Bayram Aytmurod. Og‘a (hikoya)

Ufq qontalash bo‘lib kelaverdi. Qumlitovning to‘ridagi bir cheti hovuzga, bir tomoni sholizorga tutash Qurbon qassobning hovlisida uy egalari g‘imirlab, kirib-chiqib yuribdi.

O‘rol go‘shtni jiklab, palovga deganni bo‘lak, uyda osiladigan bosh qozonga deganni alohida, qo‘noq uylarga tarqatiladiganni bo‘lak ajratdi, undan ko‘z uzmay turgan Bo‘ynoqning nasibasini chetroqqa otdi. It luqma tashlangan tarafga irg‘ib borib, ko‘p o‘tmay yana dumini likkilatgancha qaytib keldi. Qassob teriga tuz sepib, qo‘raning ustiga yoyib qo‘ydi. Kelinlarga kalla-poycha kuydirishni topshirdi. Ichak-qorinni eskiroq tog‘oraga soldi.

– Kenjaboy, – dedi. – bolalarga ayt, manavini Elmurod juvonmargning uyiga eltib bersin. Bechoraning bevasi jo‘jabirday bolalari bilan qolgan, qo‘li kalta-da…

– Erta-indin o‘zimiz palovga bosmaymizmi? – dedi Kenjaboy yasama xushchaqchaqlik bilan.

– Qo‘ysang-chi, uka, o‘lib turgan joyingmi? Senlarga bu yog‘iyam yetib-ortadi.

– Hech bo‘lmasa, charvisini shilib olaylik.

– Olganman, – jahli chiqdi O‘rolning. – Bir aytganda “xo‘p” desa-da!

U otasidan qolgan qassobpichoq, toshqayroq, tarozi solingan xaltasini eshik yoniga qo‘yib, ichkarilaganda uy to‘la odam – ertangi bo‘ladigan ma’rakaning tadorigiga yig‘ilganlar o‘rnidan turdi. To‘rda o‘tirgan Rahima momo o‘g‘lining bo‘ynidan quchoqlab yig‘lab berdi. O‘rol kampirni yupatdi. Qolganlar o‘ng‘aysizlanib, qimirlab qolishdi. Kelinlar, qizlar ko‘ziga yosh oldi. Kenjaboy tishlarini g‘ichirlatib, onasiga gapirmoqchi edi, O‘rol “indama” deganday bosh chayqadi. Yig‘ilganlar siljib, katta akaga to‘rdan joy berishdi. Kampirning “Endi bu oilaning boshi sensan, bolam”, deb qayta-qayta aytgani o‘tirganlarga erish tuyuldi. Oraga jimlik cho‘kdi.

– Semiz qo‘chqor ekan. Ellik kiloga yaqin tosh bosdi. Moyining qalinligidan pichog‘im yurmay qoldi-ya. Quyrug‘ining o‘zi bir tog‘ora bo‘ldimi, a, Kenjaboy? – dedi O‘rol choy xo‘plab. U doim shunday qiladi, otasidan o‘rgangan odat. Kimningdir jonlig‘ini chalib beradigan bo‘lsa, uy egalaridan birortasining yonida turishini tayinlaydi. So‘ng erinmay hisobot beradi. “O‘ziga urib qolibdi”, deyishlarini istamaydi. Boya ham Kenjaboyni ataylab oldidan jildirmadi.

– Hm, – dedi Kenjaboy xushlamaygina. U hali ham qo‘chqoridan ayrilganiga ko‘nikolmay o‘tirgandi.

– Yaxshi-ku! – yonboshladi Tilovboy. – Endi ovqatga go‘shtni mo‘l-ko‘l bossa bo‘ladi.

– Kenjaboy, sen o‘pkalama. Bitta qo‘zini yaxshilab semirtirsang, o‘g‘lingning sunnat to‘­y­igacha ho‘kizday qo‘chqor bo‘p ketadi. Ma’rakaga tumonat odam keladi-da, serka go‘shti urvoq ham bo‘lmaydi: bebaraka-da, baribir. Kimsan Qurbon qassobning bolalari otasining yilida echki so‘yibdi-ya, degan gap tarqalsa, uyat bo‘ladi.

