Bu yil bahor kechikibroq keldi. Qishning qahrli panjalari bahorning nozik va so‘lim qanotlarini jon-jahdi bilan qayirib, ko‘kka parvoz qilishiga imkon bermasdi. Yilning bu ko‘rkam faslini intiqlik bilan butun mavjudot kutar edi. Ammo o‘jar tabiat o‘z hukmini shafqatsiz ado etib, na dalalarga, na dov-daraxtlarga, na odamzodu na boshqa jonzotlarga iliqlik baxsh etardi.
Shahri azim Toshkent uzra qora bulutlar suzar, tez-tez yomg‘ir quyib turardi. Bunday kezlarda kishi ne qilarini bilmay diqqinafas bo‘ladi; qo‘li na ishga boradi, o‘y-fikri na biror narsani ilg‘aydi, tili na iliq bir so‘z aytadi – u chippa-chin karaxtu gungga aylanadi.
Sobir Karimovich uchinchi qavat derazalari ostiga mahkamlangan tunukaga tinimsiz urilayotgan yomg‘ir ovozidan uyg‘onib ketdi. Qo‘lini uzatib stol ustidagi elektr chiroqning tugmachasini bosdi. Nogahon charaqlagan yorug‘likdan ko‘zlari qamashib ketsa-da, xobtaxtasi ro‘parasiga ilib qo‘yilgan soatga qaradi. Beshdan yigirma daqiqa o‘tibdi. Demak, roppa-rosa ellik minut uxlabdi. Bir kecha-kunduz mobaynida ellik daqiqa uyqu. Axir tabobat insonga qancha vaqt uxlashni tavsiya etadi. Sakkiz soat. Biroq Sobir Karimovich o‘ttiz yillardan buyon sakkiz soat uyqu nimaligini bilmay yashaydi. Uning rosa miriqib uxlagani uch-to‘rt soatdan nariga o‘tmaydi.
Bo‘ldi, bas, xayolga berilmaslik kerak. Ajab emas, xudo o‘z bandalariga tuhfa etgan uyqu atalmish ne’mat unga bu kech yana nasib etsa. Sobir Karimovich elektr chiroqning tugmasini bosdi, xonani yana zulmat qopladi. Devordagi soatning bir maromda chiqillashi-yu, tunukani chertayotgan yomg‘ir tomchisining ovozigina tungi sukunatni buzib turar, go‘yo butun koinot shu ikki tovushnigina jimgina tinglayotganday…
U shu alfozda qancha vaqt yotdi bilmaydi, nazarida uzoq yotdi. Ko‘zlarini qattiq qisganidan qovoqlarida allaqanday og‘riq sezdi. Nihoyat sabri chidamay ko‘zini ochdi va yana chiroq tugmachasini bosdi. Soat beshdan o‘ttiz besh daqiqa o‘tibdi. O‘rnidan turdi, stol ustida turgan ko‘zoynagini ilib, chiroqni o‘chirdi va deraza pardalarini ikki yoqqa surib tashladi. Xona subhi sodiq nuridan yorishdi.
Tashqariga qaradi. Hali barg chiqarishga ulgurmagan daraxtlar yomg‘ir ostida mung‘ayib turardi. Qarshidagi uyning ayrim derazalarida chiroqlar ko‘rindi. Demak, ular ertaroq biror yerga boradiganlar yoki ish joylari olisroq bo‘lgan kishilar. Balki ayrimlari shaharga keluvchi qarindosh-urug‘larini, tanish-bilishlarini kutib olish uchun temir yo‘l vokzali yoki tayyoragohga chiqishar. Kim bilsin, ulardan ayrimlari xuddi o‘zi kabi uyqusizlik azobidan qiynalayotgan kishilardir…
Sobir Karimovich uzun yo‘lgilam solingan dahlizga chiqdi. Nozik stolcha ustidagi qizil rangli telefon ham sukut saqlaydi. “O‘zi ishlayaptimi bu?” Sobir Karimovich telefon dastagini ko‘tardi, dastak ichidagi qizil chiroqcha yonib, tiniq ovoz eshitildi. “Ha, ishlayapti. Demak, senga sim qoqadiganlarning o‘zi yo‘q”. Mana, bir haftaki, zamonaning bunday beminnat xizmatkori miq etmaydi. Bir vaqtlar, albatta, u vaqtlar boshqa telefon edi, qora va qo‘polroq ko‘rinishda edi, ammo tinimsiz jiringlar, hatto bemalol ovqatlanishga ham imkon bermas edi.
