– Assalomu alayku-um!
Eshigiga tillarang harflarda “Q a b u l x o n a” deb yozilgan hayhotday go‘shaning susti bosdimi, sal egilibroq, misoli darg‘azab xo‘jayin qabuliga chorlangan gunohkor mulozimday qiyshayib kirib bordim. Qiziq, odatiy qabulxonalarga o‘xshamaydi, har tarafida eshik, cho‘g‘day gilam to‘shalgan, shiftidan nur balqiydi. Boshqa joylarda rahbar va o‘rinbosar xonasiga kiradigan bir juft eshik bo‘ladi, bu yerda, nima balo, boshliq ko‘pmi, muovinmi – har tarafda eshik, hammayoq dabdaba. Odamlar unisidan-bunisiga o‘tib turibdi. To‘g‘rida esa, bir qultum suv bilan yutib yuborsang bo‘lguday bir nozanin o‘ltiribdiki, uni ko‘rish uchun kelib-ketsang ham haqing ketmaydi. Ammo uning sen kabi faqirlar bilan ishi yo‘q. O‘ng qo‘lida telefon go‘shagi, chap qo‘lida bir tishlam uzilgan shokolad, stolda bug‘i chiqib turgan qaynoq qahva, kim bilandir hasratlashyapti, shekilli.
– Hm-m… Shunaqa didimi? Vey, axmog‘-ey… O‘zinam loxsan-da, Nozi…
Salomimni eshitmadilar, chog‘i, deb yana bir marta qaytardim:
– Assalomu alayku-um!
– Hm-m… Hm-m… E-e, qo‘yvu-ur, xapa bo‘ma-a. Maningam qaynonam shunaqala… “Oyijon-oyijon” dib, zo‘rg‘a eritib olaman… Bulani bari bir go‘r! Hm-m…
– Men raisning… Kattaning yoniga kelgandim…
U yana parvo qilmadi.
– Voy, etmadiymi… Hm-m… Mayli, Xudoga sol, o‘rto… O‘lib ketsin… Hm-m…
– Katta bova…
– Hey, qanaqa odamsiz o‘zi? – go‘shakni kafti bilan berkitib, kutilmaganda o‘shqirdi xonim. – Telefonda gaplashvomman, ko‘rmayapsizmi?..
Keyin yerga qarab sekin, ammo men eshitadigan qilib: “Anavi ko‘zmi yoki po‘stayni teshigimi?..” deb qo‘ydi chuvalchangsimon qoshlarini chimirib. Bor zahri ichida ekan-ku, bu shumtushiqning. Men uni o‘ynab o‘tiribdi deb o‘ylabman…
– Yo‘, sanga etmayamman, – telefondagi suhbatini bamaylixotir davom ettirdi u. – E, bittasi kepti…
– K… Ke-chirasiz, men uzoqdan… – shoshayotganimni bildirmoqchi bo‘ldim, – poyezdimiz tushdan keyin jo‘naydi. Shunga…
U mening gaplarimga zarracha parvo qilmadi.
– Bu, haligi… – tashkilotning nomini aytdim. – Adashmadim, shekilli…
Ro‘molcham bilan qish chillasida peshonamga ko‘pchib kelgan terni artarkanman, jilmayishga urindim. Jilmayishim kotibaxonim ko‘ziga tirjayish bo‘lib ko‘rindimi, oshkora ijirg‘andi.
– Opajon, menga yarim minut… – gapimning qolgani “ming‘irlash” bo‘lib chiqdi: “Vaq-tingizni ajrata olasiz…mi?”.
Kotibasi shuncha vahimayu, rahbari qanday ekan?!
E, bu shahari qiz bizni qabul qilmasa qilmasin, ammo siz bor-ku, bizni tushunadigan. Xo‘sh, kaminangiz, Jinjakqishloqdan, Omon boboning nevarasiman. Otim Obloqul. Universitetni a’loga tugatdik, Xudoga shukr. So‘ng, belni bog‘lab ishga kirishdik. Mana uchinchi yil ham ketyati. Bo‘lim boshlig‘i bo‘lib tayinlandik. Birovdan kamimiz yo‘q. Ammo markazdagi xo‘jayin chaqirtirib qoldi – shunga kelgandik. Biz ham tanishib qo‘yaylik Omon boboning nevarasi bilan degandir-da… Ammo mana bu jinqarcha tanimayapti bizni.
Xullas, doskaga chiqqan o‘quvchidek, tag‘in besh daqiqacha kotibaning qarshisida, tayoq yutganday tik turdim. Qani endi hasrati tugasa…
– Xolajon!?.
