Bolta agronomning xo‘p ajoyib bog‘i bor. Xo‘jalikka kelgan mehmon borki, shu bog‘da tunab ketadi. Bir kuni rais bobo bitta xorijlikni agronomikaga boshlab keldi.
— Mehmonni zeriktirmaysiz-da, Boltavoy, — deb tayinladi.
— E, yonida tilmochi yo‘q-ku, qandoq til topishaman?
— Bemalol so‘zlashavering. O‘zbekchani bilarkan, — dedi rais.
Dasturxon ustida suhbat quyuq bo‘ldi. Bir vaqt agronomning ayoli sopol laganda xushbo‘y palov keltirdi. Mehmonga ko‘zi tushgach, odob bilan «Xush kelibsiz!» dedi.
U ketgach, mehmon havaslanib so‘radi:
— Sizlarda uylanish masalalari qanday?
— Bizdami… Biz ayollarni qalin puliga sotib olamiz, — dedi agronom, so‘ng uyi tomonga ishora qildi:
— Mana shu yangangizni ikki ming so‘mga olganman!
Bolta agronomning ta’tilga kelgan talaba o‘g‘li choy opkirayotib otasining gapini eshitib qoldi. Otasiga yer ostidan norozi boqdi. So‘ng mehmonga jilmayib dedi:
— Uzr. Otam o‘ttiz yil oldingi gapni aytayotibdi. Hozir bunday emas.
O‘g‘li nima demoqchi bo‘lganini agronom o‘zicha tushundi. Gap ohangini biroz o‘zgartirib, «xato»sini tuzatgan bo‘ldi:
— Ha, ayollarimiz hozir juda qimmat turadi. O‘zlariyam uncha-muncha pulni nazarlariga ilishmaydi-da!