Baxtiyor Nuriddinov. Alvido, Bahor (hikoya)

Bilasanmi, qishloqqa yana bahor keldi. Hammayoq yam-yashil tusga kirib, jonlanayotgandek go‘yo. Daraxtlar ham gullay boshladi. Endigina tuguni yechilayotgan gulbarglar ko‘zingni qamashtirvoradi: hammasi pushti rangda. Qir-adirlar qip-qizil lolaqizg‘aldoqqa burkangan. Sen yaxshi ko‘rgan binafshalar ham ochildi. Ariq bo‘ylaridagi chuchmomalarni yashnaganini ko‘rsang edi… Oh-oh-oh! Ularning xushbo‘yligini aytmaysanmi. Dimog‘ni kalaka qilgani mayli, yurakni o‘ynatgani yomon. Ifori dunyoni buzadi. Tasavvur qilyapsanmi, bizni sog‘intirgan bahor keldi. Sen uchun qanchalik quvonchli bilmadimu, ammo biz uni sovuqlarda junjikib-junjukib juda uzoq kutdik. Ha-ha! Bizning yoqlarga bahor keldi. Qahraton qishning bag‘rini yorib boychechaklar unib chiqdi. Esingdami, qoyalarga urilib tushayotgan sharsharaga borganimiz. Irmoqlarni tomosha qilib, miriqib-miriqib zilol suvlaridan simirganimiz… Majnuntollarning novdalarida ikkovlashib uchganlarimiz. Tolpopukdan kokil taqqanlaring-chi!? Momaqaymoqlardan chambar yasab berganimni unutmagandirsan hoynahoy?! Hech yo‘g‘i adirda varrak uchirganimiz yodingdadir. Maysazorda qiqir-qiqir quvlashmachoq o‘ynaganlarimizni, Yetimqirda ko‘m-ko‘k osmonga tikilib orzularimizni kuylaganlarimizni, yelib-yugurib shamollarni quchoqlaganlarimizni, ariq bo‘ylarida pichirlab tushlarimizni aytganlarimizni, oydin kechalarda yulduzlar bilan sirlashganlarimizni bir eslab ko‘rgin-a! Qanday baxtli damlar edi, to‘g‘rimi?.. O‘shanda senga bir gapni aytmoqchi bo‘lardim, Bahor. Avvallardagidek ismingni bahorga qiyoslab maqtaganlarimdan butunlay o‘zgacha izhorlarim bor edi. Tushunyapsanmi, ichimdagini to‘kib solishni xohlardim senga. Lekin qandaydir ko‘rinmas kuch bunga yo‘l bermasdi. Uning nimaligini o‘zim ham bilolmasdim. Butun borlig‘im chirmab tashlangandek edi. Munosabatlarimizning bari do‘stona tuyulardi-da. O‘ylab ko‘rsam o‘zimni o‘zim aldab yurgan ekanman. Hamma gapni aytishni orqaga tashlabman-u, senga yetishishga shoshilmabman. Endi bo‘lsa kechikkanimni tushunib turibman. Qanaqaligingni bilsam-da, tuyg‘ularingni anglab yetmaganim uchun hozirgacha azob chekaman. Hamma ayb o‘zimda. Yo atay dunyoning hajrini bo‘ynimga ilib ketdingmi, a?.. Ba’zan savollar girdobida qiynalaman, Bahor. Nima bo‘lganda ham sening yiroqdaligingga ko‘nikdim. Biroq bir zum xayolimni tark etganing yo‘q. Har bahor seni kutardim. Bizning qishloqda yayrashingni ko‘rib quvonardim. Dalalarga, bog‘larga termilib yanayam ochilib ketishingni bir necha marta zimdan kuzatganman. Sen buni sezmagansan ham. O‘sha diqqinafas shaharda o‘sgan har qanday jon bizning Qoradaryo bo‘ylarida quvnashini juda yaxshi bilaman. Aqlimni tanib seni qidirib borganimda o‘zim ham bo‘g‘ilib o‘lay deganimni ko‘nglingga olmagin, deb aytmagandim. To‘g‘rida, shovqin-suron ufurib turgan shaharning ajdarho ko‘chalari manaman degan mavjudotni yamlamay yutishi aniq-ku! Menga xuddi shunday tuyulgandi-da. Yana kim biladi deysan. Birinchi bor katta shaharda esankirab qolganimni juda yaxshi eslayman. Atrofdagilardan najot kutishning foydasi yo‘q ekan. U yerning odamlari bizning to‘pori qishloq kishilariga o‘xshashmaydi. O‘zim guvoh bo‘lganman bunga. O‘sha kuni to‘yingning ustidan chiqqandim. Seni oppoq liboslarda ko‘rib ancha ulg‘ayganingni his qiluvdim. Negadir kelinlik qiyofang kechagidek ko‘z o‘ngimda turibdi. Shaharga qanchalik katta umid bilan borgan bo‘lsam, o‘shanday noumidlik bilan qaytganimni tasavvur qilolmaysan. Uzoqdan chehrangga to‘yib-to‘yib tikilganlarimni payqamading ham. Axir qayoqdanam ko‘rarding. Butunlay quvonchu shodlik og‘ushida eding-ku! Ko‘zlaringni baxtiyorlik pardasi qoplab olgan, lablaringda nim tabassum barq urardi unda. O‘sha payt hech narsa haqida o‘ylagim kelmasdi. Dunyoning bo‘lgani shu-ku, axir. Biroq katta shahar nazarimda butun borlig‘imni tortib olganday edi. Men eski sarqit bo‘lsa ham o‘zimning shirin xotiralarim, odamlarga bo‘lgan mehribon o‘ylarim, senga nisbatan shirin tuyg‘ularim bilan yashardim. Ularning bari bir zumda havoga singidi-yu ketdi go‘yo. Yana nima qoldi?.. O‘sha eski-tuski, ashqal-dashqallarga o‘xshash o‘ylarmi? Kerak bo‘lsa ol uni ham, ey hissiz, sharmsiz shahar, deb hayqirgim kelardi.
