Rustam yo‘l bo‘ylab xushxandon kelardi. Ko‘zlari quvonchdan porlagan. Chehrasida mamnun bir ifoda. Mayin esayotgan shabada dimog‘iga keltirgan chechaklar iforidan miriqib, chuqur-chuqur nafas oldi. Bu ifor bahor xushxabariga limmo-lim edi. Bundan Rustamning ko‘ngli ham chog‘landi. Uni xush kayfiyat yetaklab ketayotgan edi. Kun ham go‘yo unga hamrohlik qilishga shaylangandek daraxt yaproqlari orasidan mo‘ralab- mo‘ralab qo‘yardi. Ko‘kning u yer-bu yerida momiqqina bulutlar namlangan paxtaday suzib yuribdi. Qushlarning chug‘urlashi, gala-gala bo‘lib, bir-birlarini quvlashib u daraxtdan bu daraxtga pirillab uchib-qo‘nishlari ko‘ngillarda allanechuk zavq uyg‘otadi.
Rustam tuyqus kechagi saboqni esladi. Qandaydir institutdan atay tashrif buyurgan, yuz-ko‘zidan, xatti-harakatidan bilimdon, fikrchan ziyoli ekanligi bilinib turgan yosh bir muallim maxsus ma’ruza qilib berdi. Ma’ruza ham uncha-muncha emas, insoniy komillik mavzusida bo‘ldi. Domla insoniy mehr-oqibat, sadoqat, imon-e’tiqod haqida to‘lqinlanib gapirib hammani og‘ziga qaratdi. Hatto ayrimlar andak-andak ko‘z yoshi ham qilib olishdi.
Biz munosabatimizni eng avval yaxshi ko‘rishdan boshlaymiz. Keyin izzat-hurmat uyg‘onadi. So‘ng sevamiz, mehr ko‘rsatamiz. Oqibatda, bir-birimizni ardoqlab yashaymiz, dedi u donishmandlarga xos o‘ychanlik bilan. Xullas, o‘zi ham komillik ta’mini tatib ko‘rganiga hammani osongina ishontirdi. Eng muhimi, Rustam domlaning e’tiboriga tushdi. U bergan savollar ustozda qiziqish uyg‘otdi. Miyang but bolaga o‘xshayapsan, keyinroq menga bir uchrash, – dedi u kishi ketar chog‘i.
O‘sha e’tiroflar xayolida jonlanar ekan, Rustamning qalbi battar charog‘on tortardi. Tevaragiga mamnunlik, ochiq ko‘ngillik bilan ko‘z tashlardi. Yo‘lda notanishlarni ko‘rganda ham ko‘ngli yumshab, ularning yaqin kelishini intizor kutardi. Goho qadamlarini jadallashtirib kimlargadir yetib olardi. Tuyqus u bir cholni ko‘rib qoldi. Qariya hassasiga tayangan ko‘yi arang borar, egilib-bukilib qolganiga qaramay shoshilib qadam tashlardi. U tez yurishga qanchalik urinmasin, qarilik oyog‘iga tushov bo‘lgandi.
“Sizga ko‘mak kerak emasmi”, – deb so‘radi Rustam uning sertomir qo‘lidan tutib.
Chol churq etmadi. Boshini yanada engashtirib oldi. Nigohini yerdan olmadi. Rustam cholning hassa ushlagan qo‘liga qo‘lini qo‘ydi. Chol qo‘lini tortib oldi. Endi uning qo‘llari qaltiray boshladi. Rustam o‘zini andak chetga tortdi. Biroq cholni e’tiborsiz qoldira olmadi. Ortidan unga ergashdi. Chol beparvoday ketardi-yu, ammo xijolat tortganligi sezilib turardi.
