Axsidan kelgan mash’um xabar nafaqat podshoh xonadoni sohiblarini, balki Andijon ahlining ham ko‘ngillariga mahzunlik solib qo‘ydi.
Ko‘k yuziga qora parda tortilganday, Andijon osmonida yulduzlar ham ko‘rinmay qoldi… Go‘yo butun Farg‘ona mulki o‘zining baland himmatliq va ulug‘ doiyaliq podshohiga aza tutayotganday edi.
Xufton namoziga yig‘ilgan namozxonlar shaharning eng katta – Duvaxon masjidi xonaqosiga sig‘maganidan, hovliga, hatto ko‘chaga ham joynamozlar to‘shaldi…
Xoja Mavlonoyi qozi janoblari masjid mehrobidan turib jamoani noxush xabardan voqif qilarkan:
– Muhtaram jamoatin muslimiyn! Podshohi a’zam Sulton Umar Shayx Mirzo janoblari kecha, ramazon oyining to‘rtinchi kuni, peshin bila asr namozlari orasida, Axsi qal’asida falokat dast berib, dorul baqog‘a rixlat qildilar, – dedi qayg‘u bilan.
Mudhish xabardan ta’sirlangan ahli jamoa beixtiyor: “Yo ollo! Yo tavba!” deb yubordi. Shov-shuv biroz bosilgach, qozi hazratlari raiyatga murojaat qilarkan:
– Qani, ahli muslimiyn, Yaratgang‘a iltijo qilayluk. Iloho, saxovatpesha olampanohimizning oxiratlari obod, yotqon joylari behisht bog‘larida bo‘lsun! – deya duoga qo‘l ochdi.
Safdagi barcha mo‘minlar hazratga iqtido qilib, yakdillik bilan kaftlarini ko‘tardilar… E’tiqodi baland musulmonlar esa: “Muborak ramazon oyida omonatni topshurmoq islom kishisi uchun Egamning maxfiratidir”, deya bir-birlariga tasalli bergan bo‘ldilar.
Kimdir:
– Hazrat! Olampanohimizning jonlarig‘a suiqasd qilinmadimukin? – deb so‘radi.
Hazrat:
– Yo‘q! Beklar mahkam turub azmoyish olibdilar, vale hech qanday suiqasd alomatlari topilmabdi. Afsuslar bo‘lsinkim, tasodifiy falokat sodir bo‘lg‘on ekan… – dedi taassuf bilan.
– Bobur Mirzo shu yerda ekanlarmu?
– Mayyitni Andijong‘a keltiribdilarmu? – degan savollarga javoban:
– Ha, valiahd shu yerda edilar, bugun saltanatni qabul qilib oldi, – dedi qoniqish hissi bilan.
Odamlar orasida: “Xayriyat! Xayriyat!” – degan so‘zlar eshitildi. Kimdir sekingina: “Valiahdimiz hali bola-ku!” deb o‘smoqchilagan bo‘ldi.
– To‘g‘ri aytadursiz, taxt vorisi hali yosh, – ta’kidladi hazrat, – vale, shu kunda, shu yoshda, adolat, shu’joat aqlu farosat va muborizliqta bu temuriyzodag‘a bas keladurg‘on biron kimsani nafaqat Farg‘ona mulkida, balki butun Movarounnahrda ham topish amri mahol…
Ko‘pchilik bu yil Navro‘z ayyomi kunlari, qabaq urush maydonida Bobur Mirzo erishgan yutuqlarni esga oldi.
– Bandasi Rub’i maskung‘a hukmdorliq qilg‘onda ham, Tangrining oldida juda ojiz ekan! – deya davom etdi Xoja Mavlonoyi. – Yaxshi biladursiz, Iskandar Zulqarnayndek buyuk fotih ham bergan o‘ttiz uch yillik umrni ko‘rdi. Uni loqal yana bir yilg‘a, nafaqat bir yilg‘a, atigi bir kung‘a, bir soatg‘a bo‘lsa-da, uzaytira olmadi! Inson uchun umr rizqi – Olloh tomonidan berilgan iskart ekan!