“Alo-alo, Sobir Karimovichning xonadonlarimi? Assalomu alaykum, domla. Kechirasiz, bezovta qilganim uchun. Men Samarqanddan kelgan edim. Maslahatli bir ish chiqib qoldi, domla. Uyga boraveraymi yoki ishxonaga o‘taymi?..”
“Alo, salom alaykum, domla. Bugun soat o‘n to‘rtda ilmiy kengash bo‘ladi. Siz kelmasangiz bo‘lmaydi. Shuni eslatib qo‘yay devdim. Uzr, domla, bezovta qilganim uchun…”
“Alyyo-alyyo, Sobir Karimovich! Azizim, qadrdonim, bormisiz? Soat o‘n sakkizu nol-nolda choyxonada kutamiz. Bir otamlashaylik. Juda-juda suhbatingizni sog‘indik…”
Sobir Karimovich yap-yangi telefonga g‘amgin boqar ekan bir vaqtlar o‘zining naqadar qadrli, e’zozli ekanligini eslab, endi esa butunlay tashlandiq bir ahvolga tushib qolgan buyumdek bo‘lib qolganligidan yuragi bir-ikki marta sirqirab ketdi. Darhol xayolini o‘zga narsalar bilan chalg‘itdi, lekin yana bir zum o‘tmay o‘zining g‘aribona holatiga qaytdi.
Ha, azizim, o‘zingni ovutib nima qilasan? Endi sening kimga ham keraging bor? Sen bor kuch-g‘ayratingni ilm ravnaqi uchun ayamay sarflagan, bor bilimini shogirdlariga hovuchlab sochgan, sog‘lig‘ini ziyo taratish yo‘lida adoi tamom qilgan nimjon, aftodahol, hech kimga, hattoki yaqin jigarbandlaringga ham keraksiz odamsan. Bugun seni joningdan ham yaxshi ko‘radigan na shogirdlaring, na do‘stlaring va na raqiblaring eslashadi. Sen endi tamoman unutilgan odamsan. Buni teran anglab yetishing, shu holga ko‘nikishing va so‘nggi safar tadorigini ko‘rib, qazoyu haqning kelishini kutib yashashing kerak.
U yolg‘izlik azobida ingranayotgan, sirqirab nola chekayotgan yuragiga malham berish uchun telefon qutichasi yonidagi shishachadan bir dona hap dorini tilining ostiga tashladi. Bir ozdan keyin yuragi sal qo‘yvordi. U uch xonali uyning har bir xonasiga har joy-har joyga shunaqa hap dorilar qo‘yib qo‘ygandi. Bu uning sevimli rafiqasi Nigoraning vafotidan keyin o‘ylab topgan tadorigi edi. Chunki yuragi bexosdan siqib qolsa, har joyda uning qo‘liga dori shishasi ilinsin deb qilingan ish edi bu. Hozir ham bu tadbirkorlik unga qo‘l keldi.
Sobir Karimovich behol o‘zini yumshoq kursiga tashladi, ikki qo‘lini kursining ikki qanotiga tashlab, boshini suyanchiqqa qo‘ydi va jimjimador gullar bilan ishlangan shiftga qarab o‘yga toldi.