Rustam endi nimadir deyishga yuragi dov bermayotgandi. Ikkalasi jimlikni buzmaslik kerakdek yo‘lda davom etib borardi. Birozdan keyin cholning lablari pirpiray boshladi. Gohida o‘zi bilmagan holda ovozi chiqib qolardi. Rustam uni elas-elas eshitardi-yu, tushuna olmasdi. Keyin qariyaning nima deyayotganiga qiziqib izidan boraverdi. Uning nima uchun bu ko‘yga tushganini bilishni xohlardi. Chol hamon gapirinib ketishda davom etardi.
– O‘zim. Nega o‘zim? Xatoga qayerda yo‘l qo‘ydim? Axir u… – dedi-yu, yonida hamrohi borligi esiga tushdi.
Chol Rustamga qaradi.
– Sizga nima kerak, o‘g‘lim?
– Kechirasiz. Sizdan… – Rustam xijolat bo‘lganidan gapini davom ettira olmadi. Noqulay ahvolda qolganini his qildi.
– Mendan nimanidir so‘ramoqchimisiz? – so‘radi chol.
– Ha. Bilmoqchi edimki…
– Qayoqqa ketayapsiz demoqchimisiz, – dedi qariya cho‘rt kesib. – Hozir qayerga ketayotganimni, qayerga borishni o‘zim ham bilmayman.
Rustam bunday gapni kutmagan edi. Shuning uchun u hayratini yashirib o‘tirmadi.
– Axir ulug‘ yoshda bo‘lsangiz…
– Alam qiladigani ham shunda-da, – dedi chol.
Rustam endi qariyani yaxshiroq bilishga harakat qila boshladi.
– Farzandlaringiz yo‘qmi?
– Yakkayu yolg‘iz o‘g‘lim bor, – xo‘rsinib javob berdi chol.
– U bilan yaxshi emasmisiz?
– Shunday desam ham bo‘laveradi. Lekin nachora… nabiralarimni yaxshi ko‘raman, ularning kulishlari, atak-chechak yurishlari, ayniqsa, “bo-bo” deganini eshitganimda dilim yayradi. Afsuski, bular men uchun shirin istak…
Qariya ko‘zlaridan duvillab kelgan ikki qatra yoshini Rustamdan yashirib o‘tirmasdan artib qo‘ydi.
Rustam har savol berganida cholga ozor bergandek bo‘lardi. Biroq uni shu holicha tashlab keta olmasdi ham.
Cholning yuragi ezilgan. Rustamga mehr to‘la ko‘zlari bilan boqib turardi.
Endi Rustam qariyaga yaqin bo‘lib qolgandi. Mo‘ysafidni suhbatga tortishni hohlardi. Rustam cholni ko‘cha chetida joylashgan yog‘och o‘rindiqqa boshlab bordi. Nima bilandir uning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. Chol yerga tikilgan, gohida chuqur xo‘rsinib olardi. Gohida achinish va rahmdillik bilan Rustamga qarab qo‘yardi.
Rustam o‘zini qat’iy tutgan bo‘ldi. Choldan nima bo‘lganini ochiq so‘rashga kirishdi.
– Otaxon, nega boradigan manzilingiz yo‘q? Farzandingiz bor ekan.
– Farzandim bor. To‘rt qavatli uyim bor. Afsuski, u yerda menga joy yo‘q.
– Nima?! To‘rt qavat uyda sizga joy yo‘q!
