Bu odamning yuzi yo‘q. Demak ko‘zi yo‘q, qoshi yo‘q. Umuman boshi yo‘q.
Uning silliq taralgan sochi bor, xolos. Yana og‘zi ham. Lekin lablari yo‘q. Chunki, lablar qimtilishi yo kulishi muqarrar. Shuning bilan biror kayfiyat ifoda etilishi mumkin. Bu esa xavfli. Sababiki, bu odamning o‘z fikri yo‘q, demak o‘z kayfiyati yo‘q. Shuning uchun uning yuzi yo‘q, ko‘zi yo‘q, qoshi yo‘q, boshi yo‘q.
Yaltiragan sochlari orasida esa xuddi aqchadondagi kabi tirqish bor. Aqchadonga tanga tashlansa, bu tirqishga undan yuqoriroqda turgan odamlar fikr tashlaydilar. Va bu odamning yuzida, aytaylik, ko‘z paydo bo‘ladi jilmaygan yoki qosh paydo bo‘ladi chimirilgan.
Xullas, men shu odamni taniyman. Unga ishim ham tushib turadi. Yaqinda qabulida bo‘ldim.
– Assalomu alaykum!
– Keling, keling! – dedi u kursisidan turib meni kutib olar ekan mehr bilan. – Biz yoqlarga ham kelar ekansiz-ku!
Uning yuzida lablar paydo bo‘lgan, ular kular, ko‘zlar paydo bo‘lgan, ular tabassumdan qisilgan edi. Ishim bitishiga darrov ishondim. Va yana bildimki, yuqoridagilarning men to‘g‘rimdagi fikrlari yaxshi. Bundan qoniqish tuydim. Hammamiz ham xudbinmiz-da oz-moz!
Lekin kutilmaganda o‘sha ishim bitmadi. Qo‘ng‘iroq qildim xavotirlanib. O‘zimni tanitdim. U esa uzoq vaqt eslolmay turdi. Bo‘sh kelmadim. Yon bermadi. Ezmalik qilib yopishib oldim. Qayirib tashladi. Ovozida qahr bor edi uning .
Demak, o‘yladim men, yuqoriroqdagi kimgadir yoqmayman. Axir hammaga ham birday yoqish mushkul-da! Qolaversa, shu arzimagan ishimning bitishi uchun nega buncha xor bo‘lishim kerak?! Tutoqib ketdim. Otlandim. Yuziga tufurmoqqa. Bordim. Xonasida o‘tirgan ekan. Oq kuylak , qora kostyum – shim kiygan, galstuk taqqan bir maxluq. Qo‘li bor, oyog‘i bor, qulog‘i, sochi bor. Lekin yuzi yo‘q. Tufirdim! Sochidan pastga, galstugidan yuqoriroqqa. U qilt etmadi. Bir so‘z ham aytmadi. Na rahmat va na la’nat. Chunki uning yuzi yo‘q, ko‘zi yo‘q, qoshi yo‘q, boshi yo‘q. Unga baribir.
Shunday kun kechiradi fikrsiz odam.
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.