Umar Shayx Mirzoning o‘limidan ko‘proq hirfagarlar ozurda bo‘ldilar. Chunki temuriyzoda hukmdor ulusning bu qatlamini mudom hibzi himoyasida tutib, bir necha yillardan buyon barcha soliqlardan ozod qilib kelardi. Tinchlik-osoyishtalikdan so‘ng ahli sinoatga bundan ortiq yana nima kerak? Jamoa hamjihatlik bilan muqaddas oy oxiriga qadar o‘qiladigan tarovih namozi va undan hosil bo‘ladigan barcha savoblarni Sulton Umar Shayx Mirzoning muborak ruhi poklariga baxshida etishga ahd qildi…
* * *
Tun. Atrof tim-qorong‘i zimiston…
Ko‘kda suzib yurgan betayin qora bulutlar oy yuzini to‘sib, havoni dim qilib qo‘ygan. Tarovih namozidan chiqqan ahli musulmon allaqachon uy-uylariga tarqab, shahar ko‘chalaridagi harakat sepsilib qolgan. Ahyon-ahyonda, elomonni: “Osuda uyuqlayvering birodarlar, yurt tinch!” – degan ovozi eshitiladi…
Soy dahasi tomonga tushgan eski chorbog‘lardan biri. Uning ichkari xonalaridan birida uch kishi shamning xira yorug‘ida pichirlashgancha nimanidir muhokama qilib o‘tirardi. Musohaba mavzusi o‘ta maxfiy bo‘lsa kerakki, eshikni mahkam yopib, hovli tomonga qaragan derazanigina qiya ochib qo‘yishgan. Nim qorong‘i xonaga kirib qolgan bu kimsalarning kimlar ekanligini darhol bilib olishi mushkul… Sinchiklab nazar solaylikchi, kimlar bo‘ldi ekan?
To‘rda, har zamonda chap qo‘li bilan sergo‘sht gardanini tez-tez qashib qo‘yayotgan kishi Ahmad Tanbalga o‘xshab ketyapti… Shamdon unga yaqin bo‘lganidan, qisiq ko‘zlari, qalin shop mo‘ylovi ostidagi do‘rdoq lablari, do‘ppayib turgan qorni aniq-taniq ko‘rinadi. Bu taqlid jasad Farg‘ona mulkida faqatgina unga tegishli… Chorbog‘ uning tasarrufida, xizmatkorga barcha topshiriqlarni o‘zi beradi. U goh-goh: “Xah shumtaka”, deb tizzasiga mushtlab qo‘yadi, nimadandir, kimdandir qattiq norozi ekani hirqiroq ovozidan sezilib turadi…
O‘ng tarafda, uning biqinida bolishni takya qilgan norg‘ul odamning gavdasi ko‘rinadi. U Hasan Ya’qubbekning bo‘y-bastini eslatadi.
Bir payt dasturxondan bir nima olish uchun cho‘zilib, yuzi shamdonga yaqinroq borib qolganda bilindi. Chindan ham o‘sha – Hasan Ya’qubbek. Uning sersoqol tund basharasi, qalin tutash qoshlari ifsho etib qo‘ydi. Suhbat asnosida undan biron-bir muhim fikr chiqmasa-da, o‘zini sheriklaridan siporoq tutishga harkat qilar, shu zayl Tanbalning hamma gaplarini xushomad bilan ma’qullab o‘tirardi.
Uchinchisi kim bo‘ldi ekan?
Ko‘rinishidan oyoq-qo‘llari uzun bu odam yana bir marta sarosima bo‘lib, deraza raxiga keldi… Tokchaga qo‘llarini tiragancha uzun bo‘ynini tashqariga chiqarib, u yon-bu yonga alanglab qo‘ydi…
Bog‘dan chigirtkalarning basma-bas chirillashlaridan boshqa sas qulog‘iga kirmas, biroz xotirjam bo‘lganday, joyiga kelib cho‘k tushib o‘tirdi. Dasturxon chetida turgan sharbat to‘la ko‘zani qo‘lga olib, hamrohlarining kosalarini to‘ldirib quydi. Uning ovozi deyarli eshitilmasdi, vujudi quloq bo‘lib, sheriklarining so‘zlarini tinglardi, xolos. Ko‘rinishidan xiyla ehtiyotkor odamga o‘xshaydi…
Bir payt Ahmad Tanbal unga:
– Uzun! Burnog‘i yilgi qishda saroyda bo‘lub o‘tg‘on voqea esingdamu? – deb murojaat qilib qoldi qandaydir muhim narsani yodga olib.
Ha, demak, u o‘z nomi o‘zi bilan: Uzun Hasan!
Suhbat anchadan beri davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, hamtovoqlarning boshi hamon bir joyda. Xufiyona uchrashuv, xufiyona suhbatning poyoni ko‘rinmasdi…
Umar Shayx Mirzo tiriklik chog‘i uning uzangisida bo‘lib yurgan bu beklarning mavkibat ahlidan ajratib bunday xilvatga kim yoxud nima yetaklab keldi ekan?
