Arxitektorlar uyidagi do‘stim telefon qilib qoldi. Nihoyat, yangi loyihalar ko‘rgazmasi ochilibdi. Men bu xushxabarni ko‘pdan beri kutardim. Darrov yo‘lga tushdim.
Namoyish zalining markaziy qismiga qo‘yilgan “O‘zbekiston” (“Ezgulik”) deb ataluvchi ulkan shahar bog‘i loyihasi meni hayajonga soldi. Shirin xayollar bolalikning nurafshon, beg‘ubor so‘qmoqlari tomon yetaklab, kun bo‘y tinchlik bermadi, qo‘limga qalam tutdi…
Men u odamni birinchi bor ko‘rganimda hayotning past-balandidan bexabar o‘yinqaroq bola edim. Balki avvalroq ham ko‘rgandirman, lekin o‘sha kungi uchrashuv menda unutilmas taassurot qoldirgan.
– Hoy, o‘g‘lim, qani yaqinroq kel-chi! – Bobomnikiga o‘xshash beozor, salobatli ovoz eshitilgan tomonga o‘girildim-u, qalin patila soqolidan tortib, egnidagi kiyimlarigacha qorday oppoq, jussasi baland kishiga ko‘zim tushdi. Uning qorachadan kelgan xiyol cho‘zinchoq yuzlarida, bosiq jilmayishida odamni tez o‘ziga jalb qilib oladigan sehr alomati bor edi.
Boshidagi xiyla uringan do‘ppi ham, oldi ochiq yaktagini sirib, ustidan bog‘lab olgan belbog‘i ham o‘ziga yarashgan. Chamasi bobom tengi edi. Biroq qaddini bardam tutib, qirov qo‘ngan qalin qoshlarini xiyol chimirib turishi hali bardam-tetikligidan dalolat berardi.
Qariya kulimsirab oradagi jimlikni buzdi.
– Ha, muncha tikilib qolding, bolam! Bu mahallalikka o‘xshamaysan, shekilli? Kimning o‘g‘lisan?
– Azimboy buvaning nabirasiman, – deya nariroqdagi bobomlarning ko‘kish darvozasiga ishora qilib qo‘ydim.
– Ie, o‘zimning og‘aynimni-ya! Katta yigit bo‘lib qopsan-ku! – Chol yaqinroq kelib peshonamdan o‘pdi. – Oting nima?
– Sharofiddin, – dedim-u, qayerdandir paydo bo‘lib qolgan kuchukchaga ko‘zim tushdi. U erkalanib cholning oyoqlariga suykana boshladi. Mirjalolning ham shunday laychasi bor. Juda havasim keldi:
– Buvajon, kuchugingizning oti nima?
– Oqtosh, bolam.
– Menga bering!
Chol sukut saqlab qoldi. Keyin:
– Jon deb berardim-u, menga juda o‘rganib qolgan-da! – dedi Oqtoshdan ko‘z uzmay, – yaxshisi, senga boshqasini topib beraman… Ha, aytgancha, mana sening tegishing! – U kishi g‘ijimlab tutgan yaktagining uzun bari ichidan ikki dona qirmizi olma chiqarib menga uzatdi, so‘ng, – o‘rtoqlaring ko‘rinmaydi! – deya atrofga bir nazar tashlab qo‘ydi.
Olmalar bir tomoni sadafday oppoq, ikkinchi tomoni shafaqday nimqizg‘ish edi. Xuddi kechki quyosh nurida jilolanayotgandek. Ularga mahliyo
bo‘lib, rahmat deyish ham xayolimga kelmabdi.
Xuddi shu payt osmondan tushganday bolalarning g‘ala-g‘ovuri butun ko‘chani bosib ketdi:
– Dehqon buva, mengayam, mengayam!
– Mana, bunisining qizili yo‘q ekan-ku!
Chol huzur qilayotganday bolalarga jilmayib qarar, bosiqlik bilan ularni tinchitmoqchi bo‘lardi:
– Hozir, hozir, o‘g‘illarim, hammangizga yetadi!
Keyin bilsam, bu kishi har kuni azonlab yelkasida ketmoni bilan mahalla ko‘chasidan Qichqiriq anhori tomon o‘tar, g‘ira-shirada esa yana orqasiga qaytar ekan. Hatto mahalla kishilari orasida: “Dehqon buva ko‘chadan o‘tadigan mahal”, “ishdan qaytadigan mahal” degan gap yurar, bu saharmardon yoki kech oqshom ma’nosini anglatarkan.
Bobomnikidan ikki hovli narida turadigan taniqli shoirning o‘g‘li Mirjalol ana shunday deb ta’kidladi:
– Buva salom bergan bolani yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun u kishini ko‘rishing bilan assalomu alaykum deyishni unutma! Anavu Tarzan bor-ku, har kuni azonda ko‘chaga chiqib, buvani kutib turadi, salom-alikni qilib, yana uxlayveradi. Hatto buvaning bog‘iga ham tez-tez borib turadi.
– U kishining bog‘i bormi?
– Ha, Qichqiriqning bo‘yida mevazori bor. Tarzanning gapiga qaraganda, u yerda pishib yotgan olmayu anjir, shaftoliyu noklarni ko‘rib odamning og‘zi ochilib qolarmish.
Men ham Mirjalolni qoyil qoldirmoqchi bo‘ldim:
– Bizning qishloqdagi hovlimizda ham katta bog‘imiz bor.
Aslida, hovlimiz bu yerdan uncha olisda emas. Piyoda, dalama-dala yursa, sal ortig‘i bilan yarim soatli yo‘l.
Men bu yerdagi mahallaning o‘zimga tengqur bolalari bilan uncha-muncha tanishligim bor. Chunki oldinlari ham tez-tez kelib turardim.
Ayniqsa, bobomning bel suyaklari orasida qolib ketgan “oskolka” og‘rig‘i qo‘zg‘ab, yotib qolganlaridan beri bir oyog‘im shu yerda bo‘lib qolgan. Chunki oilada to‘ng‘ich farzandman. Sal bo‘sh qoldim deguncha oyim, Tolariqqa chop, o‘g‘lim, er-xotin qo‘ltiqlashi-ib ishga ketgan bo‘lsa, hayhotday hovlida bobongning o‘zi qolgandir, deya meni bu tomonga zing‘illatadi. (“Er-xotin” degani tog‘am bilan Umida kelinoyim bo‘ladi. Ikkovi ham o‘qituvchi. Kelinoyim oldimizdagi, tog‘am qo‘shni mahalladagi maktabda dars beradi. Negadir tog‘am xotini atrofida “poy-patak” bo‘laverishi oyimga yoqmaydi. “Erkak erkakday bo‘lsa!” deydi-yu, lekin o‘zi… Qo‘ying, bu yog‘ini aytmay qo‘yaqolay).
Vrachlar bobomning dardini yengil qilamiz deb uch marotaba operatsiya stoliga yotqizishgan. Ammo ilojini qilisholmagach, u kishi taqdirga tan berib, mayli, azob tortsam ham endi kasalxonaga bormayman, deb aytgan.
Qish o‘rtalarida “oskolka” yana azob bera boshladi. Oyim yugurmagan joy qolmadi. Allaqanday tabiblarni olib kelib ko‘rsatdi, ular bergan, kimlardandir topib-tutib kelgan har xil o‘t-o‘lanlarni xavonchada tuyib, nimalar bilandir aralashtirib, bobomning beliga bog‘ladi, isiriqni choy o‘rnida damlab ichirdi, foydasi tegmadi. Qo‘shni mahallalik “Oqotin” degan afsungar kampir oldiga borib fol ochirdi…
Shahar hovlida bobom, tog‘am, kelinoyim – uch kishi yashashadi. Buvimni yaxshi eslolmayman. Ba’zan oyim achinish bilan aytib qo‘yadigan ushbu gaplar qulog‘imga chalinib qoladi: “Biz qizlarni yuvib-tarab, uyli-joyli qilaman deb adoyi tamom bo‘ldi, tilab-tilab olgan yolg‘iz o‘g‘lining orzu-havasini ko‘rolmay ketdi bechora onaginam”.
Bobom meni juda yaxshi ko‘rar, ba’zan “siz”lab gapirardi: “Kelganingiz juda yaxshi bo‘pti-da! Umidaxon kelinoyingiz ishdan qaytgunlaricha otamlashib choy ichaylik. Samovarni qo‘yib yuboring!”
U, ayniqsa, keyingi paytlarda juda g‘alati bo‘lib qolgan. Men bilan xuddi choyxonadagi chollarday choyni “maydalab” gurunglashib o‘tirishni yaxshi qo‘radi. Hozir shaharga qo‘shilib ketgan mana shu mahalla o‘rnida bir paytlar ikkita kolxoz bo‘lganini, ho‘kiz-omoch bilan yer haydab bug‘doy ekishlarini, u paytlar Qichqiriq xuddi daryoday yoyilib oqishi-yu, uning atrofidagi cheksiz nokzor, yong‘oqzor bog‘larni, yana urushda boshlaridan kechirgan g‘aroyib voqealarni erinmasdan so‘ylayveradi. Qo‘yib bersa, kechgacha oldidan jilmasam…
Ammo ba’zan zerikib ketaman. Choy damlab kelmoqchi bo‘laman-u, ko‘cha tomon o‘zimni uraman. Orqamdan bobomning hay-haylagan ovozi eshitiladi… To‘g‘ri, u kishiga ham qiyin! Qimirlamay, bir joyda yonboshlab yotaverish osonmi! Achinib ketaman. Darvoza ostonasiga yetganda oyog‘im tortmay orqaga qaytgan paytlarim ham bo‘ladi. Masalan, kecha shunday qildim. Bobom “muncha o‘yinqaroq bo‘lmasang, senday paytimizda mol boqardik, otamiz yoniga kirib, teppa-tengiga ketmon chopardik” degan odatdagi nasihatomuz gaplarini boshlab yubormasidan oldin indamaygina karavot yonboshiga kelib o‘tirdim va yana “Kukushka”ni aytib bering, deya yalindim.
Ayniqsa, mana shu hikoya juda qiziq. Uni bobom shundoq qoyilmaqom qilib so‘zlardiki, tinglab, xud¬di kino ko‘rayotganday mazza qilasiz. O‘rmondagi baland daraxtlar ustiga “in” qo‘yib olib, poyloqchilik qiladigan dushman “Kukushka” deb atalarkan. Bobom ana o‘shalarning ovozini “o‘chirish” uchun ko‘plab operatsiyalarda qatnashgan.
Lekin hovliga temir ilmoqni yelkasiga osib olgan mahalla montyori kirib keldi-yu, bobomning gapi og‘zida qoldi. Kechasi qattiq shamol turib, hovlimiz chirog‘i o‘chgandi.
Montyor bobom bilan salom-alik qilgach, darvoza yonboshidagi yong‘oqqa ishora qildi:
– Anov shoxlar simni ko‘tarib qo‘yibdi, endi sal shamol tursa chayqaladi-da, simni uzaveradi. O‘sha tepa shoxni kesish kerak,
– Mahkamboy! – bobomning vazmin ovozi eshitildi, – hunaringiz savobli-yu, qiladigan ishingiz uning teskarisi-ya! Bahorda qo‘shnim Toshpo‘latning shundoq ko‘chaga soya tashlab yotgan katta subhon o‘rigini cho‘ltoq qilib ketibsiz. Endi navbat bizga keldimi!
Mahkam aka ham bo‘sh kelmadi:
– O‘rikni gorsetning spetsbrigadasi kesib ketgan… Endi men hadeb chiroq o‘chib qiynalavermanglar deyapman-da!
Bobom sal shashtidan tushdi:
– Simni hov naridan tortib bersangiz bo‘lardi. Bilasiz, bu daraxt bizdan bolalarga yodgorlik!
– Ta’rifini eshitganman. Lekin qurg‘ur u simyog‘och orasi uzoq-da! Mayli, siz uchun yo‘lini qilamiz, Azimboy aka.
Mahkam montyor allaqayerdan bir o‘ram sim ko‘tarib kelib, bobom aytganiday qilib tortdi. Tushlikni birga qildik.
Gap orasida montyor bobomdan so‘radi:
– Bu yong‘oq ko‘chatidan ko‘paytiryapsizmi?
– Endi hafsala qayda deysiz! Odamning bir joyi og‘rib tursa, ko‘ngliga hech narsa sig‘mas ekan, Mahkamboy. Lekin Dehqonboy anchagina ko‘paytirdi, baraka topkur!
– Ha, o‘tgan yili ikki tupini menga ham bergandilar. Ko‘cha eshik oldiga o‘tqazganman. Hozir ancha bo‘y cho‘zib qoldi…
Bobomlar hovlisidagi ulkan yong‘oq yaqin-atrofdagi boshqalaridan farq qiladi: barglari ixcham, mevasi dum-dumaloq, mag‘zi oqish, shirin. Kech pishadi. Qishloqdagi tomorqamiz etagida ham uch tupi o‘sib turibdi. Bobomning o‘zlari o‘tqazgan ekanlar. Ularni bekorga “Mozorbosdi” deb aytilmaydi, qiziq tarixi bor. Taxminan u shunday boshlanardi: “O‘shanda G‘arbiy Ukrainaning Zakarpate atroflaridagi shaharlar asosan nemis qo‘shinlaridan tozalangan bo‘lsa-da, hali dushman butunlay taslim bo‘lgani yo‘q edi. Qalin o‘rmonlarga yashirinib olib, qattiq qarshilik qilardi. Ba’zi aholi punktlari qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turardi.
Bizning bo‘linma zimmasiga uncha katta bo‘lmagan shaharchaga tutash o‘rmondagi dushmanning jazo otryadini tugatish vazifasi yuklatilgandi. Lekin operatsiya plani shoshqaloqlik bilan puxta o‘rganmay tuzilgan ekanmi, qattiq zarbaga uchrab chekinishga majbur bo‘ldik. Quroldosh sherigim ikkimiz tuni bilan yo‘l yurib, bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan tosh yo‘lga chiqib olishga, o‘rmon ichkarisida dushmanning katta kuchi yashirinib yotgani xaqida shahardagi shtabga xabar yetkazishga oshiqardik. Ammo yo‘ldan adashib, qalin o‘rmonning ichkarisiga ketib qolganimizni sezdik… Eh, u yerda shunday o‘rmonlar bo‘ladiki, mabodo, adaщib qolsang, umr bo‘yi aylanib yuraverishing mumkin. Ikki kun deganda yegulik biron narsamiz qolmadi. Uch kechayu uch kunduz och-nahor kezdik. Ustiga-ustak, kuzning ayozli kunlari boshlanib, shivalab yomg‘ir yog‘ardi. O‘chakishganday boshpana bo‘ladigan bironta;erto‘la yoki yog‘och kulbaga yo‘liqmasdik. Hammayoq, kiyimlarimizgacha shalabbo… Shunday sillamiz qurib, umidsizlikka uchraganmizki, mayli, biron issiqroq joy topib, o‘sha yerda o‘lsak rozimiz, deyishgacha borib yetganmiz.
