(Ikkinchi jahon urushida bedarak yo‘qolgan amakim Shoyusuf Shomalikov va buvim Saodat Majidova xotiralariga bag‘ishlanadi)
Allaqayerlardan eshitilayotgan nay navosi hushimni o‘g‘irlaydi… yurak allanechuk o‘zligini yo‘qotadi. Nay navosi… bu dunyoga kelarda quvonch, so‘nggi yo‘lga ketarda ko‘z yosh bo‘lib eshitiladi menga… Aro yo‘lda-chi?..
Aro yo‘lda nayning navosi sinsa, yo‘q, yo‘q, qushlarning ko‘z yoshi to‘kilayotganidan ogoh bo‘lgan nay bir zum muallaq qolsa… Nechun? Buning sehr-u sababi ne?
Qushlar – bu onalar ruhlari noma’lum va nomsiz jangchi qabri ustida aylanib-aylanib ko‘z yosh to‘kadi.
Qushlar ko‘z yosh to‘ksa, bu biri kam dunyoning yana bir jarohatimi? Bu jarohatga dunyoda malham… malham qo‘yguvchi bormi?
Yo‘q, deydi kimdir, bor, deydi baralla ovozda yana kimlardir. Men aytilmagan so‘rovimga javob axtaraman: odamlarning chehralaridan, ismlari yodda boru ro‘yxatlarda yo‘q hujjat-kitoblardan…
Qushlar uchaveradi… ularning qanotida Armon bor! Qushlarning sayroqlarida dunyolarga sig‘maydigan dardi bor. Onaning intihosiz dardini dunyolarga eltguvchi elchi bu qushdir. Onaning oxiratda ham tinchiyolmay farzandi yodi-la, dog‘i-la giryon urayotgan bezovta ruhlarining qushlarga aylanib qolgani…
Bir to‘da qushlar… Ularning orasidan biri ajralib, pastlaydi, asta-asta. So‘ng qanotlarini keng yoyib, noma’lum qabrga qo‘nadi-da, allanima topgandek tumshuqlari bilan tuproqni bir-ikki cho‘qilaydi, keng yoyilgan qanotlarini yana ham qattiqroq bosib, goh o‘ng, goh so‘l tarafga tashlayotgan boshini qabrga qo‘yadi. Shunda kutilmagan mo‘jiza ro‘y beradi olamda: qushning ko‘zlarida yosh sizadi: o‘n yettiga to‘lmay yo‘qotgan o‘g‘lining isini topganday edi bu qabrdan…
Giryon urib uchayotgan qushlar osmonni larzaga kelturgudek chug‘urlashadi: “O‘g‘lingning qabrini axiyri topding” deyayotgandek. Umr bo‘yi izlagani – o‘g‘lining isiga to‘yolmagan Bedor Qush esa hamon bag‘rini qabrga berib yotardi…
Buvijon, deyman, o‘n yettiga to‘lmay kuzatgan o‘g‘loningiz dardida o‘zingiz bu dunyodan o‘tguningizga qadar armon bilan yashadingiz. Ko‘z yoshlaringiz yuzlaringizni yuvib aytgan gaplaringiz yodimda: Qirchillama yoshida vafot etgan o‘g‘limga yurak yutib aza ocholmadim, musofir yurtlarda yuribdi, deb yuragimning chekkasida chiroq yoqolmadim”
Buvimning yuragida ham, o‘n yettiga to‘lmay urushga ketgan akamiz Shoyusuf akaning qabriyu ruhiga ham hali-hanuz chiroq yoqilgani yo‘q…
Etmish yildan oshdiki, bu chiroqning yonishi mahol bo‘lyapti. Eshityapsizmi, ruhlari qushlarga aylangan qondoshlarim, mahol bo‘lyapti bu chiroqning yonishi…
Juda yaxshi eslayman, 5-6 yoshlarda bo‘lsam kerak (hali maktabga bormasdim) buvam bir notanish kishi bilan kirib keldi – shunaqangi xursandki, uni hech qachon bunday kayfiyatda ko‘rmagandim.
