Yo‘ldosh aka bir qo‘lini ko‘cha eshikning kesakisiga tirab tarxashlik qiladi, kulgancha «zorlanadi»:
— Qo‘yib, yubor-e, kirmayman, dadang meni yomon ko‘radi.
Besh yashar o‘g‘ilcham yig‘lamokdan beri bo‘lib uning qo‘lidan tortqilaydi.
— Nevaram boyaqishni qiynamay, qiraqoling endi, tog‘asi, — deya «yolvoradi» oyim.
— Obbo, tirmizak-ey, qo‘ymading, qo‘ymading-da. — Yo‘ldosh aka og‘zi qulog‘ida, o‘g‘ilchamning yetagida kelib so‘riga o‘tiradi. Og‘zidan «gul» isi anqiydi.
— Yo‘ldoshalining qo‘liga suv quy, kelin, — deydi dadam.
Qora terga tushgan o‘g‘lim halloslagancha Yo‘ldosh akaning yoniga chiqib o‘tiradi, avval osh suzilgan laganni, keyin achchiq-chuchuk solingan likopchani u tomon surib qo‘yadi, yana nima qilib ko‘nglini ovlashni o‘ylaydi.
— Buni qara, jiyan, suvni issiqroq ham qilib kelmabsizlar, — deydi Yo‘ldosh aka qo‘lini sochiqqa artayotib.
O‘g‘ilcham qovoqlarini uyib oyisiga qaraydi. U kuladi:
— «Bundan issiq bo‘lsa, qo‘lingiz kuyadi», degin. Yo‘ldosh aka kuladi. O‘g‘limning yuzi yorishadi. Go‘shtni to‘g‘rab bo‘lgan dadam taklif qiladi:
— Qani, Yo‘ldoshali, oshga qarang.
— Meni ma’zur ko‘rasiz, tog‘a, — deya Yo‘ldosh aka unga odatdagi erkaligini qila boshlaydi.
Dadam ham «o‘yin»ga qo‘shilib, chinakam hayratlangan bo‘ladi:
— Nega, Yo‘ldoshali?
— Anovi… qora-quralar nima?
— Zirk bular, mayiz, Yo‘ldoshali. Sizga yoqmasa, men terib olaqolay. — Dadam ko‘ringan mayiz va zirklarni barmoq uchi bilan turtib-turtib o‘zi tomon suradi.
— Be-e! Bir-ikki cho‘qim olsam, yana chiqadi-da.
— Siz avval boshlang, yana chiqsa — tog‘angizga tan,— deydi oyim.
— Kelin shaharlik-da, pishiq, — deydi Yo‘ldosh aka.
— Nimaga unday deysiz, aka? — deb xotinim «o‘pkalanadi».
Yo‘ldosh aka «qora-qura»larni terish bilan ovora bo‘lgan dadamni kuzatgancha og‘zidagi oshni jo‘rttaga uzoq chaynaydi, yana laganga qo‘l uzatib «po‘ng‘illaydi»:
— Yali-yali bilan qo‘shiqni ko‘paytirganday oshingizni sabzi-piyoz bilan ko‘paytiribsiz-u, yana zirku zira solib tog‘amni qiynaysiz.
Hammamiz kulamiz.
Yo‘ldosh aka oshni mayda chaynaydi, dasturxonga to‘kilgan guruch donalarini bitta-bitta terib og‘ziga soladi. Uni ko‘rib o‘g‘lim ham shunday qiladi.
Bolalarni o‘ziga ohanraboday tortadigan odamning yuragi, ichki dunyosi qanday bo‘lishi kerak? Bu qudratni qanday ifodalashi mumkin?
— Hali ham mening suratimni, chizyapsanmi? — deydi Yo‘ldosh aka xuddi dilimdan kechgan fikrni uqqandek.
— Ha, — deyman va uning so‘z ohangida jiddiylik sezib, hazilga buraman: — Mening sizdan boshqa kimim bor, Yo‘ldosh aka?
U astoydil koyinadi:
— Bo‘lmasa, aytganimni qilgin-da!
Men kulaman. Yo‘ldosh akaning qovog‘i osiladi.
— Mening suratimni chizyapti-yu… — deya u o‘ziga tarafkash qidirib hammaga bir-bir qarab chiqadi, ketmonim yo‘q, yanga!
— Ana xolo-os! — deb oyim yoqasini tutadi. O‘g‘irlab ketishibdimi? Qaerda edi?
— Yanga, siz tushunmadingiz. Suratda ketmonim yo‘q, deyapman.
— Hah! — Oyim ko‘kragiga tuf-tuflaydi. – o‘takam yorilayozdi-ya, kolxozimizda o‘g‘ri paydo bo‘libdimi, deb. Voy, oshga qaranglar, sovib qolyapti.
Yo‘ldosh aka endi dadamga gap ma’qullatadi:
— To‘g‘rimi, tog‘a? Mana bu Behzodingiz ham meni ketmonsiz ko‘rmagan. Shuning uchun chizganlarini o‘xshatolmayapti.
Oyim meni murosaga keltirmoqchi bo‘ladi:
— Bir chekkasiga ketmonni ham qo‘shib qo‘y-da, o‘g‘lim. Karnaychidan bitta puf, degan ekan mashoyixlar.
O‘zini zo‘rg‘a tiyib o‘tirgan xotinim qah-qahlab yuboradi. Dadam ko‘zlari yumilib, selkillab kuladi. O‘g‘lim ko‘zlari mo‘ltirab Yo‘ldosh akaga qaraydi, jilmaymoqchi bo‘ladi.
— Men ham siz aytganni uqtirmoqchi bo‘ldim, Yo‘ldoshali, — deya unga homiylikka o‘tadi dadam. — Kattaning so‘zini qulog‘iga olmasa, nima bo‘lardi?
— Nima bo‘lardi? — deb oyim gapni iladi. — Behudaga urinib, bir yil topgan-tutganini yeb-ichib, ikki qo‘lini burniga tiqi-ib sho‘ppaygancha shaharga tushib boradi-da.
— Ana, bu yog‘i ham bor, — deydi Yo‘ldosh aka tashvishlanib. — Undan keyin, men senga aytsam, davlat anoyi emaski, mening suratimni chizganing uchun pul to‘lasa.
Lekin men hayolimda allaqachon o‘ninchi, yigirmanchi… ehtimol, yuzinchi eskizni chizyapman…
— Qanday odamsiz, turing, kuzatib chiqing! — deb xotinim yelkamga turtadi.
Ko‘cha eshik tomon ketayotgan Yo‘ldosh akaga ko‘zim tushib, ichimda kulaman: u go‘yo alohida-alohida cho‘plardan ip bilan omonatgina tutashtirib qo‘yilganu birov ko‘tarib olgandek — uzun-uzun qo‘llari, oyoqlari shalviragancha chiqib ketmokda.