To‘rtinchi kun tushga yaqin katta sayhonlik qarshisidan chiqib qoldik. Uning o‘rtasida odatda o‘rmonchi yoki ovchilar uchun yasab qo‘yiladigan qarorgoh borga o‘xshadi. Quvonib ketdik. Biroq qancha mashaqqatlar bilan loy kechib u yerga yetib kelgach, bomba o‘pirib yuborgan, ichi halqob suvga to‘lib qolgan katta chuqurlikni ko‘rdik. Hafsalamiz pir bo‘ldi, orqaga qayta boshladik. Xuddi shu payt osmon gumbazini zirillatib samolyot ovozi eshitilib qolsa bo‘ladimi. Zum o‘tmay, tepamizdan “Yunkers” uchib o‘tdi. O‘zimizni o‘t-o‘lan panasiga oldik. Xayriyat, sezmadi, yo‘qsa patillatib o‘q otgan bo‘lardi. Samolyot ko‘p o‘tmay yana paydo bo‘ldi, juda pastlab o‘tdi. “Nimanidir sezdi, bu bachchag‘ar”, deb qo‘щdik va shitob bilan yana o‘rmon ichiga chopdik.
Kechga yaqin bir kichkina so‘qmoq, undan keyii tosh yo‘l qarshisidan chiqib qoldik. Oyoqlarimizga qaytadan kuch-quvvat kirdi, badanlarimizga issiq yugurganday bo‘ldi. Atrof jimjit. Qatnov deyarli yo‘q. Yo‘lning chap tomoni keta-ketguncha qalin o‘rmon, o‘ng tarafi esa past-baland qir-adir edi. Bu yerlarni darrov tanidik: ikki haftacha oldin shaharga olib boruvchi mana shu yo‘l uchun shiddatli janglar qilib, qo‘lga kiritgandik.
Bir payt uzoqdan oqshom sukunatini buzib, guvillagan ovoz eshitila boshladi. O‘zimizni panaga oldik – yo‘l chetiga qatorasiga ekilgan daraxtlar orasiga yashirindik.
Shundoq qarshimizdan qandaydir mashina katta tezlik bilan o‘tib ketdi. Uning ichida uch-to‘rtta fashist qorasi ko‘rindi.
“Nahotki, bu yerlarni yana qo‘ldan chiqargan bo‘lsak!” Xayolimizdan yashinday bo‘lib shu fikr o‘tdi-yu, hafsalasizgina yerga cho‘kkaladik. Shu payt tizzalalarimiz ko‘ziga g‘adir-budur narsalar urilganday bo‘ldi, oyoqlarimiz ostidan “qirs” etgan ovoz eshitildi. Sherigim kaftlari bilan xazon oralarini paypaslab, qo‘liga nimalarnidir oldi.
– Ie, manavuni qara, yong‘oq!
Bu atrofdagi katta yo‘llar bo‘yida mevali daraxtlar borligi, ba’zan ularning hosili soldatlarimizga asqotayotganligi haqidagi gaplar ahyon-ahyon quloqqa chalinib turardi. Demak, yong‘oqzor ustidan chiqqanmiz.
Hamrohim qo‘lidagi yong‘oqlardan birini olib kafti bilan chaqdi. Mag‘zi namiqqan, ta’mi taxirroq edi, ammo biz uchun shu topda bundan lazzatli yegulik yo‘q edi. Sherigim hali barglarini to‘kib ulgurmagan katta yong‘oq tanasini quchoqlab oldi:
– Qara-ya! Shularni ekkanlarning otasiga ming rahmat!
Jonivor boshini yeb hosil qilgan chog‘i, mevasi yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotardi. Rosa yong‘oqqa to‘ydik. Cho‘ntaklarimizni ham to‘ldirib oldik.
Bu yerda uzoq ushlanib turish havfli edi. Tosh yo‘lni “qoralab” keta boshladik.
Kuzning zimiston izg‘irinli kechasi. Qop-qora yulduzlar bodroqday sochilib yotibdi. Ba’zan sovuq shamol turib, atrofdagi dov-daraxt barglarini shitirlatib tortqilaydi, shox-shabbalar tebranib ingrayotganday bo‘ladi. Cho‘ntagimizdagi yong‘oq shaldirab tizzamizga uriladi…
Bir payt orqadan “paq” etgan ovoz eshitilib, osmonga mushak ko‘tarildi. O‘sha tomom charaqlab ketdi. U bizdan bir chaqirimcha nari, taxminan so‘qmoq yo‘l atrofida otilgandi. Demak, ortimizda odam bor!
O‘rmon oralab yana ichkariroq kirib ketdik…
Nihoyat, beshinchi kun saharga yaqin, kultepaga aylanib yotgan qishloq xarobasi qarshisidan chiqib qoldik. U yerdagi yarim vayrona kulba ichidan boshpana topdik. Ikki kun qolib ketdik.
Nazarimizda, shahar shu yaqin atrofda joylashganday edy. Biroq unga yetib olguncha uzoq vaqt tentirab yurdik. Yegulik yong‘oqlarimiz ham sanoqli qolgandi. Oxirgisini to‘rttadan bo‘lishib oldik. Ochlik yana sillamizni qurita boshladi. Bir kun o‘tdi, ikki kun o‘tdi… Nihoyat, tongga yaqin shaharcha xarobalari ko‘zga tashlandi… Bizni ochlik – o‘limdan saqlab qolgan oxirgi ikki juft yong‘oqni ehtiyotlab saqlashga, eson-omon yurtga qaytsak, Qichqiriq bo‘ylariga ekamiz, deb niyat qildik…”
Bobom hikoyasini qayta tinglaganday bo‘lib, bahaybat yong‘oq shoxlariga tikilgancha xayol surib o‘tirgandim, bir dasta daftar ko‘tarib Umida kelinoyim kelib qoldi. Negadir yig‘laganmi, ko‘zlarida yosh. Buni bobom darrov payqadi:
– Ha, qizim, kim xafa qildi?
– Anov, Ravshan amaki! Sinfimdagi bolalarning koptogi boqqa kirib ketgan ekan, pichoq bilan yorib beribdi. Shunday qilmasangiz bo‘lardi deb, baloga qoldim. Avval biron tup daraxt ekib ko‘kartir, keyin gapir, olifta, deb so‘ksa bo‘ladimi!
– Aytmadingizmi, o‘zingiz biron tup ko‘chat o‘tqazganmisiz, bog‘ni bog‘ qilib qo‘ygan Dehqon buva bo‘ladi deb!.. Ha, endi uning fe’lini bilasiz-ku, oti Ravshan bo‘lgani bilan ichi zimiston. Xafa bo‘lmang!
Bobom mening betoqat bo‘layotganimni nihoyat sezdi:
– Bor, o‘ynab kelaqol, senga javob. Ravshan qorovul ko‘zini to‘rt qilib kutib turibdi.
Men zing‘illaganimcha o‘zimni ko‘chaga urdim.
Ayniqsa, bu yilgi yozgi ta’til juda ko‘ngildagiday boshlandi. Kundagi “sigirga qara, o‘t yulib kel, ukangni ko‘tar” degan gaplar yo‘q. Ta’tilni mazza qilib Tolariqda o‘tkazadigan bo‘ldim.
Bu yer rostdanam zo‘r-da! Bolalar durustroq jon kuydirib ishlashni bilishmaydi. Umuman, hadeb ishga buyuraveradiganning o‘zi yo‘q. Ularni tejab-tergaydigan Tarzan! Mahallaning to‘rt-besh bolasi ko‘chaga chiqib, to‘plandi deguncha, u paydo bo‘ladi, hammaning inon-ixtiyori o‘shaning qo‘liga o‘tadi!
“Tarzan”. G‘alati nom. Uning asli ismini hech kim aniq bilmaydi. Ba’zi bolalarning gapiga qaraganda, bir vaqtlar qaysidir xorijiy kinodan ta’sirlanib yurgan otasi uni shunday deb atagan emish.
Tarzan qop-qora, chayir, habashga o‘xshagan jingalak soch, yuzlari cho‘tir bola. Yoshi boshqalarnikiga nisbatan ulug‘roq bo‘lsa ham, salobati yo‘q. Lekin qachon qarasang gerdayib yuradi. Gapiga kirmaganni “o‘yin buzuqi”ga chiqarib, urib qolishi ham mumkin.
Bir kuni nimadandir gap qochib o‘ziga bir yarim barobar keladigan Mirjalolning quloq-chakkasiga shapaloq tushirdi. Men Endi Mirjalol uni boplab adabini bersa kerak, deb turgandim, negadir raqibiga qarshi qo‘l ko‘tarmadi. O‘krab yig‘laganicha alam bilan “Achavo-ot! Lo‘li!” dedi-da, uyiga qochdi.
Shundan keyin davrada uning qorasi ko‘rinmay qoldi.
Bir xaftacha o‘tgach, Tarzanning o‘zi Mirjalolni uyidan chaqirib chiqdi, xuddi hech qanday gap-so‘z o‘tmagandek, yana inoq bo‘lib ketishdi.
Men gap orasida Mirjaloldan o‘shanda Tarzanni nega unday deb so‘kding, deya so‘ragandim, u beparvogina qo‘l siltab, bizning mahallaga kelib qolgan-da, o‘shatdan, degandi.
Nima bo‘lganda ham Tarzan hammani o‘z atrofiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga, ular o‘rtasida hamjihatlik o‘rnatishga usta edi. Mahalladagi bolalar, ayniqsa, uzun yoz kunlarini Tarzansiz tasavvur qilisholmasdi. Shuning uchun uning “temir intizomi”ga ko‘nikib qolishgandi.
Tarzanning kundalik o‘z tartibi bor edi: u xud¬di maktabdagi fizkultura o‘qituvchisidek, bola¬larni qator turg‘izib qo‘yib, ikki qo‘lini beliga tiraganicha ularga ro‘baro‘ turib oladi, xuddi mashhur sarkardaday buyruq bilan “bugun amalga oshiriladigan” rejalarni e’lon qiladi. Bu rejalar har kuni bir xilda qaytarilaveradi. Ya’ni koptok tepish, tunuka banka qo‘yib chillak o‘ynash, qoq peshinda esa Qichqiriqning yuqorisidagi Tegirmonboshiga borib cho‘milish va hokazo…
Ayniqsa, terlab-pishib, tuproq changitib holdan toyganingdan keyin, bir chaqirimcha naridagi eski tegirmon sharsharasida miriqib cho‘milishga, ne yetsin!
Tarzanning yana bir qilig‘i bor: u ko‘pchilik bolalarni laqab bilan chaqirardi. Jumladan, ko‘chaning narigi betidagi jinko‘cha ichidan chiquvchi Sobir – “Chapaqay”, guzardan keladigan ozg‘in, daroz, bo‘y-bastiga xos ingichka ovozli Umar – “Chilton”, Mirjalol esa – “Shoircha”, xo‘ppasemiz, badanlari bilqillab turadigan Zufar – “Luchchak”…
Tarzan menga ham allaqachon qoyilmaqom bironta laqabni nishon qilib yopishtirgan bo‘lardi-yu, biroq boksyor akasi bilan tog‘amning yaqin og‘ayniligi hurmati yuzasidanmi, ismimni aytardi.
Men bobomnikiga Qichqiriqning narigi tomon dalalari shaharga tutash kolxoz markazidan kelardim…
Bir kuni kutilmaganda Tarzan besh-olti chog‘li bolani yig‘ib:
– Ertaga hech qanday o‘yin bo‘lmaydi. Hasharga – Dehqon buvaning bog‘iga, meva terishga boramiz, – deb e’lon qildi.
Juda xursand bo‘lib ketdim. Chunki buva kun bo‘yi ter to‘kib ishlab keladigan o‘sha shirin-sharbat mevazor bog‘ afsonaviy maskan bo‘lib ko‘z o‘ngimda gavdalanardi, u yerni borib ko‘rishga juda ishtiyoqmand edim. Hatto mavridi kelganda Tarzanni chetga tortib, yo‘ling tushsa meni xam olaket, demoqchi bo‘lib yurgandim. Mana endi o‘zi taklif qilib qoldi.
Biroq niyatim amalga oshmadi: ertasi azonlab, qishloqdan oyim kelib qoldi. “Bir parcha yerni ham eplab qarolmagan” tog‘amni rosa koyigan bo‘ldi. Keyin, sen zumrasha shuncha kundan beri nima qilib yurganding, deya barcha malomatni mening boshimga yog‘dirdi. Qo‘limga dastasi cho‘ltoq ketmonni tutqazib, qani chop, pomidor ekib qo‘yamiz, dedi.
Ishni to bir yoqlik qilgunimizcha vaqt allamahal bo‘ldi. Buvaning bog‘iga borish qayda deysiz!
Kech peshinga yaqin go‘sht olib kelish uchun guzarga chiqsam, Damir qassobning do‘koni oldida na¬rigi mahallada joylashgan bolalar uyining aravakashi Mustafo amaki turibdi. Bu odamni mahalla bolalari qatori men ham yaxshi taniyman. U past ko‘chadagi non zavodi tomondan otni “hayt-hayt”lab chiqib kelganda, arava o‘rtasiga qaqqaytirib o‘rnatilgan, to‘rt tomoniga “Xleb” so‘zi yozig‘liq katta ko‘kish sandiq ichidan chiqadigan buxanka nonlarning yoqimli hidi atrofni tutib ketar, biz bolalar quvonib, arava orqasidan ergashar, dam-badam qichqirishib: “Mustafo amaki, issiq nondan tashlab keting!” deb qiy-chuv ko‘tarardik.
Shunda qishin-yozin yaltiroq ayvonli shapkasini o‘siq qoshlari ustigacha bostirib kiyib yuradigan aravakash tizginini tortib, badanlari to‘q jigarrang barqutday saman otga “di-ir-r” derdi-da, ko‘kish brezent chakmonning ichki cho‘ntagidan qog‘oz chiqarib, taxlog‘ini yozar, so‘ngra bizga qarata silkitardi:
– E, jujuqlarim, biron buxanka-da bermeyim. Hammasi mana bu fakturag‘a yozilg‘an. Men zakonni buzalmeyim! Shu asnodagi jon kuydirib tushuntirishdan so‘ng biz indamay qolardik. Biroq ertasigami, indinigami aravada qiyshayib o‘tirib olgan amaki ko‘rindi deguncha unga non tashlab o‘ting, deya yalinishni kanda qilmasdik.
Chunki Mustafo aravakashning issiq nonidan ko‘ra bizlarni odam o‘rnida bilib, atayin otni to‘xtatib, sidqidildan aytadigan gaplari hammamiz uchun huzurliroq edi, uni qancha eshitsak, shuncha zavqlanardik.
Men do‘konga yaqinlashib kelganimda Mustafo amaki jig‘ibiyroni chiqib qassobga gap uqdirayotgan ekan:
– Anglasholmadim! Qo‘shningga o‘zing so‘yla! Hali bala-baqshag‘a, hali detdomga epsini ulura bersa-yu, zakonniy dokument almasa, uning patriotligina kim ishonajak. Bu vaqtda epsini qag‘az dokument hal qila. Ana, bir araba alma olib kiteyim. Dokumenta yo‘q! Eh, men ayta-ayta charchadim! – Mustafo amaki qo‘l siltadi, yo‘lak chekkasidagi qalin tollar soyasiga tortib qo‘yilgan arava tomon ketdi. Aravada odatdagi fener sandiq o‘rnida bir xirmon bo‘lib yirik-yirik sarxil olmalar uyulib yotardi. Yana ikki-uch yashikda boshqa mevalar ham bor.
Shubhasiz, Mustafo amakining gapi Dehqon buva xususida ketayotgan edi. Mevalar uning bog‘idan. Hasharchilar rosa g‘ayrat qilishgani shundoq ko‘rinib turibdi. Ular bilan meva terishga borolmaganligimdan achindim.
Guzardan qaytaturib katta albom qo‘ltiqlab olgan Mirjalolga duch keldim. Bugun pionerlar uyiga boradigan kuni bo‘lganligi uchun u ham hasharda qatnasholmabdi. Mirjalol rassomlikka qiziqadi, suratkashlik to‘garagiga borishni kanda qilmaydi.
