Muhtarama Ulug‘. Jannat nafasli fasl (hikoya)

Munavvar kichkina qizining royishligiga yana bir karra tan berdi. Aslida, u bolani yozga chiqib, mevalar pishganda ko‘krakdan chiqarmoqchi edi-yu…
Dilini g‘ashlaydigan tush ko‘rib, onasining sog‘liqlarini bilmoq uchun Farg‘onaga qo‘ng‘iroq qildi. «Onam yaxshimilar?» — degan savoliga «Yaxshilar…» — deb javob qaytargan singlisining ovozi titraganday bo‘ldi.
— To‘g‘risini ayt, — dedi Munavvar. — Yana o‘tgan yilgi qishdagiga o‘xshab…
Bu gapga singlisi oshkor piqillab oldi-da:
— Hozir ancha tuzuklar, — dedi. — Lekin o‘n besh kuncha rosa qo‘rqitdilar. Sizga xabar qilaylik, desak, sovuq kunda yosh bola bilan qiynalib qolasizmi, deb…
Munavvarning ichiga chiroq yoqsa yorishmay qoldi. Oxiri eriga:
— Ikki kunginaga Farg‘onaga borib kelishimga rozi bo‘lsangiz, — dedi.
Sukut — rozilik alomati.
— Ikki kunginaga borib keladigan bo‘lsangiz, Bonuni tashlab keta qoling, — dedi eri. — Bolani ham, o‘zingizni ham qiynamang.
Gapning ochig‘i, Munavvar onasining betobligini eshitgan lahzadayoq yo‘lga chiqishga tayyor edi-yu, mana shu kichkinasini o‘ylab qanoti bog‘langan qushday ucholmayotgan edi. Eri bitta gap bilan butun muammoni hal qildi-qo‘ydi.
— Bonu sizlarni qiynab qo‘ymasmikin? — dedi ikkilanib.
— O‘rganadi-da. Qornini to‘ydirib qo‘ysak, bo‘ldimi?
…Ertasiga — juma kuni shom tushganda Munavvar ota uyiga kirib bordi. Onasining uyidagina chiroq yonib turibdi. Demak, akasiyu kelinoyisi ham shu yerda. Eshikni ochgan zahoti opasi:
— Vo-oy, ana! Aytmadimmi! — dedi. — Bekorga yelkam uchmayotgandi!
Uzoqning ishi qursin, kasallik asoratidanmi yoki uch oydan buyon ko‘rishmaganlaridanmi, lahzada ko‘zlariga duvillab yosh to‘lgan onasining ranglari ancha siniqib, jussasi ham kichrayib qolganday edi. Lekin jigarbandlarning ko‘rishish onlaridagi ko‘ngil to‘liqishlari hademay sokin suhbatga, shukronalarga almashindi. Mezbonlar ancha muddat Munavvarning kichkintoyi — Bonuning gap-so‘zlari, qiliqlari haqida eshitisharkan, g‘oyibdan uni tasavvur qilib zavqlanishardi.
— Ko‘krakdan chiqardingmi? — deb so‘radi to‘satdan onasi.
— Yo‘q, — javob qaytardi Munavvar. — Sutim ham nomigagina. Sutli kasha pishirib beraman. Endi buni… uxlash oldidan xumorbosdiga ermak qiladi-da…
— Yo‘q deganingdayam, go‘dakning rizq-nasibasiga yarasha sut bo‘ladi, — dedi onasi. — Sen bu yoqqa kelganingda, ular nima qilishadi? Bola o‘ziyam qiynalib, dadasiniyam rosa…
— Menga juda yopishib, emaman, deb xarxasha qilavermaydi, — deya onasini tinchlantirmoqchi bo‘ldi Munavvar. Keyin kulib qo‘shib qo‘ydi:
— Dadasi: «Sizni ko‘rmasa, juda aqlli qiz bo‘lib yuradi», — deydilar-ku, mana ko‘rasiz, yanayam beozor bo‘lib qoladi.
