Tong yorishmoqda. Jome’ masjidlari va Minorai Kalondan taralayotgan azon ovozlari butun shaharga eshitilmoqda edi. Jome’ masjidlarida olamlar Rabbiysi va uning Rasuli — Muhammadga, o‘z valene’matlari — podshoh oliy hazratlari nomiga duolar o‘qib, yorishayotgan munavvar tong haqiga shukrona bildirayotgan mo‘minlar yuzlab, minglab edi.
Muazzinlar ovozi tinib, ko‘p o‘tmay bomdod namozi ado qilingach, Arki Oliy darvozasi ustidagi nog‘oraxona ayvonidan taralgan ulkan duxullar (ikki tomoniga cho‘p bilan urib chalinadigan nog‘ora) tovushi butun shaharni tutib yaqin qishloqlargacha eshitildi.
Nog‘oraxona ayvonida chalinayotgan sakkizta ulkan duxulning sasi masjidlardan endigina qo‘zg‘algan mullalar, shahar va yaqin qishloqlar ahlining e’tiborini o‘ziga tortdi. Yig‘ilib kelayotganlarning ko‘pchiligi bugun ham kurash bo‘lishini taxmin qilishayotgan bo‘lsalarda, aksariyat odamlar bundan bexabar edilar.
Ochig‘i, padari buzrukvori va bobolari yo‘lidan borganida Amir Sayyid Olimxon bunday qilmagan bo‘lardi. Bobosi Sayyid Amir Muzaffarxon va otasi Sayyid Amir Abdulahadxon uch kunlik Navro‘z bayramidan so‘ng, “odamlar yer ishlari va ekin-tikinga kechikmasinlar”, degan maqsadda bayramga yakun yasab, dilxushlik qilmoqchi bo‘lsalar Mohi Xossa yoki Karminada bayramni tor doirada davom ettirganlar. Amir Sayyid Olimxon esa, kurashga azbaroyi qiziqqanidan, favqulodda mashhur pahlavon — Murod polvonning kurashini katta davrada ko‘rishni istadi.
Bu aslida haftalab, oylab nishonlash mumkin bo‘lgan qadimiy bayramga yana bir zabar qo‘shardi, xolos. Darvoqe, Amir Sayyid Olimxon 1893 — 1896 yillar oralig‘ida Rusiyaning Sankt-Peterburg shahriga yuborilib, saltanat va mamlakatni idora qilish qonunlarini egallash maqsadida padari buzrukvori istagiga ko‘ra ta’lim oladi. Bu yillarda Ovrupo madaniyati hamda iste’molda bo‘lgan rus va frantsuz tillarini yaxshigina o‘rganadi. Tahsildan qaytgach, otasi Abdulahadxon mamlakatni idora qilishni o‘rgatish maqsadida uni ikki yil o‘zi bilan birga olib yuradi. Mamlakatni idora qilish borasida yetarli tajriba va dunyoqarashga ega bo‘lgach, Sayyid Olimxonni otasi Qarshi viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Madrasayu masjidlar, ko‘priklar qurib, elning turmushini yaxshilash borasida ko‘p sa’y-harakatlar ko‘rgizgan Sayyid Olimxonning xalq orasida obro‘yi oshgandan oshib boradi. Bu shaharda o‘n ikki yil hokimlik qilgan Sayyid Olimxon padari buzrukvori amri bilan Buxoroi Sharifga qarashli Xo‘rak vodiysi (hozirgi Navoiy viloyati)dagi Karminaga hukmdor etib tayinlanadi. Elparvarligi bilan yaxshigina obro‘ topib borayotgan Sayyid Olimxon oradan ikki yil o‘tib otasi vafot etgach — 1329 hijriy yili muharram oyining o‘ninchi kuni (milodiy 1911 yil) o‘ziga meros bo‘lib qolgan amirlik taxtiga o‘tiradi.
