Xabar keldiki, bobomiz chorlayotganmish. Hammani: o‘g‘illarini, qizlarini, nevara-chevarayu boshqa-boshqalarni. (Biz oxirgisiga kiramiz.) Ikki-uch oydan beri shiftga tikilib yotgan banda boshiga odam to‘pladimi, bilavering, masala hal – rozi-rizolik!
Bemor degandek bo‘ldigu lekin shu choqqacha boboning boshi yostiqqa tegmagan-da. Huv, ishlab yurgan yillari zavod qoshidagi omonat shifoxonada ikki kungina yotib chiqqani bor. Qovun yoqmay qorni og‘rib qolgan. O‘shanda yostig‘i ostidan bir hovuch hapdori topilgan ekan. Ana shunday, u kishi na dorining ta’mini biladi, na shilingan bilagiga “zelyonka” surtib ko‘rgan. Ukol desa-ku bir chaqirim nariga qochadi. “Yuzga kirmagan – nomard!” deya chapanichasiga kerilardi chol yaqin-yovuqlariga.
To‘qsonlarni pisand bilmay hatlagan shu odam bugun endi barchani qoshiga chorlayotir. Parvona bo‘lib boshida o‘tirgan mehribon kenjasining (hammani xabarlagan shu) aytishicha, “Dunyosidan zerikib ketdim, qizim! – deganmish yota-yota. – Yetmishdan keyingisining qizig‘i yo‘q ekan o‘zi. (Shu gap farzandga andak botibdi, “Oyingdan keyingi umrning” deyilishini kutgan-da u. Bobomiz esa xiyla errayim: umr masalasiga xotin-xalajni aralashtirgisi kelmaydi.) Men-ku men, ana, Fidelday odam ketdi-ku dunyodan!..”
Bobo yaqinda olamdan o‘tgan Fidel Kastroni nazarda tutgan. “Ozodlik oroli”ning umrzoq dohiysini. Buning tarixi bor, albatta. Bobomizning to‘ng‘ich o‘g‘li bir vaqtlar harbiy xizmatni o‘sha olis orol tomonlarda o‘tagan. Qism komandirining mashinasini haydagan. O‘sha kezlar cholu kampir televizorning tagida o‘tirib olgancha xalqaro ahvolga doir diydiyolarni tinglayverib, uncha-muncha jaydari sharhgo‘yga “kisht” deydigan bo‘lib qolishgan edi. Aksiga deng, urush-janjal ham, to‘fonu to‘zonlar ham negadir o‘sha orolning tevaragida kechardi. “Vremya”dagi vahimalardan so‘ng ko‘pincha kampirning qon bosimi ko‘tarilib ketar, “adelfan” degich arzandani qidirib qolishar edi.
Ul bezovta orolni gird-atrofdagi nodo‘stlardan muhofaza etib yurgan yillari bir kun Baxtiyorni mashinada qoldirib, polkovnik xo‘jayini allaqaysi muassasaga kirib ketadi. Baxtiyorimiz tushib yo‘l chetida sigara tutatib tursa, bir mahal to‘rtta qora mashina qatorlashib kelib yonginasida to‘xtaydi. Ularning biridan kim tushibdi deng? Topolmaysiz, topolmaymiz – komandante Fidelning shaxsan o‘zi! Shoshib qolgan askar yigit sigarasi cho‘g‘ini boshmaldog‘i bilan ezib o‘chiradiyu cho‘ntagiga tiqib, tik qotadi. Otashin inqilobchi hamisha harbiy libosda yurmasmidi, yigitimiz beixtiyor kaftini chakkasiga tirab “salom” beradi. Uch-to‘rt mulozimi qurshovida yaqinlashgan Kastro ham salomga “alik” qilib qo‘yadi va yonidagi havaskor tarjimon orqali sovet soldatidan qayerlik ekanini so‘raydi. Ammo javobdan qoniqmay, “Yo‘q, SSSRning qaysi respublikasidansan?” deydi. “O‘zbekiston”ni eshitgach, kelib uni ikki kiftidan quchadi-da, so‘ng qulochini keng yozib, “A-a, Tashkent, Tashkent! Rashidov!” deydi xushvaqtlik ila. Keyin esa Toshkentga kelganida ko‘rgan-bilganini ta’riflay ketadi. Bu tafsilotlar dovdirab turgan Baxtiyorimizning qulog‘iga kirmaydi, albatta. Xizmat muddati qachon bitajagigacha qiziqqan dohiy dabdurustdan “Oilada necha farzandsizlar, otang nima ish qiladi, u necha yoshda?” deya savol yog‘diradi. Otasining tavallud sanasini aytganida, “O! O!” deb taajjubli xitob qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, otasi u bilan tengdosh, bir yilda tug‘ilgan ekan. Ketar chog‘i komandante yonidagilarning biridan olgan sirtida o‘zining dunyoga mashhur sumbati aks etgan zarhal bog‘ichli sigara qutisini Baxtiyorga tutqazarkan, “Otangga salom aytib qo‘y! Albatta!” deydiyu mulozimlarini ergashtirib nariroqdagi bino ortiga o‘tib ketadi.
Kutilmagan bu uchrashuvdan taxta bo‘lib qolgan Baxtiyor xo‘jayini oldiga kelganini ham sezmaydi.
Chap cho‘ntagining cho‘g‘dan o‘yilgan teshigini-ku amal-taqal ko‘klab oldi, biroq kuygan boshmaldog‘i necha kun jizillab azob berdi. Polkovnikniki bulardan oshib tushdi, necha kun tergab yurdi: u nima deb so‘radi, sen nima deb javob berding?