Qat’iy qarorga kelmagan bo‘lsa-da, bu fikr Munavvarning ko‘nglidan ham o‘tgandi. Kelinoyisining gapi niyatini jiddiylashtirdi: ikki kun ko‘rmay, emmay tursa, qizi ancha ko‘nikadi. Har doim ham shunday imkoniyat bo‘laverarmidi? Yozning issiq kunlarida ajratgandan ko‘ra, hozir salqinda yaxshimasmi?
U yozda ona ko‘ksidan ajratilgan bolaning ahvoli qanday bo‘lishini o‘z o‘g‘lida ko‘rgan. O‘shanda Azizjon o‘n bir oylik edi. Kutilmaganda Munavvarning isitmasi ko‘tarilib ketdi. «Tez yordam»da kelib ukol qilishdi. Lekin bir muddatga tushgan isitma hademay huruj qilaverardi. Uchinchi bora chaqirtirilgan «Tez yordam»da kelgan shifokor:
— Endi sizni shifoxonaga olib ketamiz, yaxshilab tekshirish kerak, — dedi jiddiy.
Munavvar buning iloji yo‘q degan ma’noda o‘g‘liga qaragandi, shifokor tushunishni ham istamadi:
— O‘g‘lingizga uyda qarab turishadi.
Munavvar nochor shifoxonaga jo‘nadi. Dorilarning ta’sirida isitmasi goh tushib, goh ko‘tarilardi. Nihoyat, uchinchi kuni tashxis aniq bo‘ldi: buyragi shamollagan ekan.
Bu orada ko‘kragi to‘liqib og‘rishlari ham birmuncha pasaydi. Demak, suti qayta boshladi.
To‘ylaridan keyin biror marta «uh» demagan xotinining birdaniga bunday betob bo‘lib qolganidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozgan eri nuqul:
— Azizjondan xavotir olmang. Oyim bilan bir yaxshi o‘tiribdi. Ovqatlar yeyapti, — deb uni tinchlantirardi.
Biroq sog‘inchni yengib bo‘lmaydi. Isitmasi tushgan kuni kechki payt u navbatchi shifokorning oldiga borib yalindi:
— Uyimiz yaqinginada. Shundoq borib o‘g‘limni bir ko‘rib kelay…
Shifokor ko‘rinishidan ruxsat bermoqchi emasdi. Lekin Munavvarning yuziga tikilib turdi-da:
— Mayli, — dedi. — Ammo soat to‘qqizgacha qaytib keling!
Uylari qarshisidagi bekatda avtobusdan tusharkan, qadamlari hech unmasdi. Nazarida, bag‘rida sahroday bir bo‘shliq, jaziramaday sog‘inch bor ediki, tezroq uyga kirsayu bolasini bag‘riga bossa!
— Oyi! — deb eshikni shahd bilan ochdi. Ichkari uydan o‘g‘ilchasining cho‘chib tushganday chinqirgani eshitildi.
— Hay, hay, qizi-im… — deb oshxonadan shoshib chiqdi qaynonasi. — Bolani uyg‘otib yubordingiz-a!..
Go‘dakkinaning onasini ko‘rmasa-da, uni ovozidan tanib chaqirayotgani shundoqqina bilinib turardi. Butun vujudi bilan ichkariga — bolasining yoniga talpinayotgan Munavvarni qaynonasi gapga tutdi:
— Voy, men bilan ko‘rishmaysizmi? Muncha yaxshi, tuzalib keldingizmi?
— Yo‘q, yana uch-to‘rt kun yotasiz, deyishyapti. Aziz… Sizlarni juda ko‘rgim keldi, hozir yana qaytib ketaman.
Bu gaplar asnosida o‘g‘ilchasining yig‘isi yana kuchaydi. Munavvar tutqichni ushlagan zamoni:
— To‘xtang, — dedi qaynonasi. — Hozir shifoxonaga qaytib ketadigan bo‘lsangiz, bolani qiynab nima qilasiz!