Podshoh xonadoniga yaqin bo‘lgan kishilar, Andijonda hozir bo‘lgan beku amirlar, ahil-ittifoq bo‘lib, jonlar tortishib turgan dolzarb bir paytda…
Marhumga aza ochilgan, jami yaqinlar uylariga bormay, motamsaro bo‘lib, saroyda tunab qolayotgan bo‘lsalar…
O‘zi azaldan: “Kimga to‘y, kimga aza…” ekan. Bu kun keksa xizmatkorga ham qiyin bo‘ldi.
“Chorboqqa mehmonlar kelar emish” degan xabar yetkazilgandan beri boyoqish tik oyoqda, ro‘za og‘iz holida tinim bilgani yo‘q. Charchoqdan ko‘zlari yumilib ketayotgan bo‘lsa ham, “Tilab qolsalar, g‘ofil bo‘lub qolmayin, dag‘i…” deb ayvonda u yoqdan bu yoqqa bosardi, bir qulog‘i esa mudom ichkarida…
– Axir saharlikka turish lozim, ungacha biroz mizg‘ib olsam edi… – deya ko‘nglidan o‘tkazdi bobo. Keyin “Astag‘firulloh! Erkak kishilar ham oncha ko‘p gaplashadilar ekan-a? Na biron marotaba kuldilar va na balandroq ovoz chiqardilar”, deb qo‘ydi taajjubda o‘ziga o‘zi.
O‘ttiz yildan ziyod saroyda, ark ichida gulchilik bilan shug‘ullangan keksa bog‘bon uch-to‘rt yil bo‘ldiki, Ahmad Tanbalning turli va’dalari bilan bu yerga kelib qolgan.
Bobo temuriyzoda hukmdorlar xizmatida ko‘p bo‘ldi, dilni yayratuvchi, ko‘zni quvontiruvchi anvoyi gullar yetishtirdi, shunga yarasha muruvvat ham ko‘rdi.
– Ha, mayli, Olloh insof-tavfiq bersun bularg‘a… – deb qo‘ydi-da, taomdan xabar olish uchun asta-asta bosib o‘choq boshiga qarab yurdi…
…Ittifoqo, eshik yana tiqillab, mahtal bo‘lib turgan keksa xizmatkorning:
– Sulton Ahmadbek janoblari! Osh tayyor bo‘lg‘oniga ancha bo‘ldi, suzib kelayinmu, – degan yalinchoq ovozi eshitildi.
Bir zum o‘tib, ichkaridan Tanbalning: “Mayling‘…” deya g‘o‘ldiragan javobi keldi.
…Chinni tovoqdagi xushbo‘y taom Ahmad Tanbalning ishtahasini qitiqlab yubordi:
– Uzun! Taom g‘o‘r ketmasun! Bir ayoqdan, faqat bir ayoqdan…
Keyin indamay o‘rnidan turib, tokchadan barkash ortiga yashirilgan ko‘zani olib keldi. Uchta kosaga sharobdan sila quyib, iljaygancha egalariga uzatdi-da, ko‘zani yana joyiga eltib yashirdi.
Hasan Ya’kubbekning til uchida:
– Qanday bo‘larkin, janoblar? – degan luqmasi esa og‘zida qolib ketdi…
Hamtovoqlar qo‘llaridagi kosani tubiga qadar sipqorib qo‘ydilar-da, so‘ng taomga qo‘l uzatdilar…
Hufiyachilar oshdan keyin ham, tun yarimlab qolayotgan bo‘lsa-da, tarqalishga shoshilmadilar…
Keksa xizmatkorning sabri tugab, axiyri eshik yoniga bordi…
“Janoblari, menda yumushingiz yo‘qmi?” – deb so‘ramoqchi, Ahmad Tanbal izn bersa, hujrasiga kirib uxlamoqchi edi. Eshikni tiqirlatmoqchi bo‘lgan yerida qotib qoldi.
Vo ajab, Tanbal ayni shu damda, xufiyona suhbatga yakun yasayotgan ekan…
– Janoblar! Xullas kalom, gap shu… Bobur qaysarning fe’l-atvori hammag‘a ma’lum… o‘z niyati yo‘lida hech kimni ayab o‘lturmaydi… Magar u taxtda bo‘lur ekan, bizning yo‘lumiz band, ilgimiz qisqa! Bas, imkoni bo‘lg‘on – o‘q, uni saltanatdan chetlatmoq darkor! Kelishdikmu janoblar?