– Siz tushunishingiz uchun boshidan boshlamasam bo‘lmaydi, – dedi chol, so‘ng og‘ir so‘lish olib, xira bir tovushda hikoyasini boshladi, – yosh edim. Otam vafot etgandi. Oilani boqish onam va akalarimning zimmasida qoldi. Onam kuni bilan ko‘chada tamaki sotib o‘tirardi. Ikki akam esa, yoz-kuzda qadoqlanmagan suv sotishardi. Olib yurilgan suv issiqda isib ketar, onda-sonda olmoqchi bo‘lgan xaridor ham suvni olmay ketardi. Akalarimning bu ahvoldan hafsalalari pir bo‘lar edi. Men kichkina edim. Onamga yo akalarimga ergashib yurardim. Shu zayil kun ko‘rardik. Ko‘proq pul kelgan kuni sevinib ketardek. Daromad yaxshi bo‘lgan kuni orzularimiz uchun pul yig‘ardik. Buni qarangki, onam tamaki sotib yurib, badaniga tamakidan allergiya toshadigan bo‘lib qoldi. Asta-sekin kasallik tez-tez bezovta qila boshladi. Orzular uchun yig‘ilgan pullar alamli ko‘z yoshi bilan ketdi. Akalarim onam uchun yugurdi-eldi. Biroq xastalik bizni onasiz qoldirdi. Akalarimning zimmasidagi yumushlar yana og‘irlashdi. Ikala akam ham tamaki sotishga o‘tdi. Meni birga olib yurishardi-yu, tamaki sottirishmasdi. Onam bizlarni oq yoqali ko‘ylak kiysa, deb havas qilardi. Doim kiyimlarimdan tamaki hidi anqib turardi. Biz dog‘lari tez bilinmaydigan ko‘ylak kiyardik. Ko‘chada yugurgilab yurganimizdan tez terlab ketardik. Keyin kiyimlar changdan kirlanardi. Onamning orzusini amalga oshirishni istagan akalarim meni o‘qitishdi. So‘ng men ishlay boshladim. Akalarim xursand edi. Biz baxtiyor edik. Bir-birimizdan hech narsani ayab o‘tirmasdik. Ular hayot qiyinchiliklariga erta uchraganligi sabab erta vafot etishdi. Men akalarimsiz yolg‘izlanib qolib bor mehrimni o‘g‘limga berib, unga suyanib qoldim. Hayotim osuda kechardi. Akalarim menga qilgan mehribonchiliklarini, zorlanib yashamasligim uchun bergan ko‘maklarini men o‘g‘limga qilgan edim. Hech narsaga zoriqmadi. Qiyinchilik nimaligini bilmadi. Ziyolilar orasida yursin, avlodimiz nochor qolmasin, deb o‘qimishli qildim. Nihoyat, ziyolilar orasida o‘zining fikriga erkin suyanadigan bo‘ldi. Obro‘ ham orttirdi. Biroq yuksalishlar uni kibrlantirib yubordi. Men ishontirib aytamanki, mening o‘g‘lim ziyolilik muhitini o‘zgartirib yubordi. Mana, bir oydan oshayapti, menga har kuni yangi qurilgan qariyalar uyini maqtaydi. Men shu joyda yashashim kerak ekan. U joyni band qilish uchun tanishlarini ancha ovvora qilib qo‘ygan ekan. Men bormasam so‘ragan odamlarning oldida yuzi shuvut bo‘lar ekan. Hozir meni izlab yurgandir.
Cholning hikoyasi tugar-tugamas oldilariga yap-yangi “Lasetti” kelib to‘xtadi.
– Otaxon, keling, mashinaga chiqing, – dedi haydovchi.
Chol Rustamga so‘lg‘in qaradi-da, so‘ng hassasini shunday mahkam ushlab oldiki, go‘yo hayot-mamoti shunga bog‘liq edi. Rustam cholni kuzatib turardi. Chol mashinaga yaqin borganida eshik ochildi. Ichida kimdir bor edi.
«Ovora qilmasdan o‘tirsangiz bo‘lmaydimi?», – dedi noma’lum yo‘lovchi.
Rustam mashina ichkarisiga sinchiklab qaradi. Qaradi-yu, ko‘zlariga ishongisi kelmadi. O‘zini panaga olib turgan odam, o‘sha – komil inson haqidagi ma’ruzasi bilan hammani lol qoldirgan yosh bilimdon ustoz edi.
Rustam xuddi havo yetishmayotgan kabi bo‘g‘ila boshladi. Negadir chor atrof ko‘ziga zim-ziyo bo‘lib ko‘rindi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.