Ertasi kun odatdagi yig‘iladigan joyimiz – maktab bog‘ining ko‘chaga yondosh etagida o‘ntacha bola to‘plandik.
Kecha hasharda qatnashmagan Mirjalol bilan yana ikki-uch bola qatori Tarzan meni ham achitib o‘tsa kerak deb o‘ylagandim, yo‘q, umuman bu to‘g‘rida gap bo‘lmadi. Dakkini Zufar eshitdi, xolos.
Bir payt “Luchchak”ni qidiraman, hech qayerda yo‘q! – Tarzanning uzun bo‘yni cho‘zilib, oldinga chiqib turgan kichkina boshi “hiq” etganday orqaga siltanib ketdi. Andak sukutdan so‘ng, qo‘llarini havoda o‘ynatib, so‘zida davom etdi. – Atrofga razm soldim: nariroqdagi makka poyalari chayqalib shaldir-shuldir qiladi. Borib qarasam, enasini emgan buzoqchaday, lab-lunjidan sut oqizib bu akam chiqib kelyapti! Qo‘lida chala-chulpa g‘ajilgan uch-to‘rt dumbul so‘ta. Nima qilib yuribsan, desam, qornim ochib ket¬di, deydi. Innaykeyin donolik bilan safsata o‘qidi. “Doni qotib ulgurmagan so‘taning “suti” foydali bo‘larmish, adalari aytganmish! Voy, seni karomating-dan o‘rgildim, pishirib yesang ham alam qilmasdi deb turgandim, shuning ustiga buva kelib qoldilar. Bu akamning qo‘lidagi so‘talarni ko‘rib, attang, doni sal qotgan bo‘lganda, sho‘rvaga solardik, qo‘rga ko‘mib pishirardik, dedilar. Yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim. Axir, bu o‘g‘rilik! Egasidan beso‘roq bir narsani olish, albatta shunga kiradi! Xullas, yordamga borganimiz ham bir bo‘ldi, bu mechkay og‘aynimizning so‘taxo‘rligi ham… O‘sha yerda bu voqeani hech kimga oshkor qilmagandim. Mana endi eshitib qo‘yinglar demoqchiman. Qani o‘zi nima derkin!
U yer-bu yerdan Tarzanni qo‘llovchi “qani-qani” degan ovozlar eshitildi.
Zufar chaynalib, nimadir deganday to‘ng‘illadi Jo‘raboshi chimirilib . o‘rnidan turib ketdi:
– Bu yerda qizlar yo‘q, uyalmasdan, qattiqroq gapiraver.
– Ikkinchi qaytarilmaydi.
Tarzan:
– Qani ko‘ramiz, – deya suvi qurib qolgan ariq bo‘yidagi qalin ajriq bosgan do‘nglikka endi cho‘kkalagandi, shu zahoti orqadan ola-tasir shovqin eshitilib qoldi:
– Bachchag‘arlar, qo‘yasanlarmi, yo‘qmi… – Olmazor oralab bedapoyani bosib-yanchib maktab qorovuli Ravshan aka chopib kelardi. Uning Chingizxonnikiga o‘xshash yapaloq, qop-qora basharasidan har qanday odam ham qo‘rqadi. Hammamiz tumtaraqay bo‘lib qochdik. Qorovul shu bilan ikkinchi marotaba quvlashi edi. Chunki kunlar isigan sari kattagina maktab bog‘idagi “semerenka” navli olmalarga maza kirib, ba’zilar bog‘ oralaydigan| bo‘lib qolgandi.
Dehqon buva deyarli har kuni qayrilgan oppoq yaktagi barida olib kelib, mahalla bolalariga ulashib o‘tadigan meva-chevalardan men ham quruq qolmasdim.
Bir kuni Mirjalol rasm daftarini ochib menga o‘girdi:
– Top-chi, bu kim?
Bir betni to‘ldirib qora qalamda ishlangan Dehqon buvaning surati. U go‘yo qo‘lidagi mevalarni mana sizlarga, oling, bolalarim, deya uzatayotganday edi.
– Buvaning xuddi o‘zlari! O‘xshatibsan! – Men rasmga uzoq tikilib qoldim…
O‘sha kuni negadir Tarzan ko‘rinmadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, futbol o‘yini ham uncha qizimadi. Hali QUYoSh Tikkaga kelmayoq uy-uyga tarqaldik.
Bobom zerikib o‘tirgan ekan, pochtalon tashlab ketgan yangi gazetalarni o‘qib berdim.
“ Tashqarida nima gaplar?” Ba’zan bobom kutilmaganda shunday savol berib qolar, men ko‘chada ko‘rganlarimdan so‘zlardim: “Mirjalolning adasi sizga salom aytib yubordi. Guzar o‘rtasidan katta ariq qazishyapti –gaz kelarmish. Anovu Gurunchariqdagi sopol buyumlari zavodining ombori yonib ketibdi, ko‘chadan rosa pojarniy mashinalar o‘tdi…”
Xuddi shu payt hovli to‘ridagi qari nok shoxlariga qo‘nib olgan ola hakka ikki-uch bor “sayrab” qo‘ydi. Bobom o‘sha yoqqa o‘girilib:
– Mehmon kelyapti, shekilli, samovarga tezroq o‘t tashlang, Sharofiddinboy, – dedi.
Ajab, biznikiga mehmon kelishini qarg‘a qayoqdan bilarkin! Bobomning g‘alati odatlari bor-da. Piyolada choy shamasi tikka turib qolsa ham, kimdir kelyapti, deydilar. Lekin, qizig‘i shundaki, oradan ko‘p o‘tmay o‘sha “kimdir” – qo‘ni-qo‘shni tengdoshlaridanmi, pochtalonmi, tog‘am yoki kelinoyimmi, darvozadan kirib keladi.
Bugun ham xuddi bobom aytganlariday bo‘ldi. Hali samovarga olov qalab ulgurmagandim, ko‘cha eshik qanotlari ochilib, ostonada ikki kishining qorasi ko‘rindi. Oldindagisini darrov tanidim. Mahalla komitetining raisi Jalil aka. U biznikiga tez-tez kirib turadi. “Frontdosh og‘ayni, choyxonada yo‘qligingiz juda bilinyapti-ku! Qachon ko‘chaga aylanib chiqasiz? Turing endi, hadeb erkalik qilib yotavermang!” deya hazil-huzul gap qiladi, bobom ko‘nglini ko‘taradi.
Mahallakom raisi yonida kelayotgan shlyapali, bejirim kiyinib, galstuk taqqan kishini tanimadim. U, shubhasiz, bu mahallaning odami emas. Yelkasiga foto¬apparat osib, jigarrang sumka ko‘tarib olganiga qara¬ganda uni bironta amaldor boshliqqa ham o‘xshatib bo‘lmasdi.
Mehmon kiraverish hovli yalangligini qoplab yotgan ishkomga, so‘rilarda osilib turgan oltinday sap-sariq uzum boshlariga hayratlanib qarab qoldi. Raisga nimadir dedi.
Jalil aka g‘oz yurish qilib kelarkan, bobomni ko‘rsatib “xazyain” deb qo‘ydi.
Mehmon iltifot bilan bobom qo‘llarini olib ko‘rishdi. Hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi. Keyin omonatgina ko‘rpachaga o‘tirgan bo‘ldi.
– Moskvalik yozuvchi. Atayin sizlarni izlab kepti. Alomat yangilik! Ko‘rib hayron bo‘lasiz, ha!
Mehmon sumkasini ochib, undan ehtiyotlab yaltiroq temir ramkaga solingan surat oldi, buvamga uzatdi.
– Ie, bu biz-ku! Manavu, Dehqonboy! – hayratla¬nib rasmdan ko‘z uzolmay qoldi bobom.
– Ha, topdingiz. Yigirma besh yilcha oldin Berlinda tushgansizlar. Matbuotda bosilib chiqqan! – Meh¬mon qo‘lidagi ikki bet qilib bosilgan o‘zbekcha front gazetasini yozib ko‘rsatdi. Uning oxirgi sahifasida “Frontdoshlar” degan katta maqola bosilgan, o‘rtada esa aynan shu surat ko‘zga tashlanardi.
Jalil aka choyni shopirib qo‘yarkan, odatiga ko‘ra, ovozini baland qo‘yib dedi:
– Ha, og‘ayni, rasm ham tarix! Unga muhrlanding-mi, nomim abadiy qoldi deyaver. Ayniqsa, tagidagi so‘zlarni o‘qi, tagidagi so‘zlarni! “O‘zbek jangchilari Azim Sharipov, Dehqon Rajabovlar qariyb to‘rt yillik front yo‘llarini bosib o‘tib, nihoyat dushman uyasi – Berlinga yetib keldilar”, deb qo‘yibdi. Endi uyog‘ini so‘rasangiz, shu rasm bilan dovrug‘laringni olamga dos¬ton qilgan harbiy fotomuxbir Sokolov mana shu mehmonimizning otasi bo‘lgan. Bu kishi o‘z otasi haqida, uning sizlarga o‘xshash “qahramon”lari tarixi haqida kitob yozmoqchi!
Bobom gazetadagi suratdan ko‘z uzolmas, o‘zicha jilmayib qo‘yardi. Uning yelkasiga qo‘l tashlab turgan ki¬shini tanidim, bu kishi Dehqon buva edi.
Bir piyoladan choy ichishgach, mehmon bobom bilan suhbatga tushib ketdi, uning og‘zidan chiqqan har bir so‘ziii yon daftarga yozib ola boshladi.
Shu payt negadir xayolimga Jalil akaning “Rasm ham tarix! Unga muhrlandingmi, nomim abadiy qoldi deyaver” degan so‘zlarini esladim-u, Mirjalol ko‘z o‘ngimda gavdalanib ketdi. Ularnikiga qarab chopdim:
– Biznikiga Moskvadan Dehqon buvani yo‘qlab yozuvchi kishi keldi. Albomingni ol, anavu chizgan suratingni ko‘rsatamiz, – dedim uni shoshiltirib, – nega imillaysan, tezroq bo‘lsang-chi, kutib turishibdi.
Mirjalol ikkilanibroq orqamdan yo‘lga tushdi.
Oldinma-keyin hovliga kirib kelganimizda mehmonlar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishgan ekan. Jalil aka tik turib olganicha bobomga gap uqtiryapti:
– Mana shunday gaplar! Ana, ko‘rdingizmi, shuncha yillardan keyin yana yosharib ketganday bo‘ldingiz! Ha, darvoqe, shoshib turganimizning boisi bor. O‘g‘limni Dehqonboy oldiga jo‘natganman. Bog‘i eramda devzira guruchdan palov qilyapti. Mehmondorchilikni o‘sha yerda davom ettiramiz. Anjir ham pishib, rosa qiyomiga yetgan, deb eshitamiz. Bir boraylik-chi.
– Ha, Dehqonboyni bog‘siz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uni faqat o‘sha yerdan topib, gap olasiz, xolos! – deya bobom Jalil akaning gapini ma’qulladi. – Mendan salom aytinglar!
Shu payt men Jalil akaga yaqinroq kelib, Mirjalol Dehqon buvaning suratini ishlaganini aytdim. Albomning birinchi, betini ochib ko‘rsatdik.
– O‘zi-ku! Qo‘lida olmalari ham bor. – Jalil aka mehmon diqqatini rasmga tortdi va g‘urur bilan: – Vot geroy! – deb qo‘ydi.
Mehmon albomdagi surat bilan Mirjalolni rasmga tushirdi.
Biz ularni Qichqiriq tomonga olib boradigan so‘qmoqqacha kuzatib qo‘ydik. Orqaga qaytayotib, maktab bog‘i ro‘parasiga kelganimizda qalin olma shoxlari orasidan mo‘ralab turgan Ravshan akaga ko‘zimiz tushdi.
– Hoy, bolalar, – u bo‘g‘iq ovoz bilan Mirjalol ikkimizni chaqirib, keyin asta so‘radi. – Anovi komissiyami? Nimani tekshiryapti?
– Bog‘larni tekshiryapti. Sizni ham tekshiradi hali! – dedim men atayin tovushimni balandroq qo‘yib.
– Obbo tiling kesilgur, zumrasha-ey!
Men indamadim. Bir paytlar Umida kelinoyimni xafa qilgan bu odamdan boplab “o‘ch” olganligimdan xursand edim.
Uyga kirib kelganimda mehmon esdalik uchun qoldirgan ramkali suratni bobom menga uzatdi:
Ichkariga kiritib qo‘y. Hali kelinoying kelsa aytamiz, uyning to‘riga ilib qo‘yadi.
– Buva, bu suratga qachon tushgansizlar? Yoningizdagi Dehqon buva, a?
– Ha, topding.
– U kishi bilan frontda tanishganmisiz?
– Yo‘q, oldin ham tanish edik. Yaqindagina senlarga o‘xshab Qichqiriq bo‘ylarida ko‘cha changitib yurardik…
Bobom shu kuni Dehqon buva haqida yangi bir hikoya so‘zlab berdi:
– Dehqonboyning otasi tegirmonchilik qilardi. U chaqaloqligidayoq yetim qolgan yolg‘iz o‘g‘lini yeru ko‘kka ishonmasdi, to beshinchi sinfga o‘tguncha, maktabga opichlab olib kelib, opichlab olib ketardi. Bir kuni Tegir-monboshiga bug‘doy olib keldim.
Tegirmonchi g‘aladonga mening xaltamdagi donni soldi-da, zinhor aylanib turgan toshga yaqinlashmanglar, tortib ketishi mumkin deya tayinlab, o‘zi qayoqqadir ketdi. Tegirmonda Dehqonboy bilan qoldik. Men uni maktabda tez-tez ko‘rib turardim. Lekin o‘ylaganimdek erkatoy, dimog‘dor bola emas ekan… Shu kuni bir-birimiz bilan yaqindan tanishib, o‘rtoq bo‘lib qoldik… Hovlimiz Tegirmonboshiga yaqin bo‘lgani uchun Dehqonboy tez-tez biznikiga kelib turardi. Qishning uzun kunlari esa tegirmon binosida ular ota-bola istiqomat qiladigan kichkina hujrada sandalni bozillatib dars tayyorlardik.
Dehqonboyning otasi aylanib turgan toshga yaqin kelmanglar, deb ko‘p tayinlardi. Ming afsuski, urush boshlanibdi degan kunning ertasiga tegirmonchi Rajabboyning choponi baridan tosh “yamlab” ketibdi degan shum xabar tarqalib qoldi. Dafn marosimida u mahallayu bu mahallaning tumonat odami ishtirok etdi. Shundan keyin Tegirmonboshidan fayz ketdi. Dehqonboy bir kun hovlini qo‘shnilarga qoldirib, (past mahallada ularning bir dahliz-uyli kichkina hovlilari bor edi) frontga jo‘namoqchiligini aytdi. Voyenkomatga arizani birgalikda yozdik.