Buxoro ahli bundan xursand bo‘lib, o‘z valene’matlariga sodiq xizmat qilishga qasamyod etadilar. Amir Sayyid Olimxon butun muzofot xalqini bir yillik xiroj to‘lashdan ozod qilish haqida farmoyish bergan edi. Shuning uchun ham buxoroliklar Arki Oliyning har bir nog‘oraxabaridan neklik kutib, jondildan Registon maydoniga oshiqar edilar. Ko‘p o‘tmay maydon odamlarga gavjum bo‘lib ketdi.
Kurash tomoshasiga o‘ta qiziquvchan buxoroliklar Registon maydoniga arobalarda qum keltirib yoyilayotgani — kurash maydoni hozirlanayotganini ko‘rib, o‘zlarida yo‘q xursand edilar. Ko‘p o‘tmay Ark darvozasining o‘ng tomonida, Registon maydonining o‘rtasida bellashuv maydoni tayyor bo‘ldi. Bu yerdagi kurashni Arki Oliyning yuqorisida joylashgan taxtiravonda turib Amir bemalol kuzatishi mumkin edi. Tomoshaga yig‘ilgan odamlar yasovullar imdodi bilan maydonning gir atrofini o‘rab oldilar. Davra atrofiga nomdor polvonlar joylashdi.
Murod polvon shu kuni Mulla Mirzoning mehmoni bo‘lgan edi. Davraning janub tomonidan Mulla Mirzo va Murod polvon kirib keldilar. Polvonning kelishini kutib turgan shinavandalar gur etib o‘rinlaridan turishdi. Polvonning davraga kirishi uchun yo‘l ochildi. U Mullo Mirzoning orqasida yurib borar ekan, o‘zini intiq kutayotgan davra ahliga “Assalomu alaykum” deb salom berardi. Mulla Mirzo polvonga davradan joy ko‘rsatib, “Allohdan senga omad tilayman”, dedi. “Rahmat, taqsir!”ni eshitgach, davradan chiqib ketdi.
Murod polvon o‘tirgan joy davraning nari tomonidagi To‘ra polvonga ro‘baru edi. Ularning nigohlari tez-tez bir-biri bilan to‘qnash kelib qolardi… Buxorodagi bayramlar rais va qozikalon rahnamoligida o‘tkazilar edi. Bugungi kurashni Amir Sayyid Olimxon kuzatadi. Shuning uchun o‘zlarini ishga kamarbasta qilib ko‘rsatmoq niyatida rais va qozikalon ham davrani tik aylanishmoqda. Ular yasovullarga odamlarni haqorat qilmasdan, tayoq bilan urmasdan, tushuntirish va iltimos bilan tinchlantirish — tartib saqlash lozimligini bot-bot uqtirib turishardi. Chunki Amir biron-bir amaldorning yoki yasovulning odamlarga zo‘ravonligini yoqtirmas edi.
Davrada shov-shuv ko‘tarildi. Amir Sayyid Olimxon Arki Oliyning yuqorisida, Registon maydoniga qaragan kichkina eshikdan supachaga chiqib, taxtiravoni sari bormoqda edi. U o‘z taxtiga borib o‘tirgach, butun davra ahli baland ovozda: “Assalomu alaykum, zoti oliylari!” deb takbir aytib, hukmdorni duo qildi. Amir bu hurmatga javoban: “Vaalaykum assalom!” deb, hiyol bosh egib qo‘ydi. Amirning taxtiravonga o‘tirganini ko‘rgan qozikalon dastlab Allohga shukrona aytib, Amir nomiga duolar o‘qidi. Davra ahli ham unga qo‘shildi. So‘ngra:
— Rais, kurashni boshlab yuboring! — degan xitoblar eshitildi. Rais o‘z navbatida bakovulni chaqirib:
— Bakovul, tezroq bo‘ling! Kurashni boshlang! Biron nojo‘ya harakat va g‘irromlikka aslo yo‘l qo‘yilmasin! — dedi.
— Bosh ustiga!