– Kampir, – dedi uyga ham kirmay ostonadan. Buvim ha, deyishga ulgurmasdan, – suyunchingni kattasidan tayyorlayrer, Shoyusupingni daragi topildi. Mana xabar opkegan kishi, tayyorgarligingni ko‘r.
Ro‘molini o‘rashga ulgurmagan buvim:
– Voy, o‘lay, rostdanmi, xabarchiga jonim sadag‘a bo‘lsin, – dedida yig‘lab yubordi. Uyimiz bir zumda qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlarga to‘ldi. Ular allapaytgacha o‘tirishdi. Xabar keltirgan mehmonni kuzatayotib buvam unga to‘n kiygazib, keyin sovg‘a-salomlar berdi. Buvim sandig‘idan ipak kiyimliklar olib: – Mana bu bolalaringizga mendan. Hali o‘g‘ilginam kelsa… ko‘nglingizdagidan ham ziyoda qilib, – dedi-da, tomog‘i to‘lib, gapini davom ettirolmadi.
Keyin eshitsam, mehmon kishi amakimizning chet elda yashashini, bir tanishi u bilan suhbatlashganini, yaqin kunlar ichida aniq ma’lumotlar keltirib berishini va’da qilibdi.
Buvim tong otgandan katta yig‘inga tayyorgarlik ko‘rar, tinchimas, ba’zilar, bola-chaqasi musulmonmikin axir, der… “Joni omon bo‘lsa bo‘ldi”. Buvimning chiqargan hukmi shu edi.
So‘roqlarga qurilgan kunlar oylarga, yillarga aylandi. Endi buvam ko‘chadan kelganda buvimning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qilardi.
Buvim esa har kundan umidvor edi. Har tong bir mo‘jizani umid qilar va kutar edi. Kutish… aldovlarga qurilgan va’daligini bilmagandik biz. Bilganimizda umr otlig‘ arobaning g‘ildiraklari ko‘z yosh, sog‘inch, alam va armon yo‘llaridan azob bilan o‘tgan – buvimning qalbidagi nur pardasi nuray boshlagandi.
Endi bu mavzuda hech kim botinib gap boshlamasdi.
Yana shuni eslaymanki, buvimning qonga to‘lgan yuragidagi umidning zarralari unga tinchlik bermasdi. Buvim bormagan tashkilot, uchrashmagan rahbar qolmagandi. Yugur-yugurlarning natijasi buvimga yigirma ikki yarim so‘m nafaqa tayinlashgan edi. O‘g‘limni surishtirsam, pul bilan yupatishdi… Buvijonimning tutday to‘kilib aytgani shu bo‘lgandi.
Keyin amakimiz Shoyusuf aka haqida bir narsa yozaman, deganimda buvim xursand bo‘lgandek tuyulgandi menga. O‘shanda bir necha kun tun qorong‘usigacha suhbat qurganmiz…
* * *
– Ikkinchi bolam ham o‘g‘il bo‘ldi. Buvang otini Shoyusuf qo‘ydi. Onam kelib, boshqa ot qo‘ya qolmabsizlar-da, dedi-yu, indamadi. Bildimki, ism onamga yoqmadi. Volidamning bu gapi ko‘nglimni g‘ash qildi.
– Nimaga unaqa deysiz, yomon otmi bu?
– Yomonmas-ku… qizim, bir kitobdan bobong o‘qiganda eshitgandim, Shoyusufni qarg‘a-quzg‘un yedilar, deganini. Shunga, mayli, parvo qilma. Xudoyim umrini uzoq qilgan bo‘lsa, ismning farqi yo‘q. Qariganda hamma narsani ko‘ngliga oladigan bo‘lib qolarkan odam. Qo‘y, gaplarimni xayolingdan chiqar, – onam meni xotirjam qilmoqchi bo‘ldi-yu, ko‘ziga noroziligi iz solganini o‘zi sezmasdi. Men ham boshqa gap aytmadim.
Endi bu menga armon… Armon degani umrimning yoqasidan etagigacha osilib qoldi-ku, bolam: Shosuyufni qarg‘a-quzg‘un yedilar…
Shu misralarni qayta-qayta kishi eshitolmaydigan past ohangda takrorlardi.
