Chavgon, aslida, kattalar mashg‘uloti bo‘lsa-da, taqimi bilan otining qaptalidan mahkam qimtib olgan Bobur mirzo bor bo‘yi bilan go‘yga intilib, engashgancha shunday harakatlar qilardiki, gohida qarshisida turgan otning ustida ham chavandoz borligini unutib qo‘yardi.
Axir chavgon kaltagi go‘yga yetib, unga zarba ham berish kerak-da!
Hali zamon kun qizib, navkarlar tashnalikdan qiynalib qolmasliklari uchun ramazon oyi kirganiga qaramay mashqlar to‘xtatilmagandi.
Kun choshgohga borgandagina shovqin tinib, ustoz va shogird yuz-ko‘zlaridagi terlarni artganlaricha naqshinkor peshtoqli ayvonga chiqib keldilar.
Bobur mirzo har doimgidek mashqlarni zo‘r ishtiyoq bilan bajarganidan terlab, egnidagi oq yaktagi badaniga yopishib, yuzi loladay qizarib ketgandi.
Xizmatkorlardan biri chopib kelib har ikkala sarbozga ham yangi sochiqlar tutdi, keyin ayvon chetida turgan uzun dastali yelpig‘ichni olib ularga biroz shabada baxsh etishga unnadi.
Banogoh, xizmatkorlardan biri ular tomon tez yurib kelib, ta’zim bajo keltirdi-da, sarosima bilan:
— Amirzodam! Axsidan chopar! — dedi titroq ovozda.
Bobur mirzo sergaklanib:
— Ayting‘! Kelsun! — dedi. Yo‘lakda chopar libosidagi xipchadan kelgan yigitning gavdasi ko‘ringan hamon Podshoh otasining xos chopari – shuturpari Mazid nabirani ko‘rib qandaydir noxushlikni sezganday yuragi shuv etdi.
Xizmatkor o‘zini niliy marmar yo‘lakdan chetga olib, uni imo bilan valiahd qoshiga chorladi.
Chopar shitob kelib, biroz narida tiz cho‘kib ta’zim qilarkan:
— Amirzodam! Shaqovat!!! Fojia ro‘y berdi! — degancha u yog‘ini aytolmay, ovozlari bo‘g‘ilib qoldi.
Bobur mirzoning yuzlari jiddiy tus olib:
— Ayting‘! Qanday falokat? — deb so‘radi jarangdor ovozda.
Yuzi bo‘zday oqarib ketgan, bir amallab hissiyotlarini bosib olgan chopar:
— Padari buzrukvoringiz olampanoh Sulton Umarshayx mirzo janoblari kecha Axsi qal’asida kabutarxonada mudhish voqea dast berib yorug‘ dunyoni tark etib ketdilar, — dedi-da, boshini xam qilgancha yig‘lab yubordi.
Kutilmagan musibatdan Bobur mirzo ham, ustozi ham, beixtiyor, bor ovozda: “A-a-a!!!” deb yuborganlarini bilmay qoldilar.
Muborizlar dahanidan sher na’rasiday otilib chiqqan ana shu xayqiriq butun chorbog‘ ichini larzaga soldi-yu, oraga dahshatli bo‘ron oldidan bo‘ladigan sirli sukunat cho‘kdi.
Ha, Temuriyzoda hayotida eng ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lgan kun – seshanba, hijriy sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi yil, ramazon oyining beshi edi.
Alp Bahodir vaziyatni qo‘lga olib, choparni o‘z yoniga chorlab, ta’qib bilan fojia tafsilotlarini so‘ray boshladi. Chopar nimaniki o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, guvohi bo‘lsa, birma-bir, ipidan ignasigacha, iztirob bilan so‘zladi.
Hatto, Sayhundan podshoh hazratlarini olib chiqishda qatnashganini, o‘pirilib tushgan kabutarxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, olampanoh ”Oqpar” kabutarni Marg‘inon sari uchirib yuborganidan so‘ng falokat sodir bo‘lganini aytib o‘tdi.
Choparning har bir so‘zini diqqat bilan tinglab, og‘ir tin olgan ustoz ma’yus nigoh bilan uning ko‘zlariga boqarkan:
— Shuturpari janoblari! Faqat, o‘z mulohazang‘izni ayting‘?! Bu fojiada sui-qasd alomatlari sezilmadimu sizg‘a?! — dedi qat’iyat bilan.
Bu savoldan choparning yuzi yanada jiddiylashib:
— Janob Alp Bahodir! Olampanohning atrofidag‘i mazbut kishilar ham so‘ylab bersalar kerak, biroq bu hodisani “falokat oyoq ostida” deganlaridek, kutilmag‘on baxtsizlik sodir bo‘ldi, deb hisoblaymen, — dedi.