Nahot shu odamning portretini ishlay olmasam! Shoshib orqamga qaytaman, ustaxonaga moslashtirgan oynavand ayvon tomon yuraman.
— Yana o‘sha qafasiga kirib ketyapti, — deb koyinadi dadam.
— Otpuskasidan qancha qoldi? Tezroq keta qolinglar, xudo xayrilaringni bersin, — deydi oyim xotinimga. — Kechayu kunduz tosh bo‘lib tikilib o‘tirganiga yuragim tors yorilay deydi.
Men molbert qarshisida o‘tirib portretga tikilaman. Kutilmaganda, misdek yarakdagan keng va do‘ng peshana terisi tarang, birorta ajin yo‘qligi timni tortadi. Yuragini kaftga olib ko‘rib bo‘lganda edi! Ammo buning iloji yo‘q. Uni faqat aql bilan idrok qilish kerak. Eshitishimcha, urushda, janglarning birida o‘q parchasi tekkan ekan. Go‘zallikni ko‘rish uchun berilgan ko‘zlarga dunyoni idrok qilish uchun berilgan miyaga o‘lim timsoli — temir parchasi suiqasd qilgan-u, «Boshing toshdan bo‘lsin, oy borib omon qayt!», degan Ona tilagi oldida ojiz qolgan. Nazarimda, uning o‘rni o‘sha botiqlik kipriklari siyrak qo‘yko‘zlarga, chorpaxil yuzga ma’no bera boshlaydi. Portretda allaqanday ruh paydo bo‘ladi. Yuragim hapriqib, ip uchini yana yo‘qotib qo‘ymaslikka harakat qilaman. Biroq nina sanchilgandek, ko‘zlarimda og‘riq sezaman, keyin xotinimning «Bu nima o‘tirish, qop-qorong‘ida!», degan ovozini va vklyuchatelning chiq etganini eshitaman.
— Sizning nima ishingiz bor-a men bilan? — deya bo‘g‘ilgancha o‘rnimdan turib ketaman. Quyuq qorong‘ilik mendan molbertni yashirganida xayolimda jonlangan portretni qayta tiklash uchun ko‘zlarimni yumaman, ammo urinishlarim behuda ketadi. Keyin Yo‘ldosh akaning ichki dunyosini tushunib yetish istagida bisotimdagi «og‘zaki eskiz»larga goh aql va qalb, goh qalb va aql ko‘zi bilan «tikilaman». Mana, ulardan biri:
«…Hamma Yo‘ldosh akani, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam, deydi. Aslida ham u mudom bir qiru bir sirda: ko‘zlari osoyishta-o‘ychan, yuzida, xatti-harakatlarida ichki, ruhiy bir muvozanat sezilib turadi. Ortiqcha quvonganini yoki iztirob chekkanini sirtiga chiqarmaydi, kimdandir, nimadandir shikoyat qilganini ham hech kim eshitmagan. Birovga birinchi bo‘lib so‘z qotmaydi, go‘yo uning osoyishtaligini buzgisi, fikrini bo‘lgisi kelmaydi: dunyoning ishini o‘ylayver, aql tarozisiga solaver, deyayotgandek. Agar o‘zingiz so‘z ochib suhbatga tortsangiz, shunday ohangda gapiradiki, xuddi u siz bilan anchadan beri gurunglashayotgan edi-yu, ovozini endi eshita boshlagandek bir hisni tuyasiz va bundan beixtiyor hayratlanasiz. Sizni hamisha qalbida olib yurganini, har dam yuragingizga qo‘l solib turganini tushunib yetish uchun hayrat hissi xalaqit berayotgani xayolingizga ham kelmaydi…»
Birdan quloqlarim tom bitib qolganini sezaman va o‘zimni dala yo‘lining boshida ko‘raman. Yulduzlar to‘la osmonga, to‘g‘rirog‘i, osmonni to‘ldirgan yulduzlarga qarayman. Men ulardan yog‘ilgan ko‘kimtir so-kinlikka ko‘milib turibman. Qorong‘ilik o‘t-o‘lanlar ichiga, daraxtlarning quyuq barglari orasiga yashiringan. Boshimni chayqab-chayqab, quloqlarimni to‘ldirgan sokinlikni «chiqarib tashlayman» va… Yer bilan Osmon oralig‘ida limillagan ko‘kimtir sokinlik bag‘rida muallaq suzib yurgan Yo‘ldosh akaning avval sharpasini, keyin o‘zini ko‘raman. U menga qarab jilmayadi va peshanamda issiq nafasini sezaman…
«…Men esimni taniganimda u peshanamdan cho‘lp-cho‘lp o‘pardi yoki u peshanamdan o‘payotganida men esimni tanidim. Har qalay, o‘sha daqiqadan boshlab ko‘p narsalarni xotirlayman.
O‘shanda esa men soddat yigitning tizzasida o‘tirib, ko‘kragidagi yumaloq-yumaloq ikkita medalni shildiratib o‘ynardim. Keyin meni oyim o‘zining yoniga olib o‘tqazdi. Hovliga erkagu ayol gurros-gurros kirib kelar, soldat yigit bilan quchoqlashib ko‘rishar, ko‘zlaridan duv yosh to‘kilar, xushchaqchaq kulishib, allanimalar deb yelkasiga qoqishar edi. Men yaraqlagan medallardan ko‘z uzmasdim. Keyinchalik ular oddiy jez emas, zar yuritilgan shonli medallar ekanini bildim; yana keyin ularning biri «Stalingradni mudofaa qilgani uchun», ikkinchisi «Berlinni olgani uchun» medali ekanini tushundim; yana keyin Stalingrad bilan Berlin orasidagi qonli, olovli masofani tasavvur qildim.
— Yo‘ldosh aka, urush yillaridan, jang xotiralaridan gapirib berasizmi?
Bu savolni nechanchi karra berganimni bilmayman, lekin oxirgi marta u shunday deb javob bergan edi:
— Otang temirchi emas-ku! Bitta gapni hadeb hijjalayverasanmi! — U menga qattiq tegib qo‘yganini sezib, yumshadi: — Urush — urush-da, uka. Unga qolganda suyaksiz til ham tarashaday qotadi…»
Yo‘ldosh aka urushni eslashni yoqtirmaydi. Nima uchun? Bu savolga javob istab unga qarayman. U hamon Yer bilan Osmon oralig‘ida limillagan ko‘kimtir osoyishtalik dengizida suzib yuribdi va menga faqat shuning uchun tug‘ilgandek, «Men odamzod o‘zining bo‘yniga o‘zi sirtmoq solishga, o‘zining yuragiga o‘zi nayza sanchishga, o‘zining peshanasiga o‘zi qo‘rg‘oshin qadashga qodir ekanini tan olishdan uyalaman», deyayotgandek tuyuladi.
«Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam»? Noto‘g‘ri. Lekin bu gapning zamirida bir nima yotibdi. Ehtimol…
…Urushgacha ot ketidan okuchnik tutib yurgan frontchi yigitni kolxoz kassirligiga lozim topishadi. U esa oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, bankdan olib kelgan yarim qop pulni yo‘qotib qo‘yadi, sakkiz yilga qamalib ketadi. Uyda uch oylik xotini bilan qari onasi qoladi.
U muddatni o‘tab qaytib kelgan kuni — boshqa erga tegib ketgan xotinining uyida sunnat to‘yi bo‘layotgan ekan. Ikki kundan keyin ona, besh yil jon hovuchlab urushdan o‘g‘lini kutgan, yana sakkiz yil poylab yurak-bag‘ri ezilgan ona olamdan o‘tadi.
Ammo, Yo‘ldosh akaning qaddi tikligicha qoladi…
Ehtimol, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam, deyishlari shundandir? Lekin bu yolg‘on. Nazarimda, bularning hammasi Yo‘ldosh aka uchun urush dahshatlari oldida arzimaydigan narsalar.
Men uning ichki dunyosiga kalit topgandekman, uning hayot mantiqi deb atalmish qizil ipning uchidan tutgandekman. Men uni qo‘yib yubormay, idrokning mashaqqatli yo‘li bo‘ylab izlanishda davom etishni istayman.
Yana bir «eskiz»:
«…U yigirma to‘rt yildan beri suvchi bo‘lib ishlaydi: To‘rt farzandning otasi. Qishloqda faqat undagina eshak bor. Keyingi vaqtda shalpangquloq noyob zotligini «tushunib qolib» sipolik qilyaptimi yoki yolg‘iz o‘ziga erish tuyulyaptimi, har qalay, kam hang-raydi. Bu qishloqdagi bir ig‘vogarning haziliga ham sabab bo‘lgan.
— Yo‘ldoshali, so‘fini yo‘ldan urmang-da, azon aytib tursin.
— Baxayr, birodar. Yuqoriga yumaloq xat yozgan ekansiz, ishdan bo‘shatilgani haqida qog‘oz olgan. Bundan bu yog‘iga so‘fi — o‘zlari!
«Ig‘voning qurboni bo‘lgan so‘fi» har kuni ertalab oyoqlari yerga tegar-tegmay jildillagancha Yo‘ldosh akani dalaga olib borib, kunbotarda ikki bog‘ o‘tning ostida ko‘rinib-ko‘rinmay qaytarib keladi.
Yo‘ldagi aka odatda dalada yuvinib olgan bo‘ladi, hovlida o‘tni eshakdan tushiradiyu yuz-qo‘lini chayib, tomorqa aylanadi; saharlab turib qiladigan xo‘jalik yumushlarini chamalaydi; o‘g‘illariga ul-bul ishni tayinlab, ko‘cha eshikka chiqadi: bir dam guzar tomonga qarab turadi, so‘ng ko‘chaning bir chetiga o‘tib asta yo‘lga tushadi.
Guzarda, anhor ustida bufet bor, oltita stol qo‘yilgan. Yo‘ldosh aka ixtiyor qiladigan yagona ko‘ngilxushlik — shu yerga kelib vino ichish.
— Kel, Yo‘ldosh.— Bufetchi— Suyar aka yog‘och oyog‘ini g‘ichirlatib, kursida bir qo‘zg‘alib qo‘yadi: bu uning do‘sti istiqboliga o‘rnidan turgani. Ular tengqur, ikkalasi ham frontchi.
— Hali ham bormisan, Suyar? — deydi Yo‘ldosh aka odatdagidek va biqini bilan peshtaxtaga suyanadi, ikki do‘st o‘rtasida qanday suhbat bo‘lishini bilib, kulganlaricha kuzatib o‘tirgan tanish-bilishlar bilan bosh irg‘ab so‘rashadi.
— Hali vino ko‘p. Men uni senga quyib berib, sen uni ichib tugatmaguningcha ikkalamiz ham bormiz.
— Unaqada sen bilan mening boshimiz toshdan ekan.
— Ha, o‘rtoq, zavod ishlab turibdi. Ich, dunyo turguncha turishimiz uchun ich.
Yo‘ldosh aka stakanni bo‘shatib, terdan sho‘rlab ketgan ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagidan bir so‘mlik olib uzatadi.
— Jon o‘rtoq, bundan keyin so‘lkavoy olib yur-gin,— deb «iltijo» qiladi Suyar aka. — Qog‘oz pulingdan ter isi anqib, banka qabul qilmayapti.
— Sen ularga tushuntir. «Ter isi chiqqan pul — halol, mehnat bilan topilgan», degin, — deb «maslahat» beradi Yo‘ldosh aka. — Tushunmasa, sandiqqa bosib qo‘ygan pulingdan olib bor, ko‘rsat, «Bundan kuyadorining isi keladi, harom pul», degin.
— O‘shandan bir so‘m beray, soqolingni oldirvol.
— Gapni aylantirma, qolganini cho‘z!
— Yana kelganingda vino quyib beraman.
— Mayli-yu, mening o‘ttiz tiyinim uchun do‘zaxga tushmagin, deyman-da.
— Nafasingni issiq qil, o‘rtoq. Hali vino ko‘p, o‘lmayman.
— Yo‘ldan qoldiryapsan, Suyar. Gazeta olib qo‘ydingmi?
Suyar aka uning uchun «Soyuzpechat» do‘konidan bolalar gazetasi yoki jurnali olib qo‘ygan bo‘ladi. Yo‘ldosh aka shu yerning o‘zidayoq o‘qishga tutinadi. Ana shunda Suyar aka o‘rtog‘iga yoki tashqarida o‘tirganlarga: «Falon joyda urush bo‘layotgan ekan, faloncha odam o‘libdi» yoki «Falon mamlakatda yangi bomba ishlab chiqarilayotganmish» qabilida so‘z qotadi.
— Boyo‘g‘li! — deb po‘ng‘illaydi Yo‘ldosh aka va gazetani buklab qo‘ltig‘iga qisadi. — Kindigi yerdan uzilganlar urush qiladi. Sen ham bu yerda to‘rtta taxtadan kavak qilib olib sayrayverasanmi?
U jo‘nab qoladi. Suyar aka va atrofdagilar kulishadi. Yo‘ldosh aka nariroq borgach, qo‘ltig‘idan gazetani oladi-da, asta o‘qib ketadi.
