Bahriddin telefonini o‘chirdi-yu, peshonasi tirishdi.
– Nima gap adasi, kim ekan? – so‘radi o‘g‘ilchasini cho‘miltirib kelib kiyintirayotgan xotini.
– Qishloqdan… Manzilimizni so‘radi… – xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek ming‘irladi Bahriddin. Uning tushkun kayfiyati ayni dam xotiniga ham yuqdi.
– Kim?..
– Eshi pochcha.
– A?!… Nima deydi? – taqqa harakatidan to‘xtadi ayol.
– Qarzdir-da, mazasi yo‘q deyishayotuvdi…
Xotini irg‘ishlab o‘ziga bo‘ysunmayotgan o‘g‘ilchasini zarda bilan siltab oldi:
– Nafi tegmaydigan xeshning, zarari ham tegmasa…
* * *
Yakshanbaligi bois Bahriddin oyog‘ini uzatib televizor ko‘rdi. Uyda timirskilanib u yoq-bu yoqqa yurdi, gazeta titkiladi. Tushga yaqin kutilgan mehmon ham kelib qoldi.
– Aylanayin, ertalabdan esgan shamol qayerniki desam, chimliklarniki ekan-da! – Pochchasiga sir boy bermay tirjaygan ko‘yi ostonada qarshiladi u. – Buytib odamni ilhaq qildingiz-ay, jezza…
Bahriddin qishlog‘i shevasida gapirib, shaharda o‘zgarmaganini namoyish qilgan bo‘ldi. Og‘irgina sumkani uchinchi qavatga chiqargunicha terga botgan pochcha ham, qishloqdan keltirayotgan narsalarini qo‘yib, quchog‘ini ochdi:
– O‘zimam telepon qilmasdan boraveray devdim-a, – dedi soddalik bilan. – Shu, xolang qo‘ymadi-da. Shaharda odat bo‘lak deydi.
– Nega xolamning o‘zini olib kelmadingiz, bir aylanib ketardilar.
Pochcha xotini va birorta bolasini olakelmaganiga ichidan astoydil achindi.
– Ey-y, u ro‘zg‘ordan bo‘sharkanmi, Bahriddinjon…
– Ttt-ti, tt-ti, – pochchasi keltirgan sumkaga imo qilib tanglayini qoqdi Bahriddin. – Bular nimangiz-a endi, jezza, ovora bo‘lib. O‘zingiz kelavermaysizmi bundoq?
Pochcha negadir hayronlangandek bo‘ldi.
– Ovorasi bo‘larkanmi?.. Turshak, chakki deganday, qishloqning ne’matlari-da axir…
* * *
Bahriddinning xotini ham pochcha bilan ko‘rishib-so‘rashgach, ular mehmonxonaga o‘tishdi. Kelin dasturxon yozdi, choy keltirdi.
Pochchani shaharga mos bezatilgan xonaning salobati bosar, qarindoshning o‘ziga to‘q yashayotganiga suyunsa-da, hurmati bu qadar oshib ketganidan allatovur bo‘lardi. Zum o‘tmay dasturxonni “qishloqning ne’matlari” ham egallay boshladi. Bundan ko‘ngli yorishdi pochchaning, xijolati picha aridi. Ustma-ust terib qo‘yilgan televizor, musiqiy markazga o‘xshash narsalarni, xonaning bir yonini to‘laligicha egallagan servant to‘la chinni-billur buyumlaru, o‘zlari hozir o‘tirgan divan-kresloni yana bir qur havas bilan kuzatib chiqarkan, yayrab so‘z qotdi:
– Bahriddin, siz shaharliklarga juda mazza-da! Hamma narsa to‘kin-sochin, sharoitlar zo‘r. Xolang ayniqsa chiroq o‘chib bezor qilgan pallalari ko‘p aytadi: “Shu uy-joyni sotsag-u, bizam shahardan shartta bitta do‘m olib…”
Pastga qarab olma archiyotgan bo‘lsa-da, pochchasiga zimdan e’tibor berib o‘tirgan Bahriddin, u boshlagan gapning borar yerini tusmolladi.
– E-e-yy, jezza, sizlar shunaqa deysizlar-da, – gapini kesdi hayallamay. – Biz esa sizlarga havas qilamiz. Siz uydagi bu ashqol-dashqollarga qaramang, jezza. Siz…
U nimadir qidirganday atrofiga alangladi-yu, nihoyat qo‘lidagi yarim archilgan olmani pochchasiga nuqib ko‘rsatdi:
– Siz masalan, manavi keltirgan olmangizni ayting. Ekib qo‘ysangiz uch yilda hosilga kiradigan narsa. O‘zingizniki, istaganingizcha qoqib yeyavermaysizmi. Bizda buning donasi falon so‘m hozir. Masalan, mana bu keltirgan tarvuzingizni olaylik, yo qovuningizni ayting, a? Bekorchilikdan ham shularning yerini chopib, sug‘orib qo‘yaverasiz-da, to‘g‘rimi. Bozorga chiqarsangiz pul! Eb-ey-eb-ey, bizda-chi, so‘ramang buni qanchadan olishimizni…
Bahriddin “mehmon izzati uchun dasturxonga qo‘yilgan” shirinliklar-u, boshqa noz-ne’matlarning narxini chamalab chiqishdan ham erinmadi. Mashinasi yo‘qligi, xotini ikkalasi ishga borib kelishning o‘ziga qancha yo‘lkira sarflayotganliklarini rosa kuyinib gapirdi. Pochchasi “Unchalik noshukur bo‘lma…” deb ko‘nglini ko‘tarmoqchi edi, aksincha, yigitning battar yarasi tirnalishiga sababchi bo‘lib qoldi, sho‘rlik.
