Qish etagi uzilib, bahorning birinchi oyi boshlanishi bilan sohil bo‘ylab yuqoridan iliq shamol esa boshlaydi-da, bir haftaga qoldirmay nafasi tekkan o‘t-o‘lan, dov-daraxtlar kurtagini bo‘rttirib yuboradi. Qaynarsoydagi tollarning novdadarida qovrilgan xandon pistasiday munchoq-munchoq shodalar paydo bo‘ladi. Qish sovug‘idan qorayib ketgan na’matak shoxlariga suv yugurib bo‘yga yetgan qizlarning barmog‘iday muloyim va kishi diqqatini tortuvchi bo‘lib qoladi. Mijozi yengilroq bodomlar hammadan avvat gulga burkanib, o‘z ko‘rkini namoyish qilishga tushadi.
Mana shu pallalar Bog‘istonda bo‘lsangiz bormi, tabiatning uddaburoligi-yu, mohirona san’atiga qoyil qolmay ilojingiz yo‘q.
Ayniqsa aprel oxirlab, tog‘u toshlar yam-yashil libosga burkanib, qirmizi lolalar quyosh nurida billur qadahday tovlanganida bu yerning fayzi juda bo‘lakcha bo‘ladi.
Ilgari shaharliklar bu tomonlarga kam kelishardi. Yo‘l kengaytirilib, avtobus qatnay boshlaganidan beri ularning keti uzilmay koldi. Ayniqsa «lola sayli» ishqibozlari juda ko‘payib ketdi. Shanba, yakshanba kunlari qishloq va uning so‘lim qir etaklari gavjum bo‘ladi: kimdir musiqa chaladi, kimdir shirasiz ovozi bilan ashula aytadi, yana birov hali sovuq shashti kesilmagan daryo suvida cho‘miladi.
Bugun juma kuni bo‘lganidanmi, boya Ayiqtepada o‘tirganlarni hisobga olmaganda, qishloqda sayrchi yo‘q edi hisob…
Ular dovon oshib ancha ichkarilab ketishgan, tabiat shavqiga berilib vaqt kechga yaqinlashib qolganini sezishmagandi. Izni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun shoshib-pishib orqaga qaytdilar.
— Radioga ham ishonish kerak! — dedi yigit tajang ovozda bir dastadan lola qo‘ltiqlab olgan juvon bilan qizchani shagal qiyalikdan pastga tushirarkan, — tog‘li hududlarda jala quyadi degandi. Shu sayrga ertaga chiqsak ham bo‘lardi-ya!
— Unda og‘ayningiz Azimjonning to‘yichi!? — hozirjavoblik qildi juvon.
— Darvoqe — Rustam peshonasini tirishtirib kafti bilan yomg‘ir tomchilar quyilib turgan yuzini sidirib qo‘ydi, — ertalabdan eshigi oldida qo‘l qovushtirib turmasang bo‘lmaydi, oshna-og‘aynichilik.
Ayol qo‘lidaga shamsiyani qizcha boshiga yaqinroq tutib shivalab turgan yomg‘irdan uni himoya qilarkan, erining gapiga qo‘shimcha qildi:
— Shu og‘ayningiz g‘alati-da, ayollarday ginachi! O‘tgan yili komandirovkada bo‘lib o‘g‘ilchasining tug‘ilgan kunida qatnasholmaganingizni hali-hali ta’na qilib gapiradi… Endi to‘yni ham rosa katta qilsa kerak!
— Qiladi-da, magazin mudiri… Umuman mana shunaqa narsalar jonga tegdi. Otpuska olgandan beri biron kun uyda tinchgina o‘tirmabmiz-a! Har kuni bittadan tashvish.
— Shuning uchun ham sizga aytdim-da, biron yoqqa ketaylik, deb.
— Mana, bir kunga bo‘lsa ham keldik-ku. Endi uyga yetib olsak, u yog‘ini bir o‘ylashib ko‘ramiz. Otpuskaning ham yarmi ketdi hisob.
Yomg‘ir bir me’yorda ezg‘ilab yog‘ib turar, ular kir bag‘ridagi ilon izi, mayin shag‘alli so‘qmoqdan kelishardi.
Nihoyat qishlok chekkasidagi avtobus burilib to‘xtaydigan keng yalanglik-bekatga yetib kelishdi. Bu yer bo‘m-bo‘sh, hatto bironta odam ham yo‘q edi.
