Mish-mish tarqaldi. Husanboy ba’zi hamkasblari bilan gaplashmay qo‘yganmish. Eng qizig‘i, o‘sha “ba’zi”lar uning ulfatlarimish. Qizig‘i, Husanboy ular bilan urishmagan, so‘kishmagan, bor-yo‘g‘i choyxonada birga o‘tirgan-u…
Bu gaplar, odatdagidek, to‘ppa-to‘g‘ri Sunnat Azlarovichning qulog‘iga yetib keldi. U jamoa inoqligi uchun qattiq jon kuydirguvchi odam bo‘lgani uchun, bu mish-mishlarning tagiga yetishga qasd qildi.
—Husanboyni chaqiring, — dedi chorlovni eshitib yoniga kirgan kotibasiga.
Oradan ko‘p o‘tmay, xonaga og‘ir musibatga duchor bo‘lgan odamday, Husanboy kirib keldi.
— Chaqirtirgan ekansiz?
— Keling. Qulog‘imga g‘alatiroq gaplar chalindi. Tinchlikmi? — dedi boshliq jiddiy ohangda.
Husanboy stulga og‘ir cho‘kib, mutelik bilan xo‘jayinga termuldi.
— Hamidbek, Habibxon, Hasanboy, yanglishmasam, ulfatlaringiz shekilli, — gap boshladi Sunnat Azlarovich, — nega ular bilan arazlashib yuribsizlar?
— Ha endi, shunchaki, — chaynaldi Husanboy, — arzimagan gap.
Bu uchrashuvga ancha jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan boshliqqa Husanboyning o‘lamsa javobi yoqmadi.
— Nimasi arzimagan, arzimagan bo‘lsa, nega bunaqa tumshayib yuribsiz. Duv-duv gap. Jamoada inoqlik yo‘q. Bunaqada ishda unumdorlik bo‘ladimi?
— Xo‘jayin…
— Nima xo‘jayin, gapingizdan sezib turibman, hamma balo o‘zingizda. Qilgilikni qilib qo‘yib…
— Yo‘q, — qichqirib yubordi Husanboy, — men hech narsa qilmadim. Ular meni xo‘rlashdi. Men shunga chidolmayapman, xo‘jayin.
Husanboy yig‘lab yubordi. Boshliq buni kutmaganmidi yoki kap-katta erkakning yig‘lashi shoshirib qo‘ydimi, kalovlangancha xodimining oldiga o‘tdi. Kotibasi damlab qo‘ygan achchiq ko‘k choydan bir piyola quyib Husanboyga uzatdi.
— Qo‘ying, xafa bo‘lmang, ular bilan o‘zim gaplashaman! Muni iching-da, nima bo‘lganini bir boshdan gapirib bering?
Husanboy hiq-hiq qilganicha, choyni ichib, o‘pkasini bosib gap boshladi.
— Har yakshanba choyxonada o‘tiradigan odatimiz bor. Kechagi yakshanba shaxsan o‘zim bozor qildim, anavi tanballar kelguncha dasturxon tuzadim…
Husanboy qarasa, boshliq uni astoydil tinglayapti. Ilhomi kelib ketdi:
— Shu desangiz, dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Parrak-parrak gazaklarni aytmaysizmi… Anavi jonivorlar-chi, tur-turi bilan. Jiyanim Amerikadan men uchun ataylab olib kelgan «Viski»ni ham dasturxonga qo‘ygan edim. Turishini ko‘rib so‘laging oqadi, shishasi uch burchak, besh-olti ordeni, faxriy yorliqlari bor. Qo‘lingga olib chayqasang qult-qult qilib ovoz chiqaradi…
Boshliq bu ta’riflarni eshitar ekan, qult etib yutinib qo‘ydi.
Husanboy davom etdi:
— Shularga qarab o‘zimda yo‘q quvonib tursam, lop etib xotinimga kecha ertalab “ichmayman” deb bergan va’dam esimga tushib qolsa bo‘ladimi. Bilasizmi, xo‘jayin, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘ldi. Lekin o‘ylab-o‘ylab chorasini topdim. Xotinimga ichmayman deb va’da berganman, astoydil iltimos qilishsa, majburlashsa ham ichmayman, demaganman-ku. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — deb yubordi Sunnat Azlarovich.
— Xullas, anavi yaramaslar kelishdi. Piyolaga quyib uzatishganda, xotinga bergan va’damni asta eslatib, til uchida ichmayman, dedim. Nokaslarni jindek xiralik qilar, deb o‘ylagandim-da. Qayoqda, shuni kutib turgandek, “Unda ichmaganing durust”, deyishdiyu o‘zlari…
Shu joyga kelganda, Husanboyning ko‘zida yana yosh g‘iltillay boshladi. Xo‘jayinning ham ahvoli undan yaxshi emasdi. Husanboy hiqillab gapini arang davom ettirdi:
— Ablahlar, hamm-masini ichishdi. Bir qultim ham qoldirishmadi. Na tixirlik qilishdi, na zo‘rlashdi.
— «Viski»ni hammi, — deb yubordi Sunnat Azlarovich ko‘zlarini katta-katta ochib.
— Uni ham tinchitishdi. Alamimga chidolmay qo‘limga ilingan shishani yerga urdimu chiqib ketdim. Axir, o‘zbekda oling-oling, shirin qilib bering, qo‘limni qaytarmang, degan gaplar bo‘lardi-ku, xo‘jayin…
Boshliq o‘rnidan turib ketdi.
— Yaramaslar. Shunchalik ham shafqatsizlik qilishadimi? Umrim bino bo‘lib bunday bag‘ritoshlarni ko‘rgan emasman. Xafa bo‘lmang, uka, bu qilmishlari uchun ham javob berishadi. O‘zingizdan ham o‘tganda, uka. Xotin deganga bo‘lar-bo‘lmasga va’da berilavermaydi.
Husanboy ichini bo‘shatib, asta o‘rnidan turdi. Eshik oldiga kelganida boshliq birdan so‘rab qoldi:
— Haligi… jiyaningiz Amerikaga yana borsa kerak-a?