Dilmurod Nazar. Sukunat manzili (hikoya)

…Ko‘zimga mil tortdim, seni esladim:
Kaftimda baxt qushi, yelkamda kaftar.
Osmon markaziga botayotirsan,
Osmon markaziga botar
Kiyiklar.
Abduvali Qutbiddin

Bir umr gapirdilar, g‘alva ko‘tardilar, shovqin soldilar. Har dam shovqinlari bilan nainki quloqni qomatga keltiradilar, balki dunyoni hadikda ushlamoqchi bo‘lgandek tovush yordamida uylar devorini qimirlatadilar, daraxt­larni silkitadilar, hatto baqir-chaqirlari orqali shamol estiradilar.
Tug‘ilganimdan beri ularni eshitib, ularga quloq berib, ulardan bezib, qochib qutulmoqni uddalolmayman.
Odam umid bilan tirik. Men ham umid qildim. Tovushlardan, shovqinlardan xoli onlar qachondir kelishiga siniq ishonchim orqali ko‘z tutdim. Aytishdiki, odamsiz joylarda maqsad hosil bo‘ladi. Men toqqa qarab yo‘l oldim. Tog‘ki, insonlardan yetti ming chaqirim olisda. Cho‘qqiga yetgach, “Oh!” deb yubordim. Nihoyat, odamlarsiz hayotni, ularning shovqinidan xoli go‘shani ham ilk bor yaqindan ko‘radigan bo‘ldim.
Tog‘ yam-yashil edi. Bahor emasmi! Nigohim quvnadi, ko‘nglim shu tog‘dayin yashnab ketdi. Bir qavat et oldim, shovqinlardan, uning ozorlaridan qaqshab ketgan suyaklarim bo‘shashdi. Boshimni baland ko‘tardim, yayraganimni ifodalamoqqa qo‘shiq istab ko‘nglimga boqdim. Bahorda qotqin muz erib jilg‘a hosil bo‘lganidek qotib qolgan hissiyotim ham suvdayin suyulib dil jomiga quyulib kela boshladi. Tilim ovoz jo‘rligida so‘zlarga bag‘rini ochdi. So‘zlar xirom aylab ohista yurgan go‘zallarday tilim ko‘prigi ustidan bir-bir o‘ta boshladilar. Kuylashni boshladim, lekin… Zum o‘tmay ipdayin uzildim. Men odamlar haqida, shovqinlarining dastidan yutgan zardoblarimdan kuyinib kuylamoqda edim. Axir, ularni unutmoq uchun, ulardan butkul xalos bo‘lmoq umidida tog‘ga yo‘l solmaganmidim?
Hammasini boshidan boshlashga qaror qildim. O‘z ovozimni ham butkul o‘chirdim. Go‘yo tovushimdan kechgan kabi endi bir umr so‘zlamaslikka ham rozi edim.
Tog‘ning boshiga yetdim – naq yettinchi osmon bag‘rida. Pastga boqdim. Boshim aylanib ketdi, biroq o‘zimni sarxush sezdim. Mastlardek hamma narsaning bahridan o‘tdim-da, tog‘ bo‘ylab alanglay boshladim. Ko‘m-ko‘k o‘tloq, har yer-har yerda archalar. Ular butun tog‘ga ko‘rk berardi. Dilim lim qadah yanglig‘ shodlikka to‘ldi-da, o‘tloq ustida yosh boladay yugurib ketdim, archalardan birining tagiga yetdim. Dimog‘imni archa isi to‘ldirdi. Zavqlanib shoxiga qo‘l cho‘zdim. Nimadir pirr etib uchdi-da, chug‘urlab yubordi. Nariroqdagi archa shoxidan yana bir qush xuddi shunday tovushda javob qildi. Atrof-javonibdagi archalar orasidan birin-ketin uchib chiqqan qushlar chug‘urlasha ketdilar. Zumda dunyoni chug‘ur-chug‘ur bosdi. Bu qo‘rquvga qaraganda ko‘proq isyon, haydash va shikoyat sadosiga o‘xshab ketardi. Bu sado menda allaqanday mavhum, lekin yomon taassurot qoldirdi. Garchi bular qushlar ekanligiga aqlim