Istam Hamroyev. Kelin (hikoya)

Yigitlik chog‘larida nafaqat tuman, balki qo‘shni viloyatda ham nom taratgan Hamdam polvonning uyi sinib, kampiridan ayrilganiga ham uch yil bo‘p qoldi. Chol-kampir oltita yoshiga yetib-etmay nobud bo‘lgan bolalaridan keyin ellikning ostiga borib, tilab olgan yolg‘iz o‘g‘illari Turdimurod boyaqishlarning peshonasiga sig‘magan ekan. Taqdirni tadbir qilib bo‘lmas ekan-da, nachora. Qish kuni shahardan yo‘lovchi mashinada kelayotib, muzlagan yo‘lda halokatga uchragan Turdimurod oppoq qorni qizilga bo‘yab bu olamdan shahid ketdi. Bu vaqtda yoshgina kelin ikki yashar bolasi bilan beva qoldi. Polvon «o‘g‘limizdan yodgor, nevaramiz bor-ku» deb, harchand dalda bo‘lishga harakat qilmasin, yolg‘iz o‘g‘lining dog‘ida ado bo‘lgan kampiri ham ko‘p o‘tmay vafot qildi. Kattakon hovlida Hamdam polvon kelini Shoira va nevarasi bilan qoldi. Qaynota va kelin, ayniqsa, kampirning vafotidan keyin bir-birlariga juda suyanib qolishgandi. Asli yaxshi oilaning farzandi bo‘lgan Shoira fahmu-farosati, qo‘l-oyog‘i chaqqonligi uchun chol-kampir xonadonlariga kelgan kunlaridanoq unga mehr qo‘yib qolishgan edi. Kelin darrov qaynonasining qo‘lidan ishlarini olgan, ayniqsa dasturxon tuzash, har xil achchiq-chuchuk, gazaklarni qoyil qilardi…
Chol ko‘nglini yozib kelsin deb, vaqti-vaqti bilan nevarasini qo‘shib, kelinni ota-onasinikiga yuborar, o‘zi yuborib yana o‘zi yo‘lga ko‘z tikib o‘tirar edi. Kelin ham sigir-buzoq bahona, aslida qaynotasini ko‘zi qiymasdan, borgan joyida ko‘p qolmasdi. Shoira qishloq ambulatoriyasida hamshira bo‘lib ishlardi. Shu voqealardan so‘ng ishdan ham bo‘shadi. Na qaynotasi, na hamkasblari yurak yutib uni ishga qaytaroldi. Uyda sigir-buzoqqa, tomorqaga qarar, boshqa turmush qilmasdan hovlida qolishga qat’iy ahd qilgan edi u. Qaynotasini ham yosh bolaga qaraganday astoydil parvarish qilar, shu yumushlar bilan ovunib kunni qaritar edi. Chol har azon turganida uyining eshigida tahorat suvi tayyorlangan turar, kelini sigir sog‘ayotgan bo‘lardi.
Lekin shuncha ko‘rgiliklardan keyin saksonga borib qolgan cholning barvasta jismidan soat sayin mador ketib borar, so‘nggi paytlarda ko‘ksi simillab, yuragi bezovta qiladigan bo‘lib qolgan edi.
Qudalari ham andishali odamlar ekan, yigirma to‘rt-yigirma beshga kirib-kirmay bebaxt bo‘lib qolgan qizlarini darrov olib ketishmadi. Ammo orqavarotdan qudalarinikiga qizlarini so‘rab u yoq-bu yoqdan odam qo‘yishayotganlari qulog‘iga chalinardi. Shoira bir necha marta otasinikidan avzoyi buzilib kelganidan, boshqa qaytib bormayman, deb achchiq qilishidan chol hammasini fahmlab turar edi. Polvonning o‘zidan ham bir necha bor kelinini so‘ratishdi. Ba’zi so‘rab kelgan joylarni polvon o‘ziga ma’qul bo‘lmagani, ayrimlarini esa tanimagani uchun ham ro‘yxushlik qilmadi.
Hamdam polvon bunaqa turish-turmushga iloji boricha tezroq barham berish, kelinini biror ma’qul joyga uzatib ko‘zi tirikligida egalik qilish, so‘ng xotirjam omonatini topshirish ilinjida bor azoblarga matonat bilan bardosh berib kelar edi.
