya! — Zabarjad zarda bilan xonasiga kiradi. Kiradiyu stoliga ko‘z yugurtirib, beixtiyor chiyillab yuboradi: — Qani?!
— Olib anovi pulga qo‘shib qo‘ydim, qizim. Moskva uchun, — deydi orqasidan kelgan Vazira opa aybdorona ohangda. — Sening qo‘lingga tushsa, darrov har yoqqa sochasan.

Bir lahza gezarib turgan Zabarjad shartta buriladi-da, g‘amu g‘urbatlardan kichrayib, bir burda bo‘lib qolgan onasini quchoqlab oladi.
— Ayajon!

* * *

Abdulaziz akaning uyi.
Kattakon mehmonxona. Vosil amaki ta’riflaganidan ham ziyoda: gilamlardan tortib qandilgacha, divandan tortib stol-stullargacha — hammaginasi asl, noyob, bu yaqin yurtlarning mol-matohi emas.
Abdulaziz aka deganimizning o‘zi — lunjlari shishinqiragannamo, oltmish yoshlar chamali barvasta kishi — bir zum dasturxon boshida tinib o‘tirmaydi. O‘z uyida o‘zini allanechuk noqulay sezayotgandek goh uni, goh buni bahona qilib oshxonasiga chiqib kelaveradi. Saranjom-sarishtali odam ko‘rinadi.
Lof bo‘lsa ham besh-o‘n mehmonga mo‘ljallab rosa did bilan tuzalgan uzun dasturxonning to‘rida “vakil ota” — Vosil amaki. Kelganidan buyon og‘zi ham, qo‘li ham tingani yo‘q. Konyakni aroqqa qo‘shib simiryapti. O‘zini xo‘jayindek tutadi: Abdulaziz, ul yo‘qmi, Abdulaziz, bul yo‘qmi.
Asli sho‘x-shaddod Zabarjad, qo‘lida vino quyilgan billur qadahni aylantirib, stolning bir chetida “biram iboli-hayoli kelinchak” misoli qimtinibgina o‘tiribdi. Yoshi ulug‘ mezbon har qo‘zg‘alganida xijolat chekkanidan u ham o‘rnidan turib ketayozadi.
— Jo‘raboy rahmatlining qiziman deng, — deb gapni uzoqdan boshlaydi Abdulaziz aka nihoyat. — Ko‘p qobiliyatli odam edi dadangiz. Hayot bo‘lganida hozir kattakon olim bo‘lib ketardi.
— Doktorligi ham tayyor bo‘lib qoluvdi-da o‘zi! — deya luqma tashlaydi Vosil amaki navbatdagi qadahni simirib.
— O‘zingiz nima ish qilasiz, qizim?
— Mikrobiologman, — deydi Zabarjad sipolik bilan yerga qarab. — Laboratoriyada ishlayman.
— Ha-a, durust. Ilmiy ish ham qilayotgandirsiz?
“Vakil ota” bu gal ham bo‘sh kelmaydi:
— Erta-indin himoyaga tayyor turibdi-ku!
— Shunaqa de-eng? Muvaffaqiyat tilaymiz!
Joyida tinib o‘tirolmaydigan bu odam tag‘in qo‘zg‘alib:
— Vosiljon, damlayveraymi? — deb so‘raydi mehmonidan.
— Oshing qochib ketarmidi? O‘tiribmiz-da!
Zabarjadga xijolatomuz jilmayib qo‘yib, Abdulaziz aka oshxonasi tomon chiqadi.
— Qachon keladi endi? — deb so‘raydi Zabarjad Vosil amakidan.
— Kim?
— Aytgan odamingiz.
— Mana shu-da! — deydi sanchqi urib tarvuzdan gazak qilayotgan Vosil amaki. — O‘zi yaxshi bola ammo, ko‘ryapsan-ku!
— Voy, rostdanmi? — deya beixtiyor xandon otib yuboradi Zabarjad, boyagi sipoligidan asar ham qolmay. — Zo‘r-u!
Kayfi oshib qolgan Vosil amaki yonboshiga tashlab, fitnachimonand pichirlaydi:
— Ko‘naversang-chi, lodon qiz! Ikki o‘g‘li hovli-joy qilib ketgan. O‘zini ko‘rib turibsan — bir gramm ham icholmaydi! Jigari chatoq. Hammasi o‘zingga qoladi!
Shu mahal dahlizda tapir-tupuru g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir eshitilib, xonaga o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi qaddi-qomatli, boyvachchasifat bir yigit kirib keladi.
— Iya, Vosil amakimiz-ku! Assalomaykum, — deya kelib u bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishadi. So‘ngra Zabarjad tomon o‘giriladi-da, ko‘z uzolmay qoladi. O‘zi amaki bilan hol-ahvol so‘rashayotir-u, nigohi qizda. Suqlanib tikilgani tikilgan.
— Jo‘raboyning qizi, — deydi tanishtirib Vosil amaki. — Men olib keldim. Mehmonga. Adang uchalamiz o‘rtoq edik. Sen eslayolmasang kerak, Zafar, yosh bola eding unda.
— Adamni ko‘ndirib bersangiz-chi, Vosil amaki, — deya Zafar shartta muddaosiga ko‘chadi. — Hovliga opketmoqchiman. Oyoq tirab turib olganlar: o‘laman, sattor — hech qayoqqa bormayman! Bitta o‘zlari, keksa odam, nima qiladilar bu yerda, o‘zingiz ayting!
— Adangning o‘rnida bo‘lganimda men ham shunday derdim. O‘z uyim — o‘lan-to‘shagim. Buncha mol-mulkni tashlab qayoqqa ketsin?!
— Bunimi? Sotamiz yo ijaraga qo‘yamiz, vassalom!
— Menga qara, Zafarbek, — deydi aljirabroq qolgan Vosil amaki o‘zicha nasihatga tushib, — yosh boshingga g‘alva orttirib nima foyda senga?! Buning turgan-bitgani dardisar-ku! Ayshingni surib o‘zing yashayvermaysanmi hovlida! Ke, yaxshisi, men bilan milligrammdan qilsang-chi, lodon!
— Moshinadaman, — deydi Zafar hafsalasi pir bo‘lib, sovuqqina.
Bexosdan Vosil amakining jini qo‘zib ketadi:
— Ich desa ichmasang, bir gapga unamasang, moshinadaman deb osmondan kelsang — tur, ket! Nima qilasan kattalarning ishiga aralashib?!
— Ie, iye! — deb qahr bilan o‘rnidan turadi Zafar. Anovi suqsurdan ko‘ngil uzolmay bazo‘r eshik sari yurarkan, lagan ko‘targan otasiga duch keladi.
— Hi? Oshga o‘tirmaysanmi? — deydi bo‘lgan gapdan bexabar Abdulaziz aka.
— Oshingizni anovi odam yesin! Men ketdim!
Eshik taraqlab yopilgani eshitiladi.

