Erkin A’zam. Suv yoqalab (kinoqissa)

Keng-mo‘lgina hovli. Uch tomon imoratning o‘rtasi baland ishkom. Ishkomdan naryog‘i kuyuk daraxtzor bog‘.
Saratonning oxirlari. Sahar chog‘i.
O‘ng qanotda saf tortgan oldi ochiq oshxona, ombor, somonxonayu sayisxonalar tarafdan tosh terilgan yo‘lka bo‘ylab oltmish besh yoshlardagi devqomat, vajohatli bir odam kelmokda. Yelkasida uzun ok yaktak, qo‘lida mis obdasta — xilvatda tahorat olib qaytmoqda.
U qo‘lidagi obdastani ishkom ostidagi supa chetiga qo‘yib, tsement zinapoyadan to‘rdagi uyga kirib ketadi.
Ichkaridan nomoz o‘qiyotgani eshitiladi.
Endi o‘sha kishini supa labida cho‘nqayib o‘tirgan holatda ko‘ramiz. Supa poyida tik turgan xotini Musallam opa obdastani baland ko‘tarib, ohista jildiratib suv quymoqda. Suv tomchilagandek imillab tushadi.
Er ana shu suvga tikilib allanimalarni pichirlaydi — kecha ko‘rgan tushini so‘zlamoqda.
U pichirlayotir, lekin biz eshitamiz:
— Tavba… Ajab tush! Yigitlik davrim emish. Mana shu supada xuddi mana shu taxlit cho‘nqayib o‘tirgan emishman. Tepamda otam, norozi, tanbeh berayotganmish: «Tutni nimaga kesding, beso‘roq? Senu meni to‘ydirib, kiydirib turgan daraxt shu edi-ku! Bolaligingda o‘zing shoxma-shox tirmashib tut terib yurarding… He, noinsof!» Rahmatli nimadan norozi ekan, qiziq… Kampir, — deydi u keyin boshini ko‘tarib xotiniga, — shu supaning o‘rtasida tut-mutimiz bormidi, eslaysanmi?
— Tut? — deydi Musallam opa anqovsirab, bo‘shagan obdastani beixtiyor ko‘kragiga bosarkan. — Tutimiz huv ana — bog‘ning etagida.
Er ensasi qotgandek unga bir nazar tashlab, o‘rnidan qo‘zg‘aladi.
U supadan tushib, vazmin bosib bog‘ sari yo‘naladi.
Musallam opaning qo‘lidagi obdasta yerga tushib ketib, sharaqlab qopqog‘i ochiladi, tagida qolgan bir-ikki tomchi to‘kiladi.
Mana, uy egasi, qo‘li orqasida, bog‘ini aylanib yuribdi. Bir-ikki daraxtning oldida to‘xtab, tanasini silab-silab qo‘yadi, shoxlariga nazar soladi.
Dov-daraxt barg tashlay boshlagan. Ba’zilari suvsizlikdan quvrab-qovjirab qolgan. Yer tars-tars yorilib yotibdi. Xullas, tashlandiq bir manzilning o‘zginasi!
Bog‘ kezayotgan odam, nihoyat, etakdagi qo‘shni devorga tutashib o‘sgan bujur tut tagiga keladi.
Bahaybat daraxt qarib, tepa shoxlari qurib yotibdi. Xuddi ko‘kka qo‘l cho‘zib faryod chekayotgan motamsaro kampirga o‘xshaydi.
Unga tikilarkan, uy egasi xomush bosh chayqaydi:
— Bu emas…
Hikoyamiz qahramoni mana shu kishi — Bolta Mardon.

* * *

Bolta Mardon darvozaxona oldida, bir qo‘lida ikki buklangan qamchi, xurjunlari qappaygan qashqa otining jilovidan tutib betoqat bo‘lib turibdi.
U «siyosat» libosida, boshida somon shlyapa!
— Chaqir endi! — deb dag‘dag‘a qiladi oshxona og‘zida yengining uchini tishlab shumshaygan xotiniga.
Musallam opa bizga ko‘rinmayotgan tarafdagi allakimlarga jonhalpida, tahlika aralash ishora qiladi: bo‘linglar, bo‘linglar, baloga qolasizlar!
Chap qanotdagi ko‘rkam imoratdan ko‘zlarini ishqay-ishqay o‘rtancha o‘g‘il — Qodir chiqib keladi. Qovoqlari shishgan, jig‘ibiyron. Orqasidan ko‘hlikkina xotini ko‘rinadi. Uning qo‘lida sigaret bilan gugurt.
— Shanba kuniyam tinchlik yo‘q ekan-da! — deb to‘ng‘illaydi Qodir, yo‘l-yo‘lakay ko‘ylagini egniga ilarkan. — Baloga qolgan — surnaychi! Anovi toshkentlik bodi qani? Kenja Botir! Boy-chi, boy?
— Biz tayyor, aka! — deydi «ota uy»ning zinapoyasida turgan Botir kerishib.
U kechagina kelgan — Toshkentdan atay chaqirtirilgan! Kiyim-boshida, navqiron qiyofasida shunga yarasha bir ohor. Lekin o‘zi xomush, o‘ychan.
— Boyvachchangniyam aytdingmi? — deb so‘raydi Bolta Mardon hamon jonsarak bir ko‘yda turgan xotiniga o‘qrayib.
Chap tomon devor uzra yuksalgan hashamatli qo‘shni shiyponda to‘ng‘ich o‘g‘il — Amirning bo‘y-basti ko‘rinadi.
U sportcha kiyimda, qo‘lidagi toshlarni o‘ynatib mashq qilmokda.
— Ha, dada, to‘yga tayyorgarlikmi? — deydi kenja ukasiga ko‘z qisib.
— Bog‘ning ahvolini ko‘r, o‘g‘lim! — deydi Bolta Mardon daf’atan shashtidan tushib. — Daraxtning ham joni bor axir, qarg‘aydi.
Amir qo‘lidagi toshlarini asta qo‘yib, panjaraga suyanadi.
— Shungayam ovora bo‘lib yurasizmi? To‘rt-besh moshina suv yuboraman — olam guliston-da!
— Biror moshina benzin ham qo‘shib yuborsang ziyon qilmasdi! — deydi Qodir piching bilan.
— Iya, Qodirboy, bosh og‘riyaptimi deyman, — deya aka ham achitmoqchi bo‘ladi.
— Benzin sabilning hidi yomon-da, og‘rimoq tugul, birdan aylantirib tashlaydi boshni!
— Ha bo‘ldi, bo‘ldi endi! Aravakashligingizni biling siz! — deydi Amir ukasini jerkib. — To‘rt-besh moshina suv nima bo‘pti, dada! Ovora bo‘lib suv yoqalab yurmanglar deyman-da.
Bolta Mardonning fig‘oni chiqib ketadi:
— Ota-bobong moshinada suv tashib tomorqa sug‘organmi, inson?!
— Sizlar bilan borardim-u, — deydi Amir bo‘shashib, — bugun Termizdan kattamiz kelmoqchi. Kechqurun uyda…
— Bormasang — borma! Men seni ne niyatlar bilan do‘xtirlikka o‘qitib edim-a. Esiz, esiz!
— Dada, men o‘g‘rilik qilayotganim yo‘q-ku!
— Unisini bilmadim-u, lekin dunyoda shunday kasb-hunarlar bor: o‘g‘rilik qilsang-qilmasang — o‘g‘riga o‘xshayverasan!
— Hech shu fe’lingiz qolmadi-qolmadi-da, dada. Ertalabdanoq odamni…
— Hah, seni zamonga boq deb o‘rgatgan otangga la’nat! — deydi Bolta Mardon achchiq bilan otini darvoza tomon yetaklab.
Amir shiyponida so‘ppaygancha qoladi.
— Dada-a…
Guzar ko‘chasi.
Bolta Mardon otda, odatlanganidek, savlat to‘kib boryapti. Yelkalarida belkurak, ikki o‘g‘il orqasidan kelyapti.
Ota-bolalar suv yoqalagani jo‘nagan.
Muyilishdagi supachada bir mo‘ysafid devorga suyanib, mudragandek bir ko‘yda o‘tiribdi. Yoz kunida boshida yarg‘oq telpak. Ko‘zi ko‘rmaydi — ojiz. O‘zicha ming‘irlab xirgoyi qiladi. O‘zicha mast. Ajabo, nimadan sarxush ekan u? Zulmatda o‘tayotgan umridan qanday bir nur topdi ekan?
(Darvoqe, bu ko‘hna zotni biz «Erkak» filmida ham uchratganmiz.)
Bolta Mardon jilovni tortadi — ot to‘xtaydi. Otliq cho‘ntagidan olgan pulni buklab, orqada kelayotgan o‘g‘li — novcha Botirga tutqazadi-da, chol tarafga imo qiladi: eltib ber.
Mo‘ysafid xirgoyidan to‘xtab, paypaslab pulni oladi. Qoracho‘g‘i so‘nik ko‘zlarida, chechak izidan bujur-bujur yuzida jilmayishga o‘xshash bir ifoda zohir bo‘ladi.
— Rais, o‘zingizmi?
— O‘zim, o‘zim, Hamro bobo.
— Bu yigit kenjangiz, shundaymi? Xuv Toshkandlarda o‘qiydigan, a? Kelgan ekan-da? Ha balli, balli.
— Topdingiz, topdingiz! — deydi Bolta Mardon Botirga g‘olibona ko‘z qisib.
— Yaxshi joylardan ato etsin, omin! — deya duo qiladi mo‘ysafid. So‘ng barmoqlari orasidagi pulni to‘lg‘ab so‘raydi: — Buni nima qilay, rais?
— Xo‘rozqand olib yeysiz, Hamro bobo! Kecha deng, rahmatli otam, oshnangiz, tushimga kiribdi. Bir tilovat qilib qo‘yarsiz. Irimi-da.
— Tilovat irimiga emas, chin ixlos bilan qilinadi, rais!
— Bilaman, bilaman. Biz sizga ishonamiz-da, Hamro bobo.
— Suvga baliq tashlamoqqa otlanibsiz-da? Bolta Mardon yana kenja o‘g‘liga ma’noli qarab qo‘yadi: ko‘rdingmi, avliyo bu chol!
— Suvdan baliq tutmoqqa, Hamro bobo!
— Men boshqa gapni aytayotibman, rchis. Xizr alayhissalom bilan Muso alayhissalom bir yoqqa ketayotib edilar. Xizr alayhissalomning qo‘llarida qorni yorib tozalangan, tuzlangan bir baliq bor ekan. Shu nimarsa ariqdagi suvga tushib ketibdiyu baliq jonlanib, ko‘zlari shartta ochilibdi! Xo‘sh, bunisiga nima deysiz?
— Xudoning qudrati-da.
— Shunday, shunday. Suv keltirganu suvni ko‘rganning yo‘li oydin bo‘ladi, rais. Suv — yorug‘lik. Huv naqldagi «Yaxshilik qilginu suvga ot — baliq bilar, baliq bilmasa — xoliq bilar» degan gaplar qofiyasi uchungina aytilmagan!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, endi tushundim, — deydi Bolta Mardon.
Chol qo‘lidagi qog‘ozni bepisandgina yonboshiga tashlab, duoga qo‘l ochadi:
— Umringizga baraka bersin, Boltaboy, omin! Bolta Mardon ham yuziga fotiha tortib, egar qoshidan jilovni bo‘shatadi. Ot yo‘lga tushadi.