Shundan keyin dahshatli urush bizni o‘z domiga tortib ketdi. Necha marta o‘lim bilan yuzma-yuz to‘qnashdik. Lekin peshonamizga omonlik deb bitilgan ekan, mana shu kunlarga yetib keldik… Uyog‘ini so‘rasang, – deya so‘zini davom ettirdi bobom, – Dehqonboy meni bir marta naq o‘lim changalidan qutqarib qolgan: suvning eng kattasi o‘zimizning Qichqiriq bo‘lsa kerak deb yuravergan ekanmiz. Ne-ne daryolar, ko‘llar bor ekanki, ko‘rib og‘zimiz ochilib qoldi. Ulardan ko‘prik orqali, qayiqlarga tushib o‘tib olardik. Biroq Dnepr daryosiga kelganda “kechish”ga to‘g‘ri keldi. Bunday paytda o‘ylab o‘tirmaysan, hamma qatori o‘zingni o‘tu cho‘qqa uraverasan. Menam qiziq ustida o‘zimni Dneprga tashlavoribman… Bir mahal lopillab oqib turgan suv oyog‘imni osmondan keltirib, o‘z domiga tortsa bo‘ladimi. Miyamdan yashinday chaqnab “nemis bilan olishib o‘lsam ham alam qilmasdi” degan fikr o‘tdi… Shu zahoti de, kimdir yelkamga changal soldi. Jonholatda unga yopishdim. Cho‘kayotgan odam cho‘pga ham umid qiladi deganlari rost! Daryoning narigi betidan nemis tinmay o‘q yog‘dirib turibdi. Shunga qaramay, ming azob bilan yelkasiga o‘ngarib, meni quturib oqib turgan daryodan eson-omon olib chiqqan shu Dehqonboy amaking bo‘ladi! O‘shanda biz nemisning uyasigacha birga kirib boramiz, endi o‘lishga haqqimiz yo‘q, deb ahdu paymon qilgandik. Niyatimizga yetdik: taqdir taqozosimi yoki kamdan-kam odamlarga nasib bo‘ladigan baxtli tasodifmi, salkam to‘rt yil o‘lim bilan olisha-olisha Berlinga kirib bordik. Dehqonboyning nomi tildan tushmaydigan bo‘lib qolgandi. U janglarda mardlik, jasorat ko‘rsatganligi uchun qator ordenlar bilan taqdirlangan “pe¬redovoy” soldat edi.
O‘sha kuni erta tongda saralangan nemis qo‘shinlari egallab turgan mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, shahar markaziga hujum boshlashimiz kerak edi. Kechga tomon qaysidir front gazetasidan muxbir kelib, ikkimizni suratga tushirdi… Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, gazetada surat bilan biz haqimizda maqola chiqqani esimda… Men ham yaralangan edim. Bechora Dehqonboy esa, hushi bor-yo‘q bo‘lib yotardi… U ko‘cha jangida nemis tanklari qurshovida qolgan… chalajon holda yonayotgan tank ostidan tortib olgandik… Shundan keyin u bilan ancha vaqt gospitalda yotdik. Ammo dardini davolab bo‘lmadi…
Buyoqqa kelgandan keyin ham man-man degan doktorlar qaradi. Shifo topmadi. O‘n yildan ziyod azob chekdi. Nihoyat, Dehqonboyning iroda kuchi ustunlik qildi. Dardni yengdi, mehnat bilan ovunib, o‘zini-o‘zi davoladi… E-ha, bolam, bu odamning boshidan ne savdolar o‘tmagan. Aytaversam, katta kitob bo‘ladi…
Bobomning bu gaplaridan so‘ng Dehqon buvaga bo‘l¬gan hurmatim yanada ortib ketdi.
– Nega har kuni eshigimiz yonidan o‘tadilar-u, biznikiga kirmaydilar! Endi uyga yuring, deb oldingizga boshlab kelaman!
– Dehqonboy mavridini topib, o‘zi kirib keladi, o‘g‘lim! Yaxshisi, uning ko‘ngliga qaragan ma’qul! Hadeb odamlarga o‘zini ko‘z-ko‘z qilavermaydi…
Bir kuni azonda bobomning kim bilandir g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashayotgan ovozidan uyg‘onib ketdim. Ko‘rpadan boshimni chiqardim-u, Dehqon buvaga ko‘zim tushdi.
O‘rtada qizg‘in gurung ketardi:
– Qarang-a, istab so‘rab topib kepti, baraka topkur. Komandirimizning suratini ko‘rsatdi, taniganday bo‘ldim. Hozir u harbiy arxivdami, kattakon bo‘lib ishlarkan…. O‘zi ham bog‘ni aylanib ko‘rib juda xursand bo‘lib ketdi! Jannat qilivoribsiz, otaxon, vaqtini topsam, o‘sha sobiq komandirlaringizni o‘zini boshlab kelaman bu yerga dedi… Eh, Azimboy, odamdan tirnoq qolsin ekan-da! Mana, otasining orqasidan…
– Dehqon og‘ayni, o‘ksinmang! Siz u mahallayu bu mahallaning eng ardoqli fuqarosisiz! Nomingiz katta-kichikning tilidan tushmasa, bolalar sizga ko‘zi tushishi bilan Xizrni ko‘rganday atrofingizda girdikapalak bo‘lsa, bundan ortiqcha baxt bormi dunyoda. Qo‘ying, shunday narsalarni o‘ylab, ko‘ngilni siqmang! Axir, do‘xtirlar ham shunday deydi-ku!
Baland qilib qo‘yilgan yostiqlarga suyanib olgan bobom ancha bardam ko‘rinar, yuzlarida mayin tabassum balqib turardi.
Bir payt u boshini yalanglik tomon xiyol burib:
– Kuchuk paydo bo‘p qoptimi hovlida! – deb qo‘ydi.
– Ha, menga qarashli, — Dehqon buvaning ham chehrasi ochilganday bo‘ldi. – Hamroh topib olganman, Azim¬boy. Bir kuni ertalab deng, eshikni ochishim bilan to‘g‘ri oldimga kelib, oyog‘imga suykanib turibdi. Ket deyishga tilim aylanmadi. Orqamdan ergashib boqqa bordi, keyin qaytib keldi. Shunday qilib, hamroh topib oldim. Bunga juda o‘rganib qopman. Sal qorasi ko‘rinmasa, qayerdasan, Oqtosh, deb izlashga tushaman. Darvoqe, mulla Azim, bel qalay, bel?
– E, nimasini aytasiz. Hech qo‘yib yubormayapti. Yana g‘imirlab-qoldi. Ba’zan zirqiratadi, qovurg‘alarimni yorib, chiqib ketaman deydi, kasofat!
– Ha, temirning zahri yomon bo‘ladi. O‘zi shifosini bersin! Mening ham boshimda ba’zan shunday og‘riq turadiki, ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘lib ketadi. Nahot qiladigan ishlarim chala-chulia qolsa deb, vahimaga tushaman.
– Dehqonboy, qo‘ying, bu gapni aytish sizga yarashmaydi. Yorug‘ dunyodan boshqalarga qaraganda sizning haqingiz ko‘proq, – bobom endi suhbatdoshining ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldi shekilli, gap mavzuini boshqa tomonga burdi. – Bir paytlar bo‘sh-bayov yigitlar edik. Urush bizni tobladi. Esingizda bordir, tegirmon atroflari nokzor, o‘rikzor bog‘ bo‘lardi. Qichqiriqning ikki tomoni keta-ketguncha cheksiz bug‘doyzor edi. Tuyalarga somon ortib shaharga borardik. Tuyani tramvay izi o‘rtasiga tushirib olib “chuh”lab ketaverardik. Bir marta tramvaychi ayol qo‘ng‘iroq chalib nimalardir deganida siz qamchini o‘qtalib, “muncha chiyillaysan, marja, ana katta yo‘l, o‘tib ketaver”, degandingiz. Men qotib-qotib kulgandim. Voy, tavba, deyman ba’zan o‘zimga-o‘zim. O‘sha yigit, ya’ni siz Berlinning katta ko‘chasida nemisning ikki tanki bilan yakkama-yakka olishgansiz-a! Axir, shuning o‘zi qahramonlik emasmi!
– O‘shanda urush hammaga kelgan to‘y edi. Qo‘liga qurol olib, jonini tikib jangga kirgan har bir soldat qahramon bo‘lgan, – Dehqon buva shu gaplarni aytdi-da, bir daqiqa jimib qoldi. Keyin xiyol boshini ko‘tarib bobomga o‘girildi, – yurakka tugib qo‘yilgan niyatlarim armon bo‘lib qolayotganligi alam qiladi. Mana, tegirmonni saqlab qololmadim.
– Endi, birodar, – deya bobom Dehqonbuvaga o‘girilib qaradi, — farovon kunlar kelib, odamlar ot-aravada tegirmonga bug‘doy tashish o‘rniga, tayyor non, tayyor unga o‘rganadilar. Shunday bo‘lgandan keyin qu-
tegirmon toshini qaldiratib yurgizib bo‘larmidi. Zamon o‘zgardi, zamon!
Buva qalin qoshlarini chimirib, bobomga o‘tkir nazar tashlab qo‘ydi. Uning bu qarashida e’tiroz alomati bor edi.
– Menimcha, bu yerda zamonning hech qanday daxli yo‘q, – dedi u o‘ziga yarashgan salobatli ovozda. – Tegirmon tarnovidan guvillab suv tushib tursa, zamon orqaga ketib qolmaydi! Qaytaga bolalar, yosh-yalang zamonning qadriga yetadigan, avval bilan hozirni taqqoslaydigan bo‘lib o‘sadi. Eh, yo‘lim tushib Tegirmon boshiga borib qolsam, yuragimda sanchiq turadi. Qarovsiz, tashlandiq bo‘lib yotibdi. Bir paytlar o‘sha yerda ho- vuzi bilan park quriladi deb, menga biron tup daraxt ekishga ruxsat berishmagandi. Mana, oradan o‘n yil o‘tdi, hali park quriladi. Hammayoqni o‘t bosgan. Menga qo‘yib bersa, shuncha yil ichida o‘sha istirohat parkini savob uchun bir tiyin olmay, o‘zim qilib berardim. Butun O‘zbekistonning jamiki mevasidan iborat bog‘ bo‘lardi. Atrofini gir aylantirib yong‘oqzor qilardim, ha, yong‘oqzor. Buning qadrini ikkimiz yaxshi bilamiz! Boshqalarga ham bildirishimiz lozim edi. Afsus, xohlashmadi: “Qo‘ying, bunday mayda narsalar bilan vaqtimizni olmang, dehqonchilik bizning ishimiz emas”, deyishdi… Hatto men o‘sha bog‘ o‘rtasida shovva bilan tegirmonni ham qol-dirgan bo‘lardim. Gurunchariqdagi Ravshan cho‘tirning moyjuvozini ko‘chirtirib kelib, yonboshiga qurdirardim.
Bobom suhbatdoshining gapini bo‘ldi:
– Dehqonboy, u moyjuvoz allaqachon buzilib ketgan-ku!
– Ha, buzilib ketgan, – dedi buva ta’kidlab. – Lekin buzilmasligi kerak edi. Ravshan cho‘tir o‘ylamay ish qildi. Hovlisining bir burchida yurib tursa u ochdan o‘lmasdi, zig‘ir yog‘ining qadriga yetadiganlar hali ham topilib qolardi.
– Finotdeldan kelaverib holi joniga qo‘ymagandan keyin ikkita ho‘kizini sotib, juvozini buzdi-yu, qutuldi. Cho‘tir ham balo, mayda-chuyda asbob-uskunalari bilan bo‘yinturuqlarini muzeyga topshirib, mo‘maygina pul olibdi. Endi tinchgina maktabda qorovullik qilib kun kechirayotganmish.
– Ha, hozir hamma o‘zining tinchini o‘ylaydigan bo‘lib qoldi.
Shu payt oshxona tomonda kuymalanib yurgan kelinoyim bir kosadan ovqat keltirdi. So‘ngra to‘latib sap-sariq meva terilgan tarelkani dasturxon o‘rtasiga qo‘ydi.
– Bay-bay, jonivorni tovlanishini qarang! – Bo¬bom anjirdan ko‘z uzmay boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi. – Asalga aylanib ketibdi-ku! Rosa parvarish qipsiz.
– Yo‘q, anjir uncha parvarishtalab narsa emas. Suvidan xabar olib tursangiz bo‘ldi. Bu ikkinchi yilgi hosili! Shreder bog‘idan Mahmudjon bergandi. O‘n tupgina. Seremeva yangi navi ekan, biram o‘sib ketdiki… Boshini yeb hosil qildi. Buni ertalab yeganga ne yetsin! Shuning uchun azonlab sizni yo‘qlab keldim.
– Hizrsifat odamsiz-da. Kecha eslagandik, mana bugun o‘z oyog‘ingiz bilan kirib keldingiz.
Mening ham juda anjir yegim kelib ketdi. Boz ustiga Dehqon buva bu ajoyib mevani xo‘p kelishtirib maqtardi:
– Bilasizmi, anjir barcha mevalar ichida eng shifobaxshi ekan. Ayniqsa, quritilgani do‘xtirlar beradigan har qanday doridan ham foydali, eng og‘ir ichki kasalliklarga ham davoligi aniqlanibdi. Poyasidan
sizib chiqadigan “suti”ning o‘zida bir olam xosiyat bor ekan. Tish o‘tmas qari molning chandir go‘shtiga ozgina tomizib yuborilsa, maza kirib hil-hil bo‘lib ketarmish. Mahmudjon shunday deydi…
Men asta ko‘rpadan sug‘urilib chiqdim-da, hovli to‘riga ketdim.
Yuvinib qaytib kelsam, bobomning o‘zi yolg‘iz o‘tiribdi.
Men Dehqon buvaga quyuq salom berib, bobom oldida u kishi bilan yanada yaqinroq tanishib olmaganimga achindim.
…Darvoqe, bugun yakshanba. Umida kelinoyim uyda. Shuning uchun u ko‘chaga chiqqanda (qishloqdan oyim kelib qolmasa!) o‘zimni erkinroq his etaman.
Bobom ertalab choy ustida, saraton kirdi, endi issiq zaptiga oladi degandilar. Aytganlariday kun terak bo‘yi ko‘tarilmayoq atrofni tandirday qizdira boshladi.
Bunday paytda Tegirmonboshidek so‘lim yer hech qayerda topilmasa kerak.
Bir to‘n bola ertalabdan shu yerdamiz. Tarzan bugun bizlarni odatdagidan barvaqtroq boshlab kelgan. Shovva suvi shunday muzdakki, dastlab unga yaqinlashishga odam seskanadi. Keyin ko‘zni chirt yumib, kalla tashlashdan boshqa iloj qolmaydi. Shunda oftobda misday qizib ketgan vujudingizdan pov etib bug‘ ko‘tarilganday bo‘ladi. Qiyqiriq, shovqin-suron avjga minadi. Sal o‘tmay yana hamma yoq suv quyganday jimjit bo‘lib qoladi: barchamiz tegirmon ro‘yasidagi yalanglikda quyoshga toblanib yotgan bo‘lamiz. Shunisi qiziqki, atrof tashlandiq, qarovsizga o‘xshab ko‘rinsa ham, vaqti-vaqti bilan kimdir bu urni supurib-sidirib qo‘yar, huzurini esa bizlar ko‘rardik.
Tushga yaqin Tarzan qornini silab turdi-da, tuproqqa belanib yotgan joyidan mushukday sapchib turib ketdi. Hammamiz biron narsa chaqib oldi shekilli, deya unga xavotirlanib qaradik. Biroq Tarzan bizlarni mazax qilganday mug‘ambirona jilmaydi va kutilmaganda yangilik e’lon qildi:
– “Zu” o‘ynaymiz.. Kim yutqazsa, uyidan yegulik olib keladi yoki nima qilib bo‘lsa ham qornimizni to‘yg‘izadi. Chunki qorinlar shilinib ketyapti.
Jo‘raboshining o‘zi atrofini qalin o‘t-o‘lan qoplab ketgan tegirmonga kiraverishdagi so‘qmoq boshida turib hakamlik qiladigan bo‘ldi. Birinchi bo‘lib men “zu”ladim. Keyin Mirjalol “zu”ladi. Umar surnaydek ovoz chiqarganicha hammadan o‘tib ketdi.