Katta jigarrang darvoza oldida har kungidek Sobir aka poylab o‘tirgan bo‘ladi. U uzoq yillar kolxozda omborchilik qilgan; gavdasi yo‘g‘on, yuzlari lo‘ppi, oyog‘i xastalanib besh yildan beri yurolmay qolgan, har oqshom ko‘chaga bir amallab chiqib oladi-da, pastak kursida salqinlab o‘tiradi. Uzoqdan Yo‘ddosh akani ko‘rishi bilan qo‘shnisining ko‘cha eshigiga o‘qtin-o‘qtin qaray boshlaydi. Xuddi shu payt past bo‘yli, xipcha, kampirdahan, og‘zi to‘la tilla tish, oq-sariq yuzli, yum-yumaloq boshini hamisha qirtishlab yuradigan Oltinboy aka yerdan chiqqandek paydo bo‘ladi. Turgan joyida avval o‘ngga, so‘ng so‘l tomonga qaraydi va Yo‘ldosh akani ko‘rgach, halim tovush bilan: «Ana-ana, masxaraboz kelyapti, masxaraboz», degancha qo‘shnisining yoniga pildiraydi.
Yo‘ldosh aka qo‘shnilar bilan ko‘rishib, o‘tib ketmoqchi bo‘ladi. Sobir omborchi shoshib so‘z qotadi:
— Yo‘ldoshboy, Suyarning oldidan kelyapsizmi? Qalay, durustmi?
— Suyarmi? Mendan ot yog‘i so‘radi. Sizda yo‘qmidi?
— Nima qilarkan?
— Ikki kundan beri o‘ng oyog‘i og‘riyotganmish.
— O‘ng oyog‘i-i-i.. — Sobir omborchi hayron bo‘lib Oltinboy akaga qaraydi. U teskari burilib piq etib kuladi. — …protez-ku, Yo‘ldoshboy?
— O‘sha, o‘sha.
— Yopiray! — Sobir omborchi «Protez oyoqki og‘risa, hali ham menikiga to‘zim bersin» degandek oyoqlarini silaydi.
— O‘zingizniki qalay?
— Meniki… endi… — Sobir omborchining xayolida hamon «Protez oyoqki og‘risa..» degan fikr turadi va nolishdan — noshukrchilik qilishdan qo‘rqadi. — Hamisha birday, Yo‘ldoshboy.
— Og‘riq xuruj qilganida ayting, dori topib beraman.
Oltinboy aka tomog‘iga don tiqilgan xo‘rozdek qiyqiradi.
— Tulki! — Sobir omborchi hassasini ko‘tarib po‘pisa qiladi: — Agar o‘shanda ro‘para bo‘lganingiz-a!-
Yo‘ldosh aka o‘zini olib qochgan bo‘ladi.
Bu voqea shunday:
Qishloqda Sharvon buvi degan so‘qqabosh kampir bor edi. Rahmatli bir parcha yerida ko‘kat, rezavor yetishtirar, ba’zan ermak uchun bozorga ham eltar edi. Bir kuni Yo‘ldosh aka hol-ahvol so‘ramoq uchun uning hovlisiga kirsa, ipga qalampir tizib o‘tirgan ekan. Hamiyati qo‘zg‘ab, «Mana bunga go‘sht olib keng», deb pul beradi. Kampir uni alqaydi, ketayotganida qo‘yarda-qo‘ymay bir tizim qalampir tutqazadi. Yo‘lda, albatta, Sobir omborchi «kutib» o‘tirgan bo‘ladi.
— Nima ko‘tarib yuribsiz, Yo‘ldoshboy? — deb so‘raydi u.
— Dori, Sobir aka, dori.
— Yopiray!
— Tuni bilan oyoqlarim zirqiraydigan bo‘lib qoldi.
— Endi, mehnatga bo‘yin beribsizki, suvchilik qilasiz. Oyoqqa yetti qavat paytava o‘rab, mana bu savilni, — Sobir omborchi hassasi bilan Yo‘ldosh akaning brezent etigini niqtab ko‘rsatadi, — kiyganingizda ham zax o‘tadi. Nega? Tagligi rezinka, charm emas.
— To‘g‘ri aytasiz. Yaqinda sizning qatoringizga qo‘shilaman, chog‘i.
— Yo‘q-yo‘q! Zinhor, Yo‘ldoshboy! — Sobir omborchi toqatsizlangancha o‘rnida qo‘zg‘alib oladi. — Dard bilan hazillashmang, uni eskirtirmang. Darhol dori-darmon qiling.
— Aslo tashvishlanmang, Sobir aka. Mana, davosini topdim.
— Yopiray! — Sobir omborchi ishonqiramay bir qalampirga, bir Yo‘ldosh aka qaraydi.
— Ishonchli odam aytdi.
— Qani-qani?
— Unga ham birov aytgan ekan.
— Ishonchli odam?
Yo‘ldosh aka pinak buzmaydi:
— Ishonchli odam. «O‘n besh dona qalampirni dog‘ suvga maydalab to‘g‘rab, bo‘ynimdan pastini o‘n minut bug‘ladimu uch yil azob bergan bodni ko‘rmaganday bo‘lib ketdim», dedi.
— Buni qarang-a! — Sobir omborchi qo‘shnisining ko‘cha eshigiga qarab-qarab qo‘yadi. Zorlangan ohangda ming‘irlaydi: — Oltinboy tushmagur nega chiqmayapti? — Keyin gap nima haqda borayotgani birdan esiga tushib, shoshib qoladi: — Qarang-a! Zaharni zahar kesadi, deganlariday, a! Tizimingizda… o‘n beshtadan ko‘p-ku?
Yo‘ldosh aka uning muddaosini darrov tushunadi.
— Kerakli toshning og‘irligi yo‘q.
— Bo‘lmasa… menga ham besh-o‘nta…
— Ana endi! Ko‘rgandan — ko‘z haqi, deng.
— Savob uchun, Yo‘ldoshboy, savob uchun!
Yo‘ldosh aka qalampirni sanab unga uzatadi, qay-tarib olib yana sanaydi.
— O‘n oltita bo‘lib ketibdi.
— Ha-ha, oling bir donasini, — deydi Sobir omborchi. — Baniyati shifo bo‘lganidan keyin rasamadi bilan bo‘lgani durust. — U Yo‘ldosh aka uzatgan qalampirga ikkala qo‘lini hovuch qilib tutarkan, yana qo‘shnisining eshigiga qaraydi. — Shu paytgacha Oltinboy bedarak?
Yo‘ldosh aka uning laqqa tushishini xayoliga ham keltirmaydi, ertasiga Oltinboy aka kula-kula gapirib berganida esa hang-mang bo‘lib qoladi: nahotki, umr bo‘yi tarozining pallasini o‘ynatgan, cho‘t qoqqan odam shunchalik go‘l bo‘lsa?!
