Shahar yo‘l boshqarmasining boshlig‘i Halim Xalilovich endigina ishdan qaytib kelgandi hamki, telefon jiringladi.
— Eshitaman!
Go‘shakdan kimningdir yig‘loqi ovozi eshitildi:
— Yaxshimisiz xo‘jayin. Falokat yuz berdi, rasvo bo‘lamiz endi. Kattaning otasi qazo qilibdi.
Bu gapdan Halim Xalilovichning jahli chiqdi. O‘lsa hokimning otasi o‘libdi. Bu nega yig‘lamsiraydi.
— Xudo rahmat qilsin, chol bo‘lganidan keyin o‘ladi-da, sen nega yig‘lamsiraysan. Yoki u ammangning erimidi?
Narigi tomondagi odam sal o‘zini bosib oldi. Ammo ovozidan qo‘rquv baribir sezilib turardi:
— Xo‘jayin kattaning otasi qo‘yiladigan qabristonga Nurafshon ko‘chasi orqali boriladi. Ko‘cha qazib tashlangan, tizza bo‘yi tuproq bo‘lib yotibdi. Bu yoqda havo aynib turibdi. Xudo urib, yomg‘ir yog‘ib qolsa bormi, belgacha loy kechib tobut ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. Ustiga ustak u kishinikiga nuqul kattakonlar kelishadi, mashinalari tiqilib qolguday bo‘lsa, ikkalamizning sho‘rimiz quriydi-ku!
Halim Xalilovich vahima boisini tushunganday bo‘ldi. Biroz o‘ylanib turgach, shoshilinch nomer terdi:
— Menga qarang, Sobirov! Zudlik bilan «Husnobod» ko‘chasida asfalt yotqizayotgan kechki smenani «Nurafshon» ko‘chasiga o‘tkazing!
— Bu ko‘cha o‘tgan oyda bitishi kerak edi, bunday qilolmayman! — degan ovoz eshitildi u yoqdan.
— Buyruqni bajaring, yarim soatdan keyin o‘zim o‘sha yerda bo‘laman, — gapni cho‘rt kesdi Halim Xalilovich…
So‘ngra injener bilan bog‘landi.
— Yura, gap bunday, zudlik bilan «Nurafshon» ko‘chasiga qo‘shimcha asfalt yotqizadigan mashina bilan projektorlarni yubor. Xonasi shunaqa bo‘lib qoldi, ko‘cha shoshilinch remont qilinishi kerak. Barakalla, tushungan yigitsan-da o‘zing, darvoqe, mashinada biznikiga kel, birga boramiz…
Tonggacha ko‘cha tekislandi, u yer-bu yerdagi daraxt to‘nkalari qazib olinib, o‘rni to‘ldirib yuborildi. Ko‘cha chetidagi daraxtlar ham oqlandi. Uyqudan turib, darvozadan chiqqan nurafshonliklar o‘z ko‘chasini tanimay, o‘ngimmi yoki tushmi deb, o‘zini chimchilab ko‘rardi.
Ishchilarni ham ayamagan, o‘zi ham mijja qoqmagan Halim Xalilovich ko‘chaga odam qo‘yib, bu yerdan tobutni olib o‘tishsa, xabar berishini tayinladi. Endigina uyiga kirib, yuvinib choy ichmoqchi bo‘lib turganda «ayg‘oqchi» sim qoqdi.
— Alo, xo‘jayin. Kattaning otasini «Husnobod» ko‘chasidan olib chiqadigan bo‘lishipti.
Halim Xalilovich bu xabardan bir qalqib tushdi. So‘ngra, tuflisini ham kiymay ko‘chaga otildi…