Bakovul Shirbadan sayilgohida ham kurashni boshqargan O‘rmon polvon edi. Amirning qozikalonga ertalabki ko‘rsatmasiga binoan Murod va To‘ra polvonlar avvaliga uchtadan nomdor polvonlar bilan kurashga tushib, Amirga va davra ahliga yaxshi tomosha ko‘rsatishlari, so‘ngra ikki polvon kurash tushishlari lozim edi.
Murod polvon o‘zi bilan kurashga tushgan uchchala polvonni ham qoqma, dastpech, qalmoqi kabi turli usullarni ishlatib, halol yiqitib bo‘lgach, davraga To‘ra polvon chiqdi. U ham ko‘p o‘tmay raqiblari ustidan halol g‘alabaga erishdi. U quymich, yakkachil, yonbosh ortma usullarini yaxshi qo‘llardi.
Amir ham, davra ahli ham polvonlar kurashidan mamnun bo‘lishdi. Ammo tomoshaning eng zo‘ri hali oldinda edi.
— Raqiblarni halollik bilan yiqitgan Murod polvon Poykandiy va qarshilik To‘ra polvonlar kurash tushadilar! Marhamat, polvonlar, davraga chiqinglar! — e’lon qildi bakovul.
Bakovul raqiblarning kiyimlariga bir-bir razm solib olgach, kurash odatiga ko‘ra, ularning belbog‘larini bir-bir tortib ko‘rdi-da, so‘ng bellashishni boshlashni buyurdi. Polvonlar davra o‘rtasida bir-birlariga qo‘l berib ko‘rishdilar. Kurash boshlandi. Ikkila polvon ham bir-biriga necha bor yaqinlashib, uzoqlashishdi. Ular raqibining yengi yoki yoqasidan tutishga harakat qilardi, ammo har ikkovi ham bunga erisha olmasdi. Chunki ikkala polvon ham bu kurashning nechog‘li ahamiyatga egaligini tushunib turishardi.
Odamlar kurash tushayotganlarning ikkovi ham kuchli va chaqqonligi, chapdastligini bilganlari uchun ham, garchi kechagi davrada Murod polvonning qo‘li baland kelgan bo‘lishiga qaramay, kim ustun bo‘lishi mumkinligini, toki u raqibini yiqitmaguncha aniq aytolmasdi. Ba’zilar: “Kecha To‘ra polvon yiqilgan edi. Bugun u bor kuchini ishga solib, yiqitib orini oladi” deyishsa, boshqa birovlar “Murod polvonni yiqita olmaydi. U To‘radan ancha baquvvat ko‘rinadi” der edilar. Ana shunday tortishuvlar avjiga chiqayotganda polvonlar bir-biri bilan jiddiy olishishardi. To‘ra polvon shiddat bilan bot-bot qoqma usulini ishga solar, so‘ngra raqibini chalg‘itib, to‘satdan dastpech usulini qo‘llardi. Murod polvon bu usulga chap berishni bilardi. U chap oyog‘ini harifining chap oyog‘iga o‘tkazib ildirdi va uni oldinga surdi. To‘ra polvon uzala yiqildi.
Raqiblar yana bel olishdilar. To‘ra polvon chaqqonlik bilan avvalgidek qoqma usulini qo‘llamoqchi bo‘ldi. U Murod polvonning hiyol oldida turgan o‘ng oyog‘iga chil soldi. Bu uning o‘zi uchun qo‘yilgan “tuzoq” bo‘lib chiqdi. To‘raning chap oyog‘i Murod polvonning o‘ng oyog‘iga qoqma bergani bilan uni sira qo‘zg‘ata olmadi. Aksincha, Murod polvon bir siltandi-da, o‘zini qulay vaziyatga keltirib, To‘ra polvonning chap oyog‘iga ichkari tomondan o‘ng oyog‘ini solib favqulodda kuch va shiddat bilan chil berdi, oqibatda To‘raning chap oyog‘i yuqori ko‘tarilib ketdi. To‘ra polvon vaziyatdan chiqmoq uchun o‘ng oyog‘ida bir-ikki likillab, chap oyog‘ini Murodning o‘ng oyog‘i ilmog‘idan chiqarmoqchi bo‘ldi. Ammo davra ko‘rgan polvon bunga yo‘l qo‘ymadi. Tosh ko‘tarib o‘zini azaldan chiniqtirgan Murod To‘ra polvonning oyog‘ini yerdan uzib, o‘zini dast ko‘targancha qum ustiga ohista tashladi.