Oltinboy akaning aytishicha, o‘sha kuni Sobir omborchining uyidagilar qayoqqadir ketishgan ekan. Oyog‘ini sudrab yurib suv isitadi, qalampirlarni myasorubkadan o‘tkazadi. Suvga tushib, o‘zini bir oz bug‘laydiyu dod sola boshlaydi. Oltinboy aka yugurib chiqsa, Sobir omborchi qip-yalang‘och, xonaning u burchagidan bu burchagiga yumalarmish, yakkash: «Alining qilichiga yo‘liqqur, Yo‘ldosh!», deb qarg‘armish. Oltinboy aka tuni bilan suv tashib, ustidan quyibdi.
Sobir omborchi ikki kungacha ko‘chaga chiqolmaydi. Unga ro‘para kelishdan uyalgan Yo‘ldosh aka esa to‘rt kun guzar yuzini ko‘rmaydi. Beshinchi kuni ko‘chaning narigi betidan pusib o‘tib ketayotganida jigarrang darvoza g‘iyqillab, Yo‘ldosh aka taqqa to‘xtab qoladi.
— Hormang, Yo‘ldoshboy!
Yo‘ldosh aka sal hayallasa, Sobir omborchi yugurib kelib, ayb ish ustida qo‘lga tushirishidan qo‘rqqan kabi ko‘chani jadal kesib o‘tib u bilan ko‘rishadi, tovushida, yuz-ko‘zlarida na g‘azab yo alamni, na ginaxonlikni sezadi, balki chehrasining ochiq, boqishlarining samimiyligini ko‘rib, negadir uzr so‘rashga botinolmaydi. Keyin-keyin u o‘sha voqeaga shama qilib hazillashadigan, Sobir omborchi bundan allanechuk huzurlanadigan va hatto hassasini ko‘tarib po‘pisa bilan Yo‘ldosh akani rag‘batlantiradigan bo‘lib qoladi…»
Men avvalgi «eskiz»lar bilan bu «eskiz» o‘rtasida mushtaraklik qidiraman, ammo topolmayman. Hayratlanaman: axir, ular bir odam-ku? Yo‘q, mushtaraklik bo‘lishi kerak, shart. Men uni topishim, palitramga asos qilib olishim zarur. Uni topmaguncha mo‘yqalamni qo‘lga olishga yuragim dov bermaydi. Yurak shaklidagi taxtacha — palitradagi bo‘yoqlar qorishig‘i yoqmaydi. Uni hafsala bilan qirib tashlayman, yuvaman. Birdan ranglarning inson ichki dunyosini ifodalashga naqadar ojizligini sezib qolaman. Bunga qarshi isyon ko‘tarib, olamni ostin-ustun qilib yuborgim keladi. Lekin ko‘z o‘ngimda ustozlarim paydo bo‘ladi, ular qo‘limdan tutib kursiga o‘tkazib qo‘yishadi. Endi noshud shogirdni tahqirlovchi, azoblovchi his ruhimni eza boshlaydi, bir ozdan keyin o‘zimni majruh sezaman.
— Atayin ovqat buyurib, bu nima o‘tirish endi? – degancha xotinim ikkinchi marta derazadan boshini suqadi.
Men unga yeb yuborgudek bo‘lib qarayman, ovozimga butun qahr-zahrimni joylab, ammo dadam bilan oyim eshitmasliklari uchun shivirlagannamo o‘shqiraman:
— Tinch qo‘yasizmi, yo‘qmi? Ag‘darib tashlang qozonni!
Bu g‘azab va nafrat noshud rassomga — o‘zimga nisbatan ekanini u qaydan tushunsin? Kipriklari pirpirab, ko‘zlarida yosh g‘iltillagancha qarab turadi-da, burilib ketadi. Ketidan men ham asta chiqaman.
— Taomni mahtal qilish — gunoh, deganlar mashoyixlar, — deb oyim tanbeh beradi va mening tund bo‘lib, xotinimning tumshayib o‘tirganini ko‘rib, dadam bilan ko‘z urishtirib oladi, boshqa so‘z qotmaydi.
Bu zil-zambil jimlik changga belangan o‘g‘ilchamning kirib kelishiga qadar davom etadi. O‘g‘lim tirmashib so‘riga chiqadi, allanimalar deb vijirlagancha yelkamga opichadi.
— Hay-hay, tush pastga! — deya o‘shqiradi xotinim uning bilagidan tutib. Men o‘g‘limning qo‘li og‘riganini jisman his etib, xotinimga chaqchayib qarayman-u… lekin dadam mendan oldin gapiradi:
— Qo‘y, qizim. Dadasiga emranyapti-da.
— Ko‘rpachani tuproq qildi! — deb hovridan tushmaydi xotinim. Buni men — «Shu qo‘rs mehrni biladimi!», deb tushunaman, boshimni ko‘tarmayman.
— Ko‘rpacha boladan aziz emas, qizim, — deydi oyim.
— Yur, cho‘milib kelamiz, — deyman men. O‘g‘lim sevinib, qiyqirgancha so‘ridan pastga sakraydi.
Muzdek suvdan ruhim tetiklashadi. Olamni ming xil rangda ko‘raman va uni xolstga shunchaki, o‘ynab o‘tirib ko‘chirishga qodirdek his qilaman o‘zimni. Yo‘ldosh akaning portretini ishlash nima bo‘libdi! Hozir, hozir mo‘yqalamni olamanu… mana bunday qilib… Hozir. Hozir! O‘g‘lim ikkalamiz hovliga bir-birimizni quvalashib kirib kelamiz, qah-qah urib kulamiz.
— Tavba. Kap-katta kishi-ya! Bu, suratkashlik ham odamni nashaday jinni qilib qo‘yarkan-da,— deydi oyim chorsini kungiralab o‘tirib. O‘ndan «saboq» olayotgan xotinim boshini ko‘tarmaydi, menga qochiriq qiladi:
– Voy, endi bilyapsizmi? O‘g‘lingiz hamisha shunaqalar!