yetsa-da, go‘yo inson bolasi haydab solayotgandek ranjidim. Nari ketdim. Yalangroq bir joyga yetganimda shom tushib qolgan edi. Katta toshning g‘orsimon panasiga joylashdim-da, tun o‘tkarmak uchun cho‘zildim. Dilimda tog‘da ham ko‘ngil istagan sokinlik topa olmasam kerak degan o‘y paydo bo‘lgan edi. Bir mahal uyqu bosib keldi. Uyg‘ongunimcha ham haligi qushlarning mendan norozi bo‘lib, hadeb u yon-bu yon uchishini tush ko‘rib chiqdim. Qushlar chug‘urlashayotganday ko‘rinsa-da, sadosi chiqmasdi. “Nega bunday?” deya hayron edim. Bir mahal anglab qoldimki, qulog‘im tom bitgan. Zo‘r berib quloqlarimni ochmoqqa urindim. Bir mahal qulog‘im ochilib qoldi–yu, kutganimdek qushlarning chug‘urini emas, o‘rniga qattiq shovullashni eshitdim. Darrov angladim: shamol. Shamol zo‘rayib, qushlarni ular qo‘ngan archalar bilan birga tog‘dan uloqtirib tashladi. Ko‘m-ko‘k maysalar chang-to‘zon orasida ko‘rinmay ketdi. Men vahima bilan o‘rnimdan turib ketdim. Qarasam, yulduzim naq boshimda – yiltillayapti. Angladimki, tunning ikkinchi yarmi boshlanmoqda. Haqiqatan, borliq uzra shovullagan shamol kezinadi. Ko‘nglimda qandaydir mavhum vahima uyg‘ondi. Shamolning shovurida allaqanday mungni, dardni, nolani his qilganday bo‘ldim. Ichimdan zil ketdim. Odamlardan uzoqda, ularsiz tanho yashash oson emasligi shu topda juda bilindi.
– Yo‘q, – dedim o‘zimga o‘zim. – Menga shovqinsiz hayot kerak. Modomiki, shu maqsad yo‘lida kurash boshladimmi, endi ortga qaytish yo‘q.
Zum o‘tmay o‘z so‘zlarim dardimga malham bo‘layotganini seza boshladim. Ko‘nglim tongdan avvalroq yorishdi. Yana so‘zlay boshlaganim parvoyimga ham kelmay, yaxshi kayfiyat huzuri ichra ko‘zim ketib qolibdi.
Uyg‘onganimda ko‘zim bilan birga ko‘nglim ham butkul charaqlardi. Tog‘ boshida tongni qarshi olish boshqacha zavq beradi odamga. Tog‘da kun oldinroq oqaradi. Qishloqda yorug‘likning o‘zini ko‘rasan, tog‘da esa quyoshning osmon toqida ilk paydo bo‘lishiga ham guvoh bo‘larkansan.
Archaning qurib qolgan shoxidan kesib o‘zimga yo‘l hassa yasadim. So‘ng yo‘l yurdim, biroq mo‘l yurish nasib etmadi. Gulxandan qolmish kulga duch kelganimda odamlardan uzoqlashib ketolmaganimni, buning iloji yo‘qligini anglab qoldim. “Ular nima maqsadda kelgan?” degan savolga javob topib ulgurmasimdan, biroz yurgach javobni topganday bo‘ldim: shundoq yo‘lim ustida kaklik pati sochilib yotardi. Men shu patlar inson qo‘li bilan yulinganini tasavvur qildim. Eh, odamlar! Shu tog‘ ham, bundagi dov-daraxt, o‘t-o‘lan, hatto bor jonzotlar-da Sizning shovqiningizdan zir titradimi? Xuddi men kabi…
Tushga yaqin dam olib, xayol surib o‘tirarkanman, yaqinimga bir nechta kaklik kelib qo‘ndi, so‘ng u yoq-bu yoq yura boshladi. Bo‘ynimni cho‘zib xarsang tosh bo‘ylab ular tomon nazar tashladim. Meni sezishi hamon kakliklar yirtqichdan qochganday parillagancha uchib ketdi. Mulzam holda o‘tirgan yerimda uzoq qolib ketdim.
