Orzu qilmagan, qilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Kichkinaligimda ba’zi kunlari maktabga bormasam, deb orzu qilardim. Orzuimga yetib, maktabni o‘n besh yilda tugatdim.
Men-ku orzuimga vaqtida erishdim, ammo Eshmat bobo buning uchun qirq yil sabr qilibdilar-a.
…Mebel magaziniga tasodifan kirib qoldimu, to‘polonning ustidan chiqdim. O‘shi oltmishlardan oshgan, qindagi pichoqni bir qo‘lida ushlab, ikkinchi qo‘li bilan nozikkina sotuvchini yoqasidan bo‘g‘ib bir gapni takrorlardi.
— Aytasan, shu divanni yasagan ustani aytasan, menga ro‘para qilasan, o‘sha qiztaloqni.
— Xo‘p, aka, jon aka, o‘zim importniysidan o‘yingizga oborib beraman, qo‘yvoring, odamni qo‘rqitmang, — deb yalinardi jon holatda tipirchilayotgan sotuvchi.
— Noinsof, shuni buyum deb sotdingmi, a, xotinimni xarob qilding-ku.
Bir amallab sotuvchini oqsoqolning changalidan qutqarib nima gapligini so‘radik.
— Jon, uka, siz tushunadigan yigitga o‘xshaysiz. Men dehqon odamman. Oltita farzandimni katta qilib, o‘g‘illarni uylantirib, qizlarni uzatdim. Qirq yil xotinim bilan divan qurg‘urga yetolmadik. Qachongacha polga joy solib yotib yuramiz deb, orzumand bo‘lib mana shu magazindan divan sotib oluvdim. Men manavi chillashirga iltimos qildim, uka, men to‘qson kilodan oshiq tosh bosaman, yangangiz ham sizdan uch barobar og‘ir bo‘lsa kerak, menga baquvvatrog‘idan bering, degandim. Bu pandavaqi menga sotgan divanni uyga obordim.
— Mana, xotinjon, bundan buyog‘iga ko‘rpa sol, ko‘rpa yig‘ qilib yurmaysan, — dedim.
Xullas, xotin bilan orzu qilgan divanimizga ham yetdik, deb quvonib yoshlik davrimizni eslashib yotuvdik deng, bir payt, “qars” etib sinib ketsa bo‘ladimi. Men-ku erkak odamman, unchalik qo‘rqmadim, ammo xotinim tamom bo‘ldi. O‘shandan beri gung, gapirolmayapti. Tuzalguncha divanni o‘rniga qo‘ymasam, nima degan odam bo‘ldim…
To‘planganlardan kimdir luqma tashladi:
— Divanda chol-kampirdan boshqa hech kim yo‘qmidi?
Chol bamaylixotir javob berdi:
— Oltita nimjon nabiraning og‘irligi qayerga borardi…