* * *

Zinapoya maydonchasi. Vosil amaki panjaraga osilib arang tushib boryapti.
Abdulaziz aka Zabarjadning yelkasiga kaftini qo‘ygan, xijolatomuz uzrxohlik qiladi:
— Ko‘nglingizga kelmasin, qizim. Vosiljonning odatini bilsangiz kerak. Hafta— o‘n kunda birrov kelib eshik-derazamning changini artib ketadigan odam bo‘lsamidi, deganday gap qiluvdim, xolos. Ertalab qo‘ng‘iroq qildi, yo‘q deyolmadim. Mayli, bahonada mana tanishib oldik. Lozim topsangiz, kelib turing. Ayangizni ham olib keling. Eshigim ochiq sizlarga. U kishiga mendan salom aytib qo‘yasiz, xo‘pmi? Duo qilaman — munosibingiz uchrasin!

* * *

Zabarjad Vosil amakini tramvaydan zo‘rg‘a ortmoqlab tushadi.
Bekatdan jilayotgan tramvay oynasidan yo‘lovchilar ularga taajjub bilan qarab qo‘yadi.
Mana, ular yo‘lka bo‘ylab uzun-qisqa bo‘lib kelishayotir. Vosil amakining tizzalari mayishib-mayishib ketadi, Zabarjad uning qo‘ltig‘iga kirib olgan.
Hovlilariga yaqinlashganda Vosil amaki bir siltanib qizning himoyasidan chiqadi.
— Ichgingiz kelganda aytarsiz, Vosil amaki, — deydi Zabarjad mutlaqo gina-kuduratsiz, samimiy jilmayib. — Yana boramiz. Yaxshi kishi ekanlar.
— Qizim! Qizim! — deya ko‘zi yoshga to‘lib hiqillamoqqa tushadi Vosil amaki. Qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirgan, egila-egila ta’zim qila boshlaydi. — Seni qizimdan ham ortiq ko‘raman, ishon! Bolaligingda mana shu hovlida o‘zim ko‘tarib yurardim seni. O‘-o‘, qandoq davrlar edi! Hamma yosh, hamma xursand! Endi-chi? He-ech kim yo‘q! Birgina Zokir! Zokirni bilasan o‘zing… Uf-f! Dadang qanday yigit edi-ya! Jo‘ravoy emas, mirovoy edi u, mirovoy!
Vosil amaki shartta buriladi-da, toy-toy qilayotgan bola misoli tap-tap bosib shiyponchasi tomon yuradi.
Zabarjad so‘mkachasini kiftiga tashlab uy yo‘lagiga kirib ketadi.

* * *

Derazada Zokirning telba qiyofasi namoyon bo‘ladi.
— Hah, shal-lab! Otang tengi odam bilan padrushka qilib yurasan-u, menga baliq opkelmaysan! Laqqasidan bo‘lsin menga, laqqasidan!
* * *
Zabarjad nimqorong‘i dahlizda tuflisini yechib, odatlanganidek, devordagi oynaga nazar tashlaydi: alvastiga o‘xshagan bir balo!
Oshxona tarafdan Vazira opaning ovozi eshitiladi:
— Zabar, o‘zingmi? Ammajoningdan xat keldi!
Zabarjad shosha-pisha oshxonaga kiradi.
— Nima debdilar? Qani?
Vazira opa xalati cho‘ntagidan olib bergan maktubni u derazaga tutib o‘qiy boshlaydi:
— Yozuvining chiroyliligini! Nuqta-vergullari ham joy-joyida. Adolat kelin yozgan. Maktabda a’lochi bo‘lgan-da. Qani, nima gap ekan? Unga salom, bunga salom. Falonchi ham qolmasin, salom, salom. “Azbaroyi jigargo‘shalik, rahmatli iniginamning arvohini qo‘riqlab shuncha yildan beri chorbog‘ida uning chirog‘ini yoqib o‘tiribman. Endi bas, charchadim, bu yog‘i qarib ham qoldim. Fayziboy meni tumanga ko‘chirib ketmoqchi. Kelib mulklaringga endi o‘zlaring egalik qilinglar”.
Qo‘shni bo‘lmadan nogiron Sur’atning tovushi keladi:
— Zabar, bugun ham ko‘rdingmi? Nima dedi?
— Hovli tarafga o‘tganim yo‘q bugun. Erta-perta ko‘rarman, — deb javob qiladi Zabarjad parishonlik bilan. So‘ng tepasida turgan Vazira opaga yuzlanadi: — Xo‘sh, ayajon, borib mulkimizga egalik qilamizmi? Oilamizning to‘ng‘ichi Shuhratbekingiz nima derkanlar bunga?
— Boya qo‘ng‘iroq qiluvdim. “Shu kunda rosa ishim ko‘p, chiqolmayman. Zabarjad borib sotib kelaqolsin”, deyapti. Biznesiga qo‘shmoqchi shekilli.
Beti qotib ketgan shaddod qariqiz birdan achchiqlanib, behayolik bilan mushtini chuchvara qiladi:
— Mana! Dadaginamdan qolgan mulkni-ya?! Biznes bahona, Shoiraxonining bo‘yniga yana bir tilla zanjir osmoqchidir-da! Bekorginaning beshtasini yebdi! Sotsak sotarmiz, lekin u erkatoyingizga bir tiyin ham yo‘q! Moskvaga qancha pul ketadi, bilasizmi?! Ertagayoq jo‘naymiz, xo‘pmi, aya?
— Esing joyidami o‘zi? Sur’atni kimga tashlab ketasan? — Nogahon lablari gezarib, Vazira opa jazavaga tushadi: — Bilsang, o‘sha tashlandiq mozoristoningga qadam ham bosgim yo‘q! Bordim deguncha, eski dardim yangilanib, yana motamga botaman! Sen bor, sen bor! Sen qotil bor! Dadang seni deb, sening o‘rningga!.. Dadang cho‘kkuncha sen cho‘kib o‘lsang bo‘lmasmidi o‘shanda! Badbaxt! Shumoyoq! Ado qilding meni, sharmanda!
Vazira opa uvillagancha oshxonadan chiqib ketadi.
— Aya! Aya! Nima bo‘ldi sizga?! — deya chinqiradi Zabarjad yuzini changallab.
Hayal o‘tmay qo‘shni xonadan Vazira opaning tahlikali chorlovi eshitiladi:
— Zabarja-ad! Buni qara!
Zabarjad chopib chiqsa — Sur’at, nogiron ukasi, hech nima bo‘lmagandek, derazaga osilib turibdi!
— Voy! Nima qilyapsan, jinni?!
— O‘zim, — deya ayanchli iljayadi Sur’at.
— Qanday bording u yerga?
— Oyog‘im sal qimirlagandek bo‘ldi. Hovliga bir qaramoqchi edim.
— Voy, xudoyim-ey! Voy, tavba-a! — deydi suyunishini ham, kuyunishini ham bilolmay qolgan sho‘rlik Vazira opa yoqasini changallab.
Keyin hangu mang ona-bola bu bebosh nogironni suyab kelib o‘rniga yotqizadilar.