Buvim anchadan keyin gapida davom etdi: – Olti bolamning uchi yoshidan o‘tib-o‘tmay tuproqqa kirdi. Uchtasining kattasi menga tog‘dek suyanch – ko‘zimning nuri edi… Oting o‘chgur urush boshlanganda o‘g‘ilginamni go‘dak hisoblagan ekanman. Birin-ketin akam Shomirjamil, ukam Shojalil (Shomirzayevlar)ga chaqiruv qog‘ozi kelib, hammamizning yuragimiz yarim bo‘lib, ularni kuzatdik. Buyam holva ekan, bolam, bir kuni Shoyusupim shoshib keldi-da:
Voyenkomatga hujjat olgani ketyapmiz, – deb qoldi.
Bemahalda qanaqa hujjat, desam, – Menga foydasi tegadigan hujjat dedi.
Uch-to‘rt kun o‘tmay Shoyusupimga va o‘rtog‘i Murod Muhamedovga chaqiriq qog‘ozi keldi. Keyin eshitsam, ko‘ngilli bo‘lib yozilib kelgan ekan. Dunyom qorong‘u bo‘ldi, bolam hali ona suti og‘zidan ketmagan bola deb yursam…
U tongda ketadigan bo‘ldi. Ko‘zimda yoshim, yo‘l hozirligini ko‘rdim. Tumonat odam, qani endi o‘g‘lim holi qolsa-yu gaplarimni aytib-aytib olsam, deyman. Aksiga olib buvang, o‘g‘ling damini olsin, qolgan nasihatingni kelganida aytasan, yo‘lda toliqadi, deydi. Bilganimdaku-ya, bolaginam bilan oxirgi o‘tirishimni, oyog‘i ostiga o‘zimni tashlab, izlaridan tumor yasab olardim-ku…
Erta bahor. Hamma barvaqt qishloq markaziga yig‘ildi. Soli buva degan chol aravada yigitlarni shahargacha kuzatib qo‘yarkan. Shu kishining aravasi ko‘rinishi bilan yig‘i boshlandi. Xuddi Soli buva urushga sababchidek, hamma uni yomon ko‘rarkan. Ayniqsa, bolasini kuzatayotganlar. Yuragimning vayronligini dilimga tugib turgan edim, o‘g‘lim bilan xayrlashayotib, o‘zimni tutolmadim. Dodlab yubordim. Atrofda birdan yig‘i ko‘tarildi.
– Hammaning ko‘nglini abgor qilding, yig‘ishtir… – buvangni baland ovozidan o‘zimga keldim. Shoyusupim aravaga chiqayotganda, bir kulib qaradi-da, qo‘lini silkitdi. Aravaga chiqqandan keyin qayrilib ham qaramadi. Yo ko‘ziga yosh keldi, deyman, yo meni yig‘imni ko‘rishni ko‘ngli ko‘tarmadi. Hurliqodek ko‘rkam bolaginamning bo‘yi balandligi o‘tirganida ham ko‘rinib turardi. Nimagadir shu ko‘nglimga tasalli bo‘ldi: yelkasiga yetib-etmagan tengdoshlari ichida o‘zini tutib olar, degan o‘y xayolimdan o‘tib, biroz yengil tortdim.
Uning ketganiga hafta ham o‘tmay xat kutardim, har kuni eshik oldiga o‘tirib, yo‘l boshida pochtachi ko‘rinishi bilan yuragim tez urardi. Ikki oydan o‘tganda amakingning xatini oldik:
“Sog‘inchli maktub!
Ushbu xatim orqali Sizlarga sog‘lig‘imni bildiraman va Sizlarni hammalaringizni sog‘ va uzoq umr ko‘rishinglarni yaratgandan kechayu kunduz chin ko‘ngil bilan so‘rab yurmoqdaman. Dadamga minglarcha ko‘p salom, onamga ko‘p ko‘rishishlik salom. Singlim va ukamga ko‘p salom. Qarindosh-urug‘larning ham barchasiga ko‘p ko‘rishishlik salom.
