Ibrohim Islomovga
Uni ko‘rmay o‘tib ketishi hech gap emasdi. Kech edi, qorong‘i edi. Mashinani katta tezlik bilan haydab borar, ko‘zi yo‘lda, xayoli ham parishon edi.
Kech edi, korong‘i edi, lekin uni ko‘rdn, daf’atan ko‘zi ildi. «Obbo, — dedi ichida, — bularning uyasiga bir balo oralaganmi? Beshinchisimi bu, oltinchisi? Oltinchisi shekilli, oltinchisi! Chorak soat ichida oltitasi uchrabdi-ya! Yo‘lning chetida cho‘nqayibgina o‘tiribdi, bemalol. O‘tiribdi, bemalol?!»
U shartta tezlikni pasaytirib, orqangi chiroqlarni yoqdi, bir zumga o‘girilib qaradi: kech, qorong‘ilik.
So‘ng mashinani o‘ttiz-qirq qadamcha tislantirib bordi-da, chiroqlarini yo‘lning so‘l yoqasiga to‘g‘riladi Ha, o‘tiribdi! Tulki. O‘zginasi. Ana, ko‘zlari yonadi, mushuknikidek. Chiroqqa bir seskangandek bo‘ldi-yu, yana o‘sha alfoz pinak buzmay o‘tiraverdi.
U ajablanib signalni bosdi. Jonivor bezovtalandi, quloqlarini chimirgancha bir-ikki bor qo‘zg‘alib qo‘ydi, keyin sehrlangan kabi yana qotib qoldi «Tavba, tamakizorni oralaganmi bu?!»
Motorni o‘chirdi, mashinadan tushib asta unga yaqin bordi. Tulki hamon qimir etmasdi. Qo‘rinishi juda xarob, aftodahol: eti suyagiga yopishgan, yarg‘oq terisini bukilgan boshmaldoqdek turtib chiqqan yelkalari tuksiz — oqarib turibdi. Sharpani sezdimi, tanasi allanechuk junjikkanga o‘xshadi, buralib yotgan paxmoq dumi bilinar-bilinmas titrab ketdi. Ammo joyidan jilmadi.
Hayrati oshgancha u bir lahza ikkilanib turdi («Nima jin urgan buni? Yoki ayyorlik qilyaptimi? Tulki-da, kasbi»), so‘ng oyog‘ining uchi bilan avaylabroq dumini bosdi. Jonivor zaif, madorsiz irillab olg‘a siltandi, tuzokdan qutulishga urindi. Gavdasi ichak misol cho‘zilib, qiltillabgina joyidan turdi ham. Turdi-yu, oldingi bir oyog‘i yerga tegmay shalpillab qoldi: tizzadan pasti keliga solib tuyilgandek majaq, majruh edi.
Dumi xalos bo‘lgach, tulki yana boyagidek cho‘nqayib oldi.
«E, sho‘rlig-e, aybing bor ekan-da, bunday yotibsan. Qopqondan qochdingmi yoki mashina-pashina urib ketdimi? Balki g‘animing g‘ajib tashlagandir? Tulki bo‘lsang ham tajribang yo‘q ekan-da hali, tajribang!»
U «Moskvich»ning yukxonasini titkilay-titkilay, benzin hidi anqib turgan uvada bir chopon topib keldi. (Bolaligidan qolgan odat: hatto xonaki hayvonlardan ham irganadi, kuchuk yoki mushukka qo‘li tegib ketsa, darhol sovunlab yuvishga tushadi. Uylariga amma-xolalari kelganda-ku, «Bir o‘pay, aylanay», deya ketidan yugurib sarson bo‘lishardi. «Betimni harom qilasiz!» deb dod solardi u. Shundan, o‘zi qoracha bo‘lsa-da, hamma uni «Oppoqvoy» deb chaqirardi.) Orqasidan pisib tulkini shappa choponga o‘radi-da, olib kelib yukxonadagi ashkol-dashqollar orasiga joylashtirdi. Kopqoqni berkitayotganida tulki bir-ikki g‘ingshidi-yu, keyin jimib qoldi. «Erkalik qilishlarini! Qo‘rqma, pastda havo kiradigan tuynukchalar bor, dimiqib ketmassan!»