* * *

Avtovokzal. Telefon budkasi. Bo‘g‘iq shovqin ichida Zabarjad erkalik aralash bir zarda bilan gapirmoqda:
— Ha, ketayotuvdim. Qishloqqa. Ammamnikiga. Sizni bir ko‘ray devdim-da. O‘zim, shunday. Nima-a? Iloji yo‘q? Uzoqdamisiz? Qayerda, qayerda? Doim shunday! Bo‘pti, endi telefon qilmayman! Hech qachon! Meni endi qaytib ko‘rmaysiz, ha! Zabarjad so‘zim! O‘sha yoqda o‘zimni Qizilsoyga tashlab, cho‘kib ketaman! Ayam shunday deb qarg‘adilar meni. To‘g‘ri-da, bunday sarson bo‘lib yurgandan ko‘ra cho‘kib o‘lganim afzal! Siz bilmaysiz mening hayotimni! Nima-a? Balandroq gapiring!

* * *

Shahar tashqarisidagi dalahovli. Choshgoh payti. Kattakon o‘rik soyasidagi chorpoyada totuv oila ahli xushvaqtlik bilan choyxo‘rlik qilib o‘tiribdi.
Xonadon egasi — bizga tanish o‘rtayashar odam, qo‘l telefonini qulog‘iga mahkam bosgan, tosh yo‘lka bo‘ylab daraxtzor bog‘ tomon ketmoqda.
Bu gal ham u bizga orqa o‘girgan. Bu gal ham biz u kishining yuzini ko‘rolmaymiz.

* * *

Boyagi telefon budkasi.
— Har yoz dam olgani borardik. Chorboq o‘zimizniki edi-da, buvamdan qolgan. Rosa maza qilardik: olma, o‘rik, uzum deysizmi! Chorbog‘imizning etagidan Qizilsoy degan tezoqar bir anhor o‘tgan. Bir kuni o‘shaning bo‘yida o‘ynab yurib, nimadir bo‘ladiyu dumalab ketib, suvga cho‘ka boshlabman. Buni qarangki, xuddi shu mahal dadam soy yoqalab oshxo‘rlik ziyofatidan qaytayotgan ekanlar. Shartta suvga tashlab, meni qirg‘oqqa otib yuboribdilar-u, o‘zlari cho‘kib ketibdilar. Ammamning aytishlaricha, suzishga rosa usta ekanlar. Lekin o‘shanda nima hodisa yuz bergani noma’lum. Shunday qilib, otasiz bir yetimchaga aylanib qolganmiz, do‘stim! Endi bilgandirsiz mening kimligimni?! Ana shunday kasofat, shumqadam qiz bu! Balki shuning uchun tolei kelmay, sho‘rpeshona bo‘lib yurgandir? O‘zingiz o‘ylang, otasiga qotil bo‘lgan ana shunday bir badbaxtning bu dunyoda tirik yurishga haqqi bormi?! Yo‘q! Yo‘q!.. O‘lsam, meni eslab-eslab qo‘yarsiz-a? Ayti-ing!
Xudkushlikni xohlayotgan qizning keyingi gaplarini yo‘lga chog‘lanayotgan avtobuslarning shovqin-suroni bosib ketadi.

* * *

Haligi kishi bog‘ning xilvat bir burchagiga borib, to‘nkaga o‘tiradi. Cheka boshlaydi. Boshi xam. Yuzini yana ko‘rib bo‘lmaydi.

* * *

Tuman markazidagi gavjumroq bekatda orqa o‘rindiqni egallab kelgan ikki bozorchi ayolni qoldirib, chang bosganidan tusini aniqlab bo‘lmaydigan “Tiko” pildirabgina o‘rnidan qo‘zg‘aladi.
— Ketdikmi, Zabarjad opa? — deydi nimdosh olachipor harbiy libos kiygan haydovchi yigit — Azamat. — Buningiz issiqda erib qolmaydimi?
— Erisa erir, — deb qo‘yadi Zabarjad tizzasidagi barkashdek keladigan tortga erinchoqlik bilan nazar tashlab. — Ta’mi qoladi-ku. Ammam yaxshi ko‘radilar.
— Kattaligini! Butun Qizilolmaga yetadi-yov!

Moshina sal yurgach, yo‘l bo‘yidagi “Qizilolma” deb yozilgan g‘arib, omonat taxtachadan so‘lga burilib, tepalik tomon o‘rlaydi.
Olisdan ko‘kish-qoramtir tog‘ tizmalari ko‘rinadi. Tanish manzaralar.
Tovushi pastlatib qo‘yilgan magnitofondan hofiz nola qilayotir:
Tushimda ko‘rsa-am edi-i-i…

— Har kuni qatnaysanmi shaharga?
— Ikki martadan. Ba’zan uch marta.
— Namuncha?
— Moshinani sal turtib qo‘yib, qarzdor bo‘lib qolganman, Zabarjad opa!
— Iya, o‘zingniki emasmi bu?
— Qayoqda! Ijaraga olganman, ijaraga!
— Egasi kim? Nima ish qiladi xo‘jayining?
— Xo‘jayin — xo‘jayin-da! Mana shunday to‘rtta “Tiko”si, ikki “Damas”i ertayu kech shaharga qatnab turibdi — ishlab nima zaril unga?!
— Qishloqda qo‘shni ekanmiz, Azamatjon, so‘rayversam bo‘lar — uylanganmisan?
— Qayoqda! Shu yil bo‘lmoqchi edi to‘y. Yanagi yilga qoladi endi. To‘ng‘ichman. Dadamiz kamxarjroq odam. Jamila kutadimi, yo‘qmi — bu yog‘iyam ishkal. Otasi direktor-da.
— Kutadi! Yaxshi qiz bo‘lsa — kutadi. Kutmasa…
— To‘yga aytsam kelasizmi, Zabarjad opa?
— Chorbog‘ni sotmasam, kelarman balki, — deb qo‘yadi Zabarjad xayolchan.
— Qaysi chorbog‘ni? Nega sotasiz? Mulk-ku u! — deydi ajablanib Azamat. — “Er kishi yer sotmas, yer sotgan — er sanalmas”, deydilar dadam.
— Dadang to‘g‘ri aytibdilar. Lekin men er emasman-ku, Azamat?
— Er bo‘lmasangiz ham, erkakka o‘xshaysiz! — deydi Azamat iymanibroq.

“Tiko” navbatdagi do‘nglikdan oshib bir sho‘ng‘iydiyu serdaraxt qishloqcha oralab ketadi va soy bo‘yida joylashgan hovlilardan birining darvozasi oldiga kelib to‘xtaydi.
Azamat chaqqonlik bilan tushib, mashinaning orqasidagi ikkita katta-katta to‘rvani olib yerga qo‘yadi.
— Qachon qaytmoqchisiz, Zabarjad opa? — deb so‘raydi keyin. — Qachon desangiz, mana, moshina tayyor!
— Hozircha o‘zim ham bilmayman, Azamatjon, — deydi Zabarjad so‘mkachasidan pul chiqarib uzatarkan.
Azamat bir qalqib, orqaga tisariladi.
— Urib o‘ldirsangiz ham sizdan pul olgan — nomard!
— Voy, nega?
— To‘yimga kelib o‘ynab berasiz! — deydi Azamat savdoga chek qo‘yib. — Biznikida ham mehmon bo‘ling, Zabarjad opa. Ana, tol tagidagi ko‘k darvoza!
— Rahmat, Azamatjon. Jamilangga salom!