Tog‘alarimdan xat kelib turibdimi? Xudoyim xohlasa, sog‘liq bo‘lsa, bu kunlar o‘tib ketadi. Meni sira o‘ylamanglar, sog‘-salomat yuribman. Shu bilan xayr, omon bo‘linglar, sog‘lig‘inglar to‘g‘risida yozib turinglar, deb o‘g‘lingiz Shoyusuf. 1942 yil, iyul”
Bu maktubdan keyin oradan uch oy o‘tib, qisqagina xabar oldik:
“Salom, aziz mehribonlarim! Sog‘lig‘inglar yaxshimi? Men, Xudoga shukur, sog‘-salomat yuribman. Ancha payt xat yoza olmaganim uchun uzr. Bu xatimni qisqa qilaman, chunki hozir boshqa joyga ko‘chamiz. Mendan xat kechiksa xavotir olmanglar. So‘raganlarga salom aytinglar. Onajon, o‘zingizni siqmang, Xudo xohlasa tez kunlarda ko‘rishib qolamiz. Barchangizni sog‘inib: Sh.Sh. 1942 yil, oktyabr”
Bolamning xatlari menga yod bo‘lib qolgandi…
Qishning qirchillamasida Shomirjamil akamdan, yigirma kun o‘tmay singlimning eri Azimboydan qora xat keldi. Qo‘shaloq o‘limdan so‘ng turib yurishga madorim yetmasdi, ustiga-ustak o‘g‘limdan xat kelmasligi meni adoyi tamom qildi.
1943 yilning qishi edi. Radiodan soldatlarimiz qish izg‘irinlarida kechayu kunduz nemislarning adabini berish uchun jonini ayamay jang qilyaptilar, deganini eshitdim-u, bu gaplar qulog‘imga mahkam o‘rnashib qoldi. O‘limlar menga qattiq ta’sir qilgandi, shungami, o‘g‘lim sovuqda yursa-yu, men issiq uyda o‘tiramanmi, deb ayvonga chiqib yotib oldim. Ertalabgacha ko‘rpamga qor yog‘ib chiqardi. Buni eshitgan qarindosh-urug‘lar koyishdi: shu yotishingdan o‘g‘lingga foyda bo‘lsa yotaver, dedi.
Xat kutaverib, ko‘zimning ko‘ki uzildi. 1944 yilning boshlarida Shoyusuf bilan birga ketgan Murod yaralanib kelganini eshitib, ularnikiga bordim.
– Shoyusuf bilan bir yil ham birga turmadik, ajralib ketdik, – dedi Murod. Biror xabar eshitamanmi, deb borgandim, o‘ylarim “to‘rxaltaga solingan tariqdek” sochilib ketdi. Keyin ertayu kech radiodan yaxshi xabar kutib kunlarni o‘tkazdim.
Buvimning ko‘z yoshlariga to‘lgan kunlarning birida “O‘g‘lingiz bedarak yo‘qoldi” degan xabar kelgan. Buni buvamiz buvimizga aytmay, o‘sha harbiy qismga, yaxshilab tekshirib ko‘ringlar, degan iltimos bilan xatni jo‘natgan.
Bu ish buvimning tirik qolishi uchun sir tutilgandi… Sirligicha qoldi… Bu dunyo buvim uchun sirga aylanganini bilmasdi…
– Urush tugab qoldi, degan gaplar eshitilganda, tunu kun menga bir bo‘lgan. Har kimning og‘zini poylardim. Urush tugabdi, deganda o‘tirgani joy topolmay, jonim ichimga sig‘magan, bolam, – buvim titrab-titrab yig‘lardi. – Hatto har kuni bugun kelar, erta kelar deb mehmon kutishga uylarga poyandoz to‘shab qo‘ygandim. Qishloqda bir kuni aza bo‘lsa, bir kun to‘y edi. Urushga ketgan askarlarning birovidan qora xat, birovining o‘zi kirib kelardi. Shoyusupimdan esa, loaqal ikki enlikkina xabar ham yo‘q edi. Kutdim, kutdim, bormagan idoram qolmadi, qay bir idorada suratini olib keling, dedi. Keyin bormadim…
– Amakimning surati yo‘qmidi? – so‘roqqa tutaman buvimni.