Mashina yo‘lga tushdi.
Bularning uyasiga bo‘rimi yoki shunga o‘xshash bir jondor oralagan-ov. Ona tulki boshliq hammasi jontalvasa har yoqqa tirqirab qochgan. Tetikroqlari daryo bo‘yidagi qamishzor tomon yugurgan, qolgani bu yoqqa — katta yo‘lga qarab juftak rostlagan. Birin-ketin beshtasi yo‘lni kesib o‘tdi-ku. Bu sho‘rlik esa, tajribasizlik qilganmi, qonidagi tabiiy ehtiyotkorlik bir zumgina pand yeganmi, qorong‘ini tilkalab kelayotgan chiroq nurlariga mahliyo bo‘lib, o‘zini g‘ildirak tagiga urganini bilmay qolgan. Ha, shunday bo‘lgan. Mana endi, oyog‘idan ajrab, taqdirga tan bergan kabi yo‘l yoqasidagi shag‘alda navbatdagi mo‘jizani kuti-ib o‘tiribdi. Bu yerda-chi, mo‘jiza ko‘p, mo‘jizakorlar ko‘p!
Yo‘lida tulki uchragan odamning ishi o‘ngidan kelarmish! Bunday ekan, shu olti tulki unta ertalab — yo‘lga chiqkan chog‘ida uchrasa kima qilardi?! Ishi olti barobar o‘ngidan kelarmidi?
Termizga u avtokolonnaga ajratilgan ehtiyot qismlarni rasmiylashtirish uchun borgan, ammo ishi bitmay, xunob bo‘lib qaytmoqda edi. Bir uy xotin-xalajning orasiga tushib gangib koldi. Har yoqdan gap otib shoshirib qo‘yishdi. Nimani so‘rashdi, o‘zi nima javob qildi — bilmaydi. Hiringlashgani hiringlashgan.
Hammasining oldida bir uyumdan qog‘oz, mo‘jazgina hisoblash mashinkasi, qahva ichiladigan mitti finjonlar. Hammasining qo‘lida olma — kavshab o‘tirishibdi. «Yangi ta’minotchimiz siz ekansiz-da? Yoshsiz-ku juda? Bosh mexanik edingiz shekilli?» deydi kaftidagi oynachaga qarab lab-lunjini har maqomga burib ko‘rayotgan juvon. «Iloji yo‘q, yigitcha, — dedi to‘rdagi stolning bekasi, yoshi o‘tinqiraganroq ko‘zoynakli ayol qog‘ozlarini qaytib qo‘liga tutqazarkan. — Xarajatlaringiz ortib ketibdi. Direktor yoki bosh injener bilan gaplashmasangiz bo‘lmaydi». Uning yonida o‘tirgani O‘rin shipirmani so‘radi, «Bechoragina!» deb achingan bo‘ldi, keyin og‘zidan bol tomizib ta’rifladi. Xonadan chiqayotganida bittasi qo‘lidagi qizil elik yuqi qolgan olmani ko‘rsatib, «Sizlar tomonda juda shirin bo‘larmish-a?» deya ma’nodor iljaydi.
Uni ana shunday g‘alati hiring-hiring bilan kuzatib qolishdi.
Direktor Toshkentda ekan. Bosh injener trestga ketibdi. «Tushdan keyin kelsalar kerak», dedi kotiba qiz. Kutishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Hovliga chiqib, yaproqlarini shira bosgan tol tagidagi korjoma kiygan bir to‘p odamga ko‘zi tushdi, borib ularning gurungiga quloq tutdi. Ariq labida chordana qurgan cho‘tir yuzli keksaroq kishi latifaga usta ekan. Kuldirib hammaning ichagini uzadi-yu, o‘zi tishining oqini ko‘rsatmaydi.
Keyin o‘shalarga qo‘shilib hovli etagidagi oshxonada tushlik qildi. Latifago‘ylik ovqat ustida ham davom etdi. Oshxonadan chiqqach, qornini silay-silay hamma o‘z yumushiga ketdi, u bosh injenerning huzuriga oshiqdi. Kotiba qizning aytishicha, hozirgina telefon qilibdilar. Obkomda ishlari bor ekan, bugun kelolmasmishlar.
