Erkin A’zam. Shoirning to‘yi (qissa)

Shaharning qoq markazidagi bu koshonani bino etishda urushdan keyingi yillar harbiy asirlarmi, allaqanday ajnabiylarmi qatnashgan, degan gap yuradi. Tarix, kechagi kun — bamisoli serishva jonon, har kim uni ta’biga moslab olaveradi; davr shamoliga qarab o‘zgaravergani sayin chin haqiqatni aniqlash mushkullashib boradi.
Nemislar qurganmi, samuraylarmi, harqalay, shaharda bunday pishiq, mustahkam imorat sanoqli. Mash’um zilzilada unga zaha yetkazolmag‘ani bejiz emas: nemis ham, yapon ham serhafsala, qo‘li gul, rosa hunarmand keladi.
Bu binoning loyihasini Bessarab dashtlarida tug‘ilib, noyob iqtidori bilan «bepoyon o‘lkam»ning poytaxtini zabt etgan, uning qoq yuragida «dunyo yo‘qsillarining dohiysi» maqbarasini ham chizmalab bergan bir me’mor yaratgan. Qolaversa, bu kabi tarixiy obidalarning tamal toshini yengiltaklikni jini suymaydigan, har ishda haybatu dabdabaga o‘ch mo‘ylovdor dohiyning shaxsan o‘zi qo‘ygan. Bu jabhaga kimlarni jalb qilishni ham bilgan. Asirlar — harbiymi, siyosiymi, jo‘ngina jinoiymi yoxud o‘zinikimi, begonami — farqi yo‘q, aybi bo‘lsa bas. Aybdor sho‘rlik o‘lib-tirilib ishlaydi, shunga majbur. Mehnati bilan gunohini yuvmoqni o‘ylamasa-da, mahkumlikni, mahrumlik uqubatlarini shu yo‘sin yengmoq bo‘ladi.
Mo‘ylovdor dohiyning mo‘ljali — bexato. Tasavvur qilish mumkin: tikanakli simto‘siq bilan o‘rab olingan bu atrofda, oyoqlarida yog‘ochchipta kavush, yag‘ir paxtalik kiygan mahbuslar u yoqdan-bu yoqqa zambilg‘altak surib yuribdi. Bosh ko‘tarish yo‘q, o‘zaro so‘z qotish yo‘q. Ish, ish. Vazifa shunday. Zarbdor jabha. Qurilish borayotgan maydonni simto‘siq orqali kuzatgan odamning ko‘zi tinadi: bu ro‘yi zaminda ikki xilgina rang bor ekan-da — oqu qora, ola-bula; yo‘l-yo‘l, yo‘l-yo‘l.
Sho‘rlik mahkumlar nima gunohlariga bu yerga kelib qolgan? Nima qurayotganlarini o‘zlari bilarmikan? Bilishadi, bilishadi — loyihashunos sarkorlari ham o‘zlariga o‘xshagan mahbus. Ozod Sharqda yagona teatr, san’at maskani! San’at maskani mahbuslar qo‘li bilan bunyod etiladimi? Nima ahamiyati bor? Maqsad — aniq, muddao — zo‘r, zarbdor qurilish Oktyabr bayramigacha bitmog‘i shart!
Bitadi, shak-shubhasiz bitajak. Shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shajak, obod, dilkusho manzilga aylanajak. To‘g‘ri, shaharda keyin ham, ayniqsa, zilziladan so‘ng ko‘plab imoratlar qad ko‘tardi, ne-ne sarvqomat binolar bo‘y cho‘zdi, u «Ozod Sharqning mash’ali» deb jar solindi. Biroq sipo, purviqor koshonamiz oldida bulari xiyla nomukammal — kalta-kultaga o‘rangan zamonaviy qaqajonlarni eslatadi: yengiltak, oson-omonat.
Koshonani bino qilgan o‘sha sho‘rmanglay binokorlar hozir qayerlarda ekan? Vatanlariga omon-eson qaytib borishdimi? Taqdir izmi bilan bu shaharda yashab qolganlari yo‘qmikan? Uqubatlar ichida bino etilgan bu koshonani eslasharmikan, bu maskanda qanday tomoshalar kechishidan xabarlari bormikan?..
Kim bilsin! Keling, biladigan gaplarimizdan so‘ylashaylik.
Ulug‘ shoir nomi bilan atalgan bu dargohni tabiatan shoir ruhiga begonadek bir san’at turi zabt etgan. Zamonaviy sanalgan bu san’atga mahalliy xalqning xushi yo‘qroq. Buning uchun xalqni ayblab ham ko‘rildi. Ammo… Nima, italyanlar beqasam choponli hofizlarning «katta ashula»sini zavq bilan berilib tinglaydimi? Binobarin, bu yerda yangi asar sahnaga chiqsa, shinavanda asosan «shunos»lardan iborat bo‘ladi. Tomosha chog‘i ulardan ba’zilari mizg‘ib-mizg‘ib ham olsa kerak, boshqa birlari o‘ninchi sinfda o‘qiganda ko‘ngil qo‘ygan qizlarini entikish bilan eslab o‘tiradi. Chiqib ketib ko‘ring-chi! Madaniyatsiz nodon, to‘pori atalmoqqa kimning tobi bor? Nozik, ingichka san’at bu! Uni tushunmoq, his etmoq uchun nozik, ingichka did darkor! Kim aytadi bizni madaniyatsiz to‘pori deb?!
Koshonaning boshqa shinavandalari ham bor. Bu madaniy Ovrupodan tashrif buyurgan ajnabiy sayyohlar bo‘lib, Mafkuraxonim shaxsan tasdiqlagan dastur asosida, safar davomida ular madaniy hordiq chiqarmoq, aslida esa, bir vaqtlar yovvoyi sanalgan osiyoliklarning madaniyat jabhasida, xususan, nafis san’at bobida naqadar yutuqlarga erishganini ko‘rmoq uchun bu yerga keladi. «O, da! Bravo, bravo!» Sakkiz oqqush ishtirokidagi (qolgan to‘rttasini olabo‘ji yeb ketgan) «Oqqushlar ko‘li»ni Eskijo‘va bozori bo‘ylab bugungi yugur-yugurdan so‘ng mudroqu erinchoqlik aralash kuzatishar ekan, italiyalik sayyohlar istehzo bilan kulib, esnab o‘tirishadi.
Koshona odamga liq to‘ladigan kunlar ham bo‘ladi. Katta-katta anjumanlar, atoqli shoiru olimlarning tantanavor ro‘zi tavalludlari — yubileylari shu yerda o‘tadi. Kelajakda Chig‘atoydan to‘rt gaz yer tamai ilinjida yurgan yubiley sohiblari to‘ylarini mana shu maskanda nishonlamoqni sharafi oliy deb biladilar. Ammo bu ishni hargiz o‘zlari hal etolmaydilar. Kim qay go‘rga ko‘miladi, kimning ro‘zi tavalludi qay maskanda, qay tarzda tantana qilinadi — bularni shaxsan Mafkuraxonim belgilab beradi. Bunda u nimalarga asoslanadi — yolg‘iz xudoga, yo‘q-yo‘q, yolg‘iz Mafkuraxonimning o‘ziga ma’lum.
Mana, bugun ham, chuchmalzabon Ajoyib domla ta’birini istifoda etganda, she’riyat toqida chaqnoq yulduz misoli chaqnab, nosoz zamon darrasiga duchor bo‘lib bevaqt so‘ngan Otashqalb shoirning tavallud anjumani… Darvoqe, ortiqcha tafsilotlar bayoniga berilib ketib, tantanali oqshomga kech qolay debmiz.
Bilarsiz, kuzatganingiz bordir, bu kabi marosimlarga asosan bir xil jamoa to‘planadi. Bugun, deylik, Otashqalb shoirni xotirlamoqqa yig‘ilgan ayni shu sara izdihom ertaga uning qon raqibi, raqibi ne, jon kushandasi — Shoiri zamonning zamon ustidan qozongan ulkan g‘alabasini nishonlamoqqa ham hoziru nozir. Xuddi o‘sha janoblar, xuddi o‘sha xonimlar. Ko‘pchiligi xizmat yoki burch yuzasidan keladi bu yerga. Ba’zilari anchayin qavmini ko‘rmoq yoxud unga ko‘rinish bermoq payida bo‘ladi. Bundagi marosimu ma’raka bir bahona, xolos. Aksariyat pinhona uchrashuvlar, «kelajagi porloq» tanishuvlar, biron maqsadni mo‘ljallab o‘zini ko‘z-ko‘z qilishtar, tantanavor ruhdan ruhlanib ish bitirishlar va boshqa-boshqa talay savdolar shu yerda kechadi.
Shakkoklikka berilmay, insof bilan aytadigan bo‘lsa, anjuman ahlining kunda-shunda qismidan bo‘lak iaydar-pay yangilanib turadigan bir toifasi ham borki, kechayotgan marosim aslida shularniki. Ular bu yerga entikib, orziqib keladi. Qo‘llarida dasta-dasta gul, ko‘zlar to‘la yosh, ko‘krak to‘la ehtiros. Ha, balli, chinakam muxlis bular. Asosan yoshlar, zamon zamzamalariyu qismat qing‘irliklarini hali tatib ko‘rmagan, o‘qigan kitoblariyu muallimlari aytgan so‘zlarga chippa-chin ishonadigan beg‘ubor, ta’sirchan talabalar. Anjumanga shakl yasab, unga peshvolik da’vo etayotgan kazo-kazolar shoirning loaqal bir satrini ham bilmagani holda, bu zumrashalar uning butun-butun kitoblarini yod biladi; hayotini, ayniqsa, ishqiy sarguzashtlarini xayoliy-fojeiy bo‘yoqlar bilan boyitib, u haqda o‘zlaricha afsonalar to‘qib olgan; she’riyatga havasmandlari bo‘lsa, hayotda ham, ijodda ham unga o‘xshamoq orzusida yuradi… Haqiqiy muxlis shunday bo‘ladi-da!
Yana takrorlaymiz: bu maskanda ko‘p tarixlar kechgan, ko‘p marosimu tantanalar o‘tgan, tabiiyki, turli-tuman muxlisu shinavandalar kelib-ketgan. Lekin, ming karra aminmizki, hali bu dargoh biz ta’rifiga kirishayotgandek muxlisni shu choqqacha ko‘rmagan.
Ulkan naqshinkor qopqa oldida odam siyraklashgan. Kelgani qo‘lidagi shapaloqdek qog‘ozni ko‘rsatib kirib ketayotir. Anovi yo‘g‘on ustunning panasida payt poylab turgan ajabtovur muxlisimiz boya bir necha marotaba o‘shalar safida o‘zini eshikka urib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Darbon xotin uni ko‘rib, ko‘zining paxtasi chiqib ketayozdi: bu kim, qanaqa maxluq, qayoqdan paydo bo‘ldi, bu yerda nima qiladi, kim qo‘ydi uni bunday joyga, hey, bu yoqqa qaranglar, odam bormi?..
Bu xotin muxlisimizning qo‘lida anovinaqa pattadan yuz mingtasi bo‘lganida ham uni eshikka yaqin yo‘latmasdi. Chunki… Qo‘lbola aravachada o‘tirgan bu odam nogironlikning jamuljam timsoli edi. Tizzadan kesilgan oyoqlarning po‘ntig‘iga kirza etikning qo‘njidan yasalgan qoplama kiygizilgan, ikkala qo‘lining ham tirsaqdan pasti yo‘q — isqirt, yag‘iri chiqqan qora paxtalikning shalviragan yenglari yuqoriga qaytarilib, bilakka chandib qo‘yilgan. Avji bahorning iliq oqshomi bo‘lishiga qaramasdan, g‘aroyib muxlisimining egnida qalin paxtaligu boshida eskidan eski quloqchin; soch-soqoli o‘sib ketgan, qo‘sqi. Tashqi qiyofasidan bu yurtning fuqarosiga o‘xshamaydi, uzoqdan kelgan, juda uzoqdan — musofir. Ammo uning asov baroq qoshlar tagidan boqib turgan o‘tli ko‘zlarini ko‘rgan odam bir seskanib tushishi muqarrar! Va uni shubhasiz og‘ir bir savol o‘rtay boshlaydi: bu qadar tanish ko‘zlar kimniki?
Darbonning javrashi barobari Musofir muxlisning tepasida har yerda hoziru nozir turadigan tanish nusxa tik bo‘ldi. Musofir muxlis uni darrov tanidi: u tanimay kim tanisin! O‘sha-o‘sha vajohat, o‘sha-o‘sha butlarini kerib, muskuldor engaklar bir yon, o‘qdek qadalib turishlar, o‘sha-o‘sha qora charm kamzul. Lekin qaribdi, hatto shu ham qaribdi. Lekin hamon charchamoqni bilmaydi.
Musofir muxlis bu nusxaga duch kelmaganiga ko‘p zamonlar bo‘lgan edi. Ul tinim bilmas Ta’qibkor uni mana shu ko‘yga soldiyu tinch qo‘ydi. Mana, taqdirda bor ekan, yana uchrashib turishibdi. Balki, bu oxirgisidir.
Ta’qibkor, tabiiyki, uni shaxsan tanimadi, tanimog‘ining iloji ham yo‘q edi: u bittagina, bunaqangi qalang‘i-qasang‘i yot unsurning esa urug‘i behisob. Qarigani vajidanmi, zamon o‘zgargani tufaylimi, yo bunday maskanda, bunday ayyomda biror kori hol bo‘lmog‘iga asos yo‘qligi uchunmi, qisqasy, uni odatda vokzal-pokzalda tentirab yuradigan mayxo‘r mubtalolardan deb fahmlab, tishlari orasidan vishillab amr kildi:
— Shagom marsh!
Musofir sho‘rlikda qadam bosadigan oyoqning o‘zi yo‘qligidan u chaqqonlik bilan engashdi-da, qo‘lga aylangan tirsaklarini ishga solib aravachasini tislantirdi. Ammo ketmadi, Ta’qibkorga tik boqib soqol-mo‘y bosgan dahanini ochdi, o‘zicha nimadir demoq bo‘ldi, deya olmadi. Bu sho‘rlikning boshqa a’zolari — oyoq-qo‘li qatori tili ham kesilgan edi. Shu choq, Ta’qibkorning qudratli imosi bilanmi, qayoqdandir paydo bo‘lgan ikki abjir milisa yigit uni arava-paravasiga qo‘shib dast ko‘tardiyu huv nariga, bexavotirroq joyga eltib qo‘ydi va kaftlarini qoqa-qoqa yangi imolarga shay bo‘lib jangovar joylarini egalladi.
Sal o‘tib maydonga osoyishtalik cho‘kdi. Qopqa oldidan ham oyoq uzildi hisob. Musofir muxlis jonho-latda tirsaklari bilan yer tirnab aravachasini qopqa sari haydadi. Qopqaga yetganda bir zum taraddudlanib bo‘sag‘ada to‘xtadiyu darbon xotin qayoqqadir daf bo‘lganini ko‘rib shiddat bilan o‘zini ichkariga urdi.
Boyagina bu yerda har qanaqa xavf-xatarga o‘z vaqtida zarba bermoqqa shay turgan Ta’qibkoru uning sodiq yordamchisi — bir parcha qog‘ozdan bo‘lak hech narsani tanimaydigan dimog‘dor darbon xotin qani, qay go‘rga ketdi ular?
Bu yerga keladigan odam kelib bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, darbon xotin daf’atan bugun sahnada hech kim hech kimni ko‘tarib o‘ynamasligini eslab, «Huv otam zamonida o‘lib ketgan bir shoir ekan, endi kim ham kelardi» degan xayolda, qo‘lida doimiy hamrohi — chala to‘qilgan paypoq, ish o‘rnini mas’uliyatsizlarcha egasiz qoldirib, ichkari eshikni qo‘riqlamoq bahona, bekorchilikdan borib tomoshalar toloriga mo‘ralay boshladi.
Yoshi bir joyga borib qolganiga qaramay hamon o‘zini o‘n sakkiz yashar qizdek tutadigan, «aka, bir qarang» atlasidan kiyib, jilvagar durrani boshiga yallachimonand dol tang‘igan, yuz-ko‘ziga upayu surmani ayamay chaplagan bu dum-dumaloq xotin ko‘p yillar muqaddam xuddi mana shu — hozir o‘zi qo‘riqlab o‘tiradigan qopqadan nozik-nihol bir nozanin bo‘lib kirib kelgan edi. Tezda shuhrat qozonib, «oqqushlar ko‘li»da bahuzur suza boshladi. Tengdoshlari ich-etini yegan, zimdan unga hasadlar qilgan. Chunki ularga hech kim qaramaydi, uni esa kimsan — shaxsan vasilevlar boshiga ko‘tarib yuradi!
Ittifoqo, «maqtalgan qiz»ni xudo urdi-qo‘ydi: o‘sha zabardast dastyorlar uni yerdan uzmog‘i qiyinlashib qoldi. U, nimadir baloga duchor bo‘lib, meshdek semira boshladi. Bu ahvolda uni sahnaga yo‘latib bo‘lmasdi, sahna ortidagi yumushlarga jalb etildi. Bora-bora bu ishlarga ham yaramay qoldi. Odatda, bunaqa vaziyatga tushgan or-nomusli san’atkor bu kasb, bu maskanni butunlay tark etib ketadi. U bunday qilmadi, alam-intiqom o‘tida qovurilib yuraverdi. Yura-yura, bir vaqtlar o‘zi iymana-iymana kirib kelgan mana shu maskanning eshigiga darbon bo‘lib qoldi. Endi sobiq dugonalari — bugungi g‘animlari sahnaga chiqadigan kun, ilojini topsaki, bu dargohga odam kiritmasa! Qopqani vaqtidan oldin tambalab, asta borib sahnaga mo‘ralaydi: qachon anovi yer yutgurlar sal bo‘lsa ham semirarkan, qachon anovi sabil qolgur vasilevlarning qo‘li tolarkan?
Musofir muxlis tomosha toloriga kiradigan eshik oddida alamzada darbonni ko‘rdiyu yo‘lni shoshilinch chapga soldi. Yuqori oshyonga olib chiqadigan zinaga duch keldi. E, bizga bundan battarroq g‘ovlar ham pisand emas! Ko‘z ochib yumguncha ikkinchi qavatga yetdi-yu, yana bir baloga uchrab esankirab qoldi: chanqoqbosdi ichimliklar sotiladigan charm peshtaxta oldida, kelib-kelib kim deng, har yerda hoziru nozir Ta’qibkorning xuddi o‘zi qiyshanglagan bir jonon bilan qaymoqlashib turardi. U suhbatdoshiga suykalanib, aftidan, nimanidir shivirlayotganida quvg‘in muxlis uning har yoqni ko‘radigan ko‘zini shamg‘alat qilib o‘qdek uchganicha ochiq eshiqdan tor-qorong‘i yo‘lak bo‘ylab ichkariga kirib ketdi.
Bu — tomosha tolorining ikkinchi oshyoni bo‘lib, o‘rin-joylar liq to‘la, hatto bir to‘da yigit-qiz to‘siqqa suyanib tik turar edi. Nogironlar aravachasida abjirlik bilan kirib kelgan sirli muxlisga birov-yarim ajablanib qaragandek bo‘ldi-yu, so‘ng ortiq e’tibor bermay qo‘ydi. Oldingi qatorning eng chekkasida o‘tirgan yigit bilan qiz unga alanglay-alanglay o‘zaro nimanidir pichirlashib oldi-da, barvasta yigit shartta o‘rnidan turdi, so‘rab-netib yoki so‘z qotib o‘tirmay, kelib sirli muxlisni aravachasidan dast uzdiyu eltib o‘zining o‘rniga — qizning yonigao‘tqazdi, oldinda sahnani to‘sib turgan yigitni bir ishora bilan nari jildirdi: mana, endi bahuzur o‘tirib tomoshangni qilaver, ey nogiron muxlis, biz ana shunday jo‘mardmiz! Olijanob yigitning o‘zi qizga yaqinroq joyda to‘siqqa tirsak tirab, sahnaga ko‘z tikdi. Nogiron muxlis boshini og‘ir burib bir qaradi-yu, ammo uning na minnatdor ekanini, na ajablanganini bilib bo‘ldi; asov baroq qoshlar tagidan odamni teshib yuborgudek g‘ayritabiiy bir o‘t chaqnadi, xolos.
