Sahar osmondagi tun rangini artdi. Ammo quyosh hali ko‘ringani yo‘q. Uni baland tog‘lar to‘sib turibdi. ltlar vovillab, xo‘rozlar qichqirdi. Qishloq uyg‘ona boshladi. Hovlilarda chelak, supurgi ushlagan kelinchaklar ko‘rindi. Siz ham uyqungizning eng shirin damlaridan kechib tashqariga chiqsangiz, ajoyib manzaraning guvohi bo‘lasiz. Kelinlarning hammasi ko‘zni qamashtiradigan yaltiroq ko‘ylaklar, tafta va parcha xalatu lozimlar kiyishgan. Atlasning ming xil turi bor deysiz. Ular ko‘cha supurishga emas, milliy liboslar ko‘rigiga otlanishganday. Supur-sidirdan so‘ng ko‘chalaming chiroyi ochildi, gul-daraxtlari ko‘rindi. Quyosh ham tog‘larortidan mo‘raladi. Kelinchagi yo‘q xonadon eshiklari bugun sal kechroq ochiladi. Dam olish kuni onalar bo‘y yetgan qizlarini bir oz ayashadi. Uyquga to‘yib olishsin. Quyosh ufqqa ko‘tarilganda ko‘chaning eng chekka eshigi ochilib, chelak ko‘targan Ra’no ko‘rindi. Egnida oqarib ketgan chit xalat, sap-sariq gulli ro‘molini qoshigacha tushirib olgan. Ra’no chelaklaridagi suvni hafsalasizgina sepdi-da, uyiga kirdi. Yotoqda pishillab yotgan erining yoniga cho‘zildi. Jannat xola kelinining qadam tovushlaridan uyg‘ongan edi. Ana, suv sepib bo‘ldi, oshxonaga kirdimi? Yo‘q. Zarda bilan o‘midan turdi. Taraqa-turuq bilan nonushta tayyorlashga tutindi. Qudrat aka xotinining choynakni ushlab turishidan kayfiyatini sezdi.
– Boshqalar qani? — deb so‘radi-yu, tilini tishladi. Bekor xotinining og‘riq tomiriga tegib ketdi-da.
— Qayerda bo‘lardi erta sahardan? Shirin tush ko‘rib yotgandir. Boshqalarning hovlisi yog‘ tushsa yalagudek, biznikida esa nomiga supurgi aylanadi. Ikki yil o‘tdi, hech o‘rgana olmadi, o‘rgana olmadi-da. Buning ustiga uyquchi ham bo‘lib qoldi. Shaharlik kelin bizga to‘zmaydi, deb necha marta aytgandim sizga. — Jannat xola Qudrat akaga emas, qo‘ni-
qo‘shniga gapirayotgandek, bor ovozi bilan javray boshladi.
– Balki…
– E, qayoqda?! Shu paytgacha bir etak bola tug‘sa bo‘lardi. Bu keliningizga ishonch yo‘q. Shamol tursa, rayhondan oldin egiladi. – Qudrat aka xotiniga sirli qarash qildi.
– Axir o‘zing ham besh yil tug‘olmaganingni unutdingmi?
– Shuning uchun-da, Xudodan tilab olgan yakkayu yolg‘izim o‘zidan ko‘paysin deyman. Shaharliklar bitta-ikkitadan oshirisholmaydi.
– Bu yer shahar emas. Xudo bersin, bir orqa-olding to‘lib, qimirlamay qol!
Jannat xola yig‘lab yubordi.
– Keliningiz meni biysitmaydi. Boshqa kelinlar qaynonasini oyijon deb chaqirishadi. U bo‘lsa…
– E… xotin, oyijon desa Jannat otingga bir narsa qo‘shilib qolarmidi? Kelinimiz shunday odobli, bosiq. Ikki yil ichida “san-man”ga bormagan bo‘lsang. Oyijon degan kelinlarning ba’zilari “jon’iab jonini oladi.
– Axir bu ham orzu-havas, dadasi.
– O‘g‘ling bilan kelining qo‘sh kabutarday “ku-ku”lashib yuribdimi, shu orzu-havasingga yetganing, shukr qilaver, onasi!
Umid kirib kelishi bilan Qudrat aka yuziga o‘zgacha tus berdi:
– Kel, o‘g‘lim, yaxshi dam oldingmi?