Ikkovlari bir ovozda: “Yigit so‘zi, kelishduk, kelishduk!” – degan so‘zlarni bir necha bor takrorladilar.
Boboning qulog‘iga kirib borgan bu fitna so‘zlar uning a’zoyi badanini titratib, ko‘z o‘ngini qorong‘i qilib yuborgandi… Qo‘rquvni bosolmagan keksa xizmatkor shu zahotiyoq o‘girilib, tashqariga otildi. Chiqayotib dahliz ostonasiga qoqilib ketdi. Boyoqish qattiq iztirobdan qadam bosolmay, chiqqan joyigayoq o‘tirib qoldi.
Dahlizdagi tapir-tupurdan sergaklangan Ahmad Tanbal jasadiga xos bo‘lmagan tezlik bilan sapchib o‘rnidan turib vajohat bilan yalangoyoq holda ayvonga chiqib keldi…
Ko‘zining paxtasi chiqib ketgan Tanbal, kela solib, mo‘ysafidning yoqasiga chang soldi.
– Tur o‘rningdan! Hamma gaplarimizni tinglab turg‘on ekansan-da! – degancha yerdan dast ko‘tarib, tikka qilib qo‘ydi. Uning yuzida qon qolmagan, tinmay pishillar edi.
Boboning yoqasini qo‘yib yubormay, zug‘um bilan itobga ola boshladi:
– Gapir! Nimalarni uqding? So‘zimizni poshsho buving‘a sotub, sadaqa olamen dedingmu?
Negadir boboning qo‘rquvidan asar ham qolmadi. Uning qarshisida ikki yo‘l turardi: biri bor eshitgan gapni aytib, umrining qolgan qismini taqdir ixtiyoriga topshirish, ikkinchisi qutulib ketish uchun yolg‘on gapirish, yalinish.
Bobo vijdoni ko‘rsatgan birinchi yo‘lni tanlab favqulodda dadillik bilan Tanbalning chaqchaygan ko‘zlariga tik boqdi:
– So‘zlaringizni hammasini eshitdum… Temuriyzodalardan nima yomonliq ko‘rdingizkim, bu bolada shuncha qasdingiz, adovatingiz bo‘lsa! Buzuq niyatingizdin qayting! Shaytong‘a hay bering!..
Kutilmagan bu so‘zlardan esankirab qolgan Tanbal:
– O‘chur unung‘ni, ayg‘oqchi! Menga aql o‘rgatma boshqa! Hozir-o‘q joning‘ni sug‘urib olamen! – dedi g‘azab bilan.
– Men yoshimni yashab, oshumni oshab bo‘lg‘on odammen! O‘limdin nechun qo‘rqay? Qaytag‘a, shundayin ulug‘ ayyom kunlari o‘lsam… – deya bir-ikki siltanib, uning iskanjasidan chiqib ketmoqchi bo‘ldi, biroq, boyoqish boboning madori yetmadi.
Ahmad Tanbalning baquvvat panjalari borgan sari cholning tomog‘iga botib borardi…
Keksa xizmatkor muqarrar o‘limi oldidan bor kuchini to‘plab yana bir nimalar demoqchi bo‘ldi, biroq ovozi chiqmay qoldi. Qotil shundan keyingina cholning tomog‘ini changalidan qo‘yib yubordi.
Uzun Hasan shosha-pisha yonidan dastro‘mol chiqarib, ter bosgan basharasini artishga tutindi… Butun vujudini qaltiroq bosgan Tanbal johilona nafrat ko‘zi bilan tikilgancha murdadan ko‘zini ololmay qolgandi…
Hammalarining nigohi beozorgina bukchayib qolgan keksa xizmatkorda edi.
Vo ajab! Mayyitning serajin, nuroniy yuzida sovuqlik alomatlari emas, adolat qurbonlaridagina bo‘ladigan sokinlik zohir edi.
Uzun Hasan bilan Hasan Ya’qubbek qo‘llarini ochib, xuddi boboga ta’ziya bildirgandek, omonatgina yuzlariga fotiha tortdilar… Boboning ochiq qolgan ko‘zlariga dosh berolmadilarmi, yopib qo‘ydilar-da, jasadini hujrasi tomon olib ketdilar…
Qora guruh tun yarmidan oqqanda chorboqqa qanday kelgan bo‘lsa, o‘sha tartibda, birin-ketin qorong‘i tun qa’riga kirib g‘arq bo‘ldi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-son