Yigit soatiga qaradi. «Vaqt yaqinlashib qopti» deb qo‘ydi ichida. Ertalab haydovchi, bemalol dam olaveringlar, soat oltida so‘nggi reys bo‘ladi, o‘shanda o‘zim olib ketaman, degandi.
Mashina kelavermadi. Yomg‘ir avjga minib, badanni junjiktiradigan sovuq shabada esa boshladi. Bekat qishloqning ancha yuqori qismida, yaydoq tepalikka joylashgan, atrofda biron pana joy yo‘q edi. Faqat bir yoni maydonga kelib tutashgan pastliqdagi tomorqaning narigi etagada qalin daraxtlar ichiga ko‘milgan hovli ko‘zga tashlanar, garchi xali g‘ira-shira tushishga ancha vaqt bor bo‘lsa ham, u yerdagi ayvon shipida charaqlab yonib turgan elektr chirog‘i negadir odamning diqqatini o‘ziga tortardi.
Rustam bundoq yoniga o‘girilib, qunishganicha o‘sha yoqqa qarab turgan qiziga, so‘ngra xotiniga ko‘zi tushdi. Nazarida bolasi sovqotayotganday tuyuldi.
— Yuringlar, sizlarni o‘sha xonadonga tashlab kelaman. Avtobus kelguncha ayvonida o‘tirib turasizlar! — dedi-da, qizini bag‘riga bosib, chetan devor bo‘ylab keta boshladi…
G‘ulomjon Ungur etagidagi yangi tokzorda ishlayotgan kolxozchilarga qozon-tovoq, choy qaynatadigan bak yana har-xil ashqol-dashqollar olib ketayotgan edi. Ayiqtepa yonbag‘rida uchta sayrchiga ko‘zi tushdi. Bir erkak bilan ayol yosh qizchani o‘rtaga olib, lolalarga ko‘milib o‘tirishardi. Qizaloq qo‘lini osmonga silkitib nimalardir dedi, ammo yigit traktorning shovqinida hech narsa eshitmadi…
Peshinga borganda havo to‘satdan o‘zgardi. Charaqlab turgan quyosh nurlari ko‘zdan qochdi. Olis tog‘ cho‘qqilari osha bostirib kelgan qop-qora bulutlar ko‘k yuziga parda tashladi. So‘ngra jala boshlandi.
G‘ulomjon ming azob bilan tor, qiyalama yo‘llardan o‘tib qishloqqa kirib kelganida atrofga qorong‘ilik oralab qolgandi. Hovli etagidagi olmazor yoqalab oquvchi Pskom quturib pishqirar, to‘lqinlari ko‘kka sapchirdi.
U traktorni katta yong‘oqqa tirab to‘xtatdi, kabinadan sakrab tusharkan, daryo tomonga ko‘z tashladi-da, ko‘pdan buyon bunaqa yog‘ingarchilik bo‘lmagandi, degan fikr kechdi xayolidan.
Kech tushgan sari xavotiri oshib borayotgan Xosiyatxon eri kelganligini bilib, bir oz tinchlandi. Qozon ostidan olovni tortib, tashqari ayvon yuziga chiqdi:
— Keldingizmi, hormang!
G‘ulomjon xotini yuzidagi sipo-osoyishtalikdan hayron bo‘ldi:
— Yo‘lda Ismatni ko‘rdim, buvimiz yana og‘irlashib qoptilar. Nega bormay, bu yerda yuribsan?
— Eshitdim. Uyda mehmonlar bor, tashlab ketolmadim.
Buvi — Xosiyatxonning onasi. Kuzdan buyon qattiq betob bo‘lib, bir oyoq-qo‘li ishlamay yotar, ayniqsa keyingi oy davomida ahvoli xiyla tanglashib qolgandi.
G‘ulomjon xotiniga, ovqatingni suz-da, keyin u hovliga bor, deb mehmonlar o‘tirgan xonaga yo‘naldi.
«Salom amaki!» Dahlizdan kiraverishdagi eshik qanotiga suyanib turgan jajjigina mexmonning qo‘ng‘iroqday ovozi yigit diqqatini o‘ziga qaratdi.
— Vaaleykum assalom! Aqlli, yaxshi qiz ekansan.
To‘rda o‘tirgan barvasta yigit bilan xushro‘ygina juvon o‘rinlaridan turib G‘ulomjonga peshvoz chiqishdi.
— Uyingizga mehmon bo‘lib keldik, — dedi ayol mezbonga yaqinroq turganidanmi, birinchi gap boshlab.