Munavvar tushunmadi. Qaynona davom etdi:
— O‘g‘lingiz ikki kun sizni ko‘rmay, emmaslikka sal-pal o‘rganyapti. Agar hozir yana qo‘lingizga olib emizsangiz, ham kasal bo‘ladi, ham sizni yana qo‘msab, injiqligi ortadi. Bolani sutdan ajratib qo‘ya qoling shu bahonada.
Munavvar nima qilarini bilmay turib qoldi. Ichkarida o‘g‘li hamon g‘ingshir, o‘ziga qolsa, hoziroq bolasini bag‘riga bosib, shifoxonaga qaytmasdi. Kelinining qalbidan kechayotganlarni qaynona-ona qalbi bilan his etib turardi. Shuning uchun ko‘zi bilan «Bu yoqqa keling!» — ishorasini qilib oshxona tomonga o‘tdi. Ham maslahat, ham nasihat tarzida dedi:
— Azizjon yoshiga yetib qoldi. Bugun bo‘lmasa, ertaga baribir ko‘krakdan ajratishingiz shart. Shuning uchun uni yana bir-ikki kun ko‘rmay turganingiz ma’qul, to‘g‘rimi?
Savolga javoban Munavvarning ko‘ziga yosh to‘la boshladi. O‘g‘lining qiynalishi haqidagi gap uning dilini ezayotgandi. Buning ustiga, shunday paytda bolani qo‘liga olmasa, erkalatib yupatmasa… Lekin qaynonasining gaplariyam asosli.
Shundoqqina buloqning oldiga kelib, jon-jonini jizillatayotgan sog‘inch-chanqoqni bosolmay orqaga qaytish… Agar shu maslahatni o‘z onasi aytganda, hozirgiday indamay turib eshitarmidi, yo‘qmi?… Javobiga nochor ko‘z yoshlarini oqizib qo‘ya qolarmidi…
Qaynonasining o‘zi tadbir topdi:
— Men hozir uyga kirib, Azizjonni ayvon tomonga qaratib qo‘yaman. Siz uni derazadan ko‘ring, bib-binoyidek yotibdi, — qaynonasi Munavvarning kayfiyatini ko‘tarmoqchi bo‘ldimi, hazil qildi, — yo… o‘g‘lingizni menga ishonmayapsizmi? Nima, eringizni yomon tarbiyalabmanmi?
Munavvarning yuziga beixtiyor xijolat aralash tabassum yoyildi.
Derazaning yupqa pardasi orqasidan beshikda yotgan Azizjon shundoqqina ko‘rinib turardi. Qaytanga mana shu ikki kun ichida u kattaroq bo‘lib qolganga o‘xshardi. Faqat ko‘zlari… kimnidir, kimnidir emas, onasini izlab ikki tomonga jovdirardi. Munavvarning ko‘kraklari jimirlab, nina-nina og‘riqlar kuchaydi. Bolasi onasini, ona ko‘ksini izlayapti, Munavvar endi yoshlarini tiyolmay qoldi. Lekin o‘zini tutdi…
Bu holat Munavvarning diliga o‘chmas bo‘lib muhrlanib qoldi.
Shifoxonadan qaytgach, bolani emizmadi. O‘sha kunlari Azizjon tinmay suv ichardi. Cho‘llab, butun vujudi chanqoqdan qovjiragan, saratonda quyoshning tik tig‘i ostida ishlagan odamday piyolaga yopishardi. Munavvar buning sababini yozning issiqligiga yo‘ysa, boshqa tomondan keksalarning gapini eslardi: «Ona suti bolani ham to‘ydiradi, ham chanqog‘ini bosadi».
Oradan yillar o‘tib angladiki, o‘shanda o‘g‘li shunchaki chanqoqdan qiynalmagan ekan…
…Munavvarning nazdida qizini ona sutidan ajratish osonroq o‘tadiganday edi. Chunki o‘g‘li bir yoshgacha faqat uni emardi. Bonu esa uch oyligidan boshlab qo‘shimcha ovqatlarga o‘rgangan. Ona suti yo‘q hisobida edi-da.