– Qani suyukli xotinchang? Haligacha uxlayaptimi? Kecha-si nima ish qiladi uning? – Ona hovuridan tushmadi.
– Bo‘ldi-da, xotin, – dedi Qudrat aka qat’iy qilib. Umid indamadi. Onasi bilan tortishish befoyda ekaniga allaqachon aqli yetib qolgan edi. Eri bilan izma-iz Ra’no ko‘rindi. Hammaga salom berdi. Xijolatdan nima deyishini ham, nima qilishini ham bilolmay ko‘zini yerga tikib turaverdi. Qaynona alik olmay teskari qarab oldi. Qudrat aka kelinini noqulay ahvoldan chiqarish uchun gapirdi:
– Kel, qizim. Choying sovib qolyapti.
Nonushta paytida hamma og‘ziga talqon solganday jim o‘tirdi. Dasturxonga fotiha o‘qilgach, oila a’zolari o‘z yumushlari bilan har yerga tarqalishdi. Ra’no bir o‘zi qoldi. Idish-tovoqlarni yig‘ishtirib, yuvdi. Keyin o‘z xonasiga kirib, divanga cho‘kdi. O‘yga toldi. Ikki yildan beri shu oilada turadi, ammo hamma narsa unga omonatga o‘xshaydi. Uni doimo har qayoqdan o‘rab turgan bu beso‘naqay tog‘lar, salkam yarim kechasidan chiqib oladigan jazirama quyosh, qishloqning ko‘chalarini changitib u yoqdan bu yoqqa yuraveradigan sigir va eshakJar, nahotki uning butun umri shular orasida o‘tsa…
Ra’noning nazarida, bularning barchasi tush… Hademay uyg‘onadi va u o‘z shahriga, ota-onasi bag‘riga qaytadi. Agar Umid akasini sevmaganida edi, allaqachon etagini silkib ketgan bo‘lardi. Erini o‘rtog‘ining to‘yida uchratib, birinchi ko‘rishidayoq sevib qolgan edi. Avvaliga onasi ularning turmush qurishiga qarshilik qildi. Lekin Ra’no o‘jarlik qilib turib oldi. Otasi esa qiziga yon bosdi. Jiddiy, mustaqil fikrli Umid unga ham yoqib qolgan edi.
To‘ydan keyingi paytlar Umidning sevgisi Ra’noga qanot baxsh etar, butun atrof-olam go‘zal ko‘rinardi. Lekin vaqt o‘tishi bilan tabiat go‘zalligi ham, sof tog‘ havosi ham, hattoki erining sevgisi ham odatiy ikir-chikirlarga qorishib ketdi, unga hamma narsa malol kela boshladi. Buning ustiga, qaynonasining meni oyijon desin, degan talabiyam ortiqcha…
Bir kuni Ra’no onasini juda sog‘indi. Shaharga eltadigan yo‘lga ma’yus qarab turganida eri orqasidan keldi-da, yelkasidan ohista quchdi.
– Uyingni sog‘indingmi?
– Ha.
– Ra’no, sendan bir narsani iltimos qilsam maylimi? Ra’no savol nazari bilan eriga qaradi.
– Onamni “oyijon” degin. Ra’no chuqur xo‘rsindi.
– Bilasizmi, onam mening eng yaqin dugonam, sirdoshim, maslahatchim. Ular juda ajoyib ayol. Men esa, afsuski, biror marotaba ularni “oyijon” deb atamabman.
Umid indamadi. Lekin shundan so‘ng xotinining ko‘ngli bilan qiziqmay qo‘ydi. Boshi bilan ishigasho‘ng‘idi.
Ra’no qaynonasiga hech gap qaytarmasa ham, yumushlarni bekami ko‘st bajarsa ham ularning munosabatlari sovuqlashib ketaverdi.
Xayollar og‘ushida o‘tirarkan, birdan uning og‘ziga taxir maza keldi. O‘rnidan turib, hovliga odimladi. Arang ekin ekilgan yergacha yetib kelib, tiz cho‘kdi. Sal narida o‘z yumushlari bilan andarmon yurgan qaynona unga sinchkov qarab qoldi.
Kechki payt Ra’no ko‘cha supurayotganda, qo‘shni bola Rustam uning oldiga yugurib keldi.
– Ra’no, bugun mazang qochdimi deyman. Tomdan seni kuzatib turuvdim. Rangingda rang qolmapti.