– Atigi bittagina surati bor edi, hech kimga aytmagin-u tag‘in, – ularning ovozi pastlaydi, – bir qarindosh qiz ikkisining bir-biriga moyilligi borakan, uchini eshitgandim, yo‘l-yo‘lakay gap deb o‘ylagandim. U judayam ko‘hlikkina qizidi, maktabda muallimlik qilardi. Urush tugasayam hech kimga rozilik bermay yurdi, o‘g‘ilginamdan umidvor ekan, onaginang aylangur. Bir kuni to‘satdan shu qiz uyimizga kelib qoldi, gapini boshlolmay qizarib ketdi. Keyin maktabda urushdan qaytmaganlarning suratini yig‘yapmiz, deganga o‘xshash gap aytdi. Qizni ko‘nglidagini darrov tushundim. Yakka-yu yagona surati menga qancha aziz bo‘lmasin, maktablaringda yo‘qolib ketmas, avaylashar, deb hech narsa bilmagandek suratni obchiqib berdim. Ketgandan keyin o‘g‘limga aza ochgandek bo‘ldim… O‘sha qizning uyida surat hali ham bor, deb eshitaman bola-chaqali bo‘lib ketsa ham, o‘g‘limning suratini asrab yurarkan…
Buvim ko‘p yig‘laydigan bo‘lib qolgandi. O‘zining radiosi bo‘lardi. Siqilib ketganida eshitib o‘tirardi. Agar nayning navosi yangrab qolsa, to‘kilib-to‘kilib yig‘lardi va aytardiki: yigit yoshidagi bolasini yo‘qotgan onalarning yuragidan chiqqan nola bu, bolam, derdi…
Tumanimiz markazida G‘alabaning 35 yilligiga bag‘ishlab “Mangu olov” yodgorligi ochilganda urush qatnashchilarining nomi yozilgan toshdagi ro‘yxatlarni bittama-bitta o‘qib chiqqandim. Amakimizning ismi yo‘q edi. Nimagadir yig‘lagim kelgan, yig‘laganman… ko‘z yoshimni shu atrofda ko‘zlari jovdirab turgan buvimning ko‘rib qolishidan qo‘rqqanman.
Toshlarga yozilgani nima? – ko‘nglimdagini sezgandek so‘rab qoldi buvim.
Urushda o‘lganlarning ro‘yxati.
— Mani bolam na tiriklarning, na o‘liklarning qatorida bor bolam… Ular boshqa so‘z aytmay, toshdagi ro‘yxatlarga uzoq tikilib qoldi.
Bu manfaattalab dunyoda buvim hech qanday tashkilotdan va rahbarlardan hech qanday manfaat kutmasdi. Aytgani shu bo‘lgandi: “Bu katta idorada ishlaydiganlar kichkina ko‘nglingni tushunmaskan-da?”
Bugun buvimning ruhi oldida bosh egib, o‘ylanib qolaman: O‘g‘lingiz 60 million shahidning bittasi edi. Buvijon! Ular bilan qahramonlarning nomi bittaga ko‘payib ham, kamayib ham qolmaydi. O‘g‘lingizning ism-shariflarini yozishga ro‘yxatlarda atigi bir qatorgina joy bordir… Yo‘q. Yozish ham shartmasdir, balki… U jangga kirganida katta kitobu uzun ro‘yxatlarning qatoriga yozilaman, deb xayoliga ham keltirmagan. Onaga esa bular aslo-aslo yotligini bilaman, Buvi! Ona uchun farzandidan ortiq narsa yo‘q… Agar diydor deganidan benasib bo‘lsa o‘g‘lining muqaddas xoki qo‘yilgan tuproqqa bosh urib, xumordan chiqish edi… “Xudoyim ikkisini ham nasib etmasa, onaning tiriklayin kuyib kul bo‘lgani, bolam”. Buvimning bu gaplari qulog‘imning ostida jaranglayveradi, jaranglayveradi…
Qo‘lyozmani tugatmay ko‘zim ilinibdi: “Buviginang aylansin, jonimni qoqay bolam, sen ham yo‘qladingmi, Shoyusupimni?.. Mana buni bolalaringga ber”. Cho‘chib uyg‘onaman. Ko‘rkam kiyinib olgan buvim ko‘z oldimda turgandek bo‘ladi.