Alp Bahodir bir nuqtaga tikilgancha uning gaplarini tinglab aql mezonidan o‘tkazarkan, choparning fikriga qo‘shilganday o‘kinch va alam bilan asta bosh chayqab qo‘ydi.
Chindan ham bu ulug‘ insonni temuriyzoda Sulton Umarshayx mirzo shaxsiga bo‘lgan sodiqligi benihoya baland edi.
Alp Bahodirdagi bu fazlu kamolot ko‘p yillar davomida jangu jadallarda sinalib pishgan, yorug‘ dunyoda hech bir narsa bilan almashtirib bo‘lmaydigan, insondagi mustahkam e’tiqod va do‘stlik rishtalari mujassam bo‘lgan noyob tuyg‘ular edi.
Bobur mirzo boshini quyi solgancha, shamday qotib turgan joyida shuturparining har bir so‘zini diqqat bilan mulohaza qilar, otasining fojiali halok bo‘lganiga sira-sira ishongisi kelmas, chunki uning tasavvuridagi padari buzrukvori pahlavon temuriyzoda, haqiqiy devkush, ancha-muncha kuch qo‘zg‘ota ololmaydigan metin qoya timsoli edi.
Bobur mirzo mash’um xabardan junbushga kelgan hissiyotlarini biroz bosib olarkan, choparga bir necha savollar berib, falokatning kichik tafsilotlariga qadar so‘rab-surishtirdi. U o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, aniq bilganlarinigina so‘zlab alam bilan: “Amirzodam! Sizg‘a yana bir narsani aytsam, Olampanoh metinday bikr ekanlar. G‘olibo, ikki terak bo‘yidin ziyod tepalikdin shunqor bo‘lsalar-da, jonlari taslim bo‘lmag‘on ekanlar. O‘pirilma payti gumburlab chiqqan shovqinni qal’a ichida turg‘on barchamiz eshitib, Sayhunning bo‘yig‘a uchib chiqqunimizg‘a qadar, Xudo yetkuzg‘ondek guzarda bir to‘p eshkakchi-qayiqchilar hordiq chiqarib o‘lturg‘on ekanlar. Falokatni ko‘riboq, daryoda suv katta bo‘lishig‘a ham qaramay, hammalari filhol suvg‘a g‘o‘ta urub, Olampanohni qutqarib olishg‘a kirishibdilar. Biz qal’adin chiqa solib, kechuvg‘a yetib kelganimizda padari buzrukvoringizni avaylab qayiqqa yotqizib qo‘yg‘on ekanlar. Zudlik bilan maofa kelturib, Toshqo‘rg‘ondag‘i xosxonalarig‘a olib chiqib qo‘yg‘onimizda, aksar muchalari sog‘day, ikki mushtini mahkam tugub, xiyol jilmayganday jim yotardilar. Faqat so‘l qulog‘idin andak qon sizib qolg‘on ekan, xolos. Volidai muhtaramalari Sultonbegim xonim bosh, ikki tayib, iningiz Jahongir Mirzo, Ali Darveshbek, Mirzoquli Ko‘kaltosh, Muhammad Boqirbek, Shayx Abdullo kibi beklar to tongga qadar Olampanohning poyidin bir qadam jilmay turdilar. Tayib tez-tez tomirlarini tutub, dahanlarig‘a oyna qo‘yub qo‘yar, nafaslari bilinar-bilinmas chiqib turardi. Jon uzilishdin avval Sultonbegim xonim bir yumush bila tash-qarig‘a chiqg‘on paytlarida kalima kelturg‘ondek bo‘lib, bir nima debdilar, vale beklar biror narsa uqib ololmay qolibdilar. Eng so‘nggida, Sizning isming‘izni aytib chaqirg‘onlarini barcha eshitibdi!
Ey, Amirzodam! On hazratlarining jonlari uzilg‘on mahal qal’ada qiyomat ko‘pub, qo‘rg‘on larzaga keldi! Axsida hozircha aza ochmaslikka, mayitni esa bugun choshgohda Toshqo‘rg‘ong‘a dafn etishga qaror qilganlaridin so‘nggina men bu tarafg‘a qarab chopdim”.
Shu damda, alam o‘tida yonib turgan valiahdning xayolidan lip etib otasi bilan bog‘liq ikki manzara o‘tdi. Biri o‘tgan qishda shikor payti tushovga bo‘yin bermayotgan bahaybat erkak maralni bo‘yniga bir musht urib, hushidan ketkazib qo‘yganiyu, muchal to‘yi kuni bir emas, uchta zotdor toy, iroqi shamshir, oltin to‘qali charm kamar, shohona liboslar tortiq qilayotib o‘g‘lining belini mahkam qisib qo‘yganini esladi.