U menga o‘qraydi. Bu o‘qrayishdan: “Katta xolang emasman!” degan ma’noni uqib, labimni tishladim…
– Kechirasiz… Opajon, demoqchiydim. Men…
Nihoyat, chuvalchangqoshning toqati toq bo‘ldi: “Bo‘pti, o‘rto, keyin gaplasharmiz. Bollariyni o‘pib qo‘y, – dedi-yu, dugonasiga gapirayotganda kulib turgan ko‘zlarini menga qadagach, birdan jilmayishdan to‘xtab: – Keyin o‘zim telefon qilaman…” – dedi va go‘shakni “sharq” etkazib qo‘ydi.
Issiqqina qahvadan havasni keltiradigan qilib obdon ho‘pladi-da, “Tavba, odamlarning dastidan birov bilan bir yozilib gaplasholmaysan…” deb to‘ng‘illadi. Men ham ichimda: “Bu yer sening katta enangning uyimi, yozilib yotgani”, dedim.
– Keling, nima ishingiz bor edi, – xonim nihoyat, menga yuzlanib tovush chiqardi erinchoqlik bilan.
Qo‘ltig‘imda turgan bir papka hujjatni qo‘limga olib gapirganday bo‘ldim:
– Ustoz so‘ratgan ekanlar, men Jinjakqishloqdan Obloqulman.
– Uff, – xuddi bo‘shang eriga zarda qilayotgan bozorchi xotindek labini cho‘chchaytirdi juvon. – Hali raisning oldiga shuni ko‘tarib kirmoqchimidingiz?
– Ha, o‘zi so‘ragan hujjatlar shu! – dedim xuddi uzr so‘ragandek. Xonimning yuzi g‘azabdanmi yoki toqatsizlikdanmi, ishqilib, gezara boshladi. Picha yerga tikilib turdi-da, oxiri, ko‘zimga ham qaramay, buyruqladi:
– Pastga tushing!
– Pastga? Tushunmadim… O‘zim bir pastdagi odamman…
– G‘alchamisiz, nima balo? Pastga, to‘rtinchi qavatga tushing, deyapman! O‘rinbosarlarning oldiga!
– Men… Men rais bovaning o‘zlarini bir ziyorat qilay deb edim. Uzoqdan kelganman, axir, – ovozimdagi yalinchoqlikni sezib, o‘zimdan jahlim chiqdi. – Yo‘q, yo‘q, noto‘g‘ri tushunmang, u kishi meni orqarovotdan bo‘lsa ham yaxshi taniydi! Viloyatdagi vakiliman. Kelib ketsin debdi. Shunga… keluvdim…
Chuvalchangqosh, qarshisida men – uzoq bir manzildan kelgan yosh xodim emas, buzoqbosh turgandek ijirg‘andi:
– O‘zbekcha gapni tushunasizmi, tushunmaysizmi?
– Tushunganim uchun siz bilan gaplashayapman-ku!
– Vuy, manavini! – chap tomondagi eshik sari yo‘rg‘alayotgan kishiga ko‘zi tushib, istehzoli iljaydi xonim. – Raisning oldiga keptila… Qog‘ozini boshiga uradilarmi… – ayolning bu gapini eshitib bir zum tirjayib turgan tepakal qo‘lidagi bo‘sh bokalini yengilgina o‘ynatdi-da, unga javob tabassumini havolatgancha, xonasiga kirib ketdi. “Bokal olib kelish kerakmikin?” degan bema’ni o‘y o‘tdi ko‘nglimdan.
– Hoy, o‘zingizni bosvoling, xo‘mmi? – olako‘zlandi Chuvalchangqosh. – Bu yerni bilasizmi, qayer deydilar!
– Men o‘zimni bosib turibman, yo biror nojo‘ya gap qildimmi? Raisda ishim bor, bir ko‘rishay dedim. Band bo‘lsa, mayli, qachon bo‘shasa, kelaveramiz…
– Ha, b o‘ sh a s a l a r kelasiz! Ammo muomalangizni to‘g‘rilab keling, xo‘mmi? Bu yer sizga podaxona emas, idora deb qo‘yishibdi!
Miyamga bir narsa “gurs” etib urilganday bo‘ldi. Stolida turgan qog‘oz papkamni jahd bilan oldim-u, “Raising band bo‘lsa, muoviniga kiraman!”, deya shartta olg‘a jildim. Xuddi shuni kutib turgandek, Chuvalchangqosh ham joyidan shitob qo‘zg‘alib, ikki qo‘lini beliga tirab yo‘limni to‘sdi:
– Qayoqqa!
– “Zam”ning xonasiga!
– Men sizga pastga tushing dedim!
– Pastga tushmayman! O‘zingiz o‘rinbosarlar oldiga kiring dedingiz-ku!
– Sizga kerak o‘rinbosar pastda! Tushasiz!
Xuddi shu payt boyagi tepakal kirib ketgan xona eshigi shahd bilan ochilib, uning o‘zi o‘ljasiga otilgan yo‘lbarsdek yonginamizda hozir bo‘ldi.
– Qanaqa odamsiz? Nega bu yerga kelib to‘polon qilayapsiz? Katta xolangizning uyimi bu?!