* * *

Yo‘l keskin so‘lga — tog‘ tarafga qayrilgan joyda, sersoya gujum tagida bir chorpoya bor. Unda mudom besh-o‘n bekorchixo‘ja to‘planib olib, o‘rtada bir choynak choy, dunyoning ishlaridan hangamalashib o‘tiradi. Davra — olaquroq: yetmish yashar mudroqi chol ham shunda, turmush tashvishlaridan horigan ayolmandroq keksayu kechagina harbiy xizmatdan qaytgan qirchillama yigit ham shunda.
Hangamatalablar o‘tgan-ketganni to‘xtatib gapga tutishadi, o‘zlaricha maslahatu nasihat berishadi. Bozorliq ko‘targan birov-yarimi shularning yonida tin olib, bir dam nafas ham rostlaydi. U ketgach, sho‘rlikning izidan muhokamasi boshlanadi.
Bu yerni go‘yo bir qo‘lbola choyxona deysiz. Choy ko‘pincha yaqin atrofdagi biror hovlidan chiqadi. Shuni maydalab gap sotishadi.
Bunday manzil har qishloq, har bir guzarda topiladi.
Bolta Mardonni ko‘rib davra jonlanadi.
— Yo‘l bo‘lsin, rais bobo? Bunday, lashkar tortib…
— Bog‘-rog‘ quvrab qoldi, Jumaqul, — deydi otliq behafsala. — Shunga bir korizga — quloqboshi tomonga o‘tib kelay.
— Bu yil suv masalasi chatoq, — deydi Jumaqul — korjomaga o‘xshash yakrang libos kiygan o‘rtayashar kishi. — Mening ham chorbog‘im qaqrab yotibdi.
— Yuring bo‘lmasa, billa-billa suv yoqalaymiz.
— Quloqboshida O‘rin Jaga o‘tiribdi deb eshitaman. U battoldan suv so‘rab bo‘lmas. Raisning tog‘asi!
— Suvni pullab yotganmish zang‘ar! — deya luqma soladi yoshroq bir kishi. — Hech balodan tap tortmaydi u. Uch marta kamalib chiqqan rasvo bir qirriq-da!
— Eski oshnomiz ekan-da, — deydi Bolta Mardon beozor kulib otining biqiniga niqtarkan. — Bermay ko‘rsin-chi!
— Hay, siz otdasiz-ku, Bolta aka, yuzingizdan o‘tolmas, — deb qo‘yadi Jumaqul.
Haligi bilag‘on gap qo‘shmay turolmaydi:
— Jaga otliq tugul, otasi tirilib kelsayam tanimaydi!
Bolta Mardon ketadi-yu, odatdagidek, izidan gapi qoladi.
— Necha yil dovruq solib davron surgan odamning ahvolini ko‘ring — suv yoqalayman deb yuribdi bugun!
— Hali baquvva-at. Siyosatini qarang!
— Siyosat qiladimi, qilmaydimi, davri o‘tdi-da endi. Hammanikiyam shu, jo‘ra.
— Lekin o‘g‘illari joy-joyini topgan. Amiri — benzinga xo‘jayin…
— Do‘xtirlikni tashlab, azza-bazza benzinfurush bo‘lib ketdi-ya shu odam? Qoyil-e, sherimard!
— Anovi begonasirabroq turgan pason — kenjasimi? Toshkandda o‘qiydi-ya? Sal ko‘proq o‘qib yubormadimi shu bola? Yo u yoqda…
— Aspirant u, aspirant, — deb qo‘yadi bilag‘on. — Olim!
— Ha-a, qarang. Bo‘ladiganning bolasi-da!
— Rais singlisi bilan quda bo‘lmoqchi deb eshitdim. Mayram bevaning qizini mana shu o‘g‘liga olib bermoqchi shekilli.
— Shahar ko‘rgan bola — ko‘narmikan?
— Ko‘nmay qayoqqa borardi, ukam? Raisning fe’lini bilasan-ku!
Yaxshiyamki, shu payt ko‘chadan avlodlik bir odam o‘tib qoladi. Jumaqulning oshnasi ekan.
— Xo‘-o‘, Choriboy! — deb chaqiradi u. — Bir maydon oyoq ilib keti-ing. Zo‘r gurung bo‘lyapti bu yerda!
Ko‘ktosh guzari biqinidagi baland yalanglik gavjum. Aksariyati qizil-yashil, guldor libosli xotin-xalaj, bola-baqra. Bir to‘dasi onalarini javratib beriroqda koptok tepish bilan ovora. Qiy-chuv avjida.
Bilmagan, yaxshilab qaramagan odam bu yerda yo bir topilmas matoh sotilyapti, yo mo‘ltoni maymunini o‘ynatyapti, deb o‘ylamog‘i tayin. (Darvoqe, yalanglik chetida mayda-chuyda sotadigan bir-ikkita qo‘lbola do‘koncha ham bor.) Andak zehn solib qaralsa, manzara ayon bo‘ladi. Gird-atrofdagi anovi turli-tuman aravachayu eshak-ulovni ko‘ryapsizmi? Tunuka chelaklarning taqirlashiyu mis ko‘zalarning jarang-jurungini eshityapsizmi?
Ha balli, bu yerda suvga navbat turilibdi! Bu tevarak-javonibda birdan-bir suv quvuri mana shu.
Muzdek chashma suvi, chuchuk suv, zilol suv, ichaman desangiz — kepqoling! Buni ham yelimshishalarga solib, biror shovvoz biznes boshlab yubormagunicha qonib-qonib ichib qoling!
Bir lahza shu manzaraga ma’lul boqib turgan Bolta Mardon otining sag‘risiga achchiq qamchi soladi. Ot ham jahl bilan yo‘rtoqlab ketadi.
Ortda qolgan o‘g‘illardan o‘rtanchasi kenjasiga nimadir deya yaqinroqdagi do‘konchaga qarab chopadi.
Botir halloslab otga yetib olganida boyadan beri biror daf’a orqasiga o‘girilib qaramagan ota so‘roqlab qoladi:
— Akang qayoqqa ketdi?
— Sigareti qolmagan ekanmi, — deb gap boshlaydi-yu, akasini «sotib» qo‘yayotganini sezib, tilini tishlaydi Botir. — Yo‘q-yo‘q, chanqabdi. Koka-kola ichmoqchi. Hozir yetib keladi, dada.