– Durust, shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, inim, – deya katta akaning gapini ma’qulladi Tilovboy.

Bundan ikki kun oldin Kenjaboy tumanga borganda akasining uyiga kirib o‘tgandi. Otasining ma’rakasiga serka so‘ymoqchiligini aytganda, O‘rolboy “Nega endi, o‘tgan safar qo‘chqorni ataganding-ku”, deb tutaqib ketgandi. Kenjaboy “Qo‘chqorni nevarangizning sunnat to‘yiga olib qo‘ysammikan deb o‘ylab qoldim. Men ham el qatoriga qo‘shilib, qilayotgan birinchi to‘yim. Yana bozorga tushib, qo‘y qidirib yuramanmi?” Akasi o‘shanda yo tush­un-­­

madi, yo tushunishni istamadi. Oyoq tirab oldi: “Agar serka deyayotgan bo‘lsang, boshqa qassob topaqol”, dedi. Uka ilojsiz ko‘nishga majbur bo‘ldi. “Endi aybini yuvib-chayishga balo bormi, – o‘yladi Kenjaboy. – Bunisiyam ma’qullab o‘tiribdi. O‘zidan ketmadi-da, joni achirmidi…”

– El og‘ziga elak tutib bo‘larmidi, O‘rol aka? Bittadan qo‘chqor yetaklatib yuborsangiz ham yaxshi ot olmaysiz. Arqonini bermabdi bu qurumsoq, deb kulib ketadi, – deb uzib oldi Kenjaboy.

Inisining otini aytib chaqirgani O‘rolga og‘ir botdi.

– Men ham manovilarga aytdim! – Rahima momo bir narsa esiga tushganday, to‘satdan o‘g‘li bilan keliniga ishora qildi. – Meni tinglarmidi bular? Miyasi aynigan kampir aytaveradi, deydi-da!

Rahima momoning arz qilishi o‘tirganlarga yoqmadi, Tilovboy tomoq qirdi. Katta kelini labini tishlab, bosh chayqadi. Qizlar qosh chimirdi. Kenjaboy bilan xotini onasiga yeb qo‘ygudek qaradi. Momo esa beparvo, yana bir narsalarni pichirlab, birda jilmayib, birda qovog‘ini solib o‘tiraverdi.

– Unday demang. Qiladi aytganingizni, qilmay qayergayam borardi? – dedi O‘rol miyig‘ida kulib, uka-singillarni zimdan kuzatdi. Ularning beparvoligidan ranjidi. Bir paytlar bir og‘iz so‘zini qaytara olmaydigan o‘g‘il-qizlarning, bosgan izlariga poyu patak bo‘lishga tayyor kelinlarning bugun uning go‘yo bor-yo‘qligini sezmaganday o‘tirishidan g‘azabi keldi. Ko‘zlaringni moy bosganmi, deb bir burovga olmoqchi bo‘ldi. Shaytonga hay berdi.

* * *

– Sen ko‘p ezilma, bolam, – dedi Qurbon qassob kirtaygan ko‘zlarini boladan uzmay. – Dunyo­ning ishlari o‘zi shunday. Birov Yaratganning ne’matidan umidvor o‘tadi, kimdir esa berganning qadriga yetmaydi.

Quyoshning tig‘idan taqir boshini bazo‘r panalab borayotgan o‘n yoshlardagi bola qassobning gapini tushunmadi. Qo‘lidagi yarimta nonni tish­lab, kavshandi. Qassob to‘riq biyaning jilovini onda-sonda sermab qo‘yar, biya ilkis yurishini tezlatganda bola qalqib tushar va qo‘li bilan egarni mahkam ushlab qolardi. Ular kun peshindan oqqanda qishloqqa kirib bordi.

– Tanish, – dedi Qurbon dasturxonga o‘tirmay turib. – Endi bu ayol sening onang bo‘ladi. Ko‘rishinglar!