Men unga e’tibor bermay shahd bilan ustaxonaga kiraman, qo‘limga top-toza palitrani, mo‘yqalamni olamanu molbert qarshisida qotib qolaman: bo‘yoqlar naqadar ojiz! Yo‘ldosh akaning ichki dunyosini ifodalashga ularning qudrati yetmaydi. Asta kursiga o‘tiraman, tugallanmagan portretga tikilib, «og‘zayu eskiz»larimni yana birma-bir xotirlashdan, ular o‘rtasidagi mushtaraklikni qidirishdan boshqa iloji qolmaydi…
…Va nihoyat uni qalbimning tubida tuyg‘ular bilan ilg‘ayotganimni, ammo idrok qilolmayotganimni sezaman, bo‘yoqlarninggina sehriga umid bog‘lab, qo‘lim mo‘yqalam olishga jur’at etaman. Haqiqatan ham fikrlarim matoga ko‘chayotgandek bo‘ladi: portret jonlanayotgandek, yuz-ko‘zlarini ma’no kasb etayotgandek. Bo‘yoqlarning qudrati oldida fikran tiz cho‘kaman. Mo‘yqalamni tez, ishonch bilan yurgizaman. Qancha mug dat ishlaganimni bilmayman, ammo birdan ranglar fikrlarimni ifodalashga ojizlik qilib qolayotganini sezaman, so‘nggi marta mo‘yqalam tegizgan joylarim soxta jilolanayotganini ko‘raman. Mo‘yqalam qo‘yib, hovliga chiqaman. Daraxt barglarining yashilligida, turfa gullarning rangida, hatto yerning tusida ham soxtalik, ayni paytda ularning barchasida bir xil bo‘yoqni sezaman. Xuddi ular ustiga och kulrang kukun yog‘ilib turgandek. Osmonga qarayman va o‘zimcha bir narsani kashf etaman: ertalabki feruza jilosh nur to‘zoni yashirgan. Demak, bo‘yoqlarga ham o‘sha to‘zon aralashgan. Lekin nima uchun ilgarilari buni sezmadim? Ne-ne kishilarning, o‘nlab rollarni o‘ynagan mashhur artistlarning shaxs sifatidagi, takrorlanmas his-tuyg‘ularga to‘la ichki dunyosini ochib bergan edim shekilli… Mana shu bo‘yoqlar bilan! Tabiiy yorug‘lik bo‘lsa bas edi. Endi esa Yo‘ldosh akaning ichki dunyosini ifodalash uchun bo‘yoqlar musaffo yorug‘likni, o‘zining ibtidoiy rangida matoga tushishni istamoqda.
Negadir xudo odamni loydan yasab, jon kiritgani haqidagi rivoyat xayolimga keladi. «Ha, unga oson bo‘lgan, — deb o‘ylayman. — Men esa unga jon kiritish uchun bo‘yoq tanlashim, nur tanlashim, ularni aql, his-tuyg‘ular tarozisida o‘lchab, uyg‘unlashtirishim kerak». Har qalay, bir sirni anglab yetdim: Yo‘ldosh dqaning portretini olam ibtidoiy rangda jilolan-ganda, osmon tiniq paytda, quyoshni to‘zon chulg‘agunga qadar ishlashim kerak. Ana shu paytdagina bo‘yoqlar uning ichki dunyosini ochib berish sehriga ega bo‘ladi.
Men ertangi tong umidida, endi qo‘rqmasdan, aql so‘zi bilan «og‘zaki eskiz»larimga birma-bir «tikila boshlayman».
«…Kunlarning birida Yo‘ldosh aka guzardan qaytayotib jigarrang darvoza oldida to‘xtab qoladi.
— Nima bo‘ldi, Yo‘ldosh aka? — deb so‘raydi bolalarini o‘ynatib yurgan ayol.
— Ko‘chada bexavotir yurishga ham qo‘ymaysan, — deydi Yo‘ldosh aka nima uchun to‘xtaganiga o‘zi ham hayron bo‘lib.
— Nega, Yo‘ldosh aka?
— Qaerga oyoq qo‘yay desam bir tirrancha o‘ynab o‘tirgan bo‘ladi. — Yo‘ldosh aka tizzalarini quchoqlab olib, bir-biriga gal bermay chug‘urlashayotgan bolakaylarni erkalaydi, eng kichigini qo‘liga oladi. — Kimsan, desam, «Qambar akaning o‘g‘liman» deydi. — U iyagi bilan go‘dakning bo‘ynini qitiqlaydi, bolakay qiyqirib o‘zini tortadi. — Bu ham senikidir hali?
— Bo‘lmasa-chi!
— O‘zi ham o‘n beshtaga borib qolgan-ov?
— O‘n ikkitagina, Yo‘ldosh aka.
— Yo‘q, mana bunisini qo‘shmayapsan. — U yana bir bolakayni qo‘liga oladi. — Ertaga holva olib kelsang, hammasi dasturxon boshida to‘planadi, Qambar ikkalang sananglar. Adashmanglar.
Shu payt Sobir omborchining, «Yo‘ldoshboy!», degan ovozi eshitiladi.
— Sobir tog‘ani ko‘rmaganingizga hushingizdan ayrilib turgan edingiz-u, tag‘in mening bolalarimga to‘nkaysiz-a, — deydi juvon o‘pkalanib.
— Shuni hali aytmaysanmi! — deb Yo‘ddosh aka qo‘lidagi bolakayni unga tutqazadi. — Hov, Sobir aka!
— Bu yoqqa kiring, gap bor!
Yo‘ldosh aka kirib borganida Sobir omborchi so‘rining to‘rida o‘tirib olib dumba yog‘ to‘g‘rayotgan, kampiri hovlining bir burchida gulxan yoqib kalla-pocha kuydirayotgan, kelini o‘choqboshida kuymalanib yurgan bo‘ladi.
— Keling, Yo‘ldoshboy, keling-e! — Sobir ombor-chi xuddi otasi tirilib kelgandek sevinadi. — Bugun qo‘chqorni ag‘dardik. O‘zingizni uchratolmadim, chaqir tirib kelarkanman-da, deb turgan edim. Oltinboy! es qursin! Bugun uyida yo‘q edi-ku. Kelin, jigarnts yog‘da bir-ikki aylantirib olakeling, ona qizim. Kampir, devordan Madrayimni chaqir, «Yo‘ldoshboy keldi», de. — Sobir omborchi Yo‘ddosh akaga gal bermaslik uchunmi, tinimsiz gapiradi, hayajoni baralla sezilib turibdi, uni yashirishga urinmaydi ham. Yo‘ldosh aka uni birinchi marta bunday holatda ko‘rganidan hayratlanib o‘tiradi.
— Endi, Yo‘ldoshboy, bir ish qilamiz. Ha, men sudralib yurmayin. O‘g‘ilgina ham kelaqolmadi, yerto‘laga o‘zingiz tushing, bir nima bor. Kelin, bu yog‘ini tezlatib yuboring, ona qizim.
Yo‘ldosh aka yerto‘laga tushadi. Sobir omborchi hamon gapiradi:
— O‘zimizning uzumdan, qo‘lbola. To‘rdagi idishlardan tanlang, Yo‘ldoshboy. Kelin, uch-to‘rt dona pamildori ham berasizmi, ona qizim? Kampir, Madrayim nima deydi? Ha mayli, kelib qolar. Yo‘ldoshboy, bedarak ketdingiz? — Yo‘ldosh akani ko‘rishi bilan boshini chayqaydi, o‘rnidan turishga taraddudlanadi. — He attang, he attang! Polizga kirib, xamak yeysizmi?