– Tushunishing kerak, – dedim o‘zimga o‘zim. – Axir, ularning qancha-qanchasi odamlar tomonidan qurbon qilindi. Seni ham vahshiylardan biri deya gumon qilishgani esa ularning aybi emas…
Men odamlarning kakliklarni otib qulatgandagi qiyqiriqlarini, omon qolgan bechora qushlarning dilini bosgan vahmni tasavvur qilib, bu hol go‘yo ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotgandek seskanib ketdim. Shom tushdi. O‘rnimdan turib yo‘l yurishda davom etdim. O‘zimga bir kechalik boshpana topishim lozim edi. Shu niyatda – g‘ormi, panaroq bo‘shliqmi topish ilinjida qoyalar orasida kezinardim. Bir mahal o‘ngursimon joy topganday bo‘lib o‘sha yoqqa tirmashdim. Birdan oldimdan nimadir, qandaydir hayvon, otilib chiqdi. Beixtiyor ortimga tislandim. Oyog‘im toyib ketdi. Yonimda o‘sgan butaga osilib qolganim pastga sirg‘anib tushib ketishdan asradi. Qattiq qo‘rqqan bo‘lsam ham, darrov ilg‘adim – kiyik. Men kiyikdan qanchalar qo‘rqqan bo‘lsam, kiyik ham mendan shunchalar, balki bundan ham ziyoda cho‘chigandi. Men buni uning katta qora ko‘zlarida yalt etgan shu’ladan, bir yonga jon holatda sakraganidan bildim. Bechora! Shunchalar qo‘rqdingmi? Men kelguncha kim senga shu qo‘rquvdan saboq bergan ekan? Albatta, odamlar. Ular seni otmoqchi bo‘lib qiyqirishgan. Ana… Shu qiyqiriq, shovqin yuragingda bir umrga botirlik chirog‘ini so‘ndirgan va u yerda hadik zulmatini quyuqlashtirgan. Endi sen umring oxirigacha qo‘rqib yashaysan, bu azob seni bir lahza bo‘lsin, tinch qo‘ymaydi. To‘xta, nega sen bir o‘zing, yolg‘izsan? Axir, kiyiklar juft-juft bo‘lib hayot kechirmaydimi? Ha, hammasi ma’lum: ular seni juftingdan ayirib, umrbod toq qoldirishgan. Yo‘qsa, ko‘zlaringda bunchalar hadik aks etarmi edi? Qorachiqlaring shunchalar qorayib ko‘rinarmidi?..
Kiyik makonida qolgani ko‘nglim bo‘lmadi. Boshim oqqan tarafga ravona bo‘ldim. Tun ham choponi barini yig‘ishtirib tog‘ ustiga butkul cho‘kdi. Yerga uzala tushib yotdim. Uyqum kelmas, ko‘zlarimni osmondagi g‘uj-g‘uj yulduzlarga tikdim. Nazarimda, somon yo‘li bo‘ylab nimalardir g‘imir-g‘imir etayotgandek edi. Nima ekan? Butun diqqatim ko‘zlarimga yig‘ildi. Ko‘z nurimning borini to‘ksam ham, u yerda bo‘layotganlarni ilg‘agani qudratim yetmadi. Shunda ko‘zlarim bilan somon yo‘li o‘rtasidagi masofani qirqib tashladim. Endi bo‘layotgan hodisotni yaqindan ko‘rish imkoniga ega edim. Sap-sariq yer yastanib ketgan. Sahro. Qumlik. Qumlik aro karvon tebranadi, yuradi. Tuyalar ustida odamlar. Har xil qiyofa, har turli kiyim. Biroq bir xil kayfiyat. Barchaning chehrasida xushchaqchaqlik, xurramlik hukmron.
