Baxtiyor Nuriddinov. Unutilgan xotira (hikoya)

O‘shanda ular shaharga ko‘chadigan bo‘lishdi. Otasi “Orzularim xayolga aylanishini xohlamayman. Betakror iste’dodimni tanamga qo‘shib qishloqqa ko‘mishlarini ham istamayman”, degandi. Bu gaplarni unchalik tushunmagan bo‘lsa-da, negadir yashab turgan hovlilarini tashlab ketgisi kelmasdi. Ayniqsa, mahalladagi yaqin o‘rtoqlaridan ajralish u uchun katta yo‘qotish edi. Yanayam to‘g‘rirog‘i, qo‘shni qiz – Iforga o‘rganib qolgandi. Buni hech kimga aytolmasa ham, murg‘ak qalbi dukullab isyon qilardi. Aniq esida. Voqealar ko‘z o‘ngida hanuz bugungidek jonlanaveradi…
…Yo‘l taraddudi ko‘rilgandi. Jo‘nab ketish oldi hamma atrofga birma-bir termilardi. Qadrdon uy ularni qo‘yvorgisi kelmayotganday edi go‘yo. U yugurgilab Iforlarnikiga chiqib ketdi. Ortidan ota-onasi ham kirib kelishdi. Ifor allanechuk bo‘lib yo‘lakda turardi. U barisidan xabardor edi. Onasi oshxonada nimalardir tayyorlar, yana allanarsalarni qog‘ozga o‘rab g‘imirlardi. Ularni ko‘rib:
– Hozir chiqib bormoqchiydim, – dedi qo‘llarini sochiqqa arta xijolatomuz.
– Bizdan rozi bo‘ling. Yaxshi-yomon gap o‘tgan bo‘lsa, yomonlikka yo‘ymaysiz, – dedi onasi o‘tira turib.
– Qiziqmisiz, bu nima deganingiz? Axir, yaxshi qo‘shnilarimdan ayrilyapman-ku. Hozir yig‘lavoraman, – dedi qo‘shni ayol onasini quchoqlab.
Ammo bu gaplardan nima foyda. Hammasi ko‘ngil uchun qilinayotgan mulozamatga o‘xshaydi. U Iforning oldiga bordi.
– Ketyapsanmi? – deb so‘radi u pichirlab.
Istar-istamas boshini qimirlatdi.
– Qaytib kelasanmi? – beg‘uborlarcha so‘radi qizcha.
– Bilmadim, – deb jim bo‘lib qoldi. Birozdan keyin cho‘ntagidan unga atab olib qo‘ygan qip-qizil olmani chiqarib o‘ynay boshladi. Buni qanday berishni bilmay kalovlanardi.
– Katta bo‘lsam, yoningga kelaman, – dedi xuddi bir narsa esiga tushganday shoshib.
– Bu mengami? – dedi-da, Ifor uning qo‘lidagi qirmizi mevani shart tortib oldi.
U gapirishga ulgurmadi. Tashqarida ishchilar ularni chaqirib qolishdi. Ota-onasi apil-tapil o‘rnilaridan turib, xayrlashishdi. Onasi kelib uning qo‘lidan tortqiladi.
– Ifor bilan xayrlash, – dedi tabassum bilan.
– Yaxshi qolinglar. Shaharga ham boringlar, – dedi otasi.
– Yo‘l uzoq. Buni qorning ochganda yeb olasan, – deb Iforning onasi qog‘ozda o‘rog‘liq yegulik tutqazdi.
U indamadi. Ko‘chaga chiqquncha lom-mim demadi. Xuddi bir nimadan xafa bo‘lgandek qovoqlarini uyib oldi. Yo‘lda o‘zini tutib turolmadi, yig‘lab yubordi. Nimaga bunday qilganini o‘zi ham tushunmasdi. Onasi holini ko‘rib:
– Nega yig‘laysan? O‘lgani ketmayapmiz-ku, axir! – dedi jerkib.
– Ungamas.
– Nimaga?
– Ifor olmamni qo‘limdan tortib oldi, – dedi hiqillab.
Otasi kuldi. Onasi o‘g‘lining boshini siladi.
– O‘z holiga qo‘y uni, – dedi otasi.
O‘sha-o‘sha Iforni ko‘rmadi. Vaqt kutib turmas ekan. Yillar o‘z hukmini o‘tkazdi.
Bugun tongda – o‘n besh yildan so‘ng ro‘parasida Iforning angrayib turishini hatto tasavvur ham qilmagandi. Ha-ha. Hammasi xuddi shunday yuz bergandi. Kichkina qizi ko‘chada meva sotib yurgan ayolning ovozini eshitib xarxasha qilmaganda, bu gaplarni eslamagan ham bo‘lardi. Qarshisida shuuridagi kabi sho‘x-shaddod, yerga ursa, osmonga sapchiydigan chayirgina o‘n yoshlar chamasidagi qizaloq emas, juvonlardek to‘lishib, hayotning zahmatlari ko‘ziga ena boshlagan mushtipargina Ifor turardi.