Gulduros qarsaklar sharsharasi koshonani larzaga keltirdi. Anjumanning tantanadi qismi boshlangan edi. Sahnadagi uzun hay’at stolini hukumatga yaqin shoiru olimlar, kazo-kazo rahbarlar ishg‘ol etgan. Orqada — baroq qoshli, chaqnoq ko‘zli navqiron yigit — Otashqalb shoirning she’riyatga havasmand yosh rassom chizgan kattakon siymosi.
Anjumanni shoirning yoshlik do‘sti, eng yaqin safdoshi (unga aynan shunday ta’rif berildi) Oqsoqol shoir odatdagi — samimiy desa odamning haqi ketadigan, soxta desa noinsoflikka o‘tadigan mujmal va chuchmal kirish so‘zi bilan ochdi. Shu to‘rt og‘iz gapni ham u qog‘ozdan ko‘z uzmay o‘qib berdi; chamasi, buni avval kimdir — Mitrofan Grigorevich atalmish istalgan mavzuda istalgancha matn yozib bermoqqa qodir mangu yordamchisi o‘z ona tilida bitib, so‘ngra yana kimdir o‘zbekchaga aylantirgan.
— Mening unutilmas do‘stim Otashqalb hozir hayot bo‘lganida roppa-rosa sakson yoshga to‘lardi, — deya ma’nodorona gap boshladi Oqsoqol shoir. — Biz e’jod bo‘stoniga unutilmas do‘stim bilan bir paytda qadam qo‘yganmiz. Jo‘shqin komsomol yoshligimiz birga o‘tdi, shonli o‘ttizinchi yillarning qahramonona voqeligini birga tarannum etdik.
Oldingi qatordan kimdir atayin hammaga eshittirib uh tortib yubordi. Hay’atda o‘tirgan bir necha kishining qulog‘i ding bo‘lib, ko‘zlari aybdorni qidirib qoldi.
— Biz u bilan har vaqt, har joyda birga edik: o‘sha yillarning zarbdor inshootlarini bunyod etishda bo‘lsin, sotsializm dushmanlariga qarshi omonsiz janglarda bo‘lsin — hamisha! Biz birga e’jod qildik, birga yashadik. Biz u bilan tengdosh-tengqur edik, u mendan atigi bir hafta katta. Afsus va nadomatlar bo‘lsinkim, shundoq noyob iste’dod sohibi, ajoyib do‘stim nohaq tuhmatlarga duchor bo‘lib, xalq dushmani sifatida olis sovuq o‘lkalarga surgun etildi.
Yon tarafdan kimdir qaltis, omonsiz luqma tashladi:
— Siz-chi? Do‘stingizni himoya qilmadingizmi?
Hay’atda besaranjomlik boshlandi. Oldingi qatorlarga sipo kiyingan norg‘ul-norg‘ul yigitlar oralab qoldi. Ta’qibkorning shogirdlari.
Oqsoqol zarracha parvo qilmay so‘zida davom etdi: Mitrofan Grigorevichning matnida bu kabi g‘alamisona luqmalar nazarda tutilmagan, binobarin, ularga javob ham hozirlanmagan edi.
— Mana, nihoyat, jonajon partiya va hukumatimizning sovet adabiyotiga, e’jod ahliga cheksiz g‘amxo‘rligi tufayli Otashqalb shoirimizning pok nomi oqlandi, mana, bugun tantanavor yubileyi o‘tkazilmoqda. Biz bu kunni ellik yil, ya’ni yarim asrdan ko‘proq kutgan edik.
Yana bir «ekstremist»ning sabri chidamadi:
— Yolg‘on, kutganingiz yo‘q!
Hay’atdagilardan kimdir mikrofonni qattiq, tahdidkor ohangda tikillatib qo‘ydi. U yer-bu yerda sergak turgan norg‘ul yigitchalarning ko‘zi battar olazarak bo‘ldi. Oqsoqol desa degulik shoiri zamon barvasta qomatini minbardan ko‘tardi, tilla gardishli ko‘zoynagini qo‘liga olib, to‘lqinsimon oppoq sochini asabiy tarzda orqaga taroqladi. Chap yonog‘i g‘azabdan pir-pir uchardi. Galvars Mitrofan! Topgan gapini qarang! Nechevo! Bundan battar hujumlarni ko‘rganmiz. Ne-ne kurashlarda yengib chiqdik. Bu gal ham, kerak bo‘lsa, g‘alaba kilamiz!
Yo‘q, g‘alaba qilish oson emas ekan. Anjuman ahli bir xil toifa — nuqul haqiqattalablardan iborat demoq soddalik bo‘lardi. Luqmachilar orasida demokratiyani shior qilib, elning ko‘zida o‘zini har turli mag‘zavadan tozalab olmoqchi bo‘lganlari ham yo‘q emasdi.
— Otashqalb o‘zidan zo‘r shoirligi uchun Oqsoqol uni hasaddan qamatib yuborgan, degan gap yuradi, ayting-chi, shu to‘g‘rimi?
Oqsoqol batamom dovdirab qoddi. U hammasini kutgan, lekin bu qadar shafqatsiz hujumga tayyor emas edi. Qo‘lida titrayotgan ko‘zoynakni minbar peshtaxtasiga qo‘yib, ovoz kelgan tarafga tikildi. O‘rtaroqdagi qatordan chorpaxil bir bashara unga qarab tirjayib turardi.
Anovi! Hah, haromi ko‘rnamak! Shoirlik da’vosida yuradigan, ellikka yetib ham tozaroq biror narsa yozmagan bu yaramas mana shunday ma’rakabuzarligi bilan mashhur edi. Allaqayda yosh havaskorlar to‘garagini boshqargan bu «murabbiy» u yerda bir norasidani bulg‘ab qo‘yib, ko‘p sharmandalik bo‘lgan, bir to‘p shoir-yozuvchi uning tashkilotdan badarg‘a etilishini talab qilgan; ammo Oqsoqol, nodon Oqsoqol ko‘krak tutib shu murdorning himoyasiga chiqqan edi. Chunki uch-to‘rt kun oldin u yig‘lab, tavallo bilan Oqsoqolning huzuriga kelgan, «O‘zi buzuq ekan, ustoz, amakivachchasi buzib qo‘ygan ekan, uylan desangiz — uylanaman», deya ishni bosti-bosti qilishga ko‘maklashishni so‘ragan edi.
«Ustoz»ning ko‘ngli iyidi. Mayli, yigitchilik deb itlik qilib qo‘yibdi. Uylanmoqchi, aybini yuvmoqchi. U prokuraturaga oshirib-toshirib ijobiy tavsifnoma yozib berdi, jamoatchilikning g‘azabini pasaytirdi. Nega? Avvalo, anovi zamonlarni ko‘rgan odam, oxirat oldidan qo‘lni sal poklab olgani ma’qul, bu yog‘i endi bo‘lgan ish bo‘pti, juvonmarg bo‘lib ketmasin, dedi. Qolaversa, o‘zi boshliq boobro‘ tashkilotda bundoq sharmandalik sodir bo‘lgani elaro ovoza etilmog‘i ravo emas.
Bugun kelib ana shu yuvuqsiz… Xayriyat, odamlarda insof deganidan bor ekan. Oqsoqol tili tanglayiga yopishgudek muztar bir holatda qolganida u yer-bu yerdan uch-to‘rt odam turib, nobakorning tanobini tortib o‘rniga o‘tqazib qo‘ydi. Taajjubki, ularning deyarli bari Oqsoqol unchalik xushlamay yuradigan kishilar edi. Tavba, yaxshilik bilan yomonlikning chegarasi bormi o‘zi bu dunyoda?!
Shundan so‘ng Oqsoqol shoir «Mitrofanning qog‘ozi»ga qaramay, bunday mehribonliklar uchun jonajon partiya va hukumatiga, adabiyotning do‘sti va chinakam homiysi bo‘lmish «hammamiz uchun hurmatli zot» — Eng katta rahbarga ahli anjuman nomidan ko‘pdan ko‘p minnatdorlik izhor etmoqqa ijozat so‘radi. Anjuman ahli bahamjihat oyoqqa qalqib, gulduros qarsaklar bilan uning taklifini olqishladi. Bundan ruhlangan notiq so‘zini endi dadil davom ettirib, «hammamiz uchun hurmatli» Eng katta rahbar, ya’ni o‘zining qadrdon do‘sti muhim davlat ishlari bilan qattiq bandligi sababli, afsuski, bugungi anjumanda ishtirok eta olmayotganini aytib, ehtirom yuzasidan u kishiga hay’atdan faxriy o‘rin qoldirishni taklif qildi. Boyagi yakdil izdihom buni ham gurillab ma’qulladi. Majlis raisi keyin Eng katta rahbarning anjuman ahliga yo‘llagan tabriknomasi hamda hukumat qarorini o‘qib eshittirish uchun so‘zni mamnuniyat bilan Mafkuraxonimga berdi.
Mamnuniyat bilan Mafkuraxonga so‘z berishga berdi-yu, Oqsoqol shoir ichida g‘ijinib qo‘ydi: «Endi shu manjalaqi bizga katta!» Boyagi hijolatbozlik esiga tushib, xuddi o‘zi mulzam bo‘lgandek noqulaylik sezdi. Avvalambor, rosa tarang qilib, shuncha odamni sarg‘aytira-sarg‘aytira tashrif buyurdilar bu xonim. «Po‘sht-po‘sht» bilan kirgach esa, dam olish xonasida uzunchoq billurdan tamanno etib suv ho‘plarkanlar, «Qani, domlaning o‘zlari keldilarmi?» deb qolsa bo‘ladimi! Hamma bir-biriga qaragan, hamma xijolat. Sho‘x, hozirjavob madaniyat vaziri to‘qsonlarni qoralab qolgan, qulog‘i og‘ir keksa rassomni ro‘para qilib, vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldi. «Domlani taniyman, komsomolda ishlaganimda mani chizganlar, — dedi Mafkuraxonim yasama xushhollik bilan rassomga oppoq barmoqlarining uchini tutqazib.— Man yubilyarni so‘ravobman…» Yana hamma bir-biriga qaragan, yana hamma xijolat. «U kishi yetib kelolmadilar, — dedi kimdir orqaroqdan jasorat ko‘rsatib. — Uzoqdalar, hu-u Uzo-oq Sharqda».
Mafkuraxonim deganimiz asli komsomoldan yetishib chiqqan, keyinchalik talay yil poytaxt tumanlaridan birida partiya qo‘mitasiga yetakchilik qilgan, bir oz muddat madaniyat vaziri ham bo‘lgan, mana, olti oydirki, yangi egarga o‘rnashib, mafkura otining jilovini tutgan edi. Qirq besh yoshlar chamasidagi bu xotin so‘zga nihoyatda chechan, birpasda dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilgudek faol tashkilotchi, oqni qora, qorani oq deb isbotlamoqqa ayniqsa mohir edi. U tagi oqsuyak xo‘jalar avlodidan bo‘lib, markscha-lenincha ta’limotga azbaroyi mehri zo‘rligidan nasl-nasabini inkor etgan, o‘zi xushbichim, oqbadan, lekin yupqa lablari har qanaqa odamni chimdishga shaygina ayol ediki, mansab pillapoyalaridan yengil-engil hatlab o‘tishiga va nihoyat muhim bir jabhaning quloqboshiga mahkam o‘rnashuviga ana shu sifatlari ham tirgovuch bo‘lgan edi.
Otashqalb shoirning nomi oqlanishi munosabati bilan Eng katta rahbar adabiyot ahliga yo‘llagan qutlov maktubini Mafkuraxonim tutila-tutila, so‘zlarini chaynab, zo‘rg‘a o‘qib bera boshladi. U «ikkinchi ona tili»ga rosa usta edi, agar manovini birortasi o‘shanga o‘girib berganida, turli-tuman minbarlarda sayrayverib alohida bir jarang va qat’iyat kasb etib ketgan qayroqi ovoziga latofatli ayollargagina xos istig‘noli bir ohangdan tegishicha omuxta etib, sharillatib tashlardi-ya, nachoraki, zamon bugun o‘zgacha!
Moskovu Leningradlarda ta’lim olgan Mafkuraxonim ona tiliga xiyla no‘noq, ammo bundan sira koyinmas, qaytaga shunisini fazilat deb bilar edi. Aytishlaricha, ona tili deb kuyinib yurgan uch-to‘rt yoshu bebosh ziyolini «partgilami»ga chaqirib g‘oyaviy-siyosiy jihatdan saboq berganida u ana shu afzalligini aytib, maktabda o‘zbekcha o‘qigan opasining bugun uy-ro‘zg‘orga o‘ralashib uyda o‘tirib qolganiyu o‘zining mana bundoq yuksak martabalarga erishganini misol keltirib g‘ururlangan, husn hamda antiqa kiyinish, shuningdek, boshqa sho‘xliklar bobida shaharda dong taratgan past-baland ikki qizining sira o‘zbekcha gapirmasligini shoyon mamnuniyat bilan maqtagan.
Lekin hozir bor-yo‘g‘i bir betlik matnni o‘kib berish asnosida o‘sha manmanligu begonaparastligi burnidan buloq bo‘lmoqda edi. Buni matnning asl muallifi, huv burchakda biqinib o‘tirgan Zahmatkash adabiyotshunos ayniqsa qattiq his etmoqda, Mafkuraxonim oddiygina so‘zlarni ham ming bir azob bilan talaffuzga solayotganini ko‘rib undan battar qiynalmoqda, «qilgan noma’qulchiligi» uchun xijolat chekmoqda edi. Kechagina o‘zi yozib bergan gaplarni u hozir boshqa kishining og‘zidan eshitib, xayolan solishtirarkan, matnga talay tahriru tuzatishlar kiritilganini sezdi. Avvalo, o‘rinli-o‘rinsiz «sovet» so‘zi qo‘shilgan edi: «yosh sovet shoiri», «boy sovet voqeligi», «sovet lirik she’riyati». Otashqalb shoir «sovet tuzumini tinmay ulug‘lagan», «shonli o‘ttizinchi yillarning qahramonona zafarlarini tarannum etgan» emish! Unda nega qamaldi, nega «xalq dushmani» deb qoralandi?
Mafkuraxonim shoir nomini abadiylashtirish haqidagi hukumat qarorini e’lon qilganida Zahmatkash adabiyotshunosning yana boshi qotdi. Nuqul jinnixonayu tanosil kasalliklari shifoxonasi joylashgan kalta-kulta ko‘chalar, shoirning biror satrini bilmaydigan, hatto bilishdan or kiladigan begona qavm istiqomat etadigan bir tupkaning tagidagi xarob mavze… Tiriklarga baribir oson ekan, tiriklar beshafqat ekan, o‘liklarga qiyin, o‘liklar chorasiz, ular o‘zini himoya qilolmaydi.
Mafkuraxonim og‘ir, mas’uliyatli vazifani boshidan soqit qilib joyiga qaytar ekan, orqadan kimdir kelib unga kursi to‘g‘rilab turdi, majlis raisi — Oqsoqol shoir boshchiligida yon-veridagilar «qotirdingiz» degandek yaltoqilarcha jilmayib qo‘l siqib qo‘yishdi. «Opa» ulug‘larga xos nazokat va vazminlik bilan joyiga o‘rnasharkan, oldingi qatorda o‘tirib bor kuchi bilan chapak chalayotganlar orasidan kimdir ko‘ziga issiq ko‘rindi. Bir zum tikilib qaradi-yu, o‘zini tanimaganga urib ko‘zini boshqa yoqqa oldi.
O‘sha, Tepakal, sevimli kal! Bu yerda nima kilib yuribdi? Qayoqdan paydo bo‘ldi? Huv yoqdan chiqib kelibdi-da. O‘shandan beri uchrashishmagan edi. Ye buyam she’riyat muxlisimikan? Yo‘q, bu boshqa narsaning muxlisi! (Balki, bir zamonlar vatandoshlari kavlab ketgan go‘rning bugun nima bo‘lganini tomosha qilgani kelgandir?)
Mafkuraxonim Moskov tahsilidan endigina qaytib komsomol markazqo‘mida gurillab yurgan kezlari jingalak sochi old tarafdan siyrak torta boshlagan bu olako‘z yigitcha shahar tumanlaridan birida bor-yo‘g‘i yo‘rikchi bo‘lib ishlardi. Familiyasidagi kavkazcha qo‘shimchani o‘z vaqtida o‘zgartirib, o‘zbekchaga yaqinlashtirib olgan, osmondagi yulduzni ham undirmoqqa shay turadigan bu uddaburon shovvoz «ulug‘ poytaxt» sari qilingan navbatdagi komsomolcha jamoaviy safardan so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri markazqo‘mga ishga olindi — hojatbarorligi bilan bir ko‘ngilga mahkam o‘rnashgan edi.
Shahardagi tumanlardan biriga «opaxon» bo‘lib ko‘tarilgach, Mafkuraxonim uni o‘ziga ikkinchi kotib qilib olib keldi. Qarasa, gap-so‘z ko‘payadigan, qolaversa, uncha-muncha joyga birga borib bo‘lmaydi (kimdir qolishi kerak-da ish boshida), shunda kadr tanlashdagi mahoratini namoyish etib, uni shartta tumandagi kattakon oziq-ovqat trestiga boshliq qilib qo‘ydi. Six ham kuymaydi, kabob ham. Ham qozon moy, ham cho‘mich. U kezlardagi sevikli Tepakali (endi u rasmona kalga aylangan, lekin har jihatdan har qanaqa jingalaksochidan afzal edi) bilan o‘tgan shirin damlarni — birgalikda «ulug‘ poytaxt»ga safarlar, birgaliqda Qora dengiz sohillariga istirohatga borishlarni eslab, Mafkuraxonim gohida bugungi bor mansabu martabasini o‘shandagi ayrim laziz daqiqalarga almashtirib yuborishga tayyor sezadi o‘zini. Ha, boshqalar uning o‘rnini bosolmadi — u o‘lgur hamma qiladigan ishning teskarisini qilardi-da!
Mafkuraxonim peshonasini silagan bo‘lib barmoqlari orasidan yana o‘sha yoqqa qaradi. O‘sha-o‘sha, sira o‘zgarmagan, sadoqatini isbotlamoqqa har dam tayyordek komil ixlos bilan ko‘z uzmay tikilib turibdi. Madaniyat vazirligiga ishga o‘tganidan keyin aloqalari sal susaygandek bo‘lib yurdi. Bu orada pushtipanohsiz qolibmi, o‘zboshimchalikka berilibmi, Tepakal allaqanday savdo o‘yiniga aralashib, qamalib ketdi. Bir tarafdan Mafkuraxonimning madad qo‘li qisqalik qilgan bo‘lsa, bir tarafdan u o‘sha qisqa qo‘lini ham uzatgisi kelmadi — Tepakal so‘nggi vaqtlarda yosh-yoshlarini topib daf bo‘lib ketadigan odat chiqargan edi. Zamon keskin o‘zgarib, ne-ne qurbonliklar evaziga qo‘lga kirgan mansabu martaba bor vujudni qamrab, butkul safarbarlik talab qilib turgan nozik pallada bir zamonlardagi sevikli Tepakali, mana, tag‘in oldidan chiqib qoldi. Bu yerga nimaga kelibdi u? Qayoqdan is oldi ekan? Yoki yana biror baloga yo‘liqib, yordam so‘ramokchimi? Balki… balki… Shu tobda Mafkuraxonimni egallab turgan mansabu martabasi, ayniqsa, mana bu kabi tantanavor anjumanlar ruhidan yiroq, unutilayozgan asov bir hayajon chulg‘adi.