Bundan rosa qirq yil muqaddam mana shu uch xonali uyga ko‘chib kelgan kunlarini esladi. Endigina chopqillab yuradigan egizak qizlari hali u xonaga, hali bu xonaga shovqin solib kirishar, qiqirlab kulishardi. Unda bor-budlari bir stol, to‘rtta stul, besh-olti ko‘rpayu bitta chog‘roq gilamdan iborat edi. Qolgan boyligi esa kitob, kitob va kitob edi. Axir bu qizaloqlar birovning bir xonali zax uyida ijarada uch yil yashashdi. U yerda ovozlarini qattiqroq chiqarib kulishdan ham mahrum edilar. Xonadon egasi shundoq yonginasidagi besh xonali baland oynavand ayvonli dang‘illama uyda turardi. Elliklardan oshib qolgan, umrida biror farzand ko‘rmagan bu ayol bir qarasang, o‘ta saxiy va rahmdil, bir qarasang, o‘ta ziqna va johil edi. Johilligi tutgan onlarda qizaloqlarning kulgisini eshitishi bilan o‘shqirib kelardi:
− Voy-voy , jonimdan to‘yib bo‘ldim. Qon bosimim oshib ketdi, qachon bir tinchlik kun bo‘ladi. Bu kelgindilarga rahm qilaman deb, o‘zimga jabr qildim. Bo‘ldi, boshqa sabrim qolmadi. Ertagayoq joy topib chiqib ketinglar! Bunaqada o‘lib qolish hech gap emas! Gap − shu, vassalom!
− Xo‘p, ayajon, xo‘p! Ertagayoq joy topamiz, − der edi Sobir jonini hovuchlab.
Mana shundan keyin Sojida oyi bir oz tinchlanib, o‘zicha vaysab uyiga kirib ketar edi, ammo uning beayov otayotgan so‘zlari Sobirning yurak-bag‘rini o‘rtab yuborar edi.
− Shu kuningdan o‘lganing yaxshi. Senga kim qo‘yibdi ikki bola bilan olim bo‘lishni. Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang bo‘lmaydimi? Qarg‘a burgut bo‘lishni orzu qilgandek bu qishloqi – kelgindi olim bo‘lishni istab qolibdi. Voy, sening karomatingdan o‘rgilay. Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga!..
Mana shunday so‘zlar ne-ne azoblar bilan erishgan aspirantura shodliklari, orzu-istaklari ustidan muzdek suv quyib yuborar; har bir haqoratomuz aytilgan so‘z uning nozik yuragiga nishtardek qadalib, og‘riq berardi. Uni og‘ir va beadad o‘y-fikr bosardi. Ertaga yana kimlarning eshigini qoqadi, yana kimlarning ko‘ziga mung‘ayib qarab, siniq va ayanchli ovoz bilan boshpana so‘raydi. Ijara so‘rab borgan eshigining sohibi yumshoq “yo‘q” desa-ku mayli. Ammo ayrimlari g‘azab-nafrat bilan boqib, achchiq so‘zlar bilan jerkib tashlaydi. Yo, tavba qildim. Ishqilib shundaylari uchramasin.
Qizlaridan birini Sobir, birini Nigora bag‘riga bosganlaricha dahshatli sukunat bag‘riga singib ketardilar. Bechora go‘daklar nochor ota va onalari bag‘rida o‘ksinib uxlab qolardilar. Bu orada quyosh botib, uyni zimiston qoplardi. Hech kimda turib chiroq yoqishga majol qolmasdi. Ular hatto uvol go‘daklarning shirin uyqulariga xalal bermaslik uchun ham jim o‘tiraverardilar, o‘tiraverardilar, o‘tiraverardilar.
Oradan qancha vaqt o‘tganini bilib bo‘lmaydi. Aslida samarasiz o‘tayotgan bunday vaqtlar Sobir uchun ham, Nigora uchun ham achinarli bo‘lmasdi. Chunki musofirchilikning iztirobli, o‘ksikli onlari; nochorlik va noilojlikning tubsiz dard-alami faqat shunday paytlarda – sevimli jigarbanding bag‘ringda miriqib uxlaganda bir oz unut bo‘lardi. Bag‘ringda gupillab urib turgan murg‘ak go‘dak yuragi sening dil yaralaringga malham bo‘lardi, haqoratu ta’nalardan zada bo‘lgan qalbing quvvat olardi, ruhing tetiklashib, yana yashashga, yana hayotga tashnalik sezardi. Mayli, nima bo‘lsa bo‘ldi, tong otsin-chi, peshonaga yozilgani bo‘ladi-da. Qismatidan kim ham qochib qutulganki, men qutulsam…
SOKINLIK QUDRATI
Bilmayman, yashayotganim uchunmi yoki yashay olmaganim
uchunmi bir yig‘i zabt etadi butun vujudimni.
