Tursunboy Boymirov. Mirzoqul (hikoya)

Kayfiyati ertalabdan buzildi. Nonushta payti xotini yetishmovchiliklardan gap ochib qoldi. Yana qand-qurs, guruch, yog‘, bolalar uchun ul-bul… Picha ko‘z yoshi… Ayollarning ta’bi shunday: baland keladi, past bo‘ladi, keyin esa ro‘zg‘orning ishlariga ko‘milib, ko‘ngil g‘uborlari bahorning ko‘chmanchi bulutlariday tarqab ketadi.
– Bolalarning maktabi yaqinlashdi. Hali hech narsa ololganimiz yo‘q. Kecha Eshmat aka qarzini so‘ratibdi. Bergan mard emas, olgan mard. O‘zimizdan bilib uniyam berishimiz kerak. E Xudoyim-ey, shu alpozda kun o‘tkazadigan bo‘lsak… – dedi ayol xo‘rsinib.
– Bas qil, – uning gapini bo‘ldi Mirzoqul jerkib, – ertalabdan diydiyo qilasan. Bir piyola choyni oldimga qo‘yib, zahringni sochaverasanmi? Suv ichayotgan odamni ilon ham chaqmas ekan…
Choy Mirzoqulning tomog‘idan o‘tmadi. Yo‘qchilik qursin. Xotinini ham janjalkash deb bo‘lmas… O‘n sakkiz yildan beri bir yostiqqa bosh qo‘yib, hayotning achchiq-chuchugi ortilgan aravasini bab-baravar tortib kelyapti, goh-goh bo‘ladigan dilsiyohlik qurib ketgur ro‘zg‘orning ikir-chikiridan kelib chiqadi.
Mirzoqul xotinini tinchlantirish uchun:
– Qurilishdagi qorovulligimning uch oylik pulini olganim yo‘q. Bolalarimning ikki oylik nafaqasi bor, qo‘lim lo‘kka pul ko‘radi.. O‘shanda… – dedi dasturxonning uchini o‘ynab…
– Aytganlaringiz o‘zingizga siylov. Qayum do‘stingiz kiyib yurgan, oftobda juni yalt-yalt tovlanadigan telpakdan sotib olasiz, – dedi xotini.
– Hali eski telpagimning jiluvi bor. Junli telpak kiymaganni el orasiga qo‘ymaydimi? Faqirga bo‘laveradi. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak, xotin.
– Ha, endi to‘y-tomoshaga kiyib boradigan “dushman ko‘zi”ga deyapman-da. Birovdan kamlik joyingiz bormi? Ozroq yeb, arzonroq kiyarmiz…
Mirzoqul nushxo‘rt yeb, dumi bilan chivinni haydayotgan eshagi yoniga keldi. Uni jabduqladi, ayilini qattiqroq tortgan edi, eshak oyog‘ini siltadi. Mirzoqulning jahli chiqdi:
– Tek tur-e, kasofat. Sendan ham qutuladigan kun bormikan.
Mirzoqulning ko‘z o‘ngidan oq hangisi o‘tdi. “Jonivor juda yo‘rg‘a edi-da. Bundayroq otdan yaxshi edi. Munkish, oyoq siltash nima ekanini bilmasdi. Xudoyim borga qo‘shib beradi, yo‘qdan tortib oladi. Bittagina eshagini ham ko‘p ko‘rdi. Uying quygur Hoji, o‘zining yurmas eshagini aldab sotdi. Mirzoqul aka, hangining yo‘qligini bildirmaydi, degandi. Bu hangining dumiga ham arzimaydi… Hay, boriga baraka, minib turay-chi…”
Nafaqa tarqatadigan kassirni “Bobo” savdo do‘koni oldida ko‘rib, Mirzoqulning xafagarchiligi unutildi. Kecha tuman markaziga tushgan edi. Dorixonadan dori olayotib, bank boshlig‘ini ko‘rib qoldi. Arzini aytdi.
Ta’zirini yebdi shekilli, zulukday cho‘zilib kelibdi. Zarur bo‘lganda bu dayusni kun bo‘yi izlab ham topolmaysan. Mirzoqul shularni o‘ylar ekan, eshagini simyog‘och tanasiga bog‘ladi-da, kaftlarini bir-biriga ishqalab kassir o‘tirgan o‘tirg‘ichning bir chetiga cho‘kdi.
– Pulchin bobo, bizdiyam ko‘rib yuboring. Eshnazarup Mirzoqul.