* * *

Quloqboshi.
Tog‘dagi buloqlardan tomchilab yig‘ilgan suv koriz orqali o‘tib mana shu shohariqqa tushadi. Etak-dagi kattakon qishloq, bog‘-rog‘lar asosan shu ariqdan suv ichadi. Suv korizning poyonidagi ko‘lsimon dahanadan taksimlanadi. Demak, taqsimotchi mirob hazilakam odam emas. Ayniqsa, yil qurg‘oq kelgan yoz oylari u raisdan oldingi bo‘lmasa-da, keyingi arbobga aylanadi.
Bunday moyli joyga odatda raisga yaqinroq, ishonchli odam o‘tiradi. Hozir bu yerda O‘rin Jaga xo‘jayin. Mirob ham, arbob ham o‘zi.
Qishloqda uni ko‘rgan katta-kichik zir titramasa ham, bir seskanishi bor. Vajohati chatoq-da. Ko‘zlar chaqchaygan, o‘qdek teshaman deb turadi. Basharani har xil chandig‘u tirtiq «bezagan». Oyoq-qo‘l va badanning-ku sog‘ joyi yo‘q — vatanga muhabbatdan tortib behisob ishq jafolarigacha turli yo‘sinda ifodasini topgan. Yurganda bo‘ynini ichkari tortib, xuddi hoziroq mushtlashuvga kirishib ketadigan kabi, mushtlari ko‘krakda shay, xezlanib, atrofga bezovta alanglab yuradi. Qisqasi, o‘tgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillaridagi xudo urgan bezorini ko‘rmadim demang!
O‘rin Jaga quloqboshini rasmona qarorgohga aylantirib olgan. Beriroqda, ulkan chinor soyasida zangori stol-stul — oshxonaniki. Stol ustidagi magnitofondan Sherali sayrab yotibdi. Chinor tanasiga qoziq qoqilib, ilgichdan o‘tkazilgan kiyim-kechak shunga osib qo‘yilgan; orasida guldor galstuk ham ko‘rinadi. Faqat televizoru telefon yetishmaydi, xolos.
Bosh mirob — O‘rin Jaganing o‘zi, egnida to‘r mayka, qo‘llari boshiga yostiq, buklama karavotda yalpayib yotibdi. Kim keldi, nima deyapti, itmisan, bitmisan — parvoyi falak!
Bolta Mardon, qo‘lida buklangan qamchi, uning tepasida turibdi.
— Jaga inim, nima, meni tanimay qoldingmi? — deydi ajablanib.
— O‘zingiz tushungan odamsiz-ku, rais bobo! Suv makkaga ketyapti. Makkajo‘xori — davlatniki. Siyosiy masala! Rais vallomati kelsayam bir qatrasini bermaysan, degan. Tamom!
— Bolta Mardonga-chi?
— Bolta Mardonning davri o‘tgan!
— O‘tmaydi! Tur, dahanani och!
— Hazillashmang, rais bobo! Zakunni buzyapsiz!
— Zakunchi! Zakunni mendan himoya qilasanmi? Sen-a?! Yo pirim-ey…
— Raislar buzadi-da zakunni!
Qoni qaynab ketgan Bolta Mardon qamchisini sermaydi:
— Tur-e joyingdan! — So‘ngra burilib, xurjundan qovun-tarvuz olayotgan o‘g‘illariga amr qiladi: — Bor, dahana-pahanasini buzib tashlaysan!
Ellikdan oshib qolgan odam, echkidek sakrab o‘rnidan turadi. Karavoti tagidagi belkurakni olib, ularga qarata miltiq yasaydi:
— To‘xta — otaman!
Ham kulgili, ham xavfli vaziyat! O‘rin Jaga kutilmaganda belkurakni bir yonga uloqtiradi-da, Bolta Mardonni quchoqlab oladi:
— Sizga yo‘q deb bo‘ladimi, rais bobojon! Ko‘r bo‘laman-a! Oxirgi safar siz oraga tushmaganingiz-da, turmada chirib ketardim. Ammo-lekin, hamma ishning qonun-qoidasi bor, o‘zingiz bilasiz-ku!
— Shundan kelmaysanmi, kasofat! Suvni och, keyin gaplashamiz.
Qodir otasining ko‘zini shamg‘alat qilib, qo‘ynidan olgan gazetaga o‘rog‘liq allanimani karavotdagi ko‘rpachaning orasiga tiqib qo‘yadi.

* * *

Sarband.
Pastga — qishloqqa ketadigan ariqning og‘zi toshu chim bilan shibbalab tashlangan. Aka-uka, qo‘llarida belkurak, oyoqyalang bo‘lib olib shuni buzmoqda.
O‘rin Jaga chaqqon sakrab ularning yoniga tushadi.
— Nari tur-e, salaga! — deya aka-ukani ikki yoqqa surib, belkurakni o‘zi qo‘lga oladi.
Dahana keng ochilib, shoharikdagi suvning teng yarmi izdiz bosib ketgan novsimon o‘zandan sharqirab pastga oqa boshlaydi.
— Bo‘ladimi, rais bobo? — deb so‘raydi mirob belkuragini qo‘ldan qo‘ymay. — Yoki bu yog‘ini ham…
— Bas, bas, O‘rinboy, — deydi kulib tepada turgan Bolta Mardon. — Bor ekansan-ku!

* * *

Bosh mirobning qarorgohida qo‘lbola ziyofat. Qovun-tarvuz so‘yilgan, nonlar ushatilgan. Pomidor-bodring, yaxna go‘sht.
Jaganing qo‘lida aroq quyilgan piyola.
— Birgina qo‘l ketadimi, rais bobo? Xo‘-o‘v davrlaringizni eslab-da, ba niyati shifo…
— Boya o‘zing aytding-ku, bizning davrimiz o‘tgan!
— Xay, xay, benavat. Qodir bolaga ruxsat berarsiz bo‘lmasa?
— Qodir… — Bolta Mardon o‘rtanchasiga ta’naomuz boqadi. — O‘zi biladi. Yosh bola emas endi.
Qodir hamshishasiga qarab titray-qaqshay qo‘l to‘lg‘aydi: yo‘q, yo‘q, keyin!
— Bularingiz sizdan qo‘rqyapti, rais bobo. Bo‘lmasa-ku, o‘lguday ichsa kerak, — deydi O‘rin Jaga va qo‘lidagi piyolani baland ko‘tarib: — Bo‘pti, bizga oq fotiha bering. Ol, O‘rin Jaga! Yo hayot, yo o‘lim! — deya ichib yuboradi. Piyolani hidlab o‘zicha «gazak» qilgach: — Kechirasiz-da, rais bobo, — deb qo‘yadi.
— Mayli, mayli. Yoshliqda bo‘ladi-da. Senam bora-bora odam bo‘lib ketarsan, O‘rinboy.
Bu gapni maqtov bilib, O‘rin Jaga jez tishlarini ko‘rsatib iljayadi.
— Shu, sizning davringiz ajab zo‘r davrlar ekan-da, rais bobo!
— Nimasi zo‘r ekan?
— Suv jonivor serob edi-da. Oqi-ib yotaverardi.
— Nimaga shunday edi-ya, Jaga inim? — deydi Bolta Mardon uni ermak qilgandek.
— Fayzli odam edingiz-da.
— Nima, endi, raislikdan bo‘shab, befayz bo‘lib qoldikmi?
— Yo‘g‘-e! Hammayoqni yosh bola bosib ketdimi deyman-da. Manovi Samarga o‘xshagan mishiqilar!
— Raisingni aytyapsanmi? Nima qipti uni, tuppa-tuzuk-ku!
— Rais emish! Jipiriq! O‘zimning qo‘limda katta bo‘lgan.
— Sening qo‘lingda o‘sganlar rais bo‘lib ketaversa, hazilakam odam emas ekansan, O‘rinboy! Bilmay yurarkanmiz-da.
— Nima deyapsiz, rais bobo, Toshkentlarda paxanlik qilganman-a! U yog‘ini o‘zingiz bilasiz…
Shu orada O‘rin Jaga yana bir piyolasini urib oladi.
Botir nariroqda, mirobning karavotida bir parcha qoyuzga allanimani yozibmi, chizibmi, o‘ychan o‘tiribdi.
— Se-en, Jaga inim, kayfingni surib yotaver, — deydi Bolta Mardon qo‘zg‘alib. — Biz endi suv yoqalab ketdik.
— Peshingacha oqsa bo‘lar?
— Kechgacha deyaver endi, O‘rinboy!
— Iy, iy, iy! Bir boqqa-ya?
— O‘sha boqqa boshqa bog‘lardan o‘tib boradimi, axir! Yoki o‘zginang moshinada eltib berasanmi?
— E, bo‘ldi-i, rais bobo! Bir og‘iz so‘zingiz! Kerak bo‘lsa — suv ertalabgacha sizniki! Samar-pamari kapeyka menga!
— Hay, hay, O‘rinboy, insof qiling! — deydi Bolta Mardon kulib, otining boshini hovli-bog‘lar tomon burarkan.
— Dada, men hozir yetib boraman, — deydi Qodir. — O‘rin akamizda bir gapim bor edi.
— Qolib ketma, bola!
Ikki ulfat shosha-pisha bir piyoladan ichadilar.
— Qolgan suvniyam ag‘darib beraymi? — deydi O‘rin Jaga mardlikdan jo‘shib.
— Yo‘g‘-e, rais kepqolsa!.. Makkazorga ketayotgan ekan o‘zi…
— Makka emish! Davlat emish! O‘zining huv adir etagidagi o‘g‘rincha ekinzoriga oqib yotibdi, bilding! Boboylarning davri boshqacha edi, bratan, boshqacha! Senlar bilmaysan — salagasanlar-da. Bolta Mardon deb qo‘yibdilar, Bolta Mardon! Damida osh pishardi-ya! Suv-ku suv, kerak bo‘lsa, jonimni ham berishga tayyorman men bu odamga!.. Olsang-chi!