Shunday kunlarning birida
— Polvon buva, uydamisiz? — deb chaqirib kep qoldi yon qo‘shnisi usta Rasul. — Assalomu alaykum, bardammisiz, — usta iymanibroq qo‘l berib ko‘rishdi polvon bilan. So‘ngra Hamdam polvonning dangal va o‘ziday odamlarni xushlashini bilganligi uchun darrov maqsadga o‘tib qo‘yaqoldi:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, polvon buva, men… qulchilikka keldim, — polvon indamadi. Rasul buva unga bir qarab davom etdi, — huv anovi Uchtutdagi jiyanim Adolatni yaxshi taniysiz, polvon. Ko‘p yil o‘qituvchilik qilib nafaqaga chiqqan, rahmatlik eri Abdunabi ham o‘qituvchi, olim odam edi, — Hamdam chol tasdiqlab bosh silkidi. — O‘g‘li Abdurahim ham o‘qimishli yigit, shaharda bir korxonada ishlaydi, ishi yaxshi. Xabaringiz bor, yil bo‘p qoldi-yov, shu Adolatning kelini tug‘ruq payti nobud bo‘ldi, chaqalog‘iniyam saqlab qolisholmadi, olti-etti yoshli bir qizchasi qolgan. Keliningizga qancha joydan xaridor chiqdi, hech biriga rozilik bermadingiz. Eshitishimcha, kelin boshqa ro‘zg‘or qilmaslikka qaror qilgan emish, lekin polvon kuni borning kuni ortiq, deyishgan.
— Gapiraver, Rasulboy. Kelinni uyda ushlab turib, boshimga yostiq qilmayman. Ammo menga qulchilik deb ko‘ndalang kelma. Men qiz uzatayotganim yo‘q, orimdi beryapman, xo‘pma? Bul boyaqish, bizning uyga kelganidanoq mehrim tushib, o‘z qizimday bo‘lib qolgan. Didimga o‘tirmagan joyga berib yuborishga ko‘zim qiymayapti. Hey, Rasulboy nevara bor, nevara. Orqamdan qoladigan nishonim, Turdimuroddan yolg‘iz yodgor.
— Yo‘q demasangiz, ana shu joyga kelinni bitishsak, deb kelgan edim, polvon buva? Yana bilmadim-ku, bundan ortiq yaxshi joy bo‘lmas. Domla bilan ham bir paytlar qadrdon edingiz, o‘zingiz tanigan, bilgan odamlar.
Qo‘shni aytayotgan xonadonni polvon chindan ham yaxshi bilar edi, boisi deyarli oltmish yoshgacha kurash tushganligi, undan ham ko‘proq tandirchilik kasbi sabab uzoq qishloqdagilarning ham ko‘pchiligini polvon yaxshi tanirdi, o‘sha hovliga ham uch-to‘rt tandir qilib bergani esida.
— Ma’qul, — dedi chol bir muddat o‘ylanib, — lekin kelin boshqa ro‘zg‘or qilmayman deb oyoq tirab olgan, ish pishguncha bir oz muhlat berasan Rasulboy, hartugul, oxir-oqibat mening so‘zimni ikki qilolmas.
Chollar shu bitimga kelishib, xayrlashishdi.
Kechki ovqatdan keyin polvon mavridini poylab dedi:
— Kelin, sen bilan Azimjonniyam biror ishonchli qo‘lga topshirsaydim, keyin bemalol jon bersam ham bo‘lardi. Shoira bu gapni eshitib hushyor tortdi, keyin ovozini balandlatmasdan, qaynotasining yuziga tik qaramay:
— Buva, men boshqa erga tegmayman, siz ham o‘lmaysiz, — dedi.
— Dunyoga ustun bo‘ladigan odam bormi, men ham oyog‘imni uzatib, xotirjam omonatimni topshirayin-da, kelin. Kelin indamasdan qoshini chimirib, idish-tovoqlarni yig‘ishtirib chiqib ketdi.
Chol shu taxlit kun osha bir necha marta gap qistirdi. Shoira har gal o‘sha qaysarlik bilan bo‘sh kelmas, qaynotasining fe’lini yaxshi bilgani uchun bu gaplarining ortida nima borligini sezib turardi. Besh-o‘n kun o‘tib chol masalani uzil-kesil hal qilishga qaror qildi va tushki ovqatdan keyin yana gap ochdi, bu safar masalani ancha keskinroq qo‘ydi.