– Hovliqmang. Pulingiz bo‘lsa, olasiz. Shoshgan qizni bilasiz…
Yosh-yalanglar ichida Mirzoqul izza bo‘ldi. Miyasi lo‘qillab, yuragi siqildi.
– Eshnazarup! Keling pulingizni oling. Nega eridan arazlagan xotinday tumshayib oldingiz?
Kassirning bu kinoyali gapidan atrofdagilar qiqirlab kulishdi. Mirzoqul xafa bo‘lganini, kassirga bo‘lgan nafratini yashirmoq uchun kipriklarini pirpiratgancha qog‘ozlar ustiga muk tushdi.
– Mana bu yerga qo‘l qo‘ying. Vedimis may, iyun oylariniki… Qirk sakkiz pilus yana qirq sakkiz… Jami – falon so‘m… Lekin qo‘lingizga tegadigani Mirzoqulboy…
– Nega endi? Kassir tilga olgan summani eshitib uning hafsalasi pir bo‘ldi. – Qolgani nima bo‘ldi?
– Mana, sivit-chi akangiz falon so‘mni qarzingiz uchun qaytarib o‘tiribdi. Xidirboy do‘konchidan ham anchagina qarzingiz bor ekan. Maxfirat xolangiz ham qarzingizni undirmoqchi. Mana bu qora ko‘zlar bilan hisob-kitobingizni qiling… Aka, shulardan qolganini mendan naqd olasiz, hi-hi-hi-hi. Buncha pulni nimaga ortib ketasiz? Sag‘ana anovu qabirg‘alari bir-biriga illa ilashib turgan “g‘o‘rko‘k”kami? Oshga – qo‘noq, gapga ustaman, desangiz-chi, aka?
– Ha, endi tizza puli-da, – kassirga hamroh bo‘lib kelgan “jo‘ra”siyam chaqib oldi. – Halol mehnati bo‘lgandan keyin haqini talab qiladi-da.
– Qarg‘aning ishi go‘ng titkilash ekan-da!
Achchiq ter chiqqandan achchiq til ham chiqadi, deganlariday Mirzoqulning “Qarg‘a!” degan so‘zi kassirni bir zum esankiratdi. Ammo u bu so‘zni eshitmaganga oldi va:
– Xo‘sh, nega titraysiz? Olmaysizmi pulingizni? Juda chiroyli imzoyingiz bor ekan-a, Mirzoqulboy. Aslida – idorabop odam ekansiz. Bu “dumsovet” bo‘m-bo‘sh bo‘lmaganda… anovi emas, bizdikiga o‘xshaganidan bittasini “du-dut”latib yurardingiz…
Mirzoqul kassirning bu kinoyasini eshitmaganga oldi.
– Siz nafaqa pulini berayapsizmi, qarzlarni tarqatayapsizmi? Nafaqa pulini to‘liq qo‘limga bering. Do‘kondagi qarzlarimni hisob-kitob qilib o‘zim to‘layman.
– E-e, Mirzoqulboy-e… Bir qarich tilim ham bor, deng. Qarz olgandan keyin to‘laysiz-da. Do‘konchilarga kelsak, izzat qilayapti, choy-ziyofat degandek…
Mirzoqul pulni qayta sanadi.
– Aytganingdan kam beribsan, – dedi.
– Ha, Mirzo aka, xarajat bor. Benzin-senzin degandek… dedim-ku? Shaxsiy mashinada davlat xizmatini qilib yuribmiz. Piyozning po‘sti ko‘p, kassirning do‘sti ko‘p. Galstuk taqib kelgan mehmon borki, qorni mening bo‘ynimda.
– Katta gapirib, osmondan kelayotgan bachchag‘arning nafaqa puldan sadaqa so‘rashi – yigit kishining o‘luvi…
– E, o‘rgildim pulingdan, ma ol! Shugina ham sening ko‘zingga dunyo bo‘lib ko‘rinadi. Minib yurgan “chigirtka”ng bilan qo‘shmozor bo‘l! Ket!
Kassir so‘kindi. Atrofida o‘tirganlardan ba’zilari “piq-piq” kuldi.
– Nima deding? Qaytar gapingni, – Mirzoqulning ko‘zlari xonasidan chiqqudek bo‘lib kassir tomon talpindi. – Kimni so‘kding, enag‘ar?!
Janjalning kattarayotganini ko‘rgan Husan cho‘pon Mirzoqulni quchoqlab olib, ko‘cha tarafga tortdi.