Boshi qotib o‘ylanib qoldi.
«Yangi ta’minotchimiz siz ekansiz-da? Yoshsiz-ku juda? Bosh mexanik edingiz shekilli?»
«O-o, O‘rin Jumayevich! Ana ta’minotchi, ana odam!» Elik yuqi qolgan olma, «Sizlar tomonda juda shirin bo‘larmish-a?»
Qaytdi. Quruq qaytdi, pushaymon bo‘lib qaytdi.
Mashina chiroqlari avval yo‘l bo‘yidagi «Jonivorlarni asrang!» deb yozilgan, sinf doskasidek keladigan marmar lavhani, so‘ngra qizg‘ish toshdan tiklangan ulkan supa ustida oldingi oyoqlarini baland ko‘targancha tog‘ tomonga intilib turgan kiyik haykalini yoritdi.
Sakratma dovonining tepasi. Shofyorlik kezlari uzoqdan qaytayotganida doim shu yerda bir nafas to‘xtab, chekib olishga odatlangan edi. Mashinani yo‘ldan chiqarib, to‘xtatdi. Tushdi. Tog‘ tarafdan g‘ir-g‘ir iliq shabada esadi. Ko‘kda yulduz ko‘rinmaydi. Yulduzlar pastga, tog‘u adirlar qo‘ynida yastangan rayon markaziga ko‘chib tushgandek. U, kiyik poyidagi supaga suyanib, ana shu «yulduzlar»ga xayolchan tikilgan ko‘yi sigaret tutatdi. Bugungi yugur-yuguru tashvishlari esidan chiqkandek bo‘ldi. Doim shunday, Sakratmaga kelib bitta chekadiyu yo‘l charchog‘i butunlay yozilib; o‘zini bmrdan tetik, betashvish sezadi. Ishi unmay qaytayotgan bo‘lsa-da, ko‘ngli hozir allanechuk ravshan, xotirjam edi.
O‘ljasi yodiga tushdi, sigaret qoldig‘ini olisga chertib, mashina tomon yurdi. Yukxona qopqog‘ini xiyol ko‘targan edi, qitir-qitir tovush, tulkining irillagani eshitildi. «Tirik, kelyapti,— dedi ichida bir qanoat bilan qopqoqni qaytib tushirarkan. — Lekin yangi kameraning dabdalasi chiqdi-yov. Yana nima bor edi?»
E, shuni nega oldi o‘zi? Nima qilardi sog‘ boshiga saqich yopishtirib? O‘limtikkina narsa ekan, ko‘rinishi ham bir ahvolda, buning ustiga — cho‘loq! Qayerga olib boradi? Kimga kerak bu? Qo‘yib yubora qolsa-chi?
Ko‘zi qiymadi. Azza-bazza shuncha joydan olib kelib-a? Axir, bu ham xudoning bir maxluqi, yordamga muhtoj maxluq. Ana, «Jonivorlarni asrang!» deb yozib qo‘yishibdi, jonivorga haykal o‘rnatishgan!
Shofyor og‘aynisini eslab, quvonib ketdi: «Ismoilga olib boraman! O‘shandan biror maslahat chiqar, ov-povga ishqiboz, gapirgan gapi — bo‘ri, tulki».
Ismoil darvozasi og‘zidagi, yerga cho‘kkan tuyadek bahaybat to‘nkada chordana kurib o‘tirgan ekan. Mashina chiroqlari ko‘ziga tushib, hay-haylagancha ikkala qo‘lini baland ko‘tardi. Keyin choponi barlarini qoqa-koqa kelib ko‘rishdi, og‘zida nos.
— E, Shamad! Teymijdanmi? Bo‘yimi, tuyki?
— Tuyki,— dedi kulib Samad.
— Yoshtdanmi? Yeshshor ham boymi? — U mashinasining g‘amida edi: ressori singan.