* * *

Mastura amma istiqomat qiladigan chorbog‘.
Darvozadan kirganda — eskicharoq andozada, ammo pishiq-puxta qurilgan ixchamgina uy-joy. Imoratga tutash ishkomdan naryog‘i ozroq rezavorligu qolgani — soy bo‘yigacha o‘rmonga o‘xshash quyuq daraxtzor.
Bog‘ birmuncha qarovsiz, yovvoyiroq. Balki shunisi ma’quldir — eski xotiralarni yodga soladi. Darvoqe, bunday kattakon joyni eplab turish ham oson emas.
Ishkom ostidagi so‘rida shu yaqin atrof jamoati jam desa bo‘lar. O‘rinoyning tashrifini eshitib, uni ko‘rgani kelgan qo‘shni kelin-kepchagu bola-baqra — bari shu yerda. Barining og‘zida — O‘rinoy: O‘rinoy keptilar, O‘rinoy opkeptilar, O‘rinoy opam berdilar, aytdilar, kuldilar…
O‘rinoyning o‘zi to‘rda — mushtdekkina bo‘lib qolgan, biroq hamon tetik-bardam, ko‘zlari tiyrak boquvchi ammajonining pinjiga suqilib, erkalanib o‘tiribdi. Amma ham juvon degulik bu kap-katta qizni xuddi tantiq qizaloqdek tinmay yalab-yulqaydi, silab-siypaydi:
— Iniginamdan qolgan yodgorim! Ukaginamning o‘rniga — O‘rinoyim! Hah, ammang ko‘zlaringdan! Hah, ammang qoshlaringdan!
Qo‘shni xotin-xalaj bir-biriga mehribon bu amma-jiyanga, aniqrog‘i, shahardan kelgan jiyanga havas bilan termiladi.
Jaydari meva-chevaga to‘la dasturxonning o‘rtasidagi barkashdek tort, chetlari “emirilaverib”, likobchadek bo‘lib qolgan. Bola-baqraning og‘iz-burni, dastu panjasi shira-sharbat.
Boyagina xonaki kiyimda ichkari kirib ketgan Adolat kelin bir mahal qimtinibroq, lekin shaharbop alomat libosda chiqib keladi. Endi hammaning e’tibori o‘sha yoqda. Qo‘yib bersangiz — so‘ridagi har bir qiz-juvon shu tobda Adolat kelinning o‘rnida bo‘lib qolsa!
— Voy, muncha chiroyli!
— Yarashganini qarang-a!
— Xuddi anovi televizorda ko‘rsatadigan artist ayolga o‘xshadilar-qoldilar!
Mastura kampir ham kaftini peshonasiga tutib o‘sha yoqqa tikiladi.
— Ha-a, o‘xshabdi. Bu kishiyam shaharlik bo‘lmoqchi o‘zi!
— Ammajon, — deydi O‘rinoy — Zabarjad uning qulog‘iga pichirlab, — so‘mkamda ko‘p bunaqasi! Mana bulargayam bersak, xafa bo‘lishmasmikan? Bir-ikki martagina kiyilgan, xolos.
— Nimaga xafa bo‘lar ekan, aylanay? Jon deydi! Ko‘ziga surtib-surtib kiyadi-ya! — Amma uni tag‘in ta’riflashu alqashga tushib ketadi: — Hammasini o‘zginasi tikkan! Hah, chevar jiyanimdan! Ammasiga mehribon jiyanimdan! Bir qo‘lginasi doim shu yoqda! Topgan-tutganini yuborib turadi. Ana, dadaginasining qabriniyam shu qiz obod qilib qo‘yibdi! Hah, bo‘ylaringdan ammang!
— Bo‘ldi, tomosha tamom! Kir uyga!
Bu ovozni eshitib, “ko‘rgazmada turgan maneken” — Adolat kelin zipillab ichkariga urib ketadi.
Erkak kishining nafasidan hurkib qo‘shni xotin-xalaj ham asta qo‘zg‘ala boshlaydi.
Elkasida ketmon, devdek bo‘lib bog‘ tarafdan chiqib kelgan Fozilboy onasining qarshisida to‘xtaydi:
— Ena, bu buloq deganingiz meni sarson qiladigan! Vaqirlab qaynagani qaynagan-a! Axiyri, soy tomonga burib yubordimu ko‘nglim joyiga tushganday bo‘ldi. — So‘ngra Zabarjadga yuzlanib: — Jajad, — deydi, — chorbog‘ingdan suv chiqqan, eshitgandirsan? Buloq! Shifobaxsh!
Mastura kampir o‘g‘lining og‘ziga yopishadi:
— Hoy bola, bu nima deganing? Bu qizning ammasi atagan oyday oti bor — O‘rinoy!
— Qo‘yavering, ammajon. Bolalikdan meni shunday deb o‘rgangan. Ismimni eplab aytolmaydi-da. Men ham buningizni “qishloqi”, “Qo‘polbek” deyman-ku, ko‘ngliga olmaydi sira. O‘ziyam har gapida “biz endi bir qishloqi-da” degani degan.
— Bolaliging huv soyning bo‘yida qolib ketgan, bolam! Endi ayb bo‘ladi.
Bu dashnomni eshitmagandek, Fozilboy “Jadad, Jadad” deya ermak qilgancha uyi tomon yuradi.
— O‘zimiz qoldik, endi so‘rasam bo‘lar, — deydi Mastura kampir ovozini pasaytirib. — Ukaginang Sur’atbek oyoqqa turib ketdimi? Nima qilgan o‘zi unga?
— E, operatsiya payti o‘qni olayotganda bir tomiriga tegib ketganmi… Kuzda Moskvaga olib bormoqchiman.
— Umrginangdan baraka top, qizim! Otaginalaring yo‘q, bir-birlaringga ana shunday mehribon bo‘linglar doim.
— Ammajon, boraqolaylik, — deydi Zabarjad bezovta bo‘lib.
— Endi kech bo‘ldimi deyman-da, qizim.
— Yo‘q! Yo‘q! — deya tajanglik bilan oyoq tirab oladi Zabarjad. — Hozir borgim kelyapti! Sog‘inibman. Ana, shundoq soyning naryog‘ida-ku. Ikki qadamgina!
— Men bir tahorat qilay bo‘lmasa, — deydi Mastura kampir malolli qo‘zg‘alib. — Sen ham turib yuz-qo‘lingni chayib ol, qizim.