Shoirning hayoti va ijodi haqida ma’ruza qilish uchun so‘z Ajoyib domlaga berildi. Bu odam juda ko‘hna, yarim asr burun juvonmarg ketib, mana, bugun xotirlanayotgan Otashqalbning o‘zidan ham bir necha yosh katta, ko‘p qirg‘inlarni ko‘rgan, hammasiga chap berib omon qolgan, ya’ni — kelgan baloga boshqani ro‘para qilib, panasida jon saqlagan, zamon har aylanganda shamolning yelparragi qay tarafga yo‘nalganini ilg‘orlar qatori ilg‘ab, o‘sha tarafga bayroq ko‘tarib yugurgan, o‘zining bu turlanish-tuslanishlariga ilmiy va siyosiy asoslari hamisha tayyor, benihoya makkor va maddoh bir zot edi.
— Azizlar, bir lahzagina tasavvur qiling-a, — deb boshladi u so‘zini odatdagicha suxandonlik va chechanlik bilan, — qani edi, ul ajoyib Otashqalb, isyondil shoirimiz bir damgina tirilib kelib, mana shu muazzam qasri oliyda bazmi nafis qurmoqda bo‘lgan sizu bizning ko‘ngillarimizni, ko‘ngillarimiz barobari davramiz to‘rini-da to‘ldirib o‘ltirsalar, ofarinu tasannolarga ko‘milib davron sursalar ne baxtu saodat bo‘lur edi!..
Bu yaltiroq so‘zlar tizimidan sehrlangan gustohroq kimdir nihoyatda ulug‘ bir gap aytildi, deb o‘yladi shekilli, qo‘qqisdan chapak chalib yubordi, boshqalar ham bilib-bilmay qo‘shildi. Xayoli anovi yoqlarga og‘ib o‘tirgan Mafkuraxonimning beixtiyor bunga jo‘r bo‘lganini ko‘rib, hay’atdagi jami kazo-kazo chapakni qo‘llamoqqa majbur qoldi. Bundan ruhlangan ma’ruzachi battar jo‘shdi, battar ko‘pirdi.
Darvoqe, aytilgan gap ijobat topib, mo‘jiza ro‘y bersayu Otashqalb shoir bir lahzagina tirilib kelsa, xuddi minbardagi bulbuligo‘yoning giribonidan olardi: «Sen haliyam bormisan? Sen haliyam o‘lmadingmi?» Bu holni ko‘rib hay’atda o‘tirgan uch-to‘rt zot, pastdan ham ikki-uch odam juftakni rostlab qolishi muqarrar edi. Qochqinlar to‘dasining yetakchisi, hech shubhasiz, Oqsoqol shoirimiz bo‘lardi. Negaki, Otashqalbning hayoti va ijodi haqida mohirona to‘qilgan, keyinchalik kitobu darsliklardan, demakki, kechagi va bugungi g‘ofil avlod ongidan joy olgan silliq, sipo mazmundagi shirin-shakar afsonaning muallifi shular edi. Keling, ana shu afsonani birgalikda tinglaylik.
— O‘shanda, shak-shubha yo‘qki, yubilyarimizning o‘ng tarafidan adabiyotimizning ulkan yalovbardorlaridan biri bo‘lmish uning yoshlik do‘sti, sodiq safdoshi, ajoyib inson va rahbar, benihoya muhtaram ustoz — Oqsoqol shoirimiz o‘rin olgan bo‘lur edilar. Voqean, kelgusi haftaning xuddi shu kuni xuddi mana shu maskanda ajoyib do‘stimizning ham tavallud tantanalari nishonlangusi. Marhamat aylagaysiz, azizlar!
Oqsoqol shoir davrdoshu davradosh oshnasinint odatiy ta’rif-tavsiflaridan bu gal negadir g‘ijinib, xijolat tortib o‘tirardi. Tavba, bugun ko‘p narsa ko‘ziga omonat, uydirmadek ko‘rinayotir. Manovi maddoxning bema’ni, ko‘piknamo gaplarini qarang! Shularning orasida rostlari ham bormi? Bor. Ular chindan ham Otashqalb bilan Samarqandda birga o‘qigan, Abram xiyobonidagi bir yahudiy «amak»ning ovrupocha jihozlangan navrasm uyida birga ijara turgan, bir satrini u, bir satrini bu to‘qib birga shiru shakar she’rlar yozgan, hatto ilk to‘plamlari birga nashr etilgan, xullas, haqiqatan ham jonajon do‘st, o‘rtoq edilar. Xo‘sh, ana shunday havas qilarli birodarlikning barbod bo‘li-shiga kim sabab? Uni buzmoq qasdida dastavval bolta ko‘targan kim, nifoq solgan kim? Kim yo nima bu ikki ajralmas do‘stni qattol yovga, dushmanga aylan-tirdi? Adabiy afsonaga kirmay qolgan hayotlarining bu bo‘lagidagi yolg‘onlar nimalardan iborat?
Anovi tolmas safsataboz zavq-shavq bilan davom etardi:
— Shoirimizning chap yonida, yurakka yaqin tomonda, tabiiyki, uning sevikli rafiqasi, o‘zi ta’rif etmish «muhabbat guli» — Ma’shuqaxonim o‘tirgan bo‘lur edilar.
Oqsoqolning battar peshonasi tirishdi: he, o‘l-a, befarosat! Bunisining nima keragi bor ekan endi?
— Qani, muhtarama Ma’shuqaxonim, lutfan o‘rningizdan turib elga bir ko‘rinish berib qo‘ysangiz.
Oldingi qatordan umri pardoz-andoz deb o‘tgan, sochi hamon qop-qora (bo‘yalgan), yoshligida o‘lgudek shayton, jikilloq bo‘lgani ayon ko‘rinib turgan chittak bir kampir joyidan turib, uzoq-yaqinga allanechuk zavq va hafsala bilan rosa ta’zim qilib chiqdi. Oqsoqol ko‘zoynagini rostlab o‘sha tomonga tikildi. Iya, kepti-da? Hali tirik ekan-da? O‘lmaydi bu! Umr bo‘yi shu yolg‘onga o‘ziniyam, o‘zganiyam ishontirib keldi-ya, tavba! Anovi maddoh aytgandek, Otashqalb tirilib kelsa, xudo haqqi, bu jodugarni tanimagan ham bo‘lardi. Toshkentga ko‘chib kelganimizda Jukovskiy ko‘chasidagi hovliga bir-ikki marta o‘zi suykalib borgan edi. Ochiq yotgan qozonni kim yalamaydi, deydilar. Ayniqsa, Otashqalbga o‘xshagan sho‘x, olov yigit! Kayf-payf bilan bir-ikki bor quchoqlagan bo‘lsa bordir. Lekin, zinhor-bazinhor, bu shilqimxonga ko‘ngil qo‘ygan emas. Ko‘ngil qo‘yganlari boshqa edi, boshqalar edi. Uni, mana, biz bilamiz. (Bilmaylar ketaylik, iloyim!) O‘ziyam she’r yozarmidi, yalla aytarmidi, ishqilib, shu doiralarda izg‘ib yuradigan bu xonimning o‘sha kezlardayoq ohori ketib bo‘lgan, uni o‘pmagan, quchoqlamagan shoiru shuaro kam edi. Otashqalb shulardan biri, bittaginasi edi, xolos.
U sovuq o‘lkalarga ketib qolgach, ko‘pdan ortgan bu sarqit xonim opera aytadigan bir artistgami, undan chiqib allaqanday o‘ris polkovnikkami, yana allakimlarga tegib yurdi. O‘sha kezlarda birov Otashqalbning nomini tilga olsa, artistonasiga qiyshanglab, «Voy, kim edi u?» demog‘i turgan gap edi.
Elliginchi yillar qaytishida — Otashqalb oqla-nib, nomi tilga tusha boshlagan chog‘larda bir kuni uni yo‘qlab yozuvchilar idorasiga kelgani Oqsoqolning yodida. Ertasi kunimidi, Otashqalbga bag‘ishlab kecha o‘tkazilganda minbarda paydo bo‘lib, ko‘zlariga tupuk surtib, o‘zini marhum shoirning ma’shuqasi deb e’lon qilib yubordi, u tufayli chekkan jabru jafolarini sanay ketdi. O‘sha vaqtda tashkilotga endigina rahbar bo‘lgan Oqsoqol bu yangiliqdan dong qotib qoldi-yu, biroq og‘iz ochib churq etmadi. Makkor xonim uni al-laqachon qo‘lga olib qo‘ygan edi.
Qirqinchi yillarning oxirida ular tasodifan Moskovda uchrashib qolib (Ma’shuqaxonimning polkovnik eri u yerda harbiy akademiyada o‘qirdi), musofirchiliqda bir-birlarining ko‘nglini xo‘b ovlashgan. O‘shanda bu xotin Otashqalbning nomini ham tutmagan, hatto bir og‘iz eslamagan. Rahbar shoir hozir uni minbardan quvib, sharmandasini chiqarsa ham bo‘lardi-yu, ana shu andisha til-jag‘ini bog‘lab turar — bu makkora allaqachon Alvastixonim (xotini) bilan-da til topishib, dugona bo‘lib olgan edi. Bilib turardiki, so‘z aytib uni fosh qilgudek bo‘lsa, o‘zining sharmandasi chiqadi, sharmandasi ham gapmi, butun rahbarlik, shoirlik hayoti barbod bo‘ladi, Bu manjalaqi minbardan tushmayoq, huv bir zamonlar oralarida kechgan siru savdoni elga oshkor etib, so‘ngra uni oshira-toshira dugonasi Alvastixonimga yetkazishdan ham toymaydi. Alvastixonim esa, o‘zining qora qilmishlaridan kimsa-si bexabardek, rahbar shoirning sovet oilasini buzishga qaratilgan bu axloqsizliklarini zumda tegishli joyga yetkazadi. Qarabsizki!..
Oddiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida bu shallaqi hech narsadan qaytmasligi aniq, negaki yo‘qotadigan narsasi yo‘q: operachi ketgan, polkovnik ketgan, keyingilari ham birin-ketin tashlab ketayotir. Bu dunyoda nima qoladi — nom qoladi, shon-shuhrat qoladi! Unga erishmoq uchun esa, nomus-ku nomus, jondan-da kechsa arziydi.
Mana, maqsadiga yetdi: mashhur Otashqalbning sevikli Ma’shuqasi nomini oldi, ijodiy tashkilotda kutubxonachimi bo‘lib ishga joylashdi (rahbar shoirning o‘lgisi kelibdimi, olmay ko‘rsin-chi!), sekin-asta adabiyotning mo‘tabar onaxonu enagalaridan, muhtaram yangamullolaridan biriga aylandi. Endi bu kabi adabiy yig‘inlar u kishisiz, u kishining marokdi xotiralarisiz o‘tmaydi. («Oh, u meni qandoq sevardi, Ma’shuqabegim deya yeru ko‘kka ishonmasdi!») Bu holga boshqalar, eng qizig‘i, uning o‘zi ham allaqachon ko‘nikkan, ko‘paylashib to‘qilgan anovi afsonaga ishonib ketgan, ishonish ham gaggmi, uni yangi-yangi tafsilotlar bilan boyitganki, bularsiz endi ul shirin afsona ham, uning boshqa mualliflari hayoti ham shoyon kemtikdir.
—…«She’riyat nadur?» maqolasi biz, adabiyotshunos-lar uchun hali-hamon bebaho qo‘llanmadir… Otashqalbning shoirlik guvohnomasiga aylanib ketgan «Sen-sen» she’rini o‘qimagan she’rxon, uning qo‘shig‘ini eshitmagan san’at shinavandasi topilmasa kerak, — deya og‘zidan bol tomib sayrardi Ajoyib domla. — Ammo ana shu noyob e’jod mahsuli kimga bag‘ishlanganini hamma ham bilmasa kerak. Marhabo, Ma’shuqaxonim!
Ma’shuqaxonim yana turib o‘zini ko‘z-ko‘z qildi.
O‘l-a, dedi ichida Oqsoqol shoir, bet degan narsa qolmabdi bunda. Endi bu tasqaraning tovusdek tovlanmoqchi bo‘lib qiltillashini qarang! Erta-indin o‘laman deyapti-yu, hamon bir nimadan umidvor. Jilla-qursa, she’rdagi «Ul moviy ko‘zlaring so‘zlar» satrini bilmasmikan, eslamasmikan bu donolar? (Oqsoqol shoir Otashqalbning hamma she’rini yoddan bilar, ashaddiy raqibga aylanib, u xalq dushmani bo‘lib unutilib ketganda ham unutmagan, deyarli har bir satrining tarixidan xabardor, zero o‘sha tarix, o‘sha kechmishlar o‘zining ham tarixi, o‘zining ham kechmishi edi.) Ma’shuqaxonimni eng zo‘r zarrabinga solib qaraganda ham ko‘zi moviy emasligi ayon. Nahotki, shuni farqlamoq uchun ham odamzod fan do‘ktiri bo‘lishi kerak, tavba! Yoki bu tannozning ko‘zi yoshligida moviy bo‘lib, «sevikli yori» — Otashqalbning firoqida kuya-kuya qorayib qolganmikan? Afsona. Buniyam boyagi go‘zal afsonaga qo‘shib yuborishlari hech gap emas. Chini qayda, yolg‘oni qayda — topib bo‘lmasa!
Moviyko‘z dilbar… Ana, o‘tiribdi. Ma’shuqaxonimning biqinida. Basharasi burishib, bujmayib ketgan, bir zamonlar Otashqalbni entiktirgan moviy ko‘zlar endi xira tortib, tussiz bo‘lib qolgan. Alvasti! Saksonga kirganda ham buni e’tirof etish erga, erkak kishiga og‘ir, albatta. Lekin umr oxirlaganda, ayniqsa, mana bunday qiyomatli ruh oldida, haqiqat oldida yolg‘iz qolganda borini xolisanlillo bo‘yinga olmoq farz: ikki do‘stning birodarligiga g‘animlik ponasini urgan, ularni qon-qattol raqibga aylantirgan mana shu dovdir go‘zal, mana shu Alvasti emasmi?!
Bu iqror endi kelayotgani yo‘q, Oqsoqol shoir qariyb ellik yildirki, shu narsa esiga tushsa, eziladi, o‘rtaniblar ketadi, noiloj o‘zini boshqa xayollarga uradi, o‘zini oqlamoqqa dalilu isbotlar qidiradi. Yeshlik edi, qon qaynab-ko‘pirib turgan davr, Moviyko‘zni Otashqalbdan rashk qilgani, qizg‘angani rost, bunga asosi ham. bor. Bu so‘qir tuyg‘u uni do‘stga xiyonatga undadi, shu yo‘l bilan undan ham o‘ch olmoq bo‘ldi, ham she’riyat musobaqasidash ojizligini g‘ayirlik bilan niqoblamoqchi bo‘ldi. Shu tariqa xiyonat ko‘chasiga kirildi, hayot-mamot xiyonati. Bu ko‘chaga bir marotaba kirgan odam qaytib Chiqmog‘i dushvor, ixtiyorida bir-gina imkon qoladi — ana shu ko‘cha bo‘ylab ichkarilash, ichkarilash, vassalom!
Bu telba ishqning istiqbolsizligini unisi ham, bunisi ham bilardi. Ammo unisi ham, bunisi ham yosh edi, mag‘rur edi. Unisi ham, bunisi ham o‘sha kezlar Moviyko‘zdan ajralishni jondan ayrilish deb hisoblardi. Bir tomon unga egalik qila boshlagach, ikkinchi tomonning ishqibozdigini kechirib bo‘lmay qoldi. Uchinchi tomonning «ochiq yotgan qozon» ekanligi hisobga olinmadi. Bu qozonning tubida og‘u borligini na u taraf, na bu taraf ko‘ra bildi. Yoshlik — g‘o‘rlik ekani, ko‘rlik ekani umr bir joyga borganda anglab yetiladi. Oqsoqol shoir buni xiyla erta fahmladi, ammo endi baribir kech edi: do‘st boy berilgan, iymon lat yegan, she’riyat zamon xizmatiga solingan edi. To‘ng‘iz go‘shti bilan voyaga yetgan Moviyko‘z dilbarga rashk tuyg‘usi, or-nomus tuyg‘usi yot ekanini, «ochiq yotgan» bu beminnat qozonni keyin ham ko‘plar yalaganini u sezgan, azob-iztiroblar olovida qovurilgan, bu ko‘chadan chiqishga ko‘p bora ahd qilgan, biroq undan chiqish jahannam tubiga ixtiyoriy tarzda qulash bilan barobar edi. Moviyko‘zdan ajralish mansab-martabadan ajralish, o‘tmish-kelajakdan judo bo‘lish bilan barobar edi. Hayot-mamot savdosi edi bu. Ixtiyoriy ravishda, istab-intilib erishilgan jahannam edi bu!
«Tikanlar ichra balqqan ul muhabbatning guli sen-sen!» Hozir koshona peshtoqida hilpirab turgan al-vondan tortib qo‘llardagi taklifnomagacha bitilgan shu satrlar aslida kimga atab yozilganini bu yerda yolg‘iz Oqsoqol shoir biladi, yo‘q-yo‘q, tag‘in bir odam — Moviyko‘zning o‘zi ham…
Moviyko‘z dilbar… Otashqalb tirilib kelib bugun uni ko‘rsa… Oqsoqol shunga aminki (sobiq do‘stining shiddat-shijoati shunday demoqqa asos beradi), uni ko‘rsa, muqarrar, dod deb qochardi, xuddi qaytib o‘lardi!
Bundan ko‘p yillar burun, Otashqalb endigina oqlangan kezlar Moviyko‘z (allaqachon Alvastixonimga aylanib ulgurgan edi) makkoralarga xos bir shafqatsizlik bilan o‘smoqchilab so‘ragan: «Menga bag‘ishlangan she’ri bor, deb eshitaman, shu rostmi?» Oqsoqol o‘shanda o‘zini sovuqqon tutib, «Bo‘lsa bordir, men bilmadim», deb qo‘ygan, ammo botinan titrab ketgan: «Demak, yana kimdir biladi. Kim u?»
Otashqalb o‘z qatliga o‘zi hukm chiqargan anovi satrlardagi «muhabbat guli» kim? «Tikanlar» deganda kim yo nima nazarda tutilgan? Bundan og‘ir savollar bormi? Bir shoirni sovuq o‘lkalarga surgun qilib, chiritib yubormoqqa shuning o‘zi kifoya emasmi? Dovdirlikni niqob etgan Moviyko‘z dilbar o‘ziga atalgan bu satrlarni muallifning o‘z og‘zidan (qayerda, qay vaziyat, qay holatdaligi bandasiga qorong‘i — bunisi bir xudoyu bir dilbargagina ayon bo‘lsa kerak) eshitmagan va tegishli joyga borib uni sof o‘zbek tilida o‘qib bermagan deb kimga ayta oladi?! Sirtdan merovroq ko‘rinadigan Moviyko‘zning aslida kim ekanini, she’riyat muxlisi sifatida adabiy davralarda to‘satdan paydo bo‘lib, ikki do‘stga birday «ko‘ngil bergani»yu ikkalasini ham ko‘yida birday «jinni» qilgani, so‘ng u bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan o‘sha do‘stlardan biri bu mudhish sinoatdan ko‘p yillar o‘tibgina tasodifan xabar topganiyu bilib-bilmay unga qurol bo‘lganini anglab yetgach esa, biron bir nimani o‘zgartirmoqqa nochor qolganlari-chi!..