– As-salomu alay-kum, G‘ulom aka! – tepakal ismi qanday tilimga kelib qoldi, o‘zim ham bilmayman. Boyagina otini eslolmay turuvdim.
Salomimga kimsa alik olmadi.
– Sizdan so‘rayapman, kimsiz o‘zi?!
– Men… Men rais bova bilan bir ko‘rishay deb edim, bu kishiga ham aytdim… (Chuvalchangqoshni ko‘rsatdim). O‘zi meni so‘ratgan ekanlar. Men Obloqulman, Ovloq tumanidan Omonov Obloqul desangiz biladi. O‘zi bir safar bizning Ovloqqa borganida…
– “Borganlarida!”, – deb gapimni to‘g‘riladi tepakal.
– …borganlarida, Toshkentga yo‘llaring tushganda, idoraga albatta kiringlar, eshigimiz sizlar uchun ochiq, deb tayinlagandi-lar. Shunga… eshik ochiq bo‘lsa kerak, deb keluvdim…
– Man bulaga etsam, tushunmasdan baqirib ketdilar… – Yo tavba! Haligina menga o‘shqirib turgan xotinning birdan ho‘ngrab yuborganini ko‘rib, dong qotib qoldim. – G‘ulomjon aku-u, o‘ziz gaplashib qo‘ying, bu bezbet bilan…
– Bezbet emasman!..
– Ayol kishi bilan ham shunday muomala qiladimi, uyat, uka, uyat! – boya yo‘lbarsday otilib chiqqan kimsa vaziyat battar chigallashishidan cho‘chidimi, qo‘liga “andava”sini olib, “suvashga” tushdi: – Tag‘in o‘zimizning tizimda ishlarkansiz? Bu qo‘polligingiz nimasi, uka?..
Nima deyin, indamay turaverdim.
So‘ngra u kotibani yupatishga tushdi.
– Bo‘ldi, yig‘lamang, Dilnozxon! (Dilnozxon dedimi, Tannozxon dedimi, shu joyini aniq eslolmayman). O‘zingizni asrang, tinchlaning. Yana boshingiz og‘rib qoladi-ya! Bu kishi bilan, – menga g‘olibona tikildi, – hali gaplashamiz! Opkegan hujjatlari qo‘limizga tushar…
– Hech qachon qo‘lingizga tushmaydi, umid qilmang! – dedim unga men ham zarda bilan. – Hujjatimni g‘ulom-pulomlarga ko‘rsatib o‘tirmayman!
Bu odam asli bizning tumandan, bu yerga yugurdak bo‘lib kelgan edi, keyin xo‘jalik ishlari bo‘yicha muovin bo‘lib olgani qulog‘imga chalinuvdi. Xo‘jalik mudiriga nega ishim tushadi mening?!
Shu payt qabulxonaga meni qayerda ko‘rsa, “Hoy, Obloqulboy, qandaysan?” deb ko‘rishadigan, mabodo uzoqdan ko‘zi tushib qolsa ham qo‘lini ko‘tarib, salomlashib o‘tadigan oqko‘ngil, samimiy bir akam kirib keldi-ku! U kishi bilan sohamiz bir-u, ammo keyingi paytlarda qayerda ishlayotganini bilmay yurgan edim. Shu yerda ekan-da! Yot ellarda yurtdoshini ko‘rib qolgan musofirday quvonib ketdim.
– Ie, Obloqul, bu yerlarga qanday shamol uchirdi? – deya o‘ziga yarashadigan dilovarlik bilan bag‘ir ochib ko‘risha ketdi u. Keyin anavi ikkisiga qarab:
– Tanishing, bu – Obloquljon! Bo‘lajak Habib Abdulla! Zo‘r geologlarimizdan! – deya “haligi” gaplarimizdan mutlaqo bexabar akam, kaminaning ta’rifini qila ketdi.
– Qayerlarda yuribsan? Sog‘lig‘ing, ishlaring yaxshimi? Aytgancha, kecha seni katta so‘rayotgandi. Ayting, bir kelib ketsin, deyotgandi. Buni qara-ya! Xizrni yo‘qlasak bo‘lar ekan-da, a! Obbo sen-ey!..
Akamiz bilan so‘rashayotib, yer ostidan sekin kotibaga ko‘z qirimni tashladim. U ikki qo‘lining tirnoqlarini xuddi ularning bo‘yog‘i joyida turibdimi, ko‘chib ketganmi, tekshirayotgan kabi, sinchiklab qarar, barmoqlari bilinar-bilinmas titrar edi.
Ovloqlik G‘ulom akamiz esa shu bir necha lahza ichida qay go‘rga g‘oyib bo‘ldi, payqamay qoldim…
Biz bu asnoda qabulxona nozirlaridan omon o‘tib, “katta”ning huzuriga yo‘l oldik…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 4-son