Dami ichiga tushdi pochchaning. Ko‘ngli og‘rimadi, ko‘ngli g‘ijimlangan qog‘ozday xijil bo‘ldi pochchaning. Aytgan gapiga ming pushaymonlar yedi. Anoyi odam, bu yoqlarda narx-navoning bunchalik ko‘tarilib ketganini qayerdan ham bilibdi.
Picha fursatdan beri ko‘zga tashlanmayotgan kelin dasturxonga o‘rtacharoq tovoqda palov keltirib qo‘ydi. Pochcha har qancha qishloqi bo‘lmasin, choyxona-poyxonaga chiqib yurgan odam emasmi, choyxonaning palovini darrov tanidi. Choyxonada shunaqa, palov sersabzi bo‘lib, ustiga sarimsoq va qazi bosib qo‘yiladi. Hoynahoy bularning uyida guruch, yog‘ deganlari ham taxchil chiqar? Chin, suvgacha sotib olgandan keyin, shaharda yashashning ham o‘zi bo‘lmasa kerak, chin. Bechora kelini, ahvolini sezdirmay deb pastdagi tamaddixonadan ovqat keltiribdi, shekilli.
Kelini tovoqni dasturxonga qo‘yib, siniqqina tabassum qildi:
– Oling pochcha, dasturxonga qarab o‘tiring. O‘z uyingizdagiday bemalol… – so‘ngra o‘g‘ilchasini yetaklab narigi xonaga chiqib ketdi.
Bahriddin ham pochchani oshga unnay boshladi, lekin…
Pochcha uch-to‘rt yashar bolakay onasi yetovida chiqib ketgan eshikka tikilib qoldi… Shugina go‘dakda bor vijdon, pochchada yo‘qmi? Shugina go‘dak oshdan men ham yey demadi, shugina go‘dak halitdan beri dasturxondagi biror qand-qursga uzanmadi. Shugina go‘dak… Qarindoshning ro‘zg‘ori bekorga bunchalik charchamaydi. Sir berishni istamayapti, ishida bir ishkallik chiqqanga o‘xshaydi buning. Pochchaning ichidan ich-qirindisi ketdi. “Ey, mehmonga kelmay har balo bo‘l, Eshim govkalla! Yetmay yotgan holing bormidi, o‘larmiding shuncha vaqtdan beri xesh bo‘lib bir xabar olsang… O‘larmiding xotinday chakki ko‘tarib yurguncha, bir qo‘yni so‘yib, ayirib kelsang…”
Pochcha alam bilan non kavshadi. Yeganlari zahri-zaqqum bo‘ldi, ichgan choyi ichaklarida shaldur-shuldur qildi. Qaynukasi shahar sharoiti-yu narxi-navosidan nolishdan charchamadi, pochcha ichida o‘zini so‘kishdan charchamadi. O‘rtada ovqat mustar qoldi… Bahriddin sezmagandek pochchasini oshga unnab qo‘yar, uning tobora to‘nayotgan rangiga qarab “Kasalligi chinga o‘xshaydi, – deya o‘ylardi, – qarz qaytaradigan holi yo‘q buning, so‘rab qolsa, Xudo urdi!”.
Nihoyat pochcha safari qarib, qaynukasidan ketishga ruxsat so‘radi. Bahriddin yotib ketasiz deb harchand qistalang qilmasin, unamadi. Qaynukasini bag‘riga bosib xayrlasharkan, o‘pkasi to‘ldi. Ostonagacha kuzatishga chiqqan keliniga, uning qo‘lidan siqib turgan ma’yusgina go‘dagiga qarab esa battar ichi kuydi. Sumkasini ham olishni unutib, jo‘nab ketdi.
* * *
Qulog‘i tom bitgan pochcha, shaharning gerdaygan, hissiz beton uylari oralab gandiraklab ketib borarkan, bo‘g‘ziga achchiqdan-achchiq narsa tiqilardi.
“– Eshim govkalla, he, odamgarchiliginga la’nat seni, mol!“, – so‘kardi o‘zini.
“– Narmat serri, o‘g‘ling shaharda bu kunda yashaydi-yu, ota bo‘lib bosh ko‘tarib yurganingga o‘laymi, eshshak!”, – so‘kardi bojasini.
“– Tag‘inam go‘dakning tantiligini qara, hamma dardi ichida, baribir sir boy bermadi-ya. Ahvoli ja bunaqa emasdi-ku, nima bo‘ldi ekan buning ishiga…”
Ayni paytda esa Bahriddin bilan xotini o‘zga bir kayfiyatda edilar.
– Gap bilan pishirib yubordim, nimaga kelganini unutib, yana sumkasiniyam tashlab ketibdi, bu to‘nka, – tizzasiga urib kulardi qaynukasi.
Pochcha avtobus bekatiga yaqinlashganida, ortiga burilib, boshqa uylarnikidan ajralib, yaltillab turgan ko‘kish, oldi oynaband ayvonga yana bir marta qaradi:
– “Besh kunda jumabozor, ko‘r g‘unajinni sotaman-u, pulini keltiraman. Qarindosh degan shunday kunda yaramasa, to‘ng‘iz qo‘psin!”.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 7-son