Chizmayu loyihasi birovlar qo‘lidagi, yolg‘on asosga qurilgan bunday hayotga la’natlar bo‘lsin! Endi bu imoratning biror g‘ishtiga teginib bo‘lmaydi — tekkaningiz zahoti bor bo‘yi bilan to‘kilib tushadi. Boya anjumanni ochayotib so‘zlagan Oqsoqol gapida nima rostu nima yolg‘onligini bilmasmidi? Bilganda qandoq! Lekin yolg‘on gapirdi — boshqacha gapirolmardi, bosh-qacha gapirmoqqa haqqi yo‘q edi. Hali aytilgan afsona mualliflari go‘yo bir joyga yig‘ilib o‘zaro qasam bergan, uydirmalar zanjirini hech qachon uzmaslikka ont ichgan!
Qani, eshitaylik-chi, anovi maddoh yana nimalar deb sayrayapti?
— Bu safga men ajoyib singlimiz, Otashqalb shoirimizning jondek jigari, uning hayoti va e’jodini mehnatkash xalqimizga yetkazishdek mashaqqatli ishda zo‘r g‘ayrat namunasini ko‘rsatgan latofatli va nazokatli Jiyanbekani qo‘shgan bo‘lur edim.
Hay’at stolining etakrog‘ida o‘tirgan ko‘hlikkina, ma’ruzachi bilib aytgan «latofatli va nazokatli» Jiyanbeka istig‘no bilan bir to‘lg‘anib qo‘ydi: e’tiboringiz uchun tashakkur, bizga hali gal keladi, o‘shanda ko‘rasiz!
— Vanihoyat, — dedi Ajoyib domla jo‘shib, — Otashqalb shoirimizning safdoshi bo‘lmish kaminai kamtarinni-da ushbu safga qo‘shmoqqa jur’at qilgali ruxsat etgaysiz, muhtaram ahli anjuman!
Otashqalb tirilib kelsa, yo ikkinchi, yo uchinchi navbatda mana shu odamning yoqasiga yopishmog‘i kerak. Qay bir go‘rlarda saqlanayotgandir, uning ijodidagi millatchilik, istiqlolga intilish ohanglari to‘g‘risidagi chaquvning hammuallifi xuddi mana shu maddoh! Ajabki, Otashqalbning nomi oqlanayotganda dastlabki ijobiy taqriz — tavsifnoma ham aynan shu qo‘l bilan yozildi. Mazkur zid hujjatlarning bo‘lg‘usi tad-qiqotchilari bu g‘alatliqdan hayratlarga tushmaslarmi? Barcha aybni zamonga yuklaganda «munofiklik» tushunchasini ham lug‘atlardan o‘chirib yubormoqqa qudratlari yetarmikan? Shunda bu sharmandali holdan lug‘atlarga o‘t tutashib, yerlar yorilmasmi?!
— O‘shal, biz hozir xayolan faraz etayotgan hay’atni, tabiiyki, adabiyotimiz va san’atimizning yaqin do‘sti, homiysi, lobar opaxonimiz Mafkuraxonim boshqargan bo‘lur edilar!
Bu gapga suyuq-siyrakkina chapak bo‘ldi. Sevikli Tepakalga qaray-qaray shirin xotiralar og‘ushida o‘tirgan Mafkuraxonimning o‘zi bu lutfga «rahmat» degandek mamnuniyat bilan bosh irg‘adi-yu, mohiyatni kechroq anglab, minbardagi notiqqa yuzlanib bosh chayqadi: xato, siyosiy kaltabinlik! So‘ngra shosha-pisha Oqsoqol shoirdan bu kaltabinning nomini (opaxon bunaqa do‘ppi-po‘ppi kiyib yuradigan arboblarni yaxshi tanimasdi) so‘rab olib, «Maddoh aka, hov Maddoh aka!» deb chaqirdi va ko‘rsatgich barmog‘ini tepaga nuqib ishora qiddi; bu harakat ham «birinchi» ma’nosini, ham «eng yuqori» degan mazmunni ifodalardi.
Diydiyo ohangiga tushib ketib, mazmun-mohiyatni allaqachon xayolidan soqit qilgan ma’ruzachi birdan sergak tortib, lekin imo-ishoraning fahmiga bormay olazarak bo‘lib qoldi.
«Eng kattamiz, eng kattamiz!» deya jonholatda ship-shidi majlisga mas’ul Oqsoqol shoir xatarning oldini olmoq bo‘lib.
— Kattamiz? Kattamiz…
— Eng, eng!
— Ha-ha, albatta. Kattamiz, eng kattamiz ham-da, axir! — dedi Ajoyib domla nafasi ichiga tiqilib, yo‘l qo‘ygan qaltis xatosini to‘g‘rilarkan. — Men u kishining muborak nomlarini alohida ta’kidlab aytmoqchi edim.
«Alohida ta’kidlamoqchi emishlar! He, shoir bo‘lmay o‘llaring! — dedi Mafkuraxonim ichida bularni xo-tinchasiga qarg‘ab. — Siyosiy chutyo degani yo‘g‘-a! Xudo bir saqladi. Iya, xudo yo‘q-ku! Yo‘q, yo‘q, xudo yo‘q!»
Ajoyib domla xayoliy hay’atini shu tariqa «eng kattamiz» bilan yakunladi. Shu tobda haqiqiy hay’atda o‘tirganlar birdan «Biz-chi, biz-chi?» degandek mun-g‘ayib qarashdi. Ro‘yxat «eng kattamiz» bilan tugagandan keyin unga, ma’lumki, hech narsa qo‘shib bo‘lmasdi.
— Otashqalb shoirning ona yurtdagi hayoti va e’jodi, o‘ilaymanki, bu yerdagi har bir adabiyot muhibiga ma’lumu mashhurdir. Shu bois u-haqda so‘zlab qimmatli vaqtingizni band etmoqchi emasman, — dedi ko‘p keraksiz gapni gapirib allaqachon hammani zeriktirgan, ayniqsa, esli-ziyrak odamlarning ensasini qotirib bo‘lgan ma’ruzachi. — Ammo, shoirimizning u yoqdagi, ya’ni sovuq va rutubat o‘lkalardagi azobu mashaqqatlarga boy, shu bilan birga sermazmun hayoti, aminmanki, ko‘pchilikka ayon emas. Ruxsat etsangiz, azizlar, shu xususda kamina sizlarga andak ma’lumot bersam, zero bu gaplar hali ko‘pchilikka notanish yangiliklardir. Xabaringiz bor, bundan bir-bir yarim oy muqaddam ajoyib singlimiz Jiyanbeka boshchiligida bir guruh shoir va adabiyotshunoslarimiz o‘shal olis o‘lkalarga safar qilib qaytdilar. Ular orasida mafkura bo‘limining Mas’ul xodimi hamda Zahmatkash adabiyotshunosimiz va boshqalar bor edi, — deya notiq majburiy nomlarni aytdi-yu, xushlamaganlarini tilga olmay ketdi. — O‘shalardan eshitganimni sizlarga so‘ylab bersam…
Pastdan «Borganlar gapirsin, borganlarning o‘zidan eshitaylik!» degan talablar chiqdi. Ajoyib domla xuddi qulog‘i tom bitgandek beparvo, so‘zini davom ettirdi — bunday luqmalarga parvo qilib yashaganida u allaqachon o‘lib ketgan bo‘lardi.
U eshitgan bir og‘iz gapiga, odaticha, o‘zidan o‘n og‘iz qo‘shib-chatib, ko‘pirtirib, Otashqalbning u yoqdagi hayotini odam beixtiyor havas qiladigan shirin bir afsonaga aylantirib, tinglovchilarni allalagudek rom aylab, mahorat bilan so‘zlarkan, Oqsoqol daf’atan o‘kinib ketdi. O‘ylab ko‘rsa, nomiga mudom har xil sifatlar tirkab aytilgan-u, hech qachon oddiygina, lekin mohiYatini ifoda etib «shoir» deb atalmagan ekan. Qachon qaramang — «zamon kuychisi», «davr jarchisi», «zafarlar bulbuli», «serzavq shoir», «rahbar shoir», «atoqli shoir», «otaxon shoir», «shoiri zamon», mana, bugun esa — «oqsoqol shoir». Shu tobda u hech bir sifat-pifatsiz, oddiygana «shoir» atalmoqni, aniq-roq aytganda, xor-zorlikda o‘lib ketgan, ammo shoir degan chinakam nomi qolgan Otashqalbning o‘rnida bo‘lmoqni shu qadar istardiki!.. Mayli, «xalq dushmani» atalib sovuq o‘lkalarga quvilsin edi, mayli, azob-uqubatlarga uchrab o‘sha yoqda yosh o‘lib ketsin edi, mayli. Nihoyat, bir kuni kelib mana bunday oqlanardi, nomi shon-sharafga burkanardi! Axir, umr bo‘yi titrab-qaqshab, yolg‘onlarkqurshovida umrguzaronlik qilgandan ko‘ra…
Ammo bu o‘tkinchi, muvaqqat bir holat edi, xolos.
Ajoyib domlaning zavq-shavqqa to‘lib hikoya qilishicha, Otashqalb olis o‘lkalarda surgunda yurarkan, bir daqiqa bo‘lsin ijodini to‘xtatmagan. Kechayu qunduz o‘tirib yozgani yozgan ekan. (Surgun emas, ijodiy ta’til bo‘l-a!) Bir qancha she’ru dostonlar, hatto «Mahbus» degan nazmiy roman ham yaratgan. Lekin, afsuski, bularning birortasi saqlanib qolmagan, chunki shoir yozib tugatar-tugatmas, nazoratchi ma’murlar uni shartta tortib olib, o‘sha zahoti yoqib tashlashar ekan.
Qo‘lyozma yoqishdan charchagan ma’murlar, nihoyat, shoirning ikki qo‘lini bir-biriga bog‘lab-chandib qo‘yadigan bo‘lishibdi. Nochor qolgan shoir alamiga chidolmay oyoq barmoqlari bilan yozishni o‘rganibdi. Shunda zolim ma’murlar so‘nggi chora sifatida uning qo‘l-oyog‘ini kesib tashlashibdi. Qo‘l-oyoqsiz mo‘ndi shoir endi tunu kun she’r to‘qib, uni baland ovozda hayqirib qiroat qilar ekan. Bezor bo‘lgan ma’murlar, axiy-ri, uning tilini kesib qutulishibdi.
Ana shunday aftoda ko‘yga solingan, ammo she’r muhabbatidan voz kechmagan matonatli shoirni surgun muddati tugagach olis yurtdagi temiryo‘l vokzalida gadoy qiyofasida, oldida eski qalpoq, nogironlik aravachasida tilanib o‘tirganini ko‘rganlar bor — hayotining so‘nggi yillarida u alam-azoblarga bardosh berolmay akldan ozgan ekan.
Bu gaplarni Ajoyib domla xuddi borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek komil ishonch bilan hikoya qildi.
— Ana sizga insoniy matonatu nazmga muhabbat! — deya afsonasiga yakun yasadi nihoyat. — Demokratiya va oshkoralik zamoni kelib, hozir u yerda — shoirning so‘nggi kunlari kechgan ul tabarruk manzillarda unga kattakon haykal o‘rnatilgan, mana, boya aytgan do‘stlarimiz ko‘rib kelishdi, — dedi notiq fikrini tasdiqlatmoq uchun ularni ko‘makka chorlab. Biroq pastda noroziroq bir shovqin ko‘tarilayotganini sezib, ma’ruzasini apil-tapil, hamon o‘sha baland pardacharda tugallamoqqa erishdi: — Bu yanglig‘ jasoratu matonatga to‘lug‘ nazmiy e’jodga abadul-abad ofarin va tasannolar bo‘lgay!
Domla minbardan qaytib joyini egallar-egalla-mas, izidan qog‘oz keldi. «Hurmatli Oqsoqol! Ajoyib domlamiz ma’ruzasidagi ba’zi bir chalkashliklarni bartaraf etish uchun menga so‘z berishingizni so‘rayman. Yosh shoir».
Oqsoqol maktubni yonidagi Mafkuraxonimga ko‘rsa-tib, bir nimalar deb shivirladi. Maktubga naridan-beri ko‘z tashlagan Mafkuraxonim sahnaning yon tomonida sergak turgan mulozimni ko‘rsatgich barmogi bilan imlab chaqirdi va unga tegishlicha ko‘rsatma berdi. Hayal o‘tmay oldingi qatorlarda g‘imirlash sezilib, Ta’qibkorning shogirdlari — sarbozvachchalar Yosh shoirni allaqayoqqa boshlab ketishdi.
Rostdir, yolg‘ondir, Ajoyib domlaning boyagi afsonasi ko‘plarni ta’sirlantirib qo‘ygan edi.
Boya biz anjuman tafsilotlariga chalg‘ib tomosha tolorining ikkinchi oshyonida yolg‘iz qoldirgan sirli muxlis tevaragida g‘alati jonlanish yuz bergan edi. Yon-verida o‘tirganlar unga tikilib-tikilib qarashar, o‘zaro imlashib, shivir-shivir qilishar edi. Ularning nazarida Ajoyib domla xuddi mana shu zot haqida so‘zlamoqda edi. Hali muruvvat ko‘rsatib nogironni o‘rindiqqa o‘tqazib qo‘ygan yigit bilan qiz hozir uni chinakam himoyaga olgan, xuddi eski tanishlaridek atrofida parvona edi: ha, bu odam — o‘sha, bu odam bizga qarashli!
Darvoqe, bu g‘aroyib zot kim va qayoqdan, qanday kelib qoldi bu oliysha’n anjumanga?
Avvalo shuni aytish kerakki, fojialarga to‘la bu chigal qismat to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermoqning iloji yo‘q. Unda inson zoti chidash berolmaydigan azob-uqubatlar, g‘ayritabiiy voqea-hodisa va holatlar igu qadar ko‘pki, aql bovar qilmog‘i qiyin. Qolaversa, bul mubtaloning o‘zidan gap olmog‘ingiz dargumon: til-zabon yo‘q, ong-shuur xiralashgan, es-hush kirarli-chiqarli darajada.
U olis yurtda taqdir zarbalariga uchrab borib qolgan bu kabi mayib-majruh, g‘aribu g‘uraboning hisobi yo‘q. Ularning kimligini, tagi-zotini hech kim surishtirmaydi — baribir emasmi? Buni aksari ularning o‘zi ham unutib yuborgan — baribir emasmi? Ular shu befayz, bequt go‘shalarda umrguzaronlik qilib, qazoi muqarrarlarini kutmoqqa mahkum. Har kim bilganicha, aniqrog‘i, peshonasiga bitilganiyu qurbi yetganicha tirikchilik qiladi. Allaqachon odam hisobidan chiqarilgan bu sobiq mahbuslarda haq-huquq u yoqda tursin, nomiga bir varaq hujjat ham yo‘q. Bo‘lganida nima, birov ishonarmidi? Ishonganida nima, unga qaytadan qo‘l-oyoq, til-zabon bino qila olarmidi? «Osmon yiroq, yer qattiq» deganlari shular haqida aytilmaganmikan?
Qahramonimiz — ana shunday baxtiqarolardan biri. U ikki haftacha vagonma-vagon «yurib», kecha poyezddan tushdi. Tushdiyu o‘ziga o‘xshash qavmlariga yo‘liqib, ularning yordamida vokzal yaqinidagi tashlandiq bir kulbaga joylashdi. O‘sha, o‘zi ko‘nikkan hayotni esga soladigan ayrim manzaralar bu yerda ham bor ekan. Kecha o‘zicha shahar «aylandi», ammo ilvirab uvadasi chiqqan ilma-teshik xotirasida biron bir narsani tiklamog‘i dushvor bo‘ddi. Kattakon bir xiyobon tegrasidagi ko‘hna imoratlar tanishdek ko‘rindi-yu, so‘ng bunday uyqash binolar o‘zi bo‘lgan o‘zga shaharlarda ham bordek tuyuldi. Boshqa joyga kelib qolmadimmi, degan xavotir qiynagani qiynagan edi.
Bugun ertalab sudralib shahar «kezar» ekan, bemador shuuriga g‘ira-shira tanish bir maydonda ko‘p basavlat odam to‘dalanib turganini ko‘rdi. Ular ustiga bo‘zchoyshab tortilgan baland bir nimani qurshab olishgan edi. Ana, hay’atda o‘tirganlarning ko‘pchiligi bor edi o‘sha marosimda. Majlis qilib, galma-galdan chiqib so‘zlangach, haligi bo‘z bir yulqib ochildi. Maydonni gulduros qarsak tutdi. Mato tagidan namoyon bo‘lgan manzara chindan ham olqishu chapaklarga munosib edi. Baland taglikda qomatini kerib mag‘rur qotgan navqiron yigit o‘yiq chap ko‘kragidan sug‘urilgan (bir uchi hali tanada) allanimani alam va iztirob bilan mardonasiga boshi uzra olg‘a cho‘zib turibdi. Kaftdagi «allanima» mash’ala yanglig‘ yog‘du taratadi. Yurak, Otashqalb shoirning yonib turgan yuragi!
Marosim qatnashchilari yana talay zamon kimo‘zar qilib so‘zlagach, nihoyat, tarqaldilar. Gal yo‘lovchilarga keldi. Ular ham dastlab mahliyo bo‘lib, so‘ngra turli-tuman mulohazalar aytib, o‘tdilar-ketdilar.
Birgina Musofir muxlis qoldi maydonda. U to mana bu anjuman boshlanajak fursatgacha o‘sha yerda bo‘ldi. Ketmadi. Shaharda bugun ochilgan manzaraga tikilib o‘tiraverdi. Kechga qadar. Yuzma-yuz! Otashqatb shoir va Musofir muxlis!
Bu orada anjumanda yana bir kishiga so‘z berildi. Aytishicha, Samarqandda internat maktabda Otashqalb bilan birga o‘qib katta bo‘lgan bu odam hozir mamlakat miqyosidagi shaxsiy nafaqada (qonuniy), o‘zi ham basavlat, qanaqadir fan arbobi ekan.
Arbobning so‘zi hech kimning qulog‘iga kirmadi. Boyagi Ajoyib domlaning ko‘pirishlari ham baharnav maroqda ekan. Fan arbobi gapni juda olisdan, qariyb Odam Atoning yaratilishidan boshladi, desa bo‘ladi. So‘ngra o‘ziga o‘tgunicha ham xiyla zamon ketdi. Majlis raisi Oqsoqol shoir betoqat bo‘lib bir necha bor mikrofonni tiqillatib ko‘rdi — befoyda. O‘zi keksa bo‘lsa-da, bunday ulkan yig‘inlarda ezma-churik mo‘ysafidlarga so‘z bermoq xatarli ekanini u ko‘p yillik raislik tajribasidan yaxshi bilardi. Nachora, so‘zga chiquvchilar ro‘yxatini o‘zingiz tuzmaganingizdan keyin shu-da, Darvoqe, ro‘yxatni o‘zingiz tuzasiz-u, tasdiqlash uchun «yuqori»ga beriladi. Ro‘yxat u yoqdan butunlay o‘zgarib, oyog‘i osmondan bo‘lib qaytadi. G‘iring deb ko‘ring-chi, javobi temirdek og‘ir, qat’iy: «Muhokamaga o‘rin yo‘q, shaxsan O‘zlari ko‘rib berganlar!» Mana, shu laqqi chol ham ro‘yxatga «yuqori»ning ko‘rsatmasi bilan tirkalgan; u yerdagi kimningdir qarindoshi ekan. Demak, buyam anovi afsonabozlikka sherik — o‘zimizdan. Holbuki, Oqsoqol shoir aniq biladi: «Birga o‘qiganman, birga yurganman, birga turganman!» deya kekirdagini cho‘zib lof urayotgan bunaqa «safdosh»larni, Otashqalb agar tirilib kelsa, hargiz tanimagan bo‘lardi. Chunki u talabalik davrida ham, xudo shohid, uncha-muncha odamni nazar-pisand qilmas, uncha-munchasi bilan do‘stlashmas ham — o‘ta mag‘rur, hatto takabbur edi.