— Endi kelin, gap bunday, gapimni bo‘lmasdan oxirigacha eshit, — qaynotasining daromadlarini eshitib yurgan kelinning yuziga qandaydir ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lishini sezib, xavotir soya soldi, — peshanamizda shu ko‘rgilik bor ekan, ko‘nmasdan ilojimiz qancha. Bilasan, huv Uchtutda usta Rasulning Adolat degan jiyani bor, xolavachchasi. O‘tgan yili kelini tug‘ruq payti vafot etgan, maktabga boradigan bir qizi qolgan. Shular ustani o‘rtaga qo‘yib, seni so‘ratishgan. Chol shu yerda kelinga ko‘z ostidan bir qarab, bir pas jim qoldi.
— To‘ymagan qornim bormi, buva, ishlay desam ishim bo‘lsa. Nevarangizniyam hech kimdan kam qilmay boqib, katta qilib olaman. Bo‘ldi, boshqa bu haqda og‘iz ochmang.
— O‘lganning ortidan bir umr aza tutib yashab bo‘lmaydi. Erkakmi, ayolmi, yolg‘iz odamning ko‘rgan kuni qursin, ayniqsa, ayol kishining. Azimjonni katta qilguningcha, eh-he, bilasanmi, qancha suv oqib ketadi. Orqangda bir suyanadigan tog‘ing bo‘lmasa senga qiyin bo‘ladi, bolam.
Qaynotasining fe’lini yaxshi bilgani uchun niyati jiddiyligini fahmlagan Shoiraning ko‘zida yosh aylandi, orqasidan tang‘ib olgan ro‘molining uchi bilan ko‘z yoshlarini artdi-da, piqilladi:
— Nevarangiz bilan birga o‘tiribman-da o‘g‘lingizning chirog‘ini yoqib, endi siz ham meni haydamang, buva. Men baribir boshqaga tegmayman.
«Siz ham haydamang». Bu gapning ma’nosini chol tushunib turar edi. Kelini kuni kecha otasinikidan yana qosh-qovog‘i osilib, xiyla parishon bo‘lib qaytgan edi, demak u yerdayam yana shu masalada gap-so‘z bo‘lgan. Polvonning yuragi ezilib ketdi, bo‘g‘ziga tiqilib kelgan xo‘rsiniqni bosish uchun sezdirmay, chuqur-chuqur nafas oldi. «Ha-a, bir kam dunyo-ya, bolamning o‘rniga mening jonimni olsang bo‘lmasmidi, xudoyim, qo‘shqo‘llab topshirmasmidim. Shu go‘dakkinaning nima gunohi bor ediki, unga buncha ko‘rgilikni ravo ko‘rding», degan xayol kechdi ko‘nglidan. Ajab! Erkak kishining yig‘laganini or deb bilgan polvonning shu topda shu ma’sum juvonning boshini ko‘ksiga bosib, to‘yib-to‘yib yig‘lagisi keldi. Ammo u bunday qilolmas, oldinda turgan oralaridagi muqarrar ayriliqdan har ikkisiga, ayniqsa, keliniga yetadigan jarohat oldiga qo‘ygan maqsadiga faqatgina xalal berishini u tushunib turardi. Shuning uchun u kelini bilan qattiqqo‘l bo‘lishi lozim edi.
— Uch yildan beri ixtiyorni o‘zingga qo‘yib keldim kelin, biror marta senga bu haqda og‘iz ochmadim. Bu xonadonni yaxshi bilganim uchun ham shunga qaror qildim, ular halol-pokiza odamlar, o‘qimishli oila. Adolatning o‘g‘li Abdurahim ham bama’ni bola.
— Men boshqa ro‘zg‘or qilmayman, sizniyam yolg‘iz tashlab ketmayman hovlimizni huvillatib, — dedi kelin yana o‘sha ohangda avvalgidek qaysarlik bilan yer chizib.
— Nega yolg‘iz qolar ekanman, usta kenja o‘g‘li Abrorga kelin tushirmoqchi, o‘rtanchasi Asrorqul imoratiga endi poydevor qo‘yayapti, to‘y ustida turishipti. Imoratni to‘xtatib, Asrorqulning biznikiga ko‘chib kelishini o‘zim aytdim. Oqibatli odamlar, hovlini obod qilib turishadi. O‘n besh-o‘n olti yil hademay o‘tib ketadi, o‘g‘lingni uylantirsang, yana ota vataniga qaytib kelib, hovliga egalik qilaveradi, vasiqani o‘g‘lingning otiga hujjatlashtirib qo‘yganman. Men bir pishgan osh bo‘lsam, «puf» etib omonatini topshirsam, orqamda sen suyanchiqsiz qolsang, ikki ko‘zim ochiq ketadi bolam, menga yo‘q dema?