* * *

Suvchilar boya kelgan katta ko‘chalarini qo‘yib, endi hovli-tomorqa, bog‘u bog‘ot oralab suv yoqalab ketadilar.
Bu ishning turgan-bitgani dahmaza! Suvni undirganingiz-ku bir sari, keyin uni to tomorqangizga yetkazib borguncha joningiz halqumingizga keladi. Ko‘pchilikning bog‘-rog‘i, ekin-tikini suv ko‘rmay qurib-qovjirab yotibdi. Hovlisining ichidan suv o‘tdimi, bas, uni kim bog‘lab keldi, qanday boshlab keldi — surishtirib o‘tirmay paykali tomon burib olaveradi: qo‘lingdan kelganini qil! Suv hech kimning shaxsiy mulki emas. Xudo ato etgan ne’mat u. Egam uni hammaga barobar ulashadi. Suv — tekin. «Suvtekin» deganlari ham shundan. Demak, u — xalqniki! Men ham xalqman, xalqning bir bo‘lagiman. Bor, ishingni qil!
Suv yoqalaganning oldida ana shunday mashmashayu mojarolar, goho yoqa bo‘g‘ishishlar, urish-janjal, hatto undan-da battarlari yo‘l poylab turadi.
Xo‘sh, sobiq bo‘lsa-da, rais bobomiz suv yoqalasa, qanday bo‘lar ekan?
Yo‘q, boshlanishi silliq kechadi. Harholda, quloqboshiga yaqin joylar, nari-beri suv ko‘rgan. Bir hovlidagina andak to‘xtamoqqa to‘g‘ri keladi: ayqirib oqayotgan suv qo‘shni paynovdan chiqishda sustlashibroq qolgan ekan.
— Ho‘ suv o‘g‘risi, o‘zingni ko‘rsat bunday bir! — deb baqiradi Bolta Mardon otdan bo‘ylab.
Botir darrov borib devorga tirmashadi.
— Shoshma, o‘zi kelar.
Darhaqiqat, devor osha maykachan bir yigit ko‘rinadi. Birov so‘z so‘ramasdanoq tavalloga tushib, bidirlay ketadi u:
— E, e, rais bobo! Assalomalaykum. Suv sizdanmidi? Bilmabmiz-ku. Bizdan o‘tibdi-da, uzr. O‘tgan daf’a tomorqani sug‘organda bir paykalgina qolgan edi. Xudo berdi deb, shunga burib qo‘yibman-a suvingizni. Sizniki ekanini bilganimda, o‘layki agar…
— Bo‘pti, bo‘pti, o‘zingni bos. Bizning oshna qalay? Sal tuzukmi ishqilib?
— Yotibdilar, — deydi yigit birdan ma’yus tortib. — O‘sha soz, o‘sha ahvol. Oyoqda jon yo‘q-da.
— So‘rab, salom aytib qo‘y. Yo‘l tushganda bir kirarman.
— U kishiyam sizni ko‘p gapiradilar. Armiyada billa bo‘lgan ekansizlar-da… Iya, Botirboymi? Ko‘rmabman, qarang. Gunoh qilgan odam mana shunday dovdirab qoladi, ha. O‘qishlar bitay deb qoldimi?
— Rahmat, rahmat, — deb qo‘yadi Botir hafsalasizgina.
— Rais bobo, men hoziroq suvingizni qo‘yib yuboraman!
— Hovliqma, bola. Bir paykalgina, deyapsan-ku. Qonib olsin, qo‘yaver. Gunoh deysan — bu yoqda bir ariq suv oqsa-yu, u yoqda yer qaqrab yotsa, gunoh bo‘lmaydimi?
— E yashang-e, rais bobo! Rahmat.
Mojaro oldinda ekan.
Etagi devorsiz — changalzor bir boqqa mo‘ralaganlarida oltmish yoshlardagi miqti bir odam, o‘spirin nevarasi yenida, apil-tapil ekinlariga suv tarab yotibdi.
— Ie, hormasinlar, hormasinlar! — deya otda changalzorni yorib ichkari kiradi Bolta Mardon. — Kafan tekin deb o‘laverish ekan-da, Bozorboy?!
Bozorboy deganlari o‘girilib uni ko‘radi-yu, ammo sap-sariq basharasida biron bir o‘zgarish sezilmaydi. Indamay burilib ishini qilaveradi.
— Endi suvga xo‘jayinlik qilishlari qolgan ekan-da, qulluq bo‘lsin! — deydi u bir ozdan keyin to‘ng‘illab. — Suv — elniki, hammaniki!
— Elniki bo‘lsa, hammaniki bo‘lsa, uyingda sasib yotmay, charvingni eritib o‘zing quloqboshiga chiqib kelmaysanmi?!
— O‘-o‘ rais, kattaligingni boshqaga qilasan, xo‘pmi? Davring o‘tdi sening! — deydi Bozorboy belkuragiga engak tirab. — Yo, meni qamatib yuborganing esingdan chiqdimi?
— Sen o‘zingni o‘zing qamatgansan, banda! Bir yildayoq omborni shilib, ship-shiydam qilganing uchun, nima, ko‘kragingga orden taqsinmidi?!
Shu payt halloslab yetib kelgan Qodir, bir g‘ayratiga o‘n g‘ayrat qo‘shilgan chog‘i, to‘ppa-to‘g‘ri Bozorboy tomon xezlanib qoladi.
Botir bir chekkada indamay kuzatib turibdi.
— Bu yoqqa o‘t, tentak! — deydi Bolta Mardon o‘g‘lidagi o‘zgarishni payqab jahl bilan. — Manovi ariqni to‘s! Bir qatrayam o‘tmasin! Suv berib bo‘pman men bu xumsaga!
Aka-uka bir-biriga qo‘ymay ishga kirishib ketadi.
— Zamona zo‘rniki bo‘ldi, e xudo! — deydi bo‘shashib qolgan Bozorboy javrashga tushib. — Nima, men bechoraning xaqqim yo‘qmi? Men suv ichmaymanmi?
— Icharsan, — deydi Bolta Mardon changalzor qo‘radan chiqaturib. — Men o‘lgandan keyin!
— Tezroq o‘l bo‘lmasa!
— Og‘zingni yum-e, enag‘ar! — Qodir belkuragini ko‘tarib Bozorboyga tashlanmoqchi bo‘ladi.
— Qayt! — deya changalzorni qamchilaydi Bolta Mardon. — Oldimga tush! He, hayvon! Indamasa… Sen, o‘g‘lim, birpas shu yerda qarab tur, — deydi so‘ng Botirga tayinlab.
Kuchlar nisbatidan alami kelibmi, Bozorboyning o‘spirin nevarasi ular ortidan kesak otib qoladi.
Bobosi belkuragini pushtaga otib, uy tomon yuradi.

* * *

Mana, suv yoqalashning hangomasiga ham yetib keldik. Tomoshaning qizig‘i bu yoqda ekan.
Yonma-yon ikki hovli. Egizaklarniki: oldingisi — Husanniki, keyingisi — Hasanniki. Aka-ukaning ikkalasi ham bama’ni, o‘qimishli yigitlar.
Bolta Mardon otda, devor osha indamaygina kuzatib turibdi.
O‘rtadagi pastak devorni eshak qilib minib olgan atlas ko‘ylakli ayol qo‘shni hovliga qarab shang‘illamoqda:
— Suv mening hovlimdan o‘tsa-yu, avval siznikini sug‘orsinmi? Ho-o, bekorlarni aytibsiz!
Qo‘shni hovlida belini ro‘mol bilan tang‘ib olib supa labidagi jomda kir yuvayotgan ayol bilaklaridan sovun ko‘pigini sidirarkan, murosa qilolmay ovora:
— Sizlar yaqindagina sug‘organ edilaring-ku, Karomatoy? Mana, menikini qarang — qaqrab, taqron bo‘lib yotibdi!
— Kerak bo‘lsa, har hafta sug‘oraman! Ha-a, alam qilyaptimi? Soliqchiga tegib oling edi, bo‘lmasa!
— Ibi, og‘zingizga qarang, ovsinjon, bu nima deganingiz?
— Og‘zim joyida, deganim — shu! Meniki qolib, suv bekordan-bekor siznikiga o‘tib ketaverar ekan-da? Anoyingni topibsan!
— O‘zi kelib turgan suvga ham soliq sol bo‘lmasa!
— Hoy kelin, tush devordan! — deydi nihoyat Bolta Mardon sabri tugab. — Ayb emasmi? Kim aytadi senlarni bir qorindan tushgan ikki aka-ukaning xasmi deb! Sen qaysisiniki o‘zi?
— Husanboyniki, — deb javob qiladi qo‘rqa-pisa devordan sirg‘alib Karomat. — Husan soliqchini bilasiz-ku, rais bobo!
— Xo‘sh, ayt-chi, Husan kattami, Hasanmi?
— Suv menikidan o‘tadi-ku, rais bobo!
— Sen keyin ichasan!
— Ibi, rais bobo, suv — kichikdan emasmi?
— Bu matalingni borib enangga aytasan, qizim! Tushundingmi? Gap shu: avval Hasan ichadi, keyin — senlar! Sening ering undan keyin tug‘ilgan… — Shunda Bolta Mardon, o‘zi kutmaganda, beixtiyor xotiraga berilib ketadi: — Otasi choyxonaga chikib jar solgan — «o‘g‘il ko‘rdim» deb. Uning izidan ukasi chopib borgan — «aka, yana bittasi bor ekan» deb. Rosa xangoma bo‘lgan. Kechqurun, poda qaytar mahali edi. Men endigina rayondan kelib idoramning eshigini ochayotuvdim. Adashmasam, anovi kosmonavt xotin osmonga uchgan kun edi. Ha-ha, shunga mitingkaga borib edim. Rayko‘m bobo «Shu kuni tug‘ilgan qizining ismini kim Valentina qo‘ysa, suyunchisiga — kajavali bitta «IJ» mototsikli!» deb e’lon qilgan. Buni eshitib egizaklarning otasi bir emas, ikki karra afsuslangan. Mana, ko‘rib turibmiz, bekorga afsuslanmagan ekan u sho‘rlik…
Darvozaxonada ko‘ringan Husan soliqchi ikki hatlay keladiyu xotinini bilagidan tortib chetga otadi:
— Bu yoqqa o‘t-e, enag‘ar! Uzr, rais bobo. Qo‘l tegmaydi boqqa qaragani. Ish ko‘p.
— Mayli, mayli, Husanboy, solig‘ingni yig‘ib bo‘l-chi, ro‘zg‘orgayam vaqt toparsan, — deydi achitio Bolta Mardon. — O‘rgildim-e, Valentina, — deb qo‘yadi keyin g‘udranib o‘zicha.
Otliq devor yoqalab borarkan, yuqoriroqdagi bir hovlidan shovqin-shaboxun eshitiladi. Orasida Qodirning ham ovozi bor.
— «Suv sening shaxsiy mulkingmi? — deb chinqiradi kimdir. — Hammayam odam! Huquqi teng!»
— «Huquqing teng bo‘lsa, o‘zing opke suvni!»
— «Raisga boraman!»
— «E, menga desa, xudoga bormaysanmi!»
— Hay, nodon-a! Asta’furullo! — deb qo‘yadi Bolta Mardon.