Eshik oldida hayrat to‘la nigohlarini bir eriga, bir bolaga qadab turgan Rahima istamaygina ko‘rishdi. O‘zi, dardini kimga aytishni bilmay yurganda bu nima qiliq? Kim bo‘ldi bu? Nega unday qiladi? Rahima ichidan qaynab kelayotgan adoqsiz savollarga javob topgisi keldi. Lekin tish yorib, biror nima deyolmadi.

Bor dardini ichiga yutib, O‘rolni “bolam”, deya bag‘riga bosdi. Ba’zi-ba’zida eri uyda yo‘q payt­lari ota-onasini surishtirdi, tayinli javob ololmagach, battar ezildi. Qurbon buni sezdi.

– Bekor ich-etingni tirnayapsan, xotin, – dedi bir kuni yotish oldidan. – Gunoh yetaklab kelmadim, xotin.

Rahima izillab yig‘ladi. Qassob el uni “sharmanda”ga chiqarib qo‘yganini orqavoratdan eshitgan. El, deb bo‘lmas, bir-ikki tiliga kuchi yetmaganlar shunday deyapti. Bu gap ayolining ham qulog‘iga chalingan. Ming qilsayam ojiza-da, ko‘z ochib ko‘rganiga ishonmay, ko‘chaning gapiga ergashib yuribdi. O‘shalar kelib qassobning yuziga aytsa-ku, nima qilishni o‘zi biladi. Qurbon chuqur uh tortdi.

Ko‘klaga boshida kichikroq jonliq so‘yib, butun ovulni chaqirdi. Yoshullilarni to‘rga o‘tqazib, oldiga kalla qo‘ydi, ilik qo‘ydi.

– Endi, yoshullilar, mening tirigim ham, o‘ligim ham, ochligim ham, to‘qligim ham shu el bilan, –­ ­chaynaldi qassob hayajonini bosishga urinib. – O‘n bir yildan beri tirnoqqa zormiz. Buyam bir Xudoning sinovimi, inoyatimi – bilmadim, mulla buva. Ammo endi O‘rolboy mening bolam. Uning uvol-savobi mening bo‘ynimda. Lekin uni uyimga obkeganim haqida nojoiz gaplar tarqabdi. Aytib qo‘yay, Xudoyning oldida yuzim yorug‘.

– Biz qayerdan bilamiz? – gapini kesdi Asqar pismiq. – El oldida qasam ich.

Qurbon Asqarga g‘ijinib qaradi. Agar atrof­da hech kim bo‘lmaganda kekirdagini yulib olardi. Ammo o‘zini bosdi.

– Men qasam ichmayman! Qurbon qassobning qasam ichganini yo biror gapidan tonganini ko‘rganmisan? – dedi zarda bilan. – Lekin agar ko‘ngling to‘lmayotgan bo‘lsa, mayli sen uchun…

– Shart emas, – dedi Eson mulla. – Asqarjon, sen qachondan beri el nomidan gapiradigan bo‘lding? Hali otang tirik, otangni ko‘rganlar tirik, – so‘ng yana qassobga yuzlandi: – Davom etaver, inim.

– Agar kimda-kim bolamga yetim yo… xullas, barmog‘ini bigiz qiladigan bo‘lsa, o‘zidan o‘pkalasin!

– Juda ma’qul ish bo‘libdi, Qurbonboy! Yetim-esirning boshini silamoq katta savob! Shunday emasmi, Eson og‘a, – dedi mullaning yonida o‘tirgan To‘liboy gapini tasdiqlatmoqchiday atrofga olazarak qarab. Mulla “ha” deganday bosh irg‘adi. – O‘g‘il muborak!

Hamma uni tabrikladi. Qurbon o‘g‘lini chaqirib, yoshullilar bilan ko‘rishtirdi. El duoga qo‘l ochdi.

Elning duosida xosiyat ko‘p, kuch bor. O‘rolboyni olib kelganining keyingi yilida Qurbon qassob o‘g‘illi bo‘ldi. Unga Tilovboy deb ism qo‘yishdi. Keyin Nasiba, Aziza, Kenjaboy tug‘ildi. Uyi bola kulgusiga to‘ldi. O‘rolboy uka-singillarini opichlab, ot bo‘lib yelkasiga mindirib katta qildi. Bolalar uni “aka” deb chaqirdi. Aka bo‘lmish bundan quvondi, Qurbon bilan Rahimaning esa sevinchi ortdi.