— Og‘zingdagini tupursang-chi! — dedi Samad ensasi qotib.— Bo‘lmadi. Na ressor, na boshqasi. — So‘ng mashinaga ishora qildi: — Senga tulki olib keldim.
— Chatoq bo‘pti. Xabaring bor, ikki haftadan beri bir tomonim bilan yuribman, — dedi Ismoil uning gapiga beparvo, o‘zining dardini cho‘zib. — Bir qarindoshimiz to‘y qilyapti, jo‘ra. Bormasa bo‘lmaydi: bizning to‘yga kelgan, xesh-taborchilik, ko‘z ko‘zga tushadi. Shopir ham odam, u ham onadan bir marta tug‘iladi. Odamgarchilik kerakmi, kerak. Bugun uch marta Sho‘rchiga qatnadim. Bir yog‘im qiyshaye-eb. Charchab o‘ldim, qimirlashga mador yo‘q. «Nima qilsam eka-an?» deb kallaga zo‘r berib o‘tirgan joyim. Kelganing yaxshi bo‘ldi-da, birga boramiz. Ha, uyga kir avval. Yo xo‘jayin bo‘lib oldim deb bizning kulbalarni pisanding ilmaydimi? Xo‘jayin bo‘lib ressor undirib kelolmabsanu!
Uning sergapligi Samadning toqatini toq qildi:
— Senga tulki olib keldim, deyapman!
— Qanaqa tulki? Tulkingni boshimga uramanmi?!
Birdan Samadning hafsalasi pir bo‘ldi. U tulki degan gapni eshitib. Ismoilning ko‘zlari chaqnab ketishini qutgan edi. Ismoil esa parvo ham qilmadi, hatto «Tulkingni boshimga uramanmi?» deyapti!
Samad uni mashina tomon boshlarkan, chor-nochor o‘ljasining tarixini aytib berdi.
— Bor-yo‘g‘i oltita ko‘ribsan-da? Men bir safar ketma-ket yigirma uchtasini sanaganman yo‘lda! Ko‘z oldimdan xuddi podaday suruvlashib o‘tgan. Tulkilar podasi! — deya tag‘in o‘z tajribasiga murojaat qildi Ismoil. — Qani, ko‘raylik-chi olib kelgan matohingni! Samad yukxonaning qopqog‘ini ko‘tararkan, hadiksiragandek chetlanibroq turdi. Ismoil engashgan ko‘yi bamaylixotir qo‘l suqib, tulkini bo‘ynidan g‘ijimlab oldi-da, derazadan tushayotgan shu’laga tutdi. Tulki sog‘ oyoqlarini tipirlatgancha og‘zini katta ochib irilladi. Ismoil uni zavq bilan qo‘lida aylantirib ko‘ra boshladi — na irganadi, na cho‘chiydi!
— E, buning mushuk boladay narsa-ku! — dedi qiyqirib. — Bolasi ekan-da, bolasi. Qara, tullab ketibdi. Dum ham sichqonnikidan farqi yo‘q. Saraton, ayni tullaydigan payti-da bularning. E jonivor-e, tovuqlarni qanday tirqiratasan endi bu oyoq bilan? — So‘ng uni qaytib yukxonaga qamarkan: — Bekor qipsan, jo‘ra, — dedi. — Qo‘ygin edi, yursin edi dala-dashtda, davrini surib. Ana keyin bir kun paymonasi to‘lganda qopqonga tushardi-qo‘yardi. Bu ahvolda kimga kerak deysan?
— Cho‘loq-ku, kanday davrini suradi? Rahmim keldi-da.
— Tulkini bilmas ekansan. U lyuboy do‘xtiringdan zo‘r. Anavi Qodir tulumning xoda yutgan o‘g‘lidan ham! Kerakli o‘tnimi, giyohnimi topib yeydi — tamom-vassalom. Bekor qipsan, jo‘ra!
— Qo‘yib yuboraylik bo‘lmasa? — dedi ikkilanib Samad.
— Xo‘sh-e! Keyin akang butun mahalla-guzarga tovuqtovon to‘lab yursin, shundaymi? Sog‘dir, cho‘loqdir, baribir tulki-da, tulkiligiga boradi.