Aftidan, bugun karvon hayotida qandaydir muhim yangilik bo‘lgan. Balki, mujdalar olingandir. Kimdir qo‘shiq boshlab yubordi. Bir dam hamma jimidi. Qo‘shiq mungi sahroni bosib ketdi. Qo‘shiq tugashi bilan gulduros qarsaklar hozirgina mung selida ivigan sahroni zir titratib yubordi. Karvon davra qurib bazm qilmoq uchun to‘xtadi. Chodirlar tikildi. Besh-olti kishi o‘rtaga gulxan yoqib jiz-bizni boshladi. Zumda sixga tortilgan go‘sht hidi barchani gulxan yoniga boshlab keldi. Odamlarning ko‘zlarida tomoq vasvasasi o‘ynar, harakatlarida ishtaha berguchi zavqqa yetish orzu­si zuhurlana boshladi. Nihoyat, dasturxon tuzalib, taomlar tortildi. Patnis va barkashlarga terilgan sixlar o‘rtaga keltirib qo‘yildi. Hamma dasturxon atrofidan o‘rin oldi. Odamlar ishtaha bilan ovqatlanishga tushib ketishdi. Nihoyat, ishtaha harorati biroz pasayib, nafs dami kesilgach, odamlar o‘zaro suhbatlashdilar. G‘uvur-g‘uvur orasidan “kiyik” degan so‘z qulog‘imga chalindi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, odamlar luqmasiga aylangan narsa kiyik go‘shti edi. Barkashlar ustida, odamlar changalida, hatto og‘izlarda kiyik asl holiga qayta boshladi. Kiyikning kesilgan boshidagi mungli ko‘zlari barkash ustidan menga qarar, go‘yo “Bu ochofatlardan meni qutqar” deganday nuqul javdirar edi. Men ham hayron holda unga boqardim. Shunda bir erkak qo‘lidagi sanchqini kiyikning bir ko‘ziga sanchdi-da, uni kosasidan sug‘urib oldi. So‘ng og‘ziga solib chaynay boshladi. Bechora ko‘z to og‘iz ichiga kirib g‘oyib bo‘lgunicha menga javdirab boqishini qo‘ymadi. Hatto erkakning og‘zi chaynash asnosi har ochilganda tishlar orasidan hamon javdirab qolardi.
Nihoyat, erkak ko‘zni yutdi va u abadiy yo‘qlik chohiga botib ketdi. Men “Ikkinchi ko‘z nima qilyaptiykin?” degandek barkashga qaradim. Ikkinchi ko‘z qontalash holatda menga boqardi. Juftlikdan toqlikka mahkumlangan ko‘zning mungi dilimga darrov yuqdi. Unga qararkanman, bag‘rim xun bo‘lib ketdi, yuragim ezildi, ko‘zlarimdan yoshim sel bo‘lib quyila boshladi. Haligi erkak dasturxonda yotgan sanch­qisini qayta qo‘liga oldi-da, barkash ustiga engashib keldi. Qo‘lidagi sanchqi kiyikning omon qolgan ikkinchi ko‘ziga qaratilgan edi. Buni men erkakning nigohidan ilg‘ab oldim. Uning nigohi ki­­yikning omon qolgan qontalash ko‘ziga qadalar ekan, qorachiqlari qonga to‘lgan edi. Go‘yo vahshatu g‘azabdan quturgan bo‘ri qo‘rquvdan umidi singan qo‘zichoqqa hamla qilmoqda edi. Men beixtiyor:
– Yo‘-o‘q! – deb baqirdim.
Shunda vaqt to‘xtadi. Erkakning sanchqi ushlagan qo‘li havoda muallaq qotdi. Qontalash toq ko‘z menga mungli boqqan ko‘yi o‘z orzularidan afsona so‘yladi. Nigohim ko‘z sari uchib bordi-da, unga botib ketdi. Ko‘z oynasida kiyikning oldingi hayoti tasviri jonlandi. Ikki kiyik toshdan toshga sakragancha shamoldan tez chopar, ortidan shodon quvgan yel ularga yetolmay shovullar, kiyiklar esa bundan ruh olib quyoshga intilganday osmonga ucha-ucha yugurar edi. Tuyoqlarni qanchadan-qancha qo‘ng‘ir toshlar o‘par, yashil maysalar silab qolar edi. Kiyiklarning yo‘llari esa sira ado bo‘lmas, ular qandayin manzil sari intilganlari intilgan edi. Yugurar ekan, ul sirli manzilda ularni baxtu halovatlari kutayotganiga shubha yo‘q edi. Negaki, jonivorlar betinim intilayotgan taraf osmonida quyoshdan ham yorqin oppoq nur jilvalanardi. Mening nigohim-da shamol yetovida kiyiklar ortidan oldinga qarab yelib borar, oldinda ufq yastanib yotar, u kiyiklar yetib borishi hamono ortga surilib, yo‘l bo‘ylab o‘zining yangi etagini yoyardi… Bir payt