Cho‘tga oshna bo‘lgan har qanday odam singari hisobdon, to‘g‘risini aytganda, xasislik darajasida hisobdon sanalgan Sobir omborchining saxiyligiga Yo‘ldosh akaning lol qolgani shunchalikki, hatto uning yerto‘laga tushishiga ko‘maklashish ham xayoliga kelmaydi. U yerda allanima gursillab tushganida ham o‘rnidan jilmaydi. «Qo‘ltikdan olib yuboring, Yo‘ldoshboy!», degan ovoz eshitilganidagina sergak tortib, Sobig omborchini o‘rnidan turg‘azadi.
— Falokat-da, falokat. — Sobir omborchi devorni paypaslab chiroqni yoqadi. — Hu anovi uch litr bankani oling. Ha, uch yillik o‘sha, uch yillik.
Yo‘ldosh aka bir amallab Sobir omborchini yuqoriga tortib oladi.
— Dard qursin, bu dard qursin. — Sobir omborchining ovozi ko‘z yoshidan namlanib chiqadi. — Ko‘p arqon qolyaptida buning dastidan.
Yo‘ldosh aka unga rahmi kelib, negadir to‘liqib ketadi. Bir piyola musallasni ichib, Sobir omborchi ortiqcha takalluf bilan uzatgan jigarni gazak qilgach, o‘zini tiyib turolmaydi:
— Sobir aka, sizning oldingizda gunohkorman. o‘shanda… aytganimni qilasiz, deb sira o‘ylamagan edim.
— Yo‘q, Yo‘ldoshboy, yo‘q, — deb Sobir omborchi uning gapini bo‘ladiyu bir muddat indamay qoladi. — Meni har nima qilsangiz arziydi.
— Unday demang, Sobir aka. Men sizni bunchalik go‘l…
— O‘ttiz ikki yil bo‘ldi, Yo‘ldoshboy, — deb Sobir omborchi yana uning gapini bo‘ladi, — o‘zimga bir dard ilashtirganman. Yosh o‘tgan sari u meni halok qilyapti. Birovga yorilolmayman. — U yana indamay qoladi. — Turmushingizni, farzandlaringizni o‘ylab sal yengil tortaman. Kayfingizni chog‘ ko‘rsam, yelkamdan bosib turgan yuk ag‘darilganday bo‘ladi…
Chordana qurgan Yo‘ldosh aka qo‘llarini tizzalariga qo‘ygancha enkayib, ko‘zlarini yumib o‘tiradi. Go‘yo ko‘pdan-ko‘p bo‘ronlarni ko‘rgan qoya yana bir dovulni boshdan kechirmoq-da.
— Biroq, Yo‘ldoshboy, ozmuncha savdo o‘tdimi yolg‘iz boshingizdan? Qayliqdan ajrash, sakkiz yil qamoq, onangiz rahmatlining oh-fig‘oni… Gapimni bo‘lmang, gapimni bo‘lmang, — deydi Sobir omborchi va fikrlarini jamlamoqchidek bir necha lahza indamay qoladi. — Siz temir sandiqni qulflamay chiqib ketdingiz. Madamin — iloyim yer borib xabar tortmasin, o‘zingiz bilasiz, bosh hisobchi edi — menga: «Pulni olib bering, bir tentiratamiz», dedi. Olib berdim, qopi bilan shkafga yashirib qo‘ydi. Siz qaytib keldingiz-u, sandiqni ochib ko‘rmay qulflab, yana chiqib ketdingiz. O‘sha kuni yarim tunda Cho‘lpon cho‘loq kelib, bilasiz, idora qorovuli edi, saharlab cho‘lga, chorvani taftish qilishga ketishim kerakligini aytdi. Bu gap avval ham bor edi-yu, muddati aniq emasdi. «Saharlab bo‘lsa saharlab-da», dedimu cho‘lga jo‘nab ketdim.— Sobir omborchi gapdan tinib, dardli to‘lg‘anadi. — Madaminning bu qadar qabihligini bilmas ekanman. Qor bosib, cho‘lda, bir hafta qolib ketdim. Uyga qosh qorayganda kelib, og‘ilxonada otni bog‘lab tursam, Madamin kirdi. «Xudo urdi, Sobirjon, — dedi. — Hazadning tagi zilga aylanib ketdi. Endi yopiqlik qozon yopiqligicha qolsin». Aytishicha, xayolidan ko‘tarilib pul o‘sha shkafda qolganmish, ertasiga kelib qarasa, yo‘q emish. «Og‘iz ochsang, ikkalamiz baloga qolamiz», dedi. «Yo‘ldoshboy juvonmarg bo‘lib ketadi-ku?», dedim. «U frontchi, medallari bor, Stalindan rahmatnoma olgan, uni qamashmaydi. Sen bilan men ilinib qolsak, omon qo‘yishmaydi», dedi. O‘shanda mana bu xumkalla, — Sobir omborchi peshanasiga mushti bilan ikki marta uradi, — pand bergan, ishlamagan, meni do‘zax o‘tiga tashlagan…
— Qo‘ying, Sobir aka, o‘tgan ishga salavot, — deya Yo‘ldosh aka uning gapini bo‘lib, boshini ko‘taradi. Sobir omborchi boshini ko‘tarmay davom etadi: — O‘ttiz ikki yilddn beri tutayman. Bir necha bor o‘zingizga aytishga og‘iz juftladim. Ammo qaysi yuz bilan! O‘zi bilib, abjag‘imni chiqarib tashlasa edi, deb orzu qilardim. Qalampirga ham tushunib turib o‘zimni bug‘ladim. Sizning aytganingizni qilib azob tortsam, yelkamdan bosib turgan yuk ag‘darilarmikan, deb o‘yladim. Yana chidamaganimdan, sizni qarg‘adim, xafa bo‘lmang, chin ko‘ngildan emas, shunchaki, etim achishganiga chidamaganimdan, xolos…
— Joningizni qiynab nima qilardingiz? — Yo‘ldosh aka kulishga urinadi.
— Yo‘q, yuk og‘ir, juda og‘ir. O‘ylab ko‘rsam, yosh ham o‘tib qolibdi. Dard ichimda ketmasin, dedim-u, mana, yuzimni sidirib tashladim. Bor gap shu, Yo‘ldoshboy.
— Hech narsa emas ekan-ku!
Sobir omborchi mijjalari qizarib ketgan ko‘zlarini unga tikadi. Yo‘ldosh akaning kulimsirab turganini ko‘rib, ichida nimadir uzilib ketgandek, yuzlari og‘rikdan bujmaygancha boshini egadi.