— Nima qilay bo‘lmasa, ayt, axir! — Ismoil atayin g‘ashiga tegayotgandek tuyulib, Samadning jahli chiqdi. Boyagi o‘lja hozir uning uchun qutulib bo‘lmas bir dardisarga aylangan edi. — Qaytib joyiga tashlab kelaymi?
— Yo‘q, — dedi tadbirkor Ismoil. — Buni Dorob Nazarovichga sovg‘a qilamiz!
— Dorob Nazarovich? Anavi o‘t o‘chiruvchilarning kattasimi? Bog‘ning orqasida turadigan? U nima qiladi buni?
— E, sen uni bilmaysan! — deya jaydari gurungga ishqiboz Ismoil endi Dorob Nazarovichni ta’riflashga tushdi: — Zo‘r mergan-da ukkag‘ar. Uchirib otadi. Birga ko‘p ovga chiqqanmiz. Silva degan iti ham bor. «Bo‘ridan aynigan, o‘zim qo‘lga o‘rgatganman», deydi, qaydam. Ovga mototsikl minib boradi. Qo‘lidan kelmaydigan hunar yo‘q hisobi. Hayvonotga o‘chligini ayt. Hovlisi-ku zooparkka o‘xshaydi. Kaklik deysanmi, hilol deysanmi — bari topiladi. O‘ziyam bitib ketgan-da. Uyini ko‘rganmisan? Bilmayman, buncha mol-dunyoni nima qiladi. Bir o‘ziyu baqirib gapiradigan galdir xotini. Bola-chaqasi yo‘k bechoraning. Siqilganidanmi, bekorchilikdanmi ovunadi shekilli-da. Pojarniyning ishini bilasan-ku! Lekin karabini zo‘r-da ukkag‘arning! «Urushdan olib kelgan», deyishadi.
— Karabini ham bormi? Shu Dorob Nazarovichning-a?
— E, uning pushkasi ham bor!
— Tulkini nima qiladi?
— Tulkini? Oboraylik-chi. Kerakdir-da. «Tulkim o‘lib qoldi», deb yig‘lab yurgan edi qaysi kuni. Davolab olar. Govmishlarini o‘zi operatsiya qiladi-yu! Bo‘pti, men kiyinib chiqay. Uyga ham kirmading, ha, mayli. Lekin shart shu: keyin men bilan to‘yga borasan! Xo‘pmi? Bilasan-ku, qarindoshchilik yomon narsa, bir umr o‘pkalab, teskari qarab yuradi. Samad ko‘nishga majbur bo‘ldi.
Dorob Nazarovichning serhasham temir darvozasi oldida uzoq turib qoldilar. Qo‘ng‘irog‘ini bot-bot bosib ko‘rdilar: Ismoil yerdan tosh olib, darvozani kattiq-qattiq qoqdi, Samad cho‘zib-cho‘zib signal berdi. Ichkarida it — Silva bo‘lsa kerak — vovulladi; hovli etagida nimaningdir taraqlagani, tovuqlarning basma-bas qag‘illagani eshitildi. Biroq hech kim eshikka yaqin kelmadi. Diqqat bo‘lganidan oshnasi Dorob Nazarovich, uning temir darvozasini, ko‘rg‘ondek hovlisini, vovullagan itiyu qag‘illagan tovuqlarini qatorlashtirib so‘kkan Ismoil oxiri tor ko‘chaning narigi betidagi tolga tirmashib, baland devorlar osha ichkariga mo‘raladi.
— Chiroq ko‘rinmaydi,— dedi tushib kaftlarini bir-biriga urib qoqarkan.— Nima balo, avvali oqshomdanoq yotib olishganmi? Bola-chaqang bo‘lmagandan keyin shu-da, jo‘ra. Yoki xotini yurtiga ketganu o‘zi uyda zerikib, postda qolganmikan? Ha, shunday bo‘lishi kerak. Yur-chi, o‘sha yoqqa boraylik.