Shu-shu, bobomiz Fidel Kastroga tengdoshgina emas, baayni safdosh bo‘ldi-qoldi. Uncha-muncha omiroq odam duch kelganida, “Anuv Kubaning podshosi bor-ku, soqolli, zo‘r, o‘sha bilan bir kunda (“bir yilda”si qolib) tug‘ilganmiz! – deya shishinib ketardi. – Bizga salom ham yuborib turadi. Ishonmasangiz, ana, Baxtidan so‘rang”. Shu gap bilan yo‘q guvohni topmoqchidek yon-veriga qidirinib ham qarardi.
Bir safar yo‘qlab borsak, ozib-to‘zib qoq suyakka aylangan bemorimiz boshyalang, yoqasiz yengil oq ko‘ylakda xuddi anovi jonsaraki jahon Mahatma Gandiga o‘xshab o‘tirgan ekan. Aytmoqchi bo‘ldigu telba o‘qqa uchib qurbon bo‘lgan tag‘in bir dohiy qiyofadoshini eslatib, keksa kishining ko‘nglini buzgimiz kelmadi.
Xudolig‘ini aytganda, chol yomon yashamadi. O‘sha ko‘pirma qon bosimlari kasriga kampiri andak barvaqt qaytish qilganini aytmasa, o‘g‘illar joy-joyida, qizlar joy-joyida. Beshalovidan to‘rtovi allaqachon nafaqa yoshiga yetgan. Ammo ko‘tarasavdoni xush ko‘radigan bobomiz hali oltmishdan beriroqdagi kenjasini ham qo‘shib, “Beshalasiyam pensioner!” deb yuboraverardi tap tort-may.
Umuman, u kishining maqtovga suyagi yo‘qroq edi. Baobro‘ bir zavodning tomir-tomirlaridan sanalib topgan izzat-e’tibori kamlik qilib qolarmidi, goh “yo‘ldan qo‘shilgan” tengdoshi Fidelning nomini tutib, goh to‘qson yashar mo‘ysafid, qo‘lida kapgir, nevara-chevaralariga palov yasab berib, evaziga maqtov kutib o‘tirar edi. Nevaralardan birortasi so‘roqsiz To‘ytepaga borib kelganini eshitsa bormi, “Nega buvasidan duo olmay ketadi!” deya besh kun g‘alva qiladigan izzattalab odam tantilikka qolganda tanti, mardlik desangiz chin mard edi. Farzandlar ardog‘ida taltayib, yiqqan-terganini duch kelgan joyda sarflab yuboraverardi. Yaqin-atrofda qurdoshi qolmagan, machitga qatnab orttirgan yosh-yalang bilan bab-baravar ulfatchilik qilar, ular bir bor cho‘ntak kavlaganda cholning hamyoni doim o‘rtada edi. “Zo‘rsiz, otaxon!” deyilsa bas!
Ana shunday davru davron surib yurgan kishi dunyoning narigi burjidagi dohiy tengdoshining abadiyatga qulaganini eshitdiyu dabdurustdan ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Yuzni ko‘zlab yurgan pirimard! “Ha, qanday burga chaqdi, otaxon?” degudek bo‘lsangiz, javobi tayyor: “Fidelday odamki!..”
Chorlangan barcha: o‘g‘illar, qizlar, nevara-chevarayu boshqalar (shu jumladan biz ham) qatorlashib rozi-rizolik marosimiga bordik. Tabiiyki, bunday chog‘da hamma g‘amgin, motamsaro, har holatga tayyor, kiyim-bosh ham shunga mos siporoq – aytib bo‘ladimi?! Tabiiyki, bunday chog‘da odamning xayoliga bir xil manzara keladi: hovli tumonat, yig‘i-sig‘i…
Kirib borsak – hammayoq suv quygandek jimjit, kimsa ko‘rinmaydi. Bunisi battar vahimali tuyular ekan. Haytovur, to‘rdagi imoratdan bemorning boshida o‘tirgan peshonabog‘li mehribon qiz chiqib keldi. Biz bilan xijolatomuz iljayib ko‘rishdi.
Iya, nega tinchlik?
Bobomiz haligina machitga chiqib ketganmish!
Mehribonning aytishicha, rozi-rizolikning kattarog‘ini olmoq bo‘libmi, hammadan avval to‘ng‘ich o‘g‘il Baxtiyor kelibdi. Otaning og‘zidan hamishagi “Fidelday odamki…” degan gap chiqishi bilan daf’atan boshmaldog‘i cho‘qqa tekkandek, lovullab ketibdi u.
“Dada! – deganmish. – Fidel, Fidel deysiz, uni siz emas, men ko‘rganman-ku! Fideldan salomni men olib kelganman-ku sizga! Fidel o‘lgan bo‘lsa o‘lgandir. U axir inqilob qildi, xalqini ozodlikka olib chiqdi, hammangni baxtli qilaman deb laqillatib ellik yil qimirlamay taxtda o‘tirdi! Oqibati mana – xalqi qaqshab, qashshoqlikda yotibdi! Shuncha savdodan keyin o‘lmay nima qilsin odam?! Lekin sizga nima ekan?!”
Chol yotgan joyida bir nafas unga tikilib qarabdi-da, “He, pad-daringga!..” deya asta to‘shagidan qo‘zg‘alibdi, devordagi qizi dazmollab qo‘ygan ohorli yaktakni egniga ilib, chiqib ketibdi. Baxtiyor izidan poylab borsa, machitga kirib ketganmish…
Shundan so‘ng bobomiz tag‘in ikki yil sog‘-omon yurdi.
“Anuv kasofat sersoqol yana uch-to‘rt yil turib berganida dadam aniq yuzga kirardilar-a!” deb qo‘yadi Baxtiyor gohida o‘kinib.
“O‘zAS”, 2019 yil, 23-son