Farg‘onadan onasini ko‘rib qaytgach:
— Bolalar bilan qiynalmadingizmi? — deb so‘raganda, eri:
— Bolalar hamma erkaligini sizga qilishadi. Yurishdi yuvvoshgina, mo‘mingina bo‘lib, — dedi. — Mana, keldingiz, yana erkalik boshlandi.
Eri Munavvarning quchog‘ida nimaningdir ilinjida g‘ingshiyotgan qizchasiga ishora qildi. Ona tushunib turibdi, qizi ko‘krak so‘rayapti. Lekin Munavvar qat’iy qarorga kelib qo‘ygandi, shuning uchun shart o‘rnidan turdi.
— Yur, men seni xo‘ppa qilaman. Miyovga boramiz, bobov ko‘ramiz, — deb bolaning xayolini chalg‘itishga tushdi.
Bola ekan-da, ko‘z o‘ngiga darrov miyov, bobov keldi, tashqariga talpindi.
Kunduzlar shu taqlid aldashlar, ovutishlar bilan o‘tar, lekin kechqurungi uyqu oldidan, hay, hay, hay… Qizchasi Munavvarning ko‘ylagini jon-jahdi bilan yulqilab tortar, «bering, beri-ing!..» — deb yolborardi. Munavvar «Biji, achchiq!» — deb bolaning qo‘lini qaytarar, lekin go‘dakkinani hech ovutolmas, aldolmasdi. Kun bo‘yi murg‘ak vujudda to‘plangan ona sutining xumori go‘yoki kechqurun xuruj qilardi. Bolagina yuzlarini yosh yuvib yig‘lardi. Alamidan onasining yuzlaridan yumdalanardi. Shunday paytda Munavvar: «E-e, bor-e!» — deb emizvorgisi kelardi.
Bir kuni uyqu to‘la ko‘zlarining qaboqlari qa’riga qurnab ketgan bolagina sira uxlolmadi, chinqirib yig‘lay boshladi. Munavvar bu safar chidab turolmadi. Qizchasini bag‘riga bosdi-yu, «E, bor-e!» — deb bolaning og‘ziga ko‘krak tutdi. Qizaloq qalqib tushganday bo‘ldi, yig‘idan to‘xtadi. Ona ko‘ksiga xuddi chayondek yopishib oldi. Oh, mas’umgina! Uch-to‘rt martta so‘rishi bilan uyqu elitar, entikib bir-ikki nafas olgach, yana cho‘chib bor kuchi bilan so‘ra boshlardi. Ajab, go‘dak ona ko‘ksiga yana, yana yopishib kelar, uzun-uzun nafas bilan go‘yo uni to‘yib-to‘yib hidlardiyam. Shunda Munavvar qizining nima sababdan ona ko‘ksiga yuz bosib uxlashini anglagandek bo‘ldi. Ona sutining hidiniyam qo‘msarkan-da! Hididan ham orom, rohat toparkan-da!
O‘n kunlardan keyin qizaloq onasining ko‘ylagi yoqasiga tirmashmaydigan bo‘lib qoldi. Ammo bolaning ko‘nglida bir xiralik, sog‘inch bor kabi, avvalgidek bexarxasha, uzoq-uzoq o‘ynab yurmasdi. Ilgari shishachadan sutli oshini ichib, ustidan ona ko‘ksini ozgina so‘rgach, ko‘zlari yulduzchadek chaqnab, o‘ynab ketaverardi. Endi esa besabab injiqlanardi.
Munavvarning nazdida qizining yuziga katta bolalarning nuqsi urib borardi. Xuddi shu tuyg‘u tufaylimi, yo boshqa sababmi, ona qalbida ta’riflab bo‘lmas bir o‘kinchmi-ey… kundan-kunga kattayardi. Qiziq, endi Munavvarning dilida nimadir simillab yig‘lardi. Ozgina qizchasini mahkam bag‘riga bosib o‘tirgisi, ilgarigidek erkalatib emizgisi kelardi. Bundan o‘n kunlar muqaddam qizi ko‘ksiga tirmashib yig‘laganda chekkan qiynoqlari holva ekan, endi esa u mitti vujudidan nur taralayotgan qizalog‘ining o‘z bag‘ridan, jonu dilidan uzoqlashib borayotganidan dodlagisi kelar, ko‘ksida nimadir yonardi. O‘zini ayblardi: «Meni birov majbur qildimi? Balkim, keyinroq ajratsam, kattaroq bo‘lib bunchalar azob tortmasmidi? Nega shoshildim? Axir Bonuchaning menga hech qanday og‘irligi tushayotgani yo‘q edi-ku…»
Munavvarning nazarida, u qizining rizqini barvaqt qirqib qo‘yganday edi. Balkim, bag‘rini jizillatayotgan… go‘dakning nasibasidir?