Endi kelinning gap qaytargudek holi qolmagan, piq-piq yig‘lashda davom etardi.
— Gap shu kelin, seni shu joyga bitishamiz, hozirligingni ko‘r. Shuni aytib polvon suhbat tugaganini bildirib, og‘ir gavdasini ko‘tarib turib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin Shoira hamma ishning allaqachon mayda-chuydasigacha hal qilib qo‘yilganidan, endi qarshilik ko‘rsatishning befoydaligidan o‘pkasi to‘lib, boshidan ro‘molini yulqib, ikki qo‘li bilan yuz-ko‘ziga bosib uydan ho‘ngrab chiqib ketdi.
Oqshom sigir ham sog‘uvsiz qoldi. Kechki ovqatni jimgina yeyishdi, to‘g‘rirog‘i, kelin qaynota va o‘g‘liga ovqat suzib keldi, ro‘molini yuz-ko‘zi aralash bog‘lagan ko‘yi, burnini tortib, ko‘z yoshini arta-arta qoshiq bilan bolasiga ovqatini yedirdi-da, o‘zi tuz ham totmadi.
Ertasi kuni chol odaticha namoz o‘qigani turganida, dahlizda har doimgidek iliq tahorat suvi tayyor turar, kelini og‘ilxona tomonda kuymalanar edi.
Hamdam polvon sabr-toqat bilan kelinining o‘ziga kelib olishini kutar ekan, u hovlida yurganida ilgarigi shodmon kunlari, o‘g‘li, kampiri ko‘z oldidan o‘tar va dili vayron bo‘lar edi: Turdimurod hovlida, tomorqada ish qilganida, kelin ham odmiroq kiyimlarini kiyib eriga ko‘maklashar, er-xotin gangir-gungir ish qilishib, ekin-tikinga qarashar edi.
Uch-turt kun o‘tib kelin yana avvalgidek ro‘molini sochining orqasidan tang‘iy boshladi, ro‘zg‘or ishlarini haliyam avvalgidek o‘rniga qo‘yib qilar, lekin harakatlari vazminlashgan, avvalgidek shahd bilan ish qilmas, endi ko‘z qarashlarida ham qandaydir ma’yuslik zohir edi.
U endi qaynotasining qaroriga, to‘g‘rirog‘i, taqdir hukmiga bo‘yin eggan edi. Hamdam polvon qo‘shninikiga kirib o‘tdi-da, bo‘lgan gaplardan xabardor qilish uchun shaharga, qudalarinikiga yo‘l oldi.
Kelasi shanba o‘ttiz choqli erkak-ayol yig‘ilishib, kichikkina marosim o‘tkazishdi, osh damlab, Shoirani yangi xonadonga kuzatishdi…
Usta Rasulning kenja o‘g‘li kechasi polvon yotgan mehmonxonaning yonidagi uyda yotar, choldan xabar olib turar, chol esa uning qorasi ko‘rinishi bilan «yotaver» deb ishora qilardi. Qo‘shnining uyidan har qozon qaynaganda cholga ham ovqat olib kelishar, deyarli har kuni kechqurun usta yotar mahalgacha uni yolg‘iz qoldirmasdan gurungga kelar, kechki ovqatni ko‘pincha birga qilishar edi. Uch-to‘rt kundan keyin polvon ustaning o‘g‘illaridan kelini tushgan xonadonga sigir-buzoqni ham yetaklatib berib yubordi. Qo‘yni esa usta hovlisiga o‘tkazib, curuvga qo‘shib qo‘ydi.
Hafta-o‘n kun chamasi o‘tib, Abdurahim mashinasida Shoira bilan nevarasini, ularga qo‘shib o‘zining qizchasini ham olib keldi. Shundan keyin ba’zi-ba’zida goh birgalikda, goh avval Shoira bolalar bilan kelib uyni yig‘ishtirib ovqat qilar, Abdurahim esa kechroq kelib oqshomlashib ketishadigan bo‘lishdi…
Uch-to‘rt oy shu alfozda o‘tdi. Hamdam polvonning tushlariga endi tez-tez o‘g‘li Turdimurod va kampiri kirib chiqadigan bo‘ldi. «Fursat bo‘ldi-yov, endi omonatini topshirsam ham bo‘lar», deb o‘yladi chol. Orada bir muddat Abdurahim bilan kelinidan ham darak bo‘lmadi. Bir kuni ertalab, katta yo‘lga chiqdi-da, mashina kira qilib, Uchtutga bordi.