O‘t o‘chiruvchilar idorasi rayon markazidan chiqaverishdagi soy bo‘yida. U yerga kirib borganlarida keng hovlining o‘rtasida, o‘rik tagidagi pastak so‘rida besh-olti yigit maykachan bo‘lib olib domino o‘ynash bilan band, daraxtzorga yaqin joydagi o‘choqda lang‘illab olov yonar, yo‘l-yo‘l jelak kiygan, soqoli cho‘ltoq supurgiga o‘xshash ko‘k ko‘z chol, qo‘lida kaftgir, qozon tevaragida aylanib yurar edi.
— Oshxo‘rlik! — dedi Ismoil shipshigandek qilib. — Shularga maza-da, hammayoq yonib kul bo‘lganda yetib borishadi. Qolgan vaqt — dominoyu oshxo‘rlik!
U o‘choq tomon yurib, sho‘x shovqin solgancha: «Qalaysiz, Eshon?» deya qo‘l berib chol bilan salomlashdi va Dorob Nazarovichni so‘radi.
(Hovlisiga yondosh shu joyda g‘imirsib yurib kunini kech kiladigan bu odamni kattayu kichik hamma «Eshon» deb atardi; uning oti shundaymidi yoki zotimi — Samad bilmasdi.)
— Kattakonmi? — dedi Eshon o‘choq og‘zida tutab yotgan tarashani kalishining uchi bilan turtib ichkari kiritarkan. — Katta-a toqqa ketganlar. Chag‘atda asalarilari bor-da, shundan xabar olgani.
— Biz unga tulki olib kelgan edi-ku?
— Tulki? — dedi Eshon olovdan ko‘zini olib: — Qandaychigin tulki?
— Tirik tulki! Uyiga borsak, hech kim yo‘q.— Cholning afti tirisha boshlaganini ko‘rib, Ismoil topqirlik bilan ilova qildi: — O‘zi so‘ragan edi.
— O‘zlari so‘ragan bo‘lsalar, hay, tashlab keting, — deya noiloj taslim bo‘ldi Eshon. — Lekin bu yerda… Huv palakni ko‘ryapsiz…
Ismoil u yoq-bu yoqka alanglab, yon-veriga kizil chelagu belkuraklar osig‘liq, sandiqsimon katta yog‘och qutiga ko‘zi tushdi
— Anavining ichida nima bor? Yong‘inlardan qolgan kulni solib qo‘yadigan qutilaring shu emasmi? — dedi u hazillashib. — Sizlarning ham qilgan ishlaring ko‘rinib turishi kerak-ku, axir! Bo‘lmasa nima bilan isbotlaysizlar — oshxo‘rligu dominobozlik bilanmi?!
Eshon bu gapga kulishning o‘rniga xo‘mrayib oldi.
— Bo‘sh, hech nima yo‘q.
— Qopqog‘i bordir?
— Orqasini qarang.
— O‘sha yerga qamab qo‘yamiz-da, Eshon, maylimi?
— Hay, qamang. O‘zingiz bilasiz. — Chol sovuqqina ko‘l siltab, o‘choqqa o‘t qalashga tutindi.
Tulkini ko‘rib so‘ridagi dominobozlar chapparastasiga gap ota boshlashdi:
— Dorob akaga ovunchoqmi bu, Ismoil?
— Yo‘q, tovuqlariga qorovul!
— Qorovul cho‘loq bo‘larkan-da, bizning Eshon butun-ku?!
— Butun bo‘lmasa, qo‘shchorboqqa kim qarardi? Buning ustiga — oshpazlik!
— Eshon, anavini olib oshga bosmaysizmi?!
— Cho‘loq oyog‘ini Dorob akaga koldiring, Eshon, Kaboblikka!
— Hali tog‘dan ochiqib keladi, yangamiz bo‘lsa yurtiga qidirib ketgan, o‘zingizga chang solib yurmasin tag‘in!
Kulgi, qiyqiriq.
Tulkini qutiga qamab qaytgan Ismoil o‘choqboshida to‘xtab, cholga po‘pisa qildi:
— Bilib qo‘ying, Eshon, qochib ketsa — to‘laysiz! Ertaga o‘zim kelib xabar olaman.
Chol g‘iq etmadi, cho‘nqaygancha olovga tikilib o‘tiraverdi.