Musofir shaharda shuncha yil yashab, mening xonadonimni – bugun birinchi marta buvimning ruhlari yo‘qlagandi…
Odamzot o‘lmaydi, ular ruhlarga aylanib, hamisha tiriklar bilan birga yuradi – eshitganim, eshitib esholmaganim edi… Endi haq – rost deyman, haqqast rost!..
Meni betizgin xayollar olib qochadi. Ko‘z nurlarim go‘yo ko‘p qavatli binolarni yiqib, behad uzoqlarga, qator nomsiz qabrlarga tushadi: gul-chechagu maysalar o‘pib, shamollar silardi qabrni… Bemor Qush esa bag‘r qo‘yib yotardi unda. Ko‘z o‘ngimdagi bu manzara shoirning satrlarini yodimga soladi:
Qabrni silaydi manzilsiz shamol
Qabrga ko‘rsatar sharqdan kun jamol.
Ziyorat etganday qo‘yib – bag‘r-to‘shlar
Qabrning ustida yig‘laydi qushlar,
Kim yotar bu yerda, kim bo‘ldi o‘zi,
Kim bo‘ldi bu yerda yumilgan ko‘zi…
Amakim benom ketgani yo‘q. Shoirning so‘nggi misralari yana xayolimda jonlanadi:
Elsevar bahodir, jangovar o‘rtoq,
Zo‘r jangda mardlarcha bo‘lgandi halok.
Yo‘q, yo‘q… Buvi! Ko‘nglingiz og‘rimasin… Sizning jigarporangiz, umringizning ustuni – o‘g‘lingiz mardlarcha halok bo‘lmagandir balki… U oddiygina o‘lim topgandir. Buvijon, ammo o‘g‘lingiz Siz uchun, biz uchun jonini tikib jangga kirgani ayon!…
Elkadagi qarz-chi? Qarz – mening uzoq tunlar suhbatlashib amakim haqida buvimga bir narsa yozaman, deb bergan va’dam edi. O‘zimning katta-kichik tashvishlarimdan ortolmadim. Buvimni aldab sovg‘a-salom olib ketgan mehmon kishi bilan o‘zimni shu paytgacha teng qo‘yardim. Endi-chi?! Endi men shahidlar qabriga boshimni biroz tikroq tutib qarayman…
Qushlar … bag‘ir-to‘shlarini qabrga berib ko‘z yosh to‘kayotgan Bedor Qush! Yarim asrdan ortiqki, har noma’lum qabrning ustida chirillab, o‘g‘lingning isini endi topganing rost!
– Turgin, turaqol, – deyman, – mening Bedor Qushim, yo o‘g‘lingning kechagidek tanish isidan xumordan chiqolmay, o‘zingga kelolmayapsanmi, ayt?! Aytgin, ayt, 73 yillik sog‘inch uchun 73 ming yil kerak deb! Aytgin, ayt menga… Sog‘inch neligini bir siqim umrimga tashlangan bir tutam ayriliq yo‘li yuragimga ignalar bilan yozib o‘tganini…
Yurakdan o‘tganni – yuragidan o‘tganlar tushunadi, Bemor Qushim! Tur, armon otlig‘ qanotingga nihoyasiz baxt indi endi… Turgin, qanotlarigni yoy! Undagi baxtu diydor nurlaridan umidvor ko‘ngillar ham inshoolloh bahramand bo‘lgay!
Turaqol… turgin… Qara, ko‘zingdagi yoshlar – sog‘inchingning dur tomchilari, umidning alangasiga aylanib borayotir…
Umid alangasi. Qabrning ustida yig‘layotgan qushlarning ko‘z yoshlarini tindiradi bu alanga abadiy. Bu alanga rostlik va haqiqat dunyosiga qo‘yilgan umid…
Qabrning ustida yig‘layotgan Bemor Qushim, sening ko‘zlaringdan oqayotgan yoshmas, u insoniylik va ezgulikka qo‘yilgan mangu juftchiroq…
Turgin… Qanotlaringni kengroq yoy, Bemor Qushim! Ko‘zlaringdagi mangulik-tinchlik nurlarining umrboqiyligi rost bo‘lsin…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 5-son