Bahodir Sarimsoqov
Inson umri oqar daryo, vaqt esa oqizoqdir. Bugun bor inson erta bir kun foniy dunyodan boqiylik sari yo‘l oladi. U haqda xotiralar-u esdaliklar qoladi. Ehtimol bu xotiralar bir yoki ikki avlod, boringki, uch-to‘rt avlod doirasida tilga olinar. Oxir-oqibat kelib, ular-da so‘nadi. Bunday xotiralar inson “inson” deb tan olinibdiki, qator-qator taxlanadi. Qator-qator o‘cha boradi. Lekin shunday xotiralar mavjudki, ular yillar, asrlar osha nafaqat yashaydi, balki o‘rganiladi ham. Jumladan, olimlar, ularning asarlari, ko‘rgan-kechirganlari haqida yaratilgan, yaratilayotgan va yaratilishi mumkin bo‘lgan xotiralar, agarda chuqurroq mushohada qilinsa, xotira qobig‘idan chiqib, tom ma’noda olimning ijodidan, uning uslubidan darak beruvchi kontseptsiyaga aylanadi.
Zabardast olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Sarimsoqov nisbatan qisqa umri davomida o‘ziga xos ilmiy dunyoqarash, o‘ziga xos izlanish, hattoki, o‘ziga xos akademizmga ega bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullandi. Uning ilmiy izlanishlari nafaqat o‘zimizda, balki Turkiya, Germaniya kabi bir qator chet mamlakatlarda ham tan olingan hamda o‘z izidan ko‘plab ilm toliblarini yetaklagan. Bunday izlanishlar sirasiga “O‘zbek adabiyotida saj’” (1978), “Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati” (1979), “O‘zbek marosim folklori” (1986), “Adabiyot nazariyasi” (2000), “Badiiylik asoslari va mezonlari” (2004) kabi va yana bir qator kashfiyot darajasidagi asarlarini kiritishimiz mumkin.
Xalqimizda: “Otang bolasi bo‘lma, odam bolasi bo‘l”, − degan naql bor. Shu o‘rinda biz farzandlar o‘zimizni aynan otamiz farzandi ekanligimizdan baxtiyor sezamiz. Chunonchi, otamiz olim bo‘lishi bilan birga chinakam inson ham edilar. Ulardagi soddalik, mehribonlik, mardlik, tantilik hali hanuz biz farzandlar uchun ibrat timsoli bo‘lib qolmoqda. Zero, ular ilmda bo‘lgani kabi hayotda ham oson yo‘l tanlamadilar. O‘n ikki yoshlarida onadan yetim qolgach, mustaqil holda oyoqqa turishni, hayotni, insonlarni o‘rganishni boshladilar. Umr pog‘onalari osha birin-ketin muvaffaqiyatlar qozona bordilar. Biz farzandlarini ham xuddi shunday yashashga, insonlarni tushunishga, hayot mohiyatini anglashga uni qadrlashga o‘rgatdilar. O‘z navbatida biz qanday savol bilan, qanday vaziyatda murojaat qilmaylik barcha savollarimizga ulardan ham ilmiy, ham mantiqiy to‘laqonli javob olardik…
Otamiz hayot bo‘lganlarida bu yil oltmish sakkizinchi bahorni qarshilagan bo‘lar edilar. Afsuski…
Zero, birgina yupanch ushbu kunda ko‘ngilga tassali beradi. Bu ham bo‘lsa, ulardan qolgan shirin xotiralar-u yozma yodgorliklar. Darvoqe, otamiz ish stollarida e’lon qilinmagan bir qancha maqolalar, hikoyalar, shu bilan birga “Unutilgan odam” nomli tugullanmagan qissa qo‘lyozmasi qoldi. Mazkur qissani jurnalxonlar e’tiboriga havola etarkanmiz, umid qilamizki, mushtariylarimiz ona tilimiz va adabiyotimiz jonkuyari bo‘lgan atoqli olimning ma’naviy dunyosi haqida ham muayyan tasavvurga ega bo‘ladilar.
Nargis ShAROPOVA