Davrada olqish sadolari yangradi. Buni kuzatib turgan Amir ham o‘rnidan turib qarsak chalib yubordi. Murod polvon raqibining qo‘lidan tortib turishiga ko‘maklashdi. Yelkasiga urib do‘stona quchib qo‘ydi. To‘ra bunday mard, sodda va ayni paytda kurash maydonida tengsiz polvonga havas bilan boqdi. O‘zining yengilganini mardona tan olgan bo‘lib, raqibini quchib ko‘tarib qo‘ydi. So‘ng:
— Pishiq yigit ekansan. Poykand deganlari qayerda o‘zi? — deb so‘radi.
— Qorako‘lda.
— Vaqt topib, sen bilan bir davra qurmog‘im bor, polvon.
— Boring, aka, boshim osmonga yetadi, — dedi Murod polvon.
Bakovul ularning oldiga tez yetib kelib, g‘olib polvonning qo‘lini yuqori ko‘tardi va baland ovoz bilan e’lon qildi:
— Murod polvon Poykandiy bu yilning tengsiz polvoni — amirlikning old polvoni bo‘ldi!
Davra ahli g‘olibni olqishlab, qutlardi. Amaldorlardan biri Amir tomonidan belgilangan ikkita zarbof to‘n, baxmal hamyonchada tilla tangalar, Amirning yorlig‘i yozilgan cho‘pxatni olib kelib, bakovulga topshirdi. U Murod polvonga to‘nni kiydirdi. Davra ahli Amirga va polvonlarga qulluq qildilar. To‘ra polvon davradan chiqib ketdi. Bakovul kurash g‘olibiga baxmal hamyonni ham uzatdi va davra ahli e’tiboriga e’lon qildi:
— Mana bu yorliq Buxoroning old pahlavoni Murod polvon Poykandiyga Amirimiz Oliy hazratlari tomonidan berildi, — deb yorliqni ham o‘pib Murod polvonga uzatdi. U yorliqni olarkan, ikki qo‘l bilan boshidan yuqori ko‘tardi, so‘ngra uch marotaba o‘pib peshonasiga surtdi, Amirga qarata qulluq bajo keltirdi.
Qozikalon davraga yakun yasab, uzundan-uzun duolar o‘qidi. Amir o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. U toki eshikdan ichkari kirgunga qadar hamma bosh egib, qulluq qilib turdi.
— Rahmat, inim, otangga rahmat! Bizni juda xursand qilding, — dedi qozikalon Murod polvonning oldiga kelib.
— Allohga shukur. O‘zi qo‘lladi.
— Xudoy yorlaqagan polvon bu, demabmidim, taqsir. Ana ko‘rganingizdek, uning qo‘li yana baland keldi, — dedi hovliqib kelgan Mulla Mirzo.
— Rahmat, birodarlar, rahmat! — dedi polvon.
Shu payt Amir nimalarnidir uqtirib yuborgan amaldor hovliqqancha kelib, Murodga yuzlangancha dedi:
— Polvon, Amirimiz janoblari buyurdilarki, peshin namozidan so‘ng huzurlariga kirar ekansiz.
Ikki zo‘r polvonning kurash san’atini miriqib tomosha qilgan muxlislar, yoshlar unga havas bilan boqib to‘da-to‘da bo‘lgancha bahsni qizitmoqda edilar…
— Qani, yuringlar, namozgacha bir piyola choy ichaylik, — dedi qozikalon.
Ular saroy sari yurdilar.