Sen men uchun boshqacha eding, Bahor. Ochig‘i yana qishlog‘imizga kelishingga ko‘p bora intizor bo‘lganimni yashirib o‘tirmayman. Endi buning unchalik ahamiyati yo‘q. Yo‘llarimiz ayro tushgan. Bu inkor qilib bo‘lmas haqiqat, shundaymi?.. Bari orzularimiz chippakka chiqqani ham rost-ku. Biz u vaqtlarda bola edik, buni juda yaxshi bilaman. Butun borliqqa beg‘ubor qarashimiz ham tabiiy edi unda. Hozir u kunlarni eslashni istamayman. Shunday bo‘lsa-da negadir senga baribir bir omonat gapni aytishdan o‘zimni tiya olmayapman. Bu sening buving – doimo xarxashalaringga chidab, yurakdan sevib erkalaguvchi o‘sha Qumri xolam haqida. Nahot ularni unutgan bo‘lsang. Bizga issiq kulchalar yopib berganini esingdan chiqardingmi!? Bechoraning dardi ichida. Qachon meni ko‘rsa sen haqingda gapiradi. “Bahorim yaqin kunlarda keladi” deydi. Shaharga borolmasligidan zorlanadi. Hatto to‘ying kuni olib ketmaganingga hayronman. Shunchalar bag‘ritosh ekanligingga ishongim kelmaydi. Unaqa emas eding-ku! Yoki men payqamaganmanmi? To‘g‘risi seni ko‘p marta unutishga harakat qilib ko‘rdim. Ammo uddalay olmadim. Vaqt o‘tib yana seni eslatuvchi bahor keladi, Bahor. O‘sha qah-qah otib kulishlaring, quvonchli chehralaring seni yodga solaveradi.
Shu kunlarda xuddi jonsiz kasga o‘xshayman. Tirikmanu ammo hayotimda mazmun yo‘qday. Men shunchaki bolalik xotiralarim bilan yashayapman, xolos. Vaqt shunchalik tez o‘tishini bilmagan ekanman. Men uchun qadrdon bo‘lib qolgan tuyg‘ularni yo‘qotishni o‘ylab ham ko‘rmagandim. Ulg‘aygan sari hammasini tushunib yetyapman. Vaqtni ortga qaytarib bo‘lmas ekan, Bahor. Bir kun kelib seni ham unutarman. Ammo barcha xotiralarni tag-tugi bilan o‘chirib yuborishga qurbim yetmasa kerak. Buni eplay olmayman, deb qo‘rqaman. Doim shaharga qaytayotganda mendan xat yozishimni so‘rarding. Uni jo‘natmasam ham ikkimizning ismimiz o‘yilgan anhor bo‘yidagi baqaterak g‘ovagiga qistirib qo‘yishimga shama qilarding. Qishloqqa kelganingda albatta olib o‘qishingni aytarding. Bugun istagingni bajarmoqchiman. Bu senga yozgan birinchi va so‘nggi maktubim. Ha esim qursin! Senga aytishni unutayozibman. U baqaterakni bu qish sovuq urdi. O‘rni kelganda bilib qo‘ysang yomon bo‘lmas. Balkim mening xatoyim sabab azoblangandir. Tanasiga ozor berib ismimizni yozmasam bo‘larkan o‘shanda. Yana qaydam. Yozganlarimni sen so‘ragandek uning so‘lib borayotgan tanasiga joylayman. Balkim yomg‘ir yuvib maktubimni o‘qishga ulgurmassan. Shu bilan daraxt ham butunlay qurib bitar. Men unga achinaman, Bahor. U bilan birga ko‘p yaxshi kunlarni o‘tkazgandim. Soyalarida oftobdan jon saqlaganman. Har qalay qadrdon daraxt edi. Agar bilsang qishloqdagi har bir giyoh men uchun aziz. Buni senga tushuntirishning hojati yo‘q. Bunday deyishdan hijolatdaman, albatta. Ichimdagilarni to‘kib-solganim uchun meni koyimassan, deb umid qilaman. Bu senga ayta olmagan so‘zlarim edi, xolos. Bilib qo‘y, dunyoning qay chetida bo‘lsa ham yaxshilab eshit! Men seni… Endi bu unchalik muhim emas. Biroz chalg‘idim, shekilli. Senga boshqa bir gapni aytmoqchi edim. Qishlog‘imizga bahor keldi, Bahor. Qaldirg‘ochlar uyimizning tomlariga in qurishyapti. Sumalaklar chakkillab xayolni buzishyapti. Ariqlarda suvlar shildirab-shildirab oqa boshladi. Eshityapsanmi, Bahor! Bizning bahor keldi. Men bo‘lsa bugun sen bilan xayrlashmoqchiman: xayr, Bahor.
Alvido!..