Eng ortda qolgan dum-dumaloq, miqtidan kelgam Zufar bo‘ldi. U o‘n besh-yigirma qadam chopmayoq yeli chiqib ketgan pufakday shalvillab tushdi… Uni yuzlariga urib arang o‘ziga keltirib oldik. So‘ngra Tarzan jabrdiydaning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi:
– Hechqisi yo‘q, “luchchak”. Odam shunday qilib pishiydi! Yutqazding, nima ham derdik, uyga borasan-da! Baxtingga yo‘lda Mustafo amaki uchrab qolsa, yaxshilab yalinsang erib ketar, qog‘ozini ko‘rsatib zakonchilik qilib o‘tirmas. Lekin issiq bulka nonni muzday suvga botirib lo‘mbillatib yeyish ham boshqacha bo‘ladi!
Zufar ketdi. Ammo allamahalgacha daragi bo‘lmadi.
Biz yegulikdan umidimizni uzib, kiyimlarimizni kiymoqchi bo‘lib turgandik, kutilmaganda yo‘l boshida qop orqalagan Zufarning qorasi ko‘rinib qoldi. Uning ketidan Dehqon buva kelar, ahyonda buva yelkasidagi ketmon yuziga tushib, chaqnab ketayotgan quyosh aksidan ko‘zlarimiz qamashardi.
Hayron bo‘ldik. Tegirmon bir paytlar buvaga qarashli bo‘lganligini bilardig-u, ammo u kishini bu tomonlarga kelishini endi ko‘rishimiz.
Huzurimizga eng birinchi Oqtosh yetib keldi. Har maqomga tushib oftobga toblanib yotgan biz bolalarni ko‘rdi-yu, quloqlarini dikkaytirganicha turib qoldi, so‘ng tumshug‘ini cho‘zib “vov-vov”ladi.
Nariroqdan buvaning ovozi eshitildi:
– Bas qil, Oqtosh! Ko‘rmayapsanmi, o‘zimizning tanishlar-ku!
Biz duv etib o‘rnimizdan turdik. Deqqon buvaga salom berdik.
– Vaalaykum assalom. Obbo azamatlar-ey, kutaverib rosa qorinlaring ochgandir! Mana hozir sizlarni zo‘r bir taom bilan mehmon qilaylikki, mazasi umrbod og‘izlaringda qolsin. Buni yilda bir-ikki marta to‘yib yesalaring iligi to‘la, baquvvat yigit bo‘lasanlar. – Dehqon buva Zufar yelkasidan qopni olib, yalanglik chetidagi qalin o‘t-o‘lanlar orasida bor-yo‘qligini bilinmay ketgan eski o‘choq qarshisiga qo‘ydi. Keyin zalvarli kaftlarini bir-biriga ishqab oldi-da, ketmon bilan atrofni tozalashga tushib ketdi. Bizlar ham qarab turmadik. Kim o‘t yuldi, kim yig‘ilgan xas-xashaklarni nariroqdagi jarlikka oborib tashladi.
Birpasda qachonlardir somonli loy bilan bejirim qilib suvalgan o‘choq ko‘zga tashlandi-qoldi. Uning ichida esa… bo‘yra xivichiga paxta o‘rab yoqilgan son-sanoqsiz shamchiroqlar. Chala yonganlari ko‘p. Ayrimlari tagigacha kuygan, qorayib buralib qolgan.
Buvaning qoshlari chimirildi:
– Qaysi betavfiqning qilgan ishi bu! – deya ketmon bilan o‘choq ichini tozalab, xas-cho‘plarni bir chetga uloqtirib tashladi.
Zufar makka so‘talarini hafsala bilan tozalab, buva bir chetga yozib bergan belbog‘ ustiga terish bilan ovora edi.
Tarzan uning xoliroq qolganidan foydalanib qitmirlik bilan gap otdi:
– Bo‘sh kelma, professor! Bir kuni kelib, so‘taning ahamiyati haqida kitob yozasan! – Keyin qiqirlab kuldi-da, miq etmagan Zufarga yaqinroq kelib, zug‘um qilganday so‘radi: – To‘g‘risini ayt, uying qolib makka pishgandir deb buvaning oldilariga borganga o‘xshaysiz-a?
– Yo‘lda uchratib qoldim. O‘zlari shu tomonga kelayotgan ekanlar… Keyin meni boqqa olib ketdilar. So‘ta qayirdik.
Tarzan boshini sarak-sarak qilib bizlarga o‘girildi:
– Devonaning ishini xudoning o‘zi o‘nglaydi deganlari sh bo‘lsa kerak!
Tegirmoining qiyshayib qolgan eshigi yana g‘iyqillab ovoz chiqardi. Ichkaridan bir qo‘lida cho‘ltoq supurgi ko‘tarib Dshqon buva chiqib keldi.
Hash-pash deguncha yalanglik supurib-sidirildi. Suv sepildi. Atrof ancha epaqaga kelib qoldi.
O‘choqqa gurillatib olov yoqib yubordik.
Qo‘rga ko‘mib pishirilayotgan makkajo‘xorining dumbul donachalari “qars-qars” qilar, atrofni odam ishtahasini qitiqlovchi yoqimli hid tutib ketgandi.
Novning nishab yonboshida o‘n chog‘li kishi o‘tirsa bo‘ladigan supaga o‘xshash tekislik yer barra maysalar bilan qoplanib yotardi. O‘sha joyga qanorni tashlab buvaning belbog‘ini dasturxon qilib yozdik.
Bu yerga o‘tirib olib bundoq qarasangiz, tegirmon charxpalagining baqa to‘nlar qoplab olgan arava gupchagiday o‘qiyu atrofida omonat ilinib turgan besh-oltita parrak ko‘rinadi. Narigi yog‘i qorong‘ilik. O‘sha tomondan zax salqin shabada epkini ufurar, saratonning jaziramasida bu jonga huzur edi.
Buva qo‘rga ko‘mib pishirilgan makkajo‘xorilarga ishora qilib, Tarzanga qarab dedi:
– Qani endi, Dehqoncha, buyog‘iga o‘zing bosh-qoshsan. Men boqqa boray. – So‘ng o‘zi Qichqiriq bo‘ylab ketgan so‘qmoqdan yo‘lga tushdi. Oqtosh pildiraganicha unga ergashdi.
Buva “Tarzan”ni Dehqoncha deb chaqirishini shu kupi bilib oldim…
Uyog‘ini so‘rasangiz, dumbulxo‘rlik juda alomat bo‘ldi. Sakkiz chog‘li bola salkam yarim qop makkajo‘xori so‘tasini g‘ajib yuboribmiz. O‘zi ham rosa ishtaha ochar, yeyishli bo‘lgan ekan. Dumbul emas, dumbaday, yegan sari yeging kelaveradi.
“Ziyofatboshi” Zufarning nafsi yomonligi boshiga bitgan balo bo‘ldi. Qorni do‘mbiraday bo‘rtib, xuddi|yostiq bog‘lab olganga o‘xshab qoldi.
Rosa suvga pishdik. Bo‘lmadi.
Inqillatib-sinqillatib uyigacha yetaklab keldik-da, darvozadan ichkariga kiritib yubordik.
Tarzan juda xavotirga tushib qoldi. O‘zi undan xabar olib turadigan bo‘ldi, chunki yaqin qo‘shnisi!
Xayriyat, ertasi xushxabar eshitdik: “Luchchak”ning hayvonot bog‘ida feldsher bo‘lib ishlovchi otasi kigizga o‘rab dumalatibdi. Tarzan ham yordamlashvoribdi. Surgi ichirayotganida qip-yalang‘och Zufarni qornidam bosib, chakagidan ushlab turibdi.
Mahalladan fayz ketdi. Bir hafta davomida Tarzansiz qoldik: allaqayerda boshqa xotini bilan yashovchi otasi uni olib ketib, aravasini beribdi. Yaqinda maktabing ochiladi, daftar-kitobga oz-moz pul ishlab ol-gin, debdi.
Tarzan bir necha kun davomida “shara-bara” sotibdi, odamlardan shisha yig‘ibdi. Xullas, durustgina ishlabdi. Aytishiga qaraganda, papka, har xil kitoblar, zo‘r kostyum-shim olganmish. Hali Tegirmonboshida senlarga xalfana qilib berishga ham qurbim yetadi deb turgandi, ko‘chada sarobi tortilib, bir juft shalpangqulog‘iyu surnayday burnining o‘zi qolgan Zufarning qorasi ko‘rindi.
U, o‘sha kungi “zu”da yutqazib qo‘yganligi, keyin nima yeb, nima ichganligi haqida uydagilarga og‘iz ochmabdi. Tarzan bu gaplarni eshitgach, mamnuniyat bilan Zufarning yelkasiga qo‘l tashladi.
– O‘zing xomroq bo‘lsang ham, irodang pishiq! Yasha, o‘g‘il bola shunday bo‘lishi kerak!
Maktab qorovuli Ravshan aka bizlarni olmazor bog‘ yonboshidagi futbol o‘ynaydigan maydonchaga yo‘latmay qo‘ydi. U sim karavotni tashqariga chiqarib olib, ertadan-kechgacha bog‘ni qo‘riqlashga o‘tgandi.
Shundan keyin biz uchun o‘yin maydoni Qichqiriq bo‘ylaridagi katta ajriqzor bo‘lib qoldi.
O‘sha oqshom futbol o‘ynardik. Men darvozabon edim. Birdan yo‘l yoqasida o‘yinimizni shavq-zavq bilan kuzatib turgan buvani ko‘rib qoldim. Bunday paytda yangilikdan, eng avvalo, “onaboshi”ni xabardor qilish kerak. Yo‘qsa, o‘yin buzilishi hech gap emas. Chopib borib unga aytdim. O‘yin to‘xtadi. Bir zumda Dehqon buva atrofini o‘rab oldik.
U hammamizni ariq bo‘yidagi maysalar ustiga o‘tqazdi. O‘zi ham qarshimizga cho‘kkaladi. Tol xivichlaridan jo‘ngina qilib to‘qilgan savatcha ichidan qalin yapaloq barg olib, ustiga besh-oltitadan anjir qo‘ydi, barchamizga tarqatib chiqdi.
Sharbati po‘stiga urib ketgan mevalarni shoshib-pishib yerkanmiz, birdan nigohim buvaga tushdi: u har qachongidek yarqiratib yuvilgan katta ketmonining yo‘g‘on dastasiga suyanib olganicha, biz bolalarga go‘daklarcha beozor hayrat va havas bilan qarab turar, ko‘zlarida esa yosh miltillardi… G‘alati bo‘lib ketdim. Lekin shu onlarda buvadagi bu holatni hech kim sezmasligini juda-juda xohlardim. Nimagaligini o‘zim ham bilmayman!
Xayriyat, ko‘nglimdagiday bo‘ldi: bolalardan birontasi, hatto hammamizdan ko‘z-quloq Tarzan ham buni sezmadi.
Anjirni yeb bo‘lib, to‘s-to‘polon qilib yana o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib ketdik.
G‘ira-shirada uyga tarqalishimizdan oldin Tarzan barchamizni to‘plab shipshitganday dedi:
– Miyamga zo‘r fikr keldi. Lekin mazza qilamiz! Xohlaganlar rosa bir soatdan keyin eshigimiz oldiga kelsin. Qolgan gap sir, keyin aytaman!
Uyga qaytyapman-u, Dehqon buvaning boyagi xomush bizga tikilib o‘tirishi, g‘amgin qarashlari ko‘z oldimdan nari ketmasdi.
Bobomga shularni gapirib berganimda, u kishi qattiq xayajonga tushsa kerak, deb o‘ylagandim, lekin unday bo‘lmadi. Ancha vaqt sukut saqlab turdi-da, past ovoz bilan:
– E, bevafo dunyo, kelib-kelib o‘z jafoyingni shu bechoraga ravo ko‘rding-a! Qanday yigit ediki, ko‘ziga yosh olibdi desa, xech kim ishonmasdi, – deb qo‘ydi.
Bola ekanmiz, bobomning bu gaplariga uncha tushunib yetmaganmiz… Daqiqa o‘tmay xayolim chalg‘ib, Tarzannim boyagi “sirli” gaplariga ketib qoldi. “Albatta, qiziq bir narsani o‘ylab topgan bu shumtaka. Yo‘qsa, faqat xohlaganlar kelsin, demasdi”.
Vaqt bir soatdan o‘tib qolgandi. Kelinoyim keltirgan ovqatdan apil-tapil yedim-da, tog‘amning hay-hayiga qaramay, ko‘chaga chopdim.
Tarzan darvoza oldida bo‘yiiga arqon bog‘langan Oqtoshni ushlab turar, yonida Mirjalol bilan guzarlik Boqi degan bola bor, EDI xolos. To‘rtovlashiv Qichqiriq tomon ketdik.
Men Tarzan nima uchun Dehqon buvaning kuchugini yetaklab olganini tushunolmasdim. So‘raganim bilan baribir nima gapligini aytaqolmaydi.
Tegirmonboshi qorong‘i tushishi bilan bunaqa vahimali bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Pastga otilayotgan shoyavaning suvi pastu baland bo‘lib guvillar, yerga qadar osilib tushgan dov-daraxt shoxlari kechki shamolda teb- ranib, ingraganday ovoz chiqarar, qiyshayib qolgan eski eshik g‘iyqillab ochilib-yopilar, ichkaridan allaqanday qo‘rqinchli maxluqlar chiqib kelayotganday tuyular, xullas, bularning hammasi bir-biriga qo‘shilib, odam yuragida cheksiz qo‘rquv uyg‘otardi.
Tarzanga qoyil: bizni Oqtosh bilan bir chetda qoldirdi-da, yolg‘iz o‘zi tegirmon yalangligiga qarab ketdi. Asta yurib, atrofni ko‘zdan kechira boshladi.
Bir payt u qaytib oldimizga keldi, hammamiz ilhaq bo‘lib kutayotgan “sir”ni ochdi:
– Kecha qo‘shnimiz To‘ra “shef”nikiga “Oqotin” kelib, har payshanba kechqurun Tegirmonboshiga yettitadan sham yoqib turishni aytibdi. Go‘yo uning tushiga Dehqon buvaning otasi Rajab tegirmonchi kirganmish, oppoq liboslarga o‘ralib kelib “yolg‘iz o‘g‘lim boshiga tushgan kulfat tufayli zurriyotsiz o‘tdi. Endi uning peshonasiga yozilgan farzand shu bechoralar xonadoniga ato qilsin, To‘ravoyning chirog‘ini yoqsin” deganmish!
– Voy-bo‘y, shuncha gapni qayerdan bilasan? – dedim Tarzanning bunday bilag‘onligidan hayratga tushib.
– Senlarni odam qilish uchun ko‘p narsadan ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak! – deya menga qo‘lini bigiz qilib o‘qtaldi, so‘ng bir lahza sukut saqlab, so‘zida davom etdi. – Uyog‘ini so‘rasang, qo‘shnimiz Nor buvi bilan oyim gurunglashib o‘tirganida eshitganman. Bundoq quloq solsang, “Shef” har kuni ichib kelib, bu boyliklar kimga qoladi, tug‘asanmi-yo‘qmi deb xotinini urgani-yu, anavu magazinchi Shodi aka qiz tug‘ibsan deb xotiniga kun bermayotganigacha gapirishadi, dunyoning g‘iybatini qilishadi! Endi gapning indallosini aytadigan bo‘lsam, bugun payshanba – Tegirmonboshiga sham yoqiladigan kun! Bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak! Chunki bu yer mozor yoki hech qanday muqaddas joy emas. Aytgan insu jinslari o‘sha “otin”ning uyidan beri kelmasin! Hozircha Oqtoshni qorovullikka qoldirib o‘zimiz boqqa o‘tib kelamiz. Anjirxo‘rlikka! Ammo birontalaring sirni ochmaysan. Men kuchukni ozgina aylantirib kelay deb buvadan so‘rab olganman!