* * *

Qabriston.
Obodgina bir qabrning boshida amma-jiyan shumshayibgina o‘tiribdi. Zabarjadning egnida Adolat kelinning halpillagan odmi ko‘ylagi, boshida ro‘mol. Mastura kampir pichirlab oyat o‘qimoqda.
U duoga qo‘l ochganida Zabarjad xuddi nogahon hushdan ketgandek gup etib qabrning ustiga o‘zini tashlaydi-da, faryod chekib yuboradi:
— Dada! Dadajonim! Nega bizni tashlab ketdingiz, nega? Qo‘ying edi, men cho‘kib ketay edi o‘shanda! Men o‘lib ketay edi! Birga cho‘ksak ham mayli edi! Birga o‘lsak ham mayli edi! Joningizga zomin bo‘lib, sizga badal qolib men nima qildim bu dunyoda, dadajon?! Shuncha yildan beri bu kasofatingizni nega yer yutmaydi, dada?! Dadajo-on!
O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Mastura kampir sarosimada jiyanining boshiga kelib, yelkasidan torta-torta uni o‘rnidan qo‘zg‘atmoqchi bo‘ladi. Ammo madori yetmay, yonboshiga cho‘kkalay tushadi.
Ajabo, har qanday odamni ezib yuboradigan bu fig‘onu nolalardan keyin ham uning diydasi qup-quruq — yosh qolmagan-da!
— Hoy, jinni bo‘ldingmi, O‘rin? Esingni yig‘ib ol, bolam! Shuncha yil o‘tib haliyam ko‘nglingdagi dog‘ arimagan ekan-a, tavba-a! Dadaginangning arvohini bezovta qilma, qizim. Sen norasidaning biror gunohing bo‘lsa, arvoh kechirgandir endi. Bu dunyoda kimni qoldirib, kimni olib ketish — xudoyimning izmida. Mana, men bir shumkampir, yuribman-ku tirik! Iniginamning bo‘lsa, suyaklari qora tuproqqa qorishib yotibdi!..
Mastura kampir nogahon bir qalqib, jiyanining ustiga tappa tushadiyu uv tortib yuboradi.

* * *

Hovli. Oqshom. A’lochi kelin hammayoqni supurib-sidirib, chinnidek qilib qo‘ygan; o‘zi hozir o‘choqboshida kuymanib yuribdi. Fozilboy negadir ko‘rinmaydi.
Zabarjad so‘rida — rasmonasiga o‘rin-to‘shak qilib yotibdi. Boshini tang‘ib olgan. Tepasida o‘tirgan Mastura kampir ichida allanimalarni pichirlab, qo‘lidagi kosadan uning yuziga suv sepadi.
— Ko‘z tekkanmi yo birov-yarimning suqi kirganmi, uchinibroq qolibsan-da, bolam. Hechqisi yo‘q, o‘zi kelgan — o‘zi ketadi. Ma, qolganini ichib yubor. Ich! O‘zingning bulog‘ingdan! Ertalab, xudo xohlasa, otday bo‘lib turasan! Zora, yo‘llaring ham ochilib ketsa!..

* * *

Choshgoh. Chet-chetiga rayhonu jambil ekilgan gulzor bo‘yida kursi qo‘yib, amma-jiyan gurunglashib o‘tiribdi.
— Kecha o‘takamni yording-a, qizim! Xudoga shukr, bugun chehrang ravshan. Ranging bir tiniq, bir tiniqki! — Mastura kampir Zabarjadning yanoqlarini silab qo‘yadi. — Suvning ishi bu. Bir xosiyati bormi deyman, unisi-bunisi kelib xumu ko‘zasini to‘ldirib ketyapti — bilmasam. Ichsa, odamning dili yorishib, o‘zini bardam sezarmish. Yasharganga ham o‘xshab qolarmish. Bo‘lsa bordir — aziz-avliyolar o‘tgan joylar! O‘zim lekin tatib ko‘rganim yo‘q. — Amma sekin uh tortib, hafsalasiz qo‘l siltaydi: — Endi buni ichdim nimayu ichmadim nima — bu yog‘i yaqin qolgan bo‘lsa!
— Ammajon, shu kecha biram maza qilib uxlabmanki! O‘z-o‘zidan xursa-and bo‘lib turdim ertalab. Huv bolalik vaqtlarimdagina shunday bo‘lardi.
— Tomiringga yaqin turibsan-da, bolam. Suyaklaring joy-joyiga tushib, xotirjam uxlagansan. Mana, yo‘qlab kelding, borib ziyorat qilding — dadaginangning ruhi shod bo‘lgan chiqar.
— Amma, esingizdami, to‘planishib kelardig-a: dadam, ayam, Shuhrat, men. Bir safar kelganimizda, bahormidi, o‘riklar gullab, hammayoq chaman bo‘lib yotgan ekan. Anovi ayvonda ko‘p odam yig‘ilgan. Hamma xursand. Guldor do‘ppi, beqasam choponcha kiygan Shuhrat dodlab boqqa qarab qochgan. Xatna to‘yi bo‘lsa kerak-da… Ammajon, doim qalampirmunchoq hidi kelardi sizdan. Shundoq yaxshi ko‘rardim shu hidni!
— Hammaginasi esida turibdi-ya!
— Yo‘q, amma, hammasi emas! — deydi Zabarjad birdan mahzun tortib. — Anovi kunni eslayolmayman. Harchand urinmayin — sira-sira esimda yo‘q. Faqat siz aytgan gaplar yodimda qolgan. Huv anovi joyda, olmaning tagida loysupamiz bo‘lardi. O‘sha yerda nima uchundir yig‘lab o‘tirganimda aytgansiz: “Endi Qizilsoyga yaqin borsang, o‘ldiraman, juvonmarg! Dadang seni qidirib ketib, mana, haliyam qaytgani yo‘q”. Kecha bir tush ko‘ribman, ammajon. G‘alati tush. Dadam o‘shanda o‘lmay qolgan emishlar. Ikkalamiz ham cho‘kishga cho‘kibmiz-u, bir kishi bizni qutqarib qolibdi. Uchalamiz qirg‘oqda turganmishmiz. Bunday qarasam, dadam bilan haligi kishi bir odamga aylanib qolibdi… Men o‘sha odamni bilaman, amma.
— Kim ekan u?
— Siz tanimaysiz. Toshkentda u.
— He, tush-da, qizim, tush.
— Ajoyib tush, — deb qo‘yadi Zabarjad o‘ychan.
Kechagi shaharbop libosni egniga ilib qayoqqadir otlangan Adolat kelin ularning oldiga keladi.
— Nimani kiysangiz ham sizga yarashadi-ya, opa! — deydi u Zabarjadning egnidagi o‘zining odmi ko‘ylagiga havas bilan qarab. — Ena, men ota-onalar majlisiga ketdim. O‘g‘lingiz kelsalar, ovqat ana, qozonda.
— Hay, bor, bor, — deydi Mastura kampir ensasi qotib, tizzalarini changallagancha o‘rnidan qo‘zg‘alarkan. — Men ham kirib birpas boshimni qo‘yay, O‘rinoy. Kecha senga alag‘da bo‘lib, uyqum qochgan edi. Yotsam, peshin namozigacha yotarman. Sen ham turib chorbog‘ingni bir aylanib kel, qizim. Borib anovi buloqni ko‘r. Bilasan-a qayerdaligini?
— Topib olarman, — deydi Zabarjad joyidan turib. — Shifobaxsh ekan-ku! Birdan yasharib ketsam-a!
— Bundan ortiq yasharib qayga borarding, bolam?!