— Ertaga bir kelib ketarsan, — dedi Ismoil Samadga, ko‘chaga chiqishgach. — Mabodo Dorob Nazarovichga kerak bo‘lmasa, Xursandovga olib boramiz. Uni bilasan, tabiatga berilgan. Maktabida «Jonli burchak» ham tashkil qilgan, deyishadi. O‘sha yerda oyog‘ini tuzatib, churvaqalariga ko‘rsatib darsini o‘taveradi. To‘g‘ri-da, jonli misol. Bolalar tulki bilan bo‘rining farqiga borib o‘sgani yaxshi-ku, jo‘ra, nima deding?
Ertasi kuni tulkini eslashga ham Samadning vaqti bo‘lmadi. Garajga kirgan zahoti allambalolarni so‘rab, «52 — 91» bilan «35 — 46»ning shofyori ikki yog‘idan tarmashdi. Ular bilan g‘ijillashib turganida kolonna boshlig‘i Bozor Qahhor chaqirib qoldi.
— Xarajatimiz ortib ketganmish, — dedi Samad ko‘rishish uchun unga qo‘l uzatarkan, gapning oldini olib.
— Xarajatning ajratilgan fondga nima aloqasi bor?! — dedi ajablanib Bozor Qahhor. — Direktorga kirmadingizmi?
— Toshkentda ekan. Bosh injener bilan gaplashay desam, trestga ketibdi. Ko‘p kutdim, kelmadi.
— Quruq qaytdingizmi hali? Samadboy, Samadboy-e! Shuncha joyga borib, qup-quruq qaytdim, deng? G‘o‘rlik qipsiz-da, uka, g‘o‘rlik. O‘rin Juma bo‘lganda, hechqursa biron-bir xasni-ku sudrab kelardi.
Samad tili qichib, «shuning uchun tergovga qatnab yuribdi-da», degisi keldi-yu, damini ichiga yutdi, boshqa gap og‘zidan chiqdi:
— Bozor aka, ochig‘i, bu ishlar mening qo‘limdan kelmas ekan. Mexaniklik ham. Boshqa kishini yuboring. Men shu shopirligimni qilib yuraversam bo‘lardi.
— E, ana, e, ana! Bu bolaning gapini qarang! Darrovdan-a? — Bozor Qahhor xuddi kenjatoyi bilan hazillashayotgan kabi ermakka kulimsiradi. So‘ng birdan qovog‘i solindi. — Mayli! Texnikumning diplomini ikki bo‘lak qilib mana bu yerga ko‘ying, keyin o‘ylab ko‘ramiz. Mashina desangiz mashina-da. O‘sha eski aravangizni sudrab yuraverasiz! — Bir zum jimib qoldiyu boshqa ohangga o‘tdi: — Uka, bunday chetga chiqaversak, ishni kim qiladi? Yoshsiz, qaynab turgan vaqtingiz, texnika o‘zingizniki, diplomingiz bor — qilasiz! Xohlamasangiz — majbur etamiz, ha! Nichevo, boshida shunday ham bo‘ladi. Tajriba yetishmaydi, muomala qurg‘ur yomon narsa-da. Borib-borib, eh-he, toshdan moy oladigan bo‘lib ketasiz hali! Keyin, — deya u ovozini pasaytirdi, — uncha-muncha xarajatidan qochmang, bu yoqdan chiqarib olasiz. Maslahat-da bu.
Samad yerga qaradi, tishlangan joyida qizil elik yuqi qolgan olma ko‘z oldiga keldi.
— Hozir jo‘naysiz, — dedi Bozor Qahhor maslahatini yakunlab. — Men bosh injenerga telefon qilib qo‘yaman. O‘zim borardimu, ko‘rib turibsiz — qimirlayolmayman: hali raykomdan so‘rashadi, hali ijrokomdan. Ana shunday, ukavoy, ko‘ngil har yoqli bo‘lmasin! Kedishdikmi?
