Rahim Qodirov. Tilni tiygan yaxshi (qatralar)

ER MEHRI

– Namuncha yerga yopishmasang, – debdi Shamol.
– Yerning mehri, bag‘ri issiq-da, – debdi Qor.

ShAKL

– Ko‘p siqmagin, ezildim-ku! – zorlanibdi Loy.
– Siqmasam, g‘isht shakliga kirib bo‘psan! – deb javob qilibdi qolip.

GO‘ZALLIK

– Odamlar nega doim senga intiladi? Siring nimada?– so‘rabdi Jar.
– Ularni boshimga ko‘tarib, dunyoni ko‘rsataman, – debdi Cho‘qqi.

ALAM VA G‘AM

Alam sherigi G‘amga debdi:
– Tabassum bilan gaplashma, u bizni ko‘rolmaydi.

BAG‘RI ISSIQ

– Toshko‘mir buncha qop-qora, xunuk bo‘lmasa? – debdi Kesak.
– Sirtdan baho bermagin, uning bag‘ri naqadar issiq, – debdi Tosh.

GUL VA ZARPEChAK

Zarpechak Gulga o‘shqiribdi:
– Qurib ketgur. Odamlar bo‘yi-basting uchun doim bizni yuladilar!..
– E, nodon, shunga quritadilar, deb o‘ylanasanmi? Axir, barcha narsani bo‘g‘ib ko‘kartirmaysan-ku?!.

TO‘G‘RILIK UChUN

Bolg‘a egri mixni to‘g‘rilashga harakat qilardi. Shunda egri Mixdan nido chiqibdi:
– Rahming kelsin…
– Bo‘lmasa, to‘g‘ri tur-da, – debdi Bolg‘a.

QO‘NIMSIZLIK

– Meni nega shamol quvlagani quvlagan? – so‘rabdi Somon.
– Ildizingdan ayrilgansan! Shunga qo‘niming yo‘q, – javob beribdi Chinor.

ULUG‘ BAXT

– Oqibating shu ekan: bir zum yonib, keyin keraksiz bo‘lib qolding-ku! – debdi Kulga Kesak.
– Axir, olov bo‘lib, odamlarning xizmatini o‘tab, burchimni ado etdim. Bundan ulug‘ baxt bormi! – debdi Kul.

VAZIFA

– Ko‘p gapirib, boshimizni og‘ritib yubording, – dedi Tishlar.
– Vazifam gapirish-da, – deya yaltoqlanibdi Til.
– Tilni tiyish ham bizning vazifamiz doirasiga kiradi!
Tishlar birlashib, og‘izni ochirmabdi.

DEVOR

– Odamlar g‘alati-da, devorning qulog‘i bor, sekin gapiringlar, deb meni gunohkor qilishadi, – debdi Devor.
– E’tibor berma, ular bir-birlaridan qo‘rqqanlaridan sendan xavotirlanishadi, – debdi shift.

QADR

– Qisqich o‘zi nima-yu, xizmati qancha bo‘lardi?
– Xizmatini qadrlaymiz. Bizlarni birlashtirib tursa, bo‘lgani, – izoh beribdi Qog‘oz.

BAG‘RI KENGLIK

Toshlardan o‘tayotgan issiq harorat tuproqni qizdirardi.
– Toshbag‘irsan, deyishardi. Haq ekan, bunchalik kuydirmasang?
– Nima qilay, Quyoshni ko‘rdim deguncha taftida yonaman, – debdi tosh.

ALHAZAR

– Boshni men omon saqlab turibman, – debdi Til.
– Alhazar! Tavba! – deb hayron qolibdi Aql.

OQIBAT

Farzin Filga izoh beribdi:
– Ruh o‘zini to‘g‘rilikka uraverib, oqibat o‘rnini chetdan topdi-ku.
– Undoq emas. Shohimiz uning sadoqatini bilib, o‘z o‘rnini topshirgan, – debdi Fil.