O‘rolboy maktab savodi bilan qoldi. Otasining yonida yurib, qassobchilikni o‘rgandi. Uka-singillari kimi shaharda, kimi tumanda katta-kichik o‘qishlarda o‘qidi. Otasi umrining so‘nggi kunlarida shuni ko‘p takrorladi: “Seni ham o‘qitishim kerakmidi, bolam. Sen ham hozir ukalaringga o‘xshab yurarmiding. Bilmasam, sharoit bo‘lmadimi, yo o‘zingda ishtiyoq bo‘lmadimi. Lekin hech qachon seni ulardan kam ko‘rmaganman”. Qassob bu gaplarni O‘rolboydan ko‘ra ko‘proq o‘ziga tasalli berish uchun aytardi.

* * *

…O‘rol o‘tiraverib, bo‘g‘inlarida og‘riq sezdi, oyog‘ining chigalini yozish uchun tashqariladi. Uyning o‘ng tomonidagi devor ortida g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz keldi. Inilari bilan biroz gurung qilish niyatda ular tomonga yura boshladi. Kenjaboyning alam bilan chiyillashidan to‘xtab qoldi.

– Nega u o‘zini katta tutadi? Kim u bizga?

– Akamiz-da…

– Aka?! Mening bitta akam bor, u ham bo‘lsa siz! Bir qorindan tushmagandan keyin, qoni qo‘shilmaydi-ku!

– Ha endi, otamizning istagi shu bo‘lgan.

– Otamizning o‘tib ketganiga ancha bo‘ldi. Boqdi, o‘stirdi, uylantirdi, uyli-joyli qildi. Endi uning oldida qarzimiz yo‘q! Nega hadeb u bilan kengashib, ish qilishimiz kerak? Nima, siz bilan menda kalla yo‘qmi?

O‘rol oxirigacha eshitolmadi, o‘pkasi to‘lib, tanasini qaltiroq bosdi. Ortiga o‘girildi-yu, zilday og‘ir qadam tashlab nari ketdi.

* * *

Saharmardondan Qurbon qassobning uyiga uzoq-yaqindan kelganlar yig‘ila boshladi. Eshik oldidagi qo‘lbola o‘rindiqqa ko‘rpacha tashlab, ovul mullasi, yana besh-olti chol, aka-ukalar qator o‘tirishdi. Kelganlar yuziga fotiha tortib, qo‘noq uylariga ketishdi. Peshinga borib qassobning uyi ham, qo‘noq uylar ham mehmonga to‘ldi. O‘choqboshida ovulning yosh yigitlari qozon tagiga o‘tin tashlab, bulkillab turgan sho‘rvadan kosalarga quyib, non botirib yeb o‘tirishdi. Yalangoyoq bolalar mehmonlarning ot-eshagini sug‘orib, oldiga bir siqimdan hashak tashlab qo‘yib yo bo‘shagan idishlarni suvga to‘ldirib yurdi. Kelinlar qo‘li-qo‘liga tegmay, choy qaynatib, idish-tovoqlarni yuvdi.

O‘rol damba-dam ko‘chaga chiqib, yo‘lga ko‘z tikdi. O‘g‘li hayallabroq qoldi. Yarim tunda otasining qo‘ng‘iroq qilib, javondagi puldan olib kelishini aytganda hayron qolgan, lekin sababini so‘rashga botinolmagan edi. O‘rol pulni olib, qassoblik anjomlari turgan xaltaga solib qo‘ydi.

Uy egalari ma’rakani tarqatib, mehmonlarni bir-bir kuzatdi. O‘rol o‘g‘lining ulovida uyiga ketdi. To‘rdagi xonani yig‘ishtirayotgan Kenjaboyning xotini qaynog‘asi tashlab ketgan xaltani ko‘tarib, omborga olib chiqib qo‘ydi. “Unutib qoldiribdi, – o‘yladi u. – Shu yerda turatursin, it tegarmidi. Bir kelganlarida olib ketar…”

«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 9-son