Hozir Fan arbobi aytayotgan gaplarni shu yerda o‘tirgan hamma bilar, maktab darsliklaridan barchaga ma’lum, chiqib bularni doston qilmoq uchun Otashqalbni ko‘rish ham, saksonga kirish ham shart emas edi. «Juda yaxshi bola edi, hamma fanlardan a’lo baholarga o‘qir edi, barcha to‘garaklaraa faol qatnashar, muallimlarning aytganini bekamu ko‘st bajarar, o‘ta intizomli, do‘stlariga mehribon, chinakam o‘rtoq edi».
Sho‘rlik Otashqalb! Bu ahvolda qanday qilib she’r yozgan ekansan? Jonsiz bir jasad emishsan-u, otashqalb nomini qanday olding? Bu qadar royish, bu qadar risolaband inson ekansan, nega seni xalq dushmani deb qamadilar, rutubatli o‘lkalarga surgun qildilar? Bundan ko‘ra, yerga ursa osmonga sapchiydigan tinmagur, sho‘x-shalayim tartibbuzar, olov-otash bo‘lganing g‘animat emasmi edi?!
Tiriklar beomon, tiriklar beshafqat, o‘liklarga qiyin, o‘liklar o‘zini himoya qilolmaydi, ular nochor, qabrlaridan turib yoqangizga chang sololmaydi — hechqursa, shuni inobatga olib insof qilsak bo‘lmasmi?!
O‘lganga qiyin. Zamona zayliga qarab, duch kelgani nomingizni ko‘kka ko‘tarib puflamog‘i, shishirmog‘i ham mumkin, boshqa bir tovlamachisi chiqib, uni urib yerga kiritib yubormog‘i ham hech gap emas. Har ikkala holatda ham bundan manfaatdor odamlar bo‘ladi, ular aslida o‘zlarining mavqelari, maqsadlarini himoya qilgan, shuning uchun kuyingan bo‘lib chiqadi, o‘lganning nomi esa — bir niqob, bir bahona.
O‘lgan odamga qiyin, tiriklar beomon, beshafqat.
Hay’atga biryo‘la ikkita talabnoma keldi. Biri — Otashqalb bilan internatda birga o‘sib, pedtexnikumda ham birga o‘qigan, keyinchalik umr bo‘yi temir yo‘l ishchisi bo‘lgan allaqanday odamdan edi. «Shoir haqida ikki og‘izgina xotiram bor, shuni so‘zlab bersam», deya izn so‘ragan edi.
Ikkinchi qog‘oz yana Yosh shoirdan bo‘lib, bu gal u so‘z berilishini qattiq turib, po‘pisa ohangida talab qilgan edi.
Oqsoqol uzatgan bu qog‘ozlarni ko‘zdan kechirgan Mafkuraxonim Yosh shoirning talabnomasini chetga surib, «Podumayesh, ugrojayet yeshyo!» deya, keyingisiga ruxsat berdi: «Unisi gapirsin, mayli, ishchi ekan».
Oqsoqol oldingi qatorlardan birida joyiga o‘tirolmay sapchiyotgan yosh hamkasbiga ko‘zi tushib, nima deyarini bilolmay qoldi. Majlis raisining unga qilgan imo-ishorasini ikki xil ma’noda tushunish mumkin edi: o‘tirib tur, o‘tirib tur, keyin so‘z beraman yoki — ko‘rib turibsan, ixtiyor menda emas, menda bo‘lganida…
Ixtiyor Oqsoqolning o‘zida bo‘lganida ham, kimga so‘z bersa berar, kelib-kelib shuni aslo minbarga yo‘latmas edi. Otashqalbga otdosh bu tirmizak o‘lgudek iste’dodli, ayni choqtsa o‘lgudek beadab, tarbiyasiz, xudo urgan shakkok sifatida nom qozongan edi. U so‘z olgan, u so‘zlagan majlis, bilingki, albatta katta mojaroga aylanib ketadi. Uni «Otashqalbning o‘zginasi, Otashqalbning aynan takrori» deb bejiz aytmaydi-lar. Harqalay, baxti bor ekan, boshqa zamonda dunyoga keldi, bo‘lmasa-ku…
Oqsoqolning ko‘ngli g‘ash tortdi. Ertaga o‘zining to‘yida ham mana shunaqa nobakorlar to‘planib bir g‘alva boshlamasa!..
Ehtimol, umri bino bo‘lib bunday oliymaqom anjumanda chiqib so‘zlamoq u yoqda tursin, qatnashib ham ko‘rmagan Temiryo‘lchi ikki og‘iz gapi bilanoq hammani jalb etdi. U so‘zini bu koshonaga qanday qiynalib kirganidan boshladi. Kecha televizor orqali mazkur anjuman haqida eshitibdiyu butun kampirini yetaklab jo‘nabdi. Lekin, bu yerga kelib, axir, men Otashqalb bilan birga o‘qiganman, deb harchand tavallo qilmasin, hech kim ishonmabdi. Ayniqsa, eshik tagidagi o‘sma-surmali nazoratchi xotin qattiq turib olibdi. Axiyri, kimdir bir yosh yigit — baraka topsin, o‘ziyam Otashqalbga rosa o‘xshab ketarkan, iloyim umri, taqdiri o‘xshamasin — o‘sha kafillikka olib o‘tkazibdi bu yoqqa. Bo‘lmasa, kampirining oddida rosa xijolat chekarkan.
— Mendan oldin bu yerda bir akaxonimiz gapirdi, Otashqalb bilan internatda billa o‘qiganman, yashaganman, dedi. Men ham shoir bilan besh-olti yil billa bo‘lganman, lekin bu akamizni sira ko‘rmagan ekanman, qarang, — dedi Temiryo‘lchi beozorgina qilib. — Mana, yuqorida o‘tirgan shoirimizni ko‘rib turardik uncha-muncha. Ana bu kishini sipo, batartib edi, desa bo‘ladi.
Sobiq maktabdoshini tanib-tanimay, noqulayroq biror gapni qo‘zg‘ab qolishidan yuragi taka-puka bo‘lib o‘tirgan Oqsoqol shoir, nihoyat, yengil tortdi: shunisiga ham shukr!
— Men internatda krugliy, e, g‘irt yetim edim. Otamiz ham, onamiz ham vabodan o‘lib ketgan ekan, bir tog‘amiz bizni — besh-olti yashar inimiz bilan meni ana shu sag‘irlar uyiga keltirib topshirgan, o‘sha yerda o‘sdik. Inimiz, umri kalta ekan, yil o‘tar-o‘tmas ichburug‘ tegib, bir kechada o‘ldi-qoldi. O‘zimiz internatu texnikumlarda o‘qib katta bo‘ldik, qirq olti yil temir yo‘lda xizmat qilib, mana, hozir pensiyadamiz.Shoirning otasiyam, onasiyam tirik edi. Lekin ota boshqa xotin olib, ona boshqa er qilib ketgan, bayram-payramda bolalarini ko‘rgani kelishar edi. Ular kelganda shoir qayoqqadir qochib ketar, uni hech topib bo‘lmas, ota-onasi keltirgan sovg‘a-salomni ko‘pincha men olib qolar edim. Men mana shu yerda to‘g‘risini aytsam xafa bo‘lmaysizlarmi? Otashqalb” undoq edi, bundoq edi, degan gapni ko‘p eshitganman-da. Boyagi akaxonimiz ham gapirdilar-u, menimcha, u kishi boshqa shoirni gapirdilar-ov. Men bilan o‘qigan shoir butunlay uning teskarisi edi. Sho‘x, tinib-tinchimas, o‘t-olov, o‘z nomi bilan Otashqalb! Ammo oddiygina to‘polonchi bola emas edi-da u, boshqacha edi, boshqacha! Men sizlarga aytsam, u ota-onasini uncha ko‘rgisi kelmasdi. Ular keltirgan narsalarga ham qaramas, ular ketgach, o‘tirib olib xun-xun yig‘lardi. Alomat bola edi. Fahmimcha, ana shunday fe’llari uni shoir qilgan. Lekin u vaqtlarda biz undan shoir chiqishiniyu mana bunday katta tantanalar bo‘lishini bilmasdik. Ha, u chindan ham boshqacha bola edi. Bir gal deng, meni ari chaqib oldi, mana bunday mittigina ari. Kelib-kelib ko‘zimdan chaqqanini ayting! Birpasda yuz-ko‘zim shishib ketdi, dod solib yig‘layapman. Otashqalb shunda qo‘lidan kelgan mehribonchiligini ayamadi: lovillayotgan joyga tuz bosib turdi, dastro‘molchasini muzdek suvga botirib malham qilgan bo‘ldi, kuh-kuhlab ko‘rdi — bo‘lmadi, keyin yonimga o‘tirib billalashib yig‘lay boshladi. Bu bilan ham ko‘ngli to‘lmadi shekilli, bilasizlarmi, nima ish qildi? Borib devordagi arining inini kavlab, bittami-ikkitasini tutib o‘zini chaqtirdi. Ana bunisiga nima deysizlar? Kim qiladi bunaqa ishni? Biz o‘zi yurtdosh edik. Ikkalamiz ham Samarqand taraflardan…
Shunday katta, tantanali anjumanda hech kim tanimaydigan allaqanday kishi o‘zini ishchiman deya tanishtirib, so‘zga chiqib, allaqanday arini gapirib o‘tirsa!.. Ensasi qotgan Mafkuraxonim «ayting, bas qilsin» degan ma’noda Oqsoqolni turtib qo‘ydi. Oqsoqol mikrofonni tiqillatib ogohlantirmoqchi edi, jamoat guvillab «Eshitaylik, eshitaylik!» deya ovoz berdi.
— Tag‘in bir qiziq voqea esimda, — dedi Temiryo‘lchi bir zumlik sarosimadan so‘ng dadillanib. — Bu vaqgda endi pedtexnikumda o‘qiymiz — internat maktabni yaxshi bitirib chiqqanlarning ko‘pchiligi shunga o‘tgan edi. Bir kuni shoirning she’rlari kitob bo‘lib chiqdi deng, kitob! Ko‘rib hech birimiz ko‘zimizga ishonmaymiz. Xuddi yolg‘ondakam matohday u yoq-bu yog‘ini ag‘darib qaraymiz: biror ishkali, sir-piri yo‘klshkan buning? Rasmona kitob ekan, rasmona bo‘lmasa, egasi shuning qalam haqiga hammamizni restoranga eltib yayratib mehmon qilarmidi? Qadimgi «Sharq» restoranining o‘rnida «Natsional» degani bo‘lardi. U kezlarda eng zo‘r restoran shu edi. Shoir hammamizni boshlab bordi. U yerda besh-o‘n odam yeb-ichib o‘tirgan ekan, bugun sizlar ham mening mehmonim, dedi. Zalning xo‘jayinini chaqirib, qarorini aytdi: restoranni ichkaridan zanjirlaysan, u bizning ixtiyorimizda, barcha xarajat bizning hisobimizdan! Bazmu ziyofat boshlandi. Hamma yegan, ichgan, sarxush. Bir mahal qo‘shni davrada qiz talashibmi, janjal boshlandi. Shoirning o‘zi davraboshi, ko‘pni yedirib-ichirib o‘tirgan «to‘y egasi» sifatida mojaroni tinchitmoqchi bo‘lgan edi, anovi badmastlardan birovi unga tashlanib qolibdi. Emishki, yonidagi ma’shuqasi shoirimizga termilib o‘tirganmish, sababi — shoir unga qarab ko‘z qisib qo‘yganmish-da. Shoir uncha-munchasidan tap tortmas, janjalga o‘chroq edi — to‘g‘risini aytaylik-da — haligi badmastning jag‘iga solib yubormadimi! Boshlandi to‘polon, boshlandi ur-yiqit. Ular ko‘paylashib shoirga hamla qilayotib — biz hali janjalga aralashmagan edik — shoir bir kursini dast ko‘tarib uloqtirgan edi, kursi borib to‘kilibgina turgan pastak qandilga urildi. Qandil chil-chil bo‘ldi. Qiy-chuv, restoran xizmatchilari aralashgan, baqirgan-chaqirgan. Hayal o‘tmay milisa yetib keldi. Hammamizni, anovilarni ham eltib qamadi. Shunday qilib, bir kecha milisaxonada yotib chiqqanmiz. U yerdan bizni qutqargan ham shoirning o‘zi bo‘ldi. Kimningdir nomini qo‘shdimi, qolgan-qutgan aqchasini berdimi, ishqilib, ertasi barimizni garovga olib chiqdi. Ketgan jami chiqimu jarimani bir o‘zi to‘ladi. Kitob haqidan bir tiyini ham o‘ziga qolmagan bo‘lsa kerak. Ana shunday mard, tanti edi shoirimiz! Bugun bunday gaplar kimgadir yoqmasligi ham mumkin. Ammo men o‘zim ko‘rgan-bilgan narsalarni aytyapman. Xullas, qiziq voqealar ko‘p bo‘lgan, bari esimda turibdi, kelinglar, hozir vaqtlaringni olib o‘tirmayin. Axir, odam ana shunday sho‘x bo‘lmasa, chaqnab turmasa, undan shoir chiqadimi?! Mana, o‘zimizdan qiyos: jimgina, yurardik, shoirga o‘xshaganlarga ergashib. Shoir bo‘lmadik-ku! Lekin o‘sha vaqtlarda men uni shoir bo‘ladi, deb sira o‘ylamagan edim. Bu tantanayu bu izzat-hurmatni qarang! Dunyo qiziq ekan-da, bari tushga o‘xshaydi. Odam ishongisi kelmaydi. Kechagina billa unib-o‘sgan do‘sting, jo‘rang bugun kelib shunday katta shoir bo‘lib, dong taratib tursa! Qaniydi, bu kunlarni uning o‘zi ham ko‘rsa edi! Iloyo, ruhing shod, yotgan joying obod bo‘lsin, Ollohu akbar! — shunday deb Temiryo‘lchi minbarda turiboq yuziga fotiha tortdi. Beixtiyor junbushga kelgan jamoat ham «Omin!» deya uning duosiga jo‘r bo‘ldi. Hay’atdagilar-gina nima qilarini bilmay serrayib qolishdi. Mafkuraxonim benihoya darg‘azab edi: masjidga aylantirib yubordi-ku bu yerni! Kim edi o‘zi bu odam? Buzg‘unchi g‘alamismi? Gapirgan gaplarini: restoran, ichkilik, janjal, milisa, pul, pora! Ishqilib, bu «ChP» Eng kattamizning quloqlariga yetmasa edi! Anovi yalangoyoq isqirtni kim minbarga chiqardi o‘zi? Oqsoqol shoirmi?.. Darvoqe, m-da, da, da!
Mafkuraxonim yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatoni tuza-tish maqsadida Temiryo‘lchiga zarba bermoqqa chog‘lanayotgan edi, Oqsoqol undan beruxsat, sarosimada so‘z navbatini Otashqalbning jiyaniga berdi: u oldingi qatorda shahd bilan o‘rnidan turayotgan Yosh shoirni ko‘rib qolgan edi.
Jiyanbeka hay’at stolini atay oldidan aylanib o‘tib, eshila-to‘lg‘ona minbarga yaqinlashdi. Tamanno bilan pastga nazar tashlab, bir lahza sukut saqladi. Shoirning jiyaniga xos shoirona sukut.
Jiyanbeka mana shu oliymaqom anjumandagi oliy-sha’n minbarda turib go‘yo yaltirab yotgan sip-silliq yo‘lka bo‘ylab yaxmalak otdi: u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa. «Biza Sibirga borib keldivuza: man, Zaxmatkash domla, Mas’ul okamiza va Yosh shoir. Amakimlani qabrligini ko‘rib keldivuza: ja obod atrofi panjara minan o‘ralgan. Byustlariyam bor. Utta amakimlani ja yaxshi ko‘risharkan, maktabga nomligini berishibdi. Bitta xotin bor ekan, eriyam bor, o‘sha amakimla-ni… amakimlani… bilar ekan, gapirib berdi. Umuman, ja zo‘r bo‘ldi. Buning uchun Mafkuraxon opavuza-ga, Oqsoqol domlaga ko‘pdan-ko‘p rahmat. Bizaga sharoit yaratib berishdi. Amakimla ja zo‘r shoir bo‘lganla, ja ko‘p she’rlar yozganla-de. Biza, butun oilavuza ulani doimo eslab, quvonib yuravuza. Sho‘rlik amakim! Mana shundoq kunlarni ko‘rmay ketdila-ya!..» Jiyanbeka daf’atan hiqillab yubordi. Yig‘lagani-ku mayli, jiyan, jigar bo‘lgandan keyin eslab yig‘laydi-da, lekin ko‘z-qoshining bo‘yog‘i chiqib yuziga chaplashgani chatoq bo‘ldi. Qurg‘ur ro‘molchasiyam stoddagi so‘mkachasida qolibdi, aksiga!
— Amakisini ko‘rganmi o‘zi? — dedi Zahmatkash domlaning yonidagi birov. Tars yorilay deb o‘tirgan odamga shu kifoya qildi:
— E, qayoqda! Kechagi go‘dak-ku bu, ona suti og‘zidan ketmagan. Amakisi qamalganda tug‘ilganlar hozir oltmishga qarab boryapti, bu o‘ggizning nari-berisida-ku. Amaki-jiyanliklari ham omonatgina. Otashqalbning onasi uni internatga topshirib, boshqa er qilib ketadi. Bu qizning otasi o‘sha erdan. Begonalashib ketishgan. Shoirning nomiyam ta’qibda yurgan yillari ukaxoni «Mening unaqa akam yo‘q» deb yozib bergan, deyishadi, Ehtimol, noiloj qolib shunday qilgandir, u kezlarda bundan boshqa chorasi ham yo‘q edi. Ayniqsa, o‘saman degan odamga. Bu qizning otasi viloyat ijroqo‘miga rais bo‘lgan. Uch yilmi-to‘rt yil bo‘ldi olamdan o‘tganiga. Qiz esa o‘zi ko‘rmagan-bilmagan shoir amakini qattiq tutgan.
— Shunisigayam rahmat demaysizmi, birodar, shu kunda jon-jigarlar bir-birining ko‘ziga cho‘p suqib yuribdi-ku!
— Rahmat, — dedi Zahmatkash domla. U «rahmat» dedi-yu, «la’nat» ma’nosida aytdi.