Kaftining orqasi bilan ko‘z yoshlarini sidirib tashlarkan, qiblagohiga bo‘lgan chuqur ehtirom ila: “Otajonim”… degan birgina so‘z yuragining tub-tubidan otilib chiqqanday bo‘ldi.
Aslida ham, ota-bola o‘rtasidagi o‘zaro izzat-hurmat shu darajada baland ediki, Olampanoh har qancha sizlab erkalatmasin, yuksak tarbiya ko‘rgan Bobur mirzo atigi bir marotaba bo‘lsa-da, padari buzrukvorining yuziga tik boqqan emas!
Sulton Umarshayx Mirzo saltanat tashvishlaridan holi bo‘lgan chog‘lari biroz hordiq chiqarish uchun bek va umarolari bilan o‘tirib qolgudek bo‘lsa, ko‘ngli birdan valiahdni tilab qolar, mirzo Andijonda bo‘lsagina podshoh ota uni zudlik bilan qoshiga keltirishlarini buyurardi.
Bir necha yil avval shunday voqea bo‘lib o‘tgandi. Olampanoh Samarqanddan kelgan mehmonlar bilan bo‘lib, shahzodani ikki kun ko‘rolmadi. O‘g‘lini sog‘ingan hukmdor filhol bazm bo‘layotgan joyga Bobur mirzoni yetkazishlarini buyurdi.
Taxt vorisi ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim bilan otasi o‘tirgan xonaga kirib keldi. Olampanohning kayfiyati osmon qadar baland ekan, xursand bo‘lib ketganidan: ”Borakallo, mirzo!” — deya erkalatgancha qo‘llarini yozdi. Mirzo barchaga salom berdi-da, dasturxonchilar yo‘lakchasidan chopib borib otasining bag‘riga otildi. Ko‘rishib bo‘lgach, uning qulog‘iga sekin bir nimalar deb shivirlab qo‘ygandi, hukmdor qornini silkitib bor ovozda kulib yubordi. Kulgi aralash: “To‘g‘ri, to‘g‘ri aytadursiz, mirzom, kushod xotirimdin ko‘tarilibdur, uzr, shunday so‘z berib edim”, — degancha o‘zini arang to‘xtatib olgandi.
Olampanohning bunchalik huzur bilan kulishiga sabab Bobur mirzoning: “Otajon, men katta yigit bo‘lib qoldum, endi Jahongir mirzoni erkalatsang‘iz bo‘ladi”, — degandi o‘shanda.
Alp Bahodir shogirdining ortidan kelib, yelkasiga qo‘llarini asta qo‘ydi.
— Amirzodam! O‘lim haq! Bu – Tangrining ishi! Bandasining umri bitg‘on ekan, anga hech bir zot yordam bera olmaydur! Avvalo, yaratg‘on egam, Olampanohimizni o‘z rahmatig‘a olg‘on bo‘lsun! Bundayin tahlikali damda o‘zimizni yo‘qotmay, tiyrak turmoqlig‘imiz luzum! O‘zing‘izni qo‘lg‘a oling‘, Amirzodam! — dedi salobat bilan.
Ustozining so‘zlari ko‘ngliga taskin berdi chog‘i, Bobur mirzo Alp Bahodirning yuziga ma’noli qarab qo‘yarkan, chopar bilan xizmatkorning ketishiga izn berdi.
— Maqsud tag‘oyi! Poshsho buvimg‘a ixbor qildingizmu? — deb so‘radi siniq ovozda mirzo.
— Ha, Mirzom! Xabaring‘iz bor, Poshsho buvimlar “Mo‘g‘ul to‘pi”g‘a ketib edilar. Arava jo‘natg‘onbiz, hozir-o‘q yetib kelsalar kerak, — degan javobni bergan xizmatkor ma’yus bir qiyofada bino tomon odimlab ketdi.
O‘zlari holi qolishgach, Alp Bahodir Bobur mirzoning bilagidan olib, asta-asta qadam bosganlaricha ayvon markazidagi naqshinkor xontaxta yoniga keldilar.