* * *

Kattakon bir yong‘oqning tagiga kelganlarida devor buzig‘idan daraxtlar oralab supada o‘tirgan to‘rt-besh kishi ko‘rinadi.
— Sho‘rlik Omonboyning ta’ziyasi, — deydi Bolta Mardon Botirga qarab. — Bosib o‘tsak bo‘lmas.
Shu choq, qo‘lida uzun xivich, Qodir kelib qoladi.
— Sen bolani orqada qoldirib bo‘lmas ekan, — deydi ota norozi ohangda. — Oldinga o‘tasan endi. Botirboy, sen bir yuqori o‘rlab, anovi Bozor kasofatnikidan xabar ol-chi. U bachchag‘arga ishonib bo‘lmaydi. Eski o‘g‘ri-da.
— Undan beridagisini aytmaysizmi! — deydi Qodir joni chiqib. — Damin kalning xotinak o‘g‘li. Ashula muallimi bor-ku, o‘sha. Qarasam, suvni hovuzchasiga burib o‘tiribdi. «Ha, kraningda ham suv bordir?» desam, «Bolalar ko‘lda cho‘milishni yaxshi ko‘radi» emish! «Cho‘kib ketsa nima bo‘ladi?» deganimni bilaman — «Gaping buncha sovuq, alay-balay» deb rosa chinqirdi. «O‘zing sovuq, o‘zing cho‘kib o‘l, he, erkakka o‘xshagan!» deb suvni arang ag‘dardim-a bu yoqqa!
O‘g‘illarini ikki tarafga yo‘llagach, Bolta Mardon otining jilovini egar qoshiga mahkamlab, pastak darcha tomon yuradi.

* * *

To‘rda o‘tirgan rangpar, iyagida to‘rttagina mo‘y tikkayib turgan oq qalpoqli qori bola tilovatini tugatgach, yuzga fotiha tortiladi.
— Boltaboy, shu, otdaligingizda ko‘p savob ishlar qildingiz-u… — deya so‘z boshlaydi bir chol.
Marhumning besabr, befarosatroq o‘g‘li gapni ilib ketadi:
— To‘g‘ri aytasiz, bobo. Otam rahmatlini ham bir o‘limdan opqolganlar. Ichaklari buralib kolganda mana shu kishi moshinalarida Termizga oborganlar. Shunday, a, rais bobo?
— Esda yo‘q ekan, jiyan, — deb qo‘yadi Bolta Mardon.
— Eslab ko‘ring, eslaysiz. O‘zim billa borganman-ku!
— Balki. Ish bilanmi, majlis-pajlisgami ketayotgan bo‘lsam kerak-da.
— Bu yerning do‘xtiri «o‘ladi» degan odam, mana, qarang, yana o‘n besh yil yashadilar. O‘n besh yil-a!
— Xudo rahmatiga olsin, — deydi Bolta Mardon. Boyagi chol boshlagan gapini unutmagan ekan:
— Shuncha yil otda yurdingiz-u, suv masalasini bir yoqli qilmadingiz-da, Boltaboy!
— Anovi tog‘ni teshib, Durdaraning suvi shunday bir endirib yuborilsa — olam guliston edi-ya! — deydi sira jim o‘tirolmaydigan ta’ziyagir. — Hashar yo‘li bilan ham bitirsa bo‘lardi. Hamma chiqardi, kafilman agar! Boynagi Qurbon qo‘ng‘irot ham deputatlik davrida bu ishga bir kirishdi-yu, keyin oxiriga yetkazmasdan tashlab qo‘ydi. Uni yana bir bor saylaganimizda, kim bilsin, balki…
Bolta Mardon sekin uh tortib qo‘yadi — indamaydi.
— Aytishga oson-da, Nabiboy, — deydi chol. — Mana, bugun toqqa hashar tugul, to‘rt-besh tangadan to‘plab beramiz deng, qani, necha pul yig‘ilarkan?
— Puli bo‘lmasa, bitini bersinmi, bobo? — deb luqma tashlaydi yoshroq bir kishi.
— Rais unda kommunist edi, — deydi qishlik movut shlyapa kiygan keksaroq odam salmoq bilan so‘z boshlab. — Yuqoridan so‘ramay ish qilolmasdi. O‘zidan bilib biror yumushni boshlagan odamning kallasi ketmasayam, harqalay, omon qolmasdi. To‘g‘ri aytyapmanmi, Boltaboy?
Bolta Mardon vazmingina bosh irg‘ab qo‘yadi.
— Shu masalani hal qilmagan ekanmiz-da, qarang, — deydi xo‘rsinib nihoyat. So‘ng siniq kulimsirab qo‘shadi: — Xalq qiynalsin, xalqqa yomon bo‘lsin, keyin bir kuni bizni la’natlasin deganmiz shekilli-da… — U gapini yakunlamay, o‘girilib ta’ziyagir o‘g‘ildan so‘raydi: — Bobo necha kun yotdi?
— Yotganlariyam yo‘q hisobi. Kechqurun sal inqillab turib edilar, ertalab turib ko‘rsak…
— Yelday kelib, selday ketgani shu-da odamzodning, — deydi chol rivoyat oxangida. — Umr deganlari — huv arikdagi suvday gap. O‘tadi-ketadi.
Befarosat ta’ziyagir bu gal ham qo‘shiladi:
— Qani deng o‘sha suv! Bu yil qurg‘oq keldi-ku! Shu vaqt Botir paydo bo‘lib, supaga chiqib tizzalaydi.
Yana tilovat. Yana fotiha.
— O‘zingizni ovora qilibsiz-da, rais, — deydi gurungchi chol. — O‘g‘illarnimi chiqarsangiz bo‘larkan bu ishga.
— Mana, o‘g‘illar ham yuribdi suv yoqalab.
— Ha, shundaymi? Baraka topsin.

* * *

Botir qaytib Bozor sariqnikiga qorovullikka jo‘naydi.
Bolta Mardon otini o‘z holiga qo‘yib, bog‘-bog‘ot oralab ketayotir.
Jiydazordan o‘tayotganida qandaydir chorbog‘ etagidan qiqir-qiqir kulgi eshitiladi. Juvon kishining ovozi.
Ot jilovi tortiladi. Quloqlar ding!
— «Esimdan ham chiqib ketgan…»
— «Xat-pat yozib turadimi ishqilib? Pul-mul deganday?..»
— «Ko‘p bo‘ldi — hech gap yo‘q».
— «Kayfini surib yurgandir-da. Sen bu yoqda mana shu bog‘day qovjirab yotibsan…»
— «Bo‘ldi-bo‘ddi! Anovi yalmog‘iz kepqoladi hozir!»
— «Qaynonangmi?»
— « Yalmog‘izim».
— «Ko‘rsa — ko‘rar! Kelin kerak bo‘lsa, o‘g‘lini topib kelsin! Chorbog‘ini sug‘orib turgan bo‘lsak…»
— «Bo‘ldi, bo‘ldi, jo-on Qodir aka…» Qars!
Devor osha qarsillab qamchi tushadi.
— O‘t bu yoqqa, juvonmarg!
Juvon o‘zini jiydazorga uradi, kalovlanib qolgan Qodir esa devor kemtigiga yopishadi.
Bolta Mardon gunohkor o‘g‘lini oldiga solib, qamchi sermab borayotir.
Qodir gandiraklaydi, yuz-boshini changallab olgan.
— Uyalmaysanmi, hayvon? Birovning xasmi bo‘lsa…
— Eri yo‘q. Rossiyaga ketgan, — deb g‘o‘ldiraydi Qodir o‘zini oqlashga urinib. — O‘zi…
— Buning gapini! He, nomard! Birov sening xo-tiningga ham… Nima qilarding, a, itvachcha?!
— Ikkoviniyam so‘yib tashlardim! — deydi birdan ovozi titrab Qodir.
— Ha-a, yigit ekansiz-da! Nima, boshqalar yerdan chiqqanmi?!
Qodir shartta burilib cho‘kkalaydiyu o‘zini yuztuban tashlaydi.
— Dadajon! Tavba qildim, dadajon!
Bolta Mardon otdan bir yonga qiyshayib, ayamay o‘g‘lining yag‘riniga qamchi soladi.
— La’nat senday farzandga! Qodir beo‘xshov ho‘ngillab yig‘laydi.
— Tavba qildim, dadajon!
Bir lahza boyagi holatda qiyshayib qolgan ota chap ko‘ksini siypalay-siypalay qaddini rostlaydi.
— Tur o‘rningdan, — deydi birdan bo‘shashib, horg‘in ovozda. — Quloqboshidan xabar olib kel. Suvning shashti pasayganday…

* * *

Jiydazor. Boyagi gunohkor juvon bir pushtada shumshayibgina o‘tiribdi. Tizzalarini quchoqlab olgan. Yig‘idan ko‘zlari qizargan.
U yerdan ko‘mir bo‘lagiga o‘xshash qop-qora allanimani olib, zarang pushtaga yirik-yirik qilib yozadi:
«Endi nima bo‘ladi»
Bir zum o‘ylangach, oxiriga so‘roq alomati va ikkita nuqta qo‘shib qo‘yadi.