– Hechqisi yo‘q. Biror narsa yeb qo‘ygandirman-da, – javob qildi Ra’no.
Rustam Jannat xolaning bir devor qo‘shnisi. 13—14 yoshlarga kirgan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan yosh bolaga o‘xshaydi — bo‘ydan xudo bermagan. Lekin shunga qaramay u nihoyatda chayir, qishloq bolalari ichida eng “obro‘lisi” edi. Ra’noga bo‘lgan munosabatini o‘zi ham tushunolmasdi. Nima boiganda ham, uni juda hurmat qilar, unga qattiq bog‘lanib qolgandi. Umidni esa ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Bu ko‘ngilchan yigitchaniiig mehribonchiligi Ra’noga xush yoqar, kezi kelganda, dalda bo‘lardi. Butun qishloq bo‘yicha shu bolakaygina uning yagona do‘sti desa ham bo‘lardi.
– Kel, hovlingni supurib beraman.
– Yo‘q. Odamlar nima deydi.
– Nima desa deyaverishsin. Kasal bo‘lib qolmagin deyman-da. O‘zing nozikkina bo‘lsang.
Ra’no jilmaydi.
– Juda qiziqsan-da, Rustam.
– Mayli. Faqat o‘zingni ehtiyot qil. Anavi telba ering qani? Senga bir oz qarashsa bo‘lmaydimi?
– Bekor unday deyapsan. Uning ishi ko‘p.
– Bilaman ishini. O‘tgan yilgi qorning undan ko‘ra foydasi ko‘proq, — shunday deya, Rustam nariroqda futbol o‘ynayotgan bolalar tomon yugurib ketdi.
Ra’no tuni bilan bezovta yotdi. Endi ko‘zi ketgandi, eri turtdi:
– Tur, tong otdi.
Ra’no eriga norozi qarab qo‘ydi, ammo o‘rnidan turdi. Ko‘chaga chiqdi-yu, kulimsiradi. Atrof top-toza supurilib, suv sepilgan edi. “Rustamning ishi”, – darrov fahmladi Ra’no. Uyga qaytib kirdi-da, hovlini supurib, suv sepdi. Bir xayoli yotoqxonasiga qaytib yotmoqchi bo‘ldi, ammo oshxonaga kirib, nonushta tayyoiiashga kirishdi.
Odatdagiday dasturxon atrofida yig‘ilib, nonushta qila boshlashdi. Ra’no qaynonasiga ko‘z ostidan qarab qo‘ydi. Hech qanday o‘zgarish yo‘q, hafsalasi pir bo‘ldi. Choy tayyorladi nima-yu, tayyorlamadi nima? Bir burda nonni endigina og‘ziga yaqinlashtirgan ediki, kechagiday achchiq ta’m sezdi. O‘rnidan tura solib, tashqariga shoshilib chiqib ketdi.
– Keliningning tobi yo‘qqa o‘xshaydi, – dedi Qudrat aka. -Do‘xtirga ko‘rsatib kelsang bo‘lardi.
– Unga hech narsa bo‘lgani yo‘q, — zarda bilan javob berdi Jannat xola. — O‘zi shunaqa bo‘ladi.
Umid ovqat yeyishdan to‘xtadi. Nari-beri yuziga fotiha tortib, xotini ortidan yugurib ketdi.
– Axir shuncha kutganding-ku buni. Xursandchiligingni ham sezmayapman. Qaragin, kelining bugun qanchalik harakat qilibdi. Bundoq chehrangni ochsang bo‘lmaydimi?
– Qo‘ni-qo‘shnilar ustimdan kulyapti, — yana ko‘ziga yosh oldi Jannat xola. – Kelining seni mensimaydi, ikki yilgacha oyijon degizdira olmading, buyog‘igayam uni yo‘rig‘ingga yurgiza olmaysan, deyishyapti.
Qudrat akaning kulgisi qistadi.
– Butun qishloqqa jar solish kerakmasdi. Hovlingda tiq etgan tovush qo‘shningnikida gulduros bo‘lib aks beradi. Sen uchun bu shunchalik ahamiyatli bo‘lsa, kelin bilan ochiqchasiga gaplashib qo‘ya qol.
– Aytganman unga. Lekin Ra’no juda o‘jar. Balki, sizning gapingizga quloq tutar, — Jannat xola eriga iltijoli nigoh tikdi.
– Yo‘g‘-e… – Qudrat aka dovdirab qoldi. – Ha, mayli, urinib ko‘raman.
Ra’no ayvonda erining ko‘ylagini dazmollardi. Qaynotasining kirib kelganini ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Qizim, — gap boshladi u. — Oyingdan xafa bo‘lma, aslida u juda mehribon ayol. Seni ham yaxshi ko‘radi. Mana ko‘rasan, farzandlaring tug‘ilsin, ularni yeru ko‘kka ishonmay o‘zi katta qilib beradi.
Ra’no indamadi. Qudrat aka uning ko‘zlari qizarganidan yig‘laganini his etdi:
– Balki, onangni sog‘ingandirsan?
Ra’no bu gal “ha” degandek bosh irg‘adi.
– O‘g‘limga aytaman, seni shaharga olib tushsin. Ota-onangning uyida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib qaytasan.
Ota-bola ishga ketishdi. Qaynona ham kiyinib, qayergadir chiqib ketdi. Ra’no uyda bir o‘zi qoldi.
– Ra’no, — devor tepasidan Rustamning boshi ko‘rindi. U devordan bir sapchib tushdi-da, qo‘ynidan bir necha shaftoli olib Ra’noga uzatdi.
– Ol, bular senga.
– Rahmat.
– Endi har kuni senga mevalar olib kelaman. Tuzukroq ovqatlanishing kerak.
– Nimaga unday deyapsan? – ajablandi Ra’no.
– Chunki yaqinda ona bo‘lasan.
– Qayoqdan olding bu gapni? Senga kim aytdi?
– Butun qishloq biladi-ku. Hamma shu haqda gapirib yuribdi.
– Men o‘zim bilmayman, ular qayoqdan bila qolishibdi?
– Kecha Jannat xola biznikiga chiqib mening onamga aytdila. Oying shunday xursand edilarki, hattoki yig‘lab ham yubordilar.
– Yo‘g‘-e, – Ra’no ishonqiramadi.
– Yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam, til tortmay o‘lay, — qizishib ketdi Rustam. – Endi bu yog‘iga o‘zingni ehtiyot qil.
– Shuning uchun bugun ko‘chani supurib qo‘ygan ekansan-da? — jilmayib dedi Ra’no.
– Men supurganim yo‘q.
– Nega yolg‘on gapirasan, kim bo‘lmasa?
— Farishtalar bo‘lsa kerak.
Ra’no kulib yubordi.
— Albatta, agar sen — farishta bo‘lsang. Boshqa bunday qilma. O‘zim eplayman. Ammo baribir rahmat.
— Arzimaydi. Lekin sen hammadan kech chiqasan-da.
— Nima bo‘pti? Tong otguncha boshqalarniki qurib bo‘ladi, meniki esa salqin bo‘lib turadi.
Endi Rustam xandon otib kulib yubordi.
— Ajoyibsan-da, Ra’no. Axir gap bunda emas. Erta saharda parilar uylar tepasidan uchib o‘tadi. Qaysi uyning atrofi supurilgan, suv sepilgan, eshiklar ochiq bo‘lsa, o‘sha xonadonga qut-baraka tashlab ketadi. Sendan bir narsani so‘rasam maylimi?
— Mayli.
— Nega qishloqda hech kimga qo‘shilmaysan? Yo o‘zgalardan farqing bormi?
— Albatta bor. Aks holda shaharni tashlab, shu xudoning nazaridan chetda qolgan qishloqqa kelarmidim?
— Bu yer senga yoqmaydimi? — xafa bo‘ldi Rustam.
— Yo‘q.
— Nima, bu yerdan ketasanmi?
— Ketaman. Ammo sen kuyunma. Albatta, bu yerlarga yo‘lim tushsa, seni yo‘qlab turaman. Ungacha o‘zing ham qanot qoqib ketmasang.
— Men bu yerdan hech qayerga ketmayman! — mag‘rur dedi Rustam.
Ra’no kechki ovqatga dasturxon tuzatdi-da, hovliga yugurib chiqdi. Tog‘lar orasiga yashirinayotgan quyoshga mahliyo bo‘lib qoldi. Uning so‘nggi nurlari ta’sirida atrof oltin kabi tovlanaredi.
“Buncha go‘zal bo‘lmasa, – xayolidan o‘tkazdi Ra’no. – Shu paytgacha sezmagan ekanman”.
Ra’no yana achchiq ta’mni his etdi. Ammo noxush hissiyot tezda o‘tib, yoqimli kayfiyat bilan almashindi. Ra’no sekin qo‘llarini ko‘ksi ostiga qo‘ydi. “Nahotki men ona bo‘lsam?” Qaynota uni choyga chaqirib, shirin xayollarini boiib yubordi.
Yulduzlar bilan qoplangan tungi osmon o‘z hukmronligini o‘tkazmoqda edi. Yangi tug‘ilgan oy yotoqxonaning ochiq derazasidan mo‘ralab, Ra’noni uyg‘otib yubordi. Tog‘lar ortidan aks bergan boyo‘g‘li qichqirig‘i tunning sehrli sukunatini buza olmadi.
Ostonada Ra’no ko‘rindi. Uning egnida onasi sovg‘a qilgan yangi issiq xalat, boshidagi zarhal ro‘moli o‘ziga juda yarashgan. Ra’no zinapoyaning eng yuqori pog‘onasiga tiz cho‘kdi-da, qop-qora tog‘lar tomon qaradi. Oy nuri ostida ular juda mahobatli va samimiy tuyuldi.
“Men va farzandimni ular har qanday balo-qazolardan asraydi”, — xayolidan o‘tkazdi. Shu tobda Ra’no fikr-xayolidagi bu o‘zgarishdan o‘zi ham hayratga tushdi. “Menga nimalarbo‘lyapti o‘zi?”
… Tunning saharga o‘rnini bo‘shatib beradigan vaqt ham keldi. Oy va yulduzlar xira tortdi. Ra’no hamon ro‘parasidagi keng tog‘ tomon qarab o‘tirardi. Bir necha daqiqalardan so‘ng uning ortidan quyosh ko‘rinadi, o‘zining iliq nurlarini dunyoga tortiq etadi. Bundan Ra’no ham bahramand. Tonggi shafaq ko‘rindi. Yangi kun tug‘ila boshladi. Ra’no o‘zini shu sehrli subhidamning bir boiakchasi ekanini tuydi. Shu payt u savoliga javob topdi: unda, shu kun kabi, ayollik hissi tug‘ilayotgan edi.
Ra’no o‘rnidan turib, pastga tushdi. Qadamlari yengil edi. Ko‘cha va hovlini supurdi, suv sepdi. Keyin oshxonaga kirib, nonushtaga dasturxon tuzatdi. Bir ozdan so‘ng xonaga qaynona kirib keldi.
– Assalomu alaykum, oyijon! – Ra’noning ovozi titradi. Beixtiyor aytdi “oyijon” so‘zini. Jannat xolaning yuzlari yorishib, ko‘zlari porilladi, lekin darrov javob bermadi.
– Vaalaykum assalom, qizim. Yaxshi uxlab turdingmi?
– Juda yaxshi, oyijon. Men bugun saharni kutib oldim.
– Senga yoqdimi?
– Albatta yoqdi. Uning shunchalar go‘zal bo‘lishini bilmagan ekanman.
Oshxonaga ota-bola kirib keldilar. Qaynona-kelinning kayfiyati nonushtaga iliqlik berdi. Suhbat qizidi.
– Ra’no, qachondan beri hech qayerga bormaymiz. Yur, sha-harga tushib aylanib kelamiz, – dedi Umid er-xotin yolg‘iz qolgach.
– Oyijon nima derkinlar… — Ra’noning ovozi o‘ziga yoqdi, muloyim, beozor.
– Boringlar, bolalarim, boringlar, — dedi nariroqda ularni kuzatib turgan Jannat xola. — Faqat ovqatgacha kechikmay qaytinglar-da. Sizlarsiz dasturxon huvillab qoladi.
Yoshlar chiqib ketishi bilan Jannat xola ham qo‘liga kosa tutib, eshik tomon yo‘naldi.
– Ha, sen qayoqqa, xotin? – Qudrat akaning ovozi shahdam edi.
– Qo‘shnilarnikiga chiqib, birontasinikidan qaymoq topib kelay. Kelinimiz chuchvarani juda yaxshi ko‘radi.
– Qaymoqning bunga nima daxli bor?
– Axir keliningiz chuchvarani qaymoqsiz emaydi-da…