Jiyanbeka uni o‘sha safarda joniga to‘yg‘izgan edi. Bordilar, keldilar — Zahmatkash domlaning tish-og‘rig‘i qolmadi. Safar namgarchilikka to‘g‘ri kelib, milklari gazak olgan ekan. Shundanmi yoki bu qizning ortiqcha qarindoshlik da’vosi ensasini qotirdimi, ishqilib, uning gapirgan gapiyu qilgan qilig‘i — bari g‘ashini keltirdi. Eng xunugi — Jiyanbekaning bu qadar o‘zini urib yurishlari amakisi uchungina emasligi ayon bo‘lgan edi. Ta’qib-qatag‘onga uchrab yomonotlig‘ bo‘lib ketgan amakining nomini tiklash bahona — u bir niqob, u bir mashg‘ulot, ermak — sirtdan mehribon, fidokor jiyan bo‘lib ko‘rinuvchi bu makkora, kishi-bilmas, o‘zining ba’zi ishlarini ham tiklamoqda edi-ki, es-hushli odam bu holni bir qarashdayoq payqardi. Shuni sezib qolgan Yesh shoirning o‘shandagi tutaqishlari! Bu xonim aslo parvo qilgani yo‘q, Mas’ul xodim bilan araq ichib, og‘iz-burun o‘pishib yuraverdi. O‘g‘ri o‘g‘rini qorong‘ida topdi bamisoli. Mas’ul xodim ham mas’ul idorasida maye’uliyatli qog‘ozlarni titkilab o‘tiraverib zerikkan ekan, bu xonimga elakishib, rosa biti to‘kildi. Allaqachonlar xokiturob bo‘lib ketgan «dushman» shoirning nima qizig‘i bor unga, bilqillagan jiyani turganda! Amaki, uning xotirasi, turli muhim sanadlar, hujjatlar bir chetda qolib, Jiyanbeka bu yerda asosan yeb-ichish, kimlar bilandir oldi-berdi qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Mana, endi min-barga chiqib olib gapirayotgan gaplarini qarang! Tavba, mushtdek joniga bu qadar makr-riyoni, bu tovuslik hunarini qanday jo qildi ekan-a? Basharti, Otashqalb bir damga tirilib kelsa — umrini uning hayoti va ijodi tadqiqiga bag‘ishlagan odam biladi-da, axir — shunday jiyani borligani ko‘rib, nomusdan qaytib o‘lgan bo‘lardi.
Jiyanbeka chaplashgan qosh-ko‘zini kafti bilan artib, amakijonining xotirasiga bag‘ishlangan she’riy mashqini o‘qib berdi. Hozir she’rning saviyasi haqida bahs yuritmoqning mavridi emas, ammo shuni ta’kidlamoq kerakki, nafosatu zarofatdan yiroq bu xom-xatala satrlarnimi yoki uning o‘zi she’riyat bo‘lgan muallifinimi ma’qul ko‘rganlar ham topilardi. Jiyanbekaning istig‘noli qiliqlariyu tovush tovlanishlarini maroq bilan, yo‘q, g‘ayrioddiy bir haris-lik bilan kuzatib-eshitib o‘tirgan Mafkuraxonim, u minbardan tushar-tushmas, yon tarafda sergak turgan mulozimini chaqirib, bu qizginaning manzil-manoziliniyu nomai a’molini aniqlashni, shuningdek, anjumandan keyin o‘ziga ro‘para qilishni topshirdi.
Mafkuraxonim so‘ngga yillarda mansab-martaba bilan bog‘liq tashvishlarga ko‘milib ketib, boz ustiga anovi o‘lgur Tepakaldan uzoqlashibmi, huzur-halovatli, qaynoq ehtiroslar qo‘zg‘aydigan ichki hayotdan xiyla sovigandek edi. Biroq o‘zida boshqa bir notanish maylni seza boshladi keyingi paytlarda: yosh-yosh, ko‘rkam-kelishgan yigitlarni, kizlarni ko‘rsa, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketadi. Buni vido aytib ketayotgan yoshlikning so‘nggi zamzamalari deb sharhlasa ham-ku bo‘ladi, albatta. Ammo xushro‘y-xushbichim qiz-juvonlarga talpinishi odamni bir oz o‘ylantiradi. Shu rag‘bat sababmikan, Ozod Sharq ayolining rutbasini ko‘ta-rish bahona, ko‘p xotinni turli-tuman lavozimlarga «ekib tashladi». Jiyanbekani surishtirib qolgani ham bejiz emas: madaniyat vazirligida bitta muovinlik o‘rni bo‘sh, o‘zi she’r-pe’r yozar ekan, qo‘shiq aytib o‘yinga ham tushsa kerak, eng muhimi — qaddi-qomati joyida!
Ko‘ngli bir baloni sezdimi, o‘lgur Jiyanbeka ham minbarni tark etib hay’at stoli bo‘ylab borarkan, Mafkuraxonimga qarab qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha «biz tayyormiz» degandek shiringina tabassum qilib o‘tdi. Bo‘ldi, bas, muovinlik o‘rni to‘ldi, band etildi!
Bu juvon huv sovuq o‘lkalarga borganida, mana, hozir Musofir muxlis sifatida o‘tirgan, u yoqda mayib-mubtalo bo‘lib yurgan zotning ham diqqatini tortgan. U bir lahza turgan joyida turmas, hammaga ish buyurar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar edi. Mehmonu mezbon shuning girdida girgitton. Ular avval qishloq maktabiga borib majlis qilishgan ekan, so‘ngra bu yerga — o‘rmon chetidagi, o‘sha zamonlar siyosiy mahbuslar qarorgohi bo‘lgan qabristonta kelib, qandaydir qabrni ziyorat etishdi, galma-gal so‘z aytishdi: mehmonlar qo‘yib — mezbonlar, mezbonlar qo‘yib — mehmonlar. Marosimni milisalar to‘dasi qo‘riqlab turardi, Mayib-mubtalo harchand urinib ko‘rdi, uni o‘tgani qo‘yishmadi. Bu xabarni dastlab topib kelgan, bir kulbada istiqomat qiluvchi, o‘zidan battar ta’viya xotin har qancha dalolatu tavallo etmasin, uniki ham ish bermadi.
«Shoirning yubileyini bahorda, tug‘ilgan kunida o‘tkazamiz» degan mazmunni Mayib-mubtalo huv o‘sha qabr boshida xuddi mana shu juvonning gapidan ilg‘agan edi: «Da, da, vesnoy. Yubiley vesnoy». Ora olis edi, uzuq-yuluq eshitdi, lekin eshitdi bu gapni. Xayriyat, shu a’zosigina omon qolgan. Xayriyat, shundan ham judo qilmoq birovning xayoliga kelmagan.
Mehmonlar — uchmi-to‘rt kishi, ana, yuz-ko‘zlaridan aniq-taniq ajralib turishibdi — mezbonlar qursho-vida «gazik» mashinalariga o‘tirib jo‘nab ketishdi.. Ularni kimdandir muhofaza etgan milisalar ham qayoqqadir g‘oyib bo‘lishdi. Mayib-mubtalo qorda yengil sirpanib, hozirgina marosim o‘tgan qabr boshiga yetdi. Atrofi yaqinda panjara bilan o‘ralgan oddiygina qabr. Faqat, ustiga uzunchoq tunuka to‘ntarma o‘rnatilib, tunjga bo‘yalgan. Undagi rasmga ko‘zi tushdiyu qotib qoldi… Yo‘q, sovuqdan emas, yo‘q, alamdan emas, yo‘q, til-zabonsizlikdan emas, yo‘q, mayibu mubtalolikdan emas, yo‘-o‘q! «Tvoi zemlyaki, tvoi zemlyaki!» Yonida tik turgan mayxo‘r ta’viyaning javrashlari birdan bir yaroqli a’zosi — qulog‘ini qomatga keltirgan, ammo uning nidosini nolalarini, tavba, tavba, tilsiz-zabonsiz maxluqqa o‘xshab tushuniksiz, yurak-bag‘irni ezadigan g‘ayriinsoniy bir tovushlar chiqarib bo‘zlashlarini, qordan, muzlikdan o‘zgasini ko‘rmagan qattol yerni tirnab chinqirishlarini mana shu yonida javrab turgan badbashara, yarim telba bir jonzoddan boshqa bu olamda hech kim eshitmas, eshitsa-da tushunmas, tushunsa-da ishonmas, ishongisi kelmas edi!
Javobsiz bu nidolarni qor uyumlari bag‘riga yashi-rib uchirib ketmokda edi.
Mehmonlarning yo‘lini yana ikki kun poyladi. Qarolarini ko‘rsatishmadi. Demak, qaytib ketishgan, lekin har birining siymosi Mayib-mubtaloning zaif, xira tortgan, shu bilan birga qaysar xotirasidan mahkam joy oldi. O‘shanda tasodifan qulog‘iga chalingan kalimalar-chi! «Da, da, vesnoy. Yubiley vesnoy». Aynan qaysi kun ekanini esa undan yaxshiroq biladigan zot bormikan?!
Nihoyat, muzliklar o‘lkasida ham havo ilidi, eruvgarchilik boshlandi. Ana, endi yo‘lga chiqsa bo‘ladi. Uning maqsadu qaroridan hech kimsa bexabar edi, o‘zidan boshqa! Uzi esa o‘zidan qo‘rqar, ya’ni tanib qolish-laridan bezillar edi. Tanib qolsalar, yana qiynoqlarga soladilar, kesilmagan joylarini yana kesadilar, burdalaydilar! Tanigan odam uning bu ahvolini ko‘rib… tanimaydi, tanigisi kelmaydi, tanimog‘i man etilgan! Mayli, nima bo‘lsa bo‘ldi, bundan battari yo‘qtsir. Jo‘namoq kerak — ilk va so‘nggi safarga!
Hujradosh ta’viyasi stantsiyagacha ergashib keldi: birga ketmoqchi! Mayib-mubtalo uni ura-ura haydadi. Bu olamda faqat shunga kuchi yetadi: shuni urmog‘i, haydamog‘i mumkin, shungagina haddi sig‘adi. Lekin o‘zining vagonma-vagon «yurib» ko‘rgan kunlari, xo‘rliklari, besabab, begunoh yegan kaltaklari!..
Musofir muxlis boya yonidagi qiz bergan taklifnomaga termilarkan, milt-milt ko‘zyosh to‘kardi. Taklifnomaga tushirilgan rasm xuddi mana shu qasri oliyning tagida olingan desa, ishonadigan zot topilarmikan bu dunyoda?!
Musofir ko‘zyoshlari orasidan-da tanidi: ana, ana, sovuq o‘lkani ziyorat qilgani borganlardan yana biri minbarga qarab ketyapti. Qay biri edi bu?
«Obbo, bostirib kelyapti-ku!»
— Qarang, qarang, — dedi Oqsoqol sarosimada Mafkuraxonimni turtib, shu barobari undan madad va najot kutib.
— Kim bu? — deb so‘radi Mafkuraxonim chimirilib, tashabbusni qo‘lga olish-olmasligini bilmay.
— Bu… yomon! Yomon bu! Balo urdi endi.
— Hov yigit, yo‘l bo‘lsin? — dedi Mafkuraxonim batamom tashabbusni egallamoqqa majbur bo‘lib.— Kim chaqirdi sizni bu yoqqa?
— So‘zlamoqchiman!
— So‘zlang, marhamat. Lekin hamma ishning tartib-qoidasi bo‘ladi. Avval ro‘yxatga yozilish kerak, — dedi Mafkuraxonim birinchi sinf muallimiga aylanib. So‘ng, xuddi Yosh shoirni taniydigandek, uning ism-familiyasini biladigandek, Oqsoqolning oldidagi qog‘ozga qo‘l cho‘zdi. — Qani, bu yerda familiyangiz bormikan, ko‘raylik-chi.
— Men ikki marta so‘z so‘rab xat yozdim, — dedi Yosh shoir dadil turib. — Men bugun gapirmasam bo‘lmaydi, menga so‘z bering. Hozir demokratiya zamoni!
— To‘g‘ri, demokratiya zamoni, — dedi Mafkuraxo-nim ko‘nglida demokratiyasiga la’natlar o‘qib, lekin undan oshkora chekinmoqqa yo‘l topolmadi. — Keling, masalani demokratik usulda hal qilaylik. Zal sizni qo‘llasa — gapirasiz, qo‘llamasa — yo‘q. Kelishdikmi? Ovozga qo‘yaman!
— Bo‘pti, — dedi Yosh shoir tap tortmay. — Roziman.
Mafkuraxonim «boshqa» xalq bilan muomala qilib yurgan, bu xalqni bilmas ekan. Hammayoqdan ma’qullovchi xitoblar yog‘ilib ketdi: «Qo‘ying, gapirsin!», «Eshitaylik!», «So‘z berilsi-in!»
«Yorqin iste’dod» deb nom chiqargan, Otashqalbga otdosh, o‘zi ham nimasi bilandir unga o‘xshashib ketadigan Yosh shoir shu tobda qaynab turar, ayni portlagudek darajada edi. Dastlab so‘z so‘rab hay’atga xat yuborganida ikki notanish yigit uni tashqariga olib chiqib, rosa asabini qaqshatdi. Novcharoq biri devorga tirab qayta-qayta tirg‘aldi: «Xo‘sh, so‘z berilsa, nimani gapirasan?» «Nega men senga hisobot berishim kerak, kimsan o‘zing?» Xuddi gapni eshitmagandek yana asabni burg‘ilaydi: «Nima haqda so‘zlamoqchisan, qani, ayt-chi?» U desa, bu deyishdi, bu desa — u. Tavba, oxiri osongina qutuldi-qo‘ydi: «Hoy, musulmonlar, ishoninglar axir, men Uzoq Sharqqa borib, shoir qabrini ziyorat qilib kelganman, shuni gapirmoqchiman». «Boyadan beri o‘jarlik qilmay shundoq demaysizmi, og‘ayni!» dedi «musulmon»lardan biri.
— Men agar bugun^bu yerga chiqib gapirmaganimda, o‘zimni umrbod kechirmasdim! — deya shiddat bilan so‘z boshladi Yosh shoir el oldida ham, o‘z oldida ham Jasur shoirga aylanib. — Mana, necha o‘n yillik qabohat va razolatlardan so‘ng, nihoyat, Otashqalb shoirimizning pok nomi chinakamiga oqlanayotir. Bugun shoir haqida bor haqiqatni aytadigan kun! Agar bugun aytilmasa, keyin hech qachon aytilmaydi, shoir nomi yangi-yangi yolg‘onu soxta afsonalarga burkanib boraveradiki, uning pok ruxi oldida bu yerdagi har birimiz gunohkor bo‘lib qolamiz. Binobarin, bugun rostini aytadigan kun. Chunki, shoirni ko‘rgan-bilgan odamlar, ustozlarimiz, taassufki, yildan-yil kamayib borayotir. Xo‘sh, bugun bu oliymaqom anjumanda shoir to‘g‘risidagi tom haqiqat aytiddimi? Boya bu yerda shoirning hayoti haqida so‘zlagan Ajoyib domlamiz ma’ruzalarini, odatdagidek, jozibali qilib boshladilar: «Basharti, mo‘jiza ro‘y bersayu Otashqalb shoirimiz bir damgina tirilib kelsa…» Domla! — dedi Jasur shoir shartta ortiga — hay’atga o‘girilib, chuchmal ishshayib o‘tirgan Ajoyib domlani ko‘zi bilan qidirib toparkan. — Agar siz aytgandek bo‘lsa, ya’ni shoir tirilib kelsa, bu yerda bo‘lgan gaplarni, avvalambor, sizning ma’ruzangizni eshitiboq, bilingki, qaytib narigi dunyoga ketardi! Axir, hurmatli professor, siz shoirni ko‘rgansiz, bilgansiz, nahotki, u haqda biror og‘iz rost, jonli gap yodingizda qolmagan bo‘lsa?! Qolgan, hammaginasi yodingizda, lekin eslagingiz kel-maydi, chunki ularning ustini, zamon o‘zgargani sayin, o‘shanga mos liboslar — totli yolg‘onlar, soxta afsonalar niqobi qoplab olgan. Ana shu niqobni da-dil yirtib bor haqiqatni oshkor qilmoqqa bugun, oshkoralik zamonida ham jur’at etolmaysiz, qo‘rqasiz. Negaki, u niqob o‘zingizning shaxsiy hayotingizga oid ko‘p sir-asrorni ham yashirib turibdi. To‘g‘rimi? Noto‘g‘ri bo‘lsa, chiqib ayting, mana — minbar!
Ajoyib domla miq etmay hamon ishshayib o‘tirardi: yosh bola-da, har baloni aljirayveradi; gapir, gapiraver, sening gaping — mening…
— Men bu minbarga boshqalarni ham taklif qilishim mumkin. Bugun — kamdan kam nasib etadigan zo‘r imkoniyat qo‘limizda. Keling, chiqib bor gapni aytib, vijdonimizni poklab olaylik. Yurak yutolmaymizmi? Ha-a, albatta, u yolg‘onlar, soxtagarchiliklar to‘ridan qugulib, rostini aytmoqqa yurak kerak, mardlik kerak! Hurmatli do‘stlar, siz bilan biz Otashqalbga o‘xshagan zotlarning qora qismatga duchor bo‘lganida ko‘pincha zamonni qoralaymiz. To‘g‘ri, zamon nobop kelgan, nosoz kelgan. Ammo, zamon — mavhum tushuncha, uning «parragu vintchalari» o‘zimiz edik-ku! Axyr, to‘rt-besh she’riy to‘plamning muallifi bo‘lgan yoshgina shoirni Stalin yoki Yejov qayoqdan biladi, to‘g‘rimi? Demak, Otashqalb-ni tanigan-bilganlar shu ko‘yga solgan. Avvalo, she’riyatda ham, shaxsiy hayotda ham o‘rin talashgan yaqin birodarlari qilgan bu qabihlikni! Ulardan ba’zilari hozir barhayot, mana shu yerda savlat to‘kib o‘tirishibdi. Umr-lari bundan ham uzoq bo‘lsin, deymiz. Ruxsat bersalaring, aziz do‘stlar, betamizlikka yo‘ymasalaring, mening mana shu domlalarimizga bir-ikkita savolim bor edi. Garchi, aminmanki, bu savollarga hech qachon javob ola bilmayman. Ammo, haqiqat baridan ustun, degan gap bor, shunga ko‘ra, bu savollarni bermasam, men ham xiyonat kilgan bo‘laman. Qolaversa, bir kuni borib bari oshkor bo‘ladi-ku! Dunyoda abadiy sir qoladigan narsaning o‘zi yo‘q-ku, nima dedingiz, Zahmatkash domla? Gapni o‘zlaridan boshlasak, Ajoyib domla. Siz yaxshi bilgan idoraning qora hujjatgohida saqlanadigan Otashqalbning tergov ishida bir chaquvnoma bor. Unda yozilishicha, Otashqalb xalqini haddan ortiq yaxshi ko‘rgan, milliy istiqlolni orzu qilgan, «ulug‘ og‘a»larni tikanga mengzagan. Axir, ona xachqini yaxpgi ko‘rmoqning nimasi ayb? Milliy istiqlolni targ‘ib qilgani ham haqiqat; xalqini sevgan qaysi farzand vatanini ozod ko‘rishni xohtamaydi?! Bundan chiqadi, hammasi bor, bo‘lgan gaplar, tuhmat emas, ya’ni Otashqalb aybiga ko‘ra, to‘g‘ri qamalgan. Bugungi nuqtai nazar bilan qaraganda esa, u — chinakam milliy qahramon! «Ulug‘ og‘a»larning tikanga mengzalgani masalasiga kelsak, ma’lumki, bu — munozarali gap, isbotlash qiyin. Ularni gulga mengzaganda ham, zarur kelganda, baloga qolmoq hech gap emasdi. Xo‘sh, ayting-chi, o‘sha chaquvnomaning «rostgo‘y» muallifi kim edi?