Tarzan uzun arqonning bir uchini o‘choq yonboshidagi qari tol shoxiga bog‘larkan, o‘zicha hiringlab kuldi:
– O‘sha sham yoqmoqchi bo‘lganlar kelib ko‘rsin-chi, o‘takasi yorilib o‘lar! – u cho‘ntagini kavlab yana bir “karomat” ko‘rsatdi: to‘rtburchak batareyaga rezinka bilan bog‘langan lampochkani yoqdi-da, oldindan tayyorlab kelgan shekilli; o‘choq ichiga o‘rnatib, tepasidan bir kazon tashlab qo‘ydi. Bu manzaraning uch-to‘rt qadam nariroqdan ko‘rinishi haqiqatan vahimali edi.
Tarzanning ishbilarmonligiga tahsin o‘qiganday:
– Qoyil senga,— deb qo‘ydik baravariga.
Kunchiqar tomondan katta mis laganday bo‘lib oy ko‘tarila boshladi. Biz Tegirmonboshini tark etib, ilonizi so‘qmoqdan yo‘lga tushdik. Oradan shamol aralash suvning bo‘g‘iq guvillashi bilan Oqtoshning g‘ingshigan ovozi eshitildi.
Men ajirxo‘rlik uchun qayerga ketayotganimizni sezib, ozgina yurganimizdan so‘ng, Tarzanning yo‘lini to‘sdim:
– Buvaning bog‘igami! Egasi yo‘q joyda nima qilamiz. Ertaga u kishining o‘zi bilan borsak yaxshi emasmi? Keyin o‘zing ham egasidan beso‘roq makkajo‘xori olgan Zufarni rosa ta’zirini berganding-ku.
– Voy-bo‘-o‘y, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q bog‘ning xo‘jayini ham chiqib qoldi-ku! Obbo qishloqi-ey! – Tarzan ketayotgan joyida taqqa to‘xtadi. Qorong‘ida yaxshi ko‘rinmasa-da, uning yapaloq yuzlari tirishib, ukkinikiday ko‘zlari menga qanday g‘azab bilan tikilayotganini sezib turardim. Shundog‘am pakana gavdasi xuddi ustiga og‘ir yuk qo‘yilgan prujinaday qisqarib, belimga tushib qoldi.
Bo‘yning uzunligi ham savlat, ham shijoat. Darozroq bo‘lsang, tiling ham burro.
– Nima deb haqorat qilyapsan yilpishtovoq! Bizni o‘g‘irlikka o‘rgatmoqchimisan, – dedim bo‘sh kelmay, unga taqlid qilib, qo‘llarimni belimga tirab.
Xuddi shu payt quloq-chakkamga tosh urilganday bir zarb tushib qolsa bo‘ladimi. Yo‘l chetidagi ko‘loblatib suv qo‘yilgan bedazorga uchib ketdim. Butun borliqni tutib ketgan baqalarning “sayrashi” tinib qoldi.
Anchadan keyin o‘zimni o‘nglab, kiyimlarimni tuzatgan bo‘ldim.
Do‘ppim qayoqqadir uchib ketgan. Hammayog‘im shalabbo. O‘ng tirsagim shilingan shekilli, jizillab achishardi.
– O‘g‘irlikka boshlab ketayotgan emishman! – Tarzan xezlanib yana menga yaqinlashib kelayotgandi, Mirjalol yo‘lini to‘sdi:
– Qo‘ysang-chi, bo‘ldi endi.
Boqi bedazorni paypaslab do‘ppimni topib, ikki-uch bor kaftiga urdi, boshimga kiydirdi.
Kutilmaganda Tarzan sal yumshaganday menga buyruqnamo gap qotdi:
– Qani oldinda yur, senlarni qayoqqa boshlab ketayotganligimni borib bilasan.
Indamay yo‘lga tushdim. Bu unga tan berganim edi.
Bora-borguncha miq etmay ketdik.
Bir payt qarshimizda to‘satdan yerdan chiqdimi, ko‘kdan tushdimi, katta imorat paydo bo‘ldi.
– Ana, buvaning bog‘i yoniga “dom” qurilib, odamlar ko‘chib kela boshlagan. Ertaga ulardan anjir qolarmidi! – Tarzan son-sanoqsiz derazalaridan nur yog‘ilib turgan baland binoga ishora qilib, so‘zida davom etdi. – Senlarni bir anjirga to‘ydiray-da, shu bahonada bog‘dan ham xabar olib qo‘yaylik, deb o‘ylagandim. Manavi bo‘lsa… mayli, kechirdim.
– Senam kechira qol endi, – Mirjalol menga yaqinroq keldi.
– O‘g‘il bolachasiga yarash-yarash qilamiz! – Boqi Tarzan ikkimizning qo‘limizdan tutdi…
Qichqiriq ustidagi osma ko‘prikdan o‘tib, pastlikda katta maydonni egallab yotgan bog‘ ichiga sho‘ng‘idik.
– Mana bu yerni mevazor deydi. Olma, nokmi, shaftoli, uzummi, hammasidan topiladi. Ho‘, o‘rtada anjirzor. Bog‘ atrofiga gir aylantirib yong‘oq ekilgan! – Tarzan bizni bog‘ oralab ketgan yolg‘izoyoq yo‘ldan boshlarkan tushuntirish berar, o‘zini bu yerning haqiqiy xo‘jayiniday qilib ko‘rsatish uchunmi, atayin tomoq qirib “o‘hu-o‘hu”lab qo‘yardi.
Bir cheti Qichqiriqning nishab qirg‘oqlariga tutashib ketgan mevazor uzra ro‘paradagi yangi imoratdan chiroq shu’lalari yog‘ilar, shuning uchun yo‘lak bo‘yini qoplab yotgan nok shoxlaridagi yirik mevalar baralla ko‘zga tashlanib turardi.
– Mana, yetib ham keldik! – Tarzan kichkinagina shiyponcha qarshisida to‘xtadi. So‘ngra loysuvoqli supa chetiga o‘rab qo‘yilgan sholchani yozib yuborib, mezbonlarga xos tavoze bilan, – o‘tirlaring, – deb qo‘ydi.
Supaning narirog‘ida xuddi Tegirmonboshida ko‘rganimizdek katta-kichik ikkita o‘choq. Ularning birida qopqog‘i yopiq qozoncha, ikkinchisida qora qumg‘on.
Ixcham ayvonchaga o‘xshatib qurilgan oldi ochiq shiypon to‘ridagi yog‘och qoziqda uzun chopon osig‘liq.
Bog‘ ustiga yopirilay deb turgan baland imoratning derazalaridan eshitilayotgan muzika aralash g‘ala-g‘ovurni hisobga olmaganda bu yer sukutga cho‘mgan yashillik olamiga o‘xshab ko‘rinadi.
Bir payt daraxtlar oralab bog‘ ichiga sho‘ng‘ib ketgan Tarzan jig‘ibiyroni chiqib kelib qoldi. Qo‘lidagi bir dasta anjir shoxlarini tap etib oldimizga tashladi:
– Mana senlarga anjirning ahvoli! Bir la’nati anjirzorni payhon qilib, novdalarini sindirib, mevasini teribdi. Ravshan aka miltiq ko‘tarib bekor qorovullik qilmas ekan! Eh, shunday bo‘lishini bilganday kecha buvaga qolganlarini ham terib qo‘yaylik desam, uvol bo‘ladi, sal shira bog‘lasin degandilar, – chudi hozirning o‘zida bu noma’qulchilikni
qilgan kimsani topib olmoqchiday, ko‘p qavatli imoratga boshdan-oyoq qarab chiqdi, so‘ng o‘zicha g‘udurladi. – Agar qo‘limda miltiq bo‘lgandami, o‘zim bilardim! Mirjalol dik etib, supadan pastga tushdi:
– Hoy, sal o‘zingni bos! Odamdan aziz bo‘ptimi? Anjir yemasak yemabmiz!
– Gap unda emas. Mevasi bilan o‘zini, bola-chaqasini boqib turgan daraxtni kesgan odamdan yaxshilik chiqmaydi, ular nonko‘r bo‘ladi, deganlar Dexqon buvam.
– Balki bu shoxlarni sindirgan anovi qo‘shni maxalla bolalari bo‘lsa-chi! – Cho‘kkalab o‘tirgan joyida gap tashladi Boqi.
– Ota-onasi kelib, ajratib olmaguncha rosa savalab, adabini berish kerak!
Mirjalol Tarzanning yelkasiga kafti bilan bir turtib, uning gapiga qo‘shilgan bo‘ldi:
– Ha, bu deganing to‘g‘ri. Miltiq bilan emas, xivich bilan! Endi, og‘ayni, anjir bizga nasib qilmagan ekan, bog‘dan ham xabar oldik. Ketamiz. Oqtosh bechora g‘ingshib yotgandir.
Tarzan mayli deganday bosh qimirlatdi…
Vaqt allamahal bo‘lganda Tegirmonboshiga kelib, yana bir kutilmagan hodisaning ustidan chiqdik. Oqtosh arqonga chirmashib, gujanak bo‘lganicha yotar, u xuddi odamga o‘xshab og‘ir-og‘ir inqillab ovoz chiqarardi.
Tarzan nima bo‘lganiga aqli yetmay, itni boshidash silab turg‘izmoqchi bo‘luvdi, birdan seskanib qo‘lshsh tortib oldi:
– Boqi, gugurtni chaq!
Tarzan panjalarining qip-qizil qonga belanganini ko‘rib ingrab yubordi:
– Oqtosh, seni kim urdi, kim bu ahvolga soldi? Endi Dehqon buvamga nima deyman.
Xuddi shu payt nariroqdagi naq belga uradigan o‘t-o‘lanlar orasida sharpalar g‘imirladi. Mirjalol qo‘lidagi tayoqni kuch bilan o‘sha tomonga uloqtirgandi, vangillagan ovoz eshitildi, so‘ngra shovvaning yuqori tomoniga qarab bir to‘da it chopib ketdi.
– Oqtoshni daydi itlar talabdi. Rosa olishgan-u, dosh berolmagai!
Boqining salmoqlanib aytgan bu gapida jon bor edi.
O‘sha kecha maqallaga Oqtoshsiz qaytdik.
Ertasiga ertalab oyim bilan otam kelib, dala havosi dardga shifo, deb bobomni qishloqdagi hovlimizga olib ketishdi.
Rostdanam bobom shifo topdi shekilli, u kishi ikki hafta davomida biron marta “oskolka”dan no¬lib gap ochmadi. Hatto hassaga tayanib hovlini bir aylanib chiqqach, “odam qatoriga qo‘shilib qoldim shekilli, peshonada bo‘lsa, yana bir-ikki yil yashasam kerak”, deb qo‘ydi.
Shanba kuni edi. Ketish uchun onamdan “ruxsat” oldik. U nonushta payti dasturxon ustida o‘zicha uddaburonlik bilan gap uqdirgan bo‘ldi:
– Otajonim-ey, ancha durust bo‘p qoldingiz. Endi yo‘q demay, bu tomonlarga xam tez-tez chiqib turing. Bu yeram o‘z uyingiz! Dunyoning tashvishi hech qachon tugagan emas, har narsaga kuyunib, siqilavermang. O‘z vaqtida xo‘p kuyib-pishgansiz, yetar!
Yosh boladek boshini egib o‘tirgan bobom, unga yer tagidan bir qarab oldi-da, qani omin, deya fotihaga qo‘l ochdi.
Kun isib ketmasidan otamning eski “Moskvich”ida shahar hovliga qaytib keldik.
Kelinoyim bilan qishloqdan olib kelgan sabzi-piyozlarni qaznoqqa tashigunimizcha bobomning avzoyi buzilib qolganini ko‘rdim. Xuddi onam aytgan “dunyo tashvishi” uning boshiga tushganday edi. Odatdagidek baland yostiqqa yonboshlab olgan tog‘amga jig‘ibiyroni chiqib gap uqdirardi:
– Bilasan, bir parcha hovlisida kun bo‘yi qamalib o‘tirolmaydi… O‘zini mehnat bilan ovutib yurardi. Koshki idorama-idora eshik qoqib, palonchiman deb ko‘kragiga uradigan odamlar toifasidan bo‘lsa! Mening ahvolim bu. Mahalla qayoqqa qarayapti! Jalilvoy-chi?
– Dada, hammasini aytdik. Jalil aka bormagan idora qolmadi. Genplanning boshlig‘i bilan ham uchrashdik. U yer zavodga qarashli. Loyiha uchun buyurtmani ham zavod bergan, o‘shalar xal qiladi, deydi. Zavod direktori esa, genplan tasdiqlagan narsani o‘zgartirishga haqqimiz yo‘q deb aytadi. Qayerga borsak, “Anavi davlat yeridan foydalanib kelayotgan cholmi!” deb aytishadi. Qonundan kelishadi. Qonun shunday bir narsa ekanki…
– O‘sha qonunchilar hozirgi bog‘ o‘rni bir paytlar selxona bo‘lib yotgan jarlik ekanligini bilishmasa kerak-da! Dexqonboy u yerni tekislaguncha jonini jabborga berib yuborgandi-ku! Agar u o‘z manfaatini ko‘zlab, shu ishlarni qilganida edi, daraxtlar hosilga kirar-kirmas bog‘ atrofini sim to‘r bilan chirmab tashlagan, anavu Ravshan cho‘tirday qo‘liga miltiq olvol- gan bo‘lardi. Unga nima ham kerak, nafaqa olsa, yolg‘i bir jon bo‘lsa! Nega endi o‘sha tsexni sal nariroqqa qurish mumkin emas ekan?!
– Mumkin. Qichqiriqning bu betida ham, etagida ham ancha bo‘sh yerlar bor. Menimcha, zavod loyihani o‘zgartirishdan manfaatdor emas.
– Demak, katta bog‘ni payhon etilishidan manfaatdor.
– U yerda bog borligi hech qaysi hujjatda qayd etilmagan. Planda yaydoq sanoat qurilish zonasi deb ko‘rsatilgan. Shuning uchun ham Rahimov haq bo‘lib chiqyapti.
– Jalilning o‘g‘li prorab oshnang Tursunboy qiziq bir gap aytib bergandi. Yaqinda bulg‘orlar shahrimizga maktab qurib berishmoqchi bo‘lgan ekan, loyiha bo‘yicha uch tup mevali niholni kesishga to‘g‘ri kelib qolibdi. Shunda baraka topkur o‘sha quruvchilar loyihani o‘zgartirishni iltimos qilishibdi. Bu daraxt hisobda yo‘q edi, deydiganlar topilmabdi. Loyiha, o‘zgartirilibdi… Nega endi hozir yashnab turgan butun bir bog‘ni saqlab qolish mumkin emas?!
– Dada, bilasiz, Rahimov obro‘li odam. Kattalarning nazariga tushgan rahbar. Uni shaharda hamma biladi. Aytgani aytgan, degani degan. Sopol buyumlarning bozori chaqqon emish. Har ikki gapining birida millionlab foydadan gapiradi. Bu so‘zlar kimga yoqmaydi deysiz. Kecha buvani rayispolkomdagi Karimova huzuriga chaqirtiribdi. Arzimas daraxtlaringizni deb ommani bizga – ya’ni Sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘atib qo‘yibsiz, bu qilmishiigiz uchun hali javob berasiz, bog‘ingizga kimlarni taklif etib, ziyofatlar uyushtirayotganingizdan ham xabarimiz bor, debdi. Xonada uning so‘zlarini tasdiqlab direktor Rahimov bilan yana bir militsioner yigit o‘tirganmish. Dehqon buva Karimovaga “qizim”, deb murojaat qilgan ekan, men sizga qiz emas, hukumat rahbariman, ism-familiyamni aytib chaqiring, debdi.