Samad naridan-beri tushlik qilib oldi-da, «Moskvich»ga o‘tirib Termizga jo‘nadi. Bozor yonidan o‘tayotib bir lahza sekinladi-yu, so‘ng ijirg‘anib gazni bosdi,
Markazdan chiqaverishda kechagi tulki esiga tushdi. Mashinani soy tomon burdi. Darvoza lang ochiq ekan, to‘ppa-to‘g‘ri kirib bordi.
Hovlida hech zog‘ ko‘rinmasdi. «Ichkarida uyquni urayotgan bo‘lishsa kerak», deb o‘yladi o‘zicha. Oynadan boshini chiqarib:
— Eshon, ho‘, Eshon! — deya chaqirdi. Daraxtzor oralab yo‘l-yo‘l jelak ko‘zga chalindi.
Eshon Samadni ko‘rdiyu allanechuk sarosimaga tushib, bir zum to‘xtaganga, iimanidir orqasiga yashirib olganga o‘xshadi.
— Dorob Nazarovich shu yerdami?
— Darbandga ketganlar. Baliq oviga,— deya negadir o‘choqboshidan beri o‘tmay to‘ng‘illab javob qildi Eshon.
— Tulki nima bo‘ldi?
— «Terisi yaramaydi», dedilar u kishi.
— Terisi? — deya tushunolmay so‘radi Samad. — Ha, o‘zi qani?
— O‘zi… o‘zi… — Eshon chetga qaradi. — Qochib ketdi.
— Qochib ketdi?!
Eshon yerdan ko‘z uzib, unga o‘qraydi:
— Nima, anavi palaklarning ustiga bo‘yra yopib qo‘yaymi?!
«Ajab bo‘pti!» dedi ichida Samad, motorni o‘t oldirib. Mashinani yurgizarkan, oynadan boshini chiqarib negadir yana so‘radi:
— Rostdan ham qochdimi?
Shunda Eshonning orqasida nimadir taraq etib yerga tushdi. Samad allaqanday qizil tayoqni ko‘rishga ulgurdi — belkurakning dastasiga o‘xshardi…
Darvozadan otilib chiqqan mashina katta yo‘lda ko‘ndalang bo‘lgan sariq «Jiguli»ni urib ketishiga salgina qoldi. «Jiguli» chaqqonlik bilan chap berib o‘tdiyu nariroqqa borib to‘xtadi, egasi oynadan boshini chiqardi. Turdi Qurbon, rayon gazetasining abjir muxbiri.
— Shopirlarning kattasiga salomlar! — deya hayqirdi u. — Bu yoqlarda yuribsiz? Namuncha, garaj-parajga o‘t ketmadimi ishqilib?
— Ketdi! Lekin garajga emas…
— Ie, iye, nima bo‘ldi? Qayerga?
— Yo‘g‘-e, shunday, — dedi Samad bo‘shashgan ko‘yi. — Dorob Nazarovichda ish bor edi.
— Samadjon, bu akkumulyator masalasini nima qildik, a?
— Akkumulyator? — dedi gangib Samad. — Akkumulyator yo‘q, Turdiboy.
— Kecha yo‘lda birvarakay oltita tulki ko‘rganmishsiz? — dedi Turdi Qurbon ishshaygancha yaltoqilikka o‘tib. — «Olti tulkini ko‘rgan odam» deb yozamiz-da endi, a?
«Qayoqdan eshita qoldi darrov?» deya ajablandi Samad va uning mug‘ambirona yiltillab turgan ko‘zlariga tikilarkan, kulgisi keldi:
— Yozsangiz, Turdiboy, «Etti tulkini ko‘rgan odam», deb yozing!
— E, shundaymi? Yettitamidi? — dedi Turdi Qurbon mashinasini yurgizib. — Oltita, deb eshitgan edik-ku?
Samad mashinani shitob bilan haydab oldindagi «Jiguli»dan o‘tarkan, dilida kasd kildi: «Ajdahoning komidan bo‘lsa ham undirib kelaman bugun! Endi yo‘lda tulki zoti uchrasa bosib ketaman, yanchib ketaman!»
«Anoyingni topibsan!»
Shunday degan bo‘lardi — unga tulki uchraganida, tulkiga zabon bitib, u tilga kirganida. Yana nimalar degan bo‘lardi?..
1981