Bahorning ilk kunlari edi. Atrofdan pushtirang, oppoq bo‘lib gullagan daraxtlarning muattar hidlari taralib turardi. Har kuni ikki tomoni chinor, akatsiya daraxtlari soya tashlagan yo‘lakdan yurib ishga ketaman. Boshqa yaqin yo‘llardan o‘tib borishim, vaqtimni biroz bo‘lsa-da tejashim mumkin. Ammo aynan men uchun qadrdon bo‘lib qolgan yo‘lagimdan o‘tib, manzilga yetish osonroqdek tuyuladi, tinch, sokin, odam kam yuradigan yo‘lakdan avtobus bekatigacha ovoz chiqarib o‘zing bilan o‘zing bemalol suhbat qilishing mumkin.
Birinchi bo‘lib yo‘l chetida mudrab o‘tiradigan etikdo‘z boboni ko‘rardim. Endi uning joyi bo‘m-bo‘sh. U yaqinda bu yorug‘ dunyoni tark etgan.
Bugun ham yo‘lakdan shoshilib, tez-tez yurib borardim. Ko‘m-ko‘k o‘tlar ustida yotgan erkak kishiga ko‘zim tushdi. «Birontasi ichib olib dumalab yotgandir-da» desam, yo‘q… yuragini changallab ixrab yotgan chol ekan. Yo‘lakda birpasda odam to‘planganligidan taajjubga tushdim. Inson zoti qiziq, hayotning yo shodon, yo g‘amboda kunlarida darrov to‘plana qoladi. Lekin ularning ko‘pchiligi shunchaki tomoshatalablar edi.
«Tez yordam» chaqirish kerak! — Chap tomonda qator bo‘lib saf tortgan to‘rt qavatli uylar tomon yugurib ketdim. Yaqinrog‘ining yo‘lagiga kirib to‘g‘rimdagi xonadon eshigini jon-jahdim bilan taqillata boshladim. Ko‘z o‘ngimdan yuragini changallab yotgan odamning qiyofasi ketmas, «tez yordam» kelgunicha o‘lib qolmasin-da, deya eshik ochilishini kuta boshladim.
Xayriyat, qadam tovushlari eshitildi. Eshikni ochgunlaricha otam zamon vaqt o‘tib ketgandek bo‘ldi. Shu payt eshik zanjiriga qo‘llar tegdi. Va shunday asabiy tarzda ochildiki, hozir tamom bo‘laman, deb o‘yladim. Tizzasigacha kalta ishton kiygan, ko‘zlari xiyol qizargan qirq besh yoshlardagi erkak ro‘paramda vajohat bilan qomatini kerib turardi. Nazarimda, biroz kayfi bor, o‘qrayib tikilganini ko‘rib oyog‘imdan majolim qochdi. Ammo uning ro‘parasida qad rostlamay ilojim yo‘q edi.
— Odam o‘lyapti! — dedim hovliqib. — Yuragi kasal shekilli… «tez yordam» chaqirish kerak. Iltimos, telefon qiling!
Xonadon egasi eshigini qanday vajohat bilan ochgan bo‘lsa, o‘sha tarzda yuzimga taraqlatib yopdi. Men boshqa xonadon eshigini taqillatishga majbur bo‘ldim. Hayriyat, insofli kishilar ekan, darhol qo‘ng‘iroq qilishdi.
Ortimga qaytib kelsam, chol olamdan o‘tibdi. Yuragim gup-gup urib, «Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin», deya ohista pichirladim. Peshonasida ko‘chada o‘lib qolish yozig‘liq ekan-da. To‘planganlar afsus bilan bosh chayqashar, kimdir melisani chaqirish kerak, desa, yana kimdir cho‘ntagidan hujjatini olib yashaydigan manzilini aniqlash kerak, derdi.
Hassasini to‘qillatib shu joydan o‘tib ketayotgan bir mo‘ysafid biz tomonga keldi, zo‘rg‘a cho‘kkaladi. O‘likning ochilib qolgan yuzlarini siypalab yopdi. Yosh yigitlardan biri marhumning ancha narida yotgan sumkasini olib keldi.
Chalqancha yotgan marhumga bir zum termulib qoldim. Qoplama tishlari yonginasida yotar, yuzi, lablari ko‘kara boshlagan edi. Kimdir achinyapti, ko‘zlari bejogina yigit bechora cholning cho‘ntagini kovlab hujjat qidirish bilan ovora, kimdir ishga kechikayotgani uchun xuddi o‘lik aybdordek nimalarnidir to‘ng‘illaydi, lekin bir qadam joyidan jilgisi yo‘q.
Cholning cho‘ntagidan hujjatlari chiqdi. Ko‘zlari bejo yigitning nimanidir cho‘ntagiga solganiga ko‘zim tushdi, nimaligini esa bilolmadim. Ammo tillarimga mix qoqib qo‘yilgandek og‘iz ocholmasdim. Kimdir sergak tortdi, kimdir piqillab yig‘ladi, yana kimdir marhumning yaqinlarini izlab ketdi.