Bobomning piyola tutgan qo‘llari titrab ketdi:
– O‘z mavqeini pesh qilib, po‘pisa uradigan unday rahbarlarga gai uqdirish qiyin. Xudo ko‘rsatmasin, o‘shanaqalar kattaroq ishga o‘tirib qolsa bormi, uyog‘ini ko‘raverasan!
– Kuni kecha deng, o‘sha yerdagi yangi imoratga ko‘chib kelganlardan ayrimlari buvani boqqa kiritmabdi. Har bir daraxt uchun davlatdan pul olgansiz, bu yer endi bizga qaraydi, da’voyingiz bo‘lsa rayispolkomga mu- rojaat qiling, deyishganmish. Maktabdan kelaturib oldilariga kirgandim, kayfiyatlari yo‘qroq!
– Ishdan qaytishingda uyiga kirgin-da, o‘zing boshlab kel. Kerak bo‘lsa, uni yetaklab rayispolkomdan kattaroq joyga chiqaman.
Shu payt negadir g‘aribgina o‘z hovlisida mung‘ayib o‘tirgan buva ko‘z oldimda gavdalandi. Uning oldiga chopib borib xabar olgim, ko‘nglini ko‘targim keldi. Biroq buvaning uyini aniq bilmasdim. Yaxshisi, Tarzan bilan birga borganimiz ma’qul. Aytgancha, Tarzanning bu voqealardan xabari bormikan! O‘zini ham anchadan ko‘rganim yo‘q. Hozir uni topishim kerak.
Shu xayollar bilan o‘rnimdan turdim-u, apil-tapil yuvindim. Ko‘chaga chiqib, Tarzanlarning hovlisi tomon chopib ketdim.
Aksiga olganday uyida yo‘q ekan. Maktabda farrosh bo‘lib ishlovchi qoracha, yum-yumaloq onasi “oshnang ikki kun bo‘ldi, badar ketgan, Ravshan amakiga o‘xshab, maktab bog‘ida qorovullik qilyapti”, dedi.
Bir tomondan Tarzan yaxshi o‘ylabdi. Xohlagan odam kirib payhon qilavergandan keyin bog‘ning bog‘ligi qolarmidi!
To‘xta, unday bo‘lsa nega buvani o‘z bog‘iga kiritishmabdi!..
HAR holda avval Tarzan bilan uchrashishim kerak. Yo‘lni Qichqiriq tomon olib boruvchi so‘qmoqqa qarab soldim.
Shanba kuni bo‘lganligi uchunmi, baland imorat oldi odamlar bilan gavjum edi. Bog‘ etagidan motorning bir maromda tarillab turgan ovozi eshitilardi.
Ikkita zarang xoda hamda shox-shabbalardan iborat tanish ko‘prikdan o‘tib bog‘ oralab ozgina yurishim bilan kutilmagan manzara ustidan chiqdim: xandaq orqasida kovshini quchoqqa kelib qolgan yong‘oqqa tirab buldozer turibdi. Uning yonboshida qo‘porilgan besh-olti tup o‘rik va sertomir ildizlari qorayib chiqib qolgan anjir tuplari yotibdi.
Miqtigina yalangbosh odam zo‘r berib Dehqon buvaga nimalarnidir tushuntirmoqda.
Sal nariroqda yuzlari xuddi grim surtilgan artistlarnikidek qip-qizil, baroqqosh, o‘rtabo‘y kishi qo‘llarini orqasiga chalishtirib olgancha, bezovtalik bilan uyoqqa ikki qadam qo‘yadi, buyoqqa ikki qadam.
Bog‘ to‘ridagi buldozer qarshisida bejirim kiyingan bo‘lsa ham qiltiriqligidan libosi o‘ziga uncha yarashmay shalvirabroq turgan shlyapali bir yigit ko‘zga tashlanar, u semizgina papkani qo‘ltiqlaganicha haykalday qimir etmasdan turardi.
Yana sal naridagi maydonchada qiyalatib qo‘yilgan, ikkita oq yengil mashina turibdi. Shu odamlarga qarashli bo‘lsa kerak.
Bir payt baroqqosh kishi yurishdan to‘xtab, Dehqon buvani birinchi bor ko‘rayotganday uning oyog‘idagi eskigina kalishidan tortib terdan unniqib ketgan yaktagi, boshidagi odmigina do‘ppisigacha bir sidra qarab chiqdi. Keyin yalangbosh kishidan so‘radi:
– O‘rtoq Rahimov! Bu odam qayerdan kelib qolgan? Mahallaga nima aloqasi bor? Asli shaharlikmi?
Direktor biron kalima aytib ulgurmay, Dehqon buvaning o‘zi baroqqoshga so‘z qotdi:
– Men sizni taniy olmayapman. Ko‘rinishingizdap juda boobro‘ odamga o‘xshaysiz!
– Ha, bu kishi o‘rtoq Tolmasov. Ministrlikdan! – dedi Rahimov shosha-pisha. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Mahalla nomidan redaktsiyaga yozgan shikoyatingiz yuzasidan…
– Avvalo, men hech qayerga shikoyat yozgan emasman.
– Nega o‘zingizni go‘llikka solasiz? Men yozdirganman deyvering-da! – Rahimov masxaraomuz jilmaydi, ovozini balandlatib qo‘shib qo‘ydi. – Lekin kim yozgan bo‘lsa ham bu yerlar zavodniki, ya’ni davlatniki! Davlat yeri daxlsizdir.
Dehqon buva bo‘sh kelmadi:
– Mayli, shunday bo‘lsin! Lekin men bu hurmatli rahbarning gapiga hayron bo‘lib turibman. Savolni boshqalarga uchirma qilib o‘tirmay, o‘zimga beraversa bo‘lardi-ku. Ayting boshlig‘ingizga, shaharlikman. Nima demoqchi?!
Tolmasov birdan chimirildi:
– Juda siyosatdon ekansiz-ku, boboy! – deya buvaga zug‘um bilan qaradi. Biroq “boboy” yuzidagi beparvolik, hatto mensimaslik alomatini ko‘rgach, xiyla past tushishga majbur bo‘ldi.
– Otaxon, meni to‘g‘ri tushuning. Aytilgan gapni teskari talqin qilmang! Men mana shu joyning – dav¬lat yerining qonuniy egasi – o‘rtoq Rahimovdan, sizning bu yerga, – Tolmasov qoshlarini chimirib, ko‘rsat-kich barmog‘ini bigiz qilib, bog‘ tomon siltadi, – qachon kelganingizni so‘rayapman. To‘g‘rimi?
– Ha, ha, xuddi shunday dedingiz! – Rahimov muloyimgina qilib boshlig‘ining gapini ma’qulladi. Keyin ko‘zlarini olaytirganicha Dehqon buvaga o‘girildi. – Shunday deyaptilar, bilib qo‘ying!
– Ikkinchidan, – deya davom etdi Tolmasov buvaga yaqinroq kelib. Davlat yerini musodara qilib, o‘zlashtirib olishga nima haqqingiz bor? Bu jinoyat! Yana rahbarlarni obro‘sizlantirish maqsadida ular ustidan boshqalarga shikoyat yozdirganingiz ortiqcha.
– To‘g‘ri! – dedi. Rahimov uning gaplarini ma’qullab.
Tolmasov endi o‘zining baland kelayotganini sezdi-da, ko‘zlarini qisibroq, ovozini pastlatib, gapga yakun yasamoqchi bo‘ldi:
– Juda pixi qayrilgan odam ekansiz. O‘rtoq Rahimov aytganida ishonmagandim. Nega, yangi binolar, yangi ob’ektlar qurilishiga, xalq farovonligiga to‘sqinlik qilasiz? Nega, o‘z manfaatingizni xalq man-faatidan yuqori qo‘yasiz?!
Buva yoqasini ushlab:
– Yo tavba! – deb yuborgandi, baroqqosh shitob bilan cholga o‘girildi, jerkibroq dedi:
– Tavbangizni uyingizda qiling!
Dehqon buva negadir bu gapga uncha e’tibor bermadi. Qo‘llarini ko‘kragiga bosganicha direktorga ro‘baro‘ keldi:
– Nahotki, shu yashnab turgan bog‘ni payhon qilishga ko‘zingiz qiyadi, axir, hammaning rizq-ro‘zi-ku. Uvoli tutmaydimi, Rahimov!
Direktorning battar fig‘oni chiqdi:
– Muncha ko‘p gapirdingiz! Uyingizda tinchgina oyoqni uzatib yotsangiz bo‘lardi, tinmagan chol! Uvoli tutmaydi.
Tolmasov ensasi qotganday yana Dehqon buvaga yaqinroq keldi:
– Menga qarang, boboy, aqlingiz joyidami! Gapni juda ko‘paytirib yubordingiz-da! Anavi xandaqda yotgan bola siznikimi?
Dehqon buva bir oz sukutdan so‘ng “ha, shunday” degandek bosh qimirlatib qo‘ydi.
– Nechta bolangiz bor?
Buva seskanib ketdi. Rahimov xunukkina tirjayib, yuzini bir chetga burdi. Buva bunday og‘ir tergovni kutmagan chog‘i, bir lahzada bo‘yin tomirlari bo‘rtib, ko‘zlari katta-katta ochildi. So‘ng og‘ir xo‘rsinib:
– Juda ko‘p, o‘rtoq Tolmasov, – dedi.
– Bolani ko‘paytiraverish mumkin, ha, mumkin! Lekin tarbiyasiga ham javobgarsiz. Yaxshisi, uning qo‘lidagi qurolni oling! Yo‘qsa, ota-bola qamalib ketasiz!
Dehqon buva yuraklaringga balli-ey, deganday Tolmasovga bir qarab qo‘ydi:
– Xotirjam bo‘ling, uning qo‘lidagi qurol emas, shunchaki eski miltiqning qo‘ndog‘iga vodoprovod trubasidan o‘rnatib olgan. Kechasi shu yerni qo‘riqlab chiqibdi.
– Unday bo‘lsa, o‘rtoq Rahimov, demak, masala hal bo‘ldi. Chaqiring anavi redaktsiya vakilini. Nega traktor to‘xtab turibdi, ayting, yurgizsin.
Direktor qornini, silkitganicha o‘ziga yarashmagan epchillik bilan nariga chopib bordi. Traktorchiga nimalardir dedi.
Buva ketmonini qo‘liga olib, xandaq tomonga qarab qichqirdi:
– Qaydasan, bolam, qani yur, ketamiz!
– Yo‘q, bu yerdan hech qayerga ketmayman, haydasa ham ketmayman! – bu bo‘g‘iq ovoz Tarzanniki edi. Uning bolalarcha noxos yo‘g‘on, do‘rillagan tovushi buldozer qarshisidagi yumalatib qo‘yilgan daraxtlarning shox-shabbasi orasidan eshitilar, Tarzan xuddi biron narsani poylayotganday, xandaq ichiga yashirinib olgandi.
Traktor bir na’ra tortdi-da, oldinga sapchib, shoxlari shig‘il hosilga burkanib yotgan yong‘oq daraxtini qo‘pora boshladi. Xuddi shu payt pastdan mushtday toshmi, kesakmi uchib chiqib, buldozerning oldi oynasini chilparchin qildi.
Rahimov buvani burdalab tashlaguday bo‘lib, uning oldiga chopib keldi:
– Bu bezorilik uchun javob berasiz hali! – keyin nariroqda qaqqayib turgan shlyapali kishiga jazavasi tutib gapira boshladi: – Hoy, muxbir uka – o‘rtoq Namozov! Qayoqqa qarayapsiz? Manavi shikoyatvozning basharasiga qarang, yaxshi tanib oling. Hali pilaton yozasiz, pilaton! Yozmasangiz sizdan xafa bo‘lamiz!
Muxbir hushyor tortib yonidan bloknotini olmoqchi bo‘lgandi, bir kesak kelib uning yelkasiga tegdi-yu, boshidagi shlyapasi uchib ketdi. Shunda u ingichka ovozda:
– Iy-y! – deb orqasiga munkib ketganday bo‘ldi. Qo‘lidagm papkasi og‘irroq akan chog‘i, shitob bilan yerga tushib, nimalarningdir singan ovozi eshitildi. Shunda muxbir ish rasvo bo‘ldi deganday, mushtdekkina tepakal boshini sarak-sarak qilib, yerga engashdi, papka ichidagi sopol bo‘laklarini yerga to‘kdi. Bungacha kesakparrondan Tolmasov ham, Rahimov ham bezovtalanib o‘zlarini panalashga tushib qolishgandi.
Rahimov battar jazavasi tutib: .
– Telefon bormi bu atrofda, telefon! – derdi.
Biqinidan yana bir zarba yegan muxbir:
– Militsiya chaqiringlar, militsiya! – deya bo‘kirib boshiga charm papkasini tutib, daraxtlar ichiga sho‘ng‘ib ketdi.
Devday baquvvat traktorchi kabinadan sakrab yerga tushdi. Olma shoxlariga qo‘yilgan yo‘g‘on tirgovichlardan birini yulib oldi, duv to‘kilgan mevalarni bosib-yanchib, handaq tepasiga keldi:
– Tashla qo‘lingdagini, haromi, hozir abjag‘ingni chiqaraman, – dedi va yog‘och o‘qtaldi-yu, o‘zi pastga sakradi. Zum o‘tmay, mushukday epchillik bilan miltiqqa jon-jahdi bilan yopishib olgan Tarzanni yuqoriga sudrab chiqdi. Tuproqqa belab, biqiniga ikki-uch bor tepdi.
– Hoy bolam, – deya traktorchi tomon chopti Dehqon buva jonholatda, xuddi hozirning o‘zida ro‘y beradigan biron kor-holga balogardon bo‘ladiganday. – O‘ldirib qo‘yasan-ku! Bolang tengi-ya!
– Bola emas, balo ekan. Mening o‘g‘lim bo‘lganda allaqachon kallasini uzib tashlardim. Qarang, yap-yangi traktorni nima qildi?! Yana bu zumrashangiz kimlarga tosh otyapti, bilasizmi o‘zi?
Dehqon buva bosiqlik bilan:
– Bilaman, – dedi. – Lekin sen bir narsani bilmas ekansan! Bu bolaning ozmi-ko‘pmi shu yerga mehnati singgan. Sen uni oyoqosti qilyapsan. Shuning uchun o‘zini tutib turolmadi, qiziqqonlik qildi. Xolisanlillo ayt-chi, umring bino bo‘lib, o‘zing biron tup daraxt o‘tqazganmisan, uning mevasidan odamlarni bahramand qilganmisan? Shu savolni anavi boshliqlaringga ham aytib ko‘r-chi!
– Hoy qariya, – butun vujudi terdan bo‘g‘riqib ketgan Rahimov ko‘ngli ozib borayotgan odamday poyma-poy qadam tashlab Dehqon buvaga yaqinroq keldi, – bo‘ldi endi, sharmandaga shahar keng deb hadeb haddingizdan oshavermang! Indamasa, juda boshga chiqib olyapsiz! Qurilish xuddi mana shu bog‘ ustiga quriladi, vassalom! Men atayin proyektni shu yerga tuzdirganman. Chaylangizda o‘tirib, mehmoningiz bo‘lib, bog‘ingizni planirovka qilishganda ham bilmagan ekansiz, endi bilib qo‘ying!