— Mirzom! Ko‘rgulukmu, qismatmu, Allohning inoyatimu, buni aniq aytolmaymen, — deya bosiqlik bilan gap boshladi ustoz: — Bovujudkim, shu lahzadan e’tiboran Farg‘ona mulkining tasarrufi Sizning‘ uhdang‘izg‘a tushdi! Siz hamma narsani unutub faqat saltanat, el-ulus taqdiri haqida qayg‘urmog‘ingiz kerak! Afsus, bundayin mushkul va zalvorli yumush, biayni, Sizning‘ o‘smirliq davringiz bo‘sag‘asig‘a to‘g‘ri kelib turibdur. Siz endi shogird emas, saltanat hukmdorisiz! Mening kamtarona xizmatlarim esa ayni shu nuqtada poyonig‘a yetdi! Ming bor uzrlar so‘raymankim, vaziyat endi uzzukun Sizning qoshing‘izda bo‘lmoqlig‘img‘a yo‘l bermaydur! Rozi bo‘lg‘aysiz, mirzom?! Tuzung‘izni ko‘p ichdim, vale xizmating‘izni oz qildim.
Bobur mirzo qadrdon ustozining so‘zlaridan to‘lqinlanib:
— Undoq demang, ustoz! Siz menga juda ko‘p narsa o‘rgatding‘iz. Avvalo, Siz rizo bo‘lmog‘ingiz kerak! — dedi.
— Shukrlarkim, — deya so‘zini davom ettirarkan ustoz, — xushomadg‘a yo‘ymag‘aysiz, mirzom! Shu kunda, shu yoshda ta’bi nazming‘izni aytib o‘tirmay, aql-farosat, azmu shijoat, quch-quvvat va muborizliqta hech bir temuriyzoda Sizg‘a teng kelolmaydur! Ulug‘ bobokaloning‘iz Sohibqiron Temurbekning tuzuklarini ko‘p mutolaa qilding‘iz. Mana, endi yurt boshqarishda Sizg‘a birdan-bir dastur — ana shu! Taxtg‘a o‘tirishing‘iz hamono, ne ajabki, tegrangizda do‘st ham, dushman ham bisyor bo‘ladur. Muhimi, alarni ajrata bilmoqlik. Yana bir zarur gap. Qay yo‘l bila bo‘lsa-da, otang‘izni sadoqatli beklarini ilgingizdin chiqormag‘aysiz, vale, ixtiyoring‘izni ham alarg‘a bermag‘aysiz! Sizg‘a bu ishda eng yaqin maslahatgo‘y Poshsho buvingiz — Esan Davlatbegim bo‘ladilar!
Shu payt xizmatkor chopib kelib: “Amirzodam! Poshsho buvim kelib-o‘q, zudlik bila Sizni tilayaptilar”, — dedi.
Bobur mirzo bosh irg‘ab: “Hozir”, — deb qo‘ysa-da, ustozidan ajralgisi, uni tashlab ketgisi kelmas, bir-birlariga mehr ko‘zlari bilan boqqanlaricha unsiz turib qolgandilar.
— Boring, Olampanoh! Boring! Poshsho buvimlar muntazir bo‘lub qolmasunlar. Ushbu damda har bir daqiqa g‘animat! Mendan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsun. Men o‘la-o‘lguncha sizning xizmating‘izg‘a tayyormen! — Alp Bahodirning bu so‘zlari ko‘z yoshlari bilan birga chiqar, maxzunlikning esa adog‘i ko‘rinmasdi.
Tug‘yonlar girdobida qolgan Alp Bahodir shogirdini so‘nggi bor bag‘riga bosib kuzatib qolarkan, iltijo bilan: “Tengrim! Mirzomni o‘z panohingda asra!” — deya qayta-qayta pichirlab qo‘yar, yakkayu yagona o‘g‘lini jangga kiritib yuborayotgan otaday yo‘lakda ketib borayotgan Bobur mirzodan nigohini uzolmasdi.
Alp Bahodir shogirdining ortidan:
— Mirzom! Inshoolloh, istiqbol munavvar bo‘lg‘ay! Sizni buyuk ishlar kutib turadur. Siz hali hech kim uddalay olmag‘on yumushlarni bajarursiz! Bunga imonim komil! — deb qo‘ydi ichki bir ishonch bilan.
Farg‘ona mulkining qonuniy hukmdori qulog‘iga Alp Bahodirning so‘zlari yetib kelmayotgan bo‘lsa-da, u bino oldida bir lahzaga to‘xtadi… Ortiga o‘girilib nigohini ustozi turgan tarafga qaratdi. Qalin daraxtlar ortida Alp Bahodirning qorasi ko‘rinmay qolgandi. Bobur mirzo turgan joyida, o‘sha tomonga qarab uch qatla bosh egib, ta’zim bajo keltirdi. Shundan keyingina ostona hatlab, saroyning a’yon-akobirlarini jamlab o‘tirgan Poshsho buvisi tomon jadal yurib ketdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 7-son