— Juda yaxshi-da, kennoyi, odam bor joyga odam keladi. Qalay zerikmasdan o‘tiribsizlarmi? — G‘ulomjon erkak tomon o‘girildi.
— Bu yerni o‘zimizniki qilib oldik. Televizor ko‘ryapmiz. Dasturxon to‘kin. Qani avval tanishib qo‘yaylik brat. Mening otim Rustam.
G‘ulomjon Rustamning qo‘lini olarkan o‘zini tanitdi.
Hammalari o‘tirishdi. Oraga biroz nokulay jimlik cho‘kib, uni ayol buzdi:
— Boya ertalab traktor haydab ketayotgan sizmidingiz?
— Ha, men edim, sizlarga ko‘zim tushgandi, — mezbon yigit tomon o‘girildi. — Xush ko‘rdik, aka!
— Rahmat-rahmat.
— Bir aylanib kelaylik debsizlarda.
— Ha, lola sayli qilib chiqqandik, qaytib ketolmay deng, mana shunday sizlarga kutilmagan mehmon bo‘lib qoldik!
— Mehmon mana shunisi bilan qiziqda!
— Avtobus deng, bu tomonga o‘tolmabdi. Suv osma ko‘prikka tegay deb oqayotganmish. Bu, sizlarda har doim shunaqa toshqin bo‘lib turadimi?
— Anchadan beri munaqa yog‘magandi.
— Ishqilib ertaga avtobus kelsin-da. Yana qolib ketmaylik. Bir nozik og‘aynimizni yurug‘i bor edi…
— Ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, ertalab avtobus albatta keladi. Suv hademay pasayadi. Bu yerning sharoiti shu, har kancha jala yog‘sa ham ikki-uch soatdan keyin hech narsa bo‘lmaganday turaveradi.
Xosiyatxon to‘latib osh bosilgan lagan ko‘tarib kirib, dasturxonga qo‘ydi. Choy keltirdi. Shundan keyin boshqa ko‘rinmadi…
Mehmonlar birinchi keladigan avtobusga ilinish maqsadida barvaqtroq turishmoqchi edi. Ammo tog‘ havosi elitdimi yoki charchashgan ekanmi, allamahalgacha bosh ko‘tarmay uxlashdi.
Rustam ko‘zini ochganda uy ichi yorishib ketgan, deraza ko‘zlaridan lovullab quyosh nuri yog‘ilib turardi. U shoshib, xotinini uyg‘otdi va tez kiyina boshladi.
Tashqariga chiqib osmonga ko‘z tikdi-da, hayratdan yoqa ushladi. G‘ulomjonning kechagi gapida jon bor edi. Yarim kechgacha quyib chiqqan sharros yomg‘ir, osmonni qoplab yotgan pag‘a-pag‘a bulutlardan endi nom-nishon yo‘k; tip-tiniq ko‘k yuzidan terak bo‘yi ko‘tarilib qolgan quyosh hammayeqqa o‘z selini yog‘dirib turardi. Rustam xuzur qilib kerishdi, keyin o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi.
Shu payt so‘ritok ostiga o‘rnatilgan so‘riga ko‘zi tushdi. Unga to‘kin dasturxon to‘shalgan bo‘lib, xontaxta atrofiga ko‘rpachalar solingandi.
Birdan mehmonning esiga uy egalari tushdi. U yoq-bu yoqqa qarab ularni izlagan bo‘ldi. Shu payt yalanglik chetidagi oshxonadan bir kampir chiqib keldi-da:
— Yaxshi uxlab turdinglarmi bolam! — deya hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi. Keyin yigitdan biron sado chiqingai kutmayoq. — Bemalol o‘tirib choy ichinglar, ovqat ham tayyor. Uy egalari yo‘q ekan deb tortinmanglar. Men ham shu hovlining egasi, sadag‘ang ketaylar! — dedi.
— Xola, G‘ulomjonlar ishga ketgan chog‘i. Kampir bir oz tutilib:
— Ha… shunaqa o‘g‘lim, — dedi.
— Bizlaram azonda turmoqchi edigu, uxlab qopmiz, xolajon.
— Hechqisi yo‘q, dam olishga chiqqansizlar, bolam! — kampir dasturxonga yangi damlangan choy keltirib ko‘yarkan mehmonning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi.