Birov uyiga ketar, birov ishiga shoshilar, yana birov esa «tez yordam» yoki melisa kelmayotganligidan nolishga tushdi. Shu chog‘ odamlarni kuzata turib, eng ortda turgan ayolga ko‘zim tushdi-yu, seskanib ketdim. O‘ttizlarga ham yetmagan bu xonim ikki ko‘zi o‘likda-yu, zo‘r berib muzqaymoq yalardi. Uning shu tobda muzqaymoq yalashidan jirkandim va yuzimni chetga burdim. Ayol haqida «o‘z yaqinlarining o‘limini ham shu tarzda shirinlik yalab kutib olsa kerak», degan xulosaga borib qo‘ya qoldim.
Hammayoqni larzaga keltirib «tez yordam» mashinasi yetib keldi. Chol endi ularning yordamiga muhtoj emas. «Bilganlaringni qilinglar» deyayotgandek bemalol yotardi.
Cholni olib ketishdi, shundan so‘ng hammamiz tarqalib ketdik.
Kunlar o‘tdi. Bu yo‘lakdan har kuni o‘taman. Goh ishga, goh bozorga… lekin chol olamdan o‘tgan joyni bosib o‘tishga sira haddim sig‘maydi. Hamisha sal nariroqdan o‘tishga harakat qilaman. O‘sha joyni bosib toptab o‘tayotganlarni ko‘rib, «sal nariroqdan o‘tinglar» deb yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyaman. Ularda ayb yo‘q. Bu yerda nima voqea bo‘lganligini bilishmaydi ham.
Ichimda bir sado bor: «Sening nima ishing bor? Bu joy sening shaxsiy mulkingmidi? Xo‘sh, shu bir parcha joyda odam o‘lgan bo‘lsa nima bo‘pti? Ilgari ham o‘lgan, bundan keyin ham o‘ladi. Bu dunyoda odamning joni uzilmagan joy bormi o‘zi? Indamay yo‘lingda davom etaver!»
Botinimdagi hissiyotlarga qarshi bosh ko‘tara olmas edim, izmidan yurishga majbur edim. Kimdir bu yo‘ldan gul ko‘tarib o‘tadi, kimdir pul ko‘tarib o‘tadi, kimdir muhabbatga sarxush bo‘lib o‘tadi, yana kimdir bolaligini, yoshligini eslab og‘ir nafas olib o‘tadi. Kunlar, faqat kunlargina yer yuzidagi barcha holatu manzaralarga xotirjam alfozda loqayd nazar tashlab turaveradi.
Odamlar o‘taveradi, kunlar-da o‘taveradi. Men bo‘lsam, bu o‘tmishlarning har birida o‘ziga xos taqdirlarni ko‘rardim. Ayniqsa, o‘sha kungi voqea ong-shuurimga allaqachon o‘z muhrini bosib bo‘lgan, o‘lgan odamning cho‘ntagini kovlayotgan ko‘zlari bejo yigit, muzqaymoq yalayotgan yashil durrachali xonim, marhumning manzilini izlab ketayotgan odamlarning chehrasi — birma-bir namoyon bo‘laverar edi. Har gal shu joydan o‘tayotganimda, chol bandalikni bajo keltirgan bir parcha joyga xayrixohlik nazari bilan termular edim. Kim edi u? Yuragi kasal, ancha keksa bo‘la turib og‘ir sumka ko‘tarib yurishga tirikchilik majbur qildimi? Farzandlari bor edimi yoki yakkayu yolg‘izmidi? Qabri tepasida «otam-ov» deb yig‘lab turadigani bormidi, yo‘qmidi?..
Yomg‘irlarni goh shivalatib, goh sharros quydirib ko‘ngilsiz xotindek bahor ham o‘tib ketdi. Kimdir boyagi joyda mast bo‘lib dumalab yotdi, yana kimdir charchab dam olgani o‘tirdi. Kimdir qiz quchoqlab o‘tdi, kimdir qovjiragan o‘tlarni supurib-sidirdi.
Yoz kunlarining birida meni jimgina tinglaydigan yo‘lagimdan o‘tib borar ekanman, ko‘zim aynan o‘sha joyda yig‘lab turgan to‘rt-besh yoshlardagi bolaga tushdi. U ovozini baland qo‘yib yig‘layapti. Qo‘lida shirin makkajo‘xori qalamchalari to‘ldirilgan quticha. Bolakay tinimsiz yig‘lar, quyosh quyuq daraxtzorlar orasidan uning boshiga bor bo‘yicha yog‘dularini tushirib olgan, atrof allaqanday rango-rang nurlardan yorishib ketgandek edi. O‘ynab yurib adashib qolgan bolakay tomon yaqinlashdim, chol o‘lib qolgan parcha joyni bosishga majbur bo‘ldim. Bolaning ko‘z yoshlarini artdim, yupatdim, u jim bo‘ldi. Qo‘lchalaridan ushlab u yashaydigan uy tomon yurib ketdik. O‘sha kungi voqeadan so‘ng o‘zimni birinchi marta yengil his qildim.