Qizchasining kulcha yuzlari, qo‘lchalari, oyoqchalariga qarab hayrati ortib borardi — munis vujud xuddi poklik, muhabbat ramzi edi. Munavvar aqlini tanigandan buyon hech narsadan bunchalar ta’sirlanmagan. Allohning bu qadar mo‘jiza, qudratini uchratmagandi. So‘zda ifodalab bo‘lmas qadarli mukammal, go‘zal, muhabbatga yo‘g‘rilgan olam! O‘n-o‘n besh kungina avval Munavvar mana shu jajjigina farishtani har kuni bir necha marta bag‘riga bosib emizardi. Butun jonu jismi, ruhi farog‘at toparkan-u, qadriga yetmagan ekan. O‘sha kunlarni yetib bo‘lmas ilohiy tush kabi sog‘ina boshladi. Ajab, bu tuyg‘uni nega ilgari his etmagandi? Endi u kunlarga hech qachon yeta olmaydi!
Munavvar qizchasiga yuragi ezilib termular va ayni daqiqada o‘z qalbida bir taskin, mehribonlik tilayotgan munglilig‘ kattarib borardi. Umrida bolasini ko‘krakdan ajratayotgan ayolga taskin berganlarini ko‘rmagan, eshitmagan. Shuning uchun qaynonasigami, erigami ko‘ngildan o‘tayotganlarni aytolmasdi. Onasi, opa-singillari olisda…
U onayu go‘dak bola bitta tomirdan suv ichadi, deganlarining mag‘zini anglayotgandek edi. Alloh jismu ruhini bir vujud ichra yaratgan mushtarak daryo — ona va bola qalbi hayotning beistisno qonuniga bo‘ysunishga majbur edi. Lekin bo‘ysunish osonmasdi. Xuddi daryoning suvini ikkiga bo‘lib tashlamoq uchun qo‘yilgan to‘g‘onni asov to‘lqinlar oqizib ketmoqchi bo‘lgani kabi, mehr-muhabbatning bu yaxlit oqimi bo‘linishni sira-sira istamasdi.
Onayu bolaning quvonchlari, ularning o‘zidan boshqa yolg‘iz Allohgagina tushunikli his-tuyg‘ulari bitta ildizdan hayot simirayotgan chayir daraxt ediki, yashamoqning beshafqat hukmi bu daraxtni ikkiga ajratish uchun qarsillatib, g‘ijirlatib ikki tarafga tortardi…
Ayni shu holat ichra Munavvar qizalog‘ining so‘nggi kunlardagi qiynalishlarining sababini ham anglab borayotganday edi. Yo‘q, murg‘akkina ona ko‘ksini emib, faqatgina sutga emas, behisob mehru muhabbatga ham to‘yib kelayotgan ekan. Emayotgan paytida go‘dakning yuzlariga birdaniga yoyiladigan huzur, barmoqchalari bilan xuddi musiqa asbobini ushlayotganday ona yuzlari, bo‘yinlarini avaylab silashlari, oyoqchalarini baland ko‘tarib olib u yoqdan bu yoqqa erkalanibgina tebranishlari Munavvarni sog‘intirardi.