— Voy, polvon buva, shuncha paytdan beri shu yerdayam bir qizim, nevaralarim bor, deb bir kelay ham demaysiz-a, — ham gina, ham hurmat bilan cholni qarshiladi Adolat xola. — Assalomu-alaykum, bardammisiz? Axir, domla bilan eski qadrdon edingiz, keladigan joyingiz. Rahmatli chol hayotligida o‘zingiz qurib bergan tandiringizgayam o‘n yildan oshipti. Hali-hanuzgacha buzishga odamning ko‘zi qiymaydi, bir qo‘ltiq o‘tin bilan qizaradi-qoladi.
— Ha, Adolat, o‘n yil-a. Bu dunyo degani ko‘p g‘alati ekan-da. Domla mendan roppa-rosa o‘n yosh kichik edi. Men esa mana, haliyam tuproqdan tashqarida yuripman.
— Endi iloj qancha, Turdimurodjonning umriniyam Azimjonimga qo‘shib bergan bo‘lsin. Abdurahim o‘g‘limniyam o‘z o‘g‘lingiz qatori ko‘ring, polvon buva, biz hammamiz sizning duoyi-joningizdamiz.
Mehmon kelganidan xabar topgan Shoira Azimjonni yetaklab kelib qoldi.
— Buva, u kishi — Sadoqatning dadasi uch-to‘rt kunga safarga ketgan edilar, — iymanib dedi Shoira, — sizdan xabar ham ololmadik.
— Hechqisi yo‘q, qizim, mendan xavotir olmanglar, — dedi Hamdam polvon bobosiga kelib o‘zini tashlagan nevarasini bag‘riga bosganicha, — sizlar tinch bo‘lsanglar, bo‘ldi.
Taom tortildi, yeb bo‘lib gurunglashib turishgan edi, uy eshigi ochilib Abdurahimning qizchasi kirib keldi. Kitob-daftari solingan jildni va yana qandaydir bir qora paketni poygakdagi stol ustiga qo‘yib, xontaxta oldiga o‘tdi, qo‘lida nimadir solingan salafan xaltacha ham bor edi. — Assalomalaykum, — dedi. Cholning oldidan o‘tayotganda polvon qizchani peshonasidan o‘pib qo‘ydi.
— Ha, Azimjon, yaxshimisan, — bolalar kulib «qars» etib bir-birlariga do‘stona qo‘l tashlashdi. Keyin qizcha Shoiraning oldiga cho‘kdi-da, ikki qo‘li bilan uning belidan quchoqlab oldi, Shoira ham mehr bilan qizchaning yelkasidan quchib, o‘ziga tortdi.
— Qo‘lingdagi nima, qizim?
— Hm, bumi, o‘sma.
— Qayerdan olding?
— Hilolaning buvisi berdi.
— Axir, o‘sma o‘zimiznikidayam bor edi-ku, sen uchun ataylab ekkanman. Paketingdagi nima? — poygak tomonga ishora qilib so‘radi Shoira.
— O‘rik, uniyam Hilolaning buvisi sizga berib yubordi.
— Ha, jovpazak pishiptimi?
— Keyin-chi, oyijon, — qizaloq juda muhim bir gapni aytayotgandek kulgili alfozda ko‘zlarini katta-katta qilib dedi, — Hilolaning buvisi sizni «Umridan baraka topsin shu kelinchak, jannati ayol ekan» dedi. “Jannati” nima degani, oyijon? — qizaloq shu gaplarni aytib Shoiraga qaradi. Qizchaning og‘zidan o‘z sha’niga birovlar tomonidan aytilgan maqtovdan kelin o‘ng‘aysizlandi, uni bu ahvoldan Adolat xola kutqardi:
— Jannati degani senga ona bo‘lgani bo‘ladi, bildingmi? Ustingni almashtirginda, qo‘lingni yuvib kel, oying ovqatingni suzib beradi.