– Rahimov! – buva asabiylashib, baqirib yubordi. – Noinsof! Iloyo seni mana shu bog‘larning uvoli tutsin! Agar shunday bo‘lmasa, go‘rimda tik turaman! Qani yur, bolam, endi bu yerda bizning qiladigan ishimiz yo‘q! – Chol Tarzanga o‘girilib qo‘lidan tutmoqchi bo‘lgandi, u o‘kirib men bu yerdan hech qayerga ketmayman, deya siltanib o‘zini chetga oldi.
Buva uning ustiga bostirib kela boshladi:
– Yur, deyapman senga!
– Ketmayman! – Tarzan o‘jarlik bilan kosovday qop-qora chayir bilaklarini Dehqon buvaning uzun, baquvvat barmoqlari orasidan bo‘shatib olmoqchi bo‘lgandi, kutilmaganda, yuziga tarsaki tushdi. Keyin… Dehqon buva qo‘llarini muallaq tutganicha, nima qilib qo‘ydim deganday Tarzanga achinish bilan bir lahza qarab qoldi. So‘ng, indamay orqasiga qaytdi.
Tarzan itoatkorona unga ergashdi…
Ular qiyshayib, tashlandiq holga kelib qolgan chayla-shiypon yonidan o‘tib, Qichqiriq tomon ko‘tarilib ketdilar.
Yangi qurilgan baland imorat ro‘yasidagi maydonda tomoshago‘ylik qilib turganlarning piching aralash aytgan uzuq-yuluq gaplari quloqqa chalina boshladi.
– Ay-yay-ya! Boboyga qiyin bo‘ldi!
– Anchagina daromaddan qoldi.
– Mol achchig‘i – jon achchig‘i deganlari shu-da!
Shu daqiqalarda piq-piq yig‘lab ketayotgan Tarzanga ergashib borarkanman, unga juda achinib ketdim. Qadamimni tezlatib oldiga yaqinroq keldim-u, nima deb yupatishni bilmadim.
…Qichqiriq do‘ngligidagi dahana bo‘yiga chiqqanimizda, uchovimiz to‘xtab boqqa ko‘z tashladik.
Mevazor etagidan chang-to‘zon ko‘tarilar, odamlarning g‘ala-g‘ovuri traktorning na’ra tortib tarillashi bilan ayqash-uyqash bo‘lib eshitilib turardi.
Shu payt bizni hayron qoldirib, Dehqon buvaning yuzlarida xotirjamlik, hatto beg‘ubor tabassum aks etganday bo‘ldi, Tarzan ikkovimizni yelkamizga qo‘lini qo‘ydi:
– Chamamda hammasini buzishmasa kerak. Baribir bizdan bir parcha bo‘lsa ham bog‘ qoladi-ku!…
Shu kuni buva tarki odat qilib, birinchi marta mahalla ko‘chasidan ancha barvaqt uyiga qaytdi.
Bir haftadan keyin gazetada “Farovonlik yo‘lida” degan maqola bosilib chiqdi. Unda sopol buyumlari zavodi direktori Rahimovning korxona kollektivi o‘z mahsulotini bir yarim marotaba ko‘paytirish yo‘lida zo‘r uyushqoqlik bilan harakat qilayotganligi, xom-ashyoga dastlabki ishlov berishga mo‘ljallangan yangi tsex qurilishi boshlab yuborilganligi to‘g‘risida gaplari bor edi.
Maqola so‘nggida Qichqiriq mahalla komiteti “rahbarligi boshliq ayrim tor tushunchali” kishilarning xatti-harakatlari ham tilga olib o‘tilgandi.
Gazetaning qariyb yarim betini egallagan maqolani hijjalab o‘qib berarkanman, bobom oxirigacha indamay eshitdi. Keyin birdan “Yolg‘on! Bu g‘alamislik o‘sha Rahimovning o‘zidan chiqqan”, dedi.
Shundan keyin bu maqola xususida hech qanday gap-so‘z bo‘lmadi. Kechqurun ishdan qaytgan tog‘am ham, kelinoyim ham indashmadi.
Faqat ertasiga ertalab, hovliga jilmayib, qo‘ltig‘iga bir dasta gazeta qistirib olgan Jalil aka kirib keldi. Bobom unga ko‘zi tushishi bilan:
– Ha, rais! Xursand ko‘rinasiz? Tanqid yoqqan shekilli, – deb qo‘ydi.
– Ie, oqsoqol, qiziq ekansiz-ku, nomimiz gazetga tushadi-yu, xursand bo‘lmaylikmi!
– Agar shunga suyunayotgan bo‘lsangiz xato qilasiz, menimcha, nomingiz tushmagan. Faqat mahalla komiteti a’zolariga shama qilib, tosh otilgan.
– Yo‘q. Gapingizga qaraganda, siz hayotdan orqada qolib ketibsiz. Mahalliy matbuotni qo‘yaturing, – Jalil aka odatdagiday karavot chetiga omonatgina o‘tirdi-da, omin tinchlik-omonlik bo‘lsin, deya yuziga fotiha tortdi. So‘ng gazetalardan birini yozib, bobomga ro‘para qildi:
– Siz mana bunda yozilganini o‘qingu, mazmunini chaqing! Sarlavhasi “Bog‘bon”. Unda jilmayib turgan qariya o‘zimiziing Dehqonboy bo‘ladi. Rassom ham o‘zimizdan: mahalliy! – Jalil aka gazetani xontaxta ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi. – Men endi Dehqonboyning oldiga boray. Mazasi yo‘q emish! Olamga “Bog‘bon” degan dong‘ing ketd. Yotavermay tur endi, o‘zingni ko‘rsat deyman!
O‘sha kuni Mirjalolning nomi ham mahallada dovrug‘ bo‘ldi. Go‘yo hamma unga qarab: Dehqon buvaning suratini chizgan mashhur rassom mana shu bo‘ladi, deyayotganday edi.
Biroq oqshomga yaqin tarqalgan sovuq xabardan butun mahalla bir qalqib ketganday bo‘ldi.
– Mirjalol, – dedim kechqurun uning oldiga chiqib, – biznikiga yur, tog‘am Dehqon buvanikiga ketdi. Umida kelinoyim yo‘q. O‘zim qo‘rqib ketyapman. Ayvoyda birga yotamiz, – degandim, u darrov rozi bo‘la qoldi.
Bitta ko‘rpaga o‘ralib olib, allamahalgacha gurunglashib yotdik. Men Dehqon buvaning o‘sha kungi ahvolini, dahana bo‘yiga chiqqach, ketmonini yerga qo‘ygani, Tarzan ikkimizning yelkamizga qo‘llarini tashlab o‘z bog‘i bilan xayrlashganini birma-bir aytib bergandim, Mirjalol ta’sirlanib ketdi shekilli, ko‘rpani ustidan otib, o‘tirib oldi va ohista “Men albatta u kishining suratini yana chizaman”, deb qo‘ydi. I
Ertasiga mahallaning odatdagi hayoti boshlandi: atrofdan qushlarning chug‘ur-chug‘uri eshitilar, kimningdir hovlisi etagidan zag‘izg‘onning ovozi quloqqa chalinib qolar, ola hakka dimog‘dorlik bilan “qa-qag‘”lab ko‘cha tomonga shox eggan qari nokning mevasini har cho‘qiganda atrofga shubhali alanglar, hosili oltinday sarg‘ayib turgan behi novdalaridan guv etib chumchuq galalari uchar, ahyon-ahyonda maktab qorovuli Ravnin akaning “hayyu-hayt, hayyu-hayt” degan bo‘g‘iq ovoz eshitilib qolardi. Bugun dam olish kuni bo‘lganligi uchunmi, ko‘chada odam siyrak, kechasi bilan to‘kilib: chiqqan zarg‘aldoq shaftolilar u yer-bu yerda ko‘zga tashlanar, ularni avaylab terib yo‘l-yo‘lakay yeb ketadigan hafsalali yo‘lovchilar hali hovlisidan tashqariga chiqqanicha yo‘q edi.
Bir payt ko‘chaning narigi boshida kelayotgan son-sanoqsiz odamlar to‘dasini ko‘rib qoldik. O‘rtada tevaragi oppoq mato bilan o‘ralgan tobut lopillab ketmoqda edi.
Atrofdagi hovli darvozalari birin-ketin ochilib xotin-xalajning qiy-chuvi, kimlarningdir “bechora otaxon, joyingiz jannatda bo‘lsin” degan ovozlari quloqqa chalinardi.
Odamlar oqimi yaqinlashib kelganda uning orqasida turtinib-surtinib ketayotgan Boqiga, dadasining qo‘lidan ushlab olgan Zufar “luchchakka” va Tarzanga ko‘zimiz tushdi… Tarzan ham bizlarni ko‘rdi, dum-dumaloq ko‘zlarini Mirjalol ikkimizga tikib, nega devorga qapishib turibsanlar, qani yur, degan ishora qildi.
Men uchun g‘alati tuyulgani shu ediki, ko‘chani liq to‘ldirib ketayotgan odamlar son-sanoqsiz – ko‘p bo‘lsa ham ulardan hech qanday sado chiqmasdi, bir-biri bilan hatto imo-ishora qilib ham gaplashishmas, faqat betartib oyoq tovushlarigina eshitilib turardi.
Bir etagi ko‘chaga tutash maktab bog‘i oldidan o‘tayotganimizda ichkaridan gumburlab miltiqning ketma-ket otilgani va qorovulning do‘rillagan ovozi eshitildi:
– Bachchag‘arlar, saharmardonda ham… – Ravshan aka shoxlari yerga qadar yoyilib tushgan olmazor ichidan otilib chiqdi-yu, xayoliga kelmagan manzarani ko‘rgach, bir lahza o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, so‘ng ariq bo‘yidagi qovjiragan ajriqzorga o‘tirib qoldi. Shoshib-pishib nimalardir deya pichirlaganicha qo‘llarini fotihaga yozdi. Lekin unga hech kim e’tibor bermadi.
Shu kuni birinchi marta ko‘zimizdan tirqirab yosh chiqdi. Bu qilgan “sho‘xlik”larimiz evaziga ahyon-ahyonda ota-onalarimiz tomonidan “siylab” turiladigan urish-so‘kishlar yoki o‘zaro jiqqamusht bo‘lib yoqalashishlar mahsuli emas, balki nogahon paydo bo‘lgan ilk iztirobning achchiq yoshlari edi.
Marhumni qabrga qo‘yishdan oldin kimdir yig‘ilganlarga qarab:
– Haloyiq, Dehqonboy qanday odam edi? – deya murojaat qildi.
Har tomondan:
– Yaxshi odam edi, – degan ovozlar eshitildi.
Shu yerda birinchi marta Dehqon buvaning to‘rt yil janggohlarda qon kechib, dushman bilan qahramonona jang qilganligi, qator orden va medallar nishondori ekanligi tilga olindi.
Mirjalolning otasi unga bag‘ishlab yozgan marsiyasini o‘qidi.
Biz qabristondan qaytarkanmiz, o‘zimizni kattalar qatori ulg‘ayib qolganday, xuddi shu daqiqalarda bolaligimiz bilan umrbod xayrlashayotganday his etdik.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Endi men ham shaharlikman. Qishlog‘imiz o‘rnida baland qurilgan imoratlar qurib, yanga kvartal nomini olgan. Qichqiriq hamon to‘lib oqib turibdi. Lekin uning yuqori oqimidagi Tegirmonboshining quruq nomigina qolgan, xolos.
Dehqon buva barpo etgan o‘sha mevazorning kichik bir qismi saqlanib turibdi. Uni bog‘ deb bo‘lmaydi. O‘t-o‘lan bosib ketganidan chakalakzorni eslatadi. Har kim o‘ziga qarashlisini sim-to‘r, temir-tunuka to‘siqlar bilan ajratib olgan.
Shu “chorbog‘cha”lar shom tushishi bilan gavjum bo‘ladi. Qalin daraxtlar orasidan uzuq-yuluq muzika ovozlari eshitiladi, taxtakachga shitob bilan urilayotgan dinamo toshlarining qarsillagan ovozi quloqqa chalinadi. Kimdir zotdor itini bu yerda silab-siy sayr qildiradi.
Men har kuni ishga shu tanish bino yonidan o‘tib boraman. Unda istiqomat qiluvchi, ishlashni ham, hordiq chiqarishni ham biladigan, kundalik hayotidan mamnun hamshaharlarimga, cho‘ltoqlanib qolgan, ko‘plari g‘ovlab ketgan daraxtlarga qarayman-da, beixtiyor qachonlardir xuddi ana shu yalanglikdan turib, Dehqon buvaga qarab aytilgan “Ay-ay-ya, boboyga qiyii bo‘ldi” qabilidagi masxaraomuz gaplar quloqlarim ostida qayta eshitilib ketganday bo‘ladi. Ha, buvaga o‘shanda juda qiyin bo‘lgandi! So‘ng uning bosiqlik bilan aytgan “Baribir, bir parcha bo‘lsa ham bizdan bog‘ qoladi. O‘shani avaylashsa, unga qarab turishsa bo‘lgani…” degan gaplarini eslayman…
Hozir Dehqon buvaning qabri yonida ikki tup yong‘oq ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Ularni bog‘dorchilik ilmiy tekshirish instituti yosh olimi – o‘sha o‘zimizning “Bog‘boncha” ekkan… Hayotning qiziqligini qarangki, yong‘oqlar o‘n qadamcha nariroqda dabdabali qora marmartosh o‘rnatilgan qabr ustiga soya tashlab turibdi. U yerda Rahimov yotibdi…
Mirjalol respublikaning yetakchi me’morlaridan, Shahardagi qator ma’muriy binolar, maydon va xiyobonlar uning loyihasi asosida barpo etilgan.
Ko‘p yillardan beri markaziy shahar istirohat bog‘ining yangi tarhi ustida ish olib borayotganligidan xabardor edim. Ba’zan, juda cho‘zib yubording-da, bu ishingni qachon nihoyasiga yetkazasan desam, hali qiyomiga yetgani yo‘q, bu loyiha shunday mukammal bo‘lishi kerakki, uncha-muncha munozaraga o‘rin qolmasin, Dehqon buvaday shahrimiz grajdaniga munosib yodgorlik bo‘lsin, derdi.
Mana, nihoyat o‘sha bog‘ loyihasi ko‘pchilik muhokamasiga qo‘yildi. U Qichqiriq atroflari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, odatdagi manzarali daraxtlar o‘rnini rang-barang mevali nihollar, turli butalar o‘rnini jambilu rayhonlar egallashi kerak. Ya’ni O‘zbekiston tabiatining, bog‘larining bor go‘zalligi, saxovati shu yerda namoyon bo‘lishi lozim. Katta asosiy xiyobon o‘rtasida esa, yoshgina yigitning yelkasiga qo‘llarini qo‘yib, uzoqlarga ko‘z tikib turgan purviqor bobo-dehqonning haykali… Xiyobon atrofini choyxonalar, bolalar maydonchalari, turli meva hamda qandolatpazlik mahulotlari sotiladigan chiroyli do‘konchalar egallagan. Orqaroqda esa… Ochiq muzey: tegirmon guvillab yurib turibdi…
Men do‘stim Mirjalolning bu xayrli niyatlari amalga oshishiga ishonaman. Chunki pokiza tuyg‘ular mahsuli bo‘lgan Ezgulik haqiqatday poydor va muqaddas bo‘ladi. U baribir ro‘yobga chiqadi.