Durbek Qo‘ldosh. Kutubxonada (hikoya)

Hammani intiq kuttirgan bahorning iliq kunlarida borliq asta-sekin qish uyqusidan uyg‘onib bormoqda edi. Shahar markazida qad ko‘targan mahobatli kutubxona kitobxonlar bilan gavjum. Kimdir chinakam ilm sohibi bo‘lish niyatida, kimdir ertaga imtihonda xijolat bo‘lib qolishdan cho‘chib, yana kimdir tanlagan kasbini mukammalroq egallash umidida bu yerga kelgan. U yer, bu yerda ba’zan shivirlagan ovoz chiqqanini hisobga olmaganda zalda sukunat hukm surmoqda. Axir, inson miyasi to‘la quvvat bilan ishlashi uchun, avvalo, xotirjamlik, osudalik kerak-da!
Erdan chiqdimi, osmondan tushdimi, hech kim bilmay qoldi, mitti ko‘rshapalak to‘satdan xonaga ¬uchib kirdi. U ham qish uyqusidan endigina uyg‘ongan ko‘rinadi, chunki boyaqish beholgina, sharpasiz qanot qoqib goh u burchakda, goh bu burchakda paydo bo‘lar, devorga yaqin kelib qolganda esa shartta yonga qaytib, g‘ayritabiiy notekis uchardi…
Bir safar shunaqa pastlab uchdiki, qizlar boshini engashtirgancha beixtiyor qichqirib yuborishdi. Yigitlar bo‘lsa, go‘yo kelishib olganday, o‘zlarini imkon qadar bamaylixotir tutishga urinib, kitobdan ko‘z uzmay o‘tiraverishdi.
“Chaqirilmagan mehmon” bir qarashda hammaning xayolini o‘g‘irlab qo‘ydi. Ustiga-ustak, shu orada bir yigit: “Qaysidir kitobda o‘qiganman, ko‘rshapalak qizlarning sochiga yopishib olarmish…”, deya bir luqmani ham uchirib yubor¬di.
Zal nazoratchisi – yoshi o‘tib qolgan opa, aksiga olib, ko‘rshapalakdan xuddi qopag‘on ko‘ppakdan qo‘rqqanday qo‘rqar ekanki, ko‘zlari javdirab, o‘tirganlarga qarab:
– Jon yigitlar! Ushlab tashqariga chiqarib tashlanglar sabil qolgurni, – deya yalingandi, yigitlar o‘qishga mukkasidan ketgan kitobxonga o‘xshab gungalak bo‘lib olishdi…
Opa gapini tugatmasdanoq ko‘rshapalak pastlab uchib, yana qizlarni cho‘chitib yubordi-da, deraza par¬¬dalaridan bi¬ri¬ga kelib qo‘ndi. Ko‘zlari olazarak xodima uni “qo‘lga olish”ning ayni payti ekanini aytib yana yigitlarga qaradi. Afsus, bu safar ham biron mard chiqib bu “qaltis ish”ga qo‘l urishga botinolmadi. Balki ko‘rshapalak bilan qanday muomalada bo‘lishni, uning beozorligini bilmaga¬ni¬danmi yo tabiatning mana shu so‘qir, g‘arib jonivoridan jir¬kan¬¬dimi, buni bilish qiyin edi. Nima bo‘lganda ham yigitlarda ozgina shijoat yetishmayotgani aniq edi…
To‘g‘ri, bu yorug‘ olamda ko‘rshapalaklarning mingdan ortiq turi borligi, ayrimlarining qanotlari burgutning qanotiga yetay deb qolishi, buyuk bobomiz Hindis¬tonni fath etganlarida, “Yana bir katta shapparadur, uni chamagdar der ekanlar. Ulug‘ligi yapaloqqushcha bo‘ladi. Boshi kuchukning boshiga o‘xshaydi. Daraxtga qo‘nish uchun yaqinlashadi, biroq shoxini changallab, boshini pastga osiltirib turaveradi. Bu juda qiziq ko‘rinadi” 1, deya hayratda qolgan ekanlar. Bu endi shunchaki gap ¬emas, hayvonot dunyosining chin muxlislariga taalluqli katta mavzu, shuning uchun ortga qaytib qo‘ya qolaylik…
Nafasini rostlab olgan joni¬vor tezda u yerni tashlab, keng xonada qanot qoqib, qo‘nish uchun shayla¬nayotganday biror narsaga yaqin¬lashib borardi-da, yana ortga burilgancha, avvalgiday pala-partish yo‘nalishdagi harakatidan tinay demasdi. Jonivorning qachon xonani tark etishini yoki uchishdan to‘xtashini esa, shu lahzalarda hech kim “bashorat” qilolmasdi…
Sarosimaga tushib qolgan kutubxonachi opa qo‘rqa-pisa o‘rnidan turdi-da, ko‘zoynagini qo‘liga olib boshini quyi solgancha tez-tez odimlab xonadan chiqib ketdi.