— O‘smangni supaga yoyib qo‘ygin, so‘lisin, — dedi Shoira qizchani qo‘li bilan o‘ziga qaratib, — ovqatingni yeb bo‘lganingdan keyin o‘zim senga qo‘yib qo‘yaman, xo‘pmi? — qizaloq xushnudlik bilan kemshik tishlarini ko‘rsatib kulib bosh irg‘adi.
Polvon asta keliniga nazar soldi, uning yuziga soya solgan avvalgi ajinlari yo‘qolgan, yuzlari to‘lishib, qizillik yugurganini ilg‘adi. Lablarining burchida xuddi avvalgi saodatli paytlaridagidek nim kulgiga, tabassumga moyillik paydo bo‘lgan, ba’zida cholga tushgan nigohida erka qizning o‘z otasiga bo‘lganidek mehr, o‘zining bugungi to‘kis hayoti uchun cholga minnatdorlik belgilari ko‘rinar edi.
«Mana, bu oila ham but bo‘ldi, kelin ham halovat topdi. Bolalarimdan xotirjam bo‘lsam ham bo‘ladi», degan xayollar bilan polvon Adolatning «Kechki salqin bilan ketasiz» deyishiga ham qaramasdan, ketishga chog‘landi.
— Sigirni sotsalaring ham buzog‘ini yo‘qotmanglar, xuddi sigirning o‘zidek govmish bo‘ladi, Adolat, — dedi chol xayrlasha turib.
— Sigir jonivorginayam koni-xazina ekan, og‘zi-burnimiz moy, polvon buva. Kelinim ham sigirni ikkita qilamiz, deyapti.
— Adolat, bolalarimni sizlarga, sizlarni Xudoning panohiga topshirdim.
— Xotirjam bo‘ling, polvon buva, bolalaringizni o‘zimning bolalarimday asrayman. Kelin kelib uyimga yana fayz kirib qoldi, uydagi bir nevaram ikkita bo‘ldi. Hay, polvon buva, juda uzoqlab ketmay tez-tez kep turing, — deb xayr-xo‘shlashdi Adolat, — kelin, buvangizni kuzatib qo‘ying.
Darvoza oldida qaynota-kelin bir muddat jim turishdi, keyin polvon engashib nevarasini o‘pdi.
— Endi sendan xotirjamman, shu yerda palak yozgin, kelin, — dedi-da asta uzoqlashdi.
Ikki kun o‘tib polvonning kechasi mazasi bo‘lmay chiqdi. Usta ertalab xabardor bo‘lib, qishloq ambulatoriyasidan vrachni, keyin tez yordamni chaqirdi. Lekin Hamdam polvon kasalxonaga borishga ko‘nmadi, vrach buyurgan ukollarni olishga ham arang unadi. «O‘zim aytmaguncha Shoiraga xabar bermanglar», deb ustaga tayinladi. Uning ahvoli yaxshilanmadi, yotib qoldi, lekin chol xotirjam ko‘rinardi. Ikki kun hech narca tatimadi, faqat ahyon-ahyonda bir qultum suv ichib, tomog‘ini ho‘llardi, xolos. Ko‘zi ochiqligida lablari ovozsiz pichirlab kalima o‘girar, ko‘zi yumilib pinakka ketganda esa o‘g‘li va kampiri bilan gaplashardi. Uyqusi qochganda «Azizlarim, mana hademay men ham sizlarning oldilaringizga borib qolaman, oz qoldi» deb qo‘yardi. Derazadan qo‘shnining o‘g‘illari hovlini tartibga keltirib, bo‘yab-oqlay boshlashganini ko‘rib, ustaga «ma’qul» ishorasini qildi. Uchinchi kuni ertalab, keliniga xabar berishdi, sartaroshni chaqirishdi. Shoira bolasi bilan yetib keldi, qaynotasining ahvolidan ko‘ziga yosh olganini ko‘rib:
— Men oshimni oshab, yoshimni yashadim kelin, o‘lsam ortiqcha yig‘i-sig‘i qilib, o‘zingni ko‘pam urintirma, — deb tayinladi. Kun oqqanda yana pinakka ketdi va shu ko‘yi ko‘zini ochmasdan, kun botar-botmas uzildi…
Ma’rakalarni usta Rasul va Abdurahim birgalashib o‘tkazishdi. Marhumning yigirmasini o‘tkazishgach, imoratning chol-kampir turgan tomoniga ustaning o‘g‘li Asrorqul oilasi bilan ko‘chib o‘tdi.