* * *

Chorbog‘ning xilvat bir burchagidagi keksa o‘rik tagida ko‘z ochgan chashma. Girdiga doirasimon shaklda bir tekis qilib kulrang tosh terilgan. Bir chetginasidan ariqcha ochilib, etak tomonga burib yuborilgan. Tevarak-atrofi nam.
Buloq bo‘yidagi to‘nkadan yasalgan qo‘lbola kursida o‘tirgan Zabarjad, kaftiga iyak tirab, xayolchan nigohini suvdan uzmaydi.
Zilol suv ostidagi mayda toshchalar orasidan sizib chiqqan tutunsimon nimadir yuzada avval pufakchalar hosil qilib aylanadi. So‘ngra bu hol tezlashib, vijir-vijir mavj paydo bo‘ladi. Bir mahal qarasangiz — atrofga zarra sochib, rasmonasiga vaqir-vuqur qaynay boshlaydi.
Bu holat har o‘n-o‘n besh daqiqa orasida takrorlanib turadi. Zabarjad shu manzaraga termilib o‘tirarkan, chashma sathi tinchib, suv tiniqqanda ko‘z o‘ngida tanish bir qiyofa namoyon bo‘ladi. “Do‘stim”!
Bir vaqt bo‘yniga og‘ir bir nima tekkanini sezib, u sapchib tushadi. Qarasa — ishshayib orqasida Fozilboy turibdi, shuning ketmondek kafti ekan.
— Iya, odamni qo‘rqitib yubording-ku, Qo‘polbek!
— Biz endi bir qishloqi-da, Jadad, padxo‘dni bilmaymiz. Ha, bulog‘ingni tomosha qilyapsanmi? Zo‘r buloq bu!
— Yoshbuloq de! Ichgan odam yashararmish-ku!
— Nima, sen qarib qopsanmi?! Qarigan deb, ana, Adolni aytsa bo‘lar. Hozirdanoq aftiga qaraging kelmaydi — hammayog‘i bujmaygan. Bo‘lmasa, sendan to‘rt-besh yoshlar kichik u!
— Qo‘ysang-chi! Xotining bippa-binoyi! Sen bilan yashasam edi, men undan beshbattar bo‘lardim. Qo‘pol! Qishloqi!
— Jada-ad, — deydi Fozilboy kutilmaganda ko‘zlari g‘alati yiltillab, — bir narsa so‘rasam maylimi? Bir martagina o‘ptir, Jadad!
— Iya, bu nima deganing, Qo‘polbek? — deydi qiqirlab Zabarjad. Keyin sho‘xligi kelib, chakkasini tutadi: — Ma, o‘p!
Fozilboyning tus-avzoyi o‘zgaradi:
— Bor-e, yosh bola bo‘ldimmi men senga?!
— Yosh bolaning gapini qilyapsan-da o‘zing!
— Nima, biror joying kamayib qolarmidi? Shaharlik-ku sen!
— Voy-voy, buning gapini qara-ang! Endi bildim: sen qishloqi emas, qip-qizil to‘pori ekansan! Undan ham battari — yovvoyi!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, Jadad! Shaharlik ekan deb, nima, hazillashib ham bo‘lmaydimi senlarga?! — Fozilboy keyin birdan past tushib o‘tinadi: — Ammangga gullab yurmagin tag‘in! Shunchaki bir havasim kepketdi-da senga…
— Xo‘p, xo‘p. Aytmayman hech kimga. Tumanga ko‘chmoqchi emishsan, rostmi? — deb so‘raydi Zabarjad mavzuni o‘zgartirish maqsadida.
— Ha, shunday niyat bor. Bir-ikki yil u yerda yashab, keyin Toshkentgami, Samarqandgami ketaman ko‘chib!
— Voh, voh, sizga ko‘zi uchib turgan ekan-da shaharning!
— O‘zing bilasan-ku, Jadad, hozir hamma narsa shaharda — pul ham, boshqasiyam!
— Boshqasi — nima u? — deydi shaddod Zabarjad bu do‘lvor ammavachchasini tag‘in kalaka qilmoqchidek.
— E, bor-e! Sen o‘zi azaldan shunday — ustimdan kulganing kulgan! Biz endi bir qishloqi-da.
— Sen ketsang, kim qoladi bu yerda? Qishloq yaxshimasmi, Fozil?
— Sen qol! Qol! Hammang “qishloq, qishloq” deb oh-voh qilasan-u, shaharga qochasan! Qishloqda faqat Fozilboy yashasinmi?!

* * *

Ammavachchalar yonma-yon, daraxtzor oralab kelyapti.
— Siz ham bir ajab hazil qildingiz-da boya, Fozilboy? — deydi kulib Zabarjad.
— Yo‘q, Zabarjad, — deydi Fozil taqqa to‘xtab, qizga tik qaraydi, — hazil emas edi!
— Bor-e! — deya qo‘lidagi butoqni silkib po‘pisa qiladi Zabarjad.
Fozil shartta buriladiyu ayiqdek lapanglab uy tomon ketadi.
Haligi butog‘ini ko‘ndalang tishlab Zabarjad uning ortidan qarab qoladi.

* * *

“Tiko” qishloq oralab o‘tib, do‘nglikka o‘rlaydi.
Zabarjad shaharga qaytayotir. Tizzasida kattakon bir shisha idish.
— Nima bu, Zabarjad opa? — deb so‘raydi Azamat. — Suvmi?
— Suv.
— Shundan o‘sha yoqqa suv ko‘tarib borasizmi?! Qishloqning suvi boshqacha-da, a?
— Yo‘q, buloq suvi bu. Chorbog‘imizdagi buloqdan. Tarkibini tekshirtirgani opketyapman. Biror natija chiqib qolsa, keyin balki…
— Deylik, chiqib qolgudek bo‘lsa-chi? Nima qilasiz?
— Unda sen bilan maslahatlashib biror qarorga kelarmiz-da, Azamatjon, — deydi xayolchan jilmayib Zabarjad.
— Aytmoqchi, tunov kuni Jamila sizni ko‘ribdi. Do‘konchaning oldida turgan ekansiz. Tanishligimizni aytsam, qani ishonsa!
— To‘ydan gapir, Azamat!
— Bo‘ladi! Kelgusi yil. Siz va’dangizni unutmasangiz — bas!
Bu safar ham magnitofondan nola qiladi hofiz:
Tushimda ko‘rsa-am edi-i-i…