U yer-bu yerdan eshitilib turgan shivir-shivirlar taqqa tinib, xonaga favqulodda sukunat cho‘kdi. Bir yigit bilan qiz ziyo maskaniga tinch, hech kim xalaqit bermaydi, deb shunchaki kelishgan ekan… Qiz bechora ko‘zlari jovdirab dedi:
– Jasur aka! Ko‘rshapalak bilan sichqondan o‘lgudek qo‘rqaman! Tezroq ketaylik, – degan edi “jasur” yigit ham xuddi ignaning ustida o‘tirgandek, zo‘rg‘a turgan ekan:
– Xo‘p bo‘ladi, Oypopuk! – deya qizning nozikkina qo‘lidan olib zipillagancha ko‘zdan g‘o¬yib bo‘ldi.
Shu payt orqa o‘rindiqda yonma-yon o‘tirgan ikki yigitning pichirlagan ovozi quloqqa chalindi:
– Botir! Bu yaramas cho‘qiydimi, tishlaydimi? – deb so‘radi.
– O‘lay agar, bilmiyman… Yaqindan ko‘rgan emas¬man… Bir kitobda o‘qiganimda: og‘zi to‘la mayda o‘tkir tish, qanoti tirnoqli, tanasi esa jun bilan qoplangan, deb yozilgandi. Katta akam maktabda o‘qiyotganida shahardagi yosh tabiatshunoslar klubiga qatnardi. Bir kuni devorning kovagidan ko‘rshapalak tutib olib, qanotlarining ikki chetidan tortib: “Ko‘rib qo‘y, uka! Yodingda bo‘lsin! Dunyodagi eng mitti, beozor, so‘qir sut emi¬zuvchi jonzot mana shu bo‘ladi! Kuchli akus¬tika yordamida uchadi!” deya uchirib yuborgandi. To‘g‘risi, o‘shanda biroz cho‘chib ketganman… Lekin, timdalab olishi aniq! – deya qo‘shib qo‘ydi bilarmonlik bilan ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib.
Xullas, xonada keskin vaziyat hamon saqlanib turardi.
Jonivor charchab ortiq uchishga madori yetmay qoldimi yoki xona qafasdek tuyuldimi, buni bilish qi¬yin edi. U birdan harakatdan to‘xtab, o‘rtaga to‘shab qo‘yilgan gilam ustiga tappa tushdi!
Ha, u chindan ham holdan toygan edi. Uning bazo‘r nafas olayotgani sezilib turardi. Axir, yuz kunlik qish uyqusidan uyg‘oniboq och holda shuncha parvoz qilganiga qoyil qolmasdan bo‘ladimi?! Barchaning nigohi o‘sha, sirli nuqtaga qadalib, endi nima bo‘larkin, deya o‘ylanib qolgandi…
Shu payt xonaga qorachadan kelgan, istarasi issiq, qo‘lida kitob-daftarini tutgan qiz kirar ekan, ko‘rshapalakka ko‘zi tushib, darhol qo‘lidagi narsalarni stol ustiga qo‘ydi-da, yoni¬dan ro‘molchasini chiqardi. Keyin sira ikkilanmay ko‘rshapalakning us¬tiga yopib, avaylabgina qo‘liga oldi. Xuddi o‘pib olmoqchiday, unga mehr bilan jilmaygancha ko‘zlariga yaqin olib kelarkan:
– Ha, jonivor, uyg‘onibsan-da! Bu joy xavfli! Oyoq ostida qolishing mumkin! Seni jo¬ying tashqarida! – deya mayin ovozda pichirlab erkalatdi va derazani ochib, tabiat quchog‘iga qo‘yib yubordi!
Endi barchaning nigohi asta kelib orqa o‘rindiqlardan biriga o‘tirgan “jasur” qizga tikilgan edi…
Qiz atrofdagilarga zarra e’tibor qilmay kitobdan belgilab qo‘ygan sahifani topdi-da, ishtiyoq bilan mutolaaga kirishdi.

«O‘zAS», 2019 yil, 28-son