* * *

Zulfiyaning uyi. Choqqina hovli. Hammayoq orasta, saranjom-sarishta.
Ayvon labida oyoqlarini osiltirib omonatgina o‘tirgan Bolta Mardon ustunga suyanib pinakka ketgan. Bir qo‘lida shlyapa. Qamchisi yerga tushib yotibdi.
Bu holatni ko‘rgan odamning negadir rahmi keladi.
Hovliga yugurib kirgan durkungina qoracha juvon — Zulfiya taqqa joyida to‘xtaydi.
— Ibi, dadajon, qachon keldingiz? Bolta Mardon erinibgina ko‘zini ochadi.
— Darvozada otingizni ko‘rib, chopdim. Qachon keldingiz?
— Bu nima yurish? Hammayoq ochiq-sochiq… — deydi qovog‘ini uyub Bolta Mardon.
— Mehribon dadajonimdan! — Zulfiya chopa kelib otasini quchoqlab oladi, cho‘lpillatib o‘pa ketadi. — Doriga chiquvdim. Voy, Jahongir uyda edi-ku, ichkarida dars tayyorlayotuvdi. Charchab, uxlab qolgan-da. Ko‘p dars qiladi shu bola!
— Kattang ko‘chama-ko‘cha to‘p tepib yurgandir?
— Yo‘-o‘q, aqlli u. Chizgan chizig‘imdan chiqmaydi. Ikkoviyam! Darsga ketgan. Tushdan keyin o‘qiydi-ku, ikkinchi smena. O‘zim haligina maktabdan kelib, birrav…
— Dorixonada nima qilib yuribsan?
— O‘tim og‘riydi, dada, bilasiz-ku. Shunga febixolmi degan yangi dori chiqibdi. Ayb o‘zimda. Har baloni aralashtirib yeyaveraman. Xay, o‘ylamang, tuzalib ketar. O‘zingiz yaxshimisiz? Enam? Maktabdan bo‘shayolmayman deng, darsim ko‘p. Suv yoqalab yurganmishsiz? Shu ish sizga nima kerak, dada?
— Tirikchilik-da, qizim. O‘zing qalaysan? Qiynalmayapsanmi ishqilib?
— Zo‘r! Qiynalsam — mana, siz borsiz. Murtini bolta kesmas akalarim, ukalarim bor! Xudoga shukr, hech nimadan kamchiligim yo‘q. Hammasi zo‘r! Aytganday, Botirboy keptilar. Kuyovbola. To‘yni qachon boshlaymiz endi?
— Avval ukangni ko‘ndiraylik-chi. Eringdan xat-xabar bormi?
— Bir yilginasi qoldi, dadajon. Hademay kep-qoladi, xudo xohlasa. Bariga anovi tog‘lik oshnangizning arzandalari aybdor! O‘sha baloni bunga keltirib berar ekan-da. Saqlash uchun. Men, go‘rso‘xta, hech gapdan bexabar yuraveribman. O‘zi, bilasiz-ku, unaqa narsalarni og‘ziga olmasdi. Hatto popiris ham chekmagan. Mayli, bunisiyam bor ekan-da peshonamizda.
— Peshonang… — deydi Bolta Mardon allanechuk ezilib. — Hammasiga men aybdorman, qizim.
— Ibi, nimaga? Qiz maxluq — palahmonning toshi, der edingiz o‘zingiz. Esingizdami? O‘sha palahmondan otdingiz — mana shu hovliga kelib tushdik! Bo‘ldi. Hammasi yaxshi, xudoga shukr… Siz bularni ko‘p o‘ylamang, dadajon, xo‘pmi?
— Xo‘p, xo‘p, Zulfinjon. Sening gapingni ikki qilib bo‘larmidi?
— Hah, dadajonimdan!
Zulfiya otasining pinjiga kirib olgan, xuddi erkatoy qizaloqdek, goh uning bet-boshini silaydi, goh mahkam quchoqlab o‘padi.
— Uyat! — deya bir mahal joyidan sakrab turadi u. — Bu o‘tirishimni qarang! Dahanama-dahana chopib, ochiqqansiz. Hozir go‘sht qovurib kelaman!
— Yo‘q, yo‘q, tamaddi qilib olganman, — deydi Bolta Mardon o‘rnidan qo‘zg‘alib. — Dahanalarni aylanmasam bo‘lmaydi, qizim. Darvoqe, tomorqang suv ichganmi?
— Baraka topkur qo‘shnimiz, huv Hakimboy jo‘rangizning o‘g‘li-da, tunov kuni suv bog‘lab kelgan ekan. Ko‘llatib sug‘orib oldim.
— Ha-a, malades. Polvon qiz!
— Kechqurun o‘taman, dada. Amirboyingiznikida yana ziyofat emish-ku. Termizdan mehmon kelarmish.
— Har balodan xabardor-a bu shayton!
— Yo‘q, boya Azizbek kelib ketdi. Yangam ayttirib yuboribdilar. Manti tugishga qarasharkanman. Botiringizni ko‘rmaganimga ham qancha bo‘ldi!..
Odatdagidek, Bolta Mardon otda. Magazinning yonida qaqqaygan qo‘lbola dorixona oldida turibdi.
— Voy, boyagina qizingiz — Zulfiya opam so‘ragan edilar-a shu dorini, – deydi qosh-ko‘zi bo‘yalgan sotuvchi qiz.
— Berdingmi?
— Keyin olarman, dedilar. Pullari yetmadi shekilli. Xay, nasiya olib ketavering, desam — ko‘nmadilar.
— Shundan to‘rt-beshtasini o‘rab ber!

* * *

Bolta Mardon Zulfiyaning darvozasi oldida otining jilovidan ushlab turibdi.
— Ha dadajon, tinchlikmi? — deydi hovlidan yugurib chiqqan Zulfiya.
Negadir uning ko‘zlari qizargan.
— Yig‘lagan ko‘rinasan, qizim? Nima bo‘ldi?
— Barmog‘imni ari chaqib oldi!
— Shungami? Kap-katta ayol-a! Qani, ko‘rsat-chi. Zulfiya qo‘qqisdan otasining bo‘yniga osilib yig‘lab yuboradi.
— Sizni sog‘indim… Sog‘inib ketdim, dadajon! Beixtiyor Bolta Mardonning ham o‘pkasi to‘lib keladi.
Ota-bola bir-biriga yopishib yig‘lamoqqa tushadi. Qog‘ozga o‘ralgan dori oyoq ostida…

* * *

Bu dunyoning g‘avg‘osi buncha ko‘p! Bolta Mardon qamchisiga iyak tirab, kishibilmas, er-xotinning mashmashasiga quloq tutgan.
Qutichadekkina hovli. Qarovsizroq. Usti-boshi kir-chir uch-to‘rt bolakay, ota-onaning diydiyosiga tamoman beparvo, nimadir o‘yin bilan mashg‘ul.
Er — aft-angori qoramoyga belangandek bir barzangi — supa labida cho‘nqayib o‘tiribdi. Ketmonsi-fat kaftlari bilan qulog‘ini bekitib olgan.
— Ho‘-o‘, bas qil endi! Quloq-miyani yeb qo‘yding-ku, enag‘ar! — deb qo‘yadi har zamonda do‘rillab.
Ayvonning tagida, bir qo‘lida supurgi, birida lattadek hilvirab turgan allaqanday qog‘oz — mushtdekkina xotin hovlini boshiga ko‘targudek chinqirayotir:
— Mayli, kelib o‘tirsin — mana hovli, mana joy! Lekin manovi yetimchalaringni sudrab men qay go‘rga boray, ayt?!
— Obbo-o! Nima deyapti-ya bu shang‘i?!
— Bilaman — o‘sha! O‘sha suyuqoyoqdan boshqa hech kim qilmaydi bu ishni! Mana shu o‘yilgur ko‘zlarim bilan o‘zim ko‘rib edim-a! Hu, xolangning to‘yida, Bog‘boloda, senga muqom qilib o‘ynagani, senam ko‘zingni lo‘q kilib o‘sha manjalaqiga tikilib o‘tirganing esingdan chikdimi? Ha-a!..
— Eh, xudoyim-ey! Qayoqdan topding-a bu gapni?
— Bo‘lmasa, nimaga shuncha joydan oqib kelgan bu sabil mening hovlimga, mening arig‘imga yetganda ilinib qoladi?
Shundagina mojaroning paynovini anglagan Bolta Mardon bu yokdan turib hayqiradi:
— Bo‘lmasa, ariq-parig‘ingni tozalab qo‘ygin-da, musulmon!
Eru xotin serrayib qoladi.
— Hoy kelin, qanaqa qog‘oz ekan o‘zi u? Bu yoqqa ber-chi!
Er sho‘rlikka birdan jon kiradi — irg‘ib turib xotinining qo‘lidagi hilvirab, bir cheti yulinib qolgan shum qog‘ozni olasolib, devor osha Bolta Mardonga uzatadi.
Binafsha bo‘yoq chaplanib ketgan qog‘ozga qoq o‘rtasidan kamon o‘qi o‘tgan yurak tasviri tushirilib, tagiga «Baribir seni yaxshi ko‘raman!» deb yozilgan ekan.
— Bu qog‘oz meniki, — deydi Bolta Mardon ilkis bosh ko‘tarib. — Men yozganman buni!
Er-xotin bir-biriga qarab qoladi.
— Ibi, rais bobo, rostdanmi? — deydi badrashk xotin birdan bo‘shashib. — Siz?.. Uyat bo‘lmaydimi?
— Yaxshi ko‘rish uyat ekanmi? Nima, men odam emasmanmi? Sening eringga birovlar xat yozar ekan-u, menga yozmaydimi? Yoki men birovga yozolmaymanmi? Gap bunday, kelin: bo‘lmagan joydan g‘avg‘o qo‘zg‘ab o‘tirguncha, eringga qara, bola-chaqangga, manovi hovli-joyingga qara! Tushundingmi? O‘zingga ham bir nazar tashlab qo‘ysang ziyon qilmas!
Bolta Mardon shartta burilib bu yerdan jilarkan, haligi qog‘ozni nariroqda o‘z xayollari bilan band bo‘lib turgan Botirga uzatadi:
— Senikimidi? Boya quloqboshida bir nimani yozib-chizib o‘tirganday ko‘rinuvding…
Devor ortidagi mashmashadan uncha bexabar Botir qog‘ozni olib ko‘z tashlaydiyu duv qizaradi va uni kaftida g‘ijimlab, ariqda quvlashmachoq o‘ynab oqayotgan suvga tikilib qoladi.