* * *

Tanish charog‘on vannaxona. Eshigi lang ochiq. Shovillab jomga suv tushayotir. Jomni nomahram ko‘zdan to‘sib turgan xira-shaffof “chimildiq” ortida esa, suv ostida charx urib bir malak cho‘milayotir. Parda ortidan uning faqat maftunkor qaddi-qomati ko‘rinadi, xolos! Goho suv bilan shodon qiyqirib o‘ynashgani, bir nimalar deb arzi hol qilganlari eshitiladi, xolos!
Ul malakning bor husnu malohatidan bahramand bo‘lish, ajabki, jom devoridan boqib turgan anovi ishvakor jononga nasib etgan! Malak u yonga qayrilsa ham ko‘z qisadi, bu yonga qayrilsa ham ko‘z qisadi. Nima demoqchi bu fitnakor?
— Ha, havasing kelyaptimi? Kuyib o‘l!
Vannaxonaning eshigi mo‘jazgina oynaband ayvonchaga ro‘baro‘. Ayvoncha eshigi ham lang ochiq. U yerda bizga chala tanish (yuz-ko‘zini ko‘rmaganmiz-da hali), sochiga oq oralagan o‘rtayashar kishi derazaga qarab chekib turibdi. Vannaxonadan kelayotgan uzuq-yuluq sas-sadolarga, nolayu adolarga diqqat bilan quloq tutgan.
— Endimi? Biznes qilaman. “Shifobaxsh suv bekasi”! “Parisi” desa nokamtarinlik bo‘lar-a, to‘g‘rimi? Mayli, mayli. Bir vrach yigit bilan kelishib qo‘ydim. Yo‘q, asli o‘sha yerlik. Xususiy profilaktoriy ochaman. “Yoshbuloq” dam olish maskani! Siz borib dam olasiz. Suvlaridan ichib sochlaringiz qorayadi. Huv, Turkmanboshiga o‘xshab! Hazil, hazil. Yashara boshlaysiz. Yasharasiz, yasharasiz, yana yigit bo‘lasiz! Innaykeyin… Voy, unda men ham yashara-yashara, chaqaloqqa aylanib qolaman-ku?! Chaqaloq bo‘lgim kelmayapti sira! Qayta-boshdan bola bo‘lamanmi? Yana Qizilsoyga cho‘kamanmi? Yana dadam!.. Yo‘q, yo‘q, aslo! Barining joy-joyida qolgani ma’qul, nima dedingiz? Aqlliman-a? Ammajonim ham shunday deydilar. U kishi tag‘in nima dedilar, aytaymi? “Sen ikki kishining o‘rniga, ikki kishining umrini yashayapsan”, dedilar. Dadamning, ham o‘zimning! Ana, bilib qo‘ying! Ha, rosa dono kampir!.. Endi nima qilardim — o‘g‘lim bilan yashayveraman! Boshqa hech narsa kerak emas menga, bildingiz! O‘g‘lingizni ko‘rgani kelarsiz? A? Ayti-ing!

Kutilmaganda telefon cho‘zib-cho‘zib jiringlaydi. Zabarjad bir daqiqa taajjubda tek qotadi: egasiz uyga kim qo‘ng‘iroq qilishi mumkin?
Keyin daroz takkursida turgan jimjima telefon go‘shagiga asta qo‘l uzatadi. Dilbar!
— Zabar?! Sen nima qilib o‘tiribsan u yerda?
Zabarjad ayb ish ustida qo‘lga tushgandek dovdirab, tutilib qoladi:
— O‘zing… o‘zing aytuvding-ku gulga suv quy, deb!
— Quydingmi?
— Quyganman. Quyib turibman.
— Qalay, yotoqdagi jannatgul ochildimi?
— Ochilgan, ochilgan. Gullab yotibdi.
— Rahmat, shukriya, mersi… Zabar, qovun chiqdimi?
— Qanaqa qovun?
— Yeydigan-da, jinni!
— Ha, bor. Bozorda. Ko‘p.
— Bunday qilasan, o‘rtoq! Hozir borib bitta ko-otasini olasan. Hey, xonpatir esingdan chiqmasin! Qip-qizil, singib pishganidan ol.
— Nechta bo‘lsin? Qanaqa qilib jo‘nataman senga?
— Jo‘natmaysan, lox! Uyga opkelasan, qovunni so‘yasan, huv yaxshi ko‘rgan tebranma kreslom bor-ku, o‘shanga o‘tirib olib maza qilib yeysan. Oxirigacha! Tushunding?
— Nimaga? Unaqasini bitta o‘zim qanday yeb bitiraman?
— Bitta o‘zing bo‘lmasa, anovi do‘stingni chaqirarsan. Senga ruxsat.
— Keyin-chi, nima qilay?
— Keyin — o‘zing bilasan. Namuncha tupoysan-a!
— Dilya, tushunmayapman gapingga: qovun, patir…
— Men uchun yeysan, o‘rtoqjon! Meni eslab!
— Xo‘p, xo‘p. Aytganingday bo‘ladi. Mening bu yerdaligimni qayoqdan bilding, Dilbar?
— Deyarli har kuni telefon qilaman. Qilaman-u, indamay quloq tutib turaveraman. Uyimning, gullarimning hidi kelganday bo‘ladi. Sog‘indim, dugon, shundoq sog‘indimki!..
Go‘shakdan Dilbarning piqillab yig‘lagani eshitiladi. Zabarjad “Voy-voy, nima bo‘ldi senga, Dilbar?” deganicha qoladi, aloqa uziladi.

* * *

Kiyim-kechagi joylangan safar xaltasi yelkasida, suvli idishni qo‘shqo‘llab ko‘kragiga bosgan Zabarjad hovlilariga buriladi-yu, yuragi taka-puka bo‘lib, turgan joyida taqqa to‘xtaydi.
Yo‘laklarining og‘zida bir to‘p odam! Ikki qator kursi qo‘yib ro‘baro‘ o‘tirishibdi. Ayrimlari tanish — qo‘ni-qo‘shni. Yura piyon do‘ppi kiyib olgan. Nima gap ekan? Nima gap?!
Ular orasidan bir kishi turib, Zabarjad tomon kela boshlaydi. Abdulaziz aka! Bu yerda nima qilib yuribdi u kishi?
— Assalomalaykum, — deydi qaltirab Zabarjad.
— Yaxshi yuribsizmi, Zabarjadxon? Bexabar ko‘rinasiz, qizim. Bandachilik ekan. Vosil amakingizdan ayrilib qoldik. O‘g‘li pichoqlab qo‘ydi. Kecha chiqarganmiz.
— Vay-y-y!
Zabarjadning qo‘lidagi salmoqligina shisha idish yerga tushib ketib, paqqa yoriladi. Oyoq ostiga suv sachraydi. Hammayoq ho‘l!
Zabarjad shosha-pisha cho‘nqayib yirikroq shisha bo‘laklarini yig‘ib oladi-da, beton ariq bo‘yidagi axlat qutisiga tashlab keladi. Qolgan mayda siniqlarni Abdulaziz aka boshmog‘i bilan to‘play-to‘play, ariq tomon surib qo‘yadi.
— Spirtmidi? — deb so‘raydi allanechuk xijolatomuz.
— Suv edi. Qishloqdan.
— Suv?!
— Buloq suvi-da. U yoqda ko‘p. Yana opkelaman, o‘ylamang.
— Shunday bo‘lib qoldi, qizim, — deya Abdulaziz aka boyagi mavzuga qaytadi tag‘in. — Bir vaqtlar tuppa-tuzuk olim edi. Beg‘ubor, dali-g‘uli odam. Kishining hayotiga bir darz ketsa, keyin uni yamab olish qiyin bo‘lar ekan-da. Buning ustiga, bilasiz, anovi sabilga ham ruju qo‘ygan edi… Hay, siz endi kiravering uyingizga. O‘ting. Anovi yoqdan aylanib o‘tib ketavering. Hechqisi yo‘q.
Zabarjad qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib Abdulaziz akaga ta’ziya izhor etgan bo‘ladi-da, keyin u kishi ko‘rsatganidek, devor yoqalay borib, boshi xam, asta sirg‘alibgina yo‘lakka kiradi.