Angladiki, agar qizchasi shunchaki sut emganda edi, ona ko‘ksidan ajratilganda isyon ko‘targanday o‘zini yeru ko‘kka urib otmasdi. Mana endi o‘sha ilohiy daryo — Munavvarning dilbandiga nisbatan mehru muhabbati xuddi tosh qo‘rg‘onga qamalgan ummon kabi ona vujudiga o‘zini sig‘dirolmas, joy topolmas, intilgan, orzulagan manziliga yetolmas, taskinu chora izlardi. Munavvar nima uchun o‘g‘lini sutdan ajratganda bunday holatni kechirmaganiga hayron edi. Ko‘kdan bitta-bittalab tomchilagan qatralar yomg‘irga aylangani kabi, Ona qalbida yilt-yilt etgan ismsiz tuyg‘u borlig‘ini to‘ldira boshladi. Demak, u avval bu ismsiz faslning yo qadriga yetmagan, yo his qilmagan…
Qorong‘u kunda g‘oyibning inoyati bilan yaraqlab ochilgan so‘qirning ko‘zi birdan yorqin chiroqqa tushgani kabi, Munavvar egizakka o‘xshash, poyi-piyoda kechayotgan yillar, kunlar ichra behosdan dunyoga kelmoq va ketmoqning asl ma’nosini go‘yo tushida topganu yo‘qotganday edi. To‘xta, hayotda hech narsa beiz ketmaydi. Balki Munavvar ilgari bolaning qadriga yetmagandir? O‘g‘lini bir yarim yoshga to‘lgandayoq bog‘chaga topshirib uy-ishxona-bog‘cha o‘rtasida zuvillab yurarkan, xayoli faqat navbat kutib yotgan ishlariga chirmashib, kunlari chuvalashib kechaverardi. Hozir harchand eslashga urinmasin, yodiga tushmadi: o‘g‘lining ilk qadami, dastlabki so‘zlari qachon, qanday boshlangandi?
Endi esa kichkintoyi quchog‘ida uxlab qolsa, soat-soatlab o‘ringa yotqizmasdan, unga termulib o‘tirgisi keladi. Dunyodagi eng go‘zal, nafis, xushbo‘y gul ham qizginaning bir tola sochidek muattaru munavvar emas!
Avvallari tongdan to kun botgunga qadar bitta umidi bo‘lardi. Ya’ni bolalari ko‘proq uxlasa yoki xarxasha qilmay o‘ynasalar, o‘z ishlarini tinchitib ola qolsa! Balkim, o‘shanda Munavvarning qalbida beqadr qolib ketgan tuyg‘ular yillar o‘tishi bilan yangidan bosh ko‘tardimi?
Balkim o‘g‘li bo‘yi cho‘zilib, qo‘lidan kelganicha onasiga yordam beradigan, mehribonchilik qiladigan bo‘la boshlagach, yashamoqning asl ma’noyu maqsadi, tengsiz davlatu quvonchi farzandlar ekanligini anglaganidan tug‘ildimi bu ilohiy sog‘inch? Balki… yo‘q, tavba, tavba, hamma narsaning asl sir asrori O‘zigagina ayon! Muhimi, mana shu ilohiy fasl nasib etdi unga! Dunyoga kelib, bu faslni kutmay, his etmay yashab o‘tmoq… E-voh, Yaratganning ayol jismu ruhiga omuxta qilgan benazir muruvvati, mo‘jizasini armonlarga talosh etmoq bo‘lmasmidi?
Birdan buvisining gapi yodiga tushdi: «Bolaga ortiq mehr qo‘ymang. Allohning qahri keladi».
Munavvar ingichka qoshlarini mayin sochlari to‘sib uxlab yotgan qizchasiga egilib beozor o‘pdi. «O‘zing bergan ne’matinggaki qalbimizda shunchalar mehr-muhabbat uyg‘otding, yo Parvardigori olam, sening muhabbatingga taraf yo‘q! Mana shu saodatdan ayol zotini bebahra etma. Bebahra qilmaganing uchun shukr, shukr, beadad shukr. Bu munavvar ne’matingni o‘zing berding. O‘zing panohingda asra, noumid etmagin, YoRAB!»
Munavvarning dilidagi ummon ko‘zlariga nurli halqalar bo‘lib to‘la boshladi.