* * *

Egasizmikan, tashlandiq bir yalanglikdan o‘tayotib ota-bola birdan to‘xtaydi. Ularning diqqatini g‘alati bir hol jalb etgan.
Devorlari yemirilib nuray boshlagan g‘aribroq hovlining burchak devori ostidagi mo‘ridan dam-badam allaqanday mis ko‘za ko‘rinib, suvga to‘lgach, g‘oyib bo‘ladi.
Botir otasiga savolomuz, taajjub bilan boqadi. Otda o‘tirgan Bolta Mardonning ko‘zi devordan ichkarida.
Ortidan qarasa navjuvonlardek xipchagina ko‘rinadigan, aslida yoshi xiyla o‘tinqiragan bir ayol ko‘zasini to‘ldirib o‘rnidan turadi-da, mayisha-mayisha eltib daraxtlarining tubiga qo‘yadi.
Bu hol uchinchi bor takrorlangach, Bolta Mardon Botirga:
— Shu hovliga ozroq suv och, o‘g‘lim, — deydi. — Anovi ko‘k toshni surib qo‘ysang kifoya.
Botir otasiga malolli qaraydi:
— Bunaqada ertagayam suv bormaydi hovlimizga!
— Aytgan ishni qil!
Bolta Mardon otidan tushib, uni bukri behiga bog‘laydi-da, o‘g‘liga «Sen pastlab boraver» deya, o‘zi ajib bir chaqqonlik bilan devor kemtigidan oshadi.
Suvga qaytib kelayotgan ayol uni ko‘rib, qo‘lidagi ko‘zasi tushib ketadi. Bir seskanib, shosha-pisha ro‘molining uchi bilan og‘zini to‘sib oladi.
— Ibi, aka, sizmi? Assalomalaykum, — deydi g‘alati bir titroq bilan.
— Bormisan, Sharofat?
— Shukr, shukr, aka.
— Bog‘ni xarob qilibsan-ku?
— Nima qilay, aka, benavo bir beva bo‘lsam…
— Necha yil bo‘ldi… o‘lganiga?
— Shu yil kuzakda besh yil bo‘ladi.
— Yomon odam emas edi. Mo‘min-qobilgina.
— Yaxshimi, yomonmi, xudo rahmat qilsin endi. Bolta Mardon devor tagida zanglab yotgan eski belkurakni olib, u yer-bu yerdan suvga yo‘l ochmoqqa kirishadi.
Bir mahal nafas rostlash uchun qaddini ko‘tarib, beixtiyor uy tarafga nazar tashlaydi. Qaraydiyu turgan joyida qotib qoladi: ajab manzara!
— Yotavba-a!.. — deydi yoqasini ochib tuflab qo‘yarkan. — Bu ne sinoat bo‘ldi ekan? Xuddi kecha tushimga kirganining o‘zginasi-ya!..
Pastak kulbadan berirokdagi loysupa o‘rtasida bahaybat bir tut bo‘y cho‘zgan edi!
— Tanasining ayriligi ham o‘sha-o‘sha, kavagi g‘orning og‘ziga o‘xshashligi ham… Yo qudratingdan!
Talay zamon shu taxlit hushi og‘ib turgan Bolta Mardon nihoyat:
— Sharofa-at, — deya, nima qilarini bilmay shu atrofda shox-shabba terib yurgan ayolni chaqiradi. — Birpasgina shu supangda o‘tirsam maylimi?
— Ibi, bu nima deganingiz, aka? Yuring, uyga kiring.
— Yo‘q, Sharofat, menga shu yer ma’qul, — deydi Bolta Mardon. Keyin o‘zi ham kutmagan bir gap og‘zidan chiqib ketadi: — Endi uyingga kirdim nima, kirmadim nima!..
Ayol unga ayanchli bir qarash qilib, kulbasiga kirib ketadi.
Supaga kelib joylashgan Bolta Mardon angrayib tutga tikilgani tikilgan. Tarvaqaylagan shoxlariga qaraydi, kavagini ko‘zdan kechiradi.
Ayol uydan bir kosa qatiq bilan dasturxon ko‘tarib chiqadi.
Mehmonning oldiga dasturxon yozgach, borib loy-suvoq ayvonining bir chekkasida mushtdekkina bo‘lib o‘tiradi. Odatdagidek, ro‘molining uchi bilan dahanini to‘sib olgan.
Bolta Mardon qatiqqa non to‘g‘rarkan, o‘ziga o‘zi gapirgandek so‘zlanadi:
— Shu qishloqda men kirmagan, men ko‘rmagan hovli-joy yo‘q deb yurardim. Ajabki, bu uyga biror marta bo‘lsin qadam bosmagan ekanman. Xuddi balosi borday, qochib o‘tardim-a…
— Janozasiga keldi deb eshitib edim-ku?
— Kelganman, kelganman. Darvozaxonadan qaytib ketib edim.
— Buning ustiga, xudoyim bizni tirnokdan ham qisdi deng. El-ulusga bunday bir to‘y-ma’raka ham qilolmadik… — Hasratlari eskib bitganmi, ayol birdan chehrasi yorishib, orzumandlik bilan so‘raydi: — Kenjangizni uylantirdingizmi, aka? Boya ko‘rib edim, suv yoqalab yurgan ekan. Bir yigit bo‘ptiki!..
Bolta Mardon unga o‘qdek tikiladi:
— Shu bola seniki bo‘lardi, Sharofat… Ayol titragudek bo‘lib o‘rnidan turadi.
— Gapirmang, aka, gapirmang!
— Tuzingga rozi bo‘l, Sharofat. Mana, endi armonim qolmadi.
— Eski savdolarni qo‘zg‘ab nima qilasiz, aka! Taqdiru peshona deng. Sizda qanday armon bo‘lsin? Sherday-sherday o‘g‘illaringiz bor, qizingiz bor. O‘zingiz shuncha yil elning boshida yurdingiz. Hozir ham birovdan kamu kamchilik joyingiz yo‘q…
— To‘g‘ri aytasan, Sharofat, shunday. O‘ziga shukr!

* * *

— Boyagi kampir kim edi, dada? Hovlisiga kirdingiz-ku?
— E, bir g‘arib sho‘rlik-da, o‘g‘lim…
Bolta Mardon qiyshayib, yer bag‘irlab o‘sgan yo‘g‘on bir tokning tanasida o‘tiribdi. Botir otasiga ro‘-baro‘, yertokning baland pushtasida cho‘nqaygan.
Suvlig‘idan xalos bo‘lgan qashqa nariroqda yer iskab yuribdi.
— Botir, gap bunday: shu, ammangning qiziga ko‘ngling bo‘lmasa, ochiq aytaver, to‘y qoladi! Biron karmi, ko‘rmi topilar ungayam. Ko‘nglingga qara, bolam! Lekin uylansang, shunday birovini topib xotin qilginki, sira-sira joningga tegmasin! Necha yil o‘tsa ham! Bunisi endi har kimgayam nasib etavermaydi, albatta. Bo‘lmasa, bu savdo — bir umrlik azob. Shu gapim esingizdan chiqmasin, Botirboy!
Kenja Botir taajjubda qolgan. Ota xomush, so‘zida davom etadi:
— Tag‘in bir gap, o‘g‘lim. Ertaga bir kun orqamda qolmasin-da. Sen endi yosh bola emassan, bilib qo‘yganing ma’qul. Noligan — noshukur deydilar. Enangni aytaman-da, yaxshi xotin. Yuvosh. Mana, senlarni tug‘ib berdi, katta qildi. O‘zim ham undan biror yomonlik ko‘rmadim. Lekin ko‘ngil kurg‘ur he-ech… Bilmadim — nimaga… — Bolta Mardon daf’atan hushyor tortadi. — Bo‘ldi, turdik. Sen anovi ko‘prikning naryog‘idagi hovlidan bir xabar ol-chi…
— Uygayam yaqinlashib qoldik, dada. Bu suvingiz qachondan beri tinmay oqib yotibdi. Hammayog‘imizni bosib ketgan bo‘lmasin tag‘in!
— Mayli, o‘zing bilasan, Botirboy.

* * *

Kimsasiz bir sayhonlik. Uzoqda otini yetaklagancha Bolta Mardon yolg‘iz ketib borayotir.
U tobora olislab, allaqanday daraxtzor ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

* * *

Amirning dang‘illama hovlisi.
Marmar basseynga sharillab suv tushyapti.
Hovlida chopa-chop avjida. Ko‘pchiligi yosh-yalang, kelin-kepchak. Allanimalarni ko‘tarib u yoqdan-bu yoqqa o‘tishadi.
Hovli o‘rtasidagi, ziyofat dasturxoni hozirlanayotgan baland shiypon zinapoyasidan, ikki qo‘lida ikki likobcha, Zulfiya chiqib borayotir.
U chetlanib, yuqoridan tushib kelayotgan yangasi — Amirning semiz xotiniga yo‘l bo‘shatadi.
Etakroqdagi o‘rik tagida pichog‘ini tishlab olgan qassob yigit mushtumi bilan sidira-sidira, daraxt shoxiga osilgan qo‘yning terisini shilmoqda.
Bog‘ning xilvatroq burchagida nozik mexmonlar tashrifiga atab yangi «inshoot» paydo bo‘lgan. Atrofi rangdor sun’iy charm bilan to‘silgan bir joy. Tepasiga suv bochkasi o‘rnatilgan. Zamonaviy hojatxona.
— Vot, xozyain, primi, — deydi ichag‘onligi basharasiga bitib qo‘yilgan naynov usta ichkariga mo‘ralab turgan Amirga.
U osilib yotgan chilvir ipni pastga tortib ko‘rsatadi — shig‘illab unitazga suv to‘kiladi.
— Malades, Genka, malades! — deydi Amir ustaning yelkasiga qoqib va orqasida turgan o‘g‘lining qo‘lidan gazetaga o‘rog‘liq bir nimani olib unga tutqazadi. — Bizning hojatxonalar ularga to‘g‘ri kelmaydi-da, — deb uqtiradi anqayib qolgan o‘g‘liga. — Qog‘ozni anovi yerga qo‘yib qo‘y.
Keyin Amir boyagi chilvirni o‘zi tortib ko‘radi. Shig‘illab pastga suv tushadi.
Qo‘lbola hojatxonadan chiqqan suv qo‘shni ariqqa qarab oqadi.
Basseyn to‘lay-to‘lay deb qolgan…