Tomorqa etagidagi maydonda shaharga qatnaydigan ikkinchi reys avtobus kelib to‘xtadi. Mehmonlar apil-tapil choy ichib, endi ketmasak bo‘lmaydi, deb turib olishdi. Kampir qo‘yarda-qo‘ymay, ertalabki nasibani tashlab ketmanglar, deb gurunchi tirikroq bo‘lsa ham mastavani suzdi.
Rustam qo‘shni kampir orqali uy egalariga ko‘pdan-ko‘p rahmat aytarkan, yonidan bloknot chiqarib nimalardir yozdi:
— G‘ulomjonga berib qo‘ying. Bizning adresimiz shu! Shaharga tushganda albatta kirsin.
Tepalikdagi bekatdan qizg‘ish yonboshi ko‘rinib turgan avtobus ketma-ket signal berdi.
Mehmonlar unga arang ilinishdi.
Mashina qishloqdan chiqay deganda tezligini pasaytirdi-da, kutilmaganda asfalt yo‘l qiyasiga chiqib to‘xtadi. Shofyor yigit kabinadan pastga tushdi. Keyin salonda o‘tirgan boshqalar ham unga ergashib tusha boshlashdi.
Rustam avval nima gapligini bilmay, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, nariroq qir yonbag‘ridagi so‘kmoqdan yuqorilab kelayotgan ellik-oltmish chog‘li odam to‘piga, so‘ngra ular o‘rtasidagi lapanglab borayotgan qizil duxoba yopilgan tobutga ko‘zi tushdi. Yonida o‘tirgan xotinining asta tizzasiga turtib, «sizam turing» degan ishorasi uni sergaklantirdi.
Avtobusda besh-olti xotin-xalajdan boshqa hech kim qolmadi.
Mashinadan tushganlar tez-tez yurib, marhumni olib ketayotgan odamlar to‘piga qo‘shilishdi-da, tobutni yelkama-elka ko‘tarib ancha narigacha borishdi.
Rustam ham ikki-uch bor tobut dastagi ostiga yelkasini olib bordi…
Bir payt mosh gurunch soqolli keksa odam Rustamga yaqinroq kelib qulog‘iga shipshiganday dedi:
— Bo‘lar, o‘g‘lim. Otangizga rahmat, endi qaytaylik, joyi jannatda bo‘lsin! — u yuziga fotiha tortdi.
Mashinadan tushgan kishilarning ayrimlari katta yo‘l bo‘yiga allaqachon yetib olishgan, ba’zilari imillab hozirgina yurgan so‘qmoqdan orqaga qayti-shardi.
— Rahmatli ajoyib ayol edi! — deb qo‘ydi kutilmaganda haligi qariya boshini ham qilganicha Rustam bilan yonma-yon borarkan. — Eri urushga ketib qaytmadi. Boyaqish yolg‘iz qizi bilan qolgan, Boshqa turmush qurmay butun umryni shu qizga bag‘ishlagan. Uni voyaga yetkazdi, turmushga berdi — bir farzandi ikkita bo‘ldi. Ularning yoniga nabiralar qo‘shildi… Endi armonsiz yashasa bo‘ladigan bir paytda, qarang-a, o‘lim changal solganini. O‘zi dunyo shunaqami, deyman, doim biri kam. G‘ulomjon ham yetimlikda o‘sgan, ota-onasi o‘rnini shu ayol bosib turardi.
Rustam boshini keskin ko‘tarib hamsuhbatiga qaradi:
— Qaysi G‘ulomjon?
— Darvoqe, siz uni tanimaysiz. Shu yerlik shofyor yigit. Shundoq avtobus qayrilib to‘xtaydigan maydonning pastidagi hovli o‘shaniki.
— Men taniyman u yigitni. Juda yaxshi taniyman. Nahot marhuma uning…
— Ha, marhuma uning qaynonasi edi. Xudo rahmat kilsin!
Rustam miq etmadi. Ertalab yuragi sezganday bo‘lgandi. Uning xayolidan yilt etib «Erta-indin vaqt topib, ko‘ngil so‘rab kelib ketarman», degan fikr o‘tdi.
Hamma o‘z o‘rniga joylashib bo‘lgandi. Rustam ham xotini yoniga cho‘kib, qizini tizzasiga oldi. Avtobus o‘rnidan ko‘zg‘alib, g‘izillaganicha yurib ketdi. Ammo ko‘p o‘tmay Pskom daryosiga kurilgan katta ko‘prikdan beriroqda to‘xtadi. Uning old eshigi ochilib bir yigit tushib qoldi.
Bu Rustam edi.