Savolga javob berishi lozim bo‘lgan tomon — Ajoyib domla ishshayganicha qo‘lida do‘ppisini aylanti-rib o‘tiraverdi: man qattan biliy!
— Otashqalb oqlanayotgan kezlar uning tergov ishida yana bir qog‘oz paydo bo‘ldi. Ijobiy taqriz, himoyanoma desa ham, oqlovnoma desa ham bo‘ladi. Unda Otashqalb rosa ko‘kka ko‘tarib ta’riflanadi, «Shundoq ajoyib shoir dushmanla.rning chaquvi bilan tuhmatdan qamalib ketgan», deyiladi. Demak, u — qamalishiga asos bo‘lgan ayblariga zid: na xalqini yaxshi ko‘rgan, na milliy istiqlolni orzu qilgan, rostdan ham tuhmat bilan qamalgan anchayin bir jabrdiyda. Demak… biz bugun bu yerda xalqini, vatanini sevgan fidoyi shoirning emas… kimning tug‘ilgan kunini nishonlab o‘tiribmiz, o‘ylab ko‘raylik, birodarlar! Yoki bo‘lmasa, bu galgi muallifimizning o‘zi tuhmatchi, shunday emasmi? Qizig‘i shundaki, yygirma yilning nari-berisidagi ana sho‘ ikki taqrizni bir kishi yozgan. Ajoyib domla, siz ko‘pni ko‘rgan ko‘hna odamsiz, ayting-chi, ana shu munofiqning kimligini bilmaysizmi?
— Demagogiyani bas qiling, ho‘v uka, — deb qo‘ydi Ajoyib domla hamon ishshayganicha.
Toshdan yaralganmi bu odam? Holbuki, ne-ne qirg‘inbarotlarni ko‘rgan, ne-ne balolarga giriftor bo‘lgan. Lekin baridan eson-omon o‘tib kelyapi. Demak, mudom mana shunday: qo‘lida do‘ppisini aylantirib, ishshayibgina o‘tiravergan, vassalom. Endi navbat minbarda sayrayotgan mana shu mahmadona bolaga kelishini kutadi. Hah, davring kepti, sayrab qol, jo‘jaxo‘roz! Ammo ertasini ham o‘ylab ko‘ysang, chakki bo‘lmasdi! Po‘koningdan yel o‘tmaganda, kekirtagingni cho‘zasan. Seni ham ko‘zingni bog‘lagandek qilib anovi xonaga olib kirsa, tizzasi bilan jon bir joyingga tepib tegishli qog‘oziga imzo chekdirib olsa, ana shunda bilar eding! Bir bora imzo chekdingmi, bas, keyin bo‘yin tovlayin desang, mash’um tepki yodingga tushaveradi. Qarabsanki, o‘sha imzoning quliga aylanibsan, o‘sha tepkichilar qatoriga o‘tib qolibsan. Endi o‘zing ham tepishni kasb qilasan: bo‘rilar orasida bo‘ri bo‘lib uvlamay ko‘rgin-chi! Keyin, yosh bir joyga borganda, bu yo‘ldan qaytay desang, orqangga qaramoqqa qo‘rqasan — qilmishlaring, qora ishlaring! Qolaversa, sen va senga o‘xshaganlardan tepki yeganlar endi safiga qo‘shmaydi, hazar qiladi.. Uff!
— Demagogiya? Sizlar yaxshi ko‘rgan so‘z bu! Ilojsiz, chorasiz qolganda shuni qurol qilib odamni ayblamoqchi bo‘lasizlar.
— Xvatit! — dedi Mafkuraxonim toqati toq bo‘lib.— Vaqtingiz bitdi, uka!
U Tepakaldan xufiya xat olib, boyadan beri tipirchilab o‘tirardi.
— Men byuro yoki partiya majlisida gapirayotganim yo‘q, opaxon! — dedi Jasur shoir jasurlik bilan betga chopib. — Mana, xalqdan so‘rang, bir og‘iz «Bas, bo‘ldi» desa, hoziroq tushib ketaman!
Pastdan betartib xitoblar eshitildi:
— Gapiraversin! Eshitaylik! Davom eting! So‘zini bo‘lmanglar!
Xalqdan madad olib sherlangan Jasur shoir yangi nafas, yangi g‘ayrat bilan gapini davom ettirdi:
— Zahmatkash domla, ko‘zingiz tushgandir, o‘sha jinoyatnomada yana ikki kishining ko‘rgazmasi bor. Bir ayol bilan bir erkakning. Erkakning ko‘rgazmasida Otashqalb «og‘a»lar qavmiga mansub bir xotinni «Seni yaxshi ko‘raman» deya aldab, so‘ng tashlab ketgani, do‘stining gunohini yuvish uchun keyin o‘zi unga uylanmoqqa majbur bo‘lgani aytiladi. Ayolning ko‘rgazmasi negadir qattiq alamzadalik bilan yozilgan. Unda Otashqalb o‘taketgan bezorilikda va, e’tibor qiling, bevafolikda ayblanadi! Demak, oddiygina, mayli, o‘taketgan bo‘laqolsin, bezori va bevafodan «xalq dushmani» yasaladi. Xo‘sh, o‘sha «olijanob» erkak kimu «jabrdiyda» xotin kim?.. Ko‘pchilikning xabari bor: urush yillari Otashqalb asirlik surgunidan ozod qilib, lozim bo‘lsa, jangga yuborilishini so‘rab Stalinga ariza yozadi. «Mazkur ish boshqatdan ko‘rib chiqilsin!» degan farmoyish bilan qaytgan ariza shu borada fikr, aslida rozilik so‘rab, rasmiyat yuzasidan, yozuvchilar tashkilotiga kelib tushadi. O‘sha so‘rovnomaga tashkilot rahbari nima javob qilgan, eshitganmisizlar? «Otashqalbni surgundan qaytarish mumkin emas. U qaytarilsa, uni ayblagan kishilarni jazoga tortish lozim bo‘ladi. Buning esa, ma’lum sabablarga ko‘ra, iloji yo‘q». Xo‘sh, uni ayblagan kishilar kim edi? «Ma’lum sabablar» degani nima? O‘sha yillari kim bu tashkilotning rahbari edi? Mana shu bir to‘p savolga siz javob bersangiz, hurmatli Oqsoqol!
Oqsoqol bu savollarni umr bo‘yi kutib yashagan, umr bo‘yi ana shu savollarni o‘zi o‘ziga berib kelgan. Ammo birortasiga ham jo‘yali javob qaytarolmagan. Javob — o‘zi, yaxshidir, yomondir, o‘zining hayoti. Uni bo‘laklab bo‘lmaydi, bor-budi bir-biriga chirmashib ketgan. Yo to‘lig‘icha ma’qullash kerak, yo batamom inkor etish lozim bo‘ladi. Boshqa chorasi yo‘q. Ko‘p o‘ylab, ko‘p kavlab ko‘rgan.
Mana bu zumrashaning da’volariga kelganda… Qani edi, shu bolaning o‘rnida sen bo‘lsang! Vijdoning pok-pokiza, umring xato-xutolardan xoli. Lekin, sakson yilni shunday to‘g‘ri, bexato yashab bo‘lmaydi. Iloji yo‘q. Iloji bo‘lganda… yo‘q, qayta tug‘ilganda ham iloji yo‘q ekan. Gap — hayoting faqat xatolarga qurilmasligida! Hayhot, hayhot… Manovi bola esa hozir uyquda — mast, masrur. Yura-yura buning ham «odam bo‘lgisi» keladi. Bir kuni chaqiradilar, nimadir fazilati yo xizmati darkor bo‘lib, amal beradilar. Ana keyin qarabsizki — madhiyabozligu qofiyabozlik! Birovlar yoshligingizda o‘t edingiz, olov edingiz, desa, g‘o‘rlik-da, xato qilgan ekanmiz, deydigan bo‘ladi. Shu tariqa hayotning «tinch okeani»ga tushib suza boshlaydi. Xudo yorlaqab bir kuni Oqsoqol shoirning yoshiga yetganida, allaqanday bir jo‘jaxo‘roz o‘rtaga chiqib mana bunday jirillab qolsa, alamidan tutab ketmaydi deb kim kafolat bera oladi? Yo‘q, bu dunyoda bola-chaqali odamnins tayoqdek to‘g‘ri bo‘lishi yoki kiroyi bir jasorat ko‘rsatishi mushkul ekan. Osmondagi parranda ham bir ish qilmoqdan oldin o‘zini emas, bag‘ridagi jo‘jasini o‘ylaydi, o‘zining emas, polaponining taqdiridan cho‘chiydi. Nahotki, yovqurlik, sheryuraklik deganlari salt-suvoylargagina xos?..
O‘zi bugun xudo urgan kun ekan. Ertalabdan beri ko‘ngli g‘ash. Ertalab haykalning ochilishidan qaytayotib, mashina oynasidan o‘ziga o‘qdek qadalib turgan bir juft ko‘zni ko‘rib qoldi. Nimasidir juda tanish bu ko‘zlarning egasi yo‘l chetidagi qo‘lbola aravachada o‘tirgan nihoyatda aftodahol bir nogiron edi. Oqsoqolning ko‘ksida nimadir jizillab ketdi — unutilgan, ammo tanish, alamli nimadir. Boya Mafkuraxonimni kutgani chiqib maydonda nari-beri yurib turganida ham uzoqdan o‘sha o‘tli, otashin nigohlarni tag‘in his etdi, ko‘zini olib qochdi, u yoqqa qaramaslikka harakat qildi.
Ajabo, mana shu holat uni umr bo‘yi ta’qib etgan ekan: go‘yo kimdir unga shiddat bilan tikilib turibdi-yu, u zo‘r berib ko‘zini olib qochadi, o‘sha tomonga qaramaslikka urinadi.
Xullas, bugun og‘ir o‘ylar girdobida yurgan Oqsoqol ayni choqda Jasur shoirning o‘qdek yangragan omonsiz savollariga bir nima deb javob qaytarishi mahol edi. Ammo og‘zidan kutilmaganda shunday bir gap chiqib ketdiki, keyin o‘ylab o‘zi ham hayratda qoldi. Murosa qilgisi keldimi yo ko‘nglining o‘zibilmas bir xilvatlarida pinhon yotgan dard beixtiyor bosh ko‘tardimi, harnechuk, bo‘lgani bo‘ldi.
— Gapiravering, o‘g‘lim, barakalla, — dedi Oqsoqol shoir. — Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishi kerak edi-da!
Ul-buldan xabardor jamoat karaxtu lol bo‘lib qol-di: obbo, Oqsoqolni bir jin urdi-yov! Uni o‘yin qilyapti yoki mard ekan baribir, degan xayolga borganlar ham bo‘ldi.
— Javobingiz bizga ma’qul, Oqsoqol! — dedi juvonmarg Jasur shoir zukkolik va shahdamlik bilan, munozarada ustun kelganini ham barala sezdirib. — Haq gapni aytdingiz! Bu yog‘ini yana bizdan eshiting. Ma’lumki, hozir sizu biz tantanali anjuman qurib o‘tirgan muhtasham binoni tiklashda bir vaqtlar harbiy asirlar ham ishtirok etgan. O‘sha binokor mahbuslar, bilganlar biladi, xuddi mana shu hashamatli tomoshaxonaning tagida makon topgan. Otashqalb ham bir muddat shu yerda yotgan. Yer osti ham tomoshaxona, yer usti ham! Qizig‘-a? Dunyoning ishlarini ko‘ringki, bir vaqtlar uning qatliga imzo chekkanlar bugun to‘rda o‘tirib qozilik qilyaptilar! O‘ldirganlar — to‘ying-da bakovul! Alhazar! Ana shu mute-mayda gumashtalarga bosh-qosh bo‘lgan mafkura sohasini o‘sha kezlar kim boshqargan, bilmaysizmi, hurmatli Mafkuraxon opa? (Asabiy hurpayib o‘tirgan «opa»ning vajohatidan faqat bir gapni, faqat bir tilda kutish mumkin edi: «Znat ne znayu i ne xochu!») Dunyoning ishlari qiziq ekan. Shoir surgunda yashagan joylarni ziyorat qilgani borganimizda o‘sha yerlik bir ayol, ko‘rganmi, ko‘rmaganmi, xudo biladi, xumori tutganidan dir-dir titrab turgan mayxo‘r erining ko‘zi oddida Otashqalbga ma’shuqalik da’vo qildi. Mehmonlar sharafiga tuzalgan ziyofat dasturxonidan avvalo mayxo‘r erining g‘amida, umidvor bo‘lib bu ishga borgani hammaga ayon edi. Arvohidan qo‘rqmay, shoir to‘g‘risida bo‘lar-bo‘lmas cho‘pchaklarni to‘qib, ularni mana shu mo‘tabar minbarga olib chiqqanda siz, hurmatli Ajoyib domla, tag‘in nimalardan umidvor bo‘ldingiz ekan? Axir, shoirning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritishga ayniqsa sizning ma’naviy haqqingiz yo‘qligini, bu ish umrini shunga bag‘ishlagan Zahmatkash domlaga tan, shu kishigagina halol ekanini nahotki bilmasdingiz? U kishi bizga, masalan, yolg‘on qabrlar ustida to‘kkan soxta ko‘zyoshlarimiz, aniqrog‘i, ular o‘rniga oqqan bo‘yoqlar va boshqa narsalardan so‘zlab berardi. Siz-chi, hurmatli Ma’shuqaxon opa, ma’shuqalik shuhratini endi anovi shimollik beor mayxo‘rning beor xotini bilan tengma-teng bo‘lishamiz shekilli? A, labbay? Bilamiz, iloji yo‘q. Lekin — nachora, chillada bo‘rining qorni to‘qi bo‘lmaydi! Birodarlar, Otashqalbni juvonmarg qilgan bir to‘da riyokor, nomi oklangan kundan e’tiboran uni o‘ziga moslamoqqa, hayoti va ijodiga o‘zgartishu tahrirlar kiritib, o‘ziniki qilmoqqa urinib keldi. Mana, bugun ham shunga harakat bo‘ldi. Agar biz ularning da’volariga quloq ossak, ishonsak, shoirning ruhi oldida bugun ham xiyonat qilgan bo‘lamiz. Otashqalb — bizniki! Aminmanki, shoirning ruhi hozir mana shu tantanavor tolor bo‘ylab kezib yuribdi, — deya Jasur shoir qulochini keng yozib negadir yuqoriga, ikkinchi oshyon tarafga ishora qildi.— Ma’lumki, shoirning bor ijodi qo‘limizda, u himoyaga muhtoj emas — o‘zini o‘zi himoya qila oladi. Ammo uning hayotini turli uydirmayu afsonalardan tozalash, himoya etish — bizning burchimiz. Chinakam muxlis, adabiyotning chinakam do‘sti shunday qiladi. Qolaversa, Otashqalbning fojiasida bir-ikki odamnigina aybdor sanash kaltabinlik bo‘ladi. Bandasi ojiz, jon esa shirin. Uni avvalo o‘sha muhit juvonmarg kilgan. U baribir omon qolmasdi. U baribir qamalardi. O‘sha zamon mantig‘ida bundan boshqa yo‘l yo‘q edi. Lekin Otashqalbning qismati sizu bizga saboq bo‘loldimi— mana, gap nimada! Aziz do‘stlar, ming bora uzr, shodiyona kunda noxush gaplardan gapirib men bir qadar andishasizlik, balki shakkoklikka borgandirman. Lekin, boya hurmatli Oqsoqolimiz to‘g‘ri ta’kidladilar: bu gaplarni bir kuni kimdir baribir aytishi kerak edi-da! Shu ishni bugun men qildim, mayli, uvol-savobi mening bo‘ynimda bo‘laqolsin! Bugun — Otashqalb shoirimizning to‘yi, she’riyat bayrami, aslida bu tantananing qahramoni she’r bo‘lmog‘i lozim edi. Keling, do‘stlar, men so‘zimni unutilmas shoirimizning mashhur she’rini asl holida o‘qib berish bilan yakunlasam:
Tikashar ichra balqkan ul muhabbatning guli sensen.
Kapalakka dil bog‘lagan ham ko‘ngilning quli sensen.
Bu moviy ko‘zlaring so‘zlar, qushim yetim kabi bo‘zlar…
Olovim ham sen erursen, ham armonning kuli sensen.
Tshim chaynab yutar bo‘lsam, dilimning bulbuli sensen.
Xazon bir g‘unchaning g‘olib, muzaffar qotili sensen.
Sensen, sensen — ozorginam, dildorginam sensen,
Biru borim, g‘addorginam, beorginam sensen!..
Notiq she’rni o‘qib bo‘lgach, negadir shoshilib, shiddat bilan minbarni tark etdi, ovozi ulkan tomoshalar tolori bo‘ylab qanot qoqqandek sado berib qoldi: «Biru borim, g‘addorginam, beorginam sensen, sensen!..»
Jasur shoir qahramonga aylanib olqishu chapaklar ostida joyiga qaytarkan, unga peshvoz chiqqanning, qutlagani qo‘l cho‘zganning hisobi yo‘q edi. To‘g‘ri gapga tashnalar ham ko‘p ekan.
Oqsoqol umri mobaynida juda ko‘p xato qilgani ma’lum. Bugun, majlisni yakunlayturib ana shu noxush ro‘yxatni tag‘in bir xunuk xato bilan «boyitdi» desa bo‘ladi. Aslida, Jasur shoirning otashin nutqiyu jarangdor misralaridan so‘ng anjumanni davom ettirish xatarli, Oqsoqol uni naridan-beri yopib qo‘ya qolishi lozim edi. Yo‘q, qo‘rqdi. Boya beixtiyor og‘zidan chiqib ketgan gap uchun qo‘rqdi. O‘sha harom tomiri bu gal ham pand berdi.
— Hurmatli o‘rtoqlar, hozir bu ukamizning jo‘shqin so‘zlarini hayratu hayajon bilan tinglab o‘tirib, ko‘z oldimda marhum do‘stimning unutilmas siymosi gavdalandi. Otashqalbning o‘zginasi-ya, aynan! Qo‘llarini siltab-siltab gapirishlariyam, she’r o‘qishiyam, hatto ovoziyam — xuddi o‘zi! Qiyofasiyam o‘xshashib ketadi. Yo tavba, deyman, odamzod bir-biriga shunchalik ham monand bo‘lar ekan-da! Ammo mening boyagi luqmamni, aftidan, ko‘pchilik to‘g‘ri tushunmadi. Uning tagida boshqa mazmun bor edi. «Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishi kerak edi», dedim, yodinglardami? Ana shunday. Nima deganim edi bu? «Bu gaplarni bir kuni kimdir aytishini biz bilar edik, shuni kutgan edik». Vo, nima demoqchi edim men! Mana, bugun shu gaplar aytildi nihoyat. Unga bizning javobimiz bunday, — dedi Oqsoqol salmoq bilan hay’atda o‘tirgan jo‘ralariga ko‘z tashlab olib va ayni zamonda ulardan madad o‘tinib. — Biz unutilmas do‘stimiz va safdoshimiz Otashqalb shoir hayoti va ijodini bunintdek buzib talqin etishlariga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz! Biz boshda tanlagan yo‘limizdan hech qachon qaytmaymiz! Men bu ukamizni Otashqalbga o‘xshatdim. O‘xshagani yaxshi, mayli, o‘xshayversin. Lekin Otashqalbning taqdiri oqibati nima bilan tugadi — mana bu tomonini ham o‘ylashimiz kerak, hurmatli o‘rtokdar, to‘g‘rimi?