* * *

Ko‘chada otini yetaklab kelayotgan Bolta Mardon ertalabki ko‘zi ojiz mo‘ysafidning yonidan o‘tadi.
— Baxayr, Boltaboy! Murod hosilmi ishqilib?
— Bir navi, Hamro bobo!
— Xotirjam bo‘ling, bo‘tam, o‘qildi. Xudo xohlasa, ijobat bo‘lgay!
— Qulluq, qulluq.
— Bu deyman, suvlar ham endi bir-biriga qo‘shilib-aralashib ketgandir-a, Boltaboy?
— Nima deganingiz, bobo, tushunmadik-ku?
— Bahri ummonga kuyilganda ham aralashmaydigan jannat suvini aytaman-da. Orada harirdek bir nimarsa bo‘larmish — qo‘shilmoqqa, aynimoqqa qo‘ymasmish shu. Agar aralashsa, bilingki, ro‘zi qiyomat yaqin! Eski kitoblarda shunday yozilgan, ta-g‘in kim bilsin!
— Bo‘lsa bordir, kim bilsin!
Quloqboshi.
Bu yerda hozirgina bir mojaro kechgani ayon.
Sochlari hurpaygan, shopmo‘ylovining yarmi yulinib masxara bir qiyofaga kirgan yoqavayron O‘rin Jagani ikki-uch melisa moshina tomon sudrab borayotir.
Pastda — sarbanddagi ko‘lchada bet-boshi ho‘l, kiyimlari shalabbo bir kimsa suv kechib yuribdi. Samar rais. Bir qo‘lida shlyapa, ikkinchisini paxsa qilib u bandi etilgan mirobga do‘q urayotir.
Melisalarning changalidan xalos bo‘lmoqqa urinib o‘zini har yoqqa otayotgan O‘rin Jaga ham, ko‘zlari ola-kula, o‘zicha nimadir deb baqiradi, o‘tayotib alamidan supa labida turgan allaqanday alyumin idishni (kanistr) bir tepib ag‘daradi. Idishning og‘zi sustroq buralgan ekanmi, undan sizgan sarg‘imtir suyuqlik (benzin shekilli) ariqqa qarab oqa boshlaydi.
Moshinaga chiqish oldidan bandi qo‘lidagi sigaretni yelkasi osha chertib yuboradi. Lahza o‘tmay o‘sha tomonda alanga ko‘tariladi.

* * *

Bolta Mardon darvozasiga yaqinlashganda aravachali bir mototsikl to‘xtab, undan Qodir tushadi. Mototsikl kajavasiga yirik-yirik qilib «VALENTINA» deb yozilgan va o‘sha kosmonavtning skafandrdagi rasmi solingan.
— Quloqboshidan kelyapman, — deydi u sarosimada. — Jagani milisa olib ketibdi. Rais bilan yoqalashib, suvga itarib yuborgan ekan. Hozir quloq-boshida raisning o‘zi…
— Hay, ular — et bilan tirnoq. Bitishib ketar, — deydi Bolta Mardon allanechuk beparvo.
— Dada, kechiring. Maktabda shu qizga ko‘nglim bor edi…
— Ko‘ngil bergan odam shunday so‘gshayib qoladimi?!
— O‘zingiz…
— Nima — o‘zim? — Bolta Mardon o‘g‘liga o‘qrayadi. — Ota deganing payg‘ambar bo‘ptimi!..
Shu vaqt darvozadan Botir ko‘rinadi. Tashvishmand.
— Dada, ertaga yana chiqamiz shekilli. Suv yoqalab…
Bolta Mardon churq etmay, otini yetaklab ichkari kirib ketadi.
Aka-uka bir-biriga tikilib qoladi. Qodir cho‘ntagidan sigaret chiqaradi.
— Mengayam bering bitta, — deydi Botir.
— Chekmasding-ku?
— Chekmas edim…
Tonggi manzara takrorlanadi.
Ana, Bolta Mardon, qo‘lida obdasta, yo‘lka bo‘ylab tahorat olib qaytayotir…
Mana, ichkaridan nomoz ovozi…
Hovli kimsasiz — hamma qo‘shni hovlida.
Ana, yelkasida to‘n, Bolta Mardon yolg‘iz bog‘ oralab yuribdi…
Daraxtdan xoliroq joyga chiqib, osmonga tikiladi u. Osmonni bulut bosgan. Tund. Notinch.
— Tavba…
Mana, nihoyat, uy egasi bog‘ etagidagi, Amirning hovlisidan chiqadigan ariq bo‘yida…
Suv paynovdan bir qulochcha beri o‘tganu qurib qolgan!
Bir muddat shu holga tikilib turgan odam, iyagini qashlay-qashlay nari ketadi.
U tag‘in daraxt oralashga tushadi…
Tevarak qorong‘ilasha boshlagan…

* * *

Qo‘shni hovli yop-yorug‘, charog‘on.
Shiyponda allaqachon ziyofat boshlangan.
To‘rda — sipo kiyingan silliq-silliq mehmonlar. Oltmishlarga yaqinlashgan tepakal kishi — «asosiy katta» o‘rtada o‘tiribdi. Yonida o‘ta zamonaviy libosdagi suluv bir jonon. Qizimi, yo?..
— Basseyn tayyor, Alisher aka!
— Yashang, Amirboy, qoyil!

* * *

O‘sha hovlidagi oshxona.
— Dadam bechora bir o‘zlari o‘tirgan bo‘lsalar kerag-a, ena? — deydi piyoz archiyotgan Zulfiya tashvishlanib.
— Avvali oqshomdanoq yotib olish odatlari bor, — deydi Musallam opa. — Ayniqsa, bugun, charchab kelgan bo‘lsalar…
Botir o‘sha hovli darvozasi oldida turibdi. Yolg‘iz. Sarxushroq. Qo‘lida telefon, Toshkent bilan gaplashmoqda.
— Men ham… Juda! — deydi u ehtiros bilan.
— Nigor! Ayting-chi, bir kuni kelib joningizga tegib qolmaymanmi?
— Necha yil o‘tsa ham-a?
— Siz-chi?
— Ungayam biron karmi, ko‘rmi topilarmish. Dadam aytdilar.
— Yo‘q, tushunmadingiz. Shunday bir naql bor. Bizda.
— Indin. Ha, ertadan keyin boraman…

* * *

Qorong‘ida bog‘ kezib yurgan odam nogahon munkib ketadiyu bir daraxtni quchoqlab oladi. U daraxt tanasi bo‘ylab sirg‘ala-sirg‘ala yerga o‘tirib qoladi. So‘ng sekin orqaga ketib, yerga chalqancha cho‘ziladi. Muallaq qolgan qo‘llar bir zum titrab turgandek bo‘ladi-da, shalop etib ikki yonga tushadi.
Qo‘shni shiypondan yog‘ilayotgan bir tutam nur ochiq ko‘zlarni yoritib, cho‘g‘dek yallig‘lantirib yuborganu ulardan qaytgan g‘ayritabiiy bir shu’la tepadagi, shamolda qaltirayotgan yaproqlar aro yalt-yult etib akslanadi…
Daraxt barglarini shitirlatib, yomg‘ir shivalay boshlaydi.

* * *

Qo‘shni shiypon. Bazm avjida.
— Saratonda yomg‘ir-a! Chudo, chudo! — deydi «asosiy katta» kaftlarini bir-biriga urib, quvnab. — Kavkaz! Nastoyashiy Kavkaz! Chto tam Kavkaz — jannat! Jannat-a!
— Atay zakaz qilganmiz-da, aka!
— Qoyil, Amirboy! Yashang!
— Zo‘ridan bitta bo‘lsinmi, Alisher aka? — Amir pastdagi chorpoyada o‘tirgan san’atkorlarga qarab hayqiradi: — Boshla, Juma!..

* * *

Vishillagan shamol aralash yomg‘ir kuchaygandan kuchayadi. Go‘yo qorong‘i daraxtzor qa’rida cho‘zilib yotgan jasadni suvga ko‘mib yubormaguncha qo‘ymaydigandek…
Qo‘shni hovlida yangragan yalla yomg‘ir shovqinini bosib ketgudek…

Yurak tuygularim aytaman sizga,
O‘zim o‘sma qo‘yay sho‘x qoshingizga.
Arazlamang, jonim, arazlamang…

Yomg‘iru to‘zonga basma-bas, bog‘-bog‘ot oralab qorong‘ida yonarqurt misoli yallig‘ taratib bir ilon sudraladi.
Suv o‘rniga ariqda olov oqayotir, olov…

* * *

Ertasi kuni.
Marhumni dafn etgan tobutkashlar ko‘chani to‘ldirib qaytmoqda.
Kechagi kundan bizga tanish-notanish ko‘pchilik shu safda. Ana — mahmadana ta’ziyagir o‘g‘il; ana — otasi bemor yotgan «suv o‘g‘risi»; ana — bir soat ichida tug‘ilgan Hasan bilan Husan; ana — birovlarga o‘lim tilaydigan badnafas Bozor sariq; ana — gurungga ishqiboz chol, bekorchi tanbal Jumaqul, rashkchi xotinidan dakki yegan er…
O‘rin Jaga to‘dadan chetrokda — bir o‘zi kelayotir. Mo‘ylovsiz. Tanish qiyin. U dam-badam yengi bilan ko‘zyoshlarini artib qo‘yadi.
Yo‘lning yarmiga kelganda saf boshida borayotgan hassakashlardan biri — marhumning kenja o‘g‘li nogahon akalaridan ajralib, bir tor ko‘chaga kirib ketadi.
Buni ko‘rgan birov-yarim uzrli holga yo‘yib, ahamiyat bermaydi.

* * *

Bizga tanish hovli.
O‘rtasida qari tut o‘sgan supaning bir chetida tizzalarini quchgancha boqqa qarab kechagi ayol o‘tiribdi. Egnida ko‘k ko‘ylak — motam libosi.
Hovliga kirgan yigit asta kelib ayolning kiftiga qo‘l tekkizadi.
Ayol og‘ir qo‘zg‘alib joyidan turadiyu yigitning yelkasiga bosh qo‘yadi.
— Bandalik ekan-da, bolam…
Yigit beixtiyor tepaga qarab, burgutdek quloch yozgan ulkan tutga tikilib qoladi.
Qadimiy tut uning ko‘z o‘ngida yashnab turgan azamat bir daraxtga aylanadi…