– Xolam yaxshimi? – so‘radi xijolat bo‘lib, uch yashar qizini qo‘lchalaridan mahkam ushlagancha.
– O‘tgan bahor xastalikdan o‘tdilar, – dedi Ifor va jim bo‘lib qoldi.
U so‘raganidan pushaymon yedi. Yarasiga tuz sepib, dardini yangilagani uchun o‘zini ich-ichida koyiy boshladi. Shunday bo‘lsa ham, baribir, odob yuzasidan otasining ahvolini so‘rashi lozim edi. Risoladagiday qildiyam. U onasining vafotidan so‘ng otasi o‘zini oldirib qo‘yganini, esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolganini aytdi. Ifor oiladagi kenja qiz edi. Opalari haqida so‘rashga botinolmadi. Ular turmushga chiqib, oila qurishgan bo‘lsa kerak. Qolgan gaplarni o‘zicha tasavvur qildi. So‘ramay qo‘ya qoldi. Ifor yana javob berishga shay, termilib turardi. U uchun bularning bari ahamiyatsiz edi. Uning o‘tkir nigohlariga chiday olmadi. “So‘ra so‘raydiganingni”, deyayotgandek edi go‘yo. U shaharga tirikchilikka tushgan. Har kuni tong sahar bog‘laridagi mevalardan terib, olib keladi. Sotib, ro‘zg‘or uchun u-bu xarid qilib uylariga qaytadi. Hammasini ikir-chikirigacha unga aytishi shart emas. Muhimi boshqa. Miyasida faqat bir savol aylanardi. Shuni berish-bermasligini bilmay boshi garang edi. Ming istihola bilan oxiri:
– Bolalaring yaxshimi? – dedi jiddiy.
Ifor yarq etib qaradi. Uning bunday savol berishini kutmagan, shekilli. Istehzo bilan miyig‘ida kuldi. Oyoqlariga suykalib, bir nimalar deb chug‘urlayotgan qizchani dast ko‘tarib oldi. U yoq-bu yoqdan gapirib erkalagan bo‘ldi. Ifor uning betamizlarcha so‘rovlarining barisiga javob qaytarishga majbur emasdi. Qizchani yerga tushirib:
– Endi otangning oldiga bor, – dedi jilmayib. So‘ng ularnikiga ko‘tarib kirgan vazminroq qutini timirskilab, uzoq kavladi. Nihoyat, qidirganini topdimi, kattakon bir qirmizi olmani olib qizchaga uzatdi. Bu o‘sha – uning qo‘lidan tortib olgan olmaga o‘xshardi.
– Oyingga salom degin, – dedi darvozaxonadan chiqib keta turib.
U nima deyarini bilmay karaxt bo‘lib turardi. Qizchasi qichqirib, ayyuhannos solmaganida yana qancha bu holatga chidashi mumkinligini tasavvur qildi. Ichkaridan xotinining ovozi keldi.
– Ifor, senga nima qildi, qizginam? – dedi chiqa solib xotini.
Ifor, chaqin urgandek keskin ortiga o‘girildi. Birdan orqasiga qaytmoqchi bo‘ldi. Ammo bunga hojat yo‘q edi. U indamay yo‘lida davom etdi.
– Kim xafa qildi, a? Qizalog‘im, – dedi xotini qizining yoniga kelib. – Kim berdi bu olmani?..
Qizi erkalanib Iforni qo‘li bilan ko‘rsatdi. U ketib borardi. Xotini qutidagi qip-qizil olmalarni ko‘rib yashnab ketdi.
– Muncha chiroyli bo‘lmasa bular. Hammasini sotib oldingizmi? – so‘radi xotini go‘llarcha.
Quti to‘la qirmizi olmalarni ko‘rib uning o‘zi ham hayron edi. Rostdan ham ular ko‘zni qamashtirardi. “Bular hech qayerda sotilmaydi, sotib olish mumkin emas”, degisi keldi. Xotini olmalardan qo‘llariga siqqanicha oldi. So‘ng qizini yetaklab ichkariga kirib ketdi.
U Iforni biroz kuzatib turdi. Qutini olib ortidan yugurmoqchi bo‘ldi. Biroq ko‘tarayotganda tugilgan tugun yechilib, olmalar hammayoqqa sochilib ketdi. U shoshib ularni qayta qutiga joyladi. Olmalarni ko‘tarib ko‘chaga chiqqanda Iforning qorasi ham yo‘q edi. Alang-jalang atrofga qaradi. Ko‘zi bilan pana-pastqam joylarni qidirdi. Quchog‘ida bir dunyo olmalar. Ularning har birida o‘zi kabi jur’atsiz bolalik tuyg‘ulari yashirin edi. Biri qadrdon uyini, biri do‘stlarini eslatsa, yana biri Iforning onasini, uning yo‘lga o‘rab bergan shirinliklarini yodga solardi. Qirmizi olmalarning bari-barisi esa, Ifordek ifor taratardi. Ularni birma-bir qars-qars tishlab yeyish kerakligini o‘ylab o‘kindi. Bu qanchalik azob bo‘lmasin, ularning qismati shu edi. Yana kim biladi deysiz?
 
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son