kiyiklarni qandaydir ko‘lanka bosib kela boshladi. Osmonga boqdim. Qora burgut. Panjalari kiyiklarning gardanini ko‘zlagan. Ko‘zlari vahshiy boqadi. Burgutning vahshatidan sukunatning bag‘ri so‘kildi. Men dahshat ichra hozir burgut pastlaydi-da, kiyiklardan biriga chang soladi deya o‘yladim. Biroq burgut osmon bo‘ylab yoyilib ketdi. Samoni qora bulut qoplay boshladi. Bulut tobora quyuqlashib borib, avval quyosh nurini nazardan butkul nihon etdi-da, keyin kiyiklarni yutmoqchidek ular ustiga uzaldi. Kiyiklar qo‘rquvdan yurak­lari bo‘g‘izlariga tiqilgan ko‘yi jon vahmida hamon yugurar edi. Tun kirganday borliq qorayib ketdi. Orqa-oldlarini qora tuman butunlay qoplab olgan kiyiklar yorug‘lik balqib turgan tarafga yetib qutular degandim, biroq ular jon holatda intilib borayotgan tomondan ham endi zulmat bosh ko‘tarmoqda edi. Boshqa toqat qilib turolmadim. Dod solib yubordim. Kiyiklar xayoloti oynasidagi tasvir butkul qorayib ketdi. Oyna o‘rnida oddiy qontalash toq ko‘z qoldi. Ko‘z o‘lim vahmida menga javdiradi. Havoda muallaq qotgan sanchqili qo‘l qayta jon olib, ko‘z tomon yaqinlashib kela boshladi. Bexos qoqib yuborgan kiprigim tegib ketdimi, yulduzlar har yon sochilib somon yo‘li buzildi, nigohim ostida bir zum zaminu osmon, yulduzu sayyora ayqash-uyqash bo‘lib ketdi… Ustimdan bulutlar suzib o‘tar, bulutlar oqimi shu qadar tez ediki, men go‘yo tog‘ ustida yotmas, balki ufqni ko‘zlab kiyiklarday chopar edim.
Boshimni ko‘tardim. Boshim zilday og‘ir edi. Tong yorishmaganiga qaramay atrof ko‘rinarli edi. Ko‘nglim boshimdan ham vazmin edi. Garchi tiq etgan tovush bo‘lmasa-da, ichim g‘alayonu shovqinga to‘la edi. Bunday ichki shovqin bilan endi sira yota olmasligim ayon edi… Yaqinda shohid bo‘lganim voqealar taassuroti xayolimdan ketmagan, miyam g‘uvillar edi. Qora tuman ichra g‘arq bo‘lgan kiyiklarni eslab dilim tilina, jonim achisha boshladi. Shunda yonimdan kimdir sassiz o‘tib ketganday bo‘lib sapchib tushdim. Qarasam, kechagi kiyik. U yaqindagi qoyaga chiqdi-da, menga qayrilib qaradi. Qorong‘i bo‘lishiga qaramay, tunday qaro ko‘zlaridagi nurni ilg‘adim, ajabo, ko‘nglimga qandaydir iliqlik oqib kirganday bo‘ldi. Kiyikka mehrim jo‘sh urib ketdi. Xayolan unga murojaat qila boshladim. U esa menga qotib boqib turar, qimir etmasdi. Nihoyat, aytar so‘zimni aytib bo‘ldim, oqqan yoshimni artdim-da, tag‘in unga razm soldim. Ko‘zimga g‘arib ko‘rinib ketdi. Uni yoridan ayirganlari esimga tushdi. Yorini sahrodagi odamlarning yeganlari xayolimga urildi. Menga javdirab boqqan ko‘zlar… Kiyikning ko‘zlariga qaradim. Kiyik esa go‘yo ko‘zlarini mendan yashirmoqchidek ters o‘girildi. So‘ng o‘zimni o‘nglab olmasimdan g‘oyib bo‘ldi. Dilimni zilday armon bosib keldi. Kiyik oldida o‘zimni qandaydir gunohkor seza boshladim. So‘zlamagan bo‘lsam-da, qora xayollarim undan pinhon qolmadi. U mendan sukut istab qoshimga kelgan edi, men bo‘lsam… Alamdan boshimni xarsang toshga qayta-qayta urgim keldi…
Butun kun davomida boshim oqqan tarafga qarab yurdim. Yo‘limda xayolimni bo‘ladigan hech zog‘ uchramagan esa-da, men sukunatni hamon topolmasdim. Aksincha, keyingi kunlarda ro‘y bergan voqealar meni sukunat manzilidan chalg‘itgandek yoki sukunat diyoridan olisga olib ketgandek edi. Men o‘z xayollarimdan, qo‘rquvlarimdan qutulolmasdim, qochgan bilan xalos bo‘lish yo‘q edi. Orzuyu armonlarim ruhimga kishan edi. Vasvasalarim – ichki dunyomni cheksiz shovqinga to‘ldirib tashlagandi. Men afsusu nadomat yukidan ezilgancha, goho-goho unsiz yoshlar to‘kib tog‘ma-tog‘ sarson kezinmoqda edim.