Pastda g‘ala-g‘ovur qo‘pgan, norozi xitoblar, chapaklar eshitila boshlagan edi. Bu yog‘i poyma-poy bo‘lib ketganini hatto Mafkuraxonim ham fahmladi shekilli, Oqsoqolning tirsagidan tutib, qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Fikrlari chalkashib, dovdirab qolgan Oqsoqol titrab-qaqshab uning gapini mikrofonda takrorladi:
— Shu bilan yubileyimizning tantanali qismi tugadi. Kelganinglar uchun rahmat. Hozir — katta kontsert.
Shu tariqa Oqsoqol shoirning so‘nggi bora raislik faoliyati ham sharafsiz, balki sharmandali yakun topdi.
Anjumanni tanaffussiz davom ettirishga qaror qilindi chog‘i, «muhim ish» chiqib shoshib qolgan Mafkuraxonimni kuzatgan kazo-kazolar tezgina kirib, pastdagi oldingi qatordan joy oldilar. Bu orada sahna aylanib, Otashqalbning shiftdan osilib turgan kattakon siymosi kamalak yog‘dulariga to‘ldi, Uning ketidan yuraklarni sel qiladigan jozibali bir ohang taralib, sochi yelkasiga tushgan xipchagina xonanda mikrofon ko‘tarib u yon-bu yon borib kela boshladi.
«Tikanlar ichra balqqan ul
muhabbatning guli sensen…»
Azim tolorni tantanavor bir ruh, chinakam bayram ruhi qamrab olgan edi. Zum o‘tmay, «sen»ning o‘zi ham ko‘rindi, kamalak jilolariga chulg‘anib yengil navozish eta boshladi. O‘ta ommalashib ketgan bu qo‘shiqqa, chamasi, pastda ham kimdir o‘yin tushmoqda ediki, raqqosa ajib bir takalluf bilan uni sahnaga chorlay ketdi. Zinada ajinasimon bir narsa, uning ortidan esa alvastiga o‘xshash boshqasi qora ko‘rsatdi. Ular izidan yosh, munosib izdoshlari — Jiyanbeka…
Qo‘shiq sho‘x pardalariga yetgan, sahnada Ma’shuqaxonim bilan Alvasti bir-biriga qarab beo‘xshov, yarashiqsiz muqomlar qilar, ajabki, dargohi keng xudoyim ahli anjumanga tog‘dek bardosh bergan edi.
«Bu moviy ko‘zlaring so‘zlar,
kushim yetim kabi bo‘zlar…
Olovim ham sen erursen,
ham armonning kuli sensen,
ham armonning kuli sensen…»
Endi bu yerda o‘tirish og‘ir, hatto ortiqcha edi. Endi bu dunyoga toqat qilib-da bo‘lmasdi. Shaytanat, xuddi shaytanat!..
Ko‘z o‘ngida yana o‘sha manzara jonlandi. Keng-katta ko‘cha bo‘ylab u aravachasini yeldirib bormoqda. Ikki yonda baland-baland binolar. Aravacha g‘iddiraklarining g‘irchillashi azamat peshtoklarga urilib, shag‘al to‘kkan misoli bir tarona yaratgan. Ulkan shaharda shundan o‘zga sas-sado eshitilmaydi. Shahar kimsasiz, unda biror tirik jon yo‘q…
Ajabo, tushimi bu yo o‘ngida ko‘rganmi? Ko‘rgan bo‘lsa — qachon, qayerda? Kechadan buyon ko‘z oldidan ketmaydi shu manzara.
Kelishda u poyezddan vaqgi bemahalda tushgan, boyagi manzara kimsasiz shahar bo‘ylab qilgan «sayohati»ning dardmand xotiradagi birmuncha qabariq tasviri edi.
Shundaymikan?..
Musofir muxlis muruvvatpesha qo‘shnilari — yosh yigit-qizga minnatdorlik izhor etgan kabi bir-bir nazar soldi-da, chaqqon bir harakat bilan o‘rindiqdan sirg‘alib tushdiyu ildam emaklay borib, yo‘lak adog‘iga surib qo‘yilgan aravachasiga o‘rnashdi, tirsaklari — «oyoq»larini ishga solib, jo‘nadi.
Endi uni hech qanday kuch to‘xtata olmasdi. Hozir shiddat bilan ikkinchi oshyonning ko‘chaga qaragan ayvonchasiga chiqadi (hali kelayotib ko‘z ostiga olib qo‘ygan), so‘ng… To‘g‘ri, evini qilolmay bir nafas qiynaladi, taraddudga tushadi! Lekin bir umrlik azob-uqubatlar, qiynoqlar oldida bu yog‘i oson, bamisoli halinchak uchgandek, yamisoli mukofot… Yagona tilagi — yo‘lda anovi qattol Ta’qibkorga duch kelmasa bas. Darvoqe, endi duch keddi nimayu duch kelmadi nima!
Hech kim hech gapdan bexabar, tavallud anjumani odatdagidek davom etdi, yarim tunga borib tarqadi.
Xo‘sh, keyin nima bo‘ddi?
…Tepakal divanda horg‘in cho‘zilib yotarkan, o‘zini hozir ming qo‘yli boydek, ming qo‘yli boy nima bo‘pti, undan-da qudratli, har ishga qodir his qilardi. Boyagina u Sirdaryodagi gadoytopmas bir go‘shada ishchilar ta’minoti bo‘limining boshlig‘i edi, endi — kimsan, poytaxtdagi kattakon bir oziq-ovqat trestining xo‘jayini! Tag‘in sal harakat qilsa, bundan-da yuksalishi hech gap emas!
O‘zini toshoynaga solib ko‘z-ko‘z etayotgan Mafkuraxonimga tikilarkan, Tepakal taajjub bilan o‘ylardi: «Tavba, dunyoning ishlariyam chappa-rasta. Chappa-rasta bo‘lmasa, shu qavmga buncha narsaning jilovini berib qo‘yib bo‘ladimi? Axir, bular haligi mahal qulog‘iga sal shivirlab qo‘ysangiz, dunyoda yana bir Oktyabr to‘nta-rishi yasab yuboradi-ku!»
Ular bu eski xilvatxonalarida bundan atigi qirq daqiqa avval uchrashdilar. Entika-entika birin-ketin kirib kelgan oshiq-ma’shuq, diydor ko‘rishilmaganiga ikki-uch yil bo‘lgan, gap yo‘q, so‘z yo‘q, uchrashgan hamo-no bir-biriga chirmasha ketdi: «Tepakali-im!..» — «Mafkurabegim!..»
…Elkasida ulug‘ idoralarning tuhfasi — banoras to‘n, oddida — qalpoq bostirilgan achchiqqina choy, do‘ppisini bir yonga olib qo‘ygan Ajoyib domla qalamini chakkasiga bosgancha teran tafakkurga cho‘mib o‘tiribdi. Bugungi kunga mos so‘z qidirmoqtsa. Yaqinda bo‘lajak ziyolilar qurultoyiga Opaxonning nomidan ma’ruza tayyorlamog‘i darkor. Topshiriq mas’uliyatli! Bugungi anjuman bahona, Opaxon bilan uchrashganlarida u kishi masalaga mutlaq partiyaviy nuqtai nazardan yondashmoq lozimligini yana ta’kidladilar. Ma’qul. Bunday topshiriqlarga «labbay» deb javob bermoq, zamon talablariga mos ohang topib, zimmaga yuklangan har qanday mushkul vazifani do‘ndirib qo‘ymoq-ku — domlaning odatiy yumushi. Ammo hozir davr boshqacha, dolg‘ali keldi qurg‘ur. Anovi jo‘jaxo‘rozning bugungi po‘pisalari, hay-hay!
«Nichevo, — dedi Ajoyib domla odatdagidek g‘ayrat bilan ishga_ kirisharkan. — Bundan battarlarini ko‘rganmiz! O‘sma ketar — qosh qolar, do‘ppi ketsa — bosh qolar».
…Qarib quyilmagan darbon xotin o‘zida yo‘q xur-sand: bugun sahnada hech kim hech kimni ko‘tarib o‘ynamadi! Lekin ertaga uning ahvoli chatoq bo‘ladi — ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragani, ya’ni shundoq hashamatli koshonaga shundoq ulkan anjuman ketayotgan paytda har xil qalang‘i-qasang‘ilar kirib, favqulodda noxush hodisa sodir bo‘lgani uchun u vazifasidan chetlatiladi. Vaqti-zamonida mana shu koshonaning to‘ridagi sahnada qo‘lma-qo‘l bo‘lib yurgan odam, taqdir taqozosi bilan surila-surila eshik og‘ziga kelib qolganidan xabarimiz bor edi, endi u eshikdan tashqariga chiqarib tashlanadi. Bir kuni borib ana shu dongdor sahnada ko‘rsatgan xizmatlarini qo‘shib-chatib hikoya qilib bersa, tirmizak nevarasi uning hasad va o‘sma-surmaning zo‘ridan erta so‘ligan, burishgan aftiga tikilib, «Buvijon, bu ertakmi yo doston?» deb so‘rasa kerak.
…O‘ta mas’uliyatli tadbir chog‘ida ishga sovuqqonlik bilan yondashilgani — anjuman minbarini har turli buzg‘unchi unsurlar egallab olgani oqibatida siyosiy-mafkuraviy qo‘poruvchilikka yo‘l ochib berilgani uchun Ta’qibkor hamda uning shogirdlariga qattiq chora ko‘riladigan bo‘ldi. Shogirdlariga og‘ir hayfsan va boshqa intizomiy jazolar qo‘llanib, Ustozning o‘ziga iste’foga chiqish tavsiya etildi. So‘nggi daqiqada uning partiya va vatan oldidagi fidokorona xizmatlari inobatga olinib, koshonadagi bo‘shab qolgan darbonlik vazifasi taklif qilindi. Ta’qibkor jon-jon deb rozi bo‘ldi. Avvalo, u yo‘llangan joydan hech qachon bo‘yin tovlamagan, topshirilgan har qanday vazifani muqaddas bilib, bekamu ko‘st ado etgan, qolaversa, bu maskanga kirib-chiqayotganlarga ko‘z-quloq bo‘lib turish ham, aslida, chakana lavozim emas. Sirasi, gap — lavozimda deganlar xato qiladi, gap — o‘sha o‘rinda kim o‘tirganida!
…Bu orada yutgan-yutgan Ma’shuqaxonim bo‘ldi: ham o‘zini yana bir bor do‘stu dushman oddida ko‘z-ko‘z qilib xumordan chiqdi, ham yayrab-miriqib o‘yinga tushdi. To‘g‘ri, anovi juvonmarg bugun ham bir oz akilladi. Hay, sadqai sar, sening gaping — mening… Erim nomdoru amaldor deb kerilasanlar, paypoq yuvib o‘tgan kuning qursin sen dimog‘dorlarning. Bitta erdan boshqa nimani ko‘ribsan? Kuyib-tutab o‘llaring, Ma’shuqaxonim yaqinda unvondor ham bo‘ladi, Mafkuraxonning shaxsan o‘zi va’da qildi!
…O‘sha kecha uxlagan odam uxlagandir, Jiyanbeka hayajonu ikkilanishlar og‘ushida to‘lg‘anib chiqdi: «Kim bo‘lsam ekan — vazirga muovinmi yoki Mafkuraxon opamga qarashli sho‘baga mudirmi? Mudirning-ku qo‘li uzun, lekin muovinlik ham chakana emas, nomi zo‘r, ham erkinroq. Madaniy bordi-keldilar bahona, ko‘p narsali bo‘lib qolish mumkin. Kim bo‘lsam ekan-a?..»
…O‘sha kecha mas’ul bir shaxsning qaynotasi bo‘lmish Fan arbobining uyida telefon beto‘xtov jiringlab turdi. «Tabriklaymiz, zo‘r chiqish qilganmishsiz, domla!», «Eshitdik, eshitdik, shoiru yozuvchiman deganlarini og‘iz ochirmay qo‘yibsiz-u, ustoz, qoyilman!», «Gapni qiyib tashlabsiz ammo, yashang, do‘st!»
Vaqt yarim kechaga yaqinlashganda yuksak martabali kuyovto‘raning o‘zi yo‘qlab sim qoqdi:
— Qalay bo‘ldi, dada?
—Qaydam, o‘g‘lim, o‘rtoqlar ketma-ket qo‘ng‘iroq qilib tabriklashayotibdi-ku!
— Dada, o‘sha shoiringizni qamalib chiqqan, deb eshitaman. Oti nimaydi o‘zi?
— Oti… oti… Hozir…
…Temiryo‘l ishchisi — Otashqalbning sobiq saboq-doshi o‘sha oqshom xotinidan ayniqsa zo‘r izzat-ikrom ko‘rdi. Qarang, xotini shu choqqacha qanday odam bilan yashab kelganini bilmas ekan!
…Zahmatkash domla o‘sha kecha yurak o‘ynog‘i bo‘lib, mijja qoqmay chiqdi. Stolda ishi behisob, qo‘lyozmalar qalashib yotibdi — yaqinlashmoqqa esa yuragi betlamaydi. Xuddi oddin bir tazarru aytib, istig‘for keltirib — poklanib olmog‘i zarurdek. Mana, xayriyatki, ko‘p yillik orzusi amalga oshdi — Otashqalbning tavallud anjumani, yaxshimi, yomonmi, harqalay, o‘tdi. Biroq ko‘ngil alag‘da, boshqa ishning boshini tutay yoki yotib dam olay desa, ko‘z o‘ngida nuqul bir manzara jonlanaveradi: qalin qarag‘ayzor chetidagi g‘arib qabristonda g‘aribona mung‘aygan bir qabr. Bir to‘da odam uni zo‘r berib kavlarmish-u, lahmdan g‘ishtdan bo‘lak hech narsa chiqmasmish. Na bir dona suyak, na bir parcha chirigan matoh, na bir tola soch — faqat g‘isht, g‘isht, g‘isht…
…Jasur shoir bugungi zafar zavqidan sarmast, qattiq uyquda. Suyukli xotini boshida o‘tiribdi. U-da mamnun, u-da masrur, bot-bot shoirning boshini — she’riyat jafolariyu turmushning norasoliklarini mardona-mag‘rur yengib kelayotgan toshdan qattiq boshini, shu yo‘lda oqara boshlagan sochlarini mehr bilan silab-siypab qo‘yadi.
Shoir hozir uyquda, mast uyquda. Bugun har qancha huzurlanib uxlasa arziydi — unga halol. Lekin u hali hech gapdan bexabar. Ertadan boshlab u na radioda, na televizorda chiqa oladi. Yaqinda nashr etilishi lozim bo‘lgan kitobi bosmaxonada «sochib» yuborilishidan ham u hali bexabar. Indin uni boshlig‘i chaqirib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishini so‘raydi. «Nega?» «Yuqoridan shunday buyruq bo‘ldi». «Kimdan?» «Yuqoridan!»
Shoir uyquda, mast uyquda. U hozir boshida sochlarini mehr bilan silab o‘tirgan suyukli xotini bir kuni kelib uni tashlab ketishini ham bilmaydi.
Bilganida nima? Shularni bilganidan, shularga tayyor ekanidan bu qismatni tanlamaganmidi! Shoirning hayoti shu, vassalom.
…O‘sha kecha shaharda ikkita sirli hodisa qayd etildi. Biri — Oqsoqol shoirning to‘satdan vafot etgani, ikkinchisi…
Anjuman munosabati bilan hukumat bergan ziyofatdan ertaroq qaytgan Oqsoqol shahar yaqinidagi so‘lim yozlog‘ida, ikkinchi qavatda joylashgan oynavand ravonda, hordiq chiqarish bahona, savat kursida xayolga cho‘mib o‘tirardi. Tomu toshni larzaga solib momaqaldiroq gumburladi, uning ketidan chaqmoq chaqnab, birpasdan so‘ng yomg‘ir ishvalay boshladi. Ko‘klam suvlariga cho‘milgan dov-daraxt noma’lum bir qudratga bo‘ysu-nib, oh urgancha u yoqdan-bu yoqqa chayqalardi.
Shamol zo‘raydimi yo yana momaqaldiroq bo‘lib chaqmoq chaqdimi, ro‘paradagi deraza to‘satdan ikki tarafga sharaqlab ochildiyu og‘ir bir narsa qasira-qusur otilib kirib, naqd oqsoqolning oyoqlari ostiga kelib tushdi. Allaqanday aravacha, unda… unda… Ha-ha, o‘sha, bugun ertalab uchrab, kun bo‘yi tinchlik bermagan la’nati nogironlar aravachasi! Unga qapishib o‘tirgan oyoq-qo‘lsiz tasqara bir vujud, baroq qoshlar ostidan ko‘zlari olovdek yonib Oqsoqolga tashlandiyu bo‘g‘zidan g‘ippa bo‘g‘ib oddi. A-a-a-a-a…
G‘ayritabiiy tovushni eshitib shosha-pisha ravonga chiqqan Alvastixonim cholini ko‘zlari olayib, iyagi tushgan holatda ko‘rdi. «Esizgina, — dedi unga yaqinlasharkan, — yubileyiga bir haftagina qolganda-ya!..»
Keyinchalik Alvastixonimga aylangan Moviyko‘z dilbarga bir zamonlar topshirilgan maxsus tarixiy vazifa, andak poyoniga yetmay, ana shu tariqa xotima topdi.
Jasadni har xil qilib tekshirib ko‘rgan do‘xtirlar «Yuragi yorilib o‘lgan» deb xulosa yasadilar.
Sirli hodisaning yana biri shu ediki, ertalab koshonani aylanib ko‘zdan kechirayotgan ko‘riqchi yon tarafdagi ayvonchalardan birining tagida g‘alati ashyolarga duch keldi: yarg‘oq quloqchin, bir tutam qo‘sqi sochmi-soqol, isqirt paxtalik, yag‘iri chiqqan cholvor, bir poy etikning qo‘nji… Bir poyi tepada — daraxtning shoxida. Unda yana bir tutam sochmi-soqol ham ilinib qolgandek.
Hammasidan qizig‘i — paxtalikning cho‘ntagidan kecha mana shu koshonada tavalludi nishonlangan, yarim asrcha burun olis sovuq o‘lkada halok bo‘lgan marhum shoirning hujjatlari chiqdi.
Shahardagina emas, butun mamlakatda shov-shuv qo‘zg‘agan bu hodisani tegishli tashkilotlar ham hech qanaqasiga sharhlab bera olmadi.
Otashqalb shoirning tavallud anjumani ana shunday o‘tdi.
1994

* * *

Bu asarning qo‘lyozmasini o‘qigan ehtiyotkorroq bir do‘stim «O‘zini bilgan-bilmagan birortasi g‘alva qo‘zg‘ab yurmasmikan?» degandek ishtiboh bildirgan edi. Shu gap sababmi, qo‘lyozmani talay yil tashlab ko‘ydim. Ushbu kitobni nashrga tayyorlayotganimda, ittifoqo, ish stolim g‘aladonidan o‘zi chiqib qoldi. O‘qib ko‘rdim, nazarimda — «to‘yga borgudek». Albatta, asardagi voqealar osmondan olib yozilmagan, ul-bul turtki bo‘lgan. Albatta, o‘sha davr adabiyotiga xos jangariroq bir ruh bor unda. Lekin badiiy asar kimnidir ranjitish yoki fosh etish maqsadida yozi,shasligi ma’lum. Shunday deb o‘ylagan odam esa — yo adabiyotdan yiroq, yo… o‘zidan ko‘rsin. Qolaversa, yaqinda bu qo‘lyozma bilan tanishgan yana bir do‘stimning gapi menga nash’a qildi ham dalda bo‘ldi. «Nega shu choqqacha chiqarmay yuribsiz?— dedi u. — Badiiy asar-ku bu!»
Muallif