– Tuya so‘ygan – echki so‘ygandan et so‘rabdi, – deb eskilar bekor aytmagan-da, uka. Ori yo‘q…
– Mirzoqulning badaniga varaja kirdi. U simyog‘och tagiga qatlab qo‘ygan xurjunini eshak ustiga tashlar ekan, o‘rog‘i yerga tushib ketdi. Jahl bilan o‘roqni xurjunga tiqdi. Irg‘ib eshakka mindi. Shu payt ko‘zi xiralashib, boshi aylangandek bo‘ldi.
Hamma gapni yurakka olaversang, tanda jon qoladimi deya o‘yladi Mirzoqul, sal o‘ziga kelgach, Kun shu bugun emas, yelkamga oftob tegadigan kunlar ham kelar… Qizlarim, o‘g‘illarim pul toparmon bo‘lishiga oz qoldi. Bu yil tomorqamga sarimsoq ekaman. Qarshilik do‘stim shunday maslahat beruvdi. Uch tonna sarimsoqdan hosil olsam, o‘h-ho‘…
Mirzoqul xayolan o‘zi bilan o‘zi suhbatlashdi. Ko‘ksini nimadir chimchiladi. Eshak yolini ushlagan qo‘llarining bo‘g‘inlari toliqqandek bo‘ldi.
“Padari la’nat. Kechani kecha, kunduzni-kunduz demay dalada umrim o‘tdi. Kechalari halovatimdan kechib, endi qorovullik qilyapman. Topganing esa bir telpak olishga yetmaydi. Yarim kun salqinda ishlab, uyida qop ishton kiyib yurganlarga maza. To‘ylarda ham uyning to‘ri soliqchiniki, bo‘sag‘alar esa bizga o‘xshaganlarning mahriga tushgan, – deb o‘yladi Mirzoqul. – Sendan yulishadi. Bolalaring eski-tuskini sudraydi. Ularning ko‘ziga tik boqolmaysan. Magazinning “qora” daftaridan noming tushmaydi. Unni ham emin-erkin pulini to‘lab ololmaysan. Oylikkacha indamay tur, deb mudirga yalinasan. Uyda xotinning xarxashasi. Nima qilsam…”
Olisdan “pat-pat”lab kelayotgan motosiklning tovushi uning chuvalashgan fikrlarini buzib tashladi. “Pat-pat”ni yaqinda do‘kon ochgan do‘kondorning o‘g‘li Toshkan uchirib kelardi. U Mirzoqulga yaqinlashgach:
– Kassir bolalarning pulini tarqatayotgan ekan, rostmi? – dedi u salom-alikni nasiya qilib. – Ha, aytganday xotiningizning qarzi bor ekan. Oldi-berdini bir hisob-kitob qilib qo‘ying. Kecha o‘g‘ilchangizni ham do‘konning oldida ko‘ruvdim.
“Voy padari qusur-ay, cho‘ntak pul iskamaydigan bo‘ldi-da. Xotinga nima deyman endi, – deya o‘yladi Mirzoqul . – Narx-navo ko‘kka bo‘y cho‘zib, cho‘ntak kasodga uchrayapti”.
Mirzoqul yo‘lni yaqin qilish uchun tutzor oralab ketadigan yolg‘iz oyoq yo‘lga eshakni burdi. Picha yurgach, ariqchaga duch keldi. Ariqchadan jildirab suv oqardi. Eshak ariqchadan hatlamay tisarildi. Mirzoqul bir-ikki tizzasi bilan eshakni niqtadi. Yo‘q, ortga ketsa-ketadiki, oldinga yurmadi. U eshakning bo‘yin, boshiga xalacho‘p bilan ura boshladi. Xalacho‘p sinib ketdi… Mirzoqulning lablari pirpirab, og‘zidan har turli so‘kishlar chiqa boshladi. Eshak esa tisarilardi. Mirzoqul egardan irg‘ib tushdi-yu, eshakning ortiga besh-olti tepdi. Eshak ariqchadan sakrab o‘tishni istamasdi. Tasodifan Mirzoqulning ko‘zi dastasi xurjundan chiqib turgan o‘roqqa tushdi. U labini tishlagancha o‘roqni qo‘lga oldi va eshakning yelkasiga uch-to‘rt urdi. Eshak taqibdan qochib qutulish uchun bir tomonga qocha boshladi. Mirzoqulning og‘zidan bodi kirib shodi chiqardi. So‘kinardi. U telbalarcha harakat qilardi. U endi o‘roqning uchini eshakning to‘g‘ri kelgan joyiga qadardi. Eshak tutlar orasiga o‘zini urib ketdi…
O‘pkasi og‘ziga tiqilgan Mirzoqul barmoqlari bilan peshonasidagi terni sidirdi-yu, vahimaga tushdi. Uning qo‘li qon edi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi.