Murodulla G‘afurov. Tushundi (hajviya)

Gazeta muharriri tahririyatga yangi ishga kelgan muxbirga topshiriq berdi:
— Hayotni o‘rganing, uka. Turmushimizda uchrab turadigan muammolar haqida yozing. Keyingi paytlarda gazetamizda tanqidiy maqolalar kamayib ketdi. Tezroq harakat qiling.
Muxbir xursand bo‘lib ketdi. To‘g‘ri-da, har kimga ham bunday muhim topshiriq berilavermaydi. Demak, u bu borada qobiliyatli ko‘rinadi.
Yosh xodim ko‘chaga chiqdi. Shohbekat yo‘lovchilar bilan gavjum. Bunday joylarda muammolar ko‘p bo‘ladi. Ularning qay biri muhim ekanligini aniqlab olsa bo‘ldi. Ishxonaga boradi-da shartta yozib tashlaydi.
Kutish maydonining chetrog‘ida joylashgan chog‘roq o‘rindiqda cholu kampir suhbatlashib o‘tirishardi. Muxbir ularning yoniga borib:
— Assalomu alaykum, otaxon, onaxon! — dedi guvohnomasini ko‘rsatib. — Tanqidiy maqola tayyorlamoqchi edim. Ehtimol sizlarni ba’zi muammolar qiynayotgandir? Shu haqda…
— Muammoni qo‘yatur, bolam, — dedi chol ajablanib, — undan ko‘ra, yoshlarimizning tarbiyasi haqida yoz. Juda bevosh bo‘lib ketishgan. Qara, hammayoq iflos. Sigaret sabil qolgurni tinimsiz chekishadi, muzqaymoqni yeb, qog‘ozini yerga otishadi. Og‘zilaridan chiqayotgan bema’ni so‘zlarga chidab bo‘lmaydi. Otasi tengi odamni hurmat ham qilishmaydi.
— Otaxon, ismingizni aytsangiz, yozib olay. Sizning nomingizdan chiroyli maqola tayyorlayman.
— Gazetaga chiqarmoqchimisan?! Hm… — cholning aft-angori o‘zgardi. Keyin qo‘l siltab dedi:
— O‘zingning nomingdan yozaver, nima qilasan meni bunaqa ishlarga aralashtirib.
Muxbirning hafsalasi pir bo‘ldi. O‘ylab o‘tirmay bozor tomonga yo‘l oldi. Bozorda muammo to‘lib yotgan bo‘lishi kerak.
Yo‘lovchi avtobusda tuman markazidan biroz chetroqdagi bozorga bir amallab yetib oldi. Avtobus xususiy tadbirkorga qarashli ekan. Tiqilinch, o‘rindiqlarga qarab bo‘lmaydi. Buning ustiga, yo‘lning narigi tomonida bir odam ko‘rinsa ham, to‘xtaydi. Motoriga sifatsiz benzin quyilganmi, avtobusning ichi tutun bilan to‘la.
Yo‘lovchilardan biri ming‘irlay boshladi:
— Insof qolmadi o‘zi bularda. Pulni qurutday sanab olishadi, manabu siniq o‘tirg‘ichlarni tuzatib qo‘yishsa bo‘lmaydimi…
Muxbirga jon kirdi. Urinib-surinib, ming‘irlayotgan odamning oldiga o‘tdi.
— Aka, gazetaga muammoli maqola yozayotgan edim, tanqidiy fikrlaringizga qo‘shilaman, shu desangiz… familiyangizni yozib olsam…
— Muxbirmisan? — asabiylashib so‘radi hamon ming‘irlayotgan odam.
— Ha, tahririyatning topshirig‘i bilan yuribman.
— Yurgan bo‘lsang, menga nima? O‘zing yozib, qalam haqisini o‘zing olaver, meni aralashtirma, bildingmi?
Muxbir bozorgacha miq etmay ketdi. Qiziq ekan-ku bu odamlar, o‘zlari boshlashadi-da…
Bozorda bundan ham battar bo‘ldi. Kiraverishda bir odam yig‘laguday bo‘lib turgan ekan, sodda muxbir undan hol-ahvol so‘radi.
— E uka, sen so‘rama, men aytmay, — dedi u hasratidan chang chiqib. — Olibsotarning qo‘liga tushib qoldim. Ikki qop sabzi olib kelgandim. O‘zim peshona teri bilan Bo‘kada yetishtirganman. O‘zim sotmoqchiydim, qo‘yishmadi. Arzon-garovga ketdi.
— Bo‘kadan keldim deng, ismingizni yozib olsam maylimi. Muxbirman, bunday tekinxo‘rlarni gazetaga boplab yozish kerak…
Muxbirning gapi og‘zida qoldi. Dehqon duch kelgan avtobusga o‘zini urdi…
Sho‘ppayib tahririyatga keldi. Ish stoliga o‘tirib, hammasini qog‘ozga tushirdi. Yoshlar tarbiyasi yaxshi emas, shaxsiy transport vositalari ta’mirga muhtoj, bozorni olibsotarlar egallab olishgan…
Muharrirning peshonasi tirishdi.
— Uka, bu gaplarni qayerdan olding, rosa to‘qibsan-ku. Men senga hayotni o‘rgan degandim-ku, nega tushunmaysan?
Muxbir tushundi.