* * *
Ikkinchi qavatga chiqqach, tanish eshik qarshisida bir zum to‘xtaydi. Eshik lang ochiq. Ichkaridan xotin-xalajning past, bo‘g‘iq ovozi eshitilayotir.

* * *

Negadir o‘zlarining eshigi ham ochiq! Zabarjad hayron bo‘lib dahlizga qadam bosadi-yu, serraygancha qotib qoladi.
Ro‘parasida — Sur’at, oyoqlari shol bo‘lib yotgan ukasi, xuddi hech nima ko‘rmagandek, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha devorga suyanib turibdi!
— Vo-oy!
Agar qishloqdan ko‘tarib kelgan shisha idishi boya sinib qolmaganida, hozir yerga tushib chil-chil bo‘lmog‘i muqarrar edi!
Oshxona tarafdan qo‘lini sochiqqa arta-arta Vazira opa chiqadi.
— Ie, Zabar, keldingmi? Eshitgandirsan? Ko‘rgilik-da, qara! Bechora Vosil aka!
— Aya, buningiz?!.
— O‘shandan beri sal-pal qadam bosadigan bo‘pqoldi, opasi! Xudoga shukr! Men sho‘rlikning ohu zorim xudoyimga yetdimi deyman… Lekin, ta’ziyaga tushib chiqaman, deb halitdan beri hol-jonimga qo‘ymaydi-ya! Endigina oyoqqa turgan odam! O‘zing tushuntir bunga.
Ayasi bilan naridan-beri ko‘rishib-omonlashgan Zabarjad ukasini mahkam quchoqlab olgan, yuz-ko‘zlaridan cho‘lpillab o‘pgani o‘pgan.
— Rostdanmi? Voy, rostdanmi?! Xudoga shukr-e! Ukajonim! Men senga shunday bir mo‘jiza suv opkeldimki! Ichding — ertasiyoq toychoqday dikirlab ketasan! Ana, bittasi so‘mkamda. Hali quyib beraman, ko‘rasan! Ta’ziyaga esa ertaga billa tushib chiqamiz, xo‘pmi? Bugun endi kech bo‘ldi, noqulay.
Zabarjad Sur’atni tirsagidan tutib yotoq joyiga olib kiradi-da, o‘zi oyoq tomoniga o‘tiradi.
— Lola…
— E, Lola ham, Rayhonu Binafsha, Ra’noyu Nargis, Nilufaru Jasmingacha — hamma-hammasi endi seniki, Sur’atbek! Ishonaver!
— Yo‘q, Lola…
— Bularning bari — bir gulu giyoh, ukaginam! Mehr qo‘ymasang, parvarish qilmasang — hammasiyam qurib, qovjirab, xashaki bir o‘tga aylanib qoladi. Keyin bir kuni oyoqosti ham bo‘lib ketishi mumkin!
Sur’at Zabarjadga baqrayib qolgan: “Bu qizning esi joyidami o‘zi? Yo qishloqqa borib jin-pinga chalinib keldimi, nima balo?!”
— Men manovi hovlidagi Lolani aytyapman, opa!
— Men ham shuni, shularni gapiryapman-da, ukam!

* * *

Namozshom chog‘i. Ona-bola oshxonada choyxo‘rlik qilmoqda.
— Boshqa yana nima gaplar, aya?
— Kelib o‘zing ko‘rgan-bilganing — shu! Aytganday, Dilya o‘rtog‘ing kelib, kalitini tashlab ketdi. Gullariga suv quyib turarmishsan. Bir yasangan, bir yasangan! Buncha pulni qayoqdan olarkan-a bu qiz? Keyin — ishxonangdan Gulnoz Rahimovna deganing qo‘ng‘iroq qildi. Ikki marta. Arizangni kimgadir bermaganmishmi-ey, direktor¬laring qaygadir ko‘tarilib ketganmishmi-ey! Ishqilib, gaplariga unchalik tushunmadim shu xotinning. Borganingda o‘zing bilib olarsan. Hay, qani, gapir! Chorbog‘ni nima qilding? Sotdingmi? Kimga? Necha pulga?
— Chorbog‘ sotilmaydigan bo‘ldi, aya!
— Sotilmaydi?! Nega?
— U — mulk! Buvamdan, dadamdan qolgan mulk! Uni har kimga sotib bo‘lmas ekan. Ammam aytdilar. Qaydam, balki butunlay sotilmas. Sababini yaqin orada bilasiz.
— Tavba-a!
— “Er kishi yer sotmas, yer sotgan — er sanalmas”. Eshitganmisiz?
— Buniyam ammajoning aytgandir?
— Yo‘q. Azamatning dadasi aytgan!
— Azamating kim, voy?
— Xalq aytgan bu gapni, ayajon!
— Xalq?!
Vazira opa esi og‘gudek bir holatda Zabarjadga tikilib qoladi: “Bu qizga yo bir balo bo‘lgan, yo anovi yosuman kampir rosa o‘qitib jo‘natgan! Endi nima qildim-a, xudoyim! Sho‘rlik boshimga bu savdo ham bormidi?!”

* * *

Egnida xalat, boshiga kattakon sochiqni salla qilib o‘ragan bir malak ayvoncha derazasidan hovliga tikilib turibdi. Hovli qorong‘i, shivalab yomg‘ir yog‘ayotir.
— Endi uchrashmaymiz! — deydi malak alam bilan derazadan pastga qarab kimgadir. — Hech qachon!
Shu zahoti to‘satdan chaqmoq chaqnaydiyu moshinaga o‘tirayotgan odamning yuzini bir zum yoritib o‘tadi. Nihoyat, biz u zotning diydorini ko‘rmoqqa muvaffaq bo‘lamiz.
Ammo u — kim? Kimga o‘xshaydi u? Nega shu choqqacha yuzini yashirib keldi? U — sizmi? Yo — bizmi? Bu — suygan ko‘ngilning o‘zigagina ayon! Buni suygan ko‘ngildan boshqa hech kim bilmaydi!
Tillaqurt misoli cho‘g‘lanib turgan allanima (sigaret!) qorong‘ilik qa’riga uchib ketadiyu moshina eshigi qarsillab yopiladi.
Suygan ko‘ngil nido qilib qoladi:
— Men sizni yaxshi ko‘raman! Yaxshi ko‘rama-a-an!
Qorong‘i bir tunda yomg‘ir shovqini aro yangragan yig‘i aralash bu nido chaqmog‘u momaqaldiroq sadolariga qo‘shilib ketadi.

TAMOM