Bir kechasi tog‘da qattiq shamol esa boshladi. Najot istab kunduzi topib qo‘yganim bir g‘orga kirdim. Nimaningdir chirqillaganini sezib, razm solsam, g‘orning burchida uya turibdi. Uyaning ichida qaysidir qushning polaponlari bor edi. Ularning sukutini buzib qo‘yganimni bilib, shamol shovqin solib turgan esa-da, tashqariga chiqdim. Quloqlarim bitay deb turganiga qaramay, qilgan ishim tufayli biroz halovat topdim. Shunda sukunat haqidagi qarashlarim mukammal bo‘lmaganini anglab qoldim. Uxlarkanman, qoq tunda ustimda qimirlagan narsadan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochmasimdan:
– Yo‘q, – dedi qandaydir ovoz, – qaramoqchi bo‘lsang, faqat ko‘zsiz qara.
Men ko‘zimni yumgancha qaray boshladim. Qandaydir nurdan bino bo‘lgan qiz ro‘paramda turardi. Nuridan dilim yumshab, butun charchoqlarim tarqab borardi. O‘zim yotgan bo‘lsam ham, go‘yo uzoq yurib holdan toygan-u, yumshoq yostiqqa cho‘zilgandek tanam bor yukini yerga endi tashlay boshladi. Ajib bir halovat yetdi vujudimga. Qiz ortiga burildi-da, nari ketdi. Qarasam, tog‘ boshidan pastlash o‘rniga to‘g‘riga – havoga qadam qo‘ydi, so‘ng yurishda davom etdi. U ufqqa qarab yurib borar, orqasidan uzun nurli yo‘l hosil bo‘layotgandi. Qiz yura-yura oxiri osmon bag‘riga singib ketdi. Men ko‘zimni ochdim. Tong oqarib kelmoqda edi. Qiz yurib ketgan tarafga boqdim. Demak, manzilim nihoyat ayon bo‘ldi: u singigan joy – sukunat yurti. Qiz kaminani manzildan voqif etgali va o‘sha yoqqa chorlash uchun kelgan.
G‘ordan ikkita kaklik uchib chiqdi-da, atrofimda doira yasab aylana boshladi. Qo‘limni uzatgandim, kaftimga kelib qo‘ndi. Ularning har birini mehr bilan o‘pdim-da, havoga qo‘yib yubordim. Ular g‘orga kirib ketib, hali ancha kichik, beshta bolasi bilan qaytib chiqdi. Qushlar atrofimda gir-gir aylanishga tushdi. Men kaklik­larning sukutida, harakatida ulug‘ ma’no o‘qir edim. Nihoyat, manzilimga yetmog‘im uchun fursat kelganiga ishorat ham edi bu. O‘rnimdan turdim. Kaklik­lar nur qizi yurgan yo‘l ustidan olg‘a intildi. Men so‘z qotmay ularga ergashdim. Tog‘ tugaydigan joyga borganda ular yana havoda aylana boshladi. Aftidan, qanday yo‘l tutishim ular uchun muhim edi. Men qoya labiga yetib, pastga boqdim. G‘ira-shira tongda zamin ko‘zga noaniq ko‘rinardi. Shunga qaramay o‘zimni naq falakda turganday his etdim. Ko‘nglimda So‘z bosh ko‘tarib keldi.