— Erkakmisiz? Sizda zarda degan narsa bormi?— deydi u bo‘g‘ilib, ta’nali ohangda.
— Mening gumonlarim to‘g‘ri ekan.
— Nimaga o‘shanda aytmadingiz — deb xunob bo‘ladi Sobir omborchi.
— Kuniga choyimiz bir, nonimiz bir, uka-uka qilib yurardilaring. Gumonimni aytishga uyaldim. Lekin sudda og‘izlaringga tikildim. Indamadilaring. O‘limga hukm qilishmayapti-ku, qaytib kelib ana shular bilan yashayman-ku, qolaversa, onam bilan qaylig‘im shu yerda, o‘rtaga sovuqchilik tushmasin, dedim.
— Yo‘ldoshboy! — deya Sobir omborchi og‘riqni bazo‘r yengib bo‘g‘iladi, ammo boshini ko‘tarmaydi. — Keting! Siz bu dunyoga yanglish kelib qolgansiz yo ancha erta kelgansiz. Bu dunyo Madaminlarning, Sobirlarning dunyosi! Bu toshlarga siz posangi bo‘lolmaysiz.
— Yo‘q, siz meni odamlikka qaytardingiz, Sobir aka, — deydi Yo‘ldosh aka uni tinglashga majbur qiladigan samimiyat bilan. — Qamoqdan qaytganimdan keyin ham uzoq vaqt odamlarning og‘ziga qarab yurdim. Madamin aka olamdan o‘tdi. Siz indayvermadingiz. — U bir muddat tin oladi. — Nahotki, odam bolasi shunchalik ifloslikka qodir bo‘lsa, deb o‘ylanib, o‘zimdan-o‘zim xafa bo‘lib yurardim…
— Sendan xafa bo‘lib yurardim, deng, shunday deng!..
— Bari bir emasmi? Siz ham odamsiz, men ham. Yo‘q, odam bolasi qabihlikka qodir emas ekan. Odam bo‘lib tug‘ilganingga xursand yashayversang arzirkan.
— Yo‘ldoshboy, turing, jo‘nang, keting, — deydi Sobir omborchi va boshini yostiqqa qo‘yadi. — Siz bu dunyoga yanglish kelib qolgansiz…»
Men ham odam bo‘lib tug‘ilganimdan xursand, xirgoyi qilgancha mo‘yqalamni tez va ishonch bilan yurgizaman. Birdan palitramga yashil — serjilva o‘ynoqi va sho‘x rangni aralashtirayotganimni sezaman. Nima uchun u matoga tushishni istab qoldi? Portretning vazmin, o‘ychan ruhiga putur yetkazmaydimi? «Odam bo‘lib tug‘ilganingga xursand yashayversang arzirkan! O‘ylanib qolaman, hatto molbertdan podramnikni olib, yangi mato qo‘yish, bo‘yoqlarga yashil rangni aralashtirib, portretni boshqatdan ishlash fikri tug‘iladi. Lekin shoshmayman, «og‘zaki eskiz»larim orasidan «yashil»larini qidiraman va bir donishmandning «Hayotni xuddi ko‘zgu kabi aks ettirish hali san’at emas, san’at — o‘sha ko‘zgu tashqarisidagi hayot haqiqatini tasvirlashdir», degan fikrini esladim.
Shu payt o‘g‘limni yelkasida ko‘tarib Yo‘ldosh aka kirib keladi.
— Tog‘a, — deydi u o‘g‘ilchamni ko‘z-ko‘z qilgandek so‘ridan ancha narida to‘xtab, — hamma poshsholar bolalardan bo‘lsa, ja ajoyib bo‘lardi-da! Odam umrini o‘ynab-kulib o‘tkazardi.
— Obbo, avliyo-ey! Obbo, avliyo-ey! — Yonboshlab yotgan dadam o‘rnidan turib o‘tiradi. — Topgan gapits-gizni qarang-a!
— Rost, tog‘a. — Yo‘ldosh aka o‘g‘limni pastga tushirib, dadamning yoniga o‘tiradi, u tomon engashib dil-dilidan gapiradi: — Anovi Krater degan kojbahs ham… — U menga yuzlanadi: — Shundaymi, Amerika poshshosining oti Kratermidi?
— Yo‘q, krater — oydagi dog‘lar…
— Anovining oti-chi?— deb so‘zimni bo‘ladi Yo‘ldosh aka.
— «Anovi»ning oti — Karter.
— Farqi yo‘q ekan-ku, boshni aylantirasan. Bu ham yerdagi dog‘-da. O‘sha Krater kojbahs ham taxtini birorta bolaga bo‘shatib berganida! Bola xalqining irqiyu millati yo‘q, davlatining chegarasi ham bo‘lmaydi. Lekin tog‘a, ikki yuz yil, uch yuz yil yashardik-da…
Xayollarim uchib ketadi. Shuncha kun mashaqqat chekib, nur tanlab, rang tanlab, mo‘yqalam uchi bilan yaratgan portretim chippakka chikdi. Yo‘ldosh akaning hozirgi qiyofasini, yuz-ko‘zlaridagi ma’noni ifodalash qudratiga ega bo‘lgan so‘zlar, ranglar olamda yo‘q. Ehtimol, uni matoga ko‘chirish uchun ertalabki quyosh nuri kerakdir! «Avliyo! Avliyo!», deb xitob qilaman ichimda va qaerdadir ko‘rgan suratim esimga tushadi: yam-yashil maysa va rang-barang dala gullariga tizzasidan ko‘milgan qip-yalang‘och bolakay yuz-ko‘zlari kulgidan yashnab, ikki qo‘lini yozgancha quyoshga talpinib turibdi. Miyamga yana shunday fikr keladi: Yo‘ldosh akaning portretini ishlashdan Odam Atoning suratini chizish oson. Yer, Quyosh va qip-yalang‘och Odam Ato! Ehtimol, yuzida, ko‘zlarida olamning ship-shiydamligidan hayratlanish ifodasi bo‘lar? Boringki, Momo Havoni ko‘rganida quvonsin ham. Uning suratini chizish oson! Ammo hozirgi odamlar… Agar Odam Atoni Yer betida tasvirlash lozim bo‘lsa, Yerni hozirgi odamlarning yuragiga sig‘dirish kerak. Uning tebranishiyu larzaga kelishi bilan, bor quvonchiyu tashvishi bilan! Ha, Odam Atoning suratini chizish ming karra oson. U endigina paydo bo‘lgan edi, bizning bugungi kunimizga yetib kelishi uchun esa million-million yillarni yashab o‘tishi, yuzlab asrlarning yukini yelkasiga olishi kerak. Uning suratini chizish oson. Ammo hozirgi odamlar… Agar ularning biri Yo‘ldosh aka bo‘lsa… Avliyo u, avliyo!