– Qadam qo‘yolmaysan, – dedi u, – aks holda o‘lasan.
Men tog‘dan qulab chil-chil sinishimni tasavvur etdim. Ustimda noumid qolgan kaklik­larimning gir-gir aylangancha yosh to‘kishi dilimni larzaga soldi.
– Yo‘q, – dedim men So‘zga, – men kakliklarimni tashlab qo‘yolmayman.
– Shuning uchun ortingga qayt, – dedi yana So‘z. – Sen sukunatga yetolmaysan. Chunki sen men bilan tiriksan.
– To‘g‘ri, lekin senda ham sukunat bor-ku?
– Oh, qanday qilib bilding? – hayajon jizillatib tashladi So‘z bag‘rini. – Nahotki odam bolasi mening sirimni anglab yetdi?
– Men seningsiz shovqinni ham bilaman…
Shundan keyin So‘z olovga aylanib yona boshladi.
– Men senikidurman, – dedi u kuya-kuya. – Endi meni sukunat yurtiga olib ket, o‘tinaman…
Kakliklarim hali ham sabr bilan muallaq qanot qoqqancha mening qarorimni kutmoqda edi. Men ko‘zlarimni yumdim. Qiz yurib ketgan yo‘lni chamaladim. So‘ng u singib ketgan manzilni ko‘zladim-da, qadam oldim…
Biz yurib ketmoqda edik. Ortimizdan mayin shamol esa boshladi. Shamol dilimga zavq berdi-da, chopa ketdim. Qushlarim endi ancha ildam uchar, biz tobora ilgarilab bormoqda edik. Nazarimda, shamol bizdan ham o‘tib ketgisi keldi, bor kuchi bilan esdi. Ich-ichimdan toshib kelgan hayajon ta’sir qilibmi, butun quvvatim bilan chopdim. Biroq manzil olis edi… Olis manzilga borgan sari yaqinlashib borardik, ammo… Men charchadim. Chopishga holim qolmadi. Ichimdan zaiflikdan tug‘ilgan hadik bosh ko‘tarib keldi. Go‘yo “Ko‘rdingmi, topa olarmikinsan sukunatni?” deb turganday bo‘ldi. Titrab ketdim, o‘chayotgan gulxanday damim kesildi. Dilimni yurib turgan yo‘lim yettinchi osmondan qulab ketish xavfi bosib keldi. Qushlar esa atrofimda doira yasab gir-gir aylanar, bu bilan meni o‘z-o‘zimga ishonishga, ko‘nglimdagi g‘alayon olovini o‘chirib, sukunatni qayta qaror toptirishga undar edi. Ularning bu istagi menga yuqishi bilan bilqillagan botqoqqa botayotgan buyumning so‘nggi silkinishi kabi chayqalayotgan tanamni qayta tasarruf eta oldim, ko‘nglimdagi olovga xayol qo‘li bilan suv sepdim, boshimdan qariyb uchib ketgan orzu qushiga iroda kaftlarida don tutdim. Ko‘zlarimni yumdim. Borlig‘imda faqat bir so‘z qoldi – sukunat…
Biz parvoz etardik. Men na qanot qoqar, na oyog‘imni qimirlatar, tanho sukunat og‘ushida borar edim. Ko‘nglim halovati ko‘zlarimni qayta ochishimga kafil bo‘ldi. Qarasam, biz nur mamlakati sari yeldek uchib bormoqdamiz. Negadir kiyiklarim oldidan bosib kelgan zulmatni esladim, biroq ko‘z o‘ngimda oppoq diyor bo‘y ko‘rguzmoqda edi. Ortimizda esa kiyiklarimni quvgan qaro tuman o‘rniga oq ko‘ngilli shamol yelar edi… Tegramda yetti kakligim, ostimda o‘sha men bilan sukunat tilida so‘zlashgan mahbubim – kiyigim… Ko‘zimga yosh qalqdi. Dil chashmasining qanoat suvidan oqib kelayotgan ushbu ashklar sukunat rangida jilvalanar edi.
Biz tobora yaqinlashab borayotgan sukunat diyori ming yillik yo‘l nihoyasida